Nikolay Gumilyov. Saroyning so‘nggi shoiri (novella)

SAROYNING SO‘NGGI ShOIRI

Bu qirol ajdodlari kabi o‘ta dangasa, ishyoqmas va beg‘am edi. U saroyda bo‘ladigan tantanalar boisgina madhiyalar yozib beradigan keksa shoirni nafaqaga chiqarolmas, unga yetarlicha nafaqa tayinlab, xayr-xushlashishga jur’ati yetmasdi. Shoirning o‘zi esa ketishni sirayam istamasdi.
Qirol oilasida kimdir tug‘ilsa yoki vafot etsa, boshqa yurtlardan elchilar kelsa yoki qo‘shni davlatlar bilan ittifoqchilik imzolansa, odatiy marosimlardan so‘ng saroy ahli qirollik zaliga yig‘ilar va qovog‘i soliq, hamisha nimadandir norozi shoir she’r o‘qiy boshlardi. Ayni kunlarda tildan va iste’moldan chiqib ketgan iboralar eskirgan so‘zlar g‘alati jaranglar, qadimgi ingliz bichimida tayyorlangan soch parigi uni yanada ojiz qilib ko‘rsatar, shuning barobarida sochining to‘kilgan joylari yarqirab-yarqirab, ajib ulug‘lik kasb etardi. Olqishlar ham oldindan o‘ylab qo‘yilganday yengilgina,qo‘lqopli qo‘llarning shovqini xuddi she’riyatni ulug‘lashga yetarli xizmat qilayotganday ko‘rinardi.
Shoir yerga qadar ta’zim qildi, ammo uning yuzi hamon tund, qirol qo‘lidan qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan uzuk yoki oltin tamaki qutisini olganda ham ko‘zlari tobora g‘amg‘inlashib ketardi.
Bayram dasturxoni yozilganda u parigini yechib qo‘yib, keksa mansabdorlar orasida o‘tirar, temir yo‘llarga oid shartnomalar, turli xil o‘g‘irliklar, mish-mishlar haqida gapirar, tuzga solinadigan soliq loyihasiga juda qiziqardi.
Odatdagiday qirol sovg‘asini xazinachiga topshirib, o‘rniga mo‘maygina pul olib, uyiga qaytdi. Shoirning uyi katta va beo‘xshov, otasi — sobiq marhum saroy shoiridan qolgan meros edi. Marhum qirol bu lavozimni nasldan naslga o‘tuvchi qilib qo‘ygan,bu bilan, ehtimol, tartib-intizomni saqlamoqchi, har xil noxushliklardan yiroq bo‘lmoqchi edi.
Shoirning uyi yuragi kabi ma’yus va qorong‘u edi. Kechga borib, faqat ish kabineti yorug‘lashardi. Javonlarda kitoblar o‘rnida noyob qadimiy tamaki qutilari terilib turardi. Otasi shu buyumga o‘ta ishtiyoqmand kollektsioner chiqib qoldi..Qachonlardir, ha, qachonlardir u ham uylangan, shu uyda ipak ko‘ylaklarning shildirashi eshitilar, nozik qo‘llar mehr bilan chiroyli muqovali kitoblarni varaqlar, javonlardagi hamma narsalar bu ajib hilqat, qirmizi yuzlar shu’lasi oldida hayratdan qotib turardi. Biroq shoirning xotini bu yerda bir yilcha ham yashay olmadi — yosh va noma’lum rassom bilan qochib ketdi. Shoir qayg‘uli, bayronona ruhda qasos o‘ti bilan yonib turgan ishqiy poemasini yoza boshladi. Xuddi shu paytda qirollikdan kimdir vafot etib qoldi-yu, shu munosabat bilan elegiya yozish talab etildi. Shu bilan boshlangan poemaga yana qaytish havasi so‘ndi.
Og‘ir va zerikarli yillar kamergerning tortilgan mundirlari kabi sudralib o‘tdi. Bu yillarning yagona hodisasi yangidan-yangi tamaki qutilari olish bo‘lib qolaverdi.
Sukunat qanchalik uzoq cho‘zilsa, momoqaldiroq shunchalik kuchli bo‘lishini bilganlar shoirga xizmati tugaganligini aytolmas, aytsalar, uning yuzlari, ko‘zlari yanada ma’yuslanib, tushuniksiz kinoya aralash noo‘rin hazil deb tushunishini oldindan his etishardi.
Bu ishning boshlanishiga, aftidan, Ispaniya shahzodasining kelishi munosabati bilan yozilgan bayram dasturxoni sabab bo‘ldi.Taklif etilganlar orasida shoirga yaqin joyda o‘tgan podshohlik davrining mansabdorlaridan biri o‘tirardi. U shu qadar qarib, sochlari oqarib, tishlari to‘kilib ketgandiki!… Qariya nima uchundir hozirgina o‘qilgan she’r bilan judayam qiziqib qoldi. Qulog‘i yaxshi eshitmasligi bois nimalarnidir so‘rab — surishtirdi, hatto oxirgi satrni qayta ko‘rib chiqish lozimligini ham uqtirdi. So‘ngra kutilmaganda hi-hilab, hammaga ma’lum latifasifat gapni aytib berdi — unda shoirlarni grammofonlar bilan almashtirib qo‘yish vaqti keldi, deyilardi.
Shoir uni loqaydlik bilan tingladi. Yangi orden ta’sis etilishi haqida suhbatlashayotgan qo‘shni stoldagilarga qo‘shilish ishtiyoqida turganida, qirol ular tomonga qarab turganini, kinoya va achinish aralash kulayotganini sezib qoldi. Sezib qoldi-yu… Agar shuni sezmaganida qariyani bu qaltis hazili uchun kechirgan ham bo‘larmidi!… U sobiq mansabdorga keskin, qahrli javob qaytardi. Tushlik tugashi bilan uyiga qaytdi. Shoir asabiy, vahimali, vajohatli edi.
Tong otishi bilan uning qalbida qat’iy qaror tug‘ildi. Xizmatkorini kun bo‘yi kitob do‘konlariga yugurtirdi, avvallari «shaharlik shoirlar» deb mensimay qaraydigan shoirlarning ko‘plab kitoblarini sotib oldi. Tamaki qutilari bilan to‘lgan xonasidan ikki oy chiqmadi — bu yerda qizg‘in va sirli ishladi. Saroy shoiri o‘zining kichik ukalaridan o‘rgandi, uslubini o‘zgartirdi.
Saroyda xotirjamlik hukm surardi.Shahar chekkasidagi g‘amg‘in uyda nimalar bo‘layotgani hech kimning xayoliga kelmasdi. Bu orada hayot o‘z yo‘lida davom etdi. Kimdir sevdi, kimdir sevildi, kimdir tortishdi, kimdir yarashdi, yana bir-birlariga xushomad qilib, yerga qadar egilib kun kechirdilar. Albatta, mardlik va jasorat amallarini amalga oshirdilar. Va haliyam she’riyatga qadimiy va tantanavor eskilik qoldig‘i sifatida qarashdan voz kechmadilar.
Nihoyat, kutilgan kun keldi. Aslzoda malika turmshga chiqdi, shu vajdan she’rlar zarur bo‘lib qoldi va bu xabarni saroy shoiriga yetkazdilar. U g‘amg‘in, g‘alati, savdoyi qiyofada kirib keldi. Ziyrak nigohlargina shoirning lablaridan uchayotgan yengil, noxush nim tabassumni, asabiylik bilan qo‘lidagi she’r yozilgan qog‘ozlarni g‘ijimlayotganini ilg‘ay olardi. Ammo shu paytgacha u va uning she’rlari bilan kimning ishi bo‘lganki, endi bo‘lsin! Yoshlar uchun judayam keksalik qilar, u qatori yuqori martabali amaldorlar esa shuncha hurmat-e’tiborga qaramay, uni o‘zlariga teng bilmasdilar.
Tantana boshlandi. Ulug‘sifat ruhoniy jozibali ruhda nikoh marosimini tugatdi. To‘yga tashrif buyurgan elchilar, mehmonlar kelin — kuyovga ehtirom ko‘rsatishdi. Nihoyat,ranglari oqargan, ammo qat’iylashgan shoir she’r o‘qishni boshladi. Saroy ahli orasida anglab bo‘lmas shivir-shivir o‘rmaladi. Hatto yoshlar, har qadamda kimni ko‘rsa , shunga oshiq yoshlar ham hayrat bilan boshlarini ko‘tarib, uni tinglay boshlashdi.
Nima bo‘ldi? Qani shamol xudosi, burgutlar, gullarga atalgan, hayratomuz olamni madh aylagan balandparvoz so‘zlar jilosi? She’rlar butunlay yangi, ehtimol, ajoyib edi. Har qalay, bu qolipga solingan she’r emas edi. Saroy ahli unchalik xush ko‘rmaydigan shaharlik shoirlarning ruhi bor edi unda. She’rlar tobora yarqirab, o‘ziga tortib borardi. Go‘yoki saroy shoirining uzoq vaqt ushlab turilgan iqtidori birdan yuzaga qalqib chiqdi, chiqdi-yu, bir paytlar o‘zi ham yuz o‘girib kelgan o‘sha mo‘jizalarni yaratdi-qo‘ydi. Shiddatli satrlar oqib kelar, shirali ovoz jaranglab uchar, ajoyib manzaralar yaralar, misli ko‘z ilg‘amas tubsizlikdan yorug‘lik porlab chiqardi. Keksa shoirning ko‘zlari parvozga chog‘langan burgutnikiday yonar, tovushi shu burgutnikiday har tomonni tutdi.
Butun saroy ahli, yana qirol huzurida bunday yaxshi she’rlar o‘qishga qanday jur’ati yetdiykin uning!… Hech kim olqishlashga o‘zida kuch topmadi. Kamergerlar qahr bilan shivirlashga tushdi, yosh yunkerlar o‘zlarini tutib olib, jiddiy tortishdi. Hayratdan qotib qolgan qoshi qalam xonimlar ham anglab bo‘lmas tarzda qoshlarini chimirib qo‘yishdi. Qirol norozi ohangda mukofot uchun tayyorlab qo‘yilgan uzukni bir chekkaga uloqtirdi.
Saroyning so‘nggi shoiri yolg‘iz, vaboga yo‘liqqanday tantananing tugashini ham kutmay, chiqib ketdi, ketayotib, katta kantsler kotibga shoirni nafaqaga chiqarish haqidagi buyruq tayyorlashni buyurganini eshitdi.
Ammo birinchi bor uyga qaytish nechog‘li zavqli, yolg‘iz qolish esa undan-da farog‘atli kechdi. U qaddini mag‘rur tutib, kechki zallarni kezib chiqdi, so‘nggi she’rlarini baland ovozda o‘qidi, keksalarga xos ayyorona tabassum bilan shaharlik shoirlarning kitoblariga nazar tashladi. U nafaqat ular bilan tenglashdi, hatto ulardan o‘zib ketganini ham his etdi. Nihoyat bu quvonchini kim bilandir bo‘lishgisi kelib, ajrashganlaridan so‘ng ilk bora xotiniga xat yozdi. Tantanavor ohang bilan birinchi marta uni olqishlamaganliklarini bitib, she’rlarini qo‘shdi,xat so‘nggida g‘urur bilan qo‘shib qo‘ydi: «Shunday odamni tashlab ketding!»

Oygul Suyundiqova tarjimasi


SO‘NGGI SAROY ShOIRI

Ha, zamonimizning bu qiroli ham xuddi ajdodlaridek g‘irt dangasa va o‘ta betashvish edi. Hatto saroydagi turli-tuman yig‘ilishlarga bag‘ishlab qasidalar bituvchi sharti ketib parti qolgan shoirga ruxsat berish va bundan keyingi umrini tinch, rohat-farog‘atda yashashi uchun yaxshi pensiya tayinlash borasidagi hujjatni imzolashni xayolining bir chekkasiga ham keltirmasdi. Shoirning o‘zi ham aslida undan ajralgisi kelmasdi.
Qirollik oilasida kimdir dunyoga kelgani yoxud vafot etganida, xorijiy o‘lkalardan elchilar tashrif buyurganida, yo bo‘lmasa, qo‘shni davlat bilan hamkorlik shartnomasi imzolanganida ham – odatdagi yig‘ilishdan so‘ng saroydagilar ulkan zalda to‘planar, g‘amgin nigohli, hamisha nimadandir mamnun bo‘lmagan shoir she’r o‘qiy boshlardi. Ohori uchgan so‘zlar, zamonaviylikdan ancha orqada qolgan she’riy ifodalar zal uzra yangrab g‘alati alfozda aks-sado berardi. Inglizlarnikidek bekami-ko‘st ulama sochli shoirga yuz upasi uchmagan chehralar goh hurpayib, goh bujmayib, gohida esa irshayib quloq tutishardi. She’rni o‘qib tugatgach qirolga manzur kelganini sezishsa baralla olqishlashar, qo‘lqop kiygan nozik qo‘llarning qarsagi butun zal bo‘ylab yoyilardi.
Shoir yerga egilgancha ta’zim qilardi. Qirolning qo‘lidan birorta qimmatbaho tuhfani – deylik, har doimgidek uzuk yoki oltin kuldonni olayotganida ham yuzi yanada g‘amginlashar, ko‘zlari qayg‘uga cho‘mardi.
Yig‘ilishdan keyingi ovqatlanish chog‘ida ulama sochini yechib bir chetga qo‘yar, davraga o‘tirib hamma qatori temiryo‘l muammolari, tashqi ishlardagi so‘nggi yangiliklar yoki tuz solig‘i borasida suhbatlashardi.
O‘tirishdan so‘ng qirolning hadyasini katta miqdordagi pul evaziga g‘aznadorga qaytarib, ulkan va keng, biroq sharoitlari haminqadar, zamonaviylikdan yiroq, qachonlardir saroy shoiri bo‘lgan otasidan meros qolgan uyiga yo‘l olardi. Marhum qirol bu uyni otadan o‘g‘ilga qoluvchi qilib qo‘ygan, shu orqali saroy shoiri degan nom yo‘qolmasligini ta’minlagandi.
Xonadon marhum egasining ruhi singari mahzun va qorong‘u edi. Kechalari devorlariga qotirilgan javonlarda kitob o‘rniga antiqa kuldonlar terib qo‘yilgan xona yorug‘lashardi. Yashirib ne qildik, qariya shoir nafsi hakalak otgan kollektsioner edi.
Bir paytlari, ko‘p zamonlar ilgari uylangandi. O‘sha vaqtlari bu uyda har kun turfa xil ko‘ylaklar shitirlashi eshitilar, nozik va mayin qo‘llar kitoblar sahifalarini mushtoqlik bilan varaqlar, devor uzra ilingan suratlar esa oydin yuzga zeb berib turgan lablarning pushtiligiga hayrat ichra tikilardi. Ammo shoiring rafiqasi bu yerda hatto bir yil ham yashay olmadi, yosh va hech kim tanimaydigan bir mo‘yqalam sohibi bilan birga qochib ketdi. Shundan so‘ng, u o‘ch olish baxtiyorligi borasidagi bayronona dostonini yozishga kirishgan, aksiga olib o‘shanda qirolning xolavachchasi olamdan o‘tib qolgandi. Shoirga esa marsiya yozish buyurilgan, keyinchalik boshlab qo‘ygan dostonini davom ettirishga o‘zida hech ishtiyoq topmagandi.
Shu-shu, yuksak maqom saroy kamergerlari kabi qator terilgan yagona mukofoti – yangidan-yangi kuldonlar sovg‘a qilinuvchi yolg‘iz va bir xil yillar bir-birini quvlab o‘taverdi.
Jimlik qanchalik ko‘p bo‘lsa, momaqaldiroq shunchalik kuchli bo‘ladi, deyishadi. Saroy shoiriga bu faoliyati qanday yakun topishini ming ta’kidlashsa-da u o‘rinsiz hazilday ko‘ringan bu bashoratga g‘azab bilan javob qaytarar, shu chog‘da yuzi battar tundlashib ketardi. Ispaniya qirolichasining tashrifi munosabati bilan tashkil etilgan mehmonnavozlik dasturxonida yaqinida o‘tirgan oldingi qirollikning keksaygan, sochlariga oq oralagan, tishlari to‘kilib cho‘tiri chiqqan “hukmfarmo”si bo‘lishi aslida bunga turtki bo‘ldi.
U avvaliga qulog‘i og‘irligi tufayli yaxshi eshitolmagan she’rlarning unchalik ham go‘zal chiqmagani, iloji bo‘lsa oxirdan oldingi bir misra butunlay boshqatdan yozilishi joizligi borasida uzundan-uzoq so‘z juftladi, keyin esa nabirasidan eshitgan “Allaqachon shoirlar fonograflar o‘rniga o‘tishi haqida qaror qilish kerak edi”, degan qiziq gapni aytib qoldi.
Uni havotir ichida tinglayotgan va bu suhbatga qo‘shilishni istamagan shoir qirolning ularga qarayotgani va miyig‘ida kulib so‘zini tasdiqlayotganini ko‘rmasa edi, qariyaning bu tentakona so‘zini bemalol afv etsa bo‘lardi. Shoir unga qarshi aniq va lo‘nda fikr bildirdi, keyin ovqatlanish tugar-tugamas doimgidan ham g‘azablangan holda ularni tark etdiyu uyiga qaytdi.
Ertasi kun ertalab yuragida keskin bir qaror tug‘ildi. Ya’ni, shoirning nazarida masxarabozona tuyulgan “shaharlik shoirlar”ning kitoblarini o‘qishga ahd qildi va topib kelishini so‘rab xizmatkorini kun bo‘yi kutubxonalarga yugurtirdi.
Ikki oy mobaynida deyarli unutilib qolgan kuldonlar to‘la xonasida sirli va o‘sha ma’shum ish ado etildi. Saroy shoiri yosh do‘stlarining ijodini sinchiklab o‘qidi va o‘z uslubidan voch kechdi, qarashlarini tamomila o‘zgartirdi desa ham bo‘ladi hatto.
Saroyda hammayoq suv quygandek jimjit edi. Shahar chekkasidagi mahzun kulbada g‘ayritabiiy holat sodir bo‘layotganidan hech kimning xabari yo‘q edi. Aslzodalar doimgidek o‘z zamonasi haqida og‘iz to‘ldirib so‘z juftlashar, yaltoqlanishar, qahramonliklar qilish haqida o‘y surishardi. Ularning fikricha, she’riyat o‘tmish va eski an’analarning qoldig‘i edi, undan boshqa narsa emas.
Nihoyat, o‘sha ulug‘vor kun keldi. Malika turmushga chiqayotgandi. An’anaga muvofiq she’r o‘qilishi darkor edi. Darhol saroy shoiriga bu haqida xabar berishdi. U har qachongidek g‘amgin chehra va ajnabiylarga xos ko‘rinishda o‘rtaga chiqdi. O‘tkir nigohlar, dudoqlar uchida titragan bilinar-bilinmas tabassum va ikki oy davomida yozilgan she’rlarni o‘qishga chog‘lanayotgan favqulodda g‘azabda uning o‘zgarib qolganini sezish qiyinmasdi. Ammo bundan kimga nima naf? Yoshlar nazdida, shoir allaqachon yoshini yashab, oshini oshab bo‘lgandi, qirollik tepasidagi amaldorlar esa uning hassos iqtidor egasi bo‘lishiga qaramay, o‘zlari bilan bir maqomda ko‘rishni xohlashmasdi.
To‘y boshlandi. Avvaliga rohib ikki yoshga baxtu saodat tilab nikoh o‘qidi. Horijdan tashrif buyurgan elchilar malikani tabriklab, qo‘lini o‘pishdi. Keyin mahzun chehrali, sobitqaror shoirga navbat berildi. Saroydagilar o‘rtasida bilinar-bilanmas shivirlash oraladi. Hatto yoshlar, bir-biriga oshig‘i-shaydo bo‘lib tikilayotgan xonimlar ham sergak tortib, unga quloq osishdi.
Axir qanaqasiga?! Xo‘sh, shamollar tangrisiga, burgutlarga, hayratlanarli dunyoga bag‘ishlangan mumtoz misralar qayerda qoldi? She’rlar yangi va o‘ziga xos ruhda yozilgandi, hatto mukammal deyish ham o‘rinli. Lekin, nima bo‘lgandayam qirollar istagiga uyg‘un emasdi. Odatan saroyda unchalik ham yoqtirilmaydigan shaharlik shoirlarning ash’orlariga mengzar, tan olish kerak, hatto ularnikidan ham avlo edi.
Saroy shoirining uzoq vaqtdan beri mudrab yotgan nodir iqtidori bir sandiq xazinani o‘rtaga chiqargandi go‘yo. Misralar bir-birining ortidan sharsharadek to‘kilar, tuyg‘ular turfa rangda tovlanar, muhtasham ramzlar majhul jarliklar tubidan xayollar lashkari singari yurib kelishardi. Qariya shoirning ko‘zlari ko‘kda o‘qdek uchib borayotgan burgutning ko‘zlaridek charaqlar, ovozi ham unikidek edi – jarangdor.
Naqadar azob edi – butun saroy qarshisida, ulug‘ zot – qirolning huzurida yaxshi she’rlar o‘qishga jur’at etmoq! Tinglovchilarning olqishlashga yuragi betlamasdi. Saroy a’yonlari g‘azab bilan bir-biriga qarashar, shivirlashishar, qolganlar ham nima bo‘lganini tushunmay angrayib qolgan, hayrat ichida yoqa ushlagan xonimlar esa nozik chizilgan qoshlarini jahl bilan tirishtirishardi. Qirol mukofot sifatida hozirlagan uzugini uloqtirib yuborgandi.
Saroy shoiri to‘y tugashini ham kutib o‘tirmay chiqdi, chiqasolib pensiyaga chiqishiga amr etilgani haqida xabar topdi, maxsus hujjatga imzo chekdi.
Ha, uyga qaytish, butunlay yolg‘iz qolish juda ajoyib edi. Kechqurun xonasi bo‘ylab boshini mag‘rur ko‘targancha u yoqdan bu yoqqa odimladi, so‘nggi yozgan she’rlarini baland ovozda o‘qidi, keyin keksalikning ayyorona va nim tabassumi bilan shaharlik shoirlar kitoblariga bir qur nazar tashladi. Ulardan kam emasligi, hatto oldinlab ketgani haqida o‘yladi. Alaloqibat sevinchini kim bilandir o‘rtoqlashgisi keldi, darrov sobiq xotiniga maktub yozdi. Bu ajralishganidan buyon unga yozgan birinchi xati edi. Maktubda muzaffarlik ifodasi bilan bugungi yig‘ilishdagi she’r yakunida uni olqishlashmagani haqida so‘z yuritdi, nihoyat pensiyaga chiqqanini bildirdi, yangi she’rlaridan ham kiritib, so‘zi oxirida o‘zidan iftixor tuygancha qo‘shib qo‘ydi: “Sen ana shunday odamni tashlab ketding, bilib qo‘y!”

Rus tilidan Rahmat Bobojon tarjimasi