Kamdan-kam hukmdor al-Ma’munchalik davlatining eng gullab-yashnagan chog‘larida taxtga chiqqan. Qadimgi dunyoning muborak zaminida qudratli xalifalik ulug‘vorlik bilan qad ko‘targan edi. Sharqda gullab-yashnagan Osiyo butunisicha unga qaram edi. Qudratli imperiyaning etaklari Hindistongacha yetib borardi. G‘arbda esa Afrika sohillari bo‘ylab Jabali-Toriqqacha cho‘zilgandi. O‘rtayer dengizida ham uning baquvvat floti hukmronlik qilardi. Bu yangi dunyoning poytaxti Bag‘dod bo‘lib, uning farmoyishlari va buyruqlari imperiyaning eng olis, eng ovloq hududlarida ham so‘zsiz bajarilardi. Basra, Nisabur va Kufalar islomni yangi qabul qilgan Osiyo mamlakatlari vakillarini o‘z maktablarida o‘qitib, chiniqtirib berardi. Damashq esa hashamatga berilgan jamiki badnafslarga qimmatbaho matolar yetkazib berishga qurbi yetar va butun Ovro‘pani po‘lat shamshirlar bilan ta’minlashi mumkin edi. Shuning uchun arablar Muhammad alayhissalom aytgan jannatni yer yuzida barpo etishni o‘ylay boshlagan edi. Ular suv quvurlari barpo etdilar, ajoyib qasrlar qurdilar, keti-oxiri ko‘rinmaydigan bepoyon xurmozorlar o‘stirdilar.
Bularning barchasidan Sharqning muattar bo‘yi kelib turardi. Xurmozorlarda esa odamlarning havasini keltirib, tengi yo‘q favvoralar qulf urardi. Bunday gullab-yashnagan hashamatning badaniga siyosiy jamiyatning bironta ma’naviy illati hali yopishib ulgurgani yo‘q edi. Bu ulug‘ imperiyaning hamma uzvlari, musulmon dunyosining barcha jihatlari o‘zaro mustahkam bog‘langan edi va bu bog‘liqlikni o‘z talablarining jamiki turfa xil qobiliyatlarini bilib, tagiga yetgan tengi yo‘q Horun ar-Rashidning sa’y-harakatlari yanada mustahkamlangan edi. U nafaqat faylasuf hukmdor, nafaqat iqtidorli siyosatchi, nafaqat sarkarda va nafaqat didi baland ijodkor xalifa edi. U o‘z shaxsiyatida bu sifatlarning barini jamlagan, o‘z faoliyatini, xatti-harakatlarini shu sifatlar o‘rtasida baravar taqsimlay bilar va biron sohaning boshqasi ustidan ustun kelishiga aslo yo‘l qo‘ymasdi. O‘zga yurtlar ma’rifatidan o‘z millatini shunday darajadagina bahramand etardiki, bu xalqning ma’rifatini rivoj toptirishga kifoya qilardi. Arablar allaqachon gullab-yashnagan davrlarni boshdan kechirib bo‘lgan edilar, ularning istilochilik ishtiyoqlari ham ancha susayib qolgandi. Ammo, shunga qaramay, ular hamon g‘ayrat va shijoatga to‘la edilar.
Qur’oni Karimning qalblarga harorat baxsh etuvchi sahifalari hamon zavq-shavq bilan varaqlanar va uning muqaddas so‘zlariga og‘ishmay amal qilinardi. Horun ar-Rashid o‘zining har yerda hozirligi bilan amaldorlarining yuragiga hadik solib qo‘ygan edi va shuning uchun uning farmoyishlari so‘zsiz bajarilar, davlatning ma’muriy hayotining oqimi tezlashar edi. Odatda har qaysisi o‘zi mustabid va hokimi mutlaq bo‘lishga intiladigan mahalliy hokimlar va amirlar ziyraklik bilan hamma narsani ko‘rsatadigan, kiyimini o‘zgartirib olib, mamlakat kezadigan xalifadan qo‘rqishardi va shu sababdan Horun ar-Rashidning hukmdorligi qonunlarsiz ham qat’iy va muayyan tarzda amalga oshardi. Al-Ma’mun taxtga chiqqanda davlatning ahvoli ana shunday edi.
Sargrad (Vizantiya deyilmoqchi — tarjimon) al-Ma’munni ilmlarning saxiy homiysi deb ataydi. Tarix al-Ma’mun nomini insoniyatning saxovatli, olijanob siymolari qatoriga qo‘yadi. U siyosiy davlatni san’atlar davlatiga aylantirishni niyat qilgan hukmdorlar edi, bardoshli va sabr-toqatli, har narsani chidam bilan uzoq o‘rganish qobiliyatiga ega edi. Uning fe’l-atvori olijanoblikka to‘la bo‘lib, haqiqatning tagiga yetish uning bosh shiori edi. U ilmni dil-dilidan sevar va uning sevgisi mutlaqo beg‘araz edi: u fanni fanning o‘zi uchun, qanday maqsadlarga xizmat qilishini o‘ylamay, qanday amalga oshirilishini xayoliga keltirmay sevar edi. U ilm-fanga tubsiz sadoqat bilan berilgandi. U paytlarda arablar Aristotelni endigina kashf qilgan edilar. Yunonistonning keng qamrovli va fikri tiniq faylasufi ularning xayolotlariga ko‘p ham sig‘avermasdi, chunki arablar xayoloti haddan ziyod uchqur, haddan ziyod sharqona va ulkan edi, ammo arab olimlari uzoq vaqt mobaynida sermashaqqat ish bilan band bo‘lganlari sabab, aniqlikka va shaklga rioya qilishga birmuncha ko‘nikib qolishgan edi. Shuning uchun ham Aristotelni o‘rganishga olimona g‘ayrat bilan kirishdilar. Aristoteldagi tubsiz xulosalar, avvallari arab olimlari qalblarida otashin parchalargina deb his qilib yurgan narsalarga jon ato qilish va tugallik baxsh etish o‘sha paytdagi olimlarga sehru jodu singari ta’sir qilmasligi mumkin emas edi. Ularning ta’sirida tarbiya topgan, qalbi chinakam ma’rifat ishtiyoqida yongan al-Ma’mun bor imkoniyatlarini ishga solib, shu paytga qadar arablarga yot bo‘lgan yunon dunyosini o‘z davlatiga olib kirishga urindi.
Bag‘dod o‘sha paytdagi yetuk olimlarning hammasiga do‘stona quchoqlarini ochdi. Qanday unvon egasi ekanidan qat’i nazar, qaysi dinga mansubligiga qaramay, har qancha ziddiyatli qarashlarga ega bo‘lmasin, har bir odam uchun xalifaning mehr-muruvvati keng ochiq edi. Tabiiyki, o‘sha kezlarda Bag‘dodga shunday bilimdon odamlar yig‘ildiki, ular hali o‘z qalblarida nasroniy liboslarga burkangan politeizm obrazini saqlab qolishgan. Ammoniy Sakkas, Platon va yangi platonizmning boshqa tarafdorlari uchun jon fido qilishga tayyor edilar. Bu odamlar o‘zlarining ilmiy nihollarini o‘tkazmoq uchun Sargradda ortiq maydon topolmay qolgan edilar, chunki bu shahar nasroniylik aqidalari to‘g‘risidagi bahslar bilan haddan ziyod band bo‘lib qolgandi. Bag‘dod bilimlar va mulohazalarning turfa xil sohalaridan tarkib topgan jumhuriyatga aylangan edi.
Tojdor arab ilmiy tahlillar va tafsirlarning allalovchi musiqasini jon-dili bilan eshitdi. Viloyatlarning hokimlari xalifadan ibrat olmasliklari mumkin emasdi, shunday qilib, davlatning oliy tabaqalarini allanechuk adabiy ishqibozlik chulg‘ab oldi. Vazirlar va amirlar o‘z saroylarini kelgindi olimlarga to‘ldirishga harakat qilishdi. O‘z-o‘zidan ayonki, ma’muriy ishlar allanechuk ikkinchi darajali ishlar ahvoliga tushib qoldi, hokimlar boshqarishga aloqador ancha-muncha ishlarni kotiblari va suyukli odamlariga ishonib topshirib qo‘yadigan bo‘ldi. Bu suyukli odamlar ko‘pincha nodon va johil odamlar bo‘lardi, ular o‘zlari egallab turgan o‘rinlarga ko‘pincha ayyorlik va nayranglar bilan erishgan bo‘lardilar. Bularning bari xalqning ahvoliga ta’sir ko‘rsatmay qolmas edi va vaqt o‘tishi bilan hukmdorning ham boshiga og‘ir kulfatlar keltirmog‘i muqarrar edi.
Nazariya bilan shug‘ullanadigan bir to‘da faylasufu shoirlar muhim mansablarni egallab olganlari bilan davlatni boshqarish sohasiga tuzukroq foyda yetkazmas edi. Ularning sohasi butunlay boshqa — ular bajonu dil homiylikdan istifoda qiladilaru o‘z yo‘llaridan ketaverardilar. Bu toifadan o‘z siymosida ham faylasuf, ham shoir, ham muarrixni birlashtira olgan ulug‘ adiblar mustasnodir. Ular tabiat qonunlarini ham, inson mohiyatini ham chuqur o‘zlashtirgan, o‘tmishni anglab yetgan va kelajakka nazar tashlay oladigan iqtidorga ega. Bunday odamlarning so‘zlari butun xalqning qulog‘iga yetib boradi — xalq ularning yo‘liga yuradi. Ular — buyuk siymolardir. Dono hukmdorlar ularni o‘z suhbatlaridan bahramand qiladilar, ularning qimmatli hayotlarini asraydilar va o‘zlarining ko‘p qirrali faoliyatlari bilan ularni ezib qo‘yishdan saqlanadilar. Ularning inson qalbining eng teran so‘qmoqlaridan boxabar odamlar sifatida eng muhim davlat maslahatlariga va kengashlarigagina taklif qilishadi.
Olijanob al-Ma’mun o‘z tabaalarini baxtiyor qilishni chin yuragidan istar edi. U shuni yaxshi bilardiki, bu maqsadga olib boradigan ishonchli yo‘l — insonning rivojiga xizmat qiladigan ilmdir. U jamiki kuch-quvvatini ishga solib, hamma imkoniyatlardan foydalanib, o‘z fuqarolarini o‘zi joriy qilayotgan ma’rifatni qabul qilishga majbur etdi. Ammo al-Ma’mun joriy qilayotgan ma’rifat arablarning tabiiy unsurlariga va haddan ziyod ulkan xayolotlariga juda kam darajada mos kelardi. Nasroniylik g‘oyalari o‘sha kezlardagi ilmlarni yoritgan-u, lekin ularga singishib ketmagan, bu g‘oyalar politeizm ibtidosiga xos bo‘lgan qudratdan mahrum etilgan, bir hovuch havoyi gaplarga aylantirib qo‘yilgan va shakkoklik bilan abjaq qilingan edi. Ana shu nasroniylik g‘oyalari o‘sha paytdagi ilmlarga singishib ketmagan bo‘lsa-da, o‘zining salobati bilan ularni ancha bosib qo‘ygan edi. Nasroniylik g‘oyalari arablarning otashin tabiatiga mutlaqo zid edi. Arablarning xayolot olamida sovuq tafakkurning nimjon xulosalari butunlay g‘arq bo‘lib ketardi. Bu ajoyib xalq o‘z taraqqiysi sari ketib borardi emas, bamisoli uchib borardi. To‘satdan uning dahosi urushda, savdoda, turli san’atlarda, har xil matolar to‘qib chiqarishda, Sharqning beqiyos she’riyatida namoyon bo‘la boshladi. Uning shu paytga qadar insoniyat tarixida qiyosi uchramagan salohiyati juda yorqin, turfa xil ranglarda, g‘aroyib va mutlaqo o‘ziga xos tarzda ochilib ketdi. Bir qarashda bu xalq shu paytgacha hech qaysi millatda ko‘rilmagan barkamollikka erishadigandek tuyulgan edi. Biroq al-Ma’mun uni tushunmadi. U bir ulug‘ haqiqatni e’tiboridan qochirib qo‘ydi — ma’rifat xalqning o‘zidan olinadi, tashqaridan keladigan ma’rifat faqat shu darajadagina o‘zlashtirilmog‘i kerakki, bu uning rivojiga ko‘maklasha oladigan darajada bo‘lsin, biroq xalq faqat o‘zining milliy muhiti, zaminidagina rivoj topmog‘i kerak. Lekin arablar uchun mardlik maydoni begona yurtlardan olib kelingan ana shu samarasiz ma’rifat bilan to‘sib qo‘yilgan edi. Hamma firqalarning olimlari uchun davlat eshiklari lang ochib qo‘ygan al-Ma’munning kosmopolitizmi esa aql bovar qiladigan chegaradan ancha chiqib ketgandi.
U davlatda xristianlarga berib qo‘yilgan imtiyozlar ham uning fuqarolarida nasroniylariga nisbatan nafrat tug‘dirmay qolmasdi. Oqibatda xalq hatto ularning eng foydali muassasalarini ham yomon ko‘rib qoldi. Natijada xalqning o‘z xalifasiga muhabbati susaya boshladi. Al-Ma’mun davlatni boshqarishda amaliyotchi faylasuf sifatida emas, ko‘proq nazariyachi faylasuf sifatida ish tutardi. Holbuki, hukmdor, birinchi navbatda amaliyotchi bo‘lmog‘i talab qilinadi. U o‘z xalqining turmushini boshqalarning gap-so‘zlaridan, hikoyalaridan eshitib bilardi, lekin bu turmushning past-balandliklarini o‘z ko‘zi bilan ko‘rmagan, buyuk Horun ar-Rashid kabi uning achchiq-chuchuklarini o‘zi tatib ko‘rmagan edi. Muayyan qonun-qoidalarga ega bo‘lmagan sharqona boshqaruv tarzidagi jamiki ma’muriy ishlar hukmdorning o‘z zimmasiga tushardi. Shuning uchun ham uning faoliyati benihoya ajoyib bo‘lmog‘i kerak, uning diqqat-e’tibori hamisha uyg‘oq bo‘lmog‘i lozim, u hech kimga mutlaqo ishona olmaydi, uning nigohi xuddi Argusning ko‘zlari kabi to‘rt tomonni baravar ko‘rib turmog‘i shart — hukmdorni bir daqiqa mudroq bossa, uning joylardagi vakillariga to‘satdan jon kiradi-yu, davlatda millionlab katta-kichik mustabid zolimlar g‘imirlab qoladi. Biroq al-Ma’mun o‘z Bag‘dodida o‘zi barpo etgan nafis san’atlar o‘lkasida yashayotgandek umr kechiradi. Bu o‘lka esa siyosiy dunyodan mutlaqo uzoq edi. Nihoyat ma’muriy mansablarni egallay boshlagan xristianlar bu yurtning urf-odatlarini va xalq ruhini bila olmas edilar. Yana shunisi ham borki, ularning boshqa dinga mansubligining o‘ziyoq hali qalbida g‘ayrat va shijoati saqlanib qolgan, boshqa dinlarga toqat qilolmaslik ruhi yo‘qolib ketmagan arablarning g‘ashini keltirardi. Shuning uchun ham al-Ma’munning nomini o‘sha asr olimlari takror-takror tilga olgani sari, xalifaning mehmonnavozligi Suriya sohillariga turfa xil mamlakatlarning bayroqlarini jalb qila borgani sari uning davlat ichkarisidagi hokimiyati zaiflashib borardi. Xalifasini hech qachon o‘z ko‘zi bilan ko‘rmagan chekka viloyatlarning aholisi uning nomini uncha qadrlamas edi. Markaz sifatida Bag‘doddan tarqaladigan ma’rifat, odatda, mamlakatning chekka viloyatiga yaqinlashgani sari kichrayib borardi, chekka o‘lkalarda hali arablarning ibtidoiy turmush tarzi saqlanib qolgandi, chegaralarda turgan qo‘shinlar hali fanatizmga to‘la edilar, ular Muhammad alayhissalom ta’limotini qilich va nayza kuchi bilan yoyish niyatidan butunlay voz kechmagan edilar. Qo‘shinlarning baquvvat amirlari Bag‘dod bilan aloqaning zaiflashganini his qilib, mustaqil bo‘lishni o‘ylab qolishgan edi.
Al-Ma’mun hali o‘zi hayotligidayoq Eron, Hindiston va Afrikaning olis viloyatlari imperiyadan ajralib chiqishi muqarrar ekanini payqagan edi. Biroq agar al-Ma’mun o‘zining haqparastligini haddan tashqari keng tarqatishga intilmaganida, ehtimolki, ma’muriyat faoliyatidagi bu noto‘g‘ri yo‘nalishning oldini olish ham mumkin bo‘lardi. U din bobida o‘z millatining islohotchisi bo‘lmoqni ixtiyor etib qoldi. U sof nazariy tarzda fikrlashga o‘rgangan edi. U xristian dinining ba’zi bir aqidalari bilan o‘zidan avval o‘tgan salaflariga nisbatan ancha yaqinroqdan tanishgan edi, shuning uchun ba’zi bir bid’atlar, xurofotlar va irim-sirimlardan yuqori turardi. U jazavaga tushgan holda Qur’oni Karimni tahrir qilishga kirishdi, shu maqsadda mamlakatining to‘rt tomoniga turli farmoyishlar va ko‘rsatmalar jo‘natdi, biroq bu farmoyishlar olib keladigan son-sanoqsiz ziddiyatlarni, g‘alvali mojarolarning hammasini ko‘ra olmadi. U musulmonlarning Muqaddas kitobini o‘zicha tahrir qilib, unga yanada kuchliroq joziba baxsh etmoqchi bo‘ldi. Biroq bu xomxayol edi. U paytlarda hali davlatning jamiki quyi tabaqalari, avom xalqning hammasi Qur’oni Karimning Olloh tomonidan nozil qilinganiga astoydil ishonardi va uning loaqal biror jumlasini o‘zgartirish ham juda katta jinoyat hisoblanardi. Al-Ma’munning yarim yunoncha fikrlash tarzi tabaalarning ko‘r-ko‘rona muteliklarini mutlaqo hazm qilolmasdi. U o‘z xalqini ma’rifatli qilish yo‘lidagi birinchi qadam deb arablar qalbidagi tashabbuskorlikni mahv etish hisobladi. Holbuki, arab xalqi jonbozliksiz turmush kechira olmas edi, uning jamiki rivoji shu zavq-shavq tufayli sodir bo‘lgandi. Shu g‘ayrat tufayli arablar shunday bir davrga erishgan edilarki, unga shikast yetkazish butun davlatning siyosiy tarkibiga shikast yetkazish bilan baravar edi. Al-Ma’mun uchun hamma narsadan ham ma’nisizroq narsa islomdagi jannat haqidagi ta’limot bo‘ldi. Bu ta’limotga ko‘ra, arablar o‘zlarining bu dunyodagi butun hissiy hayotini, huzur-halovat, lazzat va shahvat uchun mo‘ljallangan bor hayotini ana shu jannatga ko‘chirmog‘i kerak bo‘lardi. Ammo al-Ma’mun bir narsani e’tiborga olmagan edi: bu ta’limotning tug‘ilishi otashnafas arab iqlimi bilan, arab xalqining otashin tabiati bilan bog‘liq edi. Musulmon arabning sahrodagi hayotida jannat hamisha bir jozibador vodiy bo‘lgan. Shu jannatga tushish orzusigina arabni qashshoqlikka, zulmga chidashga majbur qilgan, hashamat va farog‘at ummoniga cho‘mgan badavlat odamga nisbatan uning ko‘nglida qo‘zg‘aladigan hasad tuyg‘usini tizginlashga undagan. Tabiat arabga o‘ziga xos ma’naviyat va benihoya rangdor xayolot salohiyatini ato qilgan. Shunday ma’naviyat va xayolotga ega bo‘lgan odamgina jannatda huru g‘ilmonlar qurshovida, bu dunyoning rohat-farog‘atidan ming chandon o‘tadigan hashamat ichida yashash to‘g‘risidagi fikrni qabul qilishi mumkin edi. Ehtimolki, uning bunday ishonchi kelgusida arabning kamolotga yetishuvi barobarinda o‘zgarmog‘i mumkin edi. Biroq al-Ma’mun tabaalarining Osiyoga xos tabiatining tub mohiyatini anglay olmadi. Xalifa amalga oshirmoqchi bo‘lgan o‘zgarishlar haqidagi xabarlar tarqalganda keng xalq ommasining qahr-g‘azabi qay darajada jo‘sh urganini tasavvur qilish unchalik qiyin emas. Nasroniylarga homiylik qilganining o‘zi uchun va ajnabiylarga moyilligi tufayligina xalifani oshkora tarzda kofirlikda ayblagan xalq bu xabarni qay tarzda qabul qilmog‘i mumkin edi? Andishani yig‘ishtirib qo‘ygan olomon Qur’oni Karimni avvalgiday og‘ishmay aniq talqin qilishni talab etib, o‘zining murosasiz o‘jarligi bilan nihoyat xalifani qo‘liga qurol olishga majbur qildi. Shu tariqa chin dildan insoniyatga ko‘ngil qo‘ygan, oqko‘ngil xalifa o‘z fuqarosiga zulm qiluvchi mustabidga aylandi. O‘zining zulmi bilan u yana arablarning vahshiyona xayolotlarini qaytadan tiriltirdi. Ammo bu xayolot ortiq Arabistonning avvalgi badaviy aholisini yaxlit bir omma bo‘lib jipslashishga undagan xayolot emasdi. Bu xalifaga qarshi muxolifona mutaassiblikni vujudga keltirdi. Bu mutaassiblik ommani parchalab yubordi, davlat tizimida sassiq alaflar urug‘ini nish urdirdi, arabning vahshiyona ehtiroslarini qo‘zg‘atib yubordi, jazavaga tushgan islom muhiblarini qo‘lga pichoq olishga undadi, ularning zaharli nafratlarini jo‘sh urdirdi. Bu mutaassiblik ko‘pdan-ko‘p g‘azabkor mazhablarni vujudga keltirdi. Bu mazhablar ichida eng ashaddiysi karmatlar mazhabi edi. Salb yurishlari vaqtida Suriya qotillari deb nom chiqargan karmatlar ancha vaqtgacha hammayoqni dahshatga solib turdilar. Mamlakatning turli burchaklarida ro‘y bergan g‘alayonlar, turli-tuman mojarolar ichida, turfa xil firqalar qurshovida bir qo‘li bilan maktablarga, ilmu fanga, san’atlarga turli-tuman ne’matlar ulashib, ikkinchi qo‘li bilan bosh ko‘targan tabaalarini mag‘lub etgan olijanob al-Ma’mun bu olamdan ko‘z yumdi. U na o‘z xalqini anglab yetdi, na xalqi uni angladi. Harholda, nima bo‘lganda ham, undan ibratli saboq qoldi. U shunday bir hukmdor bo‘ldiki, jamiki elu yurtiga valine’mat bo‘lishga intilgandi, u juda oqko‘ngil edi, mehrga to‘la qalb egasi edi, u o‘ta fidokorlik bilan, aql bovar qilmaydigan ehtiros bilan ilm-fanga xizmat qildi, biroq bularning bariga qaramay, g‘ayriixtiyoriy bir tarzda davlatning yiqilishiga sabab bo‘lgan asosiy omillardan biri ham bo‘ldi.
1834
Ozod Sharafiddinov tarjimasi.
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2003 yil, 2-son