Kechqurunlari Abdurahmon bog‘iga kirib, undan zavq olishni xush ko‘rar edi. Bu uning odatiga aylangan edi. Abdurahmon aksariyat vaqtini uyida o‘tkazar, zarur kezlardagina ko‘chaga chiqar edi, xolos.
U iliq tsentyabr kunlarining birida boqqa kirib, tevarakka sinchkov ko‘z tashlagan ko‘yi, notekis yo‘lakcha bo‘ylab borardi. U gulzordagi gullarga ancha payt suqlanib termulgach, qo‘shni hovlini ajratib turuvchi tikanli sim to‘sig‘i oldidagi kresloga o‘tirdi. Kechki gazetani qo‘liga olib ko‘z yugurtira boshladi.
Uning yurish-turishida, aft-angorida ajib bir viqor sezilib turardi. Biror kimsa uni shu lahzada ko‘rib qolsa, hech ikkilanmay Abdurahmonni ulug‘ bir xonadon sohibi, deya o‘ylardi. U doimo xotirjamlik va sovuqqonlik bilan ajralib turarkan, ko‘zlarida donolik va mardlik nur sochib tarar edi. Xumdek boshi, qalin mo‘ylovi ham uning salobatiga monand. Uning ko‘rinishi qirq besh yoshni bersa-da, aslida bor- yo‘g‘i o‘ttiz besh yoshni qoralagan edi.
Abdurahmon kresloda yastanib o‘tirga ko‘yi o‘qishga shunchalik berilib ketgan ediki, ohista bir ovozdan seskanib ketdi:
– Assalomu alaykum, amaki.
Abdurahmon gazetani qo‘yib, qo‘shnining bog‘i tomon o‘girildi. U yoqda bir qiz turardi. Qizning yorqin, tim qora ko‘zlarida ishonch, samimiyat balqirdi. Abdurahmonning yuziga yasminning muattar isini taratuvchi yoqimli shabada urildi.
– Va alaykum assalom, Samara, – javob berdi u.
Qiz iljayib qo‘ydi-da, yonidagi kuchukchasi bilan o‘ynay ketdi. Samara o‘n olti yoshda edi. Uning chiroyli yuzlari va kelishgan qaddi-qomati anchadan buyon Abdurahmonning halovatini o‘g‘irlagan edi.
U qizning itiga ishora qilib so‘radi:
– Ahvoli qanday buning?
– Ollohga shukur, butunlay tuzalib ketdi.
– Har holda, – ta’kidladi Abdurahmon iljayib. – Iskandariyaning havosi unga yoqmagan ko‘rinadi?
– Aksincha. U tomonlar mittivoyga juda ma’qul keldi, o‘zini yaxshi his qildi.
Samaraga boqar ekan, uning quyoshdan andek qoraygan yuzlari, jozibali ko‘zlari Abdurahmonni tobora rom etardi.
– Samara, rosa quyoshda qoraydingmi?
Qiz kulib qo‘ydi.
Abdurahmonning ma’noli nigohi yanada o‘tkirroq tus oldi. Bir tomonga yo‘naltirilgan fikrlar o‘rnini fusunkorlik va orzular oshiyoni egalladi. U stulga o‘tirib, yonidagi ermagini o‘ynatayotgan qizga uzoq va mamnun tikildi. Samara esa kuchukchasini erkalarkan, oppoq, uzun junlarini silab-silab qo‘yardi. Ajoyib jonzot xursand tarzda dumlarini likillatib, sohibasining qo‘lini yaladi va uning tizzasiga sakrab chiqib oldi.
Samaraning mayin, uzun sochlari uning bo‘ynini qoplab turardi. Abdurahmon unga qarab turib, zavqlanayotgandi. Negadir uning yuragi siqildi: Samara bolaligidan beri “amaki”, deb murojaat qilib keladi, hozir ham shunday. O‘sha kezlarda u juda kichkina bo‘lib, qo‘g‘irchoqlar o‘ynab o‘tirardi. Ilgari bunday murojaat unga ma’qul edi, chunki, qizga nisbatan otalarcha mehr qo‘ygan edi. Endi esa qizning bu tarzdagi muloqoti uni xijolatga solar, hatto ko‘nglini cho‘ktirayotgan ham edi.
Agar “amaki” unga uylansa, to‘g‘ri yo‘l tutgan bo‘larmikan? Ko‘pchilik o‘ylaydiki, turmush qurayotganlar yoshidagi tafovut aslo to‘siq emas va bunga e’tibor bermaydilar ham. Ammo baxt uchun kurash juda qimmatga tushmasmikan? Axir u bor-yo‘g‘i Ichki ishlar vazirligida o‘n besh funtga kun ko‘rayotgan bir inspektor-ku. Uning yig‘ib qo‘ygan molu davlati va yoxud mansabi bor bo‘lsaki, qizning yuragini zabt eta olsa. Lekin u qizni sevadi va o‘z hissiyotlari bilan kurashishi qiyin, to‘g‘rirog‘i buning iloji ham yo‘q. Sohibjamol qiz o‘n olti yil mobaynida ko‘zi o‘ngida o‘sib ulg‘aydi. Bu qiz uning yolg‘izlikda o‘tgan hayotida taqdirning yuborgan yagona inoyatidir. Muhabbat unga sekin-asta yaqinlashdi va uning butun vujudini qamrab oldi.
Abdurahmon qizning baxtiyor va betashvish bolaligi qanday o‘tganligining shohidi bo‘ldi. Bu esa uning yolg‘izligini yanada go‘zalroq qilib ko‘rsatardi. U sevib qoldi va avvalgi xotirjamligini yo‘qotdi. Endi uni hamma narsa, hatto halovatini o‘g‘irlagan yosh do‘sti bilan tasodifiy uchrashuvlar va suhbatlar ham qiynayotgan edi. U qiz bilan bolalarcha muloqot qilayotgan edi. Abdurahmon qizga muhabbatga to‘lib- toshgan ko‘zlari bilan nigoh tashlar, Samara esa bu bu holatni sezmay “mening aziz amakim”, deyishda davom etardi. Agar u qizning qo‘lini so‘rasa, nima deb javob berar ekan-a? Uning hissiyotlari qanday? U harqalay taajjubga tushsa kerak? Qiz otasiga nima deydi? Qanday tushuntiradi? Bundan keyin hozirgidek ko‘rishib turish unga nasib etarmikan? U qizni butunlay yo‘qotib qo‘ysa-chi…
Harqalay, Abdurahmon qizning otasi – o‘z do‘sti bilan bu masalani xotirjam gaplashib olishga qodir. Lekin u qanday javob berar ekan? Ha, qanchalar qiyin bu ish! U ko‘zlarini yumib olib, bo‘lajak muloqotni tasavvur qila boshladi:
“Do‘stim, men juda muhim masala yuzasidan tashrif buyurdim. Sen bunga ko‘nasanmi yoki yo‘qmi, bilmadim… Ehtimol, men bu masala haqida so‘z yuritishga haqli emasdirman. Lekin baribir men masala qanday hal bo‘lishidan qat’iy nazar gaplashib olishim kerak…”
U xayolan muloqotni davom ettirayotgan edi, dabdurustdan yoqimli ovozdan o‘ziga keldi.
– Uxlayapsanmi?
– Yo‘q.
– Uzr. Men ko‘zingni yumib o‘tirganingni ko‘rdim.
– Men o‘ylayotgan edim.
– Nima haqida?
U yosh suhbatdoshining yuziga razm soldi: nima deyish kerak? Unga hammasini aytib berish kerakmi? Yo‘q, bunga hali ertaroq, hozir mavridi emas. Yaxshisi gap ochmay turganim ma’qul.
Bu zaifaning qarshisidagi xijolat qamchi zarbasi misoli unga ta’sir qildi. Shu onda u qimirlamay o‘tirardi. So‘ngra qizning ko‘zlariga boqdi. Voajab, Samaraning yuzlari o‘zgargan, qoshlarida bo‘yoq izlari, qirmizi lablari titrar edi. Qiz unga hadiksirab qarab oldi-yu, uyi tomon chopqillab ketdi. Abdurahmon orqaga o‘girilgan ham ediki, iljayib unga yaqinlashayotgan ukasini ko‘rdi. Abdurahmonning yuragi nohush bir narsani sezgandek tezroq ura boshladi. U sir boy bermay muloyimlik bilan ukasidan so‘radi.
– Shifokor, qalay ishlar?
O‘spirin yigit kulib qo‘ydi.
– Sen qanday baxtiyorsan, aka?
Abdurahmon gap nimada ekanligini fahmlagan bo‘lsa ham, xuddi tushunmagandek qayta so‘radi:
– Baxtiyor?
– Ha, albatta. Samara bilan gaplashgan inson o‘zini baxtli his etmog‘i lozim.
Abdurahmon o‘yladi: “Mening ukam o‘taketgan qallob, yo ahmoq. Aslida Samara bilan suhbatlashgan odam emas, balki hozirgina yuz berganidek, uning yonginasida qizarib ketib, xijolatdan juftakni rostlab yuboradigan inson baxtlidir. Ehtimol, bu o‘spirin haqiqatan ham baxtlidir. Nahotki, u buni tushunib yetmasa. Balki, u mening ustimdan kulayotgandir?”
Abdurahmon o‘z ukasining oldida hayajonlanayotganini sezdirmaslik maqsadida gapni boshqa tomonga burib yubordi-yu undan so‘radi:
– Kechagi oqshomni qanday o‘tkazding?
Anvar uning yoniga kelib o‘tirdi.
– Kecha “Qasr al-Ayni”da juda ko‘p hayajonli voqealar bo‘lib o‘tdi, oqshomning aksariyat qismini o‘sha joyda o‘tkazdim.
Abdurahmon jimgina ukasiga boqar ekan, butunlay boshqa narsa haqida o‘yga toldi. U Anvarni yaxshi ko‘rar edi, xuddi boshqa ukalaridek uni ardoqlab, mehribonlik ko‘rsatib kelmoqda. Lekin ayrim kezlarda yuragini tashvishlar qamrab olardi. Ayniqsa, Samara haqida so‘zlaganida ukasini juda yomon ko‘rib ketardi. Ukasi qizning ismini tilga olganida Abdurahmon qiynoq va iztirobda qolar edi. Aka Anvarning porloq kelajagi uchun ko‘p mehnat qildi. Lekin, uka katta akaning yuragida yuz berayotgan tug‘yonlarni ilg‘ay olarmikan? U go‘zal qizni boshqa inson sevishini xayoliga ham keltira olmas, o‘zining tashvishlari bilan nihoyatda band edi.
– Men bir muhim masala borasida maslahat olgani kelgan edim, – dedi Anvar.
Abdurahmon o‘z hissiyotlarini sir boy bermay xotirjam taklif qildi:
– O‘tir.
– Oldin sen meni eshit , – gapira ketdi Anvar o‘tirmasdan. – Hozir fikrlarim aralash-quralash bo‘lib ketdi. Bir oydan so‘ng shifoxonadagi amaliyotim tugaydi. O‘qituvchim doktor Braun tibbiyot fakultetida shifokor bo‘lib qolishga tavsiya etyapti.
Abdurahmon ancha yengil tortdi va xursand ohangda qichqirib yubordi:
– Tabriklayman! Tabriklayman! Shak-shubhasiz, sen bunga loyiqsan, ofarin!
Anvar aniq bir to‘xtamga kela olmay turardi, u hozir aytgan so‘zlariga yana qo‘shimcha qilmoqchi shekilli. Nihoyat u xijolatomuz holda sekingina qo‘shib qo‘ydi.
– Yo‘q… demak… Men aytmoqchimanki… Agar ketsam, bir o‘zim ketmayman.
– Xech narsani tushunmayapman – hayron bo‘ldi Abdurahmon, lekin yuragi notinch, qandaydir tashvish bor ekanligini sezib turardi.
Anvar o‘z hayajonini yengib, davom etdi:
– Men uylanib, xotinimni ham olib ketaman.
– Nega bunday to‘satdan? Ilgari bu haqida gap bo‘lmagandi-ku, to‘g‘rimi?
– Bo‘lmagan.
– Unda nima bo‘ldi?
– Men jo‘nab ketish bilan bog‘liq ishlarimni hal qilmagunimcha bu haqida gapirmoqchi emasdim.
Abdurahmon sukutda edi. U baribir o‘z hayajonini chetga surib so‘radi:
– Sen uzil-kesil shu qarorga keldingmi? Kimga uylanmoqchisan o‘zi?
– Samaraga, – dedi Anvar qo‘shni uy tomonga ishora qilib.
Abdurahmon bu yangilikni sukut saqlagan holda eshitdi.
– Sening fikring qanday? – so‘radi Anvar shosha-pisha. – U senga yoqadimi?
– Yaxshi tanlov, diding chakki emas, – deb g‘o‘ldiradi Abdurahmon.
– Sendan minnatdorman, aka. O‘tinib so‘rayman, menga yordam ber, ertaga uning otasiga uchrashamiz, umid qilamanki, u bizga yo‘q demaydi.
– Bo‘pti, sen aytgancha qilamiz.
– Menda bor-yo‘g‘i bir necha oy bor. Bu vaqt mobaynida men uylanishim va Angliyaga jo‘nab ketishim uchun tayyorgarlik ko‘rishim joiz. Bilasanmi, men asal oyimizni barcha aslzodalar singari xorijda o‘tkazmoqchiman.
Anvar xayrlashdiyu jo‘nab ketdi. Abdurahmon ukasiga eshikni yopib, ko‘zdan yo‘qolgunicha qarab turdi. U ma’yus o‘tirar, ko‘zlari hech narsani ko‘rmasdi. Tuman quyuqlashdi va hammayoq sukutga cho‘mdi. U axiri turdiyu kichik bog‘ni aylanib, yana o‘tirdi. Abdurahmon yigirma yil avvalgi o‘tmishini eslay boshladi. U damlar sururga to‘la va saodatli edi. U o‘sha davrda nihoyatda xushchaqchaq o‘spirin bo‘lib, kelgusi hayotdan talaygina umidlari bor edi. U vaqtlar hozirgi kunlar singari shafqatsiz emas edi. Abdurahmon o‘z oilasida to‘ng‘ichi edi. Ota-ona uni iloji boricha hayotdan zavqlanishini istab yashar edilar. Maktabda u o‘z tengdoshlari orasida iste’dodi va tirishqoqligi bilan ajralib turardi. Atrofdagilar haqiqatan uning peshonasida porloq istiqbolni ko‘rishar edi. Balki shunday bo‘lishi mumkin edi, lekin uning otasi to‘satdan olamdan o‘tib qoldi. Ota baxtsiz bevani to‘rt farzandi bilan qoldirib boqiy dunyoga ravona bo‘ldi. Oila bor-yo‘g‘i to‘rt funt nafaqaga arang kun ko‘rar edi. Abdurahmon shafqatsiz hayot bilan ilk bor to‘qnashdi. Uning barcha orzu-umidlari chilparchin bo‘ldi. Ilgari ota oilaning boquvchisi bo‘lgan bo‘lsa, endilikda bu tashvish Abdurahmonga yuklandi. Boshqa yo‘l yo‘q edi, lekin u bu haqiqatni darrov anglab yetmadi. Shu tariqa oila tayanchining barcha umidlari puchga chiqdi.
Yurakni o‘rtab yuboruvchi og‘ir kunlar boshlandi. Lekin u barchasiga chidadi. Uning zimmasida ukalari haqida qayg‘urish yuki bor edi. Endi u faqat o‘zi haqida o‘ylamayotgan edi. U butun borlig‘ini onasi va ukalariga bag‘ishladi. U yangi bir baxtga , ya’ni – o‘zgalar baxti uchun kurashmoq baxtiga sazovor bo‘ldi.
U hatto uylanish haqida o‘ylab ham ko‘rmadi, bularning barchasi oila tayanchining yaqin insonlariga nasib etdi. Bu inson sabr-toqat qilishga qaror qildi, lekin ukalarining sabrlari chidamadi. Ulardan biri politsiya maktabini bitirib, zobit bo‘ldi va darrov uylandi. Uning ortidan muhandislik diplomini olgan ikkinchi uka ham uylanib oldi. Abdurahmon esa bo‘ydoq bo‘lib qolaverdi.
Endigina uning hayotiga baxtu saodat olib kirishi mumkin bo‘lgan ko‘hlikkina qiz yoqib qolganda…
Onaning ovozi uning xayolini bo‘ldi.
– Abdu, nega qorong‘ida o‘tiribsan?
Abdurahmon kun botganini ham sezmay qolibdi. U og‘ir qadamlar tashlab uyga kirdi.
– Anvar sen bilan gaplashdimi? – so‘radi ona.
– Ha.
– Xo‘sh, uning qaroriga nima deysan?
– Uning tanlagan qizi yaxshi. Ertaga men qo‘shnimiz bilan gaplashib, Anvar uchun uning qo‘lini so‘rayman.
– Mana endi hamma qushchalarim har tomonga qanot qoqib uchib ketdilar. Sendan tashqari hammasi, – dedi ona xomush ohangda.
U jim edi.
Kim biladi, ehtimol unga ro‘baro‘ kelgan baxtsizlik unchalar qo‘rqinchli emasdir. Bu birinchi marta emas. Hayot uni bir narsaga, sabr-toqatga o‘rgatdi. U shuni tushunib yetdiki, hayotni o‘zgalarga bag‘ishlagandagina baxt-saodatli bo‘lish mumkin ekan.
Arab tilidan Bobur G‘IYoSOV tarjimasi