Asal oyi ayni avjida edi. Yangi alvon gilam, kungurali pardalar uyni bezab turar, oshxona yog‘och panelining turtib chiqqan joyiga qalayi qopqoqli olti dona pivo idishi qo‘yilgandi. Yosh kelin-kuyov hali ham o‘zlarini samoda suzib yurgandek his qilishardi. Unisi ham, bunisi ham «ariq bo‘yidagi o‘tlar orasida navro‘zgulning sarg‘ayganini» ko‘rmagandi; agar bunday manzara ularning ko‘z o‘ngilarida namoyon bo‘lganda ham, shoir fikricha, gullayotgan navro‘zgulni kuzatib turgandek qarab qolishardi.
Yosh kelin oromkursida o‘tirar, oyoqlari esa yerga tegib turardi. U shirin xayollarga cho‘mgandi. Uni Grenlandiya, Belujiston va Tasmaniya orolida Kichkintoy Mak-Garri bilan bo‘lgan to‘ylari yuzasidan nimalar deyishayotgani haqidagi fikr band qilgandi. Lekin buning ahamiyati yo‘q. Londondan to Janubiy Xoch yulduzigacha Kichkintoy Mak-Garriga qarshi o‘rta vaznda to‘rt soatga teng to‘rt raund turib bera oladigan bironta bokschi topilmasdi. Mana uch haftadan buyon Kichkintoy Mak ungagina tegishli; jimjilog‘ini tekkizsa bas – hatto mashhur «ring qirollari»ning mushti unga qarshi ojiz bo‘lgan kimsa ham gandiraklab ketadi.
Biz o‘zimiz sevgan paytimiz «sevgi» so‘zi o‘zini-o‘zi qurbon qilishning sinonimi bo‘lib tuyuladi. Devor ortidagi qo‘shnilarimiz sevganda esa bu so‘z kalondimog‘lik va surbetlikni anglatadi.
Yosh kelin tuflidagi oyoqchalarini chalishtirib, Kupidonning* surati solingan shiftga o‘ychan boqdi.
– Azizim, – dedi u, Rim uning huzuriga asl holatida keltirilishi uchun Antoniyga istak bildirgan Kleopatraday. – Azizim, shaftoli yesam bo‘larmidi?
Kichkintoy Mak-Garri o‘rnidan turib, palto va shlyapasini kiydi. U jiddiy, kelishgan, ko‘ngilchan va zehni o‘tkir edi.
– Xo‘p, mayli, – dedi u sovuqqon, go‘yo gap Angliya chempioni bilan bo‘ladigan match shartnomasiga imzo chekish haqida ketayotgandek. – Hozir olib kelaman.
– Faqat uzoq qolib ketma, – dedi kelin. – Aks holda o‘zimning yaramas kichkintoyimni sog‘inib qolaman. Yaxshisidan, pishganidan olgin.
Uzoq va qaynoq xayrlashuvdan so‘ng Kichkintoy ko‘chaga chiqdi.
Ko‘chada u biroz o‘ylanib qoldi. Chindan ham, erta bahorda rutubatli ko‘cha va rastalar orasidagi sovuqda yozning orziqib kutilgan oltindek sap-sariq lazzatli tuhfasini topish amrimahol bo‘lib tuyuldi.
Meva sotuvchi italyanning do‘koni joylashgan muyulishga yetgach to‘xtab, papiros qog‘ozga o‘ralgan tog‘-tog‘ po‘rtahol, yarqiragan qirmizi olma va quyosh nurlarini sog‘ingan rangpar bananlarga nafrat bilan nazar tashladi.
– Shaftoli bormi? – oshiqlarning oshig‘i Dantening vatandoshiga murojaat qildi.
– Yo‘q, sinor, – xo‘rsindi sotuvchi. – Bir oydan keyin bo‘ladi. Mana, yaxshigina po‘rtahol bor. Olasizmi, po‘rtahol?
Kichkintoy javob bermay izlashda davom etdi. U o‘zining qadrdon do‘sti va muxlisi Jastes O’Kellexen o‘zida arzon restoran, tungi klub va kegelbanni* jamlagan korxona sohibi huzuriga yo‘l oldi. O’Kellexen o‘z o‘rnida ekan. U restoran bo‘ylab tartib o‘rnatib yurardi.
– Shoshilinch ish chiqib qoldi, Kel, – dedi unga Kichkintoy. – Bizni kampirning miyasiga shaftoli yeyish kelib qolibdi. Shuning uchun senda aqalli bir dona shaftoli bo‘lsa ham bu yoqqa uzat. Agar ko‘proq bo‘lsa bir necha dona ber, asqotib qoladi.
– Butun uyim senga muntazir, – javob berdi O’Kellexen. – Faqat unda shaftoli topilmaydi. Hozir mavsumi emas. Hatto Brodveyda ham yilning bu vaqtida shaftoli topish dargumon. Senga achinaman, do‘stim. Axir ayol kishining ko‘ngli biron nimaga ketsa, boshqasini emas, aynan o‘sha narsani keltirib berish kerak-ku. Vaqt ham allamahal bo‘lib qoldi, eng yaxshi meva do‘konlari ham allaqachon yopilgandir. Balki, xotining po‘rtaholga ko‘nar? Hozirgina bir quti sara po‘rtahollarni qabul qilib oldim, shunday ekan, agar…
– Yo‘q, Kel, rahmat. Match sharti bo‘yicha shaftoli talab qilinadi, boshqa narsa qabul qilinmaydi. Hay, mayli, boshqa yerdan izlab ko‘raychi.
Kichkintoy g‘arbiy avenyularning biridan chiqqanda vaqt yarim tunga yaqinlashib qolgandi. Do‘konlarning ko‘pi allaqachon yopilgan, ochiqlarida ham shaftoli haqida og‘iz ochishi bilan xoxolab yuborishay deyishdi.
Axir, qayerdadir, baland devorlar ortida, mehmonxonada kelinchak kutib o‘tiribdi. Nahot, unga o‘rta vazn toifasidagi chempion bo‘la turib shaftoli topib berolmasa? Nahot, u suyuklisini sariq yoki pushtirang shirin meva bilan sevintirish uchun fasllar, ob-havo to‘siqlarini hatlab o‘tolmasa?
Oldinda yer yuzidagi to‘kin hayotning barcha bo‘yoqlari bilan jilolanib turgan yorug‘ peshtaxta ko‘rindi. Ammo Kichkintoy ichkarida chiroq o‘chganini payqamay qoldi. U kuchi boricha yugurib, do‘kon eshigini qulflayotgan mevafurushni quvib yetdi.
– Shaftoli bormi? – so‘radi u dadillik bilan.
– Qiziqmisiz, ser! Ikki-uch haftadan keyin bo‘ladi, undan vaqtli emas. Hozir butun shahardan ham izlab topolmaysiz. Agar biror yerda bir necha dona bo‘lsa ham ular issiqxonaniki, aynan qayerdan izlash kerakligini ham aytolmayman. Topilsa ham pullarini qayoqqa qo‘yishni bilmaydigan boyvachchalar turadigan eng qimmat mehmonxonalardan birida topiladi. Mana, agar ma’qul bo‘lsa, mazali po‘rtahollarni taklif qilishim mumkin, bugun kemada bir dunyosini keltirishdi.
Keyingi muyulishga yetgach, Kichkintoy bir zum o‘ylanib qoldi, keyin qorong‘i tor ko‘chaga burilib, eshigi oldida yashil fonusli uy tomon yurdi.
– Kapitan shu yerdami? – so‘radi u navbatchi politsiyachi serjantdan.
Shu payt kapitanning o‘zi navbatchining orqasidan lop etib chiqib keldi.
– Omonmisiz, Kichkintoy! – kapitan qarshi oldi bokschini. – Men sizlarni to‘y sayohatidamisizlar deb o‘ylabman.
– Kecha keldim. Endi men Nyu-York shahrining doimiy fuqarosiman. Hatto mahalliy faoliyat bilan shug‘ullansam kerak. Menga ayting-chi, kapitan, bugun tunda Denver Dikning idorasini bosishni xohlarmidingiz?
– Qo‘lga tushdi-ku! – dedi kapitan mo‘ylovini burab. – Denverni ikki oy avval to‘xtatishgandi.
– To‘ppa-to‘g‘ri, – kapitanning fikriga qo‘shildi Kichkintoy. – Ikki oy oldin Rafferti uni qirq uchinchi ko‘chadan siqib chiqargandi. Endi esa u sizning uchastkangizga o‘rnashib olibdi. Hozir unikida har qachongiga qaraganda katta o‘yin ketyapti. Denver bilan alohida hisob-kitobim bor. Xohlasangiz, uning oldiga olib borishim mumkin.
– Mening uchastkamda? – o‘dag‘ayladi kapitan. – Bunga ishonchingiz komilmi, Kichkintoy? Agar shunday bo‘lsa, buni siz tomondan katta xizmat deb bilaman. Nima, sizga parol ma’lummi? U yerga qanday qilib kiramiz?
– Eshikni buzib, – dedi Kichkintoy. – Eshikka temir qoplab ulgurishganicha yo‘q. O‘zingiz bilan o‘n kishi olvoling. U yerning eshigi men uchun bekiq. Denver meni tinchitmoqchi bo‘ldi. U o‘tgan safar men uni tutib berdim deb o‘ylayapti. Vaholonki, u adashyapti. Lekin siz shoshiling, kapitan. Vaqtliroq uyga qaytishim kerak.
O‘n daqiqa o‘tar-o‘tmas kapitan va uning itoatkor yo‘lboshchilari ortidan kunduzi o‘nlab obro‘li firmalar o‘z ishlarini bitiradigan, ko‘rinishidan butunlay kamtarona binoning qorong‘i pod’ezdiga kirib ketishardi.
– Uchinchi qavat, yo‘lakning oxirida, – asta shivirladi Kichkintoy. – Men oldinda boraman.
Bolta bilan qurollangan ikki barvasta yigit u ko‘rsatgan eshik oldiga kelib turishdi.
– Ichkarida jimjitlik, shekilli, – shubha bilan gapirdi kapitan. – Adashmaganingizga ishonchingiz komilmi o‘zi, Kichkintoy?
– Buzinglar eshikni, – javob o‘rniga buyruq berdi Kichkintoy. – Agar adashgan bo‘lsam, o‘zim javob beraman.
Boltalar tasir-tusur bilan himoyasiz eshikka urila boshladilar. Eshik yorig‘idan yorug‘ nur tushdi. Eshik ag‘darilishi bilan qurshov ishtirokchilari revolverlarini shaylab, ichkariga bostirib kirishdi.
Keng zal g‘arblik xo‘jayinning didiga mos shovqin-suronga to‘la edi. Bir necha stolda o‘yin ketardi. Zaldagi elliktacha ishqibozlar nima qilib bo‘lsa-da, politsiya qo‘lidan qochib qutulish uchun chiqish yo‘lagiga yopirilishdi. Politsiya tayoqlari ishga tushdi. Biroq o‘yinchilarning ko‘pi qochishga ulgurishdi.
Bu kecha Denver Dik qimorxonada o‘zining alohida ishtiroki bilan iltifot ko‘rsatdi. U son jihatidan ustunlik qurshov ishtirok-chilarini yanchib tashlashini hisobga olib chaqirilmagan mehmonlarga birinchi bo‘lib tashlandi. Lekin Kichkintoyga ko‘zi tushgan zahoti u ortiq hech kim va hech narsani o‘ylamay qo‘ydi. O‘ta og‘ir turdagi sportchiday ko‘rinishidan ancha nozikroq dushmaniga otildi, ikkalasi ham bir-biriga chirmashgancha zinadan pastga dumalab ketdi. Ikkinchi qavat maydonidagina va nihoyat, ular ajralishib, oyoqqa turishgach, yigirma ming dollarlik molni yo‘qotish xavf solib turgan ikki yuz funt og‘irlikdagi, kuchli hayajondagi havaskor uni quchog‘ida kuch bilan qisib turar ekan, chorasiz qolgan Kichkintoy o‘zining ustomonlik mahoratini ishga soldi.
Raqibini bir yoqli qilgach Kichkintoy yuqoriga otildi va qimorxona zalidan yugurib o‘tib, darvoza bilan ajratilgan kichikroq xonada paydo bo‘ldi.
Bu yerda omad jo‘mardlarini to‘ydira oladi deb hisoblanadigan qimmatbaho chinnilarda tansiq taomlar bilan to‘ldirilgan uzun stol turardi. Stolning tashqi ko‘rinishi g‘arbiy shtatlardan birining poytaxtidan kelgan jentlmenning nozik didini aytib turardi.
Polgacha osilib turgan oppoq dasturxon tagidan qirq beshinchi o‘lchamdagi loklangan shtiblet chiqib turardi. Kichkintoy unga yopishdi va chiroq yorug‘ida frak hamda oq galstukdagi negr-ofitsiantning yuzi paydo bo‘ldi.
– Tur o‘rningdan, – buyruq berdi Kichkintoy. – sen shu «emxona»da ishlaysanmi?
– Ha, ser, ishlardim. Nahot, bizni yana qo‘lga tushirishgan bo‘lsa?
– Shunaqaroq. Endi javob ber: bu yerda, senda shaftoli bormi? Agar yo‘q bo‘lsa, mening hisobimga nokaut yoziladi.
– O‘yin boshlanganda menda uch dyujina* shaftoli bor edi, ser. Ammo jentlmenlar bitta ham qoldirmay hammasini paqqos tushirishdi, deb qo‘rqaman. Balki, sara va yangi po‘rtahol yeyishni mavqul ko‘rarsiz, ser?
– Hammayoqni ostin-ustun qil, – qat’iy buyurdi Kichkintoy, – lekin qo‘limda shaftoli bo‘lsin. Agar bugun yana kimdir menga po‘rtaholdan og‘iz ochsa, urib o‘ldiraman.
Denver Dikning beqiyos saxiyligi bilan to‘ldirilgan stoldagi sinchkov tintuv tasodifan qimor shinavandalarining mazaxo‘rak og‘zidan qutulib qolgan yagona shaftolini topishga yordam berdi. U shu zahoti Kichkintoyning cho‘ntagiga tushdi va bizning tinim bilmas «furajir»imiz* o‘ljasi bilan ortiga qaytdi. Ko‘chaga chiqqach, u hatto kapitanning odamlari asirlarni politsiya furgoniga tiqishayotgan tomonga qayrilib ham qaramasdan uyi tomon tez-tez odimlab ketdi.
Uning ko‘ngli endi xotirjam bo‘lgandi. Dumaloq Stol jo‘mardlari go‘zal xonimlari sharafi uchun ko‘plab xavf-xatarlarni boshlaridan o‘tkazib, qahramonliklar ko‘rsatib, Kamelotga ana shunday qaytishardi. Ularga o‘xshab Kichkintoy ham o‘zining suyuklisidan buyruq olib, uni bajara oldi. To‘g‘ri, ish faqatgina bir dona shaftoliga borib yetdi, biroq yarim tunda, buning ustiga fevral qorlari bilan «kishanlangan» shaharda bu shaftoli qahramonlik bilan qo‘lga kiritilmadimi? Axir, u shaftoli so‘radi, axir, u Kichkintoyning rafiqasi-ku; mana shaftoli Kichkintoyning cho‘ntagida, tushirib yubormaslik va yo‘qotib qo‘ymaslikdan qo‘rqib ushlab turgan kaftida isib yotibdi.
Yo‘l-yo‘lakay Kichkintoy tungi dorixonaga kirib, ko‘zoynak ortidan savol nazari bilan tikilib qolgan dorifurushga dedi:
– Quloq soling, agar xizmat bo‘lmasa, qovurg‘alarimni tekshirib ko‘rishingizni xohlardim, butunmikin. Og‘aynim bilan biroz tortishib qolib, bir yoki ikki qavatli zinapoyalar bilan hisoblashi-shimga to‘g‘ri keldi.
Dorixonachi uni diqqat bilan tekshirib ko‘rdi.
– Qovurg‘alaringizning hammasi butun, – xulosa qildi u. – ammo mana bu yeringiz momataloq bo‘libdi, aftidan, sizni osmono‘par binodan yiqilgansiz deb aytish mumkin, bir marta emas, kam deganda ikki marta.
– Ahamiyati yo‘q, — dedi Kichkintoy. — Men sizdan faqat kiyim cho‘tka so‘rayman.
Pushtirang qalpoqli chiroqning yorug‘ nuri ostida kelinchak uni kutib o‘tirardi. Yo‘q, hali mo‘jiza ro‘y bergani yo‘q. Mana, nima istayotganini bir og‘iz so‘z bilan aytsa bo‘lgani – bu arzimagan narsa bo‘la qolsin: gulmi, anormi yoki e, ha, shaftoli — eri tun qo‘yniga kirib, uning istagini bajo keltiradi.
Darhaqiqat, mana, u suyuklisining o‘rindig‘iga egilib, qo‘liga shaftoli tutqazdi.
– Yaramas kichkintoyim! – oshiqona ming‘illadi kelinchak. – Nahotki, shaftoli so‘ragan bo‘lsam? Men jon deb po‘rtahol yegan bo‘lardim.
Baxtli bo‘l, kelinchak!
Rus tilidan Saidjalol Saidmurodov tarjimasi.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2011 yil, 10-son.
________________
* K u p i d o n – sevgi ma’budi (yun. mif.)
* K ye g ye l b a n — kegli o‘ynaladigan joy (ma’lum tartibda tikilgan «odamchalar»ni shar yumalatib yiqitish o‘yini).
* Sh t i b l ye t – Erkaklar bog‘ichli botinkasi.
* D yu j i n a — 12 dona.
* F u r a j i r — yem-xashak tayyorlovchi.