Mustafo al-Manfalutiy. Jazo (hikoya)

O‘tgan yozda kunlarning birida tush ko‘rdim, unda men go‘yo ulkan, mutlaqo notanish bir shaharga tushib qolibman. Men shahar ko‘chalarida yurib, unda son-sanoqsiz, bir-biriga o‘xshamaydigan, turli tillarda so‘zlashuvchi odamlarni uchratibman. Nazarimda, butun yer yuzi shu yerga jam bo‘lgan va butun olamning u boshidan-bu boshigacha menga kaftdek ko‘rinib turarkan. Men goh ohista, goh ildam odimlab, hali u yerga, hali bu yerga borar edim, oxiri umrimda biron marta uchratmagan muhtasham, vahimali, juda ulkan bir bino ro‘parasidan chiqib qolibman. Bino eshigi oldida tumonot odam bo‘lib, barchasi qilich bilan qurollangan, mag‘rur qadam tashlayotgan jangchilar tinmay kirib-chiqib turishardi. Bu o‘zi qanaqa bino bo‘ldiyu nima uchun bu yerga buncha ko‘p odam to‘planganini surishtirdim va tubandagilarni bilib oldim: bu hukmdorning qasri bo‘lib, bugun jinoyatchilar ustidan hukm e’lon qilinar ekan.
Bir soat o‘tar-o‘tmay, jarchi sud maslahatchilari o‘z o‘rinlarini egallaganlarini, ishtirok etuvchi fuqarolar esa endi tanobiyga kirishlari mumkinligini e’lon qildi. Hamma ichkariga kirdi, men ham odamlar bilan izma-iz tanobiyga kirdim-da, barini durustroq ko‘rish uchun o‘rnashib o‘tirib oldim. Bamisoli o‘z mehvarida mustahkam joylashib olgan quyoshdek, tanobiyning qoq o‘rtasida, oltin taxtda savlat to‘kib o‘tirgan hukmdorga ko‘zim tushdi. Uning o‘ng tarafida xirqa kiygan allaqanday kimsa, chapida esa yashil ridoda boshqasi o‘tirardi. Hukmdorning o‘ng tarafidagisi ruhoniy, chapdagisi esa shu shahar hakami ekanini so‘rab bilib oldim.
Mana, hakam o‘z oldidagi oppoq qog‘ozlar tomon engashdi-da, ulardan birini qo‘liga olib: “Jinoyatchilar olib kirilsin”, – dedi amrona ohangda. Shu zahoti tanobiyning chap tarafidagi turma eshigi sherning bo‘kirishini yodga soluvchi tovushda vahimali g‘iytillab ochildi. Eshikdan darmonsiz oyoqlarini arang sudrab bosib kelayotgan qari cholni yetaklab, turma nazoratchilari kirib kelishdi. – “Uning aybi nima?” – so‘radi hukmdor. – “U rohiblarga tegishli binoga kirib, u yerdan yetim va qashshoqlarga atalgan bir qop unni o‘g‘irlagan”, – deb javob berdi ruhoniy. Tanobiyga yig‘ilgan ishtirokchilarning bari o‘sha zahoti: – “Yovuz jinoyatchining holiga voy! – deya qattiq qichqirishdi. – Xudoning dargohiga o‘g‘irlikka tushishga qanday haqqi bor uning?” So‘ng guvohlarni chaqirishdi, rohiblar hozir bo‘lishib, ular ham bir ovozdan qariyaning aybdor ekanini tasdiqlashdi. Hukmdor ruhoniyga nimanidir shivirladi va: – “O‘g‘ri qatl maydoniga olib borilsin va uning avval o‘ng qo‘li, so‘ng chap qo‘li, keyin oyoqlari kesilsin, oxirida boshi olinib, yirtqich qush va hayvonlarga yem qilinsin”, – deya amr etdi. Buni eshitgan qariya tiz cho‘kib, hukmdorga nimjon va qaltiroq qo‘llarini cho‘zib, rahm-shafqat so‘rab yalinib-yolvordi, biroq turma nazoratchilari uning og‘ziga urib, sud­rab olib ketishdi. Keyin ular rang-quti o‘chib, holdan toygan, qo‘rquvdan dag‘-dag‘ titrab turgan o‘n sakkiz yoshlik yigitchani oldilariga solib olib kelishdi-da, uni hukmdorning yoniga keltirishdi. Shunda hukmdor: “U qanday gunoh ish qilgan ekan?” – deb so‘radi. Ruhoniy: “U – qotil. Bir kun hokimning odamlaridan biri o‘z qishlog‘iga soliq yig‘ish uchun kelgan. U mana shu yigitchadan soliq to‘lashni talab qilgan, biroq yigitcha, aftidan har qanday uyatni yig‘ishtirib qo‘ygan, yoki buyruqni bajarishdan bosh tortgan. O‘lpon yig‘uvchi unga baqirgan, o‘spirinning bundan jahli chiqib, xanjarini qinidan sug‘urgan-da, unga sanchgan va shu bilan o‘lpon yig‘uvchining umriga zomin bo‘lgan”, – deb javob berdi. Tanobiyda o‘tirganlar: “Qanday dahshat! Qanday yovuzlik! Axir hukmdorning yaqinlarini o‘ldirish, uning o‘zini o‘ldirish bilan barobar-ku!” – deya qichqirishdi. Shunda marhum o‘lpon yig‘uvchining yordamchilarini keltirishdi, ular bo‘lgan voqeani tasdiqlashdi. Hukmdor bir on yerga boqib turdi-da, so‘ng ko‘zini yerdan uzib: “Jinoyatchi qatl maydoniga olib borilsin va barcha qon tomirlari yorib tashlanib, tanasida bir tomchi ham qon qolmasin”, – deb amr etdi. Buni eshitgan yigitcha dahshat ichida qichqirib yubordi, biroq turma nazoratchilari aralashib, uni sudrab olib ketishdi. Ko‘p o‘tmay ular go‘zal bir qizni olib kelishdi. Peshonasiga bu qora kunlar soya solganini aytmaganda, qiz ko‘kda yongan yulduzdek maftunkor edi. Hukmdor: “U qanday jinoyatga qo‘l urgan?” – deb so‘radi. Hakam: “U – fohisha. Qarindoshlaridan biri yoniga kelgan ekan, qizni allaqanday yigitcha bilan yolg‘iz turgani ustidan chiqib qolibdi”, – dedi. Shunda o‘tirganlar shovqin ko‘tarib: “Qatl qilinsin! Qatl qilinsin! Toshbo‘ron qilinsin! Uchchiga chiqqan buzuq, suyuqoyoq!” – deya g‘azab bilan qichqirishdi. Hukmdor: “Unga qarshi guvohlik beradiganlar bormi?” – dedi. Qizning qarindoshlaridan biri chiqdi-da, uni fosh qilib, unga qarshi guvohlik berdi. Hakam o‘sha zahoti hukmdorning qulog‘iga allanimalarni shivirladi va u: “Qizni qatl maydoniga olib boringlar va o‘sha yerda qip-yalang‘och qilib, mushaklarida bir burda etini, suyaklarida esa bir parcha mushagini qoldirmay toshbo‘ron qilinsin!” – dedi. Bu amri farmonni eshitganlarning barchasi hukmni qo‘llab-quvvatlovchi hayqiriqlar ostida adolatli hukmdorga astoydil tahsinlar o‘qidilar. Ular hokimiyatni va hokimning kuch-qudratini rosa ta’rif-tavsif qilib ko‘klarga ko‘tarishdi-da, baland ovozda uni, ruhoniyni va hokimni uzoq olqishlashdi. So‘ng hukmdor o‘rnidan turdi, odamlar ham shod va mamnun o‘rinlaridan qo‘zg‘alib, tarqala boshladi. Men, o‘zini himoya qilish uchun ayblanuvchi so‘nggi so‘zdan mahrum etilib, guvohlik berish imkoniga faqat uning dushmanlarigina ega bo‘lgan va jazo darajasi jinoyatga mutlaqo muvofiq kelmagan bu g‘alati sud ishi haqida o‘ylab, ma’yus tortib, mungli holda asta tanobiydan chiqdim. Bu odamlar meni chuqur hayratga solgandi, kuch-qudratga ega zot oldida ularning qanchalik ojizligi, itoatkorligi, zo‘r berib unga sajda qilishlari, uni ulug‘lab, ko‘klarga ko‘tarishlari aqlimni shoshirib qo‘ygandi; u odilona hukm chiqaradimi yoki yo‘q, shafqatlimi yoki shafqatsiz – bundan qat’i nazar, yana unga xayrixohlik bildirib, mavjud hokimiyatni qo‘llab-quvvatlagan odamlarga qanday baho berish mumkin? Jazoga hukm etilganlarning aybsizligini isbotlay oladigan yoki ularga rahm qiladigan va bu jinoyatni xuddi o‘zining boshiga tushgandek qabul qilib, o‘zi shunday hakamlarga ro‘para kelganda shu olomon ichidan ularni avf etishlarini xohlovchi birgina o‘g‘ri, yoki birgina qotil, yo birgina fohisha nahotki topilmasa?
Buzuq ayol, ehtimol mutlaqo buzuq emasdir, qotil deganlari balki o‘z or-nomusini, o‘z mulkini himoya qilish uchun shu ishga qo‘l urgandir? O‘g‘ri deganlari ehtimol o‘z yaqinlarini ochlikdan saqlab qolish uchun shunga majbur bo‘lgandir?
Hokim jinoyatni tergov qilishda qotilga marhamat ko‘rsatishni istamadi, nahot uning o‘zi umrida biron marta bunday ishga duch kelmagan bo‘lsa?
Rohib uyidan o‘g‘irlangan bir qop un uchun ruhoniy namuncha kuyib-pishmasa, nahotki uning qo‘llari harom yo‘llar bilan topilgan bironta dinorni ushlamagan bo‘lsa? Hech bo‘lmaganda o‘z gunohini yuvish uchun bir bechoraning gunohidan o‘tolmasa?
Sud buzuq erkak va ayollarni ko‘rganda nega o‘z g‘azabini tiyishni istamaydi, nahotki hayotda biron marta o‘zining peshonasi devorga urilmagan bo‘lsa?
Fuqaroning qalbini, uning mol-mulkini o‘z xohishi bilan idora etib, baxt va baxtsizlikni hushiga kelgancha odamlarga taqsimlab beradigan bu odamlar kimlar o‘zi? Ular gunohdan xoli payg‘ambar yoki farishta emaski, Xudo o‘z bandalarining ishini muhokama qilib, ularning taqdirini bir yoqlik qilishni shunday odamlarga topshirib qo‘ygan bo‘lsa? Sud ishini bu taxlitda olib borish uchun ularga kim huquq bergan? Hokimiyatni ular qaysi qonuniy kuchga asosan qo‘lga kiritganlaru qanday qilib o‘zlarini bu lavozimning haqiqiy egasi deb hisoblaydilar?
Bu qanaqa hukmdor o‘zi? Xalqning yuziga oyoq qo‘yib, Kuch va Zo‘rlik bilan taxtga erishgan o‘z yurtining zolim hukmdori yoki uchchiga chiqqan zolim hukmdor avlodi shu emasmi? Mana bu ruhoniy-chi? O‘z nafsi yo‘lida ojiz ko‘ngillaru azobda qolgan yuraklardan foydalanib qoladigan eng tullak olg‘ir mana shu emasmi?
Hakamning o‘zi-chi? Haqiqatni yolg‘on, yolg‘onni haqiqat deya taqdim etishda barchadan ustasi farangi shu emasmi?
Zolim hukmdorlar, bosqinchilar va zulmu taaddi ustalari qachon xudojo‘ydek marhamatli, diyonatli odamlardek oqko‘ngil bo‘lishgan o‘zi?
O‘z nomusini, qadr-qimmatini himoya qilaman deb jonholatda boshqa bir odamning umriga zomin bo‘lgani uchun insonni jinoyatchi – qotilga chiqarib, uni qiynab o‘ldirishga mahkum etgan hukmdorni adolatli hukmdor deb ulug‘lashga qanday tillari boradi? Odam ochlikdan qiynalib yoki norasidalarni to‘ydirish uchun bir burda non o‘g‘irlasa, uni jinoyatchiga chiqarib la’nat o‘qishadi. Biroq hakam o‘sha bechorani avval mayib qilib, so‘ng o‘ldirishga amr etsa, buni adolatli hukm deb bo‘ladimi? Bo‘yniga azob sirtmog‘i tushib, ayolni shayton yo‘ldan ozdirgan bo‘lsa, axloqsiz va jirkanch deya tamg‘a bosishadi-da, ayblashga tushishadi. Qip-yalang‘och qilib bog‘langan va har tomondan yog‘ilgan tosh yomg‘iri ostida qolgan ayolni ko‘rgan odamlar bu manzaradan dimoqlarini chog‘ qilib, sevinib tomosha qilishlariga nima desa bo‘ladi?
Olovni olov o‘chirolmaganidek, shundayin, og‘uga ruju qo‘ygan odam ham uni ikkinchi marotaba iste’mol qilgani bilan sog‘ayib qolmaydi; anavinga o‘xshab birovning o‘ng qo‘lini, so‘ng chap qo‘lini kesib tashlash bilan uning dardiga davo topilmagandek, bu olamda yovuzlikni yovuzlik bilan, azob-uqubatni azob-uqubat bilan yengib bo‘lmaydi.
Kech kirguncha tinmay o‘zim bilan o‘zim gaplashdim. Zim-ziyo, ovloq bir joydan yurib borar ekanman, tepamdan qushlar galasi uchib o‘tganini payqadim. Odimlarimni sekinlatdim va shunda meni hamon ta’qib qilib kelayotgan dahshatli manzaraga ko‘zim tushdi. Diqqat bilan qarasam, tuproqqa qorishib yotgan g‘o‘la aslida boshsiz, qo‘lsiz, oyoqsiz odam tanasi ekan. So‘ng uning yonida xuddi boshyalang giryanda ayoldek yastlanib yotgan qariyaning boshi va oyoq-qo‘llarini ham tanidim. Men yana qip-yalang‘och qilib daraxtga bog‘langan va xuddi daraxt bilan birga o‘sayotgandek uning shoxlariga chirmashib ketgan yigitchaga ko‘zim tushdi. Uning tomirida bir tomchi ham qon qolmagandi, jasad esa qo‘rqinchli ko‘lankaga aylanib qolgandi. Boshi qaysiyu oyog‘i qaysi – farqlab bo‘lmaydigan qip-qizil guvalacha-go‘sht qiz ekanini ham tanidim. U qonga bo‘yalgan bir uyum toshlar tagida qolib ketgandi. So‘ng bu jasadlar yonida qon to‘la o‘raga ko‘zim tushdi va bu o‘ra mana shu baxti qarolarning qoni bilan to‘lganini fahmladim. Ko‘z oldimni qora bulut qoplab, atrof qorong‘ilashdi. Turgan joyimda hushimdan ketdim va shu yotganimcha tun yarmigacha o‘zimga kelmadim. O‘zimga kelganimda, birdan qandaydir jussa men tomonga pusib kelayotganini sezib qoldim. Undan qo‘rqib, daraxt orqasiga berkindim. U men tomonga yaqinlashib keldi-da, shisha chirog‘ini yoqdi.
Shunda ustida aftoda kiyim-bosh, sochlari oppoq oqargan kampirga ko‘zim tushdi. Kampir asta-asta yurib jasadlarga birma-bir razm sola boshladi va abjag‘i chiqib ketgan qariya jasadi yonida to‘xtadi. So‘ng o‘sha yerda tiz cho‘kdi-da, uvvos solib yig‘ladi. Keyin murdaning oyoq-qo‘llari va boshini bir joyga yig‘ib, barini gavdaga birlashtirdi. So‘ngra daraxt tagidan chuqur kavlab, vayron-tolqon bo‘lib ketgan murdani dafn etdi-da, shunday dedi: “Oh, mening qiynoqlarda qolib, nohaqdan-nohaq u dunyoga ravona bo‘lgan cholginam! Sen Xudodan qo‘rqib, men va sho‘rpeshona nabiralaringning dardu g‘amida o‘z joningni ham ayamading. Endi Parvardigorning himoyasi va ko‘magida joning tanangni tark etib, jismingni qabr o‘z bag‘riga oldi. Sen mehribon er, g‘amxo‘r ota bo‘la olding, sen dili bilan tili bir qalbi pok inson eding. Endi gunohingdan o‘tishini so‘rab, Egamning huzuriga bor va bandalariga, hatto o‘sha seni qatl etgan zolim hukmdorlarga ham O‘zidan insof so‘ra. Yana Xudodan bizni tezroq qovushtirishini iltimos qil. Sendan ayrilganimdan beri mening birdan-bir quvonchim sen bilan diydorlashuv onlarini kutib yashash bo‘lib qoldi”.
Keksa ayolning ko‘z yoshlariga chidab turolmadim, ma’yus ko‘rinishi esa yuragimni tilka-pora qilib yubordi. Ayolning so‘zlari chin yurakdan aytilayotgan, eri esa sudning navbatdagi qurboniga aylangandi, nazarimda. Chol-kampirning hayotiga azbaroyi qiziqqanimdan berkinib turgan joyimdan otilib chiqdim-da, kampirning yoniga bordim. Meni ko‘rib, u avvaliga qo‘rqib ketdi, so‘ng boshimga tushgan musibatlar oldida bu turmush ikir-chikirlari nima bo‘pti degandek, xotirjam tortdi. Men shosha-pisha: “Qo‘rqmang, xonim, men o‘zi chet ellikman, yurtingiz urf-odatlarini ham, bu yerda yashovchilarni ham bilmayman. Men dafn etilgan odamning qabri tepasida turib sizni unga aza tutayotganingizni ko‘rdim. Men ham o‘z hamdardligimni izhor etmoqchi edim. Malol kelmasa, boshingizdan o‘tganlarni menga so‘zlab bersangiz, degandim, balki sizga biron yordamim tegib qolar”, dedim. Ayol ko‘ziga yosh olib, hikoya qila ketdi: “Erim hayotida biron marta na o‘g‘irlikka va na yo‘lto‘sarlikka qo‘l urgan. Aksincha, u yigitlik paytida ham, balog‘at yoshida ham, yolg‘iz o‘g‘li o‘sib-ulg‘aygunga qadar ham oilasini boqish uchun ter to‘kib ishlagan, mehnatdan hech qachon bo‘yin tovlamagan. O‘g‘limiz ham voyaga yetib oyoqqa turgach, otasining yo‘lini tutdi. Biroq hali o‘g‘limizga havas bilan qarab, uning yordamidan quvonib ulgurmasimizdan, to‘satdan u bizni tashlab ketdi. Ajal uning hayotiga zomin bo‘ldi, bizni esa muhtojlik botqog‘iga botirdi. O‘g‘limdan beshta farzand qoldi, to‘ng‘ich o‘g‘lining yoshi hali o‘nga ham to‘lmagan. Ularning bobosi yoshini yashab, oshini oshadi, bir yoqdan keksalik azobi, bir yoqdan ayriliq dog‘i axiri uning boshiga yetdi. U kuchdan qoldi. Ahvolimiz og‘irlashdi, qiyinchilik va ayriliq bizni jar yoqasiga olib borib qo‘ydi. Bir kuni biz tongni ochlikda kutib oldik, nabiralarni yupatib, ularga bergulik uvog‘imiz ham yo‘q edi. G‘irt arosatda qolgandik, agar Yaratganning o‘zi marhamat ko‘rsatmasa, nobud bo‘lishimiz turgan gap edi. Men qashshoqlar kiradigan ko‘chaga kirishga majbur ekanimni tushundim va xayr-sadaqa topish ilinjida odamlar huzuriga yo‘l oldim. Biroq bir burda non va bir qultum suv topish u yoqda tursin, hech kim menga hatto ochdan o‘lmaslik yo‘lini ham o‘rgatmadi. Odamlar meni ko‘rsa teskari qarardi, chunki egnimda na juldur kiyimim va na qo‘limda kachkulim bor edi. Dunyo ko‘zimga tor bo‘lib, uyimga qaytdim, ko‘nglimdan kechayotgani yolg‘iz O‘zigagina ayon edi. Uyga keldimu ochlik uyqu bermay qiynalib o‘tirgan bolalarga va ularning orasida alamini ichiga sig‘dirolmay yig‘lab o‘tirgan qariyaga ko‘zim tushdi. U ushalmas umiddan najot kutib, duoga qo‘l ochib iltijo qilardi. Norasidalarning bunday ko‘yga tushganini ko‘rganimdan ko‘ra, ajal bilan ro‘para bo‘lganimda ham o‘zimni bunchalik baxtiqaro his etmagan bo‘lardim. Bolalar meni ko‘rishlari bilan o‘zlarini menga otib, o‘rab olishdi va aqalli biron yegulik olib kelmadimikan, deya yana jovdirab menga tikilishdi. Biroq men g‘am-g‘ussaga botib, ikkala qo‘limni burnimga tiqib uyga qaytgandim. Men erimga: – “Odamlar orasida shunday mish-mish gaplar yuribdi, go‘yo shahar ibodatxonasida yetim-esir, g‘arib-g‘urabolarga atalgan oziq-ovqat qo‘ri bor emish, ularning barini ruhoniy boshqararmish. O‘sha ruhoniy huzuriga borib, ahvolimizni tushuntirsangiz, ozgina ulush so‘rasangiz qalay bo‘larkin? Axir biz xayr-ehsonni o‘zimizga emas, norasida yetimlar uchun so‘raymiz-ku”, – dedim.
Cholimning yuzlari umiddan yorishib ketdi. O‘rnidan turib, hassasini oldi-da, unga suyangancha to‘g‘ri ibodatxonaga yo‘l oldi. U yerga borib, ruhoniyga ahvolini aytib, ko‘z yosh qildi. Dindorlar qashshoqlarga ro‘para bo‘lganda, ularni qanday dimog‘dorlik bilan qarshi olishsa, ruhoniy ham cholimni xuddi shunday qo‘rslik bilan kutib oldi. “Ibodatxona, – dedi u erimga, – uni tashlab qo‘ymay, vaqt-bevaqt xayr-saxovat ko‘rsatganlarga muruvvat qo‘lini cho‘zadi. Nima, sen tinch, sog‘-omon kun kechirgan damlaringda ibodatxonaga biron bir foydang tekkanmi? Yo‘q! Shunday ekan, bor, yo‘lingdan qolma! Shuni yodda tutginki, agar rizq-ro‘z ilinjida sen o‘tib keladigan darvoza keng ochilgan bo‘lsa-yu, u senga tordek ko‘rinsa, unda bilib qo‘y, jinoyatga yetaklovchi boshqa bir darvoza senga keng ochilgan bo‘ladi.
Erim ruhoniyning huzuridan o‘zini go‘yo ovchining tuzog‘iga tushib qolgan qushdek his etib, yorug‘ dunyosi qorong‘i bo‘lib, shalvirab qaytib keldi. Ibodatxona hovlisidan o‘tayotib, uning ko‘zi burchakda turgan qopga tushgan va nimadir o‘sha qopni olishga uni undagan. Bu qashshoqlik balosi bo‘lmaganda, u sho‘rpeshonaning xayoliga bunday fikrlar qayoqdan ham kelardi deysiz. Uyatdan o‘zini qo‘yarga joy topolmay qolgan cholim qopga qaramaslikka harakat qilgan, biroq chorasizlikda unga yaqinlashib boravergan va qopning oldida qanday paydo bo‘lib qolganini o‘zi ham bilmagan. U qopning yonida o‘tirib olib, o‘zi bilan o‘zi gaplasha boshlagan: “Bu yegulik un – och-nahorlarning rizqi. Xuddi o‘sha och-nahor deganlari men bo‘laman. Mendaqasi na shu shaharda va na tevarak-atrofda topiladi. Agar qopdagi unni qo‘lga kiritish jinoyat sanalsa-yu shu bilan kimningdir hayotini saqlab qolinsa, unda ruhoniy bunday istakka izn bergan bo‘lardi”. U qopni yelkasiga ortmoqlagancha, og‘ir yukdan chayqala-chayqala yurib ketgan. Biroq ibodatxona ostonasidan bir amallab chiqib olgach, haddan tashqari bu og‘ir yukni endi bu yog‘iga ko‘tarib ketolmasligiga ko‘zi yetgan. Qopni tashlab yuboray deganda, och o‘tirgan bolalari ko‘z oldiga kelgan va ilojsiz goh hassaga, goh devorga tayanib, bazo‘r yurib kelgan.
Ko‘p o‘tmay u kuchdan qolib, ko‘kragida qattiq og‘riq turgan va ko‘z oldi qorong‘ilashgan. Og‘zidan varaqlab qon ketib, butun egni bulg‘angan. Bechora chol hushdan ketib yiqilgan. Tun qorovullarining ko‘zi tushmaguncha o‘shanday hushsiz yotavergan. Qop joyida yo‘qligini ko‘rib qolgan soqchilar undan shubhalanishgan. Bu orada ibodatxona hovlisida qopni qidir-qidirga tushishgan, uni topishdan umidini uzgan rohiblar dod sola boshlashgan. Ular yo‘qolgan qopni ibodatxona tashqarisidan qidirayotgan paytda yerda cho‘zilib yotgan erimning tepasida qaqqayib turgan soqchilarga duch kelishgan. Bu odamlar qoplarini darrov tanishgan. Bir soat o‘tar-o‘tmay unli qopni ibodatxonaga yetkazishgan, cholimni esa qamoqqa tiqishgan. Bechoraning boshiga tushgan kulfatlarni o‘ylab, yurak-bag‘rim qon bo‘lib ketyapti… Sho‘rlikning joni qiynoqlarda uzildi. Sho‘rlik nabiralarimga, menga Xudoning o‘zi rahm qilsin!”
Shundan so‘ng keksa ayol o‘rnidan turdi-da, kiyimining etagiga ko‘z yoshlarini artib, qabrga uzoq tikilib qoldi va: “Alvido, yoshlikdagi do‘stim, keksalikdagi suyanchig‘im! Rafiqlar ichida eng oliyjanobi, tug‘ishganlar orasida eng vafodori, alvido endi! Xudoning dargohida qovushguncha abadiy xayr endi!” – deya turgan yeridan u asta uzoqlashdi.
Ayol qorong‘ilik qo‘yniga singib ham ketgan ediki, yana kimdir ohista, pusib men tomonga yaqinlashayotganini ko‘rib qoldim, shartta daraxt panasiga yashirindim va nima bo‘lishini kuta boshladim. Shu orada yerga ilk nurlarini taratib, ko‘kda oy ham ko‘rindi va men achchiq alam bilan yig‘layotgan qizga ko‘zim tushdi. U biroz vaqt nigohlari bilan nimalarnidir izladi va, oxiri daraxtga chormix qilingan jasadga ko‘zi tushdi. Qiz akasining jasadi yoniga bordi va tarang tortib bog‘langan arg‘amchiga qo‘lini cho‘zib, undagi tugunni yechdi-da, gavdani arqondan bo‘shatdi; keyin uni yerga yotqizdi va tepasida haykaldek turib qoldi. So‘ng: “Jigarim, mening akajonim!” deya uvvos solib yig‘lay ketdi, murda tomon engashdi-da, uni quchoqlab o‘pib, sochlaridan, peshonasidan siladi. Yuragi tilka-pora bo‘lgan qiz xirillab, zo‘rg‘a nafas olardi. Oxiri qizning tinka-madori quridi va cho‘rt kesilgan poyadek yigitchaning yoniga guppa yiqildi. Bu meni tashvishga soldi, u o‘lib qolmasaydi degan xavotirda edim. Yoniga borib, u tomon engashdim, qiz tirik edi. Shunda uning yoniga o‘tirib oldim-da, unga chin dildan achinib, Xudodan o‘ziga kelishini yolvorib so‘radim. Birozdan so‘ng qiz chindan ham o‘ziga keldi va meni ko‘rib xijolat bo‘ldi. Keyin: “Siz kim bo‘lasiz va nima uchun yig‘layapsiz?” – dedi asta. “Senga va manavi odamga ko‘z yosh to‘kyapman”, – deya javob berdim men. “Ha, – dedi qiz, – chindan ham uning peshonasi sho‘r ekan. Uning dardida adoi tamom bo‘ldim, janob. U belga quvvat, yurakka darmon edi, undan taralgan hid senga jonga bag‘ishlardi, hali o‘n gulidan bir guli ham ochilmagandi. Uni o‘ldirgan odamlar qanchalik yovuz ekanlarini namoyish etishdi. Akam hech qachon qotil ham, jinoyatchi ham bo‘lmagan. Uni badnom qilishni rejalashtirgan g‘animlar o‘z shon-shuhratlarini, qadr-qimmatlarini saqlab qolish uchun ular tomonga cho‘zilgan qo‘llarni chopib tashlab, o‘zlari uchun qasos oldilar. Agar akamga adolat qilib, uning yosh joniga rahm qilishganda edi, u bunday jinoyat ko‘chasiga kirmagan va qo‘lini qonga botirmagan bo‘lardi”. Men: “Xonim, akangizning boshidan o‘tganlarini menga so‘zlab berolmaysizmi?” – deb iltimos qildim. Qiz rozi bo‘ldi va hikoya qila boshladi:
“Butun shaharda itday izg‘ib yuradigan o‘lponchi bir vaqtlar bizning qishloqda ham bo‘lgandi. U uyma-uy kirib chiqib, nihoyat bizning uyi­mizga kelganida men eshik tagida turardim. O‘lponchi menga yeb qo‘ygudek tikildi-da, akamning qayerda ekanini so‘radi va men unga aytdim. Bu odam akamdan zudlik bilan soliq to‘lashni talab qildi. Akam hosilini sotib bo‘lib to‘lashini, ungacha esa sabr qilib turishini o‘tindi. U, akam soliqni oxirigacha to‘lab bo‘lmaguncha meni garovga olib ketishini aytib, uni qo‘rqitdi-da, to‘laysan deb oyoq tirab turib oldi. O‘lponchi yordamchilariga ko‘zini qisgandi, ular shu zahoti meni o‘rab olishdi. Men, hukumat saroyiga garov tariqasida olib ketilgan va u yerdan, badnom qilinib, ustiga-ustak homilador bo‘lib chiqqan qizlarning ayanchli taqdiri haqida ilgarilari ham eshitgandim. Shu bois qo‘rqqanimdan akamga mahkam yopishib oldim, u esa men bilan o‘lponchi o‘rtasiga turib oldi va: “Bu qiz bilan sening necha pullik ishing bor? Pullar meniki, uni men topganman, boshqa odamning bunga aloqasi yo‘q. Senga garovga odam kerak bo‘lsa, qo‘lingga pul kelib tushguncha, mana, meni olib keta qol”, – dedi. O‘lponchi: “Menga hoziroq yo pul topib berasan, yo omonat, omonatni ham o‘zim tanlayman. Bu senga ma’qul bo‘lmasa, mayli, o‘z hayotingni tikmoqchi ekansan, tika qol”, – dedi e’tiroz bildirib. Buni eshitgan akamning qoni qaynab, peshonasidan ter chiqib ketdi. Jigarimni bu qadar g‘azab otiga minganini hech ko‘rmagandim. – “Mening or-nomusim uchun yaxshisi, sen o‘z hayotingni tika qol”, – dedi akam g‘animiga qichqirib!” – So‘ng u qilichini yalang‘ochladi-da, bir zarb bilan o‘lponchining boshini cho‘rt uzib tashladi. Shundan so‘ng to uning qo‘llarini bog‘lab, qamoqqa olib ketmagunlaricha qonga belangan ko‘yi joyidan qo‘zg‘almay turaverdi. Akamning qismati mana shu tariqa o‘z yakuniga yetgandi. Men, aka-ukalarim ichida eng rahmdili va marhamatlisi, o‘ziga xos topilmas tuyg‘u sohibi, oliyjanob, tirishqoqligi va jasurligi bilan boshqalarga o‘xshamaydigan, yoshlar ichida eng ma’quli bo‘lgan yigit uchun kuyib-yonayapman”.
Qiz hikoyasini tugatdi va mendan yordam so‘radi: “Taqsir, ukamni yerga topshirib, undan ayrilishimdan avval, uni dafn etishga yordamlashib yuborolmaysizmi? Mening darmonim qurigan, bir o‘zim eplolmayman”.
Men daraxt oldiga bordim-da, qariyaning yonidan, jasad turgan yerning tagidan chuqur qazidim va yigitchani dafn etdim. Marhumning singlisi sukut saqlab, boshini eggancha qabr yoniga keldi va tiz cho‘kdi. Qiz yig‘layaptimi, yo yo‘q, bilib bo‘lmasdi, faqat u o‘rnidan turgandan keyingina uning ko‘z yoshlaridan nam bo‘lgan yerga ko‘zim tushdi. Keyin qiz menga qo‘lini uzatib: “Taqsir, bu yaxshiligingizni o‘la-o‘lgunimcha unutmayman. Yordamga zor bo‘lib turganingda, seni suyaydigan odam topishing amri mahol bo‘lgan bir paytda mendan marhamatingizni ayamadingiz”, – dedi-da, o‘z yo‘liga ravona bo‘ldi.
Men libosining so‘nggi burmasi ko‘zdan yo‘qolguncha uni nigohlarim bilan kuzatib qo‘ydim va yana o‘z xayollarimga g‘arq bo‘ldim. Mana, toshbo‘ron qilingan qizning murdasi. U hali dafn etilmagan va qo‘rqinchli bo‘lib ketganidan qarashga yuragim dov bermasdi. Men: “Hashr kuni Xudodan ularga rahm-shafqat ko‘rsatib, o‘z marhamatini darig‘ tutmasligini so‘rayman va uni dafn etish uchun bor kuchimni ayamayman”, – dedim o‘zimga. Men qariya va yigitchaning qabri yaqinidan qizga chuqur kavladim va yopinchig‘imni murdaning ustiga yopdim-da, uni yerga topshirdim. Tiz cho‘kib, qabr yonida turuvdim hamki, orqada kimdir borligini sezib qoldim. O‘girilib qaragandim, qop-qora chakmonga burkanib olgancha, faqat ikki ko‘zinigina ochib qo‘ygan yigitchaga ko‘zim tushdi. U: “Siz hozir yonida tiz cho‘kib turgan qabr kimniki edi, janob?” – deb shoshib so‘radi mendan. Men: “Toshbo‘ron qilinib, murdasi mana shu yerga tashlab ketilgan qizniki. Dahshatli o‘lim topgan qizga rahmim kelib, uning jasadini sen ko‘rib turgan mana shu qabrga dafn etdim”, – dedim men. “Taqsir, – dedi yigitcha, – tuproq bizni ayirishdan oldin u bilan vidolashib olishimga ruxsat etsangiz?” “Mayli, ixtiyoring”, – dedim-da, nari ketdim. Yigit qabrga yaqin kelib tiz cho‘kdi va allanimalarni shivirladi, shunda men, unga ko‘kdagi yulduzlar ham hamdard bo‘layotgani, shamol uni suyib-erkalayotgani va yigitcha asta-sekin darddan forig‘ bo‘layotgani haqida o‘yladim. Keyin u o‘rnidan turib, qabrga tuproq tashladi va men tomonga o‘girildi-da: “Xudoning o‘zi sizga yo‘l ko‘rsatib, bag‘ri tilka-pora bo‘lgan bu qizdan yordamingizni ayamadingiz. Odamlar xazon qilganni siz yashirdingiz, xarob qilganni himoyangizga oldingiz. Marhumaga qilgan yaxshiliklaringiz Xudodan qaytsin”, – dedi. Yigit ketmoqchi bo‘lgandi, men uni to‘xtatdim-da: “Nahotki u chindan ham adolatsizlik qurboni bo‘lgan bo‘lsa?” – deb so‘radim undan. U avval miyig‘ida kuldi-da, so‘ng xotirjam boqib: “Ha, janob. Aks holda mening qabr chekkasida turib ko‘z yosh to‘kkanimni ko‘rmagan bo‘lardingiz. Baxtiqaro qiz mening kasrimga qolib shu ko‘yga tushdi. Xudo huzuriga borganimda aytmoqchi bo‘lgan gapimni sizga ham aytmoqchiman: qizda gunoh yo‘q. U shudring tomchisidek musaffo, yomg‘irda yuvilgan guldan-da beg‘ubor. U hali go‘daklik paytlari men unga ko‘ngil qo‘yganman. Evaziga o‘zini qurbon qilib, muhabbatini izhor etdi. Biz o‘sdik, sevgimiz ham ulg‘ayaverdi va biz bir-birimizga sodiq qolishga ont ichdik. Shundan so‘ng otasidan qizning qo‘lini so‘radim, otasi ham quvonch bilan taklifimga rozi bo‘ldi. Biroq to‘yimizga sanoqli kunlar qolganda, otasi to‘satdan vafot etdi. Bizga, to‘yni bir yilga kechiktirish kerakligini aytishdi va biz sabr bilan kuta boshladik. Bir yil o‘tar-o‘tmas qallig‘im meros bilan bog‘liq ishlarni bitirish uchun shahar sudiga jo‘nab ketdi. U yerda qizga ko‘zi tushgan hakamning fe’li aynib, o‘sha zahoti qizning vasiysi bo‘lgan amakisiga odam jo‘natdi. Bu tilyog‘lama va ochko‘z nusxa narigi qirg‘oqda yaltirab turgan tillo tangaga ko‘zi tushgudek bo‘lsa, daryo-daryo qon kechib bo‘lsa ham u yerga o‘tishdan toymaydiganlar toifasidan edi. Hakam qizning amakisiga, jiyaniga uylanish niyatida ekanini aytganida, amakisining og‘zi qulog‘iga yetib, o‘ylab ham o‘tirmay, rozi bo‘ldi va bu xushxabarni darrov jiyaniga yetkazdi. Qiz uni sovuqdan-sovuq kutib oldi va: “Men bir vaqtning o‘zida ikki erkakka qalliq bo‘lolmayman”, – dedi shartta. Amakisi uning so‘zlariga e’tibor ham bermay: “Men kimga tekkin desam, o‘shanga tegasan. Sendan hech kim rozilik so‘rayotgani yo‘q. Kuyov tanlashni senga kim qo‘yibdi? Kuyovni men tanlayman” – dedi. Oradan bir necha kun o‘tar-o‘tmay, to‘y tayyorgarliklari nihoyalanib, bazmi jamshid kuni ham belgilandi. Qiz kun botishi bilan ust-boshi va zeb-ziynatlarini yig‘ishtirdi-da, tun qorong‘isida uydan bosh olib chiqib ketdi. Bundan xabar topgan qizning amakisi, sudni ogohlantirgandi sud o‘z josusu ayg‘oqchilarini oyoqqa turg‘azdi-da, barini qochoq qizni izlab topishga safarbar etdi. Ulardan kimdir qizni ko‘rib qolgan va uning yoniga borgan. Ularga ko‘zi tushgan qizning o‘takasi yorilib, qo‘lidagi yukini ham tashlab qochgan.
Aynan o‘sha paytda men uyga qaytayotgan bo‘lganman; meni ko‘rgan qiz xuddi Xizirni ko‘rgandek hovliqib: “Ular meni quvib kelishyapti! Agar ushlab olishsa, sog‘ qo‘yishmaydi, meni kechir, seni Xudoning o‘zi qo‘llasin!” – deya menga gap qotdi.
Qizning taqdiri meni xavotirga solardi, shu bois uni uyimga boshlab keldim va xonalardan biriga yashirib qo‘ydim. Bir soat o‘tar-o‘tmay amakisi hakamning ayg‘oqchilarini oldiga solib kirib keldi va jiyanini topib berishimni so‘radi. Men, qizni ko‘rmaganman, deb turaverdim, biroq ular gapimga ishonishmadi va jiyani topilguncha qidirishni to‘xtatishmadi. “Mana, suyuqoyoq bu yerda ekan! – baqirdi amakisi. – Mana bunisi uning himoyachi-oshnasi!” Men, qizga qo‘yilayotgan aybga uning aloqasi yo‘qligini qancha aytib, odamning tili bormaydigan qasamlarni ichmay, baribir amakisi gapimni eshitishni xohlamadi va hakamning yordamchilariga qizni ushlashni buyurdi. Men endi aralashmoqchi ham bo‘lgandim, daf’atan boshimga kelib ushgan zarbdan o‘zimdan ketib yiqildim. Bir soatlardan keyin o‘zimga kelib qarasam, butun badanim o‘t bo‘lib yonyapti. Bir necha kun bezgak tutib yotdim. O‘sha mash’um kunda ko‘rganlarimning bari bir kun ko‘z o‘ngimda namoyon bo‘ldi va badanim jimirlab, yana hushdan ketib yiqildim.
Xudoning marhamati bilan axiri kecha o‘zimga keldim va bugun kechqurun uydan chiqishga muyassar bo‘ldim. Ro‘shnolikdan yiroq bu qizning qismati qanday yakun topgani haqida eshitdimu, ko‘rib turganingizdek, qizni dafn etib, u bilan vidolashish uchun keldim. Men o‘la-o‘lgunimcha uni unutmayman va u dunyoda yorim bilan qovushmagunimcha ko‘nglim taskin topmaydi.
Yigit shunday dedi-da, cheksiz qiynoq va alamda o‘z yoriga tikilgandek qabrga uzoq tikilib turdi. So‘ng yana o‘z yo‘lida davom etdi.
Birozdan so‘ng botayotgan oyga ko‘zim tushdi. Ko‘p o‘tmay oy ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi va hamma yerni zulmat, yurakni o‘rtovchi sukunat bosdi va atrof ovloq joyga aylandi-qoldi. Men uchta qabr do‘ppayib turgan tepalik yoniga bordim va yerga o‘tirib, toshga boqqancha tilga kirdim:
“Nahotki bu keng dunyo adolat va mehrdan xoli bo‘lsa? U mavjud bo‘lgan yer yuzida bir parcha ham joy yo‘q ekan, nahot undan osmonu falak ham mosuvo bo‘lsa?
Ochligini qondirishi va oilasini boqishi uchun qariya bechoraga asqotishi mumkin bo‘lgan atigi bitta kumush tangani ruhoniy xasislik qilib unga bermay jinoyat qildi. Qariyani o‘g‘irlik qilib gunohga botishiga ruhoniy majbur etdi va o‘g‘ri jazosini oldi, biroq uni shu ishga undagan berahm avliyo ota toshbag‘irligi uchun jazosini olmadi. Agar ruhoniy bu qadar zolim bo‘lmaganda, o‘g‘irlik ham yuz bermasdi.
Baridan o‘z or-nomusini afzal bilgan qizni o‘g‘irlash uchun hokim o‘lponchini yubordi. Singlisini himoya qilish uchun akasi o‘ylab ham o‘tirmay, odam o‘ldirib gunohga botdi. Buning uchun u jazo oldi.
Uni sevmagan qizni o‘ziga turmushga chiqishga majburlab, hakam jinoyat qildi. Bunga ko‘nmagan qiz o‘limga mahkum etildi, zolim hakam jazosiz qolaverdi.
Shunday qilib, haqiqiy jinoyatchi aybsizga, aybsiz bo‘lsa jinoyatchiga aylandi; yana ham aniqrog‘i, jinoyatchi aybi yo‘qning ustidan hukm chiqaruvchi bo‘ldi, gunohkor esa uning izmiga tushib qoldi.
Nahotki shundan so‘ng ham osmon uzilib, yerga tushmasa? Nahotki hech nima sodir bo‘lmagandek yana boyagi-boyagi ko‘kda yulduzlar porlab, yomg‘ir yog‘aversa?”
Men gunohsizlar qatl etilgan yerga o‘girilib qaradimu, jafokashlarning qonidan hosil bo‘lgan ko‘lni ko‘rdim. Razm solib qaragandim, uning sirtida ko‘kda chaqnab turgan yulduzlarning aksi ko‘rindi va men osmonga boqdim. Bu Mirrix sayyorasi edi, sayyora shu yerga dafn etilgan qurbonlarning yuragida lovullab yonib turgan bir parcha qahr-g‘azab o‘ti edi go‘yo. Birmuncha vaqt undan ko‘z uzolmadim va hozircha u bilan yerimiz orasidagi masofa bir mildan oshmasa-da, uni juda sekinlik bilan yuksaklikdan tusha boshlaganini va borgan sari kattalashib borayotganini ko‘rdim. Mirrix sayyorasi daf’atan larzaga keldi, to‘satdan jazolovchi farishta qiyofasiga kirdi. Uning ko‘zlari va burnidan o‘t chaqnadi, qanotlarini qoqqanda barini yemirib, buzib tashladi. Malak borgan sari yerga yaqinlashib kelardi. Mana, nihoyat u, baxti qaro qurbonlarning qabriga o‘z soyasini solib, pana qilib turgan daraxt uchiga kelib qo‘ndi.U qanotlarini shunday silkidiki, hatto larzaga kelgan yer ham yorishib ketdi, so‘ng ko‘kda xuddi momaqaldiroq gumburlagandek tilga kirdi va: “Mana, nimadan qutulgan bo‘lsa, yana o‘shanga qaytgan odam bolalari! Mana, yovuzlik, fisq-fujur to‘lib-toshgan o‘sha zamin! Hatto ko‘kdan tushgan biron sohibga unda pokiza joy topish mushkul.
Mana, kuchlariga kuch qo‘shilib borayotgan zo‘ravonlar, manavilari esa kundan-kunga zaiflashib borayotgan nimjonlar! Mana, boylar qo‘liga tushib qolgan faqirlarga tegishli go‘sht. Birovlar uni og‘zidan oldirib, birovlarning burnidan chiqayotgani.
Mana ular, xayr-saxovat qo‘lini cho‘zuvchi homiylarini uchratolmay, ochlikdan tirraqdek qotib jon berayotgan yalangoyoqlar. Mana, qayg‘u va g‘am-g‘ussada najotga muhtoj, qiynoqdan nobud bo‘layotgan baxti kemtik o‘sha odamlar.
Mana ular, garchand ado etishlari buyurilgan bo‘lsa-da, Xudoning amriga itoat etmay kelayotgan hukmdorlar. Adolat o‘rnatish uchun Xudo qo‘llariga tutqazgan shamshirni qiniga joylab, boshqasida tabiatga zid, qonunga xilof ish tutib yurganlar; nimaga intilayotgan bo‘lishsa, o‘shanga erishish maqsadida o‘z istak-xohishlariga yo‘l ochib, o‘z shamshirlarini qo‘ldan qo‘ymay kelayotirlar.
Mana ular, yeb to‘ymas, g‘arazgo‘y qozilar. Ular sud ishini adolatsiz tarzda tashkil etmoqdalar. Ular qalqonning narigi yog‘idagilarga zarba berish niyatida qonunni qalqon qilib, uning panasiga berkinganlar. Qonunning bunday himoyasi ostida ular mag‘lubiyat, azob-uqubat nimaligini bilmay, o‘z maqsadlariga erishib kelmoqdalar.
Mana ular, bu yorug‘ olamga hukmron ruhoniylar. Itoatgo‘y bandalaridan tortib olingan mollar bilan cherkovni to‘ldirib, uni qaroqchilarning g‘origa aylantirib yuborganlar. Beva-bechoralarga xayr-sadaqa qilishga kelganda o‘lgudek xasislar.
Mana ular, o‘zlariga xush yoqadigan ko‘ngildagi niyatlarini amalga oshirish uchun hech nimadan qaytmaydigan hukmdor sheriklari; adolatsiz sud ishlariga bosh-qosh, sud bilan og‘iz-burun o‘pishayotganlar; talonchilikka xayrixoh ruhoniylar!
Hukmdoridan tortib, fuqarosigacha, xo‘jayinidan tortib, uning xizmatkorigacha – bari Xudoning g‘azabiga duchor bo‘lg‘ay.
Mayli, taxtlar ag‘darilib, cherkovlar qulasin, sud deganlari dom-daraksiz g‘oyib bo‘lsin; darayu vohalar vayron bo‘lsin; erkagu ayol, keksayu yosh, gunohsizu gunohkor, ezgulik va yovuzlik – barisini yer yutsin. Bularning bari Xudoning g‘azabi emas, odamlar o‘z boshlariga o‘zlari sotib olayotgan balo-qazolar”.
U endigina so‘zini tugatgan ham ediki, Xudo Nuh payg‘ambarga amru farmon yuborgan kun qanday avjga chiqqan bo‘lsa, azobda o‘ldirilgan qurbonlarning qonidan hosil bo‘lgan ko‘l ham xuddi shunday qaynab chiqqanini ko‘rdim. So‘ng bir yurtdan ikkinchisiga o‘tib, quyilib kelayotgan kuchli qon seli butun yer yuzini qopladi. Dalayu mol-hol, saroyu kulba, insonu hayvon, tili boru tili yo‘q – bari, yer yuzini qoplagan qizil dengizga g‘arq bo‘ldilar. To‘lqin sekinlik bilan ko‘tarila-ko‘tarila men o‘tirgan tepalikning cho‘qqisiga kelib urilganini ko‘rdim. Men qattiq qichqirib, uyg‘onib ketdim. Bu 1914 yilning 28 iyul kunining erta tongi edi. Birdan derazam tagida: “Urush boshlandi!” degan hayqiriqni eshitdim.

Rus tilidan Dildora Aliyeva tarjimasi
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2013 yil, 7-son.