Uy ichi tor bo‘lgani uchun, bola butun qish davomida pechka ostidagi burchakda mushukday g‘ujanak bo‘lib, rangi unniqqan polning ustida yotib chiqdi. Havo ilib, ochiq osmon ostida yashasa bo‘ladigan payt kelishi bilan, yog‘och omboridan yashirib olib kelgan va shaxtadan chiqqan chiqindilarning orasidan topgan yaroqsiz taxtalarni qurashtirib, o‘tinxonaning yoniga kichkinagina so‘ri yasab oldi-da, shahardagilar orasida birinchi bo‘lib tashqarida yashay boshladi. Ustiga soya tushmaydigan so‘rida peshin mahali uxlab, dam olish qiyin bo‘lgani uchun, o‘gay otasidan haddan tashqari qo‘rqsa ham, uning bugun soat uchda kelishini bilsa ham, onasining zorlanib qarshilik ko‘rsatganiga qaramay, tavakkal qilib, uyga kirib karavotga yotib oldi. Yotganda ham, kiyim-piyimi bilan yotdi.
O‘gay otasi uning oriq yelkasidan turtib uyg‘otdi.
– Ey, oshga yuk, boshga yuk, yaqin orada sen meni o‘z uyimdan ham quvib chiqaradiganga o‘xshaysan-a?!
G‘ijinib turgan otasining jun qoplagan keng ko‘kragi, yo‘l-yo‘l chiziqlar tushgan do‘ng peshonasi, quyuq qoshlarining ostidan zahar sochayotgan ko‘zlari va do‘rdoq lablariga nafrat bilan bir sidra qarab chiqqan bola karavotdan sekin tushib, tashqariga yo‘naldi. Dahlizga chiqadigan ostonada hammasini ko‘rib, eshitib, yig‘laguday bo‘lib lablari titrab turgan onasi yonidan o‘tib borayotgan bolaning orqa kuragiga shap etib bir tushirdi. Bola yig‘lab qochishning o‘rniga, onasining yosh to‘kishga tayyor turgan ko‘zlariga «Bu tag‘in nimasi?» deganday tik qarab, indamay tashqariga chiqib, o‘zining quyoshda qizib yotgan yozgi so‘risiga bordi. Devor ostidagi primusga qo‘yilgan kichik tunuka tovoqdagi sarg‘ish tusli sho‘rvaning bilqillab qaynashiga qarab, bir muddat o‘ylanib o‘tirdi. Keyin o‘rnidan ilkis turib, ikki qadam naridagi torgina xiyobonga o‘tdi. Anchadan keyin o‘ng tomonga burilib, temir yo‘lni kesib o‘tib, asfalt yo‘lga tushdi. Ko‘p o‘tmay shahar hududi tugab, bug‘doy ekilgan keng dala boshlandi. Bola bug‘doyzor ichini oralab o‘tgan yo‘lga burildi.
Ko‘pdan beri hech kim yurmagan ovloq yo‘lda yomg‘irli bahor kunlarini eslatuvchi ot-arava, sigir-buzoq va yo‘lovchilarning loyga botgan eski izlari ko‘rindi. Izlarning har joy-har joyida bug‘doy unib chiqib, pishib qolibdi.
Bola bir zumda bug‘doyzorga kirib, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Shu payt orqa tomondan onasining tanish va yoqimli ovozini eshitdi.
– Sar-da-al! – Ovoz bo‘g‘iq va ayanchli edi. Bola ortiga o‘girilib, olisdan sap-sariq bug‘doyzorni oralab kelayotgan onasining qop-qora boshini, yuqori ko‘tarilgan qo‘lida hilpiragan ro‘molni ko‘rib o‘rnidan turdi.
Onasi ancha joygacha yugurib keldi, lekin oxiri o‘pkasi og‘ziga tiqilib, og‘ir-og‘ir nafas ola boshladi.
– Qayt, Sardal!
Bola onasining niyatini tushunib, ortiga o‘girilmay qocha boshladi. Ona bilan bola o‘rtasida quvlashmachoq boshlandi.
– Sar-da-al, qayt!
– Sar-da-al!
Ayol holsizlanib orqada qola boshladi.
– Sar-da-al!..
Bu gal onasining ovozi uzoqdan eshitilganini bilgan bola to‘xtab, orqasiga qaradi.
Onasi ancha olisda, yo‘lning o‘rtasida to‘xtab qolibdi. O‘g‘lining joyidan qo‘zg‘almay turganini ko‘rib, bir oz ishonib-ishonmay, ikkilanib yura boshladi. Bolaning yana qochib ketishini kutib, undan ko‘zini uzmasdan qadamini tezlatdi. Qattiq shoshilganidan bir marta qoqilib, yerga yuztuban yiqildi. Ust-boshi, yuz-ko‘zi chang-tuproqqa belandi, lekin egnini qoqmay, hurpaygan sochlarini tuzatmasdan, go‘rdan chiqqanday g‘alati ahvolda yurib boraverdi.
Bu bolaga ta’sir etdi. Yuragi achishib, tomog‘iga nimadir tiqildi. O‘zi sezmagan holda asta-sekin qadam tashlab, onasi tomon yurdi. Onasining tuproq tekkan quyuq qoshlarining ostidan boqib turgan qop-qora ko‘zlarini ko‘rgach:
– Opa! – deb qichqirib yugurdi. Ayol ham bor kuchini yig‘ib, ikki ko‘lini cho‘zib, unga talpindi.
Keyin boshlaridagi osmon singari keng bug‘doyzor o‘rtasidagi maysa qoplagan eski yo‘lda ona-bola bir-birovini mahkam quchoqlab, bir-birining qalb harorati, yoqimli va tanish hididan hayajonlanib, anchagacha indamay turishdi. Bir-biridan nigohlarini yashirib, ko‘z yosh to‘kishdi.
– Endi… – dedi bir mahal onasi bolaning boshini ko‘ksidan bo‘shatmay, – shunday ahd qilgan bo‘lsang, mayli… Lekin otangning oldiga borgach, men haqimda gapirmay qo‘yaqol, maylimi?
– Yo‘q, – dedi o‘g‘li onasining quchog‘idan chiqib, – aytaman. Xammasini aytaman. Yerto‘laga o‘xshagan uyingni, kambag‘al va nochorligingni, turmushing yomonligini, kiyimlaring yupunligini, ishing og‘irligini, non bo‘lmay qolgan paytlarda talabalarning kiyimini yuvib pul topishingni, yolg‘izligingni, kasalxonada birga ishlaydigan kir yuvuvchi xotinlardan boshqa hech kim seni tanimasligini, shu holingga qaramay, ering bor puliga ichib kelib, rahm qilmasdan seni savalashini – hamma-hammasini aytaman.
Diydagiryon ayol o‘zini xotirjam tutishga urindi.
– Bunday qilsang, menga ko‘maging tegmaydi-da, Sardal.
– Shunday bo‘lsa ham…
– Polvonim, sen hali ko‘p narsani tushunmaysan. Bilsang, kattalar ham yanglishadi. Eng yomoni, ularning har bir xatosi juda qimmatga tushadi…
– Eh, opajon! – dedi bola boshini qaytadan onasining ko‘ksiga bosib. – Bir paytlar qanday baxtli edik… O‘z otam bilan… O‘z uyimiz, qo‘rg‘onimiz, bog‘imiz bor edi… Ikki tup olmamiz kuzda qayta gulga kirardi. Esingdami, opa?
– Albatta, – dedi onasi beixtiyor jilmayib, – lekin bu olmalarning mevasi pishmay qolardi. Sovuq kuzning ortidan qish kelib…
Ko‘zidagi yoshni bolasiga ko‘rsatmaslik uchun boshini baland ko‘tarib, olis-olislarga qaradi. Kiprigida miltiragan tomchida quyosh nurlari, oppoq bulutlar, sarg‘aygan osmon aks etdi.
– Opa, esingdami, otam bilan uchchovimiz shaharga borib, menga velosiped sotib olgandik. U hozir ham otxonada turibdi. Sening oldingga kelsam, otamning oldiga jo‘natmay qo‘yishingni bilganimda, velosipedimni shaharga olib kelgan bo‘lardim. – Bola bir oz o‘yga botib, jim bo‘lib qoldi. Keyin chuqur xo‘rsindi. – Opajon, o‘shanda nimaga janjal qildinglar?.. Hammasini sen qilding… Keyin yarashib olsangiz ham bo‘lardi. Bechora otam sendan qayta-qayta kechirim so‘radi. Erga tekkaningdan keyin ham kelib yurdi. Shu yilning o‘zida ham kelib ketdi-ku! Sen bo‘lsang…
– Sardal, yur, – dedi ayol nafasini rostlab, – seni kuzatib qo‘ymoqchiman.
Ikkisi bir-biriga suyanib, jimgina qadam bosishdi.
– Sardal… – dedi ayol bir necha qadam yurishgach, negadir qiynalib, – sen otangga ayt… Ertaga dam olish kuni… Sen bilan shaharga kelsin… Yangi velosipeding g‘ildiragiga yel bergan joyimizda, tolning ostidagi supada meni kutinglar, xo‘pmi?
– Opa… – dedi o‘g‘li quvonchini yashirolmay.
– Bor, bor endi… – Onasi to‘xtadi.
Bola onasidan ko‘zini uzolmasdan besh-olti qadam yurib, keyin ortiga tez-tez qarab, undan uzoqlasha boshladi.
Ayol yo‘lning o‘rtasida dovdirab, o‘g‘li sap-sariq bug‘doyzorning orasiga tamoman singib ketguncha undan ko‘zini uzmay qarab turaverdi…
Bola onasining boshi qop-qora nuqtaga o‘xshab, uning yurayotgani yoki to‘xtab turgani bilinmay qolguncha yurib, keyin botinkalarini yechib, ularni bir-biriga bog‘lab yelkasiga ilib, shimining pochasini tizzasigacha qaytarib oldi-da, ildamlab ketdi.
Ko‘ngli o‘sgan bola yo‘l bo‘yi irg‘ishlab o‘ynab, shataloq otib yugurib, dam olgan paytlarida chigirtkalarni urishtirib, bug‘doy ichidan kapalak va chirildoq quvalab, yo‘ldan adashib qolguncha ketaverdi. Kun botar mahali bug‘doyzor tugagach, bola o‘ziga tanish qiyoq-qamishlar o‘sgan botqoqlikka yetdi. Shu yerda bug‘doyzor ichidagi yo‘l boshqa tomonga burildi, bola esa qamishzor yaqinidagi yolg‘izoyoq yo‘lga tushdi. Qorong‘ilik tusha boshlagach, qamishzor ichidagi yovvoyi o‘rdaklar qo‘noq izlab, nari-beri ucha boshladi. Bola uch-to‘rt daqiqadan keyin botqoqlikdan o‘tib, kolxozchilarning tomorqalariga duch keldi. Avval ekinzorlarni, keyin qishloq bog‘larini, uylarni oralab yurib, o‘zlarining qo‘rg‘oniga yetib keldi.
Negadir darvoza ichidan berk ekan. Bola tirqishdan qarab, olma ostida o‘tirgan kampirni, o‘choqqa o‘t qalayotgan yoshgina juvonni, velosipedining g‘ildiragiga yel berayotgan o‘ziga tengdosh bolani ko‘rdi. Umrida ko‘rmagan begona kishilar uni haddan tashqari hayron qoldirdi. Bir muddat nima qilishini bilmay, garangsib turdi-da, keyin shimining pochasini tushirib, botinkalarini kiyib, kichik mushti bilan darvozani qoqdi. Shu zahoti qo‘rg‘on ichidan kalishning «shirp-shurp» ovozi eshitilib, ko‘p o‘tmay darvozaning og‘ir zanjiri shaldirab, ro‘parasida istarasi issiq yosh juvon paydo bo‘ldi.
– Hormangiz… – dedi bola ayoldan bir oz tortinib.
– Bor bo‘l, kel.
– Keldim… Jaqip aka uydami? – U negadir «otam» degisi kelmadi.
– Yo‘q. Ekinlarni sug‘orishga ketgan. Nima ishing bor edi?.. Aytaver, men uning xotiniman.
Bola juvonga angrayib tikilib qoldi. Shu chog‘ ayolning yoniga velosipedini yetaklagan bola keldi.
Sardal bolaning yuziga qaramay turib, velosipedga ko‘z qirini tashladi. Velosipedning bir oz mayishgan rulidan uning o‘ziniki ekanligini bilib, qo‘y ko‘zlariga to‘lgan yoshni yetti yot begonalarga ko‘rsatmaslik uchun ortiga qaytdi.
Uy egalari hayron bo‘lib qarab qolishdi.
Sardalning kayfiyati buzilib, qo‘rg‘ondan uzoqlasha boshladi. Muyulishga yetganida ko‘cha boshidan dupurlab kelayotgan sigirlarni, ularning ortidan tuproq ko‘chani boshiga ko‘tarib o‘tayotgan bolalarni ko‘rib to‘xtadi. Sigirlarni ham, ularning egalarini ham tanib, shu zahoti o‘zini qorong‘ilikka urib, devor panasida yashirinib turdi. O‘zining eski do‘stlari oldida suvga irg‘itilgan kuchukday ayanchli holda shalvirab turgisi kelmadi.
O‘tloqdan to‘ygan qorinlarini arang ko‘tarib, sut isi kelib turgan yelinlarini osiltirib, o‘z turmushidan rozi bo‘lib, yursammi-yurmasammi deganday, sigirlar o‘ta boshladi. Bolalar Sardalni payqashmadi. Ular quyosh chiqqanda qo‘ziqorin chiqish-chiqmasligi borasidagi bahsga alahsib o‘tib ketishdi.
Bolalar ko‘zdan yo‘qolguncha, Sardal o‘rnidan jilmadi. Birdan qulog‘iga bulbulning «chik-ak» degan ayanchli tovushi eshitildi.
Bola yuqoriga qarab, halidan beri e’tibor bermagan, mevalarining og‘irligidan yerga egilib turgan olma shoxlarini ko‘rdi. Bu olmalar o‘zgacha, har yili ikki marta gullaydigan ikki tup olmaning shoxlari edi… Bola olmalarning har bir novdasini, har bir yaprog‘ini sog‘inch bilan kuzatdi. Tuyqusdan bir necha shoxda tonggi yulduzlarga o‘xshagan gullar ko‘rindi.
Bolaning ko‘ziga qaytadan yosh to‘ldi. Endi bu gullar buloq ostidan chiqib, olis-olislarga uchib borgach, bir-biriga qo‘shilib, bulutga aylanib ketishdi…
Bola ko‘zlarini artib yo‘lga tushdi. U qishloq uylarini, bog‘larni, ekinzorlarni ortda qoldirib, qamish o‘sgan botqoqlikka yaqinlashdi. Shu yerda unga bir it yo‘liqdi. It yo‘lning chetida o‘sgan o‘tlar orasida yugurib, qo‘ng‘iz tutib yeb yurgandi.
Sardal avvaliga unchalik e’tibor bermadi, keyin tanib qoldi: bu o‘zlarining iti edi. It bolani payqamadi. Bola uni chaqirib, o‘zining kichiklik paytidagiday bo‘ynidan quchoqlagisi keldi, lekin ergashib qolishidan cho‘chib indamadi, chunki bolaning ortidan borsa, shaharda yashashi qiyin bo‘ladi.
Bolaga itning hech narsadan xabarsiz, erkin yurishi yoqdi. «Sen juda ham baxtlisan…» – dedi itdan ko‘zini uzmay borayotib.
Birdaniga it uni sezib qoldi. O‘sha zahoti yugurib kelib suykalib, bolaning yuz-ko‘zi, qo‘llarini iskab, atrofida aylandi.
Buni ko‘rib bolaning yuragi hapriqib ketdi. Birpas itning manglayini silab turib:
– Men bilan ketasanmi-a? Ketasanmi? – deb so‘radi.
It uning ko‘lini yalab, dumini qimirlatdi.
– Unday bo‘lsa, yur!
It bolaga ergashdi. Ikkisi qamishzor ichiga kirishdi. Bu yer keng, g‘or singari qorong‘i va tinch ekan.
Bola oyog‘i bilan tusmollab yo‘lni topib, yuz-ko‘zini qiyoq-qamishlardan to‘sib, qo‘llarini yuqori ko‘tarib, bug‘doyzor yonidan chiqdi. Shoshmasdan shimining pochasini qayirib, botinkasini yelkasiga ildi. Qarshisidagi dengiz singari yastangan dalaga bir qarab qo‘ydi-da, charchoqdan zirqirab og‘riy boshlagan oyoqlarini arang ko‘tarib, bug‘doyzorning ichiga kirib ketdi.
It uning ortidan qolmadi. Shu payt bolaning ro‘parasida-gi olis tog‘lar yorishib, chaqmoq chaqildi. Qoraygan osmondan bug‘doyzordagi chigirtkalarday tovush chiqarib, dastlabki tomchilar toma boshladi.
Qirg‘iz tilidan Avliyoxon Eshon tarjimasi