A.V.[1] va Ye.V.[2] GOGOLLARGA
Axen
1836 yil, 17 iyul (eskicha sana)
Assalom, mening bebaho singillarim Anet va Liza. Sizlar meni rostdan ham sog‘inmagansizlar va men to‘g‘rimda kamdan-kam o‘ylaysizlar. Agar bu gapim noto‘g‘ri bo‘lib, meni tez-tez eslab turgan bo‘lsalaringiz, shuningdek, men bilan qachon va qayerda nimalar kechayotganini bilishni istasalaringiz, hozir barini birma-bir aytib beraman. Sizlar bilan xayrlashganimdan so‘ng o‘sha zahoti paroxodga o‘tirib, Peterburgdan jo‘nab ketdim. Paroxod nimaligini bilasizlarmi? Yo‘q, paroxodning nimaligini sizlar bilmaysizlar, chunki u hech qachon derazalaringiz ro‘parasida sayr qilib yurmagan. Paroxod – bu to‘xtovsiz tutun burqsitib yuradigan, mo‘ri tozalovchilardek qorakuyaga bulangan, lekin oddiy kemaga nisbatan ancha tez yuradigan kema. Paroxodda suzish sizlarga g‘aroyib ko‘rinsa kerak, deb o‘ylayman. Tasavvur qilinglar-a, butun atrof dengizdan iborat – birgina dengiz, boshqa hech narsa yo‘q. Kemada sizlar zerikib qolishlaringiz turgan gap, lekin biz katta bir jamoani tashkil etdik. Oramizda xonimlar haddan tashqari bisyor edi. Ularning ko‘pchiligi suvdan g‘oyat qo‘rqishardi. Hatto ulardan biri, frantsuz elchisining rafiqasi Barant xonim bo‘ron turgan paytda vahimaga tushganidan dodlab yubordi. Sizlar paroxodning pastki qismida katta, xuddi uydagidek bashang zal bo‘lishini bilasizlar, albatta. Shuningdek, har birimizning kichkina o‘z xonamiz bor. Xullas, suzaverib-suzaverib, nihoyat, bir hafta deganda, qirg‘oqqa borib to‘xtadik… Bu yerda ko‘rganlarimizning bari biz uchun yangilik: shahar bizdagidek qurilmagan, odamlar rus tilida umuman gaplashmaydi, bir so‘z bilan aytganda – biz begona mamlakatda edik. Ko‘chalar tor, hatto shu darajada tor ko‘chalar borki, uy derazasidan qo‘lingizni cho‘zib, u yerda o‘tirgan kishi bilan qo‘l berib salomlashish mumkin. Binolar ko‘lami kichik, lekin baland qilib qurilgan, olti-etti qavatlilari ham bor. Xullas, Lyubek shahrida tushlik qilib olgach, Gamburgga yo‘l oldim. Gamburg g‘aroyib shahar, u yerda yayrab yashash mumkin. Jungfernsteig deb atalmish daryo bo‘yidagi ko‘chada sayr qilib yurgan odamlar shu qadar ko‘pki, shlyapangni osmonga otsang, yerga tushmaydi. Hammayoqda sayr qiluvchilar musiqa tinglab, ovqatlanadigan, beto‘xtov musiqa chalinib turadigan xilma-xil pavilon – oromgohlar. Ajoyib va bari o‘ta arzon narsalar qalashib yotgan rasta va do‘konlarning hisobi yo‘q. Men sizlarga bir narsa olib qo‘ydim… nimaligini aytmayman. Olib borganimda ko‘rasizlar. Gamburgdagi uylar mana shunaqa. Tomoshalar bog‘da, teatrda bo‘ladi. Sizlar u yerda o‘tirsalaringiz, albatta, rosa kulgan bo‘lardingizlar. Bu yerga nemislar ko‘plab kelishar ekan, xonimlar esa kursilarga o‘tirib, oldilariga mo‘jazgina stol qo‘yib olib, barchasi butun tomosha davomida paypoq to‘qish bilan mashg‘ul bo‘lishar ekan. Balda ham bo‘ldim. Ayollar kam, lekin mo‘ylovli, mo‘ylovsiz erkaklar haddan tashqari ko‘p. Ularning ko‘pi inglizlar. Ingliz – bu hamisha o‘zini erkin tutadigan, ayollarga ters qarab, oyoqlarini chalishtirib o‘tiradigan, ancha bo‘ydor erkak. Aytgandek, men sizlarga qiziq bir bal haqida gapirib beraman. U yerga tasodifan borib qolgan edim. Bir kuni shahardan tashqarida sayr qilib yurar ekanman, yorqin chiroqlar porlab turgan kattagina bir uyni ko‘rib qoldim. Musiqa va gavjum odamlar mening diqqatimni tortib qoldi. Ko‘rkam shamdonlar bilan yoritilgan charog‘on ulkan zal. Lekin meni ajablantirgan narsa shu bo‘ldiki, raqsga tushayotganlarning barchasi etikdo‘zlarga o‘xshab turli-tuman odmi kiyimlarda. Ko‘rsalaringiz kulgidan qotib qolardingizlar. Bunaqa raqsni umringizda ko‘rmagansizlar: birov xonimni bir tomonga, ikkinchi birov boshqa tomonga aylantirishardi. Ba’zilar esa hatto aylanmas, qo‘l ushlashib, bir-birlariga ko‘z qadaganlaricha xonada shunchaki takalardek bema’no sakrashar edi. Keyinchalik bilsam, bu mashhur “Matroslar bali” ekan.
Gamburgdan Bremenga ketdim. G‘oyat g‘alati shahar. Bu yerdagi cherkovni ko‘rganingizda edi! Bunaqa qadimiy, ko‘hna binoni hech qachon ko‘rgan emassizlar. Bu yerda yana nima ko‘rganimni aytib beray. G‘aroyib xususiyatga ega bo‘lgan antiqa bir yerto‘la. Bu yerga dafn etilgan jasadlar chirimay-nuramay saqlanib qolar ekan. Menga barcha tobutlarni ochib ko‘rsatishdi. Murdalarning terisi birmuncha qurigan, xolos. Bilaman, ularni ko‘rish sizlar uchun qo‘rqinchli, albatta. Ikkovingiz ham qo‘rqoqsizlar. Yana nimalarni gapirib bersam ekan? Darvoqe, bu yerliklarning g‘alati odatlari bor: o‘tib ketayotganingizda yosh qizchalar izvosh ortidan yugurib, derazadan sizga gullar otishadi. Buning evaziga ularga mayda chaqa pullar tashlashingiz lozim. Agar guldastani qaytarib otsalaringiz, ular to biron tanga tashlamaguningizga qadar aravachangizga gul otishda davom etaverishadi.
Liza, ogoh bo‘l, bironta kishini sevib qola ko‘rma! Xayr, mening bebaho jigarlarim! Sizlarni o‘pib qolaman. Bir narsani iltimos qilaman: agar meni rostakam hurmat qiladigan bo‘lsalaringiz, o‘zaro ahil yashanglar. Bu iltimosimni bajarmasalaringiz, demak, meni tariqcha ham yaxshi ko‘rmaysizlar. Omon bo‘linglar. Xat yozib turinglar! Men sizlarga katta ko‘lamda xat yozdim. Sizlar ham shunaqa uzun xat yozishlaringizni xohlayman. Maktublaringizni Frankfurt-na-Maynega yo‘llang.
Akangiz Nikolay Gogol
E.V. GOGOLGA
Venetsiya
1840 yi, 10 avgust
Bir yo‘a ikkita xatingni oldim. Nihoyat, dono qiz bo‘libsan! Ularda men uchun anchagina qiziqarli va yoqimli voqealar batafsil bayon etilibdi. Buning uchun, mana, senga bir o‘pich! Havoda ushlab ol uni yoki, yaxshisi, yuzingni ushbu misralarga qo‘y, bu seni o‘pganim bo‘ladi. Endi qishloq tasviri va choyni qanday quyayotganing, murabboni qanday qaynatishing haqida bayon qilingan xatingni sabrsizlik bilan kutaman. Necha marta samovarning jo‘mragini burashni esingdan chiqarib, dasturxonga qaynoq suv to‘kkaning va necha marta murabbo yegandan so‘ng lablaringdagi shakar mo‘ylov bilan tushlik qilgani stolga o‘tirganing, barini birma-bir batafsil gapirib ber. Men esa buning evaziga senga bir-ikki kalima pand-nasihat aytaman. Birinchisi, o‘zing tushunib yetmagan har qanday yangiliklardan xavfsiraydigan g‘alati odating bor. Mana, hozir ham bilmay turib, qishloqda zerikarli, deyishing turgan gap. Men esa, qishloqda ayni paytda vaqtingni g‘oyat ko‘ngilli o‘tkazishing mumkin, degan fikrdaman. U yerda shug‘ullanish mumkin bo‘lgan ishlar bisyor. Meni aytdi, dersan, shaharga qaytish fursati kelganda bundan afsus chekishing turgan gap. Esingdami, Praskovya Ivanovnanikiga birinchi marta borish paytingda qanchalik vahimaga tushgan eding. Xo‘sh, nima bilan yakunlangan edi bu voqea? Praskovya Ivanovnani astoydil yaxshi ko‘rib qolding. Sen o‘z hissiyotlaringni qanday ifoda qilishni bilmayman, deb qayg‘ursang-da, Sofya Nikolayevna va Nadejda Karlovnalar haqida hamisha zavq bilan gapirarding. Lekin xating boshdan-oyoq o‘zingni qoralashdan, qanday odam ekanligingni ko‘rsata olishingga xalal beradigan tortinchoqligingdan shikoyat qilishdan iborat. Xulosa shuki, Praskovya Ivanovna senga biron yangi mashg‘ulotmi yoki qayoqqadir borib kelishnimi taklif qilguday bo‘lsa, hech qachon yo‘q dema. Shuningdek, har qanday holatda ham astoydil kulishni kanda qilma. Bu, avvalo, o‘zing uchun yaxshi: ham ko‘ngilli, ham foydali. Ta’kidlab qo‘yay, aqlli qizcha bo‘lib yur. Lablaring shakarga bulangan bo‘lsa-da, mana senga yana bir o‘pich! Xat orqali o‘pganingda yuqmaydi.
Endi senga qattiq tanbeh beraman. Hozirgina oyijonimning xatini oldim. Nima qilib qo‘yding? Oyijonimiz yig‘lagudek bo‘lib yozibdi. Xat g‘oyat bezovta bo‘lib bitilgan. Narvondan yiqilib tushganing-u o‘shandan beri ko‘kraging og‘rib yurganini, ularni chidab bo‘lmaydigan darajada sog‘inganingni nimaga yozasan? Shunaqa bema’nilik qilgani uyalmadingmi? Nima qilib bo‘lsa-da, oyijonimizni tinchlantirishing kerak. Bu gaplaringning barini avvalo menga yozishing kerak edi… Oyijonimizning tashvishlari busiz ham yetarli, sen bo‘lsang o‘zingning bunaqa xatlaring bilan unga battar azob beryapsan. U, farzandlarimdan biri baxtli turmush kechiryapti, deb o‘zini birmuncha ovutib yurgan bir paytda sen bunaqa bemaza ishlaring bilan azob beryapsan. U o‘zining hamma narsadan gumonsirayveradigan fe’li tufayli seni sil kasalligiga mubtalo bo‘lgansan, deb o‘ylashi mumkin. Oqibatda uning o‘zi kasal bo‘lib qolsa nima bo‘ladi? Anet singlimiz ham sening xatlaringga befarq qaray olmagan. Menga yo‘llagan xatida ham sening taqdiring haqida astoydil kuyinib yozibdi. Yozgan xatlaridan shuni bilsa bo‘ladiki, u seni chindan yaxshi ko‘radi. Sening bu qilmishingdan hamon hayronman. Esingni yeb qo‘yganmisan? O‘n yashar qizchalardek, o‘ylamay-netmay ish qilibsan. Xatolaringni tezda tuzat. Oyijoning bilan Anetga hoziroq ularni tinchlantiradigan mazmunda xat yoz. Oyijoningga qanday mazmunda xat yozganingni nima uchun menga ma’lum qilmagansan? Demak, ko‘p narsalarni mendan yashirib kelasan, bu degani meni yaxshi ko‘rmaysan. Chunki u yoki bu odam biron ishni, hatto arzimagan jindak bir narsani sendan sir tutar ekan, demak, u seni hurmat qilmaydi. Xatingda meni o‘zim tasavvur qila olmaydigan darajada yaxshi ko‘rishliging to‘g‘risida yozganingni o‘qib kulgim qistadi. Yo‘q, sen meni hech qachon men seni sevganimdek seva olmaysan. Bu sen uchun olis bir holat. Sen meni rostakam yaxshi ko‘rganingda, mening har qanday istagimni, har bir pand-nasihatimni o‘zing uchun muqaddas deb bilgan va ularni bajarish senga rohat bag‘ishlagan bo‘lardi. Xo‘p, yetar. Meni o‘pib qo‘y, farishtam! Lablaringdagi shakarni artib ol. Xudodan menga sog‘lik tilaganing va boshqalardan ham duoda bo‘lishni iltimos qilganing uchun rahmat. Rostdan ham sog‘ligim yomonlashgan, hazilakam betob bo‘lmadim. Endi, xudoga shukur, yaxshi bo‘lib qoldim. Xayr! Iso Masih senga yor bo‘lsin! Praskovya Ivanovnaning qo‘lini men uchun bir necha marta o‘pib qo‘y va mening samimiy minnatdorchiligimni Sofya Nikolayevna, shuningdek, Nadejda Karlovnaga yetkaz. Seni yaxshi ko‘rib ardoqlaganlari uchun minnatdor ekanligimni aytib qo‘y, bundan keyin ham seni shu darajada ardoqlashlarini mening nomimdan iltimos qil. Darvoqe, minnatdorchilikning unchalik ahamiyati yo‘q, mehr-muhabbatni amalda ko‘rsatish kerak. Lekin bu haqda gapirib o‘tirma, mehr qozonishga harakat qil. Nasihatlarim yodingda bo‘lsin. Shuningdek, mening nomimdan Varinkaga salom aytish esingdan chiqmasin. Ismini bilmaganim uchun shunday atayapman. Darvoqe, nimaiki go‘zal bo‘lsa, unga qanday nom bermagin, hamisha go‘zalligicha qolaveradi. Uning ismini menga ma’lum qil. O‘ta zebo va yoqimtoy. Qalbi hamisha nur sochib turgandek. Takror aytaman, esingdan chiqmasin! Agar menga maktub yozish sen uchun rostdan ham yoqimli bo‘lsa, butun turmushing haqida ikir-chikirlaridan tortib barcha-barchasini batafsil yozib yubor.
Akang N.
VASIYaTNOMADAN
Vafot etganimdan keyin qanday asarlarim nashr etilmasin, ulardan keladigan daromadning yarmisini beva-bechoralarga berish sharti bilan onam va singillarimning shaxsiy mablag‘iga aylanishini vasiyat qilaman. Ular qanchalik muhtoj bo‘lmasinlar, bir umrga shuni eslab qolsinlarki, dunyoda ulardan ko‘ra ko‘proq muhtoj bo‘lgan kishilar bor. Kambag‘allardan faqat o‘z turish-turmushlarini tubdan o‘zgartirib, yaxshi odamlar bo‘lishga astoydil yo‘l tutgan kishilargagina ko‘mak berilsin, buning uchun har bir kambag‘alning yashash sharoiti va holati atroflicha o‘rganilib, to‘la ishonch hosil qilgandan keyingina ko‘mak berilsin. Bu pullar osonlik bilan topilmagan, shu bois shamolga sovurilmasligi kerak. Mening vafotimdan keyin ular (onam va singillarim – tarj.) o‘zlari haqida emas, ko‘proq beva-bechoralar to‘g‘risida qayg‘urishlari lozim bo‘lib qoladi. Qishloq va u yerdagi mulkimiz boylarning ko‘rkam turarjoylaridek dabdabali emas, g‘ariblar boshpana topadigan kamtarona makonga aylanishi va bu yerga kelgan har bir kimsani yaqin qarindoshdek ochiq chehra bilan kutib olib, hamiyat ko‘rsatish, lozim bo‘lsa yordam berish, juda bo‘lmaganda, iliq gap bilan ko‘nglini ko‘tarish kerak. Xullas, bu yerga kelgan kishilardan birontasi qishloqdan norozi bo‘lib ketmasin. Agar yo‘lovchi g‘aribona turmushga ko‘nikkan oddiy mehnatkash bo‘lib, pomeshchiklar uyida yashashdan o‘zini noqulay his qiladigan bo‘lsa, mehmonni qishloqdagi turmush sharoiti yaxshi bo‘lgan, o‘ziga to‘q, bama’ni oilalardan birinikiga joylashtirish ma’qul bo‘ladi…
(1845 y.)
M.I. GOGOLGA[3]
Rim
1846 yil, 14 noyabr (eskicha sana)
Bu xatimdan keyin ko‘p o‘tmay, balki u bilan birga vasiyatim bayon etilgan kitobchamni olasizlar. Vasiyatnomamning matbuotda chop etilgan, Siz va singillarimga taalluqli qismini ushbu xat bilan birga jo‘natmoqdaman. Xudoning marhamati bilan yana bir karra omon qolgan va yashab turgan, yorug‘ dunyoni ko‘rayotgan bo‘lsam-da, vasiyatnomamni o‘qib chiqinglar va tiriklik chog‘imdagi xohish-irodamni, qisman bo‘lsa-da, bajarishga harakat qilinglar…
Singillarimga vasiyatnomani va unga qo‘shimcha qilingan, go‘yo vafot etgan akalarining so‘nggi vasiyati sifatida bajarilishi o‘ta zarur bo‘lgan bir necha kalima so‘zdan iborat quyidagi varaqni diqqat bilan o‘qib chiqishlarini tavsiya etaman:
“Shu fursatdan boshlab barchaga nisbatan yanada iliqroq muomalada bo‘lsinlar, hamdard bo‘lib, ko‘proq mehribonchilik ko‘rsatsinlar. Lizada yosh yigitlar bilan gaplashgan paytida o‘zini ko‘z-ko‘z qilishga o‘xshash maqtanchoqlik alomatlari paydo bo‘libdi. Bunday odatni bas qilsin. Barcha yoshlarga, go‘yo ularni ko‘pdan taniydigan aka yo ukasi bilan muomala qilayotgandek, men bilan gaplashayotgandek, odob va nazokat ila samimiy munosabatda bo‘lishsin. Har qanday keksa, yoshi ulug‘ odamga nisbatan xuddi yaqin qarindoshidek, otasi bo‘lmasa-da, sevimli amaki yoki tog‘asidek muomala qilishsin. Xullas, Vasilevka qishlog‘ining mehmondo‘st sohibalari har qanday mehmonga qanday iltifot ko‘rsatishayotgani butun atrofga ovoza bo‘lsin. Har qanday mehmon moddiy holati, mavqei va unvonidan qat’i nazar, aka yo ukadek, qalbga yaqin kishidek kutib olinadigan joy borligini odamlar bilishsin”.
E.V. GOGOLGA
Moskva
1850 yil, mart-aprel
Jonginam Yelizaveta, ishlarim boshimdan oshib yotibdi, deb yozgan bo‘lsang-da, ularga qo‘shimcha qilib aqalli birgina jo‘yakni o‘z zimmangga olib, men uchun hech bo‘lmaganda sholg‘om eksang. “Meni hech kim yaxshi ko‘rmaydi”, deb shikoyat qilibsan. Lekin bizni yaxshi ko‘rishadimi-yo‘qmi, nima ishimiz bor. Bizning ishimiz – o‘zimiz ularni yaxshi ko‘ramizmi-yo‘qmi. Ular bizga javoban mehr-oqibat ko‘rsatishadimi-yo‘qmi – bu bizning ishimiz emas, buning uchun birgina Xudo hakam. Bizning ishimiz boshqalarni sevib, hurmat qilish. Faqat mehr-oqibat menimcha, hamisha ikki tomonlama bo‘ladi. Yaxshi ko‘rgan odamimizga hech narsa so‘ramagan, ta’ma qilmagan holda unga manzur bo‘ladigan ish qilaversak, oxir-oqibat u ham bizni sevib qoladi. Xullas, shu haqda o‘ylab ko‘rgin, mehribon, vaqti-vaqti bilan o‘ta aqlli bo‘lib turadigan singilginam. O‘zingga har daqiqada ehtiyot bo‘lib turishing lozim. Barchani sevishga, dardkash bo‘lishga harakat qilish kerak, aks holda toshyurak, g‘azabnok bo‘lib qolasan va keyinchalik biron kimsani yaxshi ko‘rib, unga iltifot ko‘rsatmoqchi bo‘lsang, bunga qodir bo‘lmay qolasan. Arzimagan narsadan jahlimiz chiqadigan va darg‘azab bo‘lib qolamiz…
A.V. GOGOLGA
Odessa
1850 yil, oktyabrning oxiri, noyabrning boshlari
Sening tabiatingda, o‘zing sezmagan holda, o‘zboshimchalik, o‘jarlik, hech kimga bo‘ysunmaslik alomatlari paydo bo‘libdi. Hech kimga bo‘ysunishni istamas ekansan, aqalli o‘zingga itoat qil. Takror aytaman, agar boshqalar haqida g‘amxo‘rlik qilish, hammaga birday iltifot ko‘rsatish singari ayollarning barcha harakatlariga nafosat bag‘ishlaydigan fazilatlarga ega bo‘lmaguningga qadar hech kimga maqbul bo‘lmaysan va orzu qilgan niyatlaringga yeta olmaysan. Bu safargi kelganimda atrofingdagilarning bari seni ilgargidek yaxshi ko‘rmasliklarini sezdim. Men o‘zim ham tashqi ko‘rinishing, yurish-turishing, barcha harakatlaring toshyurak, nomaqbul va ko‘proq chapanilarcha bema’ni bo‘lib ko‘ringanini ich-ichimdan og‘rinib sezdim… Bu o‘zgarishlarga o‘zing hozir e’tibor bermasang, keyin kech bo‘lishi mumkin. Ayni paytda xudbinlikka chek qo‘yib, o‘zingga xuddi savob ishlar qilish uchun tug‘ilgan kishi sifatida nazar solgin. Saxovatning katta-kichigi bo‘lmaydi: chanqagan kishiga bir stakan suv tutasanmi yoki birovning yerga tushgan ro‘molini olib berasanmi – buning ahamiyati yo‘q…Akang N.
E.V. GOGOLGA
Poltava
1851 yil, 22 may
Muruvvatli singlim Yelizaveta!
Xating meni o‘ylantirib qo‘ydi… Qadaming xavfli: u seni yo baxt sari yetaklaydi yo jarga yiqitadi. Oldinda hamma narsa noaniq, faqat shu narsa aniqki, baxtli bo‘lishimizning bir qismi o‘zimizga bog‘liq… Menga kelsak, istiqboling baxtli bo‘lishini chin yurakdan tilayman, ammo birgina mening tilagim kamlik qiladi, baxtli bo‘lishing o‘zingga bog‘liq…. O‘z hayotingga talabchanlik bilan bir nazar sol. Biron holat bo‘yicha o‘zingni oqlama, yaxshisi, noto‘g‘ri ishlaringning barchasiga o‘zingni aybdor deb bil. Bizning tabiatimizda boshqalarga noxushlik va zarar yetkazadigan sifat va xususiyatlarimiz borki, toki ular birontamizning taqdirimizga bog‘liq bo‘lmagunga qadar ahamiyatsizdek ko‘rinishi mumkin, ammo er-xotinlik munosabatlarida har ikkalasining butkul baxtsizliklariga sabab bo‘lishlari mumkin. Sen janjallashmagan yo arazlashmagan bironta kishi qolmaganini yoki ma’lum vaqt birga bo‘lib, orangizda ko‘ngilsizlik ro‘y bermagan bironta dugonangning yo‘qligini eslab ko‘r. Er bilan esa umr davomida birga yashaysan. Bularning barini, shuningdek, o‘jarligingni, yuzaki qaraganda, e’tiborga arzimaydigan juz’iy kamchiliklar, deb o‘ylama, ulardan tezroq, hozirdan soqit bo‘lishga harakat qil, negaki, ular ko‘ngil sovushiga, ruhan qiynalishga, oqibat natijada bir-biringdan abadiy voz kechishga sababchi bo‘ladi. Yagona tilagim, sening doimo shod-xurram yashashing… Faqat sabr-toqatli, samoviy mo‘min-qobil tabiatli yaxshi xotin bo‘lib qolishing qiyinligi haqida, ayniqsa, bunday xislatlar senga begona ekanligi to‘g‘risida o‘ylasam vujudimni anglab bo‘lmaydigan vahima bosadi. Chunki menga biron martayam quloq solgan emassan. Shularni eslasam, vahimaga tushmay qolmayman. Ha, Xudo o‘zi asrasin. Ibodat qil, boshqa hech narsa deya olmayman, qo‘limdan hech narsa kelmaydi.
E.V. GOGOLGA
Moskva
1851 yil, 14 iyul
Nazokatli singliginam Yelizaveta! Unashtirib qo‘yilganliging ma’lum qilingan xatingni oldim. Turmushingiz butkul baxtli kechishiga tilakdoshman… Iltimos, oilamizdagilarning barchasini to‘yingga ortiqcha tayyorgarlik ko‘rmaslikka ko‘ndir. Ular sen uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishga harakat qilishadi. Xilma-xil lattalaru bisotlar hozirlash uchun ko‘p narsalarni qurbon qilishga qodirlar. Lekin har bir sandiq sizlar uchun ortiqcha buyum bo‘ladi. Ering harbiy, demak, turarjoyi katta bo‘lmasa kerak. Shu sababdan uylaringizni ortiqcha buyumu bisotlar bilan to‘ldirmaganlaringiz ma’qul. Sen buni ularning miyasiga yaxshilab singdir. Men harbiylarga turmushga chiqqan grafinyalarni ham ko‘rganman. Ularning qo‘llarida unchalik katta bo‘lmagan tuguncha bilan bezak bisotlari solib qo‘yiladigan qutichadan boshqa hech narsa bo‘lmagan. Bu masalada hasham va tantanabozlikni xush ko‘radigan opang Annaga quloq solmaganing ma’qul… Unga qolsa, men senga allaqanday g‘aroyib fayton tortiq qilsam. Lekin buning imkoniyati yo‘q. Avvalo bunaqa fayton bir oyda yasalmaydi, moskvalik ustalarga bir yil vaqt kerak bo‘ladi. Singilginam, nahot meni senga ko‘mak berishni istamaydi, deb o‘ylasang. Mening ayni paytdagi ahvolimni ham tushungin: mabodo vafot etib qolguday bo‘lsam, dafn qilish uchun moddiy imkoniyat bo‘lmay qolishi ham mumkin. Moskvaga kelib, tirkchilikka doir ishlarimni o‘nglayman, deb o‘ylagan edim. Ammo har bir qadamda to‘sqinliklarga duch keldim. Xullas, moliyaviy ahvolim chatoq. Bizning kambag‘al bo‘lib qolaverishimiz Xudoga maqbul shekilli. Lekin, men senga aytsam, g‘irt kambag‘allik o‘rtahol bo‘lishga nisbatan yaxshiroq ekan. O‘rtahol holatda moddiy jihatdan chamang kelmaydigan narsalarni, masalan, dabdabali faytonni orzu qilib qolasan-u, imkoniyating yo‘qligidan alam bilan iztirob chekasan. Kambag‘al bo‘lsang: “Bunga chamam kelmaydi”, deysan-u tinchlanasan. Nazokatli singilginam, kambag‘allikni hurmat qil. Bu so‘zda ulug‘ sir bor. Kambag‘allikni hurmat qiladigan kishi kambag‘al emas, badavlat odam. Chin so‘zim, bunga yashaganim sari ko‘proq ishonyapman. Xudoning ba’zi odamlarning boyishini istamasligi bejiz emas: boy-badavlat odamning har qanday falokatdan omon qolishi qiyin. Senga bu haqda va’z aytganim holda sizga kichik fayton xarid qilish uchun pul topishga harakat qilaman. Bunaqa faytonni ba’zan arzonga xarid qilish mumkin. Mablag‘ va imkoniyatim bo‘lib qolsa, balki o‘sha faytonda borarman. Lekin seni shaxsan quchib tabriklashni, baxt va go‘zal saodat tilashni qanchalik istamay, aniq va’da berolmayman.
Akaginang Nikolay
To‘ylaring sentyabrning qaysi kuniga tayinlanganini menga ma’lum qil. (Varaqning orqasida) Nazokatli singlim Yelizavetaga.
Rus tilidan Odil Xayrullayev tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2015 yil, 9-son
[1] Anna Vasilevna – N.Gogolning katta singlisi.
[2] Yelizaveta Vasilevna – N.Gogolning o‘rtancha singlisi.
[3] M.I.Gogol – Mariya Ivanovna Gogol, onasi.