Quyoshli kun nechukdir birdaniga so‘ndi. Gulnazar og‘a atrofga zehn soldi va ufq chekkasida qoramtir bulutlar galasini to‘dalashayotganini ko‘rdi.
U biyasini cho‘kkalatdi va issiq kiyimlarini olishga tutindi. Shu damda saksovullar shoxchalari silkinib, barxanlar o‘rkachlaridan qum siljiy boshladi. Go‘yo bir maxluq qochib qutilolmasligi aniq bo‘lgan o‘z o‘ljasiga yaqinlashayotgandek edi.
Qishning og‘irkarvon bu bo‘roni, jazirama iyulning qum girdoblarini osmonga ko‘taradigan, quyoshni ham to‘sib qo‘yadigan bo‘ronlariga o‘xshamasdi. Bu bo‘ron og‘ir qora bulutlarni shoshilmay sudrar, yo‘l-yo‘lakay yorug‘ olamni qorong‘u qilib, Qoraqumning butun kuzgi tarovatini qor pardasi ostiga yashirar edi.
– Ajab bo‘lsin! Qarilarning gapiga quloq solmadingiz, ana endi pushaymon bo‘lasiz! – ko‘nglidan o‘tkazdi keksa cho‘pon.
Shuvoq butasi tagida orqa oyoqlariga tayanib turgan semiz yumronqoziq uyasiga lip etib kirib ketdi. Uni bu kimsasiz barxanlar orasida keksa cho‘pon nimadan bunchalik norozi bo‘layotgani va uning xitobi kimga atalgani unchalik qiziqtirmasdi.
Bu beg‘am jonivor, agar kolxoz xo‘jaligi raisining qattiq talabi bilan chorvani qishki yaylovlarga haydab o‘tkazish uzoq vaqt to‘xtatib turilgani va ularning mana endi, o‘tgan kuni olis, mashaqqatli yo‘lga tushishganini bilganida edi, keksa cho‘ponning o‘kinchini tushungan bo‘larmidi.
Gulnazar og‘a kigiz astarli og‘ir chakmonini egniga tashlab yerga o‘tirdi, yelkasi bilan tuyasiga suyandi. Shu payt tuya seskanib ketdi: sovuq quyunning yengil kaftlari uni va cho‘ponning almisoqdan qolgan chakmonini kuch bilan urib o‘tdi.
Gulnazar og‘a og‘irlashib qolgan chakmonini nariga otib, oyoqqa turdi. Qor uchqunlay boshladi.
Qoraqumning mayin kuz quyoshi xiralashib qoldi, endi bu ancha davom etadi. Oqish tusga kirgan osmon gumbazi yerga qapishayotganday edi. Shamol oq qanotlarini asabiy silkib, shiddat bilan kelib urilar, saksovulzorlar ichida chalkashib tipirchilar, yarador bo‘ri misoli o‘zini u yoqdan-bu yoqqa tashlar, uvillar edi. Biroq keksa cho‘ponga butun olam xuddi oppoq sukunat hukmida tilsimlangandek tuyular edi.
“Hozir suruvlar, hoynahoy, qoramtir barxanlardan oshib o‘tib, Sho‘r quduqdan uzoq bo‘lmagan yerlarga yetib kelishgandir. Demak, men ularning yo‘lini kesib chiqadigan bo‘lsam, taxminan Yalang‘och chuquri oldida uchrashamiz…” – diqqatini bir nuqtaga jamlab o‘y surdi qariya.
Ortga qaytayotganida nafaqaga chiqayotganlar sharafiga tashkil etilgan qishloq tantanalariga ulgurishi kerakligi yodiga tushdi.
O‘tgan qish osmon bulutlarini qizg‘angan edi. Sahro biror marta ham oppoq libosini kiyib yasanmagandi. Hozir esa bulutlarning og‘irligidan yergacha osilib qolgan osmonning juda saxiyligi tutyapti…
Qish ayozi allalayotgan sahro uyquga ketdi, yo‘rg‘alayotgan biya ustidagi katta yog‘och egar bir maromda chayqalardi, ammo keksa cho‘ponning mudroq bosgan qovoqlari sergak. Gulnazar og‘a xayolga toldi. O‘tgan haftadan buyon unga bir o‘y orom bermas, shu o‘yining oxiriga yetish dardida edi – u miyasida yechilmagan, mavhum o‘y-xayollarning g‘ujg‘on o‘ynashini yomon ko‘rardi.
Bir hafta ilgari cho‘ponlar yoniga soqol-mo‘ylovi qirtishlab olingan bir ma’ruzachi keldi. U hamma eshitgan, butun olamga ma’lum gaplarni gapirdi. Biroq cho‘ponlar mehmondo‘st, bag‘rikeng bo‘ladi, tashrif buyurgan odam qanchalik ezma ma’ruzachi bo‘lmasin, bu davrada hamsuhbatlar bir piyola choy bilan siylanar edi…
– Mana, atrofimizdagi odamlardan misol olaylik, – dedi so‘z orasida yosh ma’ruzachi. – Barchaga ayon, Gulnazar og‘a umr bo‘yi kimsasiz, jimjit sahroda cho‘ponlik qildi. U kishining o‘g‘li esa – muhandis. Endi hammamiz uchun qiziqarli, to‘laqonli hayot sari yo‘llar ochayapti.
– To‘xta-chi, qadrdonim, – uning so‘zini bo‘ldi Gulnazar og‘a. – Tushunmadim, cho‘pon hayoti nimasi bilan qiziqarli emas ekan?
Ma’ruzachi qip-qizarib ketdi.
“Arzimagan ikki og‘iz gap uchun qizishib ketdim-da, mehmonni xafa qilib qo‘ydim. Balki shunchaki og‘zidan chiqib ketgandir”, – keyinroq qariya yigitchani izza qilganiga pushaymon bo‘lgandi.
“Yo‘q, og‘zidan chiqib ketmagan! – egarda chayqalib ketar ekan, endi qat’iy to‘xtamga keldi qariya. – Bu ma’ruzachi yigirma yil muqaddam kindik qoni to‘kilgan mana shu barxanlarga bepisand nazar bilan qaraydi. Tag‘in choy ustida shahar restoranlarini shunday ta’rifladi, asti qo‘yavering! O‘zining so‘lagi tomog‘iga tiqilib qolay dedi-ya…”
Gulnazar og‘a o‘z davrida bu tirmizakdan ko‘proq restoranlarni ko‘rib qo‘ygan. Kurortlarda bo‘lgan. Butunittifoq ko‘rgazmasida medallar olgan. Shuncha davru-davronlardan keyin ham cho‘pon tayog‘i unga og‘irlik qilmadi. Inson bema’ni huzur-xalovatlar uchun sevmaydigan ishi bilan mashg‘ul bo‘lib, har kuni o‘zini qiynasa, bu hayot emas, uning zarracha qiymati yo‘q.
Oy olis barxanlar uzra sayrga chiqishidan avval hali xira yuziga oro bermoqda edi. Tun zulmati yerga qop-qora kigizni to‘shashga ulgurmagandi. Behad ulkan yulduzlar shu darajada yarqirab nur sochishar ediki, xuddi o‘zlari uchun ham, kechikayotgan oy uchun ham porlab turishgandi. Boz ustiga, shu’lalarning tip-tiniq, oppoq qorda akslanayotgani ularga yordam berayotgan edi.
Keksa cho‘pon Qoraqum tunlarini yaxshi ko‘rardi. Kunduzlari izg‘irin bo‘ronlar qancha g‘alayon qilmasin, jazirama issiqning nafaskesar tafti jonni qancha chaqmasin, tunda ularni sokin osudalik va go‘zal bir tozalik mag‘lub qilardi.
“Qoraqumning fusunkor sehru tarovatini his qilmaslik uchun chirigan saksovul bo‘lish kerak, – o‘yladi qariya. – Qoraqum! Jonajon makonim mening, Qoraqum! Sirli, gizli go‘zalligingni qanday ta’riflasam? Husnu tarovatingni ko‘klam chog‘i yungi olingan qo‘ylarni sog‘adigan xushro‘y qizlarning parvarishlangan qo‘llariga qiyoslaymi? Yoki qip-qizil lolalar bilan qoplangan bahorgi yaylovlaringga maqtov yog‘diraymi? Balki sening behisob boyliklaringni bir-bir sanash kerakdir? Kaspiyning yerosti neftlari haqida eslatish joizdir? Yo‘q, sendagi husni tarovat va noz-ne’matlar oldida mening so‘z boyligim g‘ariblik qiladi.
Ustida quyoshining nurlari jilolanadigan Turkman qorako‘l terilarining, bebaho gulgun gilamlarimizning, bo‘y-basti, chopqirligi bilan dong taratgan axaltekin tulporlarimizning dovrug‘ini eshitmagan biror mamlakat kurrai zaminda bormikan.
Kumushsimon-ko‘kimtir barxanlar tizmasi qo‘ylarning kulrang podalari yanglig‘ bir xil shakl-shamoyilda edi. Ammo keksa cho‘pon xuddi o‘z suruvidagi har bir qo‘yni belgilariga qarab ajrata olgani kabi tevarakdagi har bir tepalik, qiyalik va balandliklar qanday nomlanishini yoddan bilar edi. Janubiy Qoraqumda Gulnazar cho‘pon yoqqan gulxanning tutuni ko‘tarilmagan biror manzil-makon bormikan?!
Nihoyat, qo‘sh o‘rkachli tepalikdan oy mo‘raladi. Ana, bu o‘sha barxan, shuning yam-yashil etagida ellik yil avval cho‘pon yordamchisidan cho‘ponga aylangan edi. Qarib qolgan otasi unga o‘zining cho‘pon tayog‘ini topshirar ekan, sabr-toqatli bo‘lish, xo‘jayinlar bilan janjallashmaslik to‘g‘risida o‘git bergandi. “Chunki sizlarning kuchingiz teng emas”, ogohlantirgandi otasi, kuch deganda xo‘jayin egalik qiladigan qo‘ylarning miqdorini nazarda tutgan edi. O‘shanda Gulnazar tez orada kuchlar muvozanati oddiy yo‘l bilan o‘zgarib ketishini xayoliga ham keltirmagandi: qo‘y suruvlari kim mehnat qilayotgan bo‘lsa, shunga beriladigan bo‘ldi.
“Bizning suruvimiz abadiy, – o‘shanda Gulnazarning otasi shunday degandi, – xuddi Qoraqum kabi abadiy. Podadagi qo‘ylar, sovliqlar yangilanaveradi, bizning sodiq yordamchilarimiz – itlar o‘laveradi va tug‘ilaveradi, ularning egalari o‘zgaradi, biroq manavi cho‘pon tayog‘i yashab qolishi, avloddan-avlodga o‘tishi kerak…”
Tayoq temirday qattiq, og‘ir. Hech kim uning yoshini, tarixini bilmaydi. Lekin hamma biladiki, bu tayoq Gulnazarning cho‘pon avlodi paydo bo‘lgandan buyon mavjud.
Baland tepalik ustida yakka o‘zi qaqqayib turgan, sahro akatsiyasi uchiga tirmashib chiqqan musavvir oy sahroning suratini ko‘mirdek tim qora soyalar bilan chizdi-qo‘ydi.
Keksa cho‘ponning chamasiga ko‘ra, u tez fursatlarda ko‘hna shahar xarobalari ustidan chiqishi kerak edi. Garchi bu joylar uning qimmatli xotiralari bilan bog‘liq bo‘lsa-da, Gulnazar og‘a bu vayronalarga yaqinlashgisi kelmasdi. Har gal, tepaliklar orasidan nogahon suzib chiqadigan, ulug‘vor mudroqqa cho‘mgan urchuqsimon sag‘analar qubbasi ko‘rinishi bilan Gulnazar og‘aning yuragi o‘ziga itoat qilmay qo‘yar, suyukli yori bilan birinchi marta uchrashuvga chiqqan o‘smir yigitning yuragidek juda qattiq dukillab ura boshlardi. Buning ajablanarli joyi yo‘q: u shu yerda bir paytlar sochlari uzun Sahrogul bilan yashirincha uchrashib yurgan kezlaridan qolgan yorqin xotiralar hamon uning qalbida tirik…
O‘sha damlardan beri barxanlarda, yaylovlarda Qoraqumning rango-rang chechaklari qirq besh marta gulladi va so‘ldi. Unga bir o‘g‘il hamda ikki qizni qoldirib ketgan Sahrogul endi uni uy oldida mayin tabassum bilan kutib olmaydi. Biroq Qoraqumning qumlari u haqdagi xotiralarni saqlab qolgan, goh u yerda, goh bu yerda Gulnazarga o‘sha takrorlanmas baxtli kunlarni eslatib turadi.
Huv ana, tanish qubbalarning sharpasi ko‘rindi. Keksa cho‘ponning yuragi tez-tez ura boshladi. Bir kuni hozir turgan joyida, odamlarning ko‘z o‘ngida xotinini bexosdan quchib olgani yodiga tushdi. El oldida xotinini o‘pgan cho‘pon haqidagi duv-duv gap hammayoqqa tarqadi, Qoraqum sahrolaridan oshib ovoza bo‘ldi! Cho‘ponning noodatiy, g‘alati qilig‘ini eshitgan odamlar bosh chayqab qo‘yishar edi. Eh, ular Gulnazar og‘aning xotini qanchalar suluv ekanini bilishmas edi-da! Har gal sahrodan uyga qaytish Gulnazar uchun chinakam bayram ekanidan ham, o‘z uyining ostonasini, xuddi to‘ydan so‘ng kelin huzuriga ilk marta kirayotgandek, katta hayajon bilan hatlab o‘tishidan ham odamlar bexabar edi.
O‘lik shahar ufqdan-ufqqacha yastangan edi. Chek-chegarasiz ulkan hudud, guldor va gulsiz naqshinkor va sip-silliq sopol siniqlari bilan to‘lib yotardi. Bu yerda yuzlab yillar mobaynida ko‘zalar va turli xil idishlarni sindirish bo‘yicha jahon bellashuvlari o‘tkazilgan, deb o‘ylash mumkin edi.
Gulnazar og‘a sahroma-sahro yurib, ana shunday vayron bo‘lgan shaharlarning ko‘piga duch kelgan. Ularning hech birida vayrongarchilikdan omon qolgan qasrlar yoki tosh istehkomlarni uchratmagan. O‘tmishga daxldor hashamat nishonalari o‘chib ketmagan sag‘analargina o‘zining chinakam intihosini jim kutib yotardi.
“Ha, qadimgi istilochilar nimalarni qo‘lga kiritishsa, shularni vayron qilib ketaverishgan, faqat sag‘analar va qabristonlargagina tegishmagan, ayashgan”, o‘yladi Gulnazar og‘a.
Qirq yilcha avval shu yerlarga birinchilardan bo‘lib qadami yetgan savodli odamlarning ayrimlari bu shaharning vayron bo‘lishida qumni sabab qilib ko‘rsatganini esladi.
“Ha, hozir ham ko‘pchilik sahrodan qo‘rqadi. Behudaga qo‘rqishadi. Qoraqumning mayin qumlari o‘t-o‘lan bilan qoplangan ko‘rpa ostida bo‘lsa, u unumdorligi va marhamatini ayamaydi. Agar uning ustidan o‘sha ko‘rpa olib tashlansa, qup-quruq qumlar asov shamollarning o‘ljasiga aylanadi-qoladi. Qum ustida qancha kezgan bo‘lsam, hech narsa o‘smaydigan joylarni kamdan-kam uchratganman. Hatto taqir yerlarni ham g‘o‘za unib chiqishiga moslashtirishadi. Qoraqum daryo (u kanalni shunday nom bilan atardi) bo‘ylarida esa, mana, necha yillardan buyon buldozerlar bilan barxanlarni tekislab, mo‘l hosil olishmoqda. Qoraqum qumlarida bog‘lar va ekin dalalari ko‘payganidan suruvlarga joy yetmay qoladigan ertaknamo kunlar uzoq emasga o‘xshaydi…”
O‘lik shahar chetida keksa cho‘ponni falokat kutib turardi. Urushda yaralanganidan so‘ng gospitalga tushganini hisobga olmasak, Gulnazar og‘aning shifokorlarga, dorilarga ishi tushmagandi. Mana, u og‘riq zo‘ridan yuzini tirishtirgancha qor ustida yotipti, qimirlashga majoli yo‘q. Tepasida esa vafodor tuyasi aybdor qiyofada ma’yus termulib turardi. U qor ko‘mgan chuqurga tushib ketganida egasini itqitib yuborgandi. Gulnazar og‘a hushsiz holda uzoq yotmaganini osmonda tuxum sarig‘iday sarg‘ayib turgan oyga qarab bildi.
Keksa cho‘pon turmoqchi bo‘ldi, biroq oyog‘idagi qattiq sanchiq bunga imkon bermadi. “Haqiqatan ham haligi o‘sha… pepsinga murojaat qilishga to‘g‘ri keladi-yov…” – dedi xo‘rsinib, so‘ngra itoatkorlik bilan qorga cho‘zildi. O‘zini nafaqaxo‘r sifatida tasavvur qildi. Mana, u sersoya qayrag‘och tagidagi gilamda, yumshoq yostiqni tirsagining ostiga qo‘yib yonboshlab yotgancha choy ichayapti. Yangi gazetalar allaqachon o‘qib bo‘lingan, ko‘nglidagi tushuniksiz umid tuyg‘usi tufayli ko‘cha eshigiga qarab-qarab qo‘yadi. Ammo eshik g‘ichirlamaydi. Odamlar ishda. Qariya “oh” tortgan ko‘yi o‘zining sobiq cho‘pon tayog‘iga tayanib o‘rnidan turadi, choyxona tomon jiladi. U yerda qorni katta choynaklar qarshisida har doimgidek istarasi issiq, fayzli chollar qo‘r to‘kib o‘tiradi…
“Kallaga qanday bo‘lmag‘ur xayollar keladi-ya!” – dedi Gulnazar og‘a es-hushini yig‘ib olgach, yana oyoqqa qalqishga urinib ko‘rdi. Bu gal ham natija bo‘lmadi. Og‘riq to‘xtamagan, tizzalari qaltirayapti. Yana chorasiz cho‘zildi.
– Nahotki shularning hammasi bilan vidolashish fursati yetgan bo‘lsa?.. – dedi u yon-atrofga mungli ko‘z yugurtirarkan.
Judolikning qora devori chang bo‘roni singari o‘zi va sahro orasida surilib kelayotgandek tuyulardi. Sevimli cho‘li shu devor ortida qoladi. Endi u Gulnazarsiz hayot kechiradi va gullab-yashnaydi. Cho‘lni usiz obod qilishadi…
Gulnazar og‘aning ko‘zlaridan yosh dumaladi. Bu yosh tomchilari xuddi xotini o‘lgan kunlardagidek katta-katta va qaynoq edi. Ana shu qaynoq tomchilar qariyani, ustidan bir chelak muzdek suv quygandek, birdaniga hushyor torttirdi.
– Ko‘zing yoshga to‘ldimi, obidiyda qilyapsanmi, Gulnazar? Balki boshingga ipak ro‘mol ham o‘rab olarsan? – deya baqirib yubordi u. Telpagini boshidan olib, unga yuzini artdi.
Serjun telpakning aftiga tekkani ta’sir qildimi yoki o‘zining hayqirig‘i sababli, ishqilib, Gulnazar tetiklandi.
– Men o‘zimni bilmay yurgan ekanman, – to‘ng‘illadi qariya. – Ichimda ko‘zyoshlar meshi bilan g‘amlab qo‘yilganini xayolimga ham keltirmagandim. Mayli, hechqisi yo‘q, ruhimdagi keraksiz ojizligim shu ko‘zyoshlar bilan chiqib ketdi. Hali kuchim yetadi. Agar suruv berishmasa, quduq yoqasida ishlashga qolaman. Yuragi xastalar qancha, ular ham mehnat qilishyapti-ku. Masalan, bizning raisimiz. Tag‘in uning ishi og‘ir ish…
Ushbu fikr Gulnazarning sahroga qaytish qarorini qat’iylashtirdi. Shundagina xurjunga solib qo‘yilgan dorilari esiga tushdi.
Gulnazar quloqqa arang chalinadigan motorning g‘uvillagan tovushini eshitdi va burg‘ilaydigan uskunali yo‘l tanlamas mashina yurib kelayotganini aniq chamaladi. Burg‘ilovchi mashinada o‘g‘li ham ishlaydi.
“Balki o‘g‘lim kelayotgandir?” – shodon o‘y keldi miyasiga. Va oxirgi yillarda birinchi marta o‘g‘li bilan ruhan murosa qilayotgani, yarashayotgani, u bilan uchrashishdan xursand bo‘layotganini his qildi.
Gulnazar og‘a “bobolari izidan yuz o‘girib”, qo‘liga butun Qoraqumga mashhur cho‘pon tayog‘ini olish o‘rniga gayka kalitini olgan o‘g‘lidan ranjigan edi, garchi keksa cho‘pon bu haqda hech qachon so‘z ochmagan bo‘lsa-da, buni hamma bilardi.
O‘g‘li Qoraqumning qoq yuragida ajoyib zilol suvli yerosti ko‘lini kashf etganidan so‘ng dovrug‘i butun sahroga yoyilgandi. Gulnazar og‘a qum tubidagi yerosti suv omborlari haqida gap boshlaydigan odat chiqarganini sezib yurardi.
Hozir esa u o‘g‘lining qo‘lini qisib qo‘yishni sabrsizlik bilan istayotgandi, bu yorug‘ olamda Qoraqumning gullab-yashnashi uchun mehnat qilishga shay kuchli, baquvvat va qadrdon qo‘llar borligini yurak-yuragi bilan his qilishni xohlayotgandi. U hatto bu qo‘llarga bobolardan meros qolgan tayoqni berishga ham ahd qildi.
Yo‘ltanlamas hali to‘xtamadi, biroq Gulnazar og‘a kabinada chorva xo‘jaligi raisi – zootexnikning juda chiroyli qilib tikilgan telpagini ko‘rishga ulgurdi.
“Yordamga otlanishdimikan? Biror kor-hol yuz berdimikan?..”
Biroq raisning yuzidan tashvish, vahima alomatlarini topa olmagach, qariya yengil nafas oldi.
Oppoq telpak sohibining ortidan Gulnazar og‘aning o‘g‘li mashinadan qumga sakradi.
– Assalomu alaykum, otajon! Yo‘l bo‘lsin?! – dedi u, salomlashgach.
– Mening yo‘lim ayon! Sizlar-chi, qo‘yga o‘xshab qayoqqa yo‘rg‘alab ketyapsizlar?
– Suruvlarni darrov ortga haydashdi. Hozir, ehtimol, o‘zlarining eski joylariga yaqinlashgan bo‘lishsa kerak. Burg‘ichilarga rahmat! Ular vaqtida yordam ko‘rsatishdi! – xabar qildi zootexnik.
– Xo‘sh, shunday ekan, qayerga shoshyapsizlar? – keksa cho‘pon raisga shubhali, sinovchan nigohlarini qadadi. “Shunday ob-havoda ishning tepasida turish o‘rniga sahro bo‘ylab izg‘igancha, adashib qolgan Gulnazarni izlashyaptimi?”
Keksa cho‘pon o‘zi uchun sharmandali bo‘lgan shu voqea haqidagi ovozalar Qoraqum sarhadlari uzra yoyilishini xayoliga keltirdi.
Cho‘ponning ovozidagi norozi ohangni ilg‘agan rais gap nimadaligini darrov payqadi.
– Gulnazar og‘a, – so‘z boshladi u, – meni o‘z xohishi bilan ishini tashlab kelayapti deb o‘ylama. Cho‘ponlar va burg‘ichilar shunday qarorga kelishdi. Ovulga borib kelgin, yo‘l-yo‘lakay Gulnazar og‘ani ham o‘zing bilan ola kel, deyishdi…
– Qayerdan yo‘lga tushding?
– Uzun tizmalardan.
– Bunaqa aylanma yo‘l bilan yurmasang ham bo‘lardi…
– Hozir hammasini senga tushuntiraman. Bu yo‘lni ko‘pchilik bilan bamaslahat tanladik. Dastavval, biz seni kunning qaysi paytida kuzatib qo‘yganimizni yodga oldik. Keyin bo‘ron seni qachon va qayerda quvib yetgan bo‘lishi mumkinligini hisob-kitob qildik. Bizning chamamiz bo‘yicha, Ko‘rkam yaylovi tevaragi bo‘lib chiqdi. To‘g‘ri ekanmi?
– Ha-a…
– So‘ngra sening qaytish yo‘lingni obdon mulohaza qildik, suruvlar tomon kesib chiqasan deb xomcho‘t qildik.
Gulnazar og‘a tinglar ekan, qalbi borgan sari issiq haroratga to‘lib borar edi. Yuragida kamalak jilvalangandek taassurot paydo bo‘ldi, bu kamalak mo‘l-mo‘l yog‘dulari bilan yaqinda uyg‘ongan xavotirlarning behuda va rangsiz manzarasini yoritar, fosh etardi.
– Tuyani o‘g‘lingga qoldiramiz. Biz esa sen bilan birga qishloqqa jo‘naymiz, – dedi rais qat’iy qilib.
– Biroq, axir o‘zlaringiz meni u tomonga yurmasligimni hisob-kitob qilgansizlar-ku… Sen qishloqqa boraver. O‘g‘lim bilan ikkimiz esa mening manavi paxmoq “V-4”imga sig‘amiz, – dedi qariya tuyaga ishora qilib.
O‘g‘il shu payt qop-qora chuqurga, uning atrofidagi toptalgan qorlarga razm soldi va bu yerda nima sodir bo‘lganini fahmladi. “Mana, u nega gulxan yoqmagan ekan, – tushundi u. – Hozir uyga qaytgani yaxshi edi”.
Zootexnikning ham xayolidan xuddi shu o‘ylar kechdi. U ham chuqurga e’tibor qaratdi. Ammo dunyoda keksa cho‘ponni yo‘lidan qaytara oladigan kuch yo‘qligini ikkovi ham yaxshi bilardi.
Rus tilidan Shohista Niyozmuhammad tarjimasi
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2018 yil, 7-son