O’Genri. Vaqt qiymati (hikoya)

Ota odatdagidek ishdan kech qaytdi. Horg‘in, hafsalasiz, pajmurda gavdasini arang sudrab ostona hatladi. Bo‘sag‘ada uni mijja qoqmay ko‘zlari to‘rt bo‘lib, intiq kutayotgan 5 yashar o‘g‘li qarshi oldi.
— Salom, dada! – dedi u quvonchdan ko‘zlari porlab.
— Salom, bo‘talog‘im, haliyam yotmadingmi?
— Yo‘q. – deya javob berdi bola va sabrsizlik bilan so‘radi. — Dada, maylimi sizga savol bersam?
— Mayli. Qani eshitaylik-chi, oromingni o‘g‘irlab, allamahalgacha senginani yo‘limga intizor qildirgan qanday savol bo‘ldi u?
— Bir soatda qancha pul ishlaysiz? – ko‘zlarini pirpiratib bolalarga xos sodda samimiyat ila so‘radi bolakay.
Horiqulodda berilgan 5 yashar bolaning kutilmagan savoli otani tong qoldirdi va turib – turib jahlini chiqardi.
— Bemahalda boshqa bo‘lmag‘ur savol o‘ylab topolmadingmi? Qalaversa, bu sening ishing emas, zumrasha.
— Dada, iltimos, men shunchaki bilmoqchi edim, ayta qoling, bir soatda qancha pul topasiz? – oyoq tirab oldi bolakay.
Bolaning hukmi poshshoning hukmidan ustun emasmi, ota qarasa javob bermasa bo‘lmaydigan, jovdirab tikilayotgan pokiza ko‘zlar bilan nigohi baqamti kelganida ko‘ngli iyidi va:
— Bir soatda 20 dollar ishlayman, qo‘zim, – deya javob qildi u bolasining boshini silab.
— Yashasin! – qichqirib yubordi kichkintoy. — Dada, menga 10 dollar qarz berib tura olasizmi?
Bunisi hammasidan o‘tib tushdi va darg‘azab otaning sabr kosasi to‘lib, ortiq jahlini yashirolmadi:
— Ie, tag‘in yana nima o‘ylab topding. Qayerdagi keraksiz o‘yinchoqlarni sotib olishing uchun dadam 10 dollar beradi, deb o‘ylasang, cho‘chvarani xom sanabsan. Qani hoziroq o‘z o‘rningga borib yot va oxirgi paytlarda qanchalar xudbin bo‘lib ulg‘ayotganing haqida bosh qotirib ko‘r! Men har kun betinim mashaqqatli mehnat qilaman va jonim halqumimga kelib arang uyga qaytaman. Sening xarxashalaring va injiqliklaringni ko‘tarishga tobim yo‘q!
Mo‘ltirab tikilib turgan ko‘zlarga yosh qalqdi. Bolakay indamay ortiga o‘girildi. Charchagan ota dam olgali o‘rniga cho‘zildi, biroq har qancha horigan, jismonan ezilgan bo‘lmasin, hadeganda ko‘zlariga uyqu inay demasdi. Asablari dosh bermay, bolasiga baqirgani uchun ko‘ngli buzildi. “Tun yarmigacha uxlamay, topgan savolini qarang. Qiziq, 10 dollar unga nega kerak bo‘lib qoldiykin?”. Shu yo‘sinda oradan bir soat o‘tdi. Ota u yoniga ag‘darildi, bu yoniga ag‘darildi, lekin ko‘zlari yumilmadi. Bu turishda saharga dovur uxlolmasligini anglab, o‘rnidan turdi. Hovuridan tushgan ota sokin o‘y surar ekan: “Chindan ham bolam shu 10 dollarga muhtoj bo‘lsa, men jigargo‘shamning gapini eshitmay turib, kutganini ham ro‘yxotir qilmay urishib berdim” deya ko‘ngli xijil bo‘ldi.
U o‘g‘lining xonasi tomon yo‘naldi. Eshikni sekingina ochib:
— Uxlayapsanmi, bolajonim? – deb so‘radi.
— Yo‘q, uyg‘oqman, dada.
— Senga nisbatan nohaqlik qildim, qattiqqo‘llik qilganimni tushundim. Shuning uchun chiqar chirm etganim yo‘q. Mendan ranjimadingmi? Ba’zan kattalar ham xato qiladilar. Mana senga 10 dollar, endi eski ginalarni unutamiz.
Bola pulni qo‘liga ham olmay, chopqilab borib yostig‘ining ostidan bir dasta g‘ajimlangan pullarni chiqardi. O‘g‘lining hararakatlarini sukut saqlab kuzatib turgan ota hayratda edi.
— Shuncha puling bor ekan, mendan tag‘in 10 dollar so‘raganing nimasi, bo‘talog‘im?
— Pulim borlikka bor edikuya, ammo yetmasdi-da. Mana endi 20 dollarim bor. Dada, men bir soat vaqtingizni sotib olmoqchiman. Erta uyga vaqtliroq keling, birga tushlik qilsam devdim…

Ingliz tilidan Shahnoza Rahmonova tarjimasi