To‘g‘risini aytsam, haftalik gazetalarda chop etiladigan “Yulduzlar bashorati”ni o‘qishni xush ko‘raman. Folbinga ishonganday ishonaman-da bu bashoratlarga. Chunki ko‘pincha samo yoritqichlarining karomatlari to‘ppa-to‘g‘ri chiqadi. Uncha-muncha chamalashmasa, o‘zim to‘g‘rilab yuboraveraman.
Kechagi yakshanba kuni gazet do‘konining oldidan to‘xtamay o‘tib ketmoqchi edim, lekin oynaga qistirib qo‘yilgan haftalik gazetaga ko‘zim tushib, beixtiyor ortimga burilganimni o‘zim ham sezmay qoldim. Olib ko‘ray-chi, yulduzlar bashoratida xotinim bilan arazlashib yurganim haqida ham yozilganmikin?
Taxminim to‘g‘ri chiqdi.
“…Umr yo‘ldoshingiz bilan orangizdagi gina-kudurat seshanba kuni barham topadi. Albatta, buning uchun o‘zingiz ham harakat qilishingiz kerak. Chorshanba kuni mo‘may daromadga ega bo‘lasiz. Shanba-yakshanba kunlari esa sizni maroqli sayohat kutib turibdi…”
Yulduzlarning yoqimli bashoratidan kayfim chog‘ bo‘lib uyga qaytdim. Kela solib, xotinimning qosh-qovog‘iga nazar soldim. Yo‘q, hali arazi tarqamabdi. Qaytanga qoshlari battar chimirilgan. Mayli, hozircha noz-firoq qilavering, xonim, seshanba kelsa ko‘ramiz ahvolingizni, dedim ichimda.
Ertalab dasturxon boshida xotinim orqaga qarab, men qiblaga qarab choy ichdik. Aftidan unga uncha-muncha yulduzning kuchi yetmaydiganga o‘xshaydi. Shu payt birdan bashoratdagi maslahat yodimga tushib qoldi. Axir, unda “umr yo‘ldoshingiz bilan murosaga kelish uchun o‘zingiz ham harakat qilmog‘ingiz kerak” deyilgan edi-ku!
Nima qilsam ekan-a? Qanday gap aytsam buning qovog‘i ochiladi? Uylanmasdan burungiday “jonim-asalim” deb xushomad qilishga bolalardan uyalaman. Tavakkal, deya gazetaning oxirgi sahifasida bosilgan “Foydali maslahatlar”dan gap ochdim.
– Odam ertalab choy o‘rniga bir kosa sut ichsa, kun bo‘yi ichagiga yopishgan zaharli moddalarni yuvib yuborarkan.
– Men sizga o‘xshab kunda-kunora “zahar” ichib yurganim yo‘q! – deya xotinim qo‘lidagi kosani stolga do‘q etib qo‘yib, o‘rnidan turib ketdi.
Ana xolos! Qosh qo‘yaman deb ko‘z chiqardim, shekilli. Bu deyman, osmondagi yulduzlar ham yerdagi folbinlarga o‘xshab yolg‘onga usta bo‘lib ketgan, shekilli.
Nihoyat, orziqib kutilgan seshanba ham yetib keldi. Umr yo‘ldoshimning diydasi yumshaydigan kun!
Tushlik payti uyga go‘yo qanot bog‘lab uchib keldim. Xotinim g‘amxo‘r yulduzlarning xayrli ta’siriga tushganiga ishonchim komil edi. Ammo xotinim menga ko‘zi tushishi bilan labini burib ichkariga kirib ketdi.
Tushlik ham uncha tatimadi. Chunki men ovqatlanib bo‘lgunimcha xotinboy dasturxonga yaqin yo‘lamadi. Chiqmagan jondan umid deya sabrsizlik bilan kech tushishini kutdim.
Oqshom tim-tirs o‘tirib gurtik yedik. Xonada faqatgina og‘izlarimizning shapillagan tovushi eshitiladi, xolos. Er-xotin tumshayib o‘tirganimiz uchun bolalar ham bir narsa deyishga botinolmaydi. Ortiq chidolmadim. Murosaning yo‘lini topishim kerak, axir.
– Xudo xohlasa, ertaga mo‘maygina daromadning isi kelib turibdi, – dedim iljayib. – Bozorda tuzukroq mato bo‘lsa, o‘zingga ikki ko‘ylaklik olib, tiktirib ol.
– Birov sizga ko‘ylak olib bering, dedimi? Xudoga shukr, yalang‘och o‘tirganim yo‘q. Kafan kerak bo‘lsa, qizlarim ham olib beradi, – deb xotinim qo‘lini sochiqqa artib, o‘rnidan turib ketdi.
Bu zamonning yulduzlari “xalturalashib” ketibdi, dedim ichimda g‘ijinib.
Xotin bilan murosamiz kelishmagan bo‘lsa-da, ertangi mo‘may daromad haqidagi shirin orzular bilan to‘shakka yotdim. Tuni bilan qo‘limga qancha pul tushishi mumkinligi-yu uni nimalarga sarflash haqida bosh qotirdim. Lekin g‘oyibdan kelajak aqchaning aniq miqdorini bilmagandan keyin uni nimaga sarflashni chamalash ham qiyin ekan. Nima bo‘lganda ham o‘sha pulning kattagina qismini xotinga baxshida etishga qaror qildim. Egniga palto, oyog‘iga etik, boshiga yaxshi bir ro‘mol olib beraman. Boya ikki ko‘ylaklik matoni eshitib bekorga achchiqlanmadi. O‘zim ham juda xasislashib ketibman, shekilli.
Ertasi kuni ishxonada tushga dovur eshikka umid bilan ko‘z tikib o‘tirdim. Lekin hech kim hech narsa keltirib bermadi. Aslida, mo‘may daromad qayerdan kelishini o‘zim ham bilmayman. Birortasiga berib qo‘ygan omonatim ham, biror yerdan keladigan pulning daragi ham yo‘q. Shunday bo‘lsa-da, mo‘may daromaddan ko‘ngil uzganim yo‘q. “Yulduzlar yolg‘on so‘zlamaydi. Kutilmagan bir joydan mo‘l-ko‘l foyda kelib qolsa ham hech gap emas”, degan yaxshi niyatda kechgacha idoradan tashqariga chiqmadim. Lekin befoyda. Kech tushganda hafsalam pir bo‘lib ko‘chaga chiqdim.
Mashinada uyga qaytayotib jahl ustida gazni qattiqroq bosibman, shekilli, qarshimdagi terakning panasida poylab turgan yo‘l harakati noziri yo‘lga yugurib chiqib, ola tayog‘ini ko‘tardi.
– Tinchlikmi inim, bizdan nima xatolik o‘tdi? – dedim unga hujjatlarni uzata turib.
– Tezlikni oshirdingiz, – dedi u pinagini buzmay.
– Sezmay qolibman.
– Bayonnoma yozamiz, keyingi gal ehtiyot bo‘lasiz.
– Inim, bir martagina…
– Ilojim yo‘q, xizmatchilik!
Bayonnoma tuzildi. Kattagina jarima to‘laydigan bo‘ldim. Mana senga “mo‘may daromad!” Xotinga yangi palto olaman emish! Kiyib yurgan paltosini eski bozorga chiqarib sotmasam ham katta gap hali!
Payshanba-juma kunlari odatdagiday tinch o‘tdi. Yulduzlar bashoratida bu kunlar haqida hech narsa yozilmagani uchun alag‘da bo‘lmadim.
Bezovtalik shanba kuni boshlandi. Bashoratdagi gaplar rost bo‘lsa, bugun ko‘ngilli sayohatga chiqishim kerak. Hayronman. Sayohatga chiqish uchun samolyotga ham, poyezdga ham chipta olganim yo‘q edi.
O‘ylab-o‘ylab, “yor-birodarlarning birortasi uyiga mehmonga aytsa kerak”, degan to‘xtamga keldim. Izlasa topolmay yurmasin deb kechqurun telefonni boshimga qo‘yib yotdim. Har kuni ermakka jiringlab yotadigan telefon ham jo‘rttaga qilganday shu kuni “gung-soqov” bo‘lib oldi.
Dam olish kunlari judayam sokin o‘tdi. Xotin erman qarab, men berman qarab ovqatlandik. Uy jimjit bo‘lganidan har bir yutgan luqmam tomog‘imdan qanday o‘tayotgani hammaga eshitilib turardi.
Bir amallab tong ottirdim. Dushanba kuni ertalab g‘azab otiga minib tahririyatga yo‘l oldim. Kotiba qizning hay-haylashiga ham qaramay muharrirning xonasiga bostirib kirdim. Kuyib-pishib, ora-sira stolga musht tushirib bo‘lgan voqeani unga aytib berdim. Muharrir gaplarimni eshitib bo‘lgach miyig‘ida kuldi.
– Men ham sizga o‘xshab yulduzlar bashoratiga ishonaman, – dedi u pinagini buzmay. – Lekin shu gal bashoratning yangisini topolmay, bulturgi gazetadan ko‘chirib bosgan edik.
Qoraqalpoq tilidan G‘afur ShERMUHAMMAD tarjimasi
“Sharq yulduzi”, 2017 yil, 10-son