Xizmatkor qiz astagina eshik qoqib, mo‘raladi-da: “Xonamga boraversam maylimi?” deya izn so‘radi. Tomas kitobdan ko‘z uzib beixtiyor bosh irg‘adi-yu, yana mutolaaga sho‘ng‘ib ketdi. Ammo bir necha qator o‘qigandan so‘ng xayoli tarqadi. Uydagi tinchlikni buzayotgan shovqinga quloq soldi. Xizmatkorning vanna eshigini ochganini, bir lahzadan so‘ng esa shildirab suv quyila boshlaganini eshitdi. Keyin qiz xonasiga ko‘tarildi. Ana, u burchakda turgan pardoz-andoz stoliga yaqinlashdi. Hozir sochini tarayotgan bo‘lsa kerak yo o‘zini oynaga solyapti, deya o‘yladi Tomas. Balki ko‘zgu qarshisida yechinib olib o‘zini tomosha qilayotgandir. U qiz ichki kiyimlarini yechganda sumbati qanday ko‘rinishini tasavvur qildi. Bu xayol uni hayajonga soldi, kitobini yopib, sigaret tutatdi-da, derazaga yaqinlashdi. Og‘ir darpardani ozgina surib ochilgan tirqishdan qorong‘iga boqdi. Yomg‘ir hali tinmagan edi, uy oldidagi kalta kuzalgan maysalar panjaraga o‘rnatilgan chiroqlar yog‘dusida yaltirar, ko‘chadagi nam tortgan asfalt ham xira yiltirab turardi. Uning bulutli xayolini tarqatib, ko‘chada mashina paydo bo‘ldiyu muyulishdan qayrilib ketdi. Mashina g‘ildiraklari rezinasi xuddi nasos bilan suv tortib olayotgandek shuvillagan ovoz chiqarar edi. Avtomobilning ikki farasidan taralgan shu’la go‘yo yomg‘ir devorini teshib o‘tgan qurolning po‘lat qo‘ndog‘iga o‘xshar edi. Shundan so‘ng ko‘cha tinchib qoldi va yana imillagan, beadoq tun hukmronligi boshlandi. Tomas qiz xona o‘rtasiga kelib tuflisini yechganini eshitdi. U darpardani joyiga surib qo‘ydi va kamin oldidagi o‘rindiqqa cho‘kdi. Yuqorida karavot g‘ichirladi.
Hozir u to‘shakka o‘tirib oladi-da, etagini bo‘liq tizzasidan baland ko‘tarib paypog‘ini yechadi, o‘yladi Tomas. U kitobni ochdi, lekin o‘qiy olmadi; ko‘ziga harflar o‘rniga qizning qora tunga monand tafti baland qoramag‘iz bo‘y-basti, bejirim oyoqlari ko‘rinar edi. Shu tobda u ham, Xudo biladi, nimalarni o‘ylayotgan ekan, yuragi shiddat-la urib, qornida asabiy titroq yugura boshladi. Shu payt yana karavot g‘ichirladi va uy xuddi qabriston kabi tinchib qoldi.
Uni onamning oldiga qaytarib yuborish kerak, aks holda go‘zal kunlarning birida nimadir yuz beradi, men nafsimni ortiq jilovlay olmayman, o‘yladi Tomas. U sigaret qoldig‘ini olovga otib yubordi, qadahga ichimlik quydi va uni ko‘tarib ikki qultum yutdi. Endi xonada hammasi odatdagidek bo‘lib qoldi va Tomas mutolaada davom etdi. Maydalab yog‘ayotgan yomg‘irning sokin shildirashi, shoxidan uzilgan barglarning shitirlashi, ahyon-ahyonda uy yaqinidan o‘tib qolgan mashinalar shinasining g‘ichirlashi quloqqa chalinib turgan oktyabr oqshomi. Kaminda olov chirsillab, uyning zaxini ko‘taradi. Tomas kitobga berilib dunyoni unutdi.
Tinchlikni uyning qoshidagi bog‘chadan bexos eshitilgan qandaydir otning bema’ni va dahshatli kishnashi buzdi. Qo‘rqqanidan Tomasning yuragi to‘xtab qolayozdi. Dastlab u qo‘lidagi kitobni nima qilishni ham bilmadi, keyin uni ehtiyotkorlik bilan qo‘yib, o‘rindiqdan turdi. Yuragi tez urar, qonining yugurishi qulog‘iga nog‘ora shovqinidek urilardi. Tashqari yana jimib qoldi, faqat maysalar ustiga uchib tushgan xazonlarni yomg‘ir savalar edi. Uyda ham osoyishtalik. Buni u ham eshitgan bo‘lsa kerak, hushi boshidan uchib ketgandir boyoqishning, hali uxlagani yo‘q edi-ku. Tomas deraza oldiga shaxdam borib to‘xtab qoldi. Agar darpardani ochsa, yorishgan deraza ortidan zulmatda kim yashirinib turgani aniq ko‘rinadi. U chiroqni o‘chirib, sekin-asta paypaslanib derazaga yaqinlasha boshladi. Qorong‘ilik xuddi ko‘rpadek qalin edi. Uzatgan qo‘li mayin darpardaga tegdi, uni bir oz surib parda bilan rom orasidan ochilgan tirqishdan tashqariga qaradi. Hech zog‘ yo‘q. Bog‘ tungi yolg‘izlikka cho‘mib yotar, tungi chiroqlar taratgan nurdan maysalar yaltirar edi. Yomg‘ir tingan, faqat majnuntol va hovli burchagidagi bog‘chadan tomchilar tomib turar edi. U ot edi, o‘yladi Tomas, ancha vaqtdan beri bu atrofda hech kim ot saqlamasa ham, u shubhasiz ot edi. U pardani joyiga surib qo‘ydi va chiroqni yoqdi. Qizgina juda qattiq qo‘rqqan shekilli, miq etmayapti. Eshigiga borib so‘rab ko‘ray-chi, ahmoqona ot kishnashini u ham eshitdimikan o‘zi, deya xayol qildi Tomas. U yuqoriga ko‘tarildi va bir oz taraddudlanib turgach, qizning xonasi eshigini qoqdi. Ammo qiz javob qilmadi. “Mariya”, deb chaqirdi u past ovozda. Yana hech qanday javob yo‘q. “Mariya, bu men, Tomasman, – dedi u. – Sen otning kishnaganini eshitdingmi?” U yana eshikni taqillatdi, ammo xonadan hech qanday sas chiqmadi. U tutqichni tushirib eshikni ochdi. Xona zimiston edi, hatto tungi chiroq ham yoqilmagan. U paypaslab chiroq tugmasini topdi va chiroqni yoqib noiloj xonaga kirdi. To‘shakka qo‘l urilmagan, qizning kiyimlari stul ustida yotar, yonidagi gilamchada tuflisi turardi. Ichki kiyimlari va paypog‘i karavot ortiga otib yuborilgan edi.
Tomas to‘satdan derazaning lang ochiq turganini ko‘rib, qo‘rqqanidan dong qotib qoldi. Xonaga kirmoqchi bo‘lib, deraza rafiga oldingi tuyoqlari bilan osilib olgan otning boshi, bo‘yni va o‘mrovi ko‘rinib turar edi. U katta, otlarga xos xira chaqnayotgan ko‘zlari bilan Tomasga qilt etmasdan baqrayib turar, qoramtir bo‘ynidan quyiga qarab tizillab suv oqar edi. Tomasning oyoqlaridan madori qochdi, u bir qo‘li bilan deraza romiga yopishdi, ikkinchi qo‘li bilan esa orqasidagi devordan chiroq tugmasini timirskiladi. Shu onda karavot oldidagi Mariyaga ko‘zi tushib qoldi. Shiryalang‘och qiz qo‘llari bilan yuzini yopgancha g‘ujanak bo‘lib o‘tirgan edi. U yana derazaga boqdi – ot hamon undan ko‘z uzmasdan qilt etmay turibdi. Uni bu yerda qoldirib bo‘lmaydi, tezda qochib qolish kerak, o‘yladi Tomas. Bir qarorga kelolmay yana bir necha lahza turgandan so‘ng tizzalari qaltirab karavot tomon tashlandi va Mariyani qo‘ltig‘idan ko‘tarib turg‘izdi. Bilagi uning siynasiga tegib turganini his qildi, qiz esa hech narsani sezmagandek hamon yuzini qo‘llari bilan to‘sib turar edi. “Ketdik, – dedi uning qulog‘iga, – tezroq”. Ot esa xuddi haykaldek derazada qotib turibdi. U qizni xonadan olib chiqdi, qulf teshigidan kalitni sug‘urib oldi, chiroqni o‘chirdi va eshikni tashqaridan yopdi. Peshonasi terdan ho‘l bo‘lib ketdi, viskiga ruju qo‘yish oqibati shu ekanini his qildi. Qiz qo‘llarini yuzidan olib, cho‘chib unga qaradi. “Ketdik”, qaytardi Tomas. U qizni uyning ichkari qismidagi o‘zining yotog‘iga yetaklab bordi. Qizning qaynoq yelkalari porlar edi. Yaramas ayg‘ir, baloga yo‘liqqur iflos maxluq, ichida so‘kindi Tomas. O‘sha iblisning hovlida nimalar qilishi mumkinligi endi uni qiziqtirmaydi. Eshik mahkam yopilgan, chiroqlar o‘chirilgan. U derazani mahkam yopib, og‘ir darpardani tushirib qo‘ydi. Ortiga o‘girilganda yalang‘och, uyat va qo‘rquvning zo‘ridan o‘zini yo‘qotgan qiz hali ham xona o‘rtasida serrayib turardi. Tomas unga o‘zining xalatini berdi. Ular birga karavotga o‘tirishdi. U butun diqqatini jamlab tunga quloq tutar edi. Atrofga yana chuqur jimlik cho‘kdi.
– U qanday qilib sening xonangga bo‘yladi? – deya shivirlab so‘radi Tomas.
– Bilmadim, – xirillab javob berdi qiz. – Chiroqni o‘chirganim zahoti kimdir tashqaridan derazani itarib ochib yubordi va…
– Kimdir, – deya so‘radi Tomas, – sen “kimdir” dedingmi?
– Shu… shu ayg‘ir.
– Sekin, – dedi Tomas. U yana vujudini quloqqa aylantirdi, ammo hech qanday ovoz eshitilmadi. Hoynahoy, ayg‘ir juda bahaybat bo‘lsa kerak, o‘yladi, axir orqa oyoqlarida turib, ikkinchi qavatdagi deraza rafiga osilib olgan edi.
– Qo‘rqadigan hech narsa yo‘q, – deya qizga dalda berdi u, – buning hammasi arzimas narsalar.
– Qaydan bu… bu hayvon qayoqdan paydo bo‘ldi? – deb so‘radi qiz.
U hali ham o‘ziga kelolmayotgan, tinchlana olmayotgan edi.
– Bilmadim, balki birorta tsirkdan qochgandir, – deya javob berdi Tomas. Ammo bu taxminga o‘zi ham unchalik ishonmadi. Endi tun unga uyning atrofida sezdirmasdan aylanib yurgan allaqanday notinch va mash’um kechadek tuyila boshladi. Xalatni bo‘ynigacha mahkam o‘rab o‘tirgan qiz unga ko‘zlarini katta-katta ochgancha tikilib turibdi. U benihoya yoqimtoy va xushbo‘y, o‘yladi Tomas, faqat anavi do‘zaxiy maxluq bo‘lmaganida edi. Qo‘qqisdan uning xayoliga u endi xonasiga qayta olmaydi, tunni mening to‘shagimda o‘tkazishga majbur. Agar mening birga yotishimni istamasa, chiqib ketaman. Balki uni bunday vaziyatda yolg‘iz qoldirib bo‘lmas, degan gap keldi.
– Endi nima qilasan? – deb so‘radi qizdan.
– Bilmadim, – cho‘chinqirab javob qildi Mariya.
Tomas sustlashib:
– Sen istasang… – deb gap boshladi, ammo gapini tugata olmadi.
Shu onda qo‘pol va vahshatli nimadir shiddat bilan derazani urdi. Tomasning tomog‘iga bir narsa tiqilib qoldi, qiz esa chinqirib yubordi. U yigitga yopishib, qo‘llarini mahkam ushlab oldi. “O‘zingni bos, – shivirladi Tomas, – qo‘rqadigan hech narsa yo‘q”. Ammo o‘zining a’zoi-badani qanday qilib terga botib borayotganini his qildi. Shu payt deraza oynasi xuddi tosh tekkandek parchalanib har tarafga sochilib ketdi. Pardalar shamolda silkina boshladi va ular orasidan xonaga mo‘ralagan ayg‘ir tumshug‘i ko‘rindi. Uning ko‘zlari qonga to‘lgan, keng burun teshigidan oppoq ko‘pik purkayotgan edi. Qiz jon halpida chiyilladi. Tomas uni karavotdan xuddi yostiqni ko‘targandek qo‘ltiqlab olib xonadan uchib chiqdi. Zinadan chopib borayotganda ayg‘irning baland va qahrli pishqirig‘i tarqaldi. U mehmonxonaga tushib, qizni kushetkaga o‘tqazdi. Xalatning oldi ochilib ketgan edi, qiz bechora shu qadar qattiq qo‘rqqan ediki, bunga e’tibor qiladigan darajada emasdi, qo‘llari bir joyda to‘xtamay qaltirar, dahshatdan kattarib ketgan ko‘zlarini derazadan uzolmas edi. “Qo‘rqinchli hech narsa yo‘q, – qaytardi Tomas, – qo‘rqma”. U bir qizga, bir derazaga qaradi va pichirlab so‘kindi. Agar ana shu yaramas maxluq bo‘lmaganida u…
Qiz xalatga o‘ranib kushetkaning bir burchagiga o‘tirib oldi. Ayg‘ir hozircha jim. Ikkinchi qavatda hech qanday hayot nishonasi sezilmaydi. U endi g‘ayritabiiy ravishda sokin bo‘lgan tunga quloq tuta boshladi. Yomg‘ir tindi, ko‘chadan birorta mashina ham o‘tmadi. Faqat uzoqdan fabrikaning odatdagi shovqini eshitilib turar edi. Yordam kutadigan joyning o‘zi yo‘q. Biror chora topish kerak, biroq u nima qilishni bilmayotgan edi.
– U endi ketadi, – dedi Tomas qizni yupatmoqchi bo‘lib.
– Ketmasa-chi? – deb so‘radi qiz.
– Agar ketmasa, unda… – tutilib qoldi u.
U hayvonni haydab yuborishga urinib ko‘rishi mumkin edi, ammo bu maxluq juda bahaybat, baquvvat va o‘ta makkor edi. Aslida Tomas ayg‘ir yana paydo bo‘lsa, oxiri nima bilan tugashini kuzatib bir chekkada poylab turishi ham mumkin edi. Lekin bu rejasi juda ham xatarli tuyildi. Negaki, ustunlik tajovuzkor ayg‘ir tomonida edi. Bir necha daqiqa ular qimir etmasdan jimlikning bag‘ridan nimaningdir otilib chiqishini kutib qo‘rqib o‘tirishdi. Ammo hech narsa bo‘lmadi. “Ehtimol, u endi ketgandir”, – dedi Tomas. U ayg‘irning shu yaqin orada ekani, yangi tajovuzga tayyorlanayotgani va istalgan vaqtda yanada qo‘rqinchliroq tarzda uyga bostirib kirishiga ishonchi komil bo‘lsa-da, negadir shu gapidan bir ozgina taskin topgandek bo‘ldi.
– Ertaga bularning barchasiga boshqacha ko‘z bilan qaraymiz, – dedi u.
– Hozir-chi?.. – javob qaytardi qiz.
Anavini qarang, hali u hammasiga meni aybdor deb topadi, o‘yladi Tomas, ularning hammasi shunaqa.
– Xohlasang shu kushetkada uxlay qol, – dedi u. – Ertaga hammasini obdon o‘rganamiz.
– Men uxlay olmayman, – dedi qiz, – qo‘rqib ketyapman.
– Men shu yerda bo‘laman, – dedi Tomas. U kamin yaqinidagi o‘rindiqqa o‘tirmoqchi bo‘lgan edi, qiz uning qo‘llariga yopishib oldi va yana kushetkaga qaytishga majbur bo‘ldi. Agar tun bo‘yi u bilan qoladigan bo‘lsam, o‘zimni tuta olmayman, bu ishim nomardlik bo‘ladi, o‘yladi Tomas. Anavi ayg‘ir bo‘lmaganida-ku, yo‘rig‘i boshqa edi. Endi agar shu ishni qilsam, razillik qilgan bo‘laman.
– Men xonadan chiqib ketmayman, – dedi Tomas, – sen hecham qo‘rqma, xo‘pmi!
Biroq uning yaxshi niyati darhol g‘oyib bo‘ldi va kushetkada qiz bilan qapishib o‘tirdi. Shaytoni la’in u bilan birga, nima deb o‘ylasa o‘ylayversin, faqat anavi maxluq bizni tinch qo‘ysa, bas. Balki u men o‘ylayotgan darajada qattiq qo‘rqmagandir.
– Menga qara, – dedi Tomas, – agar ayg‘ir boshqa ko‘rinmay ketsa, shunda ham mening qoshimda shiryalang‘och o‘tiraverasanmi…
U birorta besharm gap yoki kishining g‘ashiga tegadigan siyqa javob kutgan edi. Lekin qiz uyalib yuzini yashirib oldi-da:
– Men kiyimlarimni olish uchun yuqoriga chiqa olmayman, – dedi.
Qiz, aftidan, uning qalbidagi qiynoqlaridan bexabar edi. U Mariyaning qo‘llarini yengilgina siladi, ammo qizni iymanish va tahlika yanada qattiqroq iskanjaga olayotgan edi.
– Ayg‘ir boshqa kelmaydimi? – so‘radi u.
– Bilmadim, – javob berdi Tomas ayg‘irning yangi hujumga shaylanayotganiga ishonchi komil bo‘lsa ham. Bu bahaybat maxluqni daf qilish uchun nimadir o‘ylab topishi kerak. Biroq u faqat nochorlikni his etar va joniga tekkan bu ishdan tezroq qutulishni istar edi.
– Qanday mudhish kecha, – shivirladi qiz.
– Ha, – uning gapini tasdiqladi Tomas. U lahzalarga quloq tutdi, begona ovoz yo‘q. Keyin bir qo‘li bilan qizning yelkasidan quchib, uning qulog‘iga ehtiros bilan ohista-ohista bir nimalarni shivirlay boshladi
– Tomas, – dedi qiz xirillagan ovozda, – eshityapsanmi, Tomas, ana u yoqda…
U boshini ko‘tardi. Ko‘cha eshigiga nimadir zarb bilan urildi. Asabga o‘ynaydigan g‘ijirlagan tovush tobora balandlab kelaverdi va qattiq guldurashga aylandi. Eshik oshiq-moshiqlarida o‘ynab, mixlari ko‘cha boshladi, keyin kimdir uni maydalab tashlamoqchi bo‘lib katta bolg‘a bilan ura boshladi. Eshik taxtalari qarsillab sinib tushdi, payraxalari dahlizning to‘riga qadar uchib ketdi. Qiz murdadek oqarib, sekingina ingray boshladi. U yuzini yashirib oldi, ko‘ksida xuddi bir qushcha tipirchilayotganga o‘xshar edi. “Tur, – pichirladi Tomas, – tez bo‘l”. U qo‘zg‘almasdan uvillashda davom etdi. “Tura qol, Mariya”, – qaytardi u. Ammo qiz falaj bo‘lib qolgandek qimirlay olmas edi. U qizni quchoqlab, xuddi bolaga o‘xshatib ko‘tarib oldi. U harsillab qizni ko‘tarib zinadan ko‘tarilib borar ekan, tashqi eshikning shiddatli bosimga tob bera olmaganini payqadi. Eshikka berilgan kuchli zarb butun uy bo‘ylab dahshatli aks sado tarqatar edi. Yuqorida u bir lahza o‘ylanib qoldi. Keyin omborxonaga kirib eshikni ichkaridan mahkam yopdi. Omborda chiroq yo‘q edi, quyuq qorong‘ilik xuddi noyabr kechasiga o‘xshar edi. Shu damda tashqari eshik qo‘rqinchli qarsillib oshiq-moshig‘idan ajralib quladi va ayg‘ir tuyoqlarini taqillatib dahlizga bostirib kirib keldi. Otning taqalari ostida maydalanayotgan yupqa kafellar jaranglab atrofga sochilib ketar edi. Tomas bo‘sh qo‘li bilan paypaslanib eski-tuski lash-lushlarga qoqinib-surinib, ombor to‘ridagi eski divanni topdi va qizni unga qo‘ydi. Apil-tapil qochayotgan vaqtda qizning egnidagi xalat qaygadir g‘oyib bo‘lgan edi. U kaftida qizning yalang belining taftini his qildi. Qiz butun tanasi titrab, entikib-entikib nafas olgancha jim yotar edi. Tomas lablari qizning bo‘yniga tekkuncha quyiga engashdi. Ayg‘ir tuyoqlarini taqirlatib ochiq turgan mehmonxonaga yo‘rtib kirdi. Dastlab metall taqalar jarangiga polga to‘shalgan gilamlar to‘sqinlik qilib turdi. Keyin mehmonxonadan ag‘darib tashlanayotgan stullar taraqlagani va birlashtirib qo‘yilgan og‘ir stollarning tuyoqlar zarbidan xuddi bo‘shagan gugurt qutisi kabi qarsillab sinib ketgani eshitildi. Ayg‘ir darg‘azab pishqirar, mebellarga tuyog‘ini zarb bilan qadar ekan, g‘ayritabiiy ravishda irilar edi. Tomas qanchadir vaqt diqqatini jamlab bu to‘s-to‘polonga quloq tutib turdi, so‘ng negadir pastda yuz berayotgan hodisalar unga arzimas va ahamiyatsiz narsadek tuyildi, u yana qizning ustiga engashdi. Jahannam zulmatida uning qo‘llari qizning yuzini siypalay boshladi. Barmoqlarining uchi qizning pastki kipriklariga tekkanda uni bolalardek erkalashga qaror qildi. Qiz harakatsiz yotar, faqat notekis nafasi uning ko‘kragini go‘yo bahor shabadasidek siypalab o‘tar edi. “Mariya, – shivirladi u arang eshitiladigan ovozda, – sen qo‘rqma, shunday bo‘lgani yaxshi o‘zi. Bu ilgariroq yuz berishi ham mumkin edi…” Ayg‘ir xunukdan-xunuk xirillab uyning ichini aylanib chopib yurar edi, idish-tovoqlarning jaranglab singani eshitildi, uning ortidan nimadir juda qattiq gumburlab tushdi. Bu shiftga ilingan og‘ir qandil edi. “Biz, axir bu haqda ko‘pdan beri bilardik, to‘g‘rimi, Mariya?” – shivirlashda davom etdi Tomas. Qiz tashnalik bilan uni bag‘riga bosdi. U ko‘ylagi ustidan qizning siynasini his qildi. Birinchi qavatda ayg‘ir quturib, to‘polon qilib yotibdi, u hammayoqni vayron qilgan, uning ketma-ket kishnashi iblisona qahqahaga aylanib borardi. Ammo bu vahshatli shovqinlar ularga juda uzoqlardan eshitilar va hech qanday e’tibori yo‘qdek edi. Qizning namxush lablari esa totli edi, u tinmasdan: “Tomas, Tomas”, derdi. Yigit qizdan bo‘sa olar ekan, go‘yoki bu so‘z o‘zining og‘zidan chiqayotgandek his qildi. Shu vaqt ayg‘irning mudhish va jirkanch shahvoniy kishnashi eshitildi, bu shovqin zarbidan uyning devorlari zirillab ketdi. Ayg‘ir zinadan ko‘tarila boshladi, uning bosqonga o‘xshagan og‘ir tuyoqlari pillapoyalarni yanchib borar edi.
Rus tilidan Damin Jumaqul tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2015 yil, 1-son