Murodboy Nizanov. Sadag‘ang ketay, Yevropa! (hajviya)

Men sizga aytsam, hammamiz “Evropa” degan kasallikka chalinganmiz! Mabodo Yevropada chiqarilgan paypoq sotib olsak, uni oyog‘imizga kiyishga ham ko‘zimiz qiymaydi. Noyob xazinani qo‘lga kiritganday xursandchilikdan terimizga sig‘may, bir-ikki tanishimizga maqtanib olamiz:
– Qara, Yevropada ishlab chiqarilgan.
– Qoyil! Qayerdan olding?
– O‘g‘lim sovg‘a qildi!
Ammo bebaho paypoq bir hafta o‘tmay teshilib qoladi. Lekin biz Yevropadan domangir bo‘lmaymiz.
– O‘zi oyog‘im yomon! Tovonim qatirmoch bo‘lib qotib ketgan. Shuning uchun menga paypoq chidamaydi.
Qo‘shnimizning bekorchixo‘ja o‘g‘li bor. Omadini qarang, shu bola kunlarning birida Yevropaga jo‘nabdi.
– Mening o‘g‘lim Yevropada ishlayapti! – deya maqtanishni odat qildi qo‘shnimiz.
– E, zo‘r ish bo‘pti-ku! Balki o‘zing ham borib kelarsan?
– Albatta! O‘g‘lim chaqirib olmoqchi.
Keyin bilsak, uning o‘g‘li Yevropaning qaysidir puchmog‘idagi kafeda idish-tovoq yuvarkan…
Sadag‘ang ketay, Yevropa!
Bir kuni bozorda allaqanday sviterni deb gap talashayotgan er-xotinni uchratdim. Ayol “olaman” deb turib olgan, erkak “yo‘q” deydi…
– Buning nimasiga uchasan? – dedi er atrofida to‘plangan tomoshatalab odamlardan uyalib. – Qara, ko‘krak qismi yozuv bilan to‘la.
– Yozuvi bo‘lsa nima qipti? Axir, bu Yevropada tikilgan.
Shu payt erkakning tanishi kelib qoldi.
– Sen chet tilini bilasan, manavi yozuvni o‘qib ko‘r-chi, – dedi u sviterni tutqazib.
Tilbilgich yigit kiyimdagi yozuvni ko‘zdan kechirdi-da, yana o‘ziga qaytarib berdi.
– Ispancha yozilgan ekan.
– Ispanchani bilmaysanmi? – dedi erkak umidsizlanib.
– Bilaman.
– Bilsang ayt!
Yigit kuldi:
– Aytsam xafa bo‘lasiz-da.
– Xafa bo‘lmayman!
– “Menga er kerak” deb yozilgan ekan.
Erkak avvaliga hech narsaga tushunmaganday yigitga angrayib qarab qoldi. So‘ng g‘olibona qiyofada xotiniga yuzlandi.
– Ana! Endiyam olasanmi?
– Olaman! – bo‘sh kelmadi ayol ham. – Yozuvini bo‘yab tashlab kiyaveraman. Siz Yevropada tikilgan kiyimning farqiga bormaysiz!
Bu ayolning “Evropa kasali” ancha kuchayib ketgan ekan, davolashning iloji yo‘q, shekilli. Hafsalam pir bo‘lib, ulardan uzoqlashdim.
Dorixonada ham shunga o‘xshash manzaraga duch keldim. U yerga kirganimda ellik yoshlardan oshgan kishi sotuvchi qizdan tumovga qarshi dori so‘rab turgan ekan.
– Mana, shamollashga qarshi ikki xil kukundori bor, – dedi dori sotuvchi qiz. – Biri o‘zimizniki, ikkinchisi Vengriyada tayyorlangan…
– Demak, Yevropa!.. Shunisidan ber.
– Lekin o‘zimizniki yaxshiroq, – dedi qiz. – Bittasini yuz gramm suvga aralashtirib ichsangiz, yarim soatda tumovdan qutulasiz. Narxiyam arzon…
Tumovga chalingan kishi baribir Yevropadan keltirilgan dorini sotib oldi.
Uyda televizorning pulti nabiralardan ortmaydi. Ular kichkinaligida ertadan-kechgacha multfilm ko‘rishardi. Ulg‘ayib, aqlini taniganidan beri og‘zidan olov purkaydigan ajdaholar va odamxo‘r maxluqlar haqidagi qo‘rqinchli film­larni tomosha qilishadi.
Bundoq qarasam, televizorda sochi yelkasiga tushgan yigitlar bilan yarim yalang‘och qizlar bir-biriga suykalib, devonaga o‘xshab raqsga tushishayapti.
– Yo‘qot manavilarni! – deb jerkib berdim nabiralarni.
– Bobo, siz tushunmaysiz, – deya kuldi ular.
– Nimani tushunmas ekanman?
– Yevropacha rok-musiqani!
Yo tavba! Bu Yevropaning dastidan tinch o‘tadigan kun bormikin? Ishda Yevropa, ko‘chada Yevpropa, uyda Yevropa! Yevropa! Yevropa!
…Tushimda Yevropada yurgan emishman. Parijdagi Eyfel minorasiga mushukday tirmashib chiqib borayapman. Bir qarasam, Londondaman! “Titanik”ni suv ostidan chiqarib olishgan ekan, shu kemaga chiqmoqchi bo‘lib turgan emishman. Bir payt aeroportda paydo bo‘lib qoldim. Kutilmaganda tanish ovoz qulog‘imga chalindi. Aeroport suxandoni naq o‘zimizning tilda gapiryapti! Yuragim hapriqib ketdi. Lekin u e’lon qilgan xabarni eshitib, birov ustimdan bir chelak muzday suv quyib yuborganday bo‘ldi: “Bugundan boshlab Osiyo davlatlariga Yevropadan samolyotlar uchishi bekor qilinadi!” Qo‘rqib ketdim. “Nega bekor qilinadi?! Men ovulga qaytishim kerak-ku! Uyga ketaman! Kerak emas menga Yevropang! Meni tinch qo‘y, Yevropa!”
Bosinqirab uyg‘ondim. A’zoyi badanim terga botgan. Bir muddat qayerda ekanimni anglolmay, garangsib o‘tirdim. Asta boshimni ko‘tarib, atrofga qaradim. Xudoga shukr, uyda ekanman.
Yostig‘imning yonida esa vinodan bo‘shagan ikkita shisha idish yotardi – Bolgariya­da ishlab chiqarilgan…