Osmontoy — Bo‘zatov bilan Mo‘ynoq tumanlarining o‘rtasida joylashgan tarixiy maskan. Bu go‘shada Berdaq, Ajiniyoz, Kunxo‘ja kabi mumtoz shoirlar bir paytlar umrguzaronlik qilishgan. Chorva mollari uchun yerlari keng. Havosi toza. Har xil qushlar va yovvoyi jonivorlarga makon bu. Nukusdan bir yuz ellik chaqirim uzoq masofada joylashgan bu manzillarni bolalik chog‘imda bir ko‘rgan edim. O‘shanda olgan ajoyib taassurotlar meni hamon sog‘intiradi. Sochlarimga oppoq qirov qo‘ngan yoshimda o‘sha go‘zal va bepoyon yerlarni yana bir bor ko‘rishni qo‘msadim. U tomonlarga ko‘pincha o‘sha makonda xesh-aqrabolari yashayotganlar, qolaversa, ov desa, o‘zini tomdan tashlaydigan shovvozlar tez-tez qatnab turishadi. Shunaqa yigitlardan biri, ko‘ngilga yaqin inim Marat Daljonovni qidirib topdim.
— Inim, o‘tgan zamonda ham, hozir ham ishqiboz yigitlar shikorga chiqib turisharkan. Bir gal shikorga chiqqaningizda meni ham ergashtirib olaketmaysizlarmi? — deya iltimos qildim.
— Ha, juda ma’qul-da, — dedi u quvonib. — Bir oz salqin tushsin. Hozir qirg‘ovullar jo‘jalarini uchishga o‘rgatayotgan mahal. Kuzda ularni bemalol ovlash mumkin.
— Yo‘q. Men umrimda qo‘limga qurol ushlamaganman. “Quyonning go‘shtiga emas, “viyq” etgan ovoziga ishqivozman” deganlaridek, men ham qirg‘ovulni ovlash uchun emas, yovvoyi tabiatni tomosha qilish uchun bormoqchiman.
Va’dalashgan vaqt keldi. Tong qorong‘usida yo‘lga tushdik.
— Daryoboyni olib ketaylik, — dedi u yetmish-sakson kilometrlar yo‘l yurib, Bo‘zatovga yetganimizda. — “Har yerning tulkisini o‘sha yerning tozisi bilan ovla”, degan naql bor. Bu atroflarda men ham ko‘p kezganman-u, biroq Daryoboy bu bepoyon to‘qayzorlarning har bir qarichini mendan ko‘ra yaxshiroq biladi-da. Buning ustiga siz to‘qayga ilk bor kelyapsiz. “Ana u nima?”, “Mana bu nima?” degan savollaringizning bitta-yarimtasiga javob topolmay uyalib qolmayin deyman-da.
Ikkovga birov qo‘shildi. Uchovlon yana yo‘lga tushdik. Tekis asfalt ko‘chadan chetga chiqqanimizdan so‘ng mashinaning orqasida allanarsalar shaqur-shuqur qilib, asabga tega boshladi.
— Orqada nima bor? — dedim.
Marat labini juftlayman deguncha Daryoboy javob berdi:
— Makang ovga chiqsa, yarim xo‘jaligini ko‘chirib keladi, — dedi u kulib. — Temir o‘choq, qozon-tovoq, qora qumg‘on, chelak, choynak-piyola, sabzi-piyoz hammasi muhayyo. Borganingizdanoq dasturxonga o‘tiraverasiz.
— Lekin qozonga solinadigan masalliq to‘qayning hisobidan bo‘ladi, — dedi Marat.
— To‘qay niyat qilib kelgan kishini hech qachon quruq qaytarmaydi. Hech bo‘lmasa, bir-ikki qirg‘ovul beradi. Biroq biz odamlar nafsimizni tiya olmay, qoplab olgimiz keladi.
— Qirg‘ovulni bu yil so‘nggi marta ovlab qolar ekanmiz, — dedi Marat yana. — Kelgusi yildan boshlab besh yilga qadar ov qilish taqiqlanar ekan. Ovchilar jamiyatiga borganimda eshitdim.
Daryoboy bilan Maratning bu gurunggi men uchun unchalik qiziqarli emasdi. Eng qiziqarlisi to‘qayzor ichidan parillab uchayotgan qirg‘ovullarni, dikirlab yugurayotgan quyonlarni tomosha qilish edi. Lekin bunday g‘aroyib manzaralarga qachon duch kelarkanman deb ichim qizib borayotgandim.
— Qirg‘ovul ko‘rinmayapti-ku! — dedim iddao bilan ming‘irlab.
— Og‘a, sizga qirg‘ovullarni yo‘l bo‘yiga qo‘ndirib qo‘yishgan emas, — dedi Daryoboy mening ko‘nglim nimani tusayotganini anglab. — Buning uchun to‘qayning qalin joyida mashinani to‘xtatib, mana bu “shalpangquloq”ni qo‘yib yuborish kerak. U qirg‘ovullarni panalab yotgan joylaridan uchiradi.
O‘girilib qarasam, orqa o‘rindiqda, Daryoboyning yonida qulog‘i shalpaygan oriqqina tozi it yotgan ekan. Nukusdan chiqqanimizdan buyon biz bilan hamroh bo‘lib kelayotgan tilsiz “yo‘lovchi”ni payqamabman-a.
Keng yalangliklar. Cheksiz o‘rmondek o‘sgan yulg‘unzorlar orasida ilon izidek egri-bugri yo‘l…
— Vey, iyul oylarida kelganingizda bormi? — dedi Daryoboy yulg‘unzorni ko‘rsatib. — Mana bu yulg‘unlar qirmizi-pushti rangda gullaydi, ko‘zingizni qamashtirib yuboradi. Bundan daryo yoqalariga chiqsangiz, yontoqlarning gullari. Oh-oh-ay, yer yuzining jannati-ku bu Osmontoy.
— Bu yerlarda qancha xo‘jalik o‘tiradi?
— Osmontoyda bir yuz elliktacha xo‘jalik bor.
— Ular nima bilan shug‘ullanishadi?
— Chorva boqishadi, dehqonchilik qilishadi.
— Dehqonchilik?! Suv keladimi o‘zi?
— Albatta. Amudaryoning quyi o‘zani mana shu ovulni yoqalab o‘tadi. Hozir “O‘lik daryo”ning bo‘yida to‘xtaymiz. Keyin yaxshilab tushuntirib beraman.
— O‘lik daryo?
— Ha. Bir mahallar Amudaryo shu joydan “S” shaklida, ya’ni shifokorlarning timsoli bor-ku — qadahga o‘ralgan ilon ko‘rinishi, xuddi shunday aylanib oqqan. Keyin suv mo‘l bo‘lgan paytda daryo o‘z o‘zanini o‘zgartirganda qisqa oraliq “O‘lik daryo” bo‘lib qolgan. Lekin Amudaryo har yili bu eski o‘zanning ham tegishli ulushini berib turadi.
Biz sohilida qator-qator baquvvat turong‘illar o‘sgan eski daryoning o‘zanida — “O‘lik daryo”ning bo‘yida to‘xtadik. Marat mashinadan qozon-tovog‘ini tushirib, o‘choqni o‘rnatishga unnadi.
Shu orada turong‘il tepasida bir xo‘roz qirg‘ovul chaqirdi. Tovushidan tanidim. Tanishimning sababi, bolaligim ovulda o‘tgan. Hovlimizning etagidagi jiydazor orasida qirg‘ovullar ertayu kech chaqirar, hozir aytsam, hech kim ishonmaydi, kechki paytlar tovuqlar bilan aralashib, sepgan don-dunimizni bemalol yeb ketar edi. Qo‘riq o‘zlashtirish suroni ovul orasida kichikroq bo‘lsa ham to‘qay qoldirmadi. Quyonlar, qirg‘ovullar odamlardan bezib, ketib qolishdi.
Qirg‘ovulning tovushini eshitgan Marat chidab turolmadi. Darhol miltig‘ini qo‘liga oldi-da o‘zini daraxtlar ichiga urdi. Uning orqasidan “shalpangquloq” ham ergashdi. Bir mahal osmonda parillab uchgan uchta qirg‘ovul ko‘rindi. O‘sha zahoti miltiq ham “qars” etdi. Uchta qirg‘ovuldan bittasi sekin yerga og‘ib tushdi. Ko‘nglim allanechuk bo‘lib buzildi. Noxush kayfiyatim avzoyimdan bilingan bo‘lsa kerak.
— Hoy, siz yozuvchilarni bunday yerga olib kelib bo‘lmaydi-ya. Sal narsaga ko‘z yoshi qilasiz, — dedi Daryoboy menga qarab. – Axir, bu tabiatning qonuni-ku. Odam go‘sht yeyishi kerak. Ozor bermayman desangiz, molning ham joni bor, qo‘y-qo‘chqorning ham… Kerak bo‘lsa, o‘simliklarning ham joni og‘riydi-ku.
— Yigitlar, ko‘nglingizga kelmasin, men bu yerga qirg‘ovul go‘shtini yeyishga kelmadim. Iloji bo‘lsa, tabiatni tomosha qildiring, — dedim ularga.
— Hozir to‘qayzor ichiga kiramiz, — dedi Daryoboy. — Tabiatning ataganini ko‘raverasiz, bu yog‘i omadingizga bog‘liq.
Uchalamiz soy yoqalab yurdik.
— Miltiqni menga ber, — dedi Daryoboy birdan Maratning qo‘lidagi miltiqqa yopishib. — Ana, ikkita xo‘roz qirg‘ovulning o‘tirishini qara.
Daryoboy miltiqni o‘qladi.
— Yo‘q, otmang! — dedim qo‘lidan tortib.
— Ha, nega?
— Ular bizdan yomonlik kutayotgani yo‘q. Bechora qushlarning ishonchini yo‘qqa chiqarmaylik, axir!
Ovchilar mening kitobiy so‘zlarimning ustidan rosa miriqib kulishdi. Biroq miltiq otishmadi. Qirg‘ovullar osmonga parillab ko‘tarildi.
Biz soydan chiqib, keng dala bo‘ylab yurdik. Nazarimda orqa tarafdan dusurlagan tovush eshitildi. Boqib ulgurmasimdan Marat mening qo‘limdan tortib, chekkaga chiqardi. To‘da-to‘da yilqilar chopib kelishayotgan ekan. Chamasi ikki yuztacha bor-ov, deb mo‘ljalladim. Boshlarini tikka ko‘tarib, bo‘yinlarini yuqoriga cho‘zib, yollarini shamolda hilpiratib chopar edi ular. Yilqilarning bunday katta to‘dasini faqat kinolardagina ko‘rgan edim.
— Bu otlarning yilqiboni qayoqda? — dedim men yilqilar ancha olislab ketganidan so‘ng.
— Ularni hech kim boqib yurgani yo‘q, — dedi Daryoboy.
— Unda nega chopib borishayapti?
— Bir o‘tloqdan ikkinchi o‘tloqqa ko‘chishganida o‘zlari shunday yelib o‘tishadi. Ot chopish uchun yaratilgan jonivor-ku, axir.
— Ularning egalari bordir?
— Albatta, bor.
— Haligi bir uyur yilqi bir kishinikimi?
— Hozir o‘tgan yilqilar bir uyur emas, kamida besh-olti uyur bor.
— Bir uyurda qancha ot bo‘ladi?
— Bir uyurda yigirma besh-o‘ttizta baytal bo‘ladi. Ularni bir ayg‘ir boshqaradi. Bir uyurning orasida boshqa ayg‘ir bo‘lmaydi.
— Uyurni otlarning egasi uyushtiradimi?
— Yo‘q. Otlarning o‘zlari. Yetti-sakkiz yoshga to‘lgan ayg‘ir o‘zi uchun uyur to‘playdi. Avvaldan uyurboshi bo‘lib kelgan ayg‘ir bilan kurashib, uni — Uh, ana quyon! — dedi Daryoboy darhol to‘xtab. Ro‘paramizda butalar ustidan sakrab-sakrab o‘tib, sur quyon qochib borayotgan edi.
— Men quyon ota olmayman, — dedi Marat. — U men nishonga olaman deguncha to‘rt-besh marta sakraydi. Qirg‘ovulday osmonga uchsa ekan…
— Qirg‘ovul o‘z umrida necha marta polopon ochadi? — deb so‘radim Daryoboydan.
— O‘qdan, tuzoqdan omon qolsa, o‘n olti-o‘n yetti yil umr ko‘radi. Bu yil tuxumdan chiqqan jo‘ja kelasi yil kurk bo‘laveradi. Shunda o‘z umri davomida o‘n besh-o‘n olti marta ko‘payadi-da.
— Har tuxum bosganida nechta jo‘ja ochadi?
— U makiyoniga juda mehribon, urug‘i serob. Uchtadan o‘n beshtagacha tuxum qo‘yadi.
— Nega unda qirg‘ovullar unchalik ko‘paymayapti? Yoki ularni yovvoyi hayvonlar tinch qo‘ymaydimi?
— Yo‘q, og‘a, yovvoyi hayvonlar emas, “sipoyi hayvonlar” tinch qo‘ymaydi, — deb Marat o‘zlarini nazarda tutib kuldi. — Hamma ham siz bilan bizdek qozon qaynatishga yetadigani bilan kifoyalansa mayliku-ya, noinsoflar ellik-oltmishtasini birdaniga ovlashadi.
— Bo‘lmasa, qirg‘ovulni yovvoyi hayvonlar tutolmaydi, — dedi Daryoboy do‘stining fikrini ma’qullab. — Dunyoda qirg‘ovulday sergak qush yo‘q. Pirr etib uchib ketganini sezmay ham qolasan.
Biz borayotgan yolg‘izoyoq so‘qmoqda do‘mpayib ketayotgan bir narsa ko‘rindi. Biroz yurdi-da, butazorga kirib ketdi.
— Voh, semizgina turay iekan, — dedi Marat tamshanib. — Bu yerdan otgan bilan o‘q yetmaydi.
— Yovvoyi cho‘chqa ham bor ekanda! — dedim hayratlanib.
— Osmontoyda nima yo‘q, og‘a! — deya mag‘rurlandi Daryoboy. — Tulki, shoqol, to‘ng‘iz, bo‘rsiq…
— Qashqir-chi?
— Bor. Lekin kamroq uchraydi.
— Uni ko‘rolamizmi?
— Yo‘q. U juda ziyrak jondor. Odamning isini uch chaqirimdan biladi. Iyul-avgust oylarida kelganimizda uchratishimiz mumkin edi.
— U paytda nima bo‘ladi?
— O‘sha vaqtlarda qashqirlar bo‘ltiriqlarini (bolalarini) ov qilishga o‘rgatib yurishadi. Bunday paytlarda uncha-muncha xavf-xatarni pisand qilmaydi ular.
— Ular nimani ovlashadi?
— Duch kelgan hayvonni. Ayniqsa, Osmontoyning asov otlariga o‘ch bo‘lishadi.
— Yo‘g‘-ey! Otni qanday oladi?
— Albatta, to‘g‘ri borib ololmaydi. Orqasidan borishga ham qo‘rqadi. Haligi chopib o‘tgan asov otlar bir tepganida qashqir til tortmay o‘ladi. Shuning uchun otning yonidan yuguradi. Yugurib borayotib, yilqining qorniga og‘iz soladi. Qashqirning tishlari juda o‘tkir bo‘ladi. Yilqining qorni yirtiladi. Keyin qashqir o‘sha yilqining izidan tushib, poylab yuraveradi. Oradan bir yarim-ikki soat o‘tganidan keyin ot qonsirab yiqiladi. Ana o‘shanda qashqir va uning bo‘ltiriqlariga tayyor o‘lja bo‘ladi.
— O‘sha asov otlarni egalari qanday qilib ushlaydi?
— Egalari minishga kerak bo‘lganlarini uch-to‘rt yoshida qo‘raga qamab, qo‘riq tashlab ushlab olishadi. Bir necha kunda asov otni minishga o‘rgatishadi. Boshqa otlar esa dalada emin-erkin o‘tlab, o‘zlari tug‘ib, ko‘payib, ulg‘ayaveradi. So‘yish kerak bo‘lganlarini qo‘riq tashlab ushlashadi. Tirik holida hech kim ularni olib ketolmaydi.
— Osmontoyda yovvoyi buqalar ham bor deb eshitaman.
— Bor. Ular tug‘ilganidan buyon bo‘yniga sira arqon bog‘lanmagan, dala-tuzda o‘sgan. Ularga hatto egasi ham yaqinlasha olmaydi.
— Mol kerak bo‘lsa, egasi nima qiladi?
— Qo‘riq tashlaydi yoki otib oladi.
Men kutilmaganda mavzuni o‘zgartirdim. Bilgim kelgan narsalar juda ko‘p edi. Lekin hadeb ularning boshini qotirishga tortindim. Baribir qirg‘ovul haqida so‘ragim kelaverdi.
— Qirg‘ovullarni tiriklay ushlab ko‘rdingizmi hech?
— Tuzoq bilan ushlab olsangiz bo‘ladi. Ammo u qo‘lga o‘rganmaydi, tez o‘lib qoladi, — dedi Daryoboy.
— Men bir xo‘roz, bir makiyon qirg‘ovulni qirq kun qafasda saqladim, — dedi Marat. — Qo‘lga o‘rgatmoqchi bo‘ldim. Ularga vaqtida don berdim, suv berdim. Lekin kundan kunga oriqlab ketaverdi. Bir kuni ikkalasi ham o‘lib qoldi.
— Shuning uchun ota-bobolarimiz “Uchgan qushga ham, yugurgan jonzotga ham ozodlik kerak”. “Ozod yurt — obod yurt bo‘ladi” deb bekorga aytishmagan-da.
— To‘g‘ri aytdingiz! Unda biz ham bularni o‘z holiga qo‘yaylik. Qaytaylik. Osmontoyning ozod jonivorlari emin-erkin yashasin! — dedim men chuqur nafas olib.
Ular mening taklifimni xohlasin-xohlamasin ma’qullashdi.
Oltin gardishli quyoshning teng yarmi ufqqa botganida Nukusga qarab yo‘lga tushdik.
Qoraqalpoq tilidan Yu.Ravshanov tarjimasi
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2015 yil 32-son