Murza G‘aparov. Boychechak (hikoya)

Telefon uzoq jiringladi.
Kiyaz uning ovozini anchagacha eshitib yotib, arang ko‘zini ochdi.
Xona ichi qorong‘i. Qay mahal bo‘lgani: kechqurunmi, tun o‘rtasimi, saharmi, bilinmaydi. Aeroportdan samolyotlarning gurillagani eshitiladi. Ular kecha-kunduz uchib turishadi…
«Bemahalda kim telefon qilyapti ekan? Shahardan emasligi aniq: telefonning ovozi uzun-uzun jiringlayapti».
– Ey, telefon jiringlab yotibdi, – dedi ayolini turtib.
Lekin ayoli uyg‘onavermadi. Turishga to‘g‘ri keldi. Stol-stullarga turtinib borib, trubkani ko‘tardi.
– Allo…
– Bu Isoqovning uyimi?
– Ha.
– Novqot bilan gaplashing.
Novqot tug‘ilib-o‘sgan tumani. U yoqda ko‘p qarindosh-urug‘lari yashaydi: otasi, onasi, og‘a-inilari, amma-xolalari, yangalari… enasi. Lekin ularning hech qaysi biri bunday bemahalda telefon qilishmasdi. Nima bo‘ldi ekan?
Novqot tomondan:
– Allo, – degan erkak kishining ovozi eshitildi.
Kiyaz ovoz egasini tanimadi.
– Kimsiz? – deb so‘radi.
– Menman, Kiyaz, – dedi novqotlik. – Yo‘ldoshman.
– Qaysi Yo‘ldosh?
Kiyazning Novqotdan ketganiga o‘n sakkiz yil bo‘ldi. Hozir u yerga yilda bir borib, ikki-uch kun turib, qaytib keladi. Bora-bora eldan, tug‘ilgan yeridan uzoqlashib, ba’zi yurtdoshlarini unutib ham qo‘yyapti.
– Qaysi Yo‘ldosh?
Haligi odam uning hayallab qolganining sababini tushundi shekilli:
– Yo‘ldosh – pochtachiman, – deb qo‘shib qo‘ydi.
– A-a-a, Yo‘ldosh aka… – dedi Kiyaz buni eshitib. Ularning qishlog‘ida shunday odam bor edi, lekin u kishining bularga hech qanday tegishli joyi, yaqinligi yo‘q edi. Shuning uchun uning telefon qilishi, ayniqsa, yarim tunda ko‘ng‘iroq qilishi yana ham g‘alati tuyuldi
– Xo‘-o‘sh, nechun telefon qilyapsiz?
– Kiyaz, ovulga bir kelib ketgin, uka. Enang betob bo‘lib qoldi.
Enasining avvallari ham tobi qochib turardi, keksayib qolgan-da. Biroq bu haqda bunday tarzda xabar berib, uning tinchini buzishmagandi. Demak, bir gap bo‘lganga o‘xshaydi…
– Nima bo‘ldi, ahvoli og‘irmi? – deb so‘radi Kiyaz to‘liqroq ma’lumot olmoqchi bo‘lib.
– Ancha og‘ir, – dedi Yo‘ldosh pochtachi. – Kelishing kerak.
Demak, bir hodisa bo‘lgan deb o‘yladi Kiyaz. Biroq anig‘ini bilib olishi zarur: shunchaki tobi qochib qolgan bo‘lsa, borolmaydi – kelgusi jumagacha avtoreferatini topshirishi kerak, oyning oxirida dissertatsiyasini ximoya qiladi; to‘satdan kampirga bir nima bo‘lib qolgan bo‘lsa, borishiga to‘g‘ri keladi. Lekin buni qanday aniqlaydi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri «o‘ldimi?» deb so‘ragani odamning tili bormaydi. Haligi odam «og‘zi-burnini qiyshaytirib, buning so‘raganini qara», deb yomon ko‘rib qolishi mumkin. Qishloqning odami-da.
– Nima qilsam ekan? – Kiyaz o‘ylanib qoldi, lekin xayolidan o‘tgani og‘zidan chiqib ketdi. – Ishlarimni nima qilaman?
– Ishlaringni ikki-uch kunga qo‘ya turasan-da, – dedi pochtachi. – Kelmasang, bo‘lmaydi. Kampirning ko‘ngli og‘riydi.
Kiyazning xayoli bo‘lindi. Yo‘q, kampir ancha o‘salga o‘xshaydi yoki unga nimadir bo‘lgan. Ochig‘ini aytib qo‘yavermaydimi, gapni aylantirmay.
– Shunday qilaman, boshqa ilojim yo‘q.
– Tezroq yetib kel, uka. Bandalik-da…
Obbo, bu odamning mulohazakorligi haddan oshdi! Gapni pardalamay, o‘lgan bo‘lsa, o‘ldi demaysanmi, musurmon.
– Boraman. Tushgacha yetib boraman…
Uyning ichi yorishib, ayolining yuzi, yalang‘och ko‘kragi oqarib ko‘rina boshladi. Endigina turmush qurib, hali o‘yin-kulgi bilan ovora bo‘lib yurgan paytlari edi. Shuning uchun xotiniga birpas suqlanib qarab turib, shu zahotiyoq uning ko‘yniga kirib yotgisi keldi, lekin samolyotlarning ovozi boradigan joyi olis ekanligini eslatgani uchun o‘zini tutdi. Ayolini uyg‘otib, telefonda eshitgan gaplari va o‘zining qarorini aytdi.
– Men ham birga boraymi? – deb esnab qo‘ydi xotini.
– Keragi yo‘q, – dedi Kiyaz, – kampir hali o‘lgani yo‘q. Buning ustiga, sen uni ko‘rmagansan ham. Undan ko‘ra, tinchgina yotib uxlayver, oydinim.
– Yaxshi borib kel. Chiqayotganingda eshikni qattiqroq yopib qo‘y…
Kiyaz uning aytganini qildi.
Aeroportga yetib kelsa, tushgacha bo‘ladigan reyslarga chipta yo‘q ekan. Yolg‘on gapirishiga to‘g‘ri keldi.
– O‘lik ko‘mgani boryapman, – dedi mung‘ayib.
Yolg‘onni osongina ayta olganiga o‘zi ham hayron bo‘ldi, lekin shu zahoti, balki bu yolg‘on emasdir, chindan ham enam o‘lib qolgandir deb o‘ylab, o‘zini oqladi.
– Gapingizni tasdiqlaydigan biror nimangiz bormi? – deb so‘radi kassir ayol.
Kiyaz bu qayg‘uli xabarni telefon orqali eshitganini aytdi. Kassir unga ishonib-ishonmay qarab turdi-da, yaqinda uchadigan samolyotga chipta yozib berdi.
Samolyot bor-yo‘g‘i ellik daqiqa uchishi kerak. Kiyaz yo‘l bo‘yi oynadan tashqariga qarab ketdi. Bir yildan beri Frunzedan chetga chiqmadi. Mana, endi shahar, undagi o‘zining mashaqqatli hayotini ortda, yerda qoldirib, o‘zini erkin va yengil his qila boshladi. Yoz manzaralari kayfiyatini ko‘tardi. Ayniqsa, shimol bilan janubni ajratib turgan tog‘lardan o‘tayotganda yuragi to‘lqinlanib ketdi.
Tog‘lardan qor ketmabdi. Yaqin orada ketadigan ham emas. Bir-biri bilan tutashgan tog‘lar past-balandligi ham bilinmay, oppoq kenglikka aylanib, osoyishta yaltiraydi. Osmonda uzuq-yuluq bulutlar qalqib yuribdi…
Kiyaz samolyotdan tushib, taksiga o‘tirdi. Mashina uni to‘g‘ri qishlog‘iga yetkazib qo‘ydi. Enasi o‘libdi. Otasining eshigida to‘plangan odamlarni ko‘rib, buni tushundi. Ko‘pchilik o‘girilib mashinaga qaradi. Birov shoshilib uyga kirib ketdi, shu zahoti jimlik cho‘kkan uydan yig‘i tovushi eshitildi. Kimdir izdihom orasidan ajralib, Kiyazga peshvoz chiqdi. Yo‘ldosh pochtachi ekan.
– Keldingmi, uka? – dedi pochtachi unga nari-beri qo‘l uzatib.
– Endi nima qilay? – Kiyazning tiliga boshqa kalima kelmadi.
U birdaniga gangib qoldi. Biroq kuyganidan emas, hali kuymoq nimaligini bilmasdi, yoshi o‘ttiz beshga chiqib, o‘lim-yitimni ko‘rmaganligi uchun esankirab qoldi. Axir, enasi o‘lib yotibdi. Nima qilmog‘i lozim?
– Yig‘lab, ortimdan ergash, – dedi pochtachi.
Kiyaz unga ergashdi, lekin yig‘lashga hali tayyor emas edi. Umrida o‘lgan odam uchun yig‘lamagandi. O‘ziga qarab turgan odamlarni chamalab, shipillab borayotgan pochtachining ortidan qadam tashlab ketaverdi.
– Yig‘la, yig‘lamaysanmi? – deya pichirladi pochtachi yarim o‘girilib. Uning so‘zlari ta’naga o‘xshab eshitildi.
Kiyaz tavakkal qilib:
– Enam-ey, enam-ey, – deb yubordi.
Bu so‘zlarni shunchaki emas, balki biroz ohangga solib, cho‘zib, mungli qilib aytdi. Lekin diydasiga yosh kelmadi. Odamlardan ko‘zini yashirish uchun plashchining cho‘ntagiga qo‘lini suqib, dastro‘molini izladi. Qo‘l solgan cho‘ntagida ro‘molchasi yo‘q ekan. Uning maqsadini tushundimi, kimdir yugurib kelib, qo‘lidan portfelini oldi. Kiyaz bo‘shagan qo‘li bilan boshqa cho‘ntagidan dastro‘molni topib, ko‘ziga tutdi…
Pochtachiga ergashib yig‘i eshitilayotgan uyga kirdi. Avval dahliz, keyin to‘rdagi xonaga o‘tishdi. Xona ichi qorong‘iroq ekan. Kiyaz ostonaga to‘qinib, pochtachining yelkasiga turtinib ketdi. Yuz-ko‘zidan dastro‘molini olib, yig‘layotganlarni g‘ira-shira ko‘rib qoldi. Ularning hammasi o‘zining qarindoshlari bo‘lib chiqdi: otasi, onasi, og‘a-inilari, amma-xolalari, yangalari… Ular bir kishilik yog‘och so‘rining atrofida tik turgan holda yig‘lashmoqda. So‘rida enasi yotibdi. Sog‘ligida bukchayib yuradigan jussasi kichik qora kampir endi oyoqlarini uzatib, bo‘yi uzayib qolibdi. Ustiga qora baxmal yopilgani uchun uning hech kayeri ko‘rinmaydi. Kiyaz enasining yuzini ochib ko‘rishi kerakmi, yo‘qmi, bilolmay qoldi. Urf-odat qandayligini bilmasdi. Shuning uchun enasidan ikki qadam berida to‘xtab, boshqalarning safiga qo‘shilib:
– Enam-ey, enam-ey, – deb ovoz soldi.
Ko‘ziga tag‘in yosh kelmadi. Uyning ichida uvvos solib turganlar ham, enasining jonsiz yotishi ham, uning yuragini eritolmadi. Bunga o‘zi ham ajablandi.
Bir payt kimdir kelib ko‘ksiga boshini qo‘ydi. Onasi ekan. Onasining ohangga solib aytayotgan yo‘qlovidagi so‘zlar Kiyazga tegishliday tuyuldi. U bir oz to‘xtab, onasining nima deyayotganiga qiziqsindi. Lekin shovqin-suron ichidan uning «Enangdan ayrilib qoldik…» degan so‘zlarini zo‘rg‘a ilg‘ay oldi.
Ha, enamdan ayrildik, dedi Kiyaz ham ichida. Mana, enasi o‘lib yotibdi. Har bir kishining bitta enasi bo‘ladi. Ena degani – onasining onasi. Demak, juda ham yaqin. Albatta, Kiyaz buni biladi, lekin aqli bilan tushunib tursa ham, yuragiga yetkazolmay turibdi.
– Enam-ey, enam-ey…
Onasidan keyin boshqa qarindoshlari ham bir-bir kelib, uning bo‘yniga osilib yig‘lab, g‘am-alamlarini u bilan teng baham ko‘rmoq bo‘lishdi. Lekin ularning hammasi bir bo‘lib ham, g‘ussa va ko‘z yoshlarini Kiyazga yuqtira olishmadi. Uning botini suvsiz qorong‘i quduqqa o‘xshab qolganday edi.
– Enam-ey, enam-ey…
Kiyaz boshqalarning nazarida o‘zini bo‘zlayotganday ko‘rsatib, qurib qolgan qudug‘idan suv chiqarishga urindi. Ataylab bo‘lsa ham, qalbini yumshatgisi kelib, enasini, uning fe’l-atvorini esladi. Enasi umrida birovga qattiq gapirmagan, o‘zi ham boshqalardan yomon gap eshitmagan, juda aqlli va mehribon ayol edi. Bolalarim, bolalarimning bolalari deb yurib, oxiri mana bunday qilib, dunyodan o‘tdi. Kiyazni yaxshi ko‘rardi. Har gal nabirasi qishloqqa kelganida, uni ko‘zida yosh bilan kutib olib, atrofidan aylanib-o‘rgilardi.
«Bolalaringni beshigini tebratib, keyin o‘lsam armonim qolmasdi», – derdi doimo…
Xotiralar ham Kiyazning yuragini ilitmadi. U avvalgiday ko‘z yosh to‘kmay, ovoz solib turaverdi.
– Enam-ey, enam-ey…
Kampirni tashqariga olib chiqib, o‘rtaga qo‘yishdi. Salla o‘ragan bir chol janoza o‘qidi. Keyin kampirni qabristonga olib jo‘nashdi.
Urf-odatga binoan, go‘ristonga faqat erkaklar boradi. Xotin-xalaj dod-faryod urib qolaverdi. Albatta, hovlidan chiqishlari bilan o‘zini kampirga qarindosh deb bilgan er-kaklar ham yo‘l bo‘yi yig‘lab borishdi. Bu ham Kiyaz uchun katta sinov bo‘ldi, lekin u bundan ham o‘ta olmadi. Ko‘ksidagi quduq hali ham suvsiz edi.
Qabristonda ko‘p ovora bo‘lishmadi, joy tayyor ekan, mayitni darrov qabrga qo‘yishdi. Kiyaz enasini oxirgi marta ko‘rib qolgisi keldi, lekin armonda qoldi: kampirni oq kafanga o‘rab, bosh-oyog‘ini bog‘lab qo‘yishibdi.
Kampirni qabrga tushirishayotgan paytda bir o‘spirin qattiq bo‘zlab yig‘ladi. Qarasa, akasining kenja o‘g‘li. Bola shu qadar to‘liqib, shu qadar kuyinib yig‘ladiki, Kiyaz unga hayrat va havas bilan tikildi.
Bu bolaning go‘dakligida u shaharga ketgandi. Shundan buyon o‘n sakkiz yil o‘tibdi. Agar enasi o‘n sakkiz yil ilgari o‘lganida, balki u ham shu bolaga o‘xshab yig‘larmidi…
Go‘rga tuproq torta boshlashdi. Bola battar baqirib yig‘ladi.
Tuyqusdan osmonda to‘rg‘ay sayrab yubordi.
Kiyaz anchadan buyon to‘rg‘ayning ovozini eshitmagandi. Yalt etib osmonga qaradi. O‘zining qayerda ekanligi yodiga tushgach, xijolat bo‘ldi. Darhol birovning ketmonini olib, enasining qabriga tuproq torta boshladi…
To‘rg‘ay sayrayverdi.
Bola bo‘zlayverdi.
Bir payt Kiyazning ketmoni bir boychechakni uzib ketdi. Boychechak tuproqqa aralashdi. Kiyaz o‘ylanib o‘tirmay, uni qo‘liga oldi-yu, biror kishi ko‘rib qolmadimikin degan xayolda shoshib cho‘ntagiga soldi.
Bola bo‘zlayverdi.
To‘rg‘ay sayrayverdi.
Kampirni ko‘mib bo‘lgan odamlar qabristondan chiqa boshlashdi.
Yangi qabr yonida bo‘zlayotgan bolagina qoldi.
Kiyaz ortiga qaytib, uning qo‘ltig‘idan tutdi:
– Yur endi…
Enasini yangi manzilga qo‘yib qaytishdi.
Qishloqqa qaytgan el birin-ketin tarqaldi.
Kechqurun uyda olis-yaqin qarindoshlargina qolishdi.
O‘t yoqilgan issiq o‘choq yonida kampir haqida gaplashib o‘ti- rishdi.
– Bechora enam Kiyazni chaqiringlar, uni bir ko‘rib o‘lsam, armonim qolmasdi deb jon berdi, – dedi otasi.
Onasi bir xaltacha o‘rik mag‘zini olib kelib, Kiyazning oldiga to‘kdi.
– O‘zi yig‘ib-terib, o‘zi chaqib, kelsa beraman deb, senga ilinib yurgandi, – dedi ko‘ziga yosh olib.
Kiyaz hamma gaplarni jimgina eshitib o‘tirdi.
Ertasi kuni kampirning ruh-arvohiga bag‘ishlab osh berishdi.
Oshdan keyin Kiyaz o‘zining avtoreferati, dissertatsiyasini tezroq bitkazishi lozimligini aytib, ota-onasidan ketishga ruxsat sradi.
– O‘zing bilasan, – dedi onasi chuqur xo‘rsinib.
– Zarur bo‘lsa, qaytaver, – dedi otasi. – Baribir kampirni tiriltirib ololmaymiz…
U shaharga uchib ketdi.
Ikki kun ichida tog‘larning ko‘rinishi hech ham o‘zgarmabdi.
Pastda hali ham oppoq va keng maydon jimirlab yotibdi…
Lekin bu gal tog‘lar ham, daryolar ham, bulutlar ham Kiyazda qiziqish uyg‘otmadi. Bag‘ri g‘amga to‘lib, ko‘ngli cho‘kdi. Bir nima ichgisi keldi, lekin ichgani hech narsa topilmadi. Tamaki chekkisi kelib, cho‘ntagiga qo‘lini suqdi, lekin tamaki o‘rniga yumshoq, muzdekkina bir narsa qo‘liga ilindi. Olib qarasa, boychechak ekan. Boychechak so‘lib qolibdi.
Kiyaz uni istab-istamay ushlab turib, holsizlanib o‘tirdi. Qabristonni esladi. Bir zumda ikki yuzi qizarib, nafasi tiqildi. U jirkanib boshini chayqadi.
– Qanday yovvoyilik… – deb shivirladi o‘ziga-o‘zi. – Qanday yovvoyilik… Qanday yovvoyilik…
O‘zining shunday holga tushib qolganiga achindi. O‘ziga-o‘zi ayanchli ko‘rinib, o‘ziga rahmi keldi. Birdaniga ko‘ziga yosh qalqdi. Ko‘z yoshi oqib, yuzlarini yuvib tusha boshladi…
Kiyaz anchagacha yum-yum yig‘ladi. Yig‘lagan sayin qalbi muloyimlashib, ko‘ksidagi tuman tarqab, o‘zini yengil his qila boshladi. Uch kun deganda zoriqtirib kelgan bu ko‘z yoshidan g‘oyat sevindi. Qurib qolgan qudug‘i ochilib, unda yana suv paydo bo‘layotganday edi.
Demak, hali kech emas ekan.

Qirg‘iz tilidan Avliyoxon Eshon tarjimasi