Murodboy Nizanov. Yulduzlar yolg‘on so‘zlamaydi (hikoya)

To‘g‘risini aytsam, haftalik gazetalarda chop etiladigan “Yulduzlar bashorati”ni o‘qishni xush ko‘raman. Chunki ko‘pincha samo yoritqichlarining karomatlari to‘ppa-to‘g‘ri chiqadi. Ba’zi bashoratlar oz-moz haqiqatga chamalashsa, qolganini o‘zim to‘g‘rilab yuboraveraman.
Kechagi yakshanba kuni gazet do‘konining oldidan to‘xtamay o‘tib ketmoqchi edim, lekin oynaga qistirib qo‘yilgan haftalik gazetaga ko‘zim tushib, beixtiyor ortimga burilganimni o‘zim ham sezmay qoldim. Olib ko‘ray-chi, yulduzlar bashoratida xotinim bilan arazlashib yurganim haqida yozilganmikin?
Sadag‘asi ketay, sinchkov yulduzlar shundan ham bexabar qolishmabdi!
«…Umr yo‘ldoshingiz bilan orangizdagi gina-kudurat seshanba kuni barham topadi. Albatta, buning uchun o‘zingiz ham harakat qilishingiz kerak. Chorshanba kuni mo‘may daromadga ega bo‘lasiz. Shanba-yakshanba kunlari esa sizni maroqli sayohat kutib turibdi…»
Yulduzlarning yoqimli bashoratidan kayfiyatim chog‘ bo‘lib uyga qaytdim. Kela solib, xotinimning qosh-qovog‘iga qaradim. Yo‘q, hali arazi tarqamabdi. Qaytanga qoshlari battar chimirilgan. Mayli, hozircha noz-firoq qilavering, xonim, seshanba kelsa ko‘ramiz ahvolingizni, dedim o‘zimcha.
Ertalab dasturxon boshida xotinim kunchiqarga, men qiblaga qarab choy ichdik, aftidan unga uncha-muncha yulduzning kuchi yetmaydiganga o‘xshaydi. Shu payt birdan bashoratdagi maslahat yodimga tushib qoldi. Axir, unda “umr yo‘ldoshingiz bilan murosaga kelish uchun o‘zingiz ham harakat qilishingiz kerak”, deyilgan edi-ku!
Nima qilsam ekan-a? Qanday gap aytsam buning qovog‘i ochiladi? Uylanmasdan burungiday “jonim-asalim” deb xushomad qilishga bolalardan uyalaman. Tavakkal, deya gazetaning oxirgi sahifasida bosilgan “Foydali maslahatlar”dan gap ochdim.
— Odam ertalab choy o‘rniga bir kosa sut ichsa, kun bo‘yi ichagiga yopishgan zaharli moddalarni yuvib yuborarkan.
— Men sizga o‘xshab kunda kunora “zahar” ichib yurganim yo‘q! — deya xotinim qo‘lidagi kosani stolga do‘q etib qo‘yib, o‘rnidan turib ketdi.
Ana xolos! Qosh qo‘yaman, deb ko‘z chiqardim, shekilli. Bu deyman, osmondagi yulduzlar ham yerdagi folbinlarga o‘xshab yolg‘onga usta bo‘lib ketgan, shekilli.
Nihoyat, orziqib kutilgan seshanba ham yetib keldi. Umr yo‘ldoshimning diydasi yumshaydigan kun! Tushlik payti uyga go‘yo qanot bog‘lab uchib keldim. Xotinim g‘amxo‘r yulduzlarning xayrli ta’siriga tushib, kaminani gul-gul yashnab kutib olishiga ishonchim komil edi. Ammo u ostonada menga ko‘zi tushishi bilan labini burib ichkariga kirib ketdi. Tushlik ham uncha tatimadi. Chunki men ovqatlanib bo‘lgunimcha xotinboy dasturxonga yaqin yo‘lamadi. Chiqmagan jondan umid deya kech tushishini kutdim.
Oqshom tim-tirs o‘tirib gurtik* yedik. Xonada faqatgina lablarimizning shapillagan tovushi eshitiladi, xolos. Er-xotin tumshayib o‘tirganimiz uchun bolalar ham bir narsa deyishga botinolmaydi. Ortiq chidolmadim. Murosaning yo‘lini topishim kerak, axir.
— Xudo xohlasa, ertaga mo‘maygina daromadning isi kelib turibdi, — dedim iljayib. — Bozorda tuzukroq mato bo‘lsa, o‘zingga ikki ko‘ylaklik olib, -tiktirsang-chi?
— Birov sizga ko‘ylak olib bering, dedimi? Xudoga shukr, yalang‘och o‘tirganim yo‘q. Kafan kerak bo‘lsa, qizlarim ham olib beradi, — deb xotinim qo‘lini sochiqqa artib, o‘rnidan turib ketdi.
Bu zamonning yulduzlari “xalturalashib” ketibdi, dedim ichimda g‘ijinib. Xotin bilan murosamiz kelishmagan bo‘lsa-da, ertangi mo‘may daromad haqidagi shirin orzular bilan to‘shakka yotdim. Tuni bilan qo‘limga qancha pul tushishi mumkinligiyu uni nimalarga sarflash haqida bosh qotirdim. Lekin g‘oyibdan kelajak aqchaning aniq miqdorini bilmagandan keyin uni qayerga sarflashni chamalash ham qiyin ekan. Nima bo‘lganda ham o‘sha pulning kattagina qismini xotinga baxshida etishga qaror qildim. Egniga palto, oyog‘iga etik, boshiga yaxshi bir ro‘mol olib beraman. Boya ikki ko‘ylaklik matoni eshitib bekorga achchiqlanmadi. O‘zim ham juda baxil bo‘lib ketibman, shekilli.
Ertasi kuni ishxonada tushga dovur eshikka umid bilan ko‘z tikib o‘tirdim. Lekin hech kim hech narsa keltirib bermadi. Aslida, mo‘may daromad qayerdan kelishini o‘zim ham bilmayman. Birontasiga berib qo‘ygan omonatim ham, biron yerdan keladigan pulning daragi ham yo‘q. Shunday bo‘lsa-da, mo‘may daromaddan ko‘ngil uzganim yo‘q. “Yulduzlar yolg‘on so‘zlamaydi. Kutilmagan bir joydan mo‘l-ko‘l foyda kelib qolsa ham hech gap emas”, degan yaxshi niyatda kun bo‘yi idoradan tashqariga chiqmadim. Lekin befoyda. Kech tushganda hafsalam pir bo‘lib ko‘chaga chiqdim.
Mashinada uyga qaytayotib jahl ustida gazni qattiqroq bosibman shekilli, qarshimdagi terakning panasida poylab turgan yo‘l harakati noziri yugurib -chiqib, ola tayog‘ini ko‘tardi.
— Tinchlikmi inim, bizdan nima xatolik o‘tdi? — dedim hujjatlarni uzata turib.
— Tezlikni oshirdingiz, — dedi u pinagini buzmay.
— Sezmay qolibman.
— Bayonnoma yozamiz, keyingi gal ehtiyot bo‘lasiz.
— Inim, bir martagina…
— Ilojim yo‘q, xizmatchilik!
Bayonnoma tuzildi. Kattagina jarima to‘laydigan bo‘ldim. Mana, senga “mumay daromad”! Xotinga yangi palto olaman emish! Kiyib yurgan paltosini eski bozorga chiqarib sotmasam ham katta gap hali.
Payshanba, juma kunlari odatdagiday tinch o‘tdi. Yulduzlar bashoratida bu kunlar haqida hech narsa yozilmagani uchun alag‘da bo‘lmadim.
Bezovtalik shanba kuni boshlandi. Bashoratdagi gaplar rost bo‘lsa, bugun ko‘ngilli sayohatga chiqishim kerak. Hayronman. Sayohatga chiqish uchun samolyotga ham, poyezdga ham chipta olganim yo‘q edi.
O‘ylab-o‘ylab, “Yor-birodarlarning birontasi uyiga mehmonga chorlasa kerak”, degan to‘xtamga keldim. Izlasa topolmay yurmasin, deb kechqurun telefonni boshimga qo‘yib yotdim. Har kuni ermakka jiringlab yotadigan telefon ham jo‘rtaga qilganday shu kuni “gung-soqov” bo‘lib oldi.
Dam olish kunlari judayam sokin o‘tdi. Men o‘ngga, xotin so‘lga qarab ovqat yedik. Uy jim-jit bo‘lganidan har bir yutgan luqmam tomog‘imdan qanday o‘tayotgani baralla eshitilib turardi.
Bir amallab tong ottirdim. Dushanba kuni ertalab g‘azab otiga minib tahririyatga yo‘l oldim. Kotiba qizning hay-haylashiga ham qaramay, muharrirning xonasiga bostirib kirdim. Kuyib-pishib, ora-sira stolga musht tushirib, bo‘lgan voqeani unga aytib berdim. Muharrir gaplarimni eshitib bo‘lgach miyig‘ida kuldi.
— Men ham sizga o‘xshab yulduzlar bashoratiga ishonaman, — dedi u pinagini buzmay. — Lekin shu gal bashoratning yangisini topolmay, bulturgi gazetadan ko‘chirib bosgan edik.
__________
Gurtik* – qoraqalpoq milliy taomi.

Qoraqalpoq tilidan G‘afur Shermuhammad tarjimasi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 43-sonidan olindi.