Sizningcha, odam qanday qariydi? Yoshi ulg‘ayadi, tani to‘ziydi, shundaymi? Yo‘q, topolmadingiz? Bilsangiz, odamni odam qaritadi!
– Seytekni yaqin orada ko‘rdingmi? – so‘radi Mustafo bir ma’rakada uchrashib qolganimizda mendan.
– Yo‘q.
– Bechora juda qarib, cho‘kib qolibdi.
– Qanaqasiga? Uchovimiz institutda birga o‘qidik. Sen bilan men dingillab yuribmiz-ku?
– U armiyadan kelib o‘qishga kirgan edi-ku! Shuning uchun uni “starosta” qilib saylagan edik.
– Bor-yo‘g‘i ikki yosh katta edi. Demak, ikki yildan keyin biz ham… – u yog‘ini gapirishga tilim bormadi.
– Kim bilsin, – dedi u bosh chayqab. – Xullas, borib ko‘rib qo‘yganing ma’qul. Keyin armon qilib yurma.
Mustafoning gapiga qaraganda, Seytek ko‘pga bormaydiganga o‘xshaydi. Besh yil bir tishlam nonni bo‘lishib yegan edik, keyinroqqa qoldirishga vijdonim chidamadi. Ertasi kuni tong azonda yo‘lga tushdim.
Mustafoning aytganicha bor ekan. Seytek menga ko‘zi tushib o‘rnidan turmoqchi bo‘lgan edi, kampiri tizzasidan bosib joyiga qayta o‘tqazdi:
– Yiqilib tusharsiz, o‘tiring.
Men tiz cho‘kib, u bilan salomlashdim. Boyoqish quchoq ochgani bilan o‘rnidan turishga holi kelmadi.
– Seytek jo‘ra, bu nima ahvol? – dedim salom-alik qilib, bir choynak choy ichib olgandan so‘ng. – Og‘rib qoldingmi?
– Xudoga shukr, tani-jonim sog‘, – dedi u ovoziga kuch berib.
– Unda nega qo‘ling qaltiraydi? Yoki… ko‘p ichayapsanmi?
– Xudoga shukr, bunaqa ishlarni yig‘ishtirganimga ancha bo‘ldi.
Men bu yog‘iga nima deyishni bilmay, unga savol nazari bilan tikildim.
Seytek nuri qochib qolgan ko‘zlarini mendan olib qochdi.
– Yaqingacha ko‘p qatori o‘z suyagimni o‘zim ko‘tarib yurgan edim, – deya gap boshladi u birozdan so‘ng. – To‘g‘risi, meni odamlar xarob qildi. Manavi kampir ham shularning qatorida…
– Bu kishi dardini ham birovlardan ko‘radi, – deb uning xotini yuzini ters o‘girib oldi.
– To‘g‘ri-da! – Seytek biroz nafasini rostlab olib, gapida davom etdi. – O‘zing bilasan, odam yoshi o‘tgan sari qushuyqu bo‘p qoladi. Azonda kampirdan bir, bolalardan ikki soat burun uyg‘onaman. Hamma dasturxon boshida jam bo‘lguncha qo‘l qovushtirib o‘tiramanmi? Mol-holga, ekin-tikinga qarayman. Bir kuni ertalab qovun polizini ketmon bilan chopiq qilayotgan edim. Kimdir:
– Seytek og‘a! – deb chaqirdi. Bundoq qarasam, Tursunboy degan inimiz chelning boshida qaqqayib turibdi.
– Bu yoqqa keling! – dedi u.
– Tinchlikmi?
– Kelavering!
Bordim.
– Sizda kampir yo‘qmi?! – dedi u salomlashish uchun qo‘l uzata turib.
– Bor, – dedim hayron bo‘lib.
– O‘g‘illar yo‘qmi?
– Bor.
– Qizlar yo‘qmi?
– Nega buncha tergab qolding, Tursunboy inim? Tinchlikmi, ishqilib?
– Og‘a, yoshingiz payg‘ambar yoshidan oshdi, bundan bu yog‘iga dunyoning tubiga yetmoqchimisiz?
– Tagini chopsak, qovun yaxshi pishadi-da…
– Ey, padariga la’nat shu qovunlarning! Shu yoshgacha qora mehnatning tagida yashaganingiz kammidi?
Tursunboy shu gaplarni aytdi-da, katta ishni qoyillatganday ortiga burilib jo‘nadi. Men anqayib qolaverdim. Uning achchiq-tiziq gaplari yuragimga botib ketdi. Ketmonni bir chekka otib yubordim-da, uyga kirib yotib oldim. Shu bo‘ldi-yu, qovun polizi chopilmay, mollarning tagi tozalanmay qoldi. Eshakning oxuriga vaqtida o‘t solinmadi. Sabrim chidamay taraddudlanib turaman-da, Tursunboyga o‘xshagan bitta-yarimtasi kelib qolib, dashnom berishidan hadiksirab o‘zimni tiyaman. Bolalar bilan kelinlar ishda, kampir bola boqishdan ortmaydi.
Bir kuni ovulda ma’raka bo‘ldi. Pishqirib turgan sur eshagim bor edi, o‘zing ham bir-ikki marta ko‘rgansan. Shu jonivorni egarlab, ma’rakaga minib bordim. Uyning oldidagi stolda Pirimbet, Gulman, Sherboy – uchalasi o‘tirgan ekan. Darvoqe, sen ularni tanimaysan.
– Senda o‘g‘il yo‘qmi? – dedi Pirimbet.
– Xudoga shukr, bor, – dedim qovoq uyib.
– Borligini biz ham bilamiz. Bir bolangda “Neksiya”, boshqasida “Lasetti”, sening bu yurishing nimasi? Shu zamonda eshak minib yurgan odam qoptimi?
– Nima qipti? Eshak o‘zimniki…
– E, qo‘ysang-chi!
– Undan ko‘ra bolalar gapimga kirmaydi deb to‘g‘risini aytaver!
– O‘zi, Seytek bolalarini yoshligidan erka qilib o‘stirdi. Mana, oqibati.
Xullas, ular meni “bolalarini durust tarbiyalamagan, qartayganida ham jonining rohatini bilmaydigan jonsabil”ga chiqarishdi.
Ovulda O‘taboy degan qariya eshak arava axtarib yurgan edi. Ertasi kuni “Aravasini o‘zingiz topib olarsiz”, deb eshakni shu odamga berib keldim. Eshakka o‘t berish, dalaga bog‘lab kelish, sug‘orish men uchun yaxshigina ermak edi, shundan ham qutuldim.
Bir kuni kechqurun turmushga chiqib ketgan qizim mehmon bo‘lib keldi. Kurka so‘yib, jo‘xori gurtik pishirtirdim. Ovqat pishgan mahal o‘rnimdan turayotgan edim, qizim so‘rab qoldi:
– Qayoqqa, ota?
– Qo‘limni yuvib kelaman, qizim.
– Nima, sizda kelin yo‘qmi?
– Hov… Jo‘mrakni burasam, suv sharillab oqadi. Kelinni ovora qilib nima qilaman?
– Ana, aytmadimmi! Dadang qarib, yosh bolaga o‘xshab qoldi, – dedi manavi kampir qiziga. – O‘zi hurmatini bilmasa, kelin ham siylamaydi-da.
Noiloj joyimga qaytib o‘tirdim. Kelin obdasta olib kelib, qo‘limga suv qo‘ydi. Hovlida u yoq-buyoqqa yursam, oyog‘imning chigili yozilib, qonim yurishar edi. Shundan ham mosuvo bo‘ldim.
Kampir namoz o‘qiyotganida kenja nabiramiz uyg‘onib, yig‘lashga tushdi. Turib, uni qo‘limga oldim. Biroz ko‘tarib, yupatmoqchi edim.
– Qo‘ying joyiga! Yiqitib qo‘yasiz! – deb kampir joynamozini naridan-beri yig‘ishtirib, oldimga yugurdi. Jonholatda chaqaloqni qo‘limdan tortib oldi. – Siz o‘zingizning holingizni biling.
Asta-sekin oyoq-qo‘lim uvishadigan odat chiqardi. Tashqariga chiqib kelsam, hansirab qolaman. Bu ahvolda birato‘la yotib qolishim mumkin, har kuni bir-ikki chaqirim piyoda yursam yaxshi bo‘lar, degan qarorga keldim o‘zimcha.
Ertalab ko‘chada ketayotsam, Ortiqboy qarshimdan chiqib qoldi.
– Ha, Seytek og‘a, yo‘l bo‘lsin? – dedi u.
– Bir muddat oyoqning chiligini yozay degan edim.
– Birato‘la yugura qolmabsiz-da! – deya tirjayib yonimdan o‘tib ketdi.
O‘n-o‘n besh odim yurgan edim hamki, Soatboy do‘konchiga ro‘para keldim.
– Tinchlikmi, Seytek og‘a? – dedi u ham.
– Biroz oyoqning chiligini yozay deb…
– Yuzga kirmoqchisiz, shekilli! – deya hiringladi u.
Bunaqa gap-so‘zlardan yuragim bezillab qoldi. Oxiri hammasini birato‘la yig‘ishtirdim. Polizni chopiq qilmayman, mollarning tagini tozalamayman, beda yeydigan eshak ham yo‘q. To‘y-ma’rakalarga mashinada borib kelaman. Uyda esa hojatga chiqishdan boshqa qiladigan ishim yo‘q. Mana, oqibati. Qimirlasam, bo‘g‘inlarim zirqiraydi. O‘n qadam yursam, o‘pkam qisiladi. Piyolani qo‘limda tutib turolmayman. Yoshim yetmishga yetmay, tanim to‘zidi. Meni og‘riq emas, odamlar qaritdi, inim. Shularning orasida manavi kampir ham bor.
– O‘zingni qo‘lga ol, hali ham kech emas, – deb men o‘rnimdan turdim.
– Shoshma, eshikkacha kuzatib qo‘yaman, – deb Seytek qaltiragancha o‘rnidan turayotgan edi, kampiri yana etagidan yerga bosdi.
– O‘tiring joyingizda! Tag‘in yiqilib-netib bir baloni boshlamang.
Meni Seytekning o‘rniga kampiri kuzatib qo‘ydi. Darvozadan biroz uzoqlashgan edim, kampirning g‘udrangan ovozi qulog‘imga chalindi:
– Teng-to‘shlari qilichday qarsillab yuribdi, sho‘rqisgan bizning chol kun sayin orqaga ketayapti. E, xudoyim-ey!..
«Yoshlik» jurnali, 2017 yil, 5-son