Ota odatdagidek ishdan kech qaytdi. Horg‘in gavdasini arang sudrab ostona hatladi. Bo‘sag‘ada mijja qoqmay ko‘zlari to‘rt bo‘lib, uni intiq kutayotgan besh yashar o‘g‘li qarshi oldi.
— Salom, dada! – dedi u quvonchdan ko‘zlari porlab.
— Salom, bo‘talog‘im, haliyam yotmadingmi?
— Yo‘q, – deya javob berdi bola va sabrsizlik bilan so‘radi: — Dada, maylimi, sizga savol bersam?
— Mayli. Qani eshitaylik-chi, oromingni o‘g‘irlab, allamahalgacha senginani yo‘limga intizor qildirgan qanday savol bo‘ldi u?
— Bir soatda qancha pul ishlaysiz? – ko‘zlarini pirpiratib bolalarga xos sodda samimiyat ila so‘radi bolakay.
Besh yashar bolaning kutilmagan savoli otani tang qoldirdi-yu, turib-turib jahlini chiqardi.
Bemahalda boshqa bo‘lmag‘urroq savol topolmadingmi? Qolaversa, bu sening ishing emas, shumtaka.
— Dada, iltimos, men shunchaki bilmoqchi edim, ayta qoling, bir soatda qancha pul topasiz? – oyoq tirab oldi bolakay.
Bolaning hukmi poshshoning hukmidan ustun emasmi, ota qarasa, javob bermasa bo‘lmaydigan, jovdirab tikilayotgan beg‘ubor ko‘zlar bilan nigohi baqamti kelganida ko‘ngli iyidi va:
— Bir soatda 20 dollar ishlayman, qo‘zim, — deya javob qildi u bolasining boshini silab.
— Yashasin! – qichqirib yubordi kichkintoy. Dada, menga 10 dollar qarz berib tura olasizmi?
Bunisi hammasidan oshib tushdi va darg‘azab otaning sabr kosasi to‘lib, ortiq jahlini o‘zini tutib turolmadi.
— Ie, tag‘in yana nimani o‘ylab topding. Qayerdagi keraksiz o‘yinchoqlarni sotib olishim uchun dadam 10 dollar beradi, deb o‘ylasang, chuchvarani xom sanabsan. Qani hoziroq o‘rningga borib yot oxirgi paytlarda qanchalar xudbin bo‘lib ketganing haqida bosh qotirib ko‘r! Men har kun betinim mehnat qilaman va jonim xalqumimga kelib arang uyga qaytaman. Sening xarxashalaring va injiqlaringni ko‘tarishga tobim yo‘q!
Mo‘ltirab tikilib turgan ko‘zlarga yosh qalqdi. Bolakay indamay ortiga o‘girildi. Charchagan ota dam olgali o‘rniga cho‘zildi, biroq har qancha horigan, jismonan ezilgan bo‘lmasin, hadeganda ko‘zlariga uyqu inay demasdi. Asablari dosh bermay, bolasiga noo‘rin baqirgani uchun qo‘ngli buzildi. “Tun yarmigacha uxlamay, topgan savolini qarang. Qiziq, 10 dollar unga nega kerak bo‘lib qoldiykin?”. Shu yo‘sinda oradan bir soat o‘tdi. Ota u yoniga ag‘darildi, bu yoniga ag‘darildi, lekin ko‘zlari ilinmadi. Bu turishda saharga dovur uxlolmasligini anglab, o‘rnidan turdi. Hovuridan tushgan ota sokin o‘y surar ekan: “Chindan bolam shu 10 dollar muhtoj bo‘lsa, men jiganrgo‘shamni gapini eshitmay turib, kutganini ham ro‘yxotir qilmay urishib berdim”, deya ko‘ngli xijil bo‘ldi.
U o‘g‘lining xonasi tomon yo‘naldi. Eshikni sekingina ochib:
— Uxlayapsanmi, bolajaonim? – deb so‘radi.
— Yo‘q, uyg‘oqman, dada.
— Senga nisbatan nohaqlik qildim, qo‘pollik qilganimni tushundim. Mendan xafa bo‘lmadingmi? Ba’zan kattalar ham xato qiladilar. Mana senga 10 dollar, endi eski ginalarni unutamiz.
Bola pulni qo‘liga ham olmay, chopqillab borib yostig‘ining ostidan bir dasta g‘ajimlangan pullarni chiqardi. O‘g‘lining harakatlarini sukut saqlab kuzatib turgan ota hayratda edi.
— Shuncha puling bor ekan, mendan tag‘in 10 dollar so‘raganing nimasi, bo‘talog‘im?
— Pulim borlikka bor edikuya, ammo yetmasdi-da. Mana endi 20 dollarim bor. Dada, men bir soat vaqtingizni sotib olmoqchiman. Ertaga uyga vaqtliroq keling, birga ovqatlansak, devdim…
Ingliz tilidan Shahnoza Rahmonova tarjimasi
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2014 yil 42-son