Mixail Bulgakov. Ivan Vasilevich (3 pardali komediya)

Ishtirok etadilar:

ZINAIDA MIXAYLOVNA – kinoaktrisa.
ULYaNA ANDREEVNA – uyboshqaruvchi Bunshaning xotini.
MALIKA – Ivan Grozniyning rafiqasi.
TIMOFEEV – ixtirochi.
MILOSLAVSKIY – Jorj.
BUNShA – Bunsha-Koretskiy, uyboshqaruvchi Ivan Vasilevich.
ShPAK ANTON SEMYoNOVICh.
IVAN – Ivan Grozniy.
YaKIN – kinorejissyor.
KOTIB – shoh saroyida xizmat qiluvchi kotib (dyak).
ELChI – Shvetsiya elchisi.
BOSh RUHONIY – provaslav dini patriarxi.
OPRIChNIKLAR – Grozniy tuzgan “oprichina” guruhiga a’zo boyarlar.
DASTURXONChILAR – Grozniy davridagi saroy a’yonlari.
GUSLIChILAR – gusli chalib qo‘shiq aytuvchi hofizlar.
MILISIONERLAR

BIRINChI HARAKAT

Moskva shahrida joylashgan kvartira. Timofeevning xonadoni, yonida Shpakning eshigiga qulf osilgan uyi. Bundan tashqari, radiokarnay o‘rnatilgan dahliz. Timofeevning uyi betartib. Parda. Parda oldida allaqanday g‘ayritabiiy uskuna. Bu Timofeev ixtiro qilayotgan radiopriyomnik. Uskunada ko‘plab lampalar yonib-o‘chib turibdi. Timofeevning sochlari parishon, ko‘zlari uyqusizlikdan qizarib ketgan. U besaranjom. Timofeev uskunadagi tugmachani bosadi. Yoqimli ohangdagi tovushlar yangraydi.
TIMOFEEV. Tovush yana o‘sha yuqori tebranishda…
Yorug‘lik o‘zgaradi. Beshinchi lampadagi nur g‘oyib bo‘ladi.
Nimaga yorug‘lik yo‘q? Hech narsani tushunmayapman. Hozir tekshirib ko‘ramiz. (Hisoblab chiqadi.) “A” bir… “A” uch… musbat o‘qlar orasidagi yo‘nalishlar burchagi… Hech narsani tushunolmayapman. Kosinus, kosinus…
To‘ppa-to‘g‘ri!
Kutilmaganda dahlizdagi radiokarnaydan shodiyona nido yangraydi:
“Marhamat, “Pskovlik ayollar”ning davomini tinglang!”
Ortidan radiokarnayda qo‘ng‘iroqlar bong urib, xirillagan musiqa eshitiladi.
TIMOFEEV. Bu, Ivan qo‘ng‘iroqlari bilan jonga tegdi-da! Bunaqa radiopriyomnik o‘rnatgan odamning bo‘ynini uzish kerak. “Olib qo‘ying shuni, o‘zim tuzatib beraman”, degandim-a! Lekin meniyam vaqtim yo‘q. (Dahlizga yugurib chiqib, radioni o‘chiradi. Karnay g‘iyqillab tinchib qoladi. U yana o‘z xonasiga qaytadi.) Qayerga kelib to‘xtagandim?.. Kosinus… E, yo‘q, shu uyboshqaruvchini!.. (Derazani ochib, tashqariga qichqiradi) Ulyana Andreevna! Anavi bebaho zavjingiz qani?! Eshitmayapman! Ulyana Andreevna, eringiz shu karnayini yo‘qotsin, degandim-ku! Eshitmayapman!.. Karnayini yo‘qotsin, degandim! Ozgina chidab tursin, aytib qo‘ying, men unga yangi priyomnik o‘rnatib beraman! U hatto Avstraliyani qabul qila oladi! Ayting unga, o‘zining Ivan Grozniysi bilan meni ezvordi! Keyin, bu karnay xirillayapti! Ha, karnay xirillayapti, karnay! Mening vaqtim yo‘q! Kallamda qo‘ng‘iroqlar jiranglayapti! Eshitmayapman! Ha, mayli. (Derazani yopadi.) Nimaga kelib to‘xtagan edim?.. Kosinus… Miyamda og‘riq turdi-ku… Zina qaylarda qoldi? Hozir ozgina choy ichib olganimdami… (Deraza oldiga kelib tashqariga qaraydi.) Bu qanaqa odam bo‘ldi? Qora qo‘lqop kiyib olganmi? Bunga nima kerak ekan? (Kelib o‘rniga o‘tiradi.) Yana bir urinib ko‘raman. (Uskunada tugmachasini bosadi. Yana uzoqlardan ohangdor tovush eshitilib, lampalardagi yorug‘lik o‘zgaradi.) Kosinus va qo‘ng‘iroqlar… (Varaqqa yozib qo‘yadi.) Kosinus va qo‘ng‘iroqlar… ya’ni kosinus… (Homuza tortadi.) Jiringlaydi, xirillaydi… ana senga musiqaboz uyboshqaruvchi.
U o‘tirgan joyida, boshini uskunaga qo‘ygancha uxlab qoladi. Uskuna lampalaridagi yorug‘lik o‘zgaradi. Keyin chiroq o‘chib, Timofeevning xonasiga zulmat cho‘kadi. Olislardan kelayotgan ohangdor tovushlar eshitilib turadi. Oldindagi dahliz yorishadi. Dahlizda Zinaida Mixaylovna paydo bo‘ladi.
ZINAIDA (ohangdor tovushni tinglab). Uyda ekan. Shu uskuna kasriga aqldan ozmasaydi, deb qo‘rqaman. Voy, bechora!.. Ustiga-ustak, bu tomonda uni yana bir zarba kutyapti… Men uch marta erdan ajraldim. Ha, nima, uch marta-da. Zuzinni hisobga olmaganda… Oldingi ajralishlarimda bunchalik hayajon bosmagandi. Sezib turibman, hozir bir balo bo‘ladi! Katta mojaro bo‘lmasaydi! Bunaqa janjallar odamni ezvoradi-da… (Yuziga upa surtib olgach) Qani, olg‘a! Shartta uzil-kesil hal qilaqolay! (Eshikni taqillatib) Koka, eshikni och!
TIMOFEEV (qorong‘ilik ichidan). E, jin ursin!.. Kim u yana?!
ZINAIDA. Bu menman, Koka.
Timofeevning xonasi yorishadi. Timofeev eshikni ochadi. Zinaida kiradi. Boyagi katta radiopriyomnik o‘rnida endi g‘aroyib va ulkan uskuna – vaqt mashinasi turadi.
ZINAIDA. Koka, uxlab olmadingmi? Koka, bu uskunang boshingga yetdi. Bu ishing yaramaydi. Kechir, Koka, tanishlarim ta’kidlashdiki, o‘tmish bilan kelajakni ko‘rish mumkin emas emish. Qisqasi, bu bema’ni g‘oya, Kokajon. Utopiya!..
TIMOFEEV. Tanishlaringning, Zinochka, bunday masalalarga fahmi yetmaydi. Buning uchun mutaxassis bo‘lish kerak.
ZINAIDA. Kechirasan-u, Koka, ular orasida vallomat mutaxassislar ham bor.
TIMOFEEV. Meni tushun, shu, qayeridadir kichkina xato bor, kichkinagina! Men uni sezyapman, his qilib turibman, u mana shu yerda, qayerdadir… izg‘ib yuribdi! Men uni albatta tutaman.
ZINAIDA (kinoyali, o‘zicha). E, yo‘q, bu avliyo.
Timofeev unga parvo qilmay, yana uskunasi yonida hisob-kitobga kirishadi.
ZINAIDA. Xalal berganim uchun uzr, senga bir dahshatli xabarni aytishim kerak… (Qiynalib) Ammo aytishga botina olmayapman… Bugun qahvaxonada qo‘lqopimni o‘marib ketishdi. Ajoyib hangoma! Men qo‘lqopimni stolga qo‘ygandim, keyin… men boshqa birovni sevib qoldim, Koka… Yo‘q, aytolmayman… Gumonim, qo‘shni stoldagilardan… Sen meni tushunyapsanmi?
TIMOFEEV. Yo‘q… qanaqa stol?
ZINAIDA. Oh, xudoyim, bu uskunaga o‘ralashib, butunlay befahm bo‘lib qoldingmi?!
TIMOFEEV. Xo‘p, qo‘lqoplar… nima bo‘ldi qo‘lqopga?
ZINAIDA. E, gap qo‘lqopdamas, men boshqasini sevib qoldim! Uf, ana aytib yubordim!..
Timofeev qayg‘uga botib, Zinaidaga xira ko‘zlarini tikadi.
ZINAIDA. Faqat rad qilma… tomosha ham ko‘rsatma. Nimaga endi odamlar albatta janjal-suron bilan ajralishlari kerak? Fikrimga qo‘shil, Koka, shu narsa shart emas. Bunisi haqiqiy muhabbat tuyg‘usi, avvalgi tuyg‘ularim xato ekan… U kim deb so‘ramoqchimisan? Va albatta, sen uni Molchanovskiy deb o‘ylayapsan-a? Yo‘q, tayyor tur, bo‘lmasa, yiqilasan. U kinorejissyor, juda iste’dodli zot… Kel, topishmoq aytishni qo‘yaylik. U – Yakin!
TIMOFEEV. Xo‘sh…
Sukunat.
ZINAIDA. Bu yog‘i g‘alati bo‘ldi-yu! Bunaqasi hayotimda birinchi bor ro‘y berishi! Unga “xotining senga xiyonat qildi”, deb aytishyapti, balki shuning uchun senga xiyonat qilgandirman, bu bo‘lsa “xo‘sh”, deb turibdi. Bu qanday behurmatlik!
TIMOFEEV. U… haligi… kim edi… mallasoch, novchamidi?
ZINAIDA (asabiy). Yo‘q, bu umuman yuzsizlik! Xotinigayam shunchalik beparvo bo‘ladimi odam! Mallasoch, bu – Molchanovskiy, shuni eslab qol! Yakin esa, u juda iste’dodli shaxs! (Sukunat) Qayerda yashaysizlar deysanmi? Tasvirga olishga joy tanlash uchun, soat beshda u bilan Gagraga jo‘nab ketaman. Qaytib kelganimizdan keyin bizga yangi uydan kvartira berishlari kerak, agar u aldamayotgan bo‘lsa…
TIMOFEEV (so‘nik). Aldayotgan bo‘lsa kerak.
ZINAIDA. Rashk tufayli birovni xaqoratlash nodonlik. U har bir daqiqada aldamasa kerak. (Sukunat.) Men uyqusiz tunlarimda o‘ylab-o‘ylab, bir qarorga keldim. Ikkalamiz bir-birimizga to‘g‘ri kelmas ekanmiz. Men borlig‘im bilan kinoda, san’at ichidaman. Sen bo‘lsang mana bu uskunaga bog‘lanib qolgansan. Darvoqe, bu xotirjamliging meni hayron qoldiryapti. Hattoki, janjal ko‘tarib tomosha ko‘rsatgim kelyapti! Him, nimayam derdim… (Parda ortiga o‘tib, jomadonini olib chiqadi.) Dilingga ozor bermaslik uchun narsalarimni tayyorlab qo‘ygandim. Iltimos, menga yo‘lkira berib tur, senga Kavkazdan jo‘natib yuboraman.
TIMOFEEV (pul olib sanab). Mana, bir yuz qirq… bir yuz ellik uch rubl… menda boshqa pul yo‘q.
ZINAIDA. Pidjaging cho‘ntagini qarab ko‘r-chi.
Timofeev pidjagini olib, cho‘ntagini kavlab ko‘radi.
TIMOFEEV. Pidjagimda pul yo‘q ekan.
ZINAIDA. Mayli, kel, meni o‘pib qo‘y. Alvido, Koka. Har holda qandaydir alam qilyapti… Axir ikkovimiz bus-butun o‘n bir oy birga yashadik! Hayron qolyapman, mutlaqo hayron qolyapman!
Timofeev Zinaidani o‘pib qo‘yadi.
Sen hozircha meni uy ro‘yxatidan o‘chirtirmay tur, kim biladi yana nima bo‘ladi. Qolaversa, sen bunday ablahlik qilmaysan.
Zinaida dahlizga chiqib, eshikni sirtdan yopadi. Timofeev uning ortidan so‘nik nigohini tikib qoladi.
TIMOFEEV. Tanho qoldim… Men qanaqa turmush qurdim, o‘zi? Kimga uylandim? Nimaga uylandim? Bu qanday xotin bo‘ldi endi? (Uskuna yoniga kelib) Tanho qoldim… Ammo men uni ayblamayman. Chindan ham mendek odam bilan yashab bo‘ladimi? E, yolg‘iz qolgan bo‘lsam nima bo‘pti! Mana, endi menga hech kim xalal berolmaydi… (Hisoblab) O‘n besh… O‘n olti…
Yana o‘sha ohangdor tovush. Dahlizdagi eshik qo‘ng‘irog‘i jiringlaydi. Qo‘ng‘iroq uzluksiz jiringlashga o‘tadi.
Bu sharoitda qanday ishlash mumkin!..
Timofeev dahlizga chiqib tashqi eshikni ochadi. Ulyana Andreevna kiradi.
ULYaNA. Salomatmisiz, o‘rtoq Timofeev? Ivan Vasilevich siznikiga kirmadimi?
TIMOFEEV. Yo‘q.
ULYaNA. Zinaida Mixaylovnaga yetkazib qo‘ysangiz, Marya Stepanovna aytdiki, Anna Ivanovnaga manikyurchi xotin xorij matosini taklif qilibdi. Agar Zinaida…
TIMOFEEV. Zinaida Mixaylovnaga yetkazib qo‘yolmayman, chunki u jo‘nab ketdi.
ULYaNA. Qayerga jo‘nab ketdi?
TIMOFEEV. O‘ynashi bilan Kavkazga ketdi. Keyin ular yangi uyda yashaydigan bo‘lishdi, agar o‘ynashi aldamagan bo‘lsa, albatta.
ULYaNA (hayron). Qanaqa o‘ynashi bilan?! Ana, xolos! Shu gaplarni bemalol gapiryapsiz-a, g‘alati odam ekansiz!
TIMOFEEV. Ulyana Andreevna, menga xalal beryapsiz.
ULYaNA. Voy, kechirasiz! G‘alati fe’lingiz bor-a, o‘rtoq Timofeev! Zinaida Mixaylovnaning o‘rnida bo‘lganimda men ham ketib yuborgan bo‘lardim.
TIMOFEEV. Siz uning o‘rnida bo‘lganingizda men o‘zimni osardim!
U eshikni yopmoqchi bo‘ladi.
ULYaNA (achchiqlanib). Xonimning yuziga eshikni yopmang! Qo‘pol, to‘nka!
Ulyana chiqadi. Timofeev eshikni yopib, o‘z o‘rniga kelib o‘tiradi.
TIMOFEEV. E, alvasti!
Timofeev uskunadagi tugmachani bosadi. Uning xonasiga zulmat cho‘kib, g‘oyib bo‘ladi. Tashqi eshik asta-sekin ochilib, ostonada Miloslavskiy paydo bo‘ladi. U artistlardek soqolini qirtishlab, ko‘rimsiz kiyingan va qo‘liga qora qo‘lqop kiyib olgan. Dahlizga kirib, Timofeevning eshigiga quloq tutadi.
MILOSLAVSKIY. Ahli olam xizmatga ketgan, bu esa uyida. Patefon tuzatyapti. (Shpakning eshigiga kelib, undagi yozuvni o‘qiydi.) “Shpak Anton Semyonovich”. Nimayam derdik, Shpakning uyiga kira qolamiz… Qanday kulgili qulf. Anchadan beri bunaqasiga duch kelmagandim. E, yo‘q, “Qassoblar” ko‘chasidagi bevaning qulfi shunaqa edi. Buni oltinchi raqam bilan ochsa bo‘ladi. (Cho‘ntagidan ochqich oladi). U hozir idorasida o‘tirib: “Eh, eshigimga zo‘r qulf osganman-da”, deb o‘ylayotgan bo‘lsa kerak! Aslida bu qulflar, uyda xo‘jayin yo‘qligini bildirishga xizmat qiladi, xolos! (Eshikni ochib, xonaga kiradi, so‘ng eshikni shunday yopadiki, qulf o‘z o‘rnida osilgancha qoladi.) O, bu qanday go‘zal holat! (Xonani tomosha qilib) Meni omad yetaklab kiribdi-yu. Hatto alohida telefoniyam bor ekan. Beqiyos qulaylik! Tartibliligini ko‘ring, ishxonasidagi telefon raqaminiyam yozib qo‘yibdi. Ovora bo‘lib yozganiga yarasha qo‘ng‘iroq qilib qo‘yay, yana tushunmovchilik bo‘lib yurmasin. (Telefonda raqam terib, go‘shakka ayol kishi ovozida so‘zlaydi.) Shaharlararo tarmoq. Mersi. Qo‘shimcha besh yuz bir. Mersi. O‘rtoq Shpakni. Mersi. O‘rtoq Shpak? Bonjur. O‘rtoq Shpak, bugun kechgacha ishxonada bo‘lasizmi?.. Siz bilan bir artistka gaplashyapti. Yo‘q, siz bilan tanish emasman, lekin judayam siz bilan tanishgim kelyapti. Ha, siz soat to‘rtgacha ishda bo‘lasizmi? Keyinroq sizga yana qo‘ng‘iroq qilarman, men juda g‘ayratliman… Yo‘q, mallasochman. Kontralto. Xo‘p, hozircha xayr. (Go‘shakni qo‘yadi.) O‘lardek hayron bo‘ldi-da. Xo‘sh, boshladik bo‘lmasa… (Shkaf eshigini buzib, kostyumni oladi.) Junli mato!.. O!.. (Egnidagi uringan kiyimlarni yechib, gazetaga o‘raydi. ­Keyin Shpakning kostyumini kiyib oladi.) Xuddi o‘zimga tikilgandek… (Yozuv stoli eshiklarini buzib, soat, zanjir va portsigarni olib, cho‘ntagiga soladi.) Uch yil Moskvada bo‘lmadim, bular esa rosa mol-bisot to‘plashibdi! Ko‘nglim yayrab ishlayapman. Ajoyib patefon… Shlyapa ham yomonmas… o‘zimning o‘lchamim. Qanday yoqimli kun-a!.. Uf, charchab ketdim! (Bufet eshigini buzib, ichidan aroq bilan gazak olib ichadi.) Arog‘ini nima solib tayyorladi ekan? Ajoyib nafis aroq!.. Yo‘q, bunga tarxun solinmagan… (Xonaga nazar tashlab) Uning xonasi anchagina shinam ekan… O, mutolaa qilishni sevarkanlar-da… (Kitobni olib, o‘qiydi.)

Onajon Moskvaning ostonasida
Yovqur do‘stlari ila qilar tantana,
Ivan Vasilevich Grozniy betin,
Stollarda yaraqlar qadahlar oltin.
Ortida o‘tiradi tortgan holda saf,
Mast-alast jangari a’yonlar quvnab.

Shonu shavkatli she’r! Go‘zal she’r!..

Amaldoru a’yonlarim omon bo‘lsinlar!
Chert toringni qattiqroq, maddoh bulbullar!

Bu she’r menga yoqdi. (Telefonga) Shaharlararo tarmoq bo‘limi. Mersi. Qo‘shimcha besh yuz bir… Mersi. O‘rtoq Shpakni. Mersi. O‘rtoq Shpak? Bu yana men… Ayting-chi, siz arog‘ingizni nima qo‘shib tayyorlaysiz?.. Mening familiyam sirligicha qolsin… Katta teatrda ishlayman. Sizni biram ajoyib syurpriz kutyaptiki!..

Yovqur do‘stlari ila qilar tantana,
Ivan Vasilevich Grozniy betin…

(Go‘shakni qo‘yib) Judayam hayron bo‘lyapti-da. (Aroq ichib) Stollarda yaraqlar qadahlar oltin!
Shpakning xonasiga zulmat cho‘kadi. Timofeevning xonasi esa yorishadi. Endi g‘aroyib uskuna tez-tez ohangdor tovush taratishga o‘tgan. Ora-chora uskuna chiroqlaridagi yorug‘lik almashinib turadi.
TIMOFEEV. Nurlanyapti. Nurlanyapti! Mana bu boshqa gap…
Dahlizning tashqi eshigi ochilib, Bunsha kiradi. Eng avval dahlizdagi radiokarnayga e’tibor beradi.
BUNShA. Bu uyga madaniyat olib kiraman deb, beqiyos kuch sarflab, uyni radiolashtirdim. Bular esa qaysarlik qilib, radiodan foylanishmaydi. (Radioni elektrga ulaydi, lekin uskuna jim.) Antrakt. (Timofeevning eshigini taqillatadi.)
TIMOFEEV. E, kim u? Kiravering… yer yutsin sizlarni!
Bunsha kiradi.
TIMOFEEV. Obbo… shu yetmay turgandi!..
BUNShA. Bu menman, Nikolay Ivanovich.
TIMOFEEV. Ko‘rib turibman, Ivan Vasilevich. Hayronman sizga, Ivan Vasilevich! Qarigan chog‘ingizda uyingizda nevara boqib o‘tirsangiz bo‘lardi. Siz esa, mana bu yag‘iri chiqqan daftaringizni ko‘tarib, xonama-xona izg‘iysiz… Uzr, Ivan Vasilevich, men bandman.
BUNShA. Bu kitob uy kitobi, nabiralarim esa yo‘q. Agar men xonama-xona yurmasam, dahshat yuz beradi.
TIMOFEEV. Davlat ag‘darilib ketadimi?
BUNShA. Ha, agar kvartira haqini to‘lashmasa, ag‘dariladi. Bu uydagilar “haq to‘lamasak ham bo‘laveradi”, deb o‘ylashadi. Lekin bunday qilish yaramaydi. Umuman olganda, bizning uy juda g‘alati. Hovlida yurganimda yuragim shuvillaydi. Hammalari derazalarini ochib, deraza raxiga yotib olib, qayoqdagi gaplarni gaplashadilar, takrorlashga tilim bormaydi.
TIMOFEEV. Xudo haqi, hech baloni tushunmayapman. Siz davolanishingiz kerak, knyaz.
BUNShA (cho‘chib). Nikolay Ivanovich, siz meni knyaz deb atamang. Men hujjatli ravishda knyaz emasligimni isbotlaganman. Knyaz otam tug‘ilishimdan bir yil oldin chet elga jo‘nab ketgan ekan. Shundan kelib chiqadiki, men aravakash Pantileyning o‘g‘liman. Men Pantileyga o‘xshab tug‘ilganman.
TIMOFEEV. Xa aravakashning o‘g‘li bo‘lsangiz, meni yaxshi tushunasiz. Menda pul yo‘q, Ivan Panteleevich.
BUNShA. Yo‘q, siz meni hujjat bo‘yicha – Ivan Vasilevich deb chaqiravering.
TIMOFEEV. Yaxshi, yaxshi.
BUNShA. O‘tinaman sizdan, kvartira haqini to‘lab qo‘ying.
TIMOFEEV. Aytdim-ku sizga, hozir pulim yo‘q… Meni xotinim tashlab ketdi. Ustiga-ustak, siz ham ezyapsiz.
BUNShA (shoshib). Kechirasiz! Nimaga meni bundan ogoh qilmadingiz?
TIMOFEEV. Iya, sizning ishingiz nima?
BUNShA. Ishim shundaki, xotiningizni darhol ro‘yxatdan chiqarishim kerak.
TIMOFEEV. U ro‘yxatdan chiqarmasligimni so‘radi.
BUNShA. Baribir bu voqeani kitobimga qayd etib qo‘yishim kerak. (Kitobiga yozib qo‘yadi.) O‘tirib olaqolay.
Bunsha stulga o‘tiradi.
TIMOFEEV. O‘tirishingizga hojat yo‘q. Meni ish vaqtimda bezovta qilmaslik kerak! Qanday tushuntiray sizga?
BUNShA. Yo‘q, siz menga tushuntirib bering. Men ilg‘or odamman. Kecha uyboshqaruvchilar va’zxonligida qatnashdim. Bundan juda katta naf oldim. Deyarli, hammasini tushundim. Stratosfera haqida. Hayotimiz umuman qiziqarli hamda foydali ekan. Lekin buni bizning uydagilar tushunishmaydi.
TIMOFEEV. Siz gapirsangiz, Ivan Vasilevich, menga alahlayotgandek tuyulasiz.
BUNShA. Bizning uy umuman juda g‘alati. Shpak doim qizil yog‘och mebel sotib oladi. Lekin kvartira haqini to‘lashga qayishadi. Siz esa g‘ayritabiiy mashina yasadingiz.
TIMOFEEV (asabiy). Mana senga azob, Xudo haqi!
BUNShA. O‘tinaman sizdan, Nikolay Ivanovich, mashinangiz haqida yuqoriga xabar qiling. Uni ro‘yxatdan o‘tkazish kerak. Yondagi uyda xonimlar mish-mish qilishyapti. Siz uyni qulatib yuborishi mumkin bo‘lgan uskuna qurayotgan emishsiz. Buning oqibatini tushunasizmi? O‘zingiz ham halok bo‘lasiz, sizga qo‘shilib biz ham…
TIMOFEEV. Bu bema’ni gapni qaysi iflos aytdi?
BUNShA. Kechirib qo‘ysinlar, mening xotinim Ulyana Andreevna aytdilar.
TIMOFEEV. Aybdorman, uzr. Nima uchun bu xonimlar bemaza gaplarni chaynashadi? Bilaman, hammasiga siz aybdorsiz. Siz – keksargan xira, doim turlanib yurasiz, zimdan kuzatasiz, g‘iybatchilik qilasiz, eng muhimi – yolg‘on gapirasiz!
Bunsha o‘rnidan turib, asabiy ravishda tashqariga yuzlanadi.
BUNShA. Bundoq ashaddiy haqoratlardan so‘ng uyingizdan chiqaman-da, to‘g‘ri militsiyaga boraman! Men uyboshqaruvchi vazifasini egallab turgan mas’uliyatli shaxsman, nazorat qilishga majburman!
TIMOFEEV. To‘xtang!.. Meni kechiring, qizishib ketdim. (Uni ortiga qaytarib kelib) Xo‘p yaxshi, bu yoqqa keling. Men faqat vaqt fazosi oralig‘idan o‘tish ustida tajriba o‘tkazyapman. (O‘ylanib) Biroq vaqt nimaligini sizga qanday tushuntirsam ekan?.. Balki, bilarsiz, to‘rt o‘lchamli fazo, harakat… Xullas, umuman… bir so‘z bilan aytganda, shuni tushunib oling. Bu narsa portlab ketmaydi. Mamlakatga esa ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan foyda keltiradi.
BUNShA. Fazodan o‘tish, dedingizmi? Bunday tajribalar militsiya ruxsati bilan qilinadi. Men uyboshqaruvchi sifatida, o‘zimga ishonib topshirilgan uyda bunday tajriba o‘tkazilishidan tashvishdaman. Mana, sirli mashina hozir kalitlangan holda turibdi…
TIMOFEEV (shosha-pisha). Nima?! Kalit?! (Mashinaga qarab, quvonib) Ivan Vasilevich, rahmat! Rahmat! Siz dahosiz! Kalit!.. Eh, men parinshonxotir kallavaram! Qulflog‘liq mexanizmda ishlayveribman-ku! To‘xtang! Qarab turing! Ko‘ring, hozir nimalar bo‘ladi! Yaqinroq masofada sinab ko‘ramiz… kichik burchak… (Kalitni burab, tugmachani bosadi.) Qarang, biz hozir vaqt fazosidan o‘tmishga o‘tamiz…
Yana tugmani bosadi. Jaranglagan sado. Zulmat. Keyin atrof yorishadi. Xonalar orasidagi devor g‘oyib bo‘lgan. Shpakning xonasida kitob o‘qib o‘tirgan Miloslavskiy, beparvo aroq ichadi.
TIMOFEEV (hayajonda). Ko‘rdingizmi?
MILOSLAVSKIY (qarab). Uh, jin urgur!.. Bu qanaqasi?!
BUNShA. Nikolay Ivanovich, devor qayoqqa g‘oyib bo‘ldi?!
TIMOFEEV. G‘alaba! G‘alaba! Men hozir o‘zimda emasman! Mana o‘sha kashfiyot! Mana!
Bunsha hayron bo‘lib, Miloslavskiyga baqrayadi.
BUNShA. Bu notanish fuqaro Shpakning xonasida nima qilyapti?!
MILOSLAVSKIY. Uzr so‘rayman, nima gap o‘zi? Nima bo‘ldi? (Patefon va gazetaga o‘ralgan eski kiyimlarini ko‘tarib, Timofeevning xonasiga o‘tib keladi). Hozir bu yerda devor bor edi!
BUNShA. Nikolay Ivanovich, devor uchun qonunan javob berasiz! Ko‘rdik qanday mashina yasaganingizni! Kvartiraning yarmi yo‘qolib qoldi-ku!
TIMOFEEV. E, jin ursin sizniyam, devoringizniyam! Unga hech narsa bo‘lgani yo‘q!..
Timofeev tugmachani bosadi. Zulmat. Yorug‘lik. Devor o‘z o‘rnida paydo bo‘lib, Shpakning xonasi yana to‘silib qoladi. Omma hayratda.
MILOSLAVSKIY. Dunyo mo‘jizalarini ko‘rganman, lekin bunaqasini – hech qachon!..
TIMOFEEV (sarxush). Ey, xudo, boshim aylanib ketyapti!.. Topdim, topdim! O, insoniyat, nimalar kutmoqda seni!..
BUNShA (Miloslavskiyga). Afv etsinlar-u, o‘zlari kim bo‘ladilar?
MILOSLAVSKIY. Mening kimligimni so‘rayapsizmi? Men do‘stim Shpakning kelishini kutib o‘tiribman.
BUNShA. Eshik ortidan qulflog‘liq, qanday qilib kutasiz?
MILOSLAVSKIY. Nima dedingiz? Qulf? E, ha… U “Xabarlar” gazetasi sotib olgani do‘konga ketdi. Meni esa… haligi… ustimdan qulflab qo‘ydi…
TIMOFEEV. E, qo‘ying, shayton olsin sizni!.. Bu qanaqa bachkana savollar! (Miloslavskiyga) Tushunyapsizmi, men zamonni yorib o‘tdim! Nihoyat, o‘z niyatimga yetdim!..
MILOSLAVSKIY. Ayting-chi, haligi… ehtimol… har qanday devorni yo‘q qilsa bo‘lar? (Qo‘lini siqib) Sizning kashfiyotingizga baho yo‘q, fuqaro! Tabriklayman sizni! (Bunshaga) Nimaga menga bunaqa qarayapsiz, otaginam? Ustimda naqshlar yo‘q, gullar ham o‘smaydi!
BUNShA. Meni bir shubha qiynayapti. Ustingizdagi kostyum Shpakniki bilan bir xil ekan-a?
MILOSLAVSKIY. Nimalar deyapsiz? Kostyum? Butun Moskva bo‘yicha yo‘llik kostyum bitta Shpakda bor ekanmi? Biz u bilan o‘rtoqmiz, shuning uchun doim bitta magazindan mato sotib olamiz. Javobim sizni qoniqtirdimi?
BUNShA. Shlyapa hammi?
MILOSLAVSKIY. Ha, shlyapa ham!
BUNShA. Ismi-shariflari nima?
MILOSLAVSKIY. Men katta va kichik davlat teatrlari artistiman. Ismi-sharifimni bilib nima qilasiz? Sizga uni aytardim-u, lekin u juda mashhur-da.
BUNShA. Oltin zanjir ham Shpaknikiga o‘xsharkan?..
MILOSLAVSKIY. E, qanaqa xirasiz!.. Shlyapa, zanjir… jonga tegdingiz!.. (Ohangga solib) Yovqur do‘stlari ila qilar tantana, Ivan Vasilevich Grozniy betin…
TIMOFEEV (Bunshaga). Bo‘ldi qiling. Chindan ham, tinch qo‘ying bu fuqaroni. (Miloslavskiyga) Ehtimol, Shpakning xonasiga qaytishni xohlarsiz? Men sizga devorni ochib beraman.
MILOSLAVSKIY. Hecham keragi yo‘q! Men undan xafaman. Xafa bo‘laman-da. “Gazeta obkelaman”, deb zim bo‘lib ketdi-ya. Balki u yana ikki soat yurar. Yaxshisi, mana bu tajribani tomosha qilaman, u menga judayam yoqdi.
TIMOFEEV (uning qo‘lini siqib). Xursandman, juda xursandman! Siz birinchi bo‘lib ko‘rdingiz… Siz, aytish mumkinki, birinchi guvohsiz.
MILOSLAVSKIY. Menga guvoh bo‘lish hech qachon nasib qilmagan edi! Juda, juda ham mamnunman!.. (Bunshaga qarab) Buning qarashini ko‘ring! Ko‘zingiz bilan teshib yuboryapsiz-ku, otam!
TIMOFEEV. Bu bizning uyboshqaruvchimiz.
MILOSLAVSKIY. Ha, mana endi tushunarli… Shlyapa, zanjircha… eh, qanchalar jirkanch mansab! Bunday zotlardan ne jafolar chekkanimni bilsangiz edi, fuqaro olim.
TIMOFEEV. Unga e’tibor qilmang.
MILOSLAVSKIY. Bu gapingiz ham to‘g‘ri.
TIMOFEEV. Tushunyapsizmi, fuqaro artist…
MILOSLAVSKIY. Nimaga tushunmay? Juda tushunyapman-da! Ayting-chi, do‘konning devoriniyam ko‘tarvorsa bo‘ladimi? Eh, qanday qiziqarli tajriba!
BUNShA. Siz Shpaknikiga patefon bilan kelganmidingiz?
MILOSLAVSKIY. U meni ado qiladi, shekilli! Bu qanaqasi, a?
TIMOFEEV (Bunshaga). Siz tirg‘alishni bas qilasizmi yo yo‘qmi? (Miloslavskiyga) Tushunsangiz, gap devorda emas. Bu faqatgina birinchi harakat, xolos. Gap shundaki, men mana shu hamma devorlardan o‘tib, vaqt ichiga kirib boraman. Tushunyapsizmi, ikki yuz, uch yuz yil oldinga yoki orqaga bora olaman! Uch yuz yil nima bo‘pti! Yo‘q, bunday kashfiyotdan butun dunyo bexabar! Men qattiq hayajondaman!.. Lekin… (O‘kinib) Bugun meni xotinim tashlab ketdi, tushunyapsizmi… Eh!..
MILOSLAVSKIY. G‘am chekmang, fuqaro professor, sizga har qanaqa xotin jon deb tegadi! Tupuring unga, tashlab ketgan bo‘lsa!
BUNShA. Men uni uy ro‘yxatidan o‘chirib qo‘ydim.
MILOSLAVSKIY. Sizga ham tfu!… Yovqur do‘stlari ila qilar tantana, Ivan Vasilevich Grozniy betin… Eh, qanday kashfiyot!.. (Borib devorni taqillatib ko‘radi.) Ko‘tarding – kirding, chiqding – yana yopding! Voy, xudoyim-a!
TIMOFEEV. Qo‘lim qaltirayapti, yetar ortiq chidolmayman. Agar istasanglar, o‘tmishga kirib boramiz, qadimiy Moskvani tomosha qilamiz. Nahotki, sizlarda qo‘rquv yo hayajon sezilmayotgan bo‘lsa?!
BUNShA. Nikolay Ivanovich! O‘ylabroq bunday tajriba o‘tkazing!
MILOSLAVSKIY. Agar sen yana bir marta fuqaro akademik tajribasiga xalal bersang, men seni!.. Bu qanday jazo bo‘ldi-ya! (Timofeevga) Boshlayvering!
Timofeev uskuna tugmachasini bosadi. Bong. Zulmat. Qo‘qqisdan Ivan Grozniyning saroyi namoyon bo‘ladi. Shohona kiyingan Ivan qo‘lida aso bilan taxtda qo‘r to‘kib o‘tiribdi. Kotib esa xontaxtaga egilgan holda yozmoqda. Ivan yelkasiga keng pochapo‘stin ilib olgan. Qadimiy cherkov ashulasi va mayin qo‘ng‘iroq sadolari yangrayapti.
IVAN (aytib turadi). …Va uning rahbariga…
KOTIB (yozadi). …Va uning rahbariga…
IVAN. Jannatmakon, qutb ul-zamon, avliyo ota Kozmaga..
KOTIB. …Kozmaga…
IVAN. Jumla Rusning shohi, buyuk knyaz Ivan Vasilevich…
KOTIB. …Ivan Vasilevich…
IVAN. Bosh urib sajda qiladi!
TIMOFEEV. Voy xudo! Qaranglar! Axir, bu Ivan!..
MILOSLAVSKIY. Ana tomosha!..
Ivan va Kotib ularning ovozini eshitib, burilib qaraydilar. Kotib ovozining boricha dodlab, yugurgancha saroydan chiqib ketadi. Ivan esa sakrab o‘rnidan turib,cho‘qina boshlaydi.
IVAN. Daf bo‘l! Yo‘qol! Men osiyning holiga voy!.. Men razil zolimning, men murtadning sho‘ri quridi-yo!.. Daf bo‘-o‘-o‘l!
U vasvasaga tushib, chiqish yo‘lini topolmay qoladi va Timofeevning xonasiga o‘zini uradi. To‘rt tomonga cho‘qinib, hovliqqancha yugurib dahlizga o‘tadi. Undan so‘ng tashqi eshikdan chiqib g‘oyib bo‘ladi.
TIMOFEEV. Bu Ivan Grozniy! (Ivanning ortidan qichqirib) Qayoqqa ketyapsiz?! To‘xtang!.. E, Xudo! Uni ko‘rib qolishlari mumkin!.. Ushlanglar uni!
U Ivanning ortidan yugurib chiqadi. Bunsha esa telefonga tashlanadi.
MILOSLAVSKIY. Qayoqqa telefon qilmoqchisan?
BUNShA. Militsiyaga!
MILOSLAVSKIY. Go‘shakni qo‘y, bo‘lmasa, qo‘lingni sindiraman! Militsiyasiz bir soniya yasholmaydi!
Saroyga Oprichnik chopib kiradi.
OPRIChNIK. Qani o‘sha iblislar?! Tut ularni! Ur ularni! (Bunshaga) Hoy, shoh qani?!
BUNShA. Bilmadim!.. (Qo‘rqib) Qorovu-u-ul!..
MILOSLAVSKIY. Mashinani qulfla! Mashinani!
OPRIChNIK (cho‘qinib). Voy, iblislar!
U oyboltali nayzasini yerga tashlab, yugurib chiqadi.
MILOSLAVSKIY. Qulfla uni! Kalitni bura, kalitni! Ana mashina-yu mana mashina!
Bunsha uskunadagi tugmachani bosib, kalitni sug‘urib oladi. Shu zahoti bong chalinadi. Deraza pardalari ko‘tarilib, stoldagi qog‘ozlarni shamol uchiradi. Noma’lum kuch Bunshani qadimiy saroyga tortib ketadi. Bunsha ko‘zoynagini tushirib yuboradi.
BUNShA (baqirib). Qutqaringla-ar! Meni qayoqqa tortib ketyapti-i-i?!
MILOSLAVSKIY (baqirib). Kalitni qaysi tomonga buraganding, shayton?!
Noma’lum kuch uni ham tortib ketadi. Zulmat cho‘kadi. Yorug‘lik. Devor yana o‘z o‘rnida. Xonada Miloslavskiy ham, Bunsha ham yo‘q. Patefon, gazetaga o‘ralgan eski kiyimlar va ko‘zoynak qolgan. Timofeev yugurib kiradi.
TIMOFEEV. U chordoqqa qamalib oldi. Olib tushishga yordam beringlar!.. E, xudoyim, ular qayga g‘oyib bo‘lishdi? (Shosha-pisha uskunaga yaqinlashadi). Yo‘nalish milini teskari tomonga aylantirishibdi! Mashina ularni o‘tmishga tortib ketibdi! Endi nima bo‘ladi?.. (Chaqirib) Bunsha! Bunsha! Ivan Vasilevich!
Uzoqdan Ivanning javoban qichqirgan ovozi eshitiladi.
Bunisi chordoqdan qichqirib yotibdi! Lekin kalit-chi? Kalit qayerda?.. E, xudo! Ular kalitni sug‘urib olishibdi! Endi nima qilsam ekan!.. Nima qildim, a?.. (Tevarak-atrofni tekshirib) Kalit hech qayerda yo‘q… (Qichqirib) Kalitni nimaga olasiz, Ivan Vasilevich! Nimaga uni sug‘urib oldinglar?! E, qichqirishdan foyda yo‘q. Ular kalitni o‘zlari bilan olib ketishibdi. Bunisini esa xonaga qaytarib kelish kerak. (Shoshib chiqadi.)

Tanaffus

Tashqi eshik ochilib, dahlizga Shpak kiradi.
ShPAK. Katta teatrda ishlaydigan mallasoch telefon qilgandan beri yuragim notinch bo‘lib, ish tugaguncha ishxonamda o‘tirolmadim. (Eshigidagi qulfga qo‘l tekkizib, sapchib tushadi.) Voy! Avliyo otalarim!
Shpakning xonasi yorishadi. U ichkariga kiriboq, yozuv stoliga yugurib boradi. Ahvolni ko‘rib shoshib qoladi.
ShPAK (yig‘lagudek). O, avliyo otalar! (Valangor shkaf tomon yugurib) Voy, avliyo otalar! (Telefonga) Militsiya!!! Militsiya?! Hammom jinko‘chasi, o‘ninchi uyda ulkan o‘g‘irlik, o‘rtoq!.. Kimni o‘marishdi deysizmi? Meni-da, albatta! Shpak! Shpak mening ism-sharifim! Mallasoch ayol o‘g‘irlab ketdi!
Radiodan kuy tarala boshlaydi.
O‘rtoq boshliq… bu musiqa radioda! Palto bilan kostyumlar!.. Nimaga jahlingiz chiqyapti? Eshityapsizmi? Hozir o‘zim oldingizga boraman! Voy, avliyo otalarim! Voy, avliyo otalarim-a!
Shpak uv tortib yig‘lagancha yugurib chiqib g‘oyib bo‘ladi. Radiodagi kuy baralla yangray boshlaydi.

PARDA

IKKINChI HARAKAT

Timofeevning xonasi. Xonada vasvasaga tushgan Ivan va Timofeev o‘tiradilar.
IVAN (nola qilib). O, parvardigorim! O, har ishga qodir egam!
TIMOFEEV (barmog‘ini labiga bosib). Tish-sh! Jim, jim! O‘tinaman, faqat qichqirmang! Biror balo-qazoga duchor bo‘lamiz, yo bo‘lmasa, janjalga qolamiz. Men ham aqldan ozay dedim, lekin o‘zimni bosib o‘tiribman!
IVAN. Oh, qiynalib ketdim! Yana bir marta iblismasman de!
TIMOFEEV. E, rahm qiling! Chordoqda tushuntirdim-ku, sizga iblismasman deb!
IVAN. Voy, aldama! Shohni aldaysanmi-ya! Shoh odamning emas, xudoning xohishi bilan dunyoga keladi!
TIMOFEEV. Juda yaxshi. Tushunyapman, siz shohsiz, lekin, iltimos qilaman, ozginaga shuni eslamay turing. Men sizni shoh emas, oddiygina Ivan Vasilevich deb atab turay. Bu sizga foydadan xoli emas.
IVAN (fig‘on chekib). Holingga voy, Ivan Vasilevich, voy!
TIMOFEEV. Nima ham qilardik, nadomatingizni tushunaman. Darvoqe, bema’ni ahvolda qoldik. Bunday falokat yuz berishi kimning xayoliga kelibdi deysiz. Anavilar kalitni o‘zlari bilan olib ketishibdi. Hozir sizni orqaga jo‘natib yuborolmayman. Tushunib turibsiz, ular hozir sizlar tomonda. Ularning holi ne kechdi ekan, hayronman…
IVAN. It yesin o‘shalaringni! Kallasini olishadi, vassalom!
TIMOFEEV. Qanaqasiga kallasini olishadi?! E, xudoyim, men ikki odamning boshiga yetdimmi! Bu qanday bema’nilik! Qanday razolat! (Gapdan to‘xtab) Aroq ichasizmi?
IVAN. O, sho‘rginam qursin!.. (O‘zini bosib) Arpabodiyonlimi?
TIMOFEEV. Arpabodiyonlisi menda yo‘q. “Tog‘ emanchasi”dan icha qoling. Mahkamroq bo‘lib, o‘zingizga kelib olasiz. Sizga qo‘shilib men ham… (Aroq va gazak hozirlaydi.) Mang, iching.
Ivan Timofeev uzatgan aroq to‘la stakanga qaraydi.
IVAN. Oldin ichib ber.
TIMOFEEV. Nima uchun? (Tushunib) Ha-a!.. Meni zaharlamoqchi deb o‘ylayapsizmi? Azizim Ivan Vasilevich, hozir bizda bunaqa ishlar yo‘q. Bizning asrimizda aroqqa qaraganda baliq uvildirig‘idan zaharlanib o‘lish osonroq. Qo‘rqmay ichavering.
IVAN (stakanni olib). Mayli, eson bo‘l! (Ichadi.)
TIMOFEEV. Bag‘oyat minnatdorman! (Ichadi.)
IVAN. Isming nima, afsungar?
TIMOFEEV. Timofeev.
IVAN. Knyazmisan?
TIMOFEEV. Qanaqa knyaz! Butun boshli Moskvada bittagina knyaz bor, u ham aravakashning o‘g‘liman, deb da’vo qilyapti.
IVAN. Voy, zoti past!
TIMOFEEV. Ularni eslasam, aqldan ozay deyapman! Oling. Cho‘chqa hasipidan gazak qiling.
IVAN. Bugun ro‘za kuni…
TIMOFEEV. Unda baliq uvildirig‘idan oling.
IVAN. Aroqni omborchi ayoling tayyorladimi?
TIMOFEEV. Mayli, omborchi ayol bo‘laqolsin, baribir sizga tushuntirish qiyin.
Ikkisi aroq ichib, gazak qilib o‘tiradilar. Ivan vaqt mashinasiga nazar tashlaydi.
IVAN. Demak, sen shunaqa mashina yasabsan-da?.. Oh-ho! Mendayam shunaqa, senga o‘xshagan bittasi bor edi… qanot yasagandi…
TIMOFEEV. Xo‘sh-xo‘sh?..
IVAN. Uni poroxli bochkaga o‘tqazdim… Uchsang uchib o‘l!..
TIMOFEEV. Namuncha qattiqqo‘l bo‘lmasangiz…
Ivan xonaga razm soladi.
IVAN. Demak, shu yerda yasharkansan-da? Saroying tor ekan.
TIMOFEEV. Ha, saroyim shunchaki…
IVAN. Xoniming qayerda? Ibodatxonaga ketdimi?
TIMOFEEV. Teskarisi. Xonimim bugun o‘ynashi Yakin bilan Kavkazga qochib ketdi.
IVAN. Aldamayapsanmi?!
TIMOFEEV. Xudo haqi!
IVAN. Ta’qib qilishyaptimi? Ushlab oliboq Yakinni qoziqqa o‘tqazishsin! Haq yo‘li – shu.
TIMOFEEV. Nima keragi bor? Ular bir-birlarini sevisharkan. Mayli, baxtli bo‘lishsin.
IVAN. Bu ham to‘g‘ri. Yaxshi odam ekansan… (Birdan sapchib turib) Eh, xudoyim! Men bu yerdaman… u yoqda esa shvedlar Kemni ishg‘ol qilishyapti! Kalitni izla, to‘ra! Meni ortga jo‘natib yubor!
TIMOFEEV. Bilasizmi, jon deb misgarga chopgan bo‘lardim, lekin uyimda bir tiyin pul yo‘q. Hammasini xotinimga berib yuborgandim.
IVAN. Nima? Pulmi?
U cho‘ntagidan tilla tanga olib, Timofeevga beradi.
TIMOFEEV (mamnun). Oltin? Biz qutuldik! Hoziroq zargarlik do‘koniga borib, keyin misgarga chopaman. U kalitni yasab beradi, uskunani ochamiz.
IVAN. Men ham sen bilan chiqaman.
TIMOFEEV. Ko‘chaga chiqasizmi? E, yo‘q, Ivan Vasilevich, bu mumkin emas. Siz o‘zingizni hech kimga tanitmay, shu yerda o‘tiring. Yaxshisi, ustingizdan qulflab ketaman. Birov eshikni taqillatsa, ochmang. Kim ham kelardi bu yerga? Yakinga ming rahmat, xotinimni olib ketgan. Xullas, meni kutib, jimgina o‘tiring.
IVAN. O, yaratgan egam!
TIMOFEEV. Bir soatdan so‘ng shu yerda bo‘laman. Jim o‘tiring!
Timofeev xona eshigini ustidan bekitib, tashqi eshikdan chiqib ketadi. Ivan yolg‘iz qolgach, xonadagi narsalarni tekshirib ko‘ra boshlaydi. Ko‘chadan avtomobil shovqini eshitiladi. Ivan sekin deraza yoniga borib, ko‘chaga qaraydi. Cho‘chib ortiga qaytib, yana aroq ichadi va xirgoyi qilishga tushadi:
Men ne-ne gunohi azimlar qildim,
Qo‘llagil meni, parvardigorim,
Qo‘llang meni, moskvalik duogo‘ylarim…
Eshik taqillaydi. Ivan sapchib tushib cho‘qinadi. Eshik taqillashi tinib qoladi.
ULYaNA (eshik ortidan). O‘rtoq Timofeev, oilaviy mojaro chog‘ida yana bezovta qilishga botinganim uchun uzr… Haligi… Ivan Vasilevich siznikiga kirmadimi? Uni butun uy bo‘ylab izlab yurishibdi. O‘rtoq Timofeev, javob bermaslikka haqingiz yo‘q! (Tanaffus.) Siz, o‘rtoq Timofeev, madaniyatsiz odamsiz!
Ivan eshikka qarab cho‘qinadi. Ulyana ketadi.
IVAN. Mana xosiyatli xochning mo‘jizasi!
U aroq ichib o‘tiradi. Biroz tanaffusdan so‘ng eshikning qulf-kaliti shiriqlab buraladi. Ivan yana cho‘qinadi. Ammo bu safar “mo‘jiza” yordam bermaydi. Ivan shoshilib, parda ortiga yashirinadi. Eshik ochilib, asabi buzilgan Zinaida kiradi va jomadonini yerga tashlaydi.
ZINAIDA. Qanchalar razil odam-a! Hammasi barbod bo‘ldi! Nimaga bu pokdomon erimga sirlarimni ochib qo‘ydim! Endi, boshqa nima qilay, alamimdan ichdim, ha, ichdim. Patefon ham… (Stolga qarab) Iya, bu patefon qayerdan keldi? Yaxshi patefon ekan… (Chaqirib) Koka, uydamisan? Hech narsani tushunmayapman. Bu yerda maishat qilishganmi? U aroqqa ketgan bo‘lsa kerak. Kim bilan ichdi ekan? (Gazetaga o‘rog‘liq narsani ochadi.) Ishton?! Hech narsani tushunmayapman!
U patefonni ishga solib, “uf” tortadi. Parda ortida turgan Ivan yaxshiroq yashirinish uchun burchakka qapishadi.
ZINAIDA. Bezbetlar tomonidan sharmanlarcha aldanib, yana uyga qaytib keldim…
Birozdon so‘ng dahlizdagi tashqi eshik qo‘ng‘irog‘i chalinadi. Zinaida dahlizga chiqib, eshikni ochadi. Egniga beret va kalta ishton (shorti) kiygan, iyagiga qomat qo‘ygan Yakin kiradi.
YaKIN. Zina, bu men…
ZINAIDA. Ha? Bu sizmisiz?! Yo‘qoling!
U Timofeevning xonasiga kirib, eshikni yopadi. Yakin eshik oldiga keladi.
YaKIN. Zinaida Mixaylovna, yolg‘izmisiz? Iltimos, oching!
ZINAIDA. Odatimga ko‘ra, men yaramaslarga eshik ochmayman!
YaKIN. Zina! Yalinaman, Zina! Hozir hammasini tushuntirib beraman. Zina, gapimga quloq soling.
Zinaida eshikni ochadi. Yakin Timofeevning xonasiga kiradi.
YaKIN. Nima yuz berdi o‘zi, Zinochka? Nimaga qochib ketdingiz? Hech narsani tushunolmayapman…
ZINAIDA. Karp Savelevich, siz nobakorsiz!
YaKIN. E, xudo, shuyam gapmi! Bu qandaydir anglashilmovchilik, Zinochka, kinofabrika nomi bilan qasam ichaman!
ZINAIDA. Anglashilmovchilik emish!.. Avrashini qarang! Men erimni tashladim, mana endi bechora avliyo erim itday ichib yotibdi! Men shunday uy-joyimni tashladim! Xokipoyimga sig‘inib, menga gard yuqtirmagan kashfiyotchi, daho erimni tashlab, shu ablahga ergashib ketibman-a!
YaKIN. Zina, bu qanday haqorat!..
ZINAIDA. Haqiqiy haqoratni hali eshitmabsiz! Yo‘lga chiqi­shimizga ikki soat qolganda xonasida bir xonim bilan tutib oldim…
YaKIN. Zina!..
ZINAIDA. Xonimchani erkalab, qo‘lini silab o‘tiribdilar!
YaKIN. Zinochka, unga rol o‘rgatayotgan edim! Kasbu korim talabi bu!
ZINAIDA. Tirsagidan ushlash-a? Yo‘q, tirsagidan ushlaganingiz uchun javob berasiz!
Zinaida Yakinning yuziga shapaloq tortadi.
YaKIN. Zinaida Mixaylovna! Bu qanaqasi, axir, o‘rtoqlar?!
ZINAIDA. Yo‘qoling!
YaKIN. Zinaida, tushuning, axir, bu epizod! U bitta puchuq qiz!
ZINAIDA. Qanaqasiga? U ham suratga tushadimi?
YaKIN. E, kichkina rolda… mittigina, zarradek epizodda… Men puchuqlarsiz kino ololmayman, axir! Keyin, menga qarang, siz meni urdingiz-a?! Rejissyorni-ya?!
ZINAIDA. Puchuqlarni olasizmi, burunvoylarni olasizmi, menga farqi yo‘q! Men to‘ydim! Men “Boris Godunov”da o‘ynash uchun Kosoyga o‘tib ketaman!
YaKIN. Kosoy xalturachi! U bunday asarni sahnalashtira olmaydi!
ZINAIDA. Kechirasizu, asar “yuqori”dan tasdiqlandi! Men malika rolini o‘ynaydigan bo‘ldim! Endi sizning Gagradagi “Oltin olmalar”ingiz meni qiziqtirmaydi!
YaKIN. Tushunsangiz-chi, axir, uning Ivan Grozniyni o‘ynay oladigan aktyori yo‘q! Kinosini konserva qilib dimlab qo‘yishadi, vassalom! O‘shanda meni eslab qolarsiz, Zinaida!
ZINAIDA. Ivan yo‘q deysizmi? Afv etsinlar, men o‘sha aktyor bilan repetitsiya qilganman!
YaKIN. A-a-a? Qayerda repetitsiya qila qoldingiz?
ZINAIDA. Shu yerda, o‘z uyida… Boris shoh deb e’lon qilingan jo­yiga yetib kelganimizda, Kosoydek metin odam yosh boladek yig‘lab yubordi!
YaKIN. Menga sezdirmay repetitsiya qilibsiz-da? Bu xoinlik, Zinai­da! Shoh Borisni kim o‘ynayapti? Kim?
Ivan bu gapni eshitib, g‘azabiga chidolmay parda ortidan chiqadi.
IVAN. Qanaqa shoh Boris?! O‘sha o‘zimizning Borischami?!
Zinaida bilan Yakin uni ko‘rib, haykaldek qotib qoladilar.
IVAN (imlab). Qani, beri kel-chi, azizim!
ZINAIDA. Voy, xudoyim, bu nimasi endi?!
YaKIN. Rostdan ham repetitsiya qilyapsizlarmi? E, xudo, qanday siymo!
ZINAIDA. Bu odam kim?
IVAN (g‘azablanib). Boris – shoh?! Shohning marhamatli inoyatiga javoban u makkor xiyonatu qabohat bilan javob qaytardi! O‘zi podshohlik qilib, hamma narsaga ega chiqmoqchi bo‘ldi! U o‘limga mahkum!
YaKIN (qoyil qolib). Bravo!
ZINAIDA (qo‘rqib). Voy, xudoyim… Yakin, nimalar bo‘lyapti? Menga tushuntiring… Yakin, meni yashiring!..
IVAN. Ha, mayli! Endi Boris to‘ygunicha jallod bilan gap talashadi! (Yakinga) Sen nimaga asilzoda xonimni xafa qilding, sassiq qoratovon?
YaKIN (zavqlanib). Juda zo‘r! Benazir! Betakror!.. Sizni pardozda taniy olmayapman. Siz kimsiz o‘zi? O‘zimni tanishtirishga ijozat eting: Karp Yakin. Ish haqi yigirma ming, ertaga ertalab soat to‘qqizda kinofabrika siz bilan shartnoma imzolaydi. Asarni men qo‘yaman. (So‘rashishga qo‘l cho‘zib) Ismi sharifingiz kim?
IVAN (g‘azablanib). Eh, sen darbadar sayoq! Kuydirgi yara!
YaKIN. Bravo! Zinaida, nimaga shunday iqtidorni mendan yashirdingiz?
Ivan Yakinni shohona aso bilan uradi. Yakin kutilmagan zarbadan esankirab qoladi.
Hoy, menga qarang! Esingiz joyidami?.. Bo‘ldi-e!..
IVAN. Tiz cho‘k, chuvalchang! (Yakinni soqolidan tutamlaydi).
YaKIN. Haddingizdan oshib ketdingiz! Bu bezorilik!
ZINAIDA. Aftidan, men aqldan ozganga o‘xshayman… Siz kimsiz? Kimsiz o‘zi?
IVAN (qichqirib). Knyaz Timofeev, oldimga keling! Dilozor itvachcha Yakinni tutdik!
YaKIN (qichqirib). Yordam beringla-a-ar! Odamla-a-ar! Kim bo-o-or?!
ZINAIDA (qichqirib). Yordam beringlar! Bu odam kim?! Bosqinchi! Kvartirada bosqinchi!
Dahlizda Shpak paydo bo‘ladi va baqir-chaqirlarga quloq tutadi.
ZINAIDA (eslab). E, bo‘ldi! Voy, xudo, tushundim! Bu haqiqiy shoh! Kokaning tajribasi amalga oshibdi! (Ivanga) O‘tinaman sizdan, uni qo‘yib yuboring!
Ivan chakmoni ichidan xanjarini chiqarib, Yakinga qichqiradi.
IVAN. Ibodat qil, itvachcha! Asilzoda xonimdan hayot-mamotingni so‘ra!
Eshikdan Shpak bosh tiqib, ularni tomosha qiladi.
YaKIN (xirillab). Hayot…
IVAN. Tur o‘rningdan, yaramas!
YaKIN. Sizdan so‘ramoqchiman, bu nima qiliq? (Shpakka) Bizni bosqinchidan qutqaring, fuqaro!
ShPAK. Ha, Zinaida Mixaylovna, repetitsiya qilyapsizlarmi?
ZINAIDA. Repe… repetitsiya qilyapmiz…
YaKIN. Buning nimasi repe… Fuqaro!
IVAN. Xo‘sh?.. Qo‘limni o‘p! Sen pastkashga ta’lim berishmaganmi?
YaKIN. Qo‘l? Men istamay… (Qo‘rqib) Hozir… hozir… (Ivanning qo‘lini o‘padi.)
ZINAIDA (Ivanga). O‘tinaman, o‘tirib oling!
Ivan stulga o‘tiradi.
ShPAK. Juda hayotiy o‘ynayapsizlar! Shoh ham chinakam chiqibdi, o‘zimizning Bunshaga o‘xsharkan. Biroq uning yuzi bunga nisbatan ahmoqroq. (G‘amga botib) Uyimni urib ketishibdi, Zinaida Mixaylovna!
Shpakning ko‘zlaridan yosh quyiladi. Yakin esa qochib qolishga urinadi. Ivan uni to‘xtatadi.
IVAN. Qayoqqa?!
YaKIN. E, shu yerdaman… shu yerda…
ZINAIDA (Shpakka). Shoshmang, hech narsani tushunmayapman. Qanday o‘g‘irlashibdi?
ShPAK. Butunlay supurib ketishibdi, Zinaida Mixaylovna! Uzr, mabodo zinapoyada Katta teatrdan kelgan mallasoch ayolni hech kim uchratmadimi? Qo‘lida tuguni bilan? O‘sha ayol yasab ketibdi… Bizning uyimiz shunaqa uycha-da, Zinaida Mixaylovna!
IVAN. G‘am chekyapsanmi, ey, yaxshi odam?
ShPAK. G‘am chekmay bo‘ladimi, hurmatli artist?
IVAN. Nimangni olishibdi, o‘zi?
ShPAK. Patefon, portsigar, chaqmoqtosh, soat, koverkot palto, kost­yum, shlyapa… It azobida mehnat qilib topgan-tutganlarim hammasi yo‘q bo‘ldi… (Yig‘laydi.)
IVAN. Sen kimnikisan o‘zi?
ShPAK (hayron). Kechirasiz, kimnikisan deganingiz nimasi? Tushunmadim?
IVAN. Kimning qarolisan, deb so‘rayapman?
ZINAIDA (tashvishli). O, xudoyim, yana bir balo bo‘lmasaydi!
ShPAK (achchiqlanib). G‘alati ekansiz-ku!..
IVAN (tilla tanga uzatib). Ma, qarol, ol! Keyin shoh va buyuk knyaz Ivan Vasilevichga hamdu sano o‘qi!
ZINAIDA. Keragi yo‘q, nima qilyapsiz?!
ShPAK (g‘azablanib). Kechirasizu, nimaga hadeb qarol-qarol deysiz?! Qanaqasiga men qarol bo‘larkanman! Og‘zingizga qarab gapiring!
ZINAIDA. U hazillashdi!
ShPAK. Bunday hazillar uchun xalq sudiga duchor bo‘lish mumkin! Menga bu soxta tangangiz kerakmas!
IVAN (qahrlanib). Nima?! Sen makkor qoratovon! Shohona sovg‘amni inkor qilyapsanmi?!
ZINAIDA. U roldagi gapni gapiryapti, roldagi…
ShPAK. Bu roli haqoratli rol ekan, iltimos, uni menga qo‘llamasin! Xayr, Zinaida Mixaylovna, uyingizga kirganimdan xursand emasman! (O‘zicha) Ivan Vasilevich qayerda yuribdi? U kvartiramda bo‘lgan o‘g‘rilikka guvohlik berishi kerak…
Chiqadi.
ZINAIDA (Yakinga). Quloq soling menga, Karp. O‘tinaman sizdan, faqat tinchlaning. Bu – chinakam Ivan Grozniy… ko‘zingizni qisavermang.
YaKIN. Sizning uyingiz jinnixona, Zinaida!..
ZINAIDA. Yo‘q, bu Kokaning ishi. Sizga uning mashinasi haqida aytib bergandim. U o‘tmishnimi, kelajaknimi chaqirmoqchi, degandimu… U o‘tmishdan shohni olib kelibdi.
YaKIN. Alahlamang!
ZINAIDA. O‘zim ham jinni bo‘lib qolyapman…
YaKIN (Ivanga nazar solib). Bu nimasi, o‘rtoqlar?.. (Zinaidaga) Nima-nima? Rostdanmi?
ZINAIDA. Ont ichaman!
YaKIN. Qo‘ysangiz-chi, bizning kunlarda, Moskvada!.. Yo‘q… Axir, Grozniy o‘lgan-ku!
IVAN. Kim o‘lgan?
YaKIN. Men… men siz haqingizda emas… bu boshqa… haligi o‘lgan… haligi… (Ahvoli yomonlashib) Do‘xtir chaqiringlar menga… Men aqldan ozyapman, shekilli… Axir, u meni so‘yib qo‘yishi mumkin edi-ku!
IVAN (imlab). Kel! Bu yoqqa kel, javob ber! Qachongacha shunday qilmoqchisan?
YaKIN (qaltirab, alahlab). A… bu… yalinaman, pichog‘ingizni tutamlamang!.. Men uxlayapman, shekilli… Zinaida, biror joyga telefon qilib, meni qutqaringlar!.. Nimaga u menga yopishib oldi? Eringiz qayerda o‘zi? Olmaydimi bu qurg‘urni!
IVAN. Asilzoda xonimni sen yo‘ldan urdingmi?
YaKIN. Mening hayoti dunyom…
IVAN. Ne hayoti dunyong bor sening, sassiq ko‘ppak?! Aft-angoringga bir nazar ayla! O, qurum bosgan osiy! Iblis seni o‘pqondek chuqur g‘aflat uyqusig‘a moyil etmish! Bo‘za boshog‘rig‘iga duchor etmish! Kechirib bo‘lmas, beqiyos zulmu jaholatga o‘rgatmish!
YaKIN. Xarob bo‘ldim! Zinaida, birorta slavyancha so‘z aytib yuboring. Bunday tajribalar qilishga eringizning haqi yo‘q, bildingizmi! (Ivanga) Paki, paki… ije xeruvimi!.. Hazrati oliylari, rahmingiz kelsin!
IVAN. Istig‘for keltir, shahvatparast qo‘tir!
ZINAIDA. Iltimos, uni o‘ldirmang!
YaKIN. Tavba qildim!
IVAN. Endi bul badkor boshingni egib, yo‘ldan ozdirilg‘on asilzoda xonimning pokiza oyoqlarig‘a sajda ayla!
YaKIN. Jonim bilan! Siz meni tushunmadingiz! Tushunmadingiz!
IVAN. Bir ma’noli kalom aytmasang seni qanday tushunay?
YaKIN. Men til bilmayman, a’lohazrat!.. Tavba, bu tushimmi yo o‘ngimmi…
IVAN. O‘shanda xonangda qanday puchuq o‘tirgandi?
YaKIN. Bu oddiy epizod, kinofabrika nomi bilan qasam ichaman! Zinaida Mixaylovna noto‘g‘ri tushundilar!
IVAN. Xonimchani sevasanmi?
YaKIN. Telbalarcha sevaman!..
IVAN. Uni sevmay bo‘larkanmi? Xonim sohibjamol, yuzi oq, lablari ol, qoshi hilol, qomati tirsillagan… Senga yana nima kerak, it?
YaKIN. Hech narsa! Hech narsa kerak emas!
IVAN. Unday bo‘lsa, uylan, landavur! Knyaz uni ozod qiladi.
IVAN. Iltimos, menga turmushga chiqing, Zina!
ZINAIDA. Bu safar meni aldamaysizmi? Men juda ko‘p aldanganman-da…
YaKIN. Kinofabrika haqi ont ichaman!
IVAN. Avliyo Sergiy Radonejskiy haqi ont ich!
YaKIN. Avliyo Sergiy Radonejskiy haqi ont ichaman!
IVAN. Xo‘p, quloq sol, sergunoh soqol! Mabodo sen tomondan biron yomonlik sezsam, unda men seni…
YaKIN. Avliyo Sergiy haqi… ont…
IVAN. Shohning so‘zini bo‘lma! Sening papalovchi otameros mulking yo‘q. Senga Kostromadan suyurg‘ol ato aylayman!
YaKIN (Zinaidaga). Yana bir daqiqa bu yerda qolsam, meni jinnixonaga olib ketishadi! Tezroq bu yerdan ketaylik… qayerga bo‘lsa-da… meni olib ketinglar…
ZINAIDA. Azizim shoh, biz poyezdga kech qolyapmiz.
IVAN. Oq yo‘l!
ZINAIDA. Uzr, sizni bezovta qilaman. Nimaga Koka bu haqda o‘ylamadi, hayronman. Bu ahvolda yurishingiz to‘g‘rimas, sizni ko‘rib qolishlari mumkin.
IVAN (fig‘on chekib). Voy, parvardigor! Qayerda yurganimni unutibman-ku! Unutib qo‘yibman!
Zinaida gazeta o‘ramini ochib, Miloslavskiyning juldur kiyimlarini Ivanga beradi.
ZINAIDA. Achchig‘ingiz chiqmasin, maslahatim, kiyimingizni almashtirib oling. (O‘zicha) Tushunmadim, bu uvada kiyim qaydan kelib qoldi? Karp, unga ko‘maklashib yuboring.
YaKIN. Ruxsat eting, sizga yordamlashay. Marhamat, parda orqasiga.
IVAN. E, bu shaytonning kiyimi-ku! Bu ne vasvasa bo‘ldi!..
Ivan va Yakin parda ortiga o‘tib ketadilar.
ZINAIDA. Ungacha men Nikolay Ivanovichga xat yozib qo‘yay.
U o‘tirib xat yozishni boshlaydi.
YaKIN (parda ortidan). Ishtonbog‘ingiz yo‘qmi?
IVAN (parda ortidan). E, qo‘lingni ol!
YaKIN. Xo‘p bo‘ladi…
ZINAIDA (yozgan xatini o‘qiydi). “Koka! Men qaytib kelgan edim, yana qaytib ketyapman. Shoh Yakinni so‘yib qo‘yishiga ozgina qoldi. Yakin esa menga uylanadigan bo‘ldi. Meni baribir ro‘yxatdan o‘chirmay tur… Zina”.
Ivan Miloslavskiyning eski kiyimlarini kiyib, parda ortidan chiqadi. U tajang va norozi kayfiyatda.
ZINAIDA. Bu boshqa gap! Voy, tavba, bizning Bunshaga o‘xsharkansiz! Bitta ko‘zoynak kam, xolos.
YaKIN. Mana, ko‘zoynak yerda yotibdi!
Yakin ko‘zoynakni olib, Zinaidaga beradi.
ZINAIDA. Qat’iy maslahatim, ko‘zoynak taqib yuring. (Ivanga ko‘zoynakni taqib qo‘yadi.) Quyib qo‘ygandek Bunshaga o‘xshadingiz!
IVAN (oynaga qarab). Tfu, senga!..
ZINAIDA. Xo‘p, bo‘lmasa, minnatdorman sizdan… Siz… anchagina qaynoq odam ekansiz!
IVAN. Yana yolg‘iz qolarkanman-da? Ha, xudoyim-a!.. (Patefonga qarab) Mana bu sehrli setor qanday ishlaydi?
YaKIN. Bu, siz nazar solgan narsa patefon…
IVAN. Sendan so‘rashmayapti!
YaKIN. Xo‘p bo‘ladi, gapirmadim…
ZINAIDA. Bu juda oddiy, ignasi bu yerga qo‘yiladi, keyin aylantiriladi.
Patefonni ishga soladi. Kuy yangray boshlaydi.
Mana ko‘rdingizmi… Siz buni o‘ynab o‘tiring. Koka kelsa, sizga yordam beradi.
YaKIN. Nimalar bo‘lyapti?.. Fikrim chalkashib ketyapti… Patefon… Koka… Ivan Grozniy…
ZINAIDA. E, bo‘ldi asabiylashmang! Ha, Ivan! Ha, Grozniy!.. Nima bo‘pti shunga?.. (Ivanga) Xayr, ko‘rishguncha.
YaKIN (egilib). Ta’zimimni qabul aylang!
IVAN. Uzoqqa ketyapsizlarmi?
ZINAIDA. Albatta!
IVAN (Yakinga). Senga shohona jubbamni sovg‘a qilaman!
YaKIN. Shartmi shu?
ZINAIDA. E, unga gap qaytarmang!
YaKIN. Ha, ha…
Yakin jubbani olib, yelkasiga tashlaydi.
Zinaida jomadonini ko‘tarib, Yakin bilan dahlizga chiqadi.
ZINAIDA. Har holda men baxtiyorman! Meni o‘pib qo‘y!
YaKIN (o‘ziga kelolmay). Bu – alahlash! Bu – tush! Tush! Sergiy Radonejskiy haqi qasam ichaman!
U yelkasidagi jubbani yerga tashlab, Zinaida bilan tashqi eshikdan chiqib ketadi. Ivan Timofeevning xonasida yolg‘iz qoladi. Patefonni ishga solib, aroq ichib o‘tiradi. Birozdan so‘ng telefon jiringlaydi. Ivan telefonga yaqinlashib, uni uzoq tomosha qiladi. Keyin go‘shakni ko‘taradi. Yuzida dahshat alomati.
IVAN (go‘shakka). Sen qayerda o‘tiribsan?
U stol ostini tekshirib, cho‘qinib oladi. Dahlizda Ulyana paydo bo‘ladi. Timofeevning eshigini taqillatadi.
ULYaNA. Kim bor bu yerda? Ivan Vasilevichni ko‘rmadinglarmi? (Eshik ochilib ketib, Ivanni ko‘radi.) Salom… alaykum… yaxshi o‘tiribdilarmi! (Kirib, javrashga tushadi.) Buni uy bo‘yicha hamma izlab yuribdi! Kranchilar kelib-ketishdi! Xotini qarg‘ish urgandek do‘konda baliqqa navbatda, u bo‘lsa, birovning uyida kayfu safo qilyapti! Senga nima bo‘ldi, jinni bo‘lib qoldingmi? Shpakning uyini o‘marib ketishibdi. Shpak hovlida izg‘ib seni qidiryapti. U bo‘lsa, bu yerda… Nimaga miq etmaysan? (Tikilib hayron bo‘ladi) Voy, aziz-avliyolar! Sen nima baloni kiyib olding?
Ivan unga orqasini o‘girib, patefonni aylantiradi.
Senga nima bo‘lyapti, o‘zi? Hoy, bunday bema’nilikni ko‘rgan bormi? U ichaverib aqlidan ozib qopti! (Ivanning orqasiga qarab) Voy, aziz-avliyolar, ishtonining orqasi teshikmi!.. Nima balo, birov bilan mushtlashganmisan? Nimaga menga orqangni o‘girasan? (Yaqinlashib) Qani, ko‘kargan joyingni ko‘rsat-chi!
Ivan yana orqa o‘giradi.
Voy, azizlarim!.. Sen kimga o‘xshab qolding! Axir, ichkilikdan g‘ilaylanib, tanib bo‘lmaydigan bo‘lib ketibsan-ku!
IVAN. Ketaqol bu yerdan, a?
ULYaNA. Ketaqol deganing nimasi? Sen bir oynaga qarab ol, oynaga!
IVAN. Meni tinch qo‘y, kampir, men qayg‘udaman…
ULYaNA (g‘azablanib). Kampir?! Qanday tiling boryapti, surbet! Men sendan besh yosh kichkinaman-a!
IVAN. E, shu yerda aldading… Undan ko‘ra menga shvedlar haqida fol ochib qo‘y.
ULYaNA. Bu qanaqasi bo‘ldi?
Dahlizda Shpak paydo bo‘ladi.
ShPAK. Qayerda ekan u? (Ichkariga kirib, zorlanadi.) Ivan Vasil­evich, siz qanday uyboshqaruvchisiz? Uyimni boplab ketishganini ko‘ring!
ULYaNA (shang‘illab). Yo‘q, siz bu erkatoyning ahvolini ko‘ring! U, axir, qip-qizil mast-ku, oyog‘ida turolmayapti!
ShPAK. Yashavor, uyboshqaruvchi! Bir odamni patagigacha qoldirmay o‘marib ketishdi! Bu bo‘lsa “Tog‘ emanchasi”ni simiryapti!.. Uyimni artist xotin urib ketdi!
IVAN (qahrlanib). Sen yana shu yerdamisan? Jonga tegding!
ShPAK (zarda bilan). Jonga tegding deganingiz nimasi? Bizga bunaqa uyboshqaruvchi kerak emas!
ULYaNA (Ivanga). Esingni yig‘, bezori! Endi seni amaldan tushirishadi!
IVAN (g‘azabda). Ey, sen jodugar!..
Ivan Ulyananing qo‘lidagi seld balig‘ini olib, dahlizga uloqtiradi.
ULYaNA. Voy, bezori!
IVAN (asosini o‘qtalib). Oh, hozir aqlingni kirgizib qo‘yaman!
ULYaNA (chinqirib). Yordam beringla-a-ar! Ziyoli ayolni eri uryapti-i!
Ulyana dahlizga chiqib qochadi. Shpak buni ko‘rib, Ivanga qarab hayratlanadi.
ShPAK. O‘zingizni bosing, Ivan Vasilevich… asabi buzilgan erkak ichadi-da, sizni yaxshi tushunaman. Lekin, bunaqa ekanligingizni bilmagandim. Sizni og‘ir-bosiq odam deb yurardim… tan olaman, xotinining paytavasi deb o‘ylardim… siz esa burgut ekansiz!..
IVAN (g‘udranib). Jodugar!..
ShPAK. Gapning ochig‘i, ha, siz haqsiz! Juda to‘g‘ri ish qildingiz… unga mahkamroq turing… (Arizasini olib) Sizga bir ish bilan keldim, Ivan Vasilevich…
IVAN. Senga nima kerak?
ShPAK (varaqni ko‘rsatib). Bu uyimdan o‘g‘irlangan narsalarning ro‘yxati, muhtaram o‘rtoq Bunsha. Guvohlik berishingizni so‘rayman… Ikkita kostyum, ikkita palto, ikkita soat, ikkita portsigarimni o‘g‘irlashgan. (Varaqni beradi.) Bu yerda hammasi yozilgan…
IVAN (qahrlanib). Shohga arznomangni shunday topshirasanmi?!
(Shartta varaqni yirtib uloqtiradi.)
ShPAK (achchiqlanib). Ivan Vasilevich… bilaman, ichgansiz… lekin bezorilik qilmang!..
IVAN. Jonga tegib ketding! Nimangni o‘g‘irlashdi, gapir!
ShPAK. Ikkita pate… (Ivanga tik qarolmay) Yo‘g‘-e, bitta patefon…
IVAN (patefonga ishora qilib). Ana, ol shu patefonni, tiqilib o‘lgur. Jonga tegding!
Shpak stoldagi patefonga qarab qoladi.
ShPAK. Shoshmang, qanday… axir, bu birovniki… menikiga juda o‘xsharkan. Biroq… iltimos, haligi… qolganlari-chi? Imzo chekishingiz kerak-da…
IVAN. Senga oltin griven berdim, o‘zing olmading, a? Qovoq kalla!..
ShPAK (o‘zicha). Kayflari baland-ku! (Ivanga) Menga hech qanaqa griven bermadingiz! Aqlingizni yig‘ib oling, Ivan Vasilevich… Biz ommaviy ravishda ustingizdan ariza yozamiz!
IVAN. E, meni tinch qo‘ymaydigan ko‘rinasan!.. Nima balo, hammangning ichingga shayton kirib olganmi?!
Ivan xanjarini qinidan chiqaradi. Shpak dahshatga tushib, ortga tisariladi.
ShPAK (dodlab). Yordam beringlar! Uyboshqaruvchi istiqomatchini so‘yyapti!..
Timofeev tashqi eshikdan dahlizga, keyin xonasiga yugurib kiradi. Ivanni qidiradi.
TIMOFEEV. Nima bo‘lyapti?! Qani u?.. (Ivanni tanib) Iya, kim sizni bunaqa kiyintirib qo‘ydi? Nimaga bu odamni uyga kirgizdingiz? Eshikni ochmang degandim-ku sizga?
ShPAK. Uyboshqaruvchining ahvolini ko‘ring, Nikolay Ivanovich! (Ivanning avzoyini ko‘rib qochadi.) Qorovu-u-ul! Men ketdim militsiyaga!..
Ivan Shpakni quvmoqchi bo‘ladi. Timofeev uning yo‘lini to‘sadi.
TIMOFEEV (Ivanga). To‘xtang! Bo‘lmasa ikkimiz ham halok bo‘lamiz!
Ivan xanjarini qiniga soladi. Shpak dahlizga yugurib chiqadi.
ShPAK. Hoziroq militsiyaga boraman!
IVAN. Knyaz!.. Uni gavron bilan urib, zinadan uloqtir!..
Timofeev unga quloq solmay, Shpakning ortidan dahlizga otilib chiqadi.
TIMOFEEV. Yalinaman, shoshmang!.. Bu Bunsha emas!
ShPAK (hayron). Qanaqasiga Bunsha emas?
TIMOFEEV. Bu Ivan Grozniy… haqiqiy shoh… (Ketmoqchi bo‘lgan Shpakni ushlab) Shoshmang, shoshmang… men sog‘man… yalinaman, militsiyaga bormang!.. Hammasiga mening tajribam, vaqt mashinasi sababchi!.. Shohni men olib keldim. Bu sirni sizga ochsam bo‘ladi, siz tushungan odamsiz. Tajribamni to‘xtatmang. Bu janjal hamma ishni barbod qiladi. Men hoziroq uni yo‘q qilaman. Faqat mana shu kalitni uskunamga tushirib olsam bo‘ldi. Aytmaslikka so‘z berasizmi? Chin so‘zingizni bering!
ShPAK. Menga qarang, bu rostdan shohmi?
TIMOFEEV. Shoh…
ShPAK. Nimalar bo‘lyapti!..
TIMOFEEV. Jim turavering, keyin hammasi ma’lum bo‘ladi… Hech kimga aytmaslikka so‘z berasizmi?
ShPAK. Chin insonlik so‘zim.
TIMOFEEV. E, rahmat, rahmat. (Yugurib o‘z xonasiga kirib, Ivanga) Nimaga eshikni ochdingiz? Ochmang degandim-ku sizga!
Shpak qulf teshigidan mo‘ralaydi.
IVAN. Nimaga uning tumshug‘iga tushirmading!
TIMOFEEV. Qo‘ying, Ivan Vasilevich, hech kimning tumshug‘iga urish shart emas! Jim, jim!.. Mana kalit. Hozir tekshirib ko‘ramiz. (Kalitni uskunaga solishga urinadi.) Qo‘llarim qaltirayapti… Eh, jin urgur, biroz kattaroq ekan. Ha, mayli, ortig‘ini egovlab tashlaymiz.
Timofeevning xonasidagi chiroq o‘chadi. Shpakning xonasi yorishadi. Shpak xonasiga kirib, eshikni ichidan yopadi.
ShPAK (o‘ylanib). Tangasi haqiqiy bo‘lishiyam mumkin edi!.. Eh-h!.. (Telefonda shivirlab so‘zlashadi.) Militsiyani ulang. (Shoshilib) Militsiya? Bugun uyini urib ketgan Shpak gapiryapti! (To‘xtalib) Yo‘q, jahlingiz chiqmasin, gapim o‘g‘rilik haqida emas. Biz tomonda boshqa bir g‘alati ish chiqib qoldi… Muhandis Timofeev o‘z kvartirasiga Ivan Grozniyni olib keldi – shohni… (Bosh chayqab) Yo‘q, men mast emasman… Qo‘lida shohona hassasi bilan… (To‘xtalib) Nimalar bo‘lyapti! Chin so‘zim! Ha, mayli, hozir o‘zim oldingizga yetib boraman, yetib boraman!
Zulmat cho‘kadi.

PARDA

UChINChI HARAKAT

Bong chalinadi. Zulmat. Ivanning saroyi yorishadi. Saroyga Bunsha bilan Miloslavskiy yugurib kiradi.
MILOSLAVSKIY. Tajribang bilan gumdon bo‘l hammang! Ish rasvo bo‘ldi-ku!
BUNShA (devorga o‘zini urib). O‘rtoq Timofeev! O‘rtoq Timofeev! Uyboshqaruvchi sifatida talab qilaman! Darhol bu tajribani to‘xtating! Yordam beringlar! Biz qayerga kelib qoldik, o‘zi?
MILOSLAVSKIY. Bo‘kiraverma! Biz Ivan Grozniy zamonidamiz!
BUNShA. Bunday bo‘lishi mumkin emas! Men norozilik bildiraman!
Vahimali shovqin-suron yangrab, qo‘ng‘iroqlar bong uradi. Miloslavs­kiy saroy eshigini qulflaydi. Keyin derazadan tashqariga qaraydi. Shovqin-suron kuchayadi. Miloslavskiy orqaga sapchiydi.
MILOSLAVSKIY (pushaymon bo‘lib). Yomon qo‘lga tushdik-ku!
BUNShA (qo‘l siltab). Ko‘zimizga ko‘rinyapti, xolos. Aslida bularning hammasi sarob. (Qichqirib) Nikolay Ivanovich! Bu antisovet tajribangiz uchun javob berasiz hali!
MILOSLAVSKIY. Siz g‘irt ahmoqsiz! (O‘zicha) Voy, bularning qichqirishini!
BUNShA. Ular qichqira olmaydilar, bu ko‘rish va eshitish a’zolarining aldanishi, afsungarlik kabi. Ular allaqachonlar o‘lib ketishgan. Xotirjam bo‘ling, ular marhumlar.
Darchadan kamon o‘qi uchib kiradi.
MILOSLAVSKIY. Marhumlarning otishini ko‘rdingizmi?
BUNShA. Bundan chiqdi… shoshmang, ular bizga kuch ishlata oladi, deb o‘ylaysizmi?
MILOSLAVSKIY. Bunday demayman. O‘ylaymanki, ular bizni o‘ldirishadi, jin ursin. Nima qilish kerak, a, og‘aynilar? Og‘aynilar!
BUNShA. Nahotki shunday bo‘lsa? (Baqirib) Nikolay Ivanovich, militsiyani chaqiring! Telefoni raqamsiz! (O‘ziga o‘zi) Ayni gullab-yashnagan yoshimda o‘lib ketsam-a!.. Ulyana Andreevna dahshatga tushib o‘tirgandir!.. Qaydaligimni aytmay kelaverdim-da… Tomirlarimda qon muzlay boshladi.
Eshik tahdidli taqillaydi.
OVOZ. Eshikni och, it!
BUNShA. U kimga aytyapti?
MILOSLAVSKIY. Sizga-da!
Bunsha eshik oldiga borib, kalit tirqishidan qichqiradi.
BUNShA. Haqorat qilmasligingizni so‘rayman! Men it emasman! Tushuninglar, sizlar bu dunyoda yo‘qsiz! Bu muhandis Timofeevning tajribasi, xolos!
Eshik qattiq taraqlaydi.
Uy istiqomatchilari nomidan so‘rayman: meni qutqaring!
Miloslavskiy qo‘shni xona eshigini ochib, hovliqadi.
MILOSLAVSKIY. Liboslar! Shohning liboslari! G‘alaba!
OVOZ (qichqirib). Och eshikni! Bo‘lmasa, saroyga o‘t qo‘yamiz!
Miloslavskiy shosha-pisha egniga kaftan kiyadi.
MILOSLAVSKIY. Shohning ust-boshini kiyib ol, bo‘lmasa, xarob bo‘lamiz!
BUNShA. Bu tajriba chegaradan chiqib ketdi-yu?
MILOSLAVSKIY. Kiyib ol, o‘ldiraman!
Bunsha shoh liboslarini kiyib, Grozniyga o‘xshab qoladi. Miloslavs­kiy unga razm solib quvonadi.
Ura! O‘xshading! Xudo haqi, o‘xshading! Voy, oz-moz shu… Basharang buzib turibdi-da! Qalpoqni kiy… shoh bo‘lasan!
BUNShA (keskin). Hech qachon!
MILOSLAVSKIY (jahli chiqib). Ha, meniyam senga qo‘shib o‘l­dirishsinmi? Shuni xohlaysanmi? Stol yoniga o‘tir. Ma, qo‘lingga saltanat hassasini ushlab ol… (Bunshaga shohona aso – skipetrni ushlatib qo‘yadi.) Kel, jag‘ingni bog‘lab qo‘yaman, bo‘lmasa, unchalik o‘xshamayapsan. E, qalloblik bu! Bu hunarimiz o‘tmaydi! Uning yuzi aqlliroq edi…
BUNShA. Iltimos, yuzimga til tekkizmang!
MILOSLAVSKIY. Jim bo‘l! O‘tir, davlat ishlari bilan band bo‘l! (Bunshani kursiga zo‘rlab o‘tqazib, o‘zi Kotibning o‘rniga o‘tiradi.) Ular qayeriga kelishgandi? Barcha Rusning shohi… (Bunshaga sekin) qaytar… (O‘zicha) va buyuk knyazi…
BUNShA. Barcha Rusning shohi va buyuk knyazi…
Eshik qarsillab sinib ketadi. Oprichniklar va Kotib yugurib kiradi. Ularni bu ahvolda ko‘rib haykaldek qotadilar. Miloslavskiy parvo qilmay varaqqa yoza boshlaydi.
MILOSLAVSKIY (Bunshaga). Shoh va buyuk knyaz deysizmi?.. Yozdim. Vergul… (Atrofga alanglab) Bu, kotibimiz qayerga gumdon bo‘ldi? (Oprichniklarga qarab) Nima gap, o‘rtoqlar? (Jimlik) Sizlardan so‘rayapman, qadrdonlarim, nima gap? Shoh binosi eshigini qaysi tekintomoq sindirishga botindi? U kimdir sindirishi uchun o‘rnatilganmidi? (Bunshaga) Davom eting, a’lohazrat… bosh urib sajda qiladi… nuqta, verguli bilan… (Oprichniklarga) Men savolimga javob kutyapman!
OPRIChNIKLAR (gangib). Shoh shu yerda… shoh shu yerda…
KOTIB. Shoh shu yerda!..
MILOSLAVSKIY (turib). Shoh boshqa qayerda bo‘lsin! Gap bunday, azizlarim, hammang qurolingni tashla!.. Bu narsani men yoqtirmayman.
Oprichniklar oyboltali nayzalarini tashlaydilar.
KOTIB (Bunshaga). Qatlga buyurma, olampanoh… Seni iblislar tutib olishdi. Biz yordamga yugurdik. Kelib qarasak, iblislar yo‘q.
MILOSLAVSKIY. Iblislar bor edi, buni inkor qilmayman, lekin ular quvildi. Bu ahmoqona vahimani to‘xtatinglar. (Kotibga) Sen kimsan?
KOTIB. Fedka… shoh yonida nomayu farmon yozuvchi kotibman…
MILOSLAVSKIY. Sen bu yoqqa kel. (Oprichniklarga) Boshqalardan esa shohning yashash maydonini bo‘shatib qo‘yishlarini so‘rayman. Qisqa qilib aytganda, hammangiz yo‘qoling! Ko‘ryapsizlarmi, shohni qo‘rqitib yubordinglar! Yo‘qolinglar! (Bunshaga shivirlab) Baqir ularga, bo‘lmasa ketishmaydi.
BUNShA (baqirib). Yo‘qo-o-ol!!
Oprichniklar Bunshaning oyog‘i ostiga o‘zlarini tashlaydilar. Keyin yugurib chiqib ketadilar. Kotib esa bir necha bor Bunshaning poyiga sajda qiladi.
MILOSLAVSKIY. Bo‘ldi, yetar shuncha yumalaganing! Bir marta yiqilding, ikki marta yiqilding, bo‘ldi-da endi.
KOTIB (egilib, Bunshaga). Bo‘ri qo‘ziga boqqandek boqma menga… G‘azabingga loyiqmiz, olampanoh hukmdor…
MILOSLAVSKIY. O‘ylaymanki, biz seni kechiramiz.
KOTIB (Bunshaga). Senga ne bo‘ldi, olampanoh, tishingni bog‘lab olibsan? Mazang qochdimi?
MILOSLAVSKIY (Bunshaga sekin). To‘nkadek mum tishlab o‘tiraverma! Bitta o‘zim ishlolmayman, axir!
BUNShA. Tishim og‘riyapti… Pilla…
MILOSLAVSKIY. Suyak chirishi bu! Shohga tirg‘alma!
KOTIB (sajda qiladi). Xo‘p bo‘ladi!
MILOSLAVSKIY. Bo‘ldi, Fedya, ta’zimingni to‘xtat. Bunaqada kech kirguncha yumalaysan… Kel, tanishib olamiz. Ha, menga baqrayib qolding?
KOTIB. G‘azablanmaginu, to‘ram, seni taniyolmadim… Sen ham knyazmisan?
MILOSLAVSKIY. Ha, shunday, knyazman, ha. Nimaga hayron bo‘lyapsan?
KOTIB. Saroyga qanday kelib qolding? Oldin yo‘q eding-ku? (Bunshaga) Olampanoh, bu odam kim, zoriqtirmay aytaqol?
BUNShA. Bu Anton Semyonovich Shpakning do‘sti.
MILOSLAVSKIY (sekin). Voy, tentak! Bunday dovdirlar uyboshqaruvchilar orasidayam kam topiladi… (Kotibga) Ha, boshqacha qilib aytganda, men knyaz Miloslavskiyman. Bu sizni qoniqtiradimi?
KOTIB (dahshatda). Daf bo‘l! Yo‘qol ko‘zimdan!.. Yo‘qol!
MILOSLAVSKIY. Iya, yana nima bo‘ldi? Yana nimam yoqmadi? Ha?
KOTIB. Seni o‘tgan hafta qatl qilishgan!
MILOSLAVSKIY. Ana senga yangilik! Hoy, chuldirama! Qanaqasiga qatl qilishadi?
BUNShA (sekin). Voy, boshlanyapti!..
KOTIB. Shoh farmoniga ko‘ra seni o‘z darvozangga osishgan.
MILOSLAVSKIY. E, rahma-a-at! (Bunshaga) Ismi-sharifim pand berdi. Meni osishgan ekan… yordam bervor, bo‘lmasa xarob bo‘lamiz. (Sekin) Nimaga jimsan, yaramas? (Kotibga) E, ha-a, esladim! Meni osishgani yo‘q. O‘sha osilganning oti nima edi?
KOTIB. Vanka qaroqchi.
MILOSLAVSKIY. Ha, ana! Meniki teskarisi, men Jorjman. O‘sha qaroqchi bilan amakivachchamiz. Lekin undan men voz kechdim, shuning uchun shohning yaqini, sevimli kishisi bo‘lib oldim. Bunga nima deysan?
KOTIB. E, shunaqami? O‘sha, bir qarasam o‘xshaysan, bir qarasam – yo‘q… Bu yerda qanday paydo bo‘lib qolding?
MILOSLAVSKIY. Ey, kotib Fedya, namuncha sinchkov bo‘lmasang! Jinoyat qidiruv bo‘limida ishlasang bo‘larkan! Syurpriz qilish uchun dabdurustdan kelgandim, “paq” etib iblislar vahimasi ko‘tarildi. Men, shoh saroyiga yugurib kirib, uning qimmatli hayotini himoya qildim.
KOTIB. Seni taqdirlash kerak, knyaz!
MILOSLAVSKIY. Hammasi joyida, qo‘yaver!
Tashqaridan shovqin eshitiladi.
Ular nega yana baqir-chaqir qilishyapti? Chopib borib bilib kel, Fedya.
Kotib yugurgancha chiqadi.
BUNShA. E, xudoyim, men qayerdaman? Kimman? Nimaman? Nikolay Ivanovi-i-ich!!
MILOSLAVSKIY. Shallaqilik qilmay o‘tir!
Kotib qaytib kiradi.
KOTIB. Oprichniklar ozod etilgan shohni ko‘rmoq istaydilar. Xursandchilik qilishyapti!
MILOSLAVSKIY. E, yo‘q. Bu talab qondirilmaydi. Vaqt yo‘q, vaqt. Keyinroq xursandchilik qilamiz. (Bunshaga, sekin) Ularni biror joyga jo‘natib yuborish kerak. Mum yutgandek jim-a, la’nati! (Baland ovozda) Aytganday, Fedinka, hozir biror joyda urush-purush yo‘qmi?
KOTIB. Nimaga yo‘q bo‘larkan, to‘ram? Qrim xoni bilan shvedlar jonga tegib ketishdi-ku. Qrim xoni Uzum yo‘lida bezorilik qilyapti!
MILOSLAVSKIY. Nima deding? Nima uchun bunga yo‘l qo‘yib berdinglar?!
Kotib o‘zini yerga tashlaydi.
Tur, Fyodr, men seni ayblayotganim yo‘q. (O‘ylanib) Xo‘sh, bunday qilamiz… O‘tir, shoh farmonini yozasan… (Kotibni o‘rniga o‘tqazadi.) Yoz. Uzum yo‘lidan Qrim xonini surib tashlash uchun oprichniklar jo‘natilsin. Nuqta qo‘y.
KOTIB. Nuqta. (Bunshaga ta’zim ila uzatib) Imzo chek, ulug‘ hukmdor.
BUNShA (shivirlab). Men uyboshqaruvchiman, bu qog‘ozga qanday imzo chekaman…
Miloslavskiy unga farmonni ushlatib, qo‘l qo‘yishga majburlaydi.
MILOSLAVSKIY. Bo‘l, yoz!.. Nima deb yozding, kallavaram? Uyboshqaruvchi?.. Nimaga JEK muhrini bosyapsan? Voy, eshshak! Ivan Grozniy deb yozib qo‘y, vassalom. (Yozdirib bo‘lib, Kotibga beradi.) Ma, ol.
KOTIB (o‘qib). Mana bu so‘zni tushuna olmayapman…
MILOSLAVSKIY. Qaysi so‘zni? Nimaga tushunmaysan, ge… re… Grozniy.
KOTIB. Grozniy?
MILOSLAVSKIY. Sen, Fedka, nimaga har bir so‘zga osilib olyapsan? Ha, shohimiz qudratli emasmi? (Bunshaga) Buyuk hukmdor, sen ham bir baqirib, yer tepinib qo‘y! Nimaga bu senga quloq solmayapti?
BUNShA (qichqirib). Qanday jur’at qildingiz?! Hozir siz!.. Men sizni!.. (Pishqirib) Ha-a-a!
KOTIB (Bunshaning oyog‘iga bosh urib). Tanidim endi! Seni tanidim, shohim!..
MILOSLAVSKIY. Ha, shundoq bo‘lsin! Ha, ularga aytib qo‘y, orqaga qaytishga shoshilmasinlar. (O‘ylanib) Ularga yana qanday topshiriq bersa bo‘larkan?.. (She’rni eslab):
Kuylar: ermak – urush maydoni,
Kelib buyuk ishlar zamoni,
Ishg‘ol etdik shahri Qozonni…
Sen ularga aytib qo‘y: qaytishda Qozonni ham olishsin. Ikki marta qatnab, ovora bo‘lishmasin.
KOTIB (hayron). Iya, otaginam, bu nima deganing? Meni g‘azabingga olma-yu, Qozon o‘zimizniki!.. Uni allaqachon ishg‘ol qilganmiz!
MILOSLAVSKIY. E, shoshilib ketibsizlar-u… Olgan bo‘lsanglar, mayli, o‘rnida turaversin. Uni qaytarib berib bo‘lmasa… Xo‘p, boraqol! Besh daqiqadan keyin bu yerda ularning hidlariyam qolmasin!
Kotib yugurib chiqadi.
Mana, ishlar oz-moz yurishib ketdi. Keyin nima bo‘lishi esa noma’lum. (O‘ylanib) Nimaga u haligacha mashinasini orqaga aylantirmayapti?
BUNShA. Sizga bir dahshatli sirni ochishim kerak. Vahimada kalitni o‘zim bilan olib kelaveribman. (Kalitni ko‘rsatib) Mana u.
MILOSLAVSKIY (g‘azablanib). Iloyo, harom o‘lgin, la’nati! Hammasi sen ahmoqni deb bo‘ldi! Endi nima qilamiz? (Shosha-pisha o‘zini rostlab) Ha, mayli, jim, kotib kelyapti.
KOTIB (kiradi). Jo‘nab ketishdi, ulug‘ hukmdor.
MILOSLAVSKIY. Hayron bo‘lishmadimi? Ha, yaxshi ish bo‘pti. Navbatda turgan ish qanday?
KOTIB. Shved elchisi shu yerda.
MILOSLAVSKIY. Opkel uni bu yoqqa.
Kotib shved elchisini qabulga kiritadi. Elchi Bunshaga qarab, bir seskanib oladi. Keyin ta’zim arkonlarini bajara boshlaydi.
ELChI. A’loi hazrati… zoti bobarokoti… hukmdori… (Ta’zim qilib) Der grosser kenig des shvedishen kenigsreyx zandte mix, zeynen treyen diner, tsu imen, tsar i feliki knyaze Ivan Vasilovich Usarussa, damit di frage fon Kemska volost, di di rumfollvyurdige shvedishe arme eroberi xat, freyvillig in ordnung bringen…
MILOSLAVSKIY. Xo‘sh, xo‘sh… inturist gapga chechan ekan… lekin qani edi biror so‘zini tushunsam! Tarjimon topsak bo‘lardi, Fedinka!
KOTIB. Bir tilmochimiz bor edi, uni qaynoq suvda pishirib o‘ldirganmiz.
MILOSLAVSKIY. Bu qanday bema’nilik, Fedya! Tarjimonlar bilan bunday muomala qilmaslik kerak. (Bunshaga) Bir nima deb javob qilib yubor. Ko‘rmayapsanmi, bu odam senga jon chekib javrayapti.
BUNShA. Chet tilidan faqat inqilobiy so‘zlarni bilaman, xolos, qolgani esimda yo‘q.
MILOSLAVSKIY. Xo‘p, inqilobiy bo‘lsayam aytaver, jim o‘tirsang g‘alati bo‘lyapti-da… (Bunsha jim) Uf… taxtda o‘tirgan baliqqa o‘xshaydi-ya! (Elchiga) Bu fikringizga mutlaqo qo‘shilaman, davom eting.
ELChI. Di frage fon Kemska volost… Shvedishe arme xat zi erobern… Dergrosser kenig des shvedishen kenigs reyxe zandte mix… und… Das ist zerernste frage… Kemska volost…
MILOSLAVSKIY. To‘g‘ri. To‘ppa-to‘g‘ri! (Kotibga) Qiziq, buning maqsadini oz-moz tushunganimdami… bir so‘z bilan aytganda – g‘oyasini… fikrini… Aksiga olib shved tilidan bo‘shroqman, shohning esa mazasi yo‘q…
KOTIB. U nemischa gapiryapti-da, otaxon. Uni tushunish qiyinmas. U bizdan Kem viloyatini so‘rayapti. Uni jang qilib oldik, ular esa bizga beringlar deyishyapti!..
MILOSLAVSKIY. Nimaga jim turaverding? (Elchiga) Kem viloyatimi?
ELChI (bosh silkib). O, ya… o, ya…
MILOSLAVSKIY. E, shu xolosmidi? Mayli, olsa olaversin!… E, xudoyim, nima ekan debman-a!..
KOTIB (hayron). Bu qanaqasi, pushtipanohim?!
MILOSLAVSKIY. E, uning kimga keragi bor? (Elchiga) Olavering­lar, olaveringlar, shoh rozi. Gut.
KOTIB (vahimada). O, Isoi ruhillo!
ELChI (mamnun egilib). Kann ix mix freytselen und in meyn faterland tsuryukkeren?
KOTIB. U “uyimga ketsam bo‘ladimi”, deb so‘rayapti.
MILOSLAVSKIY. Ha. Albatta! Menga desa, bugunoq ketsin. (Elchiga) Orevuar.
ELChI (egilib). Vas befelt tsar i feliki kneze Ivan Vasilovich dengrossen kenig des Shvedens xinterbringen?
KOTIB. “O‘z qirolimga nima deb qo‘yay”, deb so‘rayapti.
MILOSLAVSKIY. Mendan unga alangali salom yetkazing!
BUNShA (norozi). Men esa qirolga alangali salom yubora olmayman! Bu ishim uchun jamoatchilik meni g‘ajib tashlaydi!
MILOSLAVSKIY. Jim o‘tir, janjalkash. (Borib elchini quchoqlaydi, elchining ko‘ksidagi medalon g‘oyib bo‘ladi.) Aufviderzeen. Qirolga ta’zim qilib ayting, endi boshqa hech kimni yubormasin. Keragi yo‘q. Nixts.
Elchi ta’zim qilib, Kotib hamrohligida chiqadi.
Yoqimtoy kishi ekan. Valyuta puli, fahmimcha, ichki cho‘ntagida edi.
BUNShA. Men hukumatga qarshi jinoyat qilyapmiz, degan tashvishdaman. Eh, xudoyim! Sho‘rlik xotinim Ulyana Andreevna nima qilyapti ekan-a? Militsiya bo‘limida o‘tirgan bo‘lsa kerak. U u yoqda oh urib yig‘layapti, men esa bu yoqda majburan shohlik qilyapman… Endi qaysi yuzim bilan hamkasblar majlisiga boraman?
Kotib qaytib kirib, polda emaklagancha nimanidir qidiradi.
MILOSLAVSKIY. Ha, otam, nimaga emaklab yuribsan?
KOTIB (Bunshaga). G‘azabingga olma, hukmdorim… Qirol elchisi ko‘kragidagi nishonini yo‘qotib qo‘yibdi… u olmos ko‘zli ekan…
MILOSLAVSKIY. Bunday beparvo bo‘lmaslik kerak-da.
KOTIB. Kirganida bor edi, chiqqanida esa – yo‘q…
MILOSLAVSKIY. Bu doimiy hol. Teatrlarda, bufetlardayam ahvol shu. Biror xonaga kirishdan avval buyumlarni ko‘zdan kechirib olish kerak. Nimaga menga baqrayasan? Yo meni olgan deb o‘ylayapsanmi?
KOTIB (xijolat chekib). Qo‘ysang-chi! Yo‘g‘-e!
MILOSLAVSKIY (Bunshaga). Sen olmadingmi?
BUNShA (taxt atrofiga alanglab). Balki taxt orqasiga tushib ketgandir?
MILOSLAVSKIY. Yo‘q ekan! Stol tagini qarab ko‘r-chi. (Topilmagach) Yo‘q bo‘lgandan keyin yo‘q-da.
KOTIB. Aqlimga sig‘dirolmayapman… Bu qanday ko‘rgilik!
Kotib chiqadi.
BUNShA (qayg‘uga botib). Voqealar borgan sari dahshatli tus olyapti. Topilganim haqida xabar berish o‘zimga nasib etsa, nimalar qilmasdim. Qanday shodiyona ko‘tarilgan bo‘lardi-ya!
Kotib kiradi.
KOTIB. Bosh ruhoniy seni ko‘rmoqchi, ulug‘ hukmdor. U sening topilganingdan xursand!
BUNShA. Borgan sari ahvol chatoqlashyapti!
MILOSLAVSKIY. Unga ayt, qoidaga amal qilib, tez kirib-chiqsin.
BUNShA. Nimalar qilyapsiz? Men din xizmatchilari bilan bir xonada turolmayman! Bu, axir, men uchun halokat!
Qo‘ng‘iroq jiringlaydi. Bosh ruhoniy kiradi.
RUHONIY (xitob qilib). Salomat bo‘l, ey, hukmdor, bu yillar va barcha kelgusi yillar! Birodarlar, chalaylik oltin karnayla-a-ar! Namoyon et bizga ol yuzingu qaro ko‘zlaring! O-o-o, buyuk shoh va ulug‘ knyaz! Qaytding iblislar qo‘lidan sog‘u salomat! Ey, shohi zamon! Endi parvardigor senga Samson quvvatini, Iskandar matonatini, Sulaymon donoligini, Dovud muloyimligini ato etsin! Seni ulug‘laydi jumla yurtlar, jumla odamlar har nafasda – hozir, keyin va abadulabad!
MILOSLAVSKIY (chapak chalib). Bravo! Omin! Bu yorqin ma’ruzangizga “omin!” so‘zidan boshqa so‘z qo‘shishga ojizman!
Xor guruhi qo‘shiqchilari kirib, “Ko‘p yillar omon bo‘lsin” qo‘shig‘ini ijro etadilar. Miloslavskiy esa militsionerdek chest berib, ularga qo‘shilgancha zamonaviy qo‘shiq aytib qilpanglaydi.
MILOSLAVSKIY (Bunshaga). Ko‘rdingmi, seni ulug‘lab salom berishyapti! Sen bo‘lsa g‘ingshiganing g‘ingshigan!.. (Ruhoniyga) Chindan ham Iso tirik, avliyo ota! (Ruhoniyni quchoqlaydi, Ruhoniyning ko‘kragidagi oltin zunnor g‘oyib bo‘ladi.) Yana bir bor o‘zim va shoh nomidan minnatdorchilik bildiraman, avliyo ota! Endi xonaqohingizga – rohibchalaringiz oldiga qayting. Siz butunlay ozodsiz. Xor guruhiniyam ola keting, bizga keragi yo‘q. Mabodo, favqulodda muhtojlik tug‘ilib qolsa, chaqirtirarmiz.
Bosh ruhoniyni eshik oldigacha yetaklab borib, chest berib kuzatib qo‘yadi. Ruhoniy Kotib bilan chiqadi. Kalovlangan Kotib tezda ortiga qaytib, ichkariga yugurib kiradi.
MILOSLAVSKIY. Ha, nima bo‘ldi, tinchlikmi?
KOTIB. Oh, haqorat! Avliyo otaning ko‘ksidagi zunnor yo‘q…
MILOSLAVSKIY. Nahotki o‘marishgan bo‘lsa?
KOTIB. O‘marishibdi!
MILOSLAVSKIY. E, aql bovar qilmaydi! Nima bo‘lyapti o‘zi sizlarda, a?
KOTIB. Zunnor ikkita zumrad ko‘zli, to‘rtburchak oltin edi.
MILOSLAVSKIY. Bu qanday rasvogarchilik?
KOTIB. Qandoq qilaylik, to‘ram! O‘g‘rilarni qovurg‘asidan osyapmiz, lekin ulardan qutula olmayapmiz.
MILOSLAVSKIY. Iya, nimaga qovurg‘asidan osasizlar? Shu yerida dangal aytaman, bu ishga men qarshiman. Bu borib turgan zolimlik. O‘g‘rilar bilan, Fedya, agar bilsang, yumshoq muomalada bo‘lish kerak. Sen bor, avliyo otani ovutib, silab-siypab tinchlantirib qo‘y… yo judayam xafa bo‘lyaptimi?
KOTIB. Ustundek qotib turibdi.
MILOSLAVSKIY. Ha, bu tushunarli hol. Musibat zarbasi shunaqa og‘ir bo‘ladi. Kimda qanaqa, bilmadimu, teatrlarda bunaqasini ko‘p ko‘rganman.
Kotib yugurgancha chiqadi.
BUNShA. Meni g‘alati bir shubha qiynayapti. Shpakning kostyumi, elchining medaloni, avliyo otaning zunnori…
MILOSLAVSKIY. Sen nimaga shama qilyapsan? Kimda qanaqa, bilmadim, shaxsan men hech narsa o‘g‘irlay olmayman. Qo‘llarim shunaqa yaratilgan. Beshta shaharda barmoq izlarimni olishgan. Olimlar… keyin hamma boshliqlar, “bunday barmoqli odam o‘g‘rilik qilolmaydi”, deb bir ovozdan tasdiqlashgan. Shuning uchun, hatto yozdayam qo‘lqopda yuraman. Shunisi jonga tegib ketdi.
Kotib kiradi.
KOTIB. Tatar knyazi Ediqut shoh huzuriga kirmoqchi.
MILOSLAVSKIY. E, yo‘q! Tinkam qurib ketdi. Tushlik uchun tanaffus e’lon qilaman.
KOTIB (hayqirib). Shoh tanovul qilmoqchi!
Darhol dasturxonchilar oziq-ovqat olib kiradi. Ularning ortidan guslachilar kirib, saf tortadi. Bunsha va Miloslavskiy dasturxonli stol yoniga o‘tiradi.
BUNShA. Shirin tushga o‘xshaydi-ya!
MILOSLAVSKIY (Kotibga). Bu nima?
KOTIB (ketma-ket izoh berib). Qalampirli quyon buyragi, sarimsoqli cho‘rtanbaliq boshi… yana ikra, pushtipanohim. Bular – arpabodiyonli aroq, zanjabilli aroq, mirzalar arog‘i… xullas, istaganingdan topiladi.
MILOSLAVSKIY. Qanday go‘zal!.. (Bunshaga) Hoy, shoh, issiq ovqatdan gazak qilib, yuzta-yuztadan otaylik! (Aroq ichib, hayqiradi.) Hoy, mening oprichniklarim, yonimga keling!
Bunsha tamaddi qilib, aroq ichadi. Kotib esa Miloslavskiyga hayron bo‘lib qaraydi.
KOTIB. Otaxon, oprichniklarni urushga jo‘natvordik-ku!
MILOSLAVSKIY. To‘g‘ri qildik jo‘natib! Iloyo, botqoqqa botib o‘lishsin! Ularni eslasam asabim buzilyapti. Bilgan ishlari urish, chopish, maydalash! Oybolta o‘shalaring, qaroqchi o‘shalaring, Fedya. (Bunshaga) Ochiq aytganim uchun kechirasiz, a’lohazrat, sizning bu oprichniklaringiz qip-qizil qaroqchi! Votr sante!
BUNShA (jonlanib, mamnun). Aroq ichgandan keyin asablarim tinchlanib qoldi.
MILOSLAVSKIY. Ha, ana, bor ekansan-ku! (Kotibga) Sen-chi, Fedya? Nimaga o‘sha buyrak atrofida o‘ralashyapsan? Sen uyalmay, Fedyunya, aroqdan ich. Biz o‘zaro jaydari muomala qilamiz. Menga judayam yoqib qolding. Tan olib aytaman, sen bo‘lmaganingda qo‘lsiz odamdek bo‘lib qolardim. Kel, ikkalamiz brudershaft qilib ichamiz. (Kotib bilan cho‘qishtirib qadah bo‘shatadi.) Ikkalamiz do‘stlashib olgach, senga teatrga borishni o‘rgataman. (Bunshaga) Aytganday, a’lohazrat, endi bu yerda teatr qurishimizga to‘g‘ri keladi.
BUNShA. Qanday chora-tadbir qo‘llash kerakligini rejalashtirib, bir qarorga keldim. Eng avval JEK tashkilotiga asos solish kerak.
MILOSLAVSKIY. Bir qoshiq qonimdan keching, a’lohazrat, lekin, menimcha, teatr muhimroq. Hozir Uzum yo‘lida qanday ur-sur bo‘lyapti ekan-a! (Kotibga, shipshib) Nima deb o‘ylaysan, Fedya? Sizdagi magazinlarda qimmatbaho buyumlar olisharmikan?
Shu payt tashqaridan Kotibga ishora bo‘ladi. U rasmiy ravishda e’lon qiladi.
KOTIB. Shohim, malika seni ko‘rmoq istaydi!
BUNShA (shosha-pisha o‘zini rostlab). Ana kerak bo‘lsa! Bu tomonini o‘ylab ko‘rmabman-ku. Ulyana Andreevna bilan o‘rtamizda tushunmovchilik yuz bermasa edi! (Miloslavskiyga) Gap o‘rtamizda qolsin, u bunday narsalarni yoqtirmaydi. (Qo‘l siltab) E, jin ursin uni! Ha, nima, undan qo‘rqib o‘tiraymi?
MILOSLAVSKIY. Mana shu gaping to‘g‘ri.
Bunsha yuzidagi bog‘ichni yechib tashlaydi.
Bog‘ichni bekor yechding, basharang shohlarnikiga o‘xshamaydi.
BUNShA. Nima?! Sizdan so‘raymanki!.. (Qahrli tusga kirib) Ey, kim bilan gaplashyapsan, bilasanmi o‘zing?!
MILOSLAVSKIY (qoyil bo‘lib). Barakalla! Oldinroq shunaqa gapirsang bo‘lardi-ku!
Malika kiradi. Bunsha cho‘ntagidan pensne olib ko‘ziga taqadi.
MALIKA (hayratda). Hazrati hukmdorim, knyazim, bosh egam! Rahmu shafqating taftidan bahramand cho‘ringga izn ber…
Bunsha unga peshvoz chiqadi.
BUNShA. Mamnunman! (Malikaning qo‘lini o‘pib) Tanishganimdan bag‘oyat xursandman. Tanishtirishga ruxsat eting: bu – kotib… bu esa o‘rtoq Miloslavsiy. Bizning stolchamizga tashrif buyursinlar.
Malika va qolganlar stol yonidan joy oladilar.
MILOSLAVSKIY (Bunshaning qulog‘iga). Nimalar deb vaysayapsan? Ko‘zoynakni yechib qo‘y, ahmoq.
BUNShA. Bo‘ldi, bo‘ldi! Sen aralashma! (Dasturxonchiga) Hoy, odam! Malikaga tez bitta buyrak keltir! (Malikaga) Kechirasiz, sizning ismi-sharifingiz Yuliya Vladimirovna edi, a?
MALIKA. Men Marfa Vasilevnaman…
BUNShA. Ajoyib, ajoyib!
MILOSLAVSKIY (o‘zicha). E, bu o‘tlab ketdi-yu! Voy-bo‘y! (Bunshaga) Xotinlarga suyaging yo‘q ekan-da! Voy, pismiq!
BUNShA (Malikaga). Marfa Vasilevna, bir qadah zanjabilli aroq iching.
MALIKA (hiringlab). Voy, qo‘ying-e…
BUNShA. Hozirgina biz qiziqarli mavzu ustida gaplashib turgandik. JEK tashkiloti masalasida.
MALIKA. Doim mehnat ichidasan, ulug‘ hukmdor, asalari kabi tinmay ishlaysan!
BUNShA (qadah uzatib). Cho‘rtan boshidan gazak qilib, bir qadah iching.
MALIKA. Voy, sizga nima bo‘ldi…
BUNShA (Kotibga shubhali qarab). Nimaga menga go‘layasiz? (Qahrli) Xayolingdan nima o‘tayotganini bilaman! Meni birorta aravakashning o‘g‘li, deb o‘ylayapsanmi? Bo‘yningga ol!
Qo‘rqib ketgan Kotib o‘zini tashlab, boshini yerga uradi.
Yo‘q, sen iqror bo‘l, mug‘ambir… Men qanaqasiga aravakashning o‘g‘li bo‘lay? Men ataylab ayyorlik ishlatib yurgandim. (Malikaga) Men, muhtarama Marfa Vasilevna, ularni boplab laqillatdim. Ular-chi? Ular jim! (Kayfi oshib, Kotibga) Marhamat qilib aytsangiz, sizlarda alohida xona yo‘qmi?
MILOSLAVSKIY. Azizlarim! Uning kayfi oshib ketdi! (O‘ziga-o‘zi) Namuncha tez? Birpasda-ya! Vaziyatni qo‘lga olish kerak. (Guslachilarga) O‘rtoqlar, sizlar nimaga jimsizlar? Birorta kuyni gumburlatinglar endi!
Guslachilar kuy chalib, qo‘shiq boshlaydilar.
GUSLAChILAR (kuylab).
Qoplab olmadimi ko‘k yuzin bulut…
Chaqmadimi kuchli chaqmoqlar…
Qaylarga yo‘l olding, Qrim shohi – it…
BUNShA (turib, baqirib). Qanaqa it? Shoh haqida bunday qo‘shiq aytishingizga yo‘l qo‘ymayman! U Qrim shohi bo‘lsa bordir, lekin it emas! (Kotibga) Sen qanday musiqachilarni boshlab kelding? Bu yerda mensiz intizomingiz buzilib ketibdi!
Kotib o‘zini yerga tashlab, ta’zim qiladi.
MILOSLAVSKIY. Hoy, Fedyusha, narzan suvidan yo‘qmi?
BUNShA. Ularga ayt, rumbani chalishsin!
GUSLAChI (qo‘rqib). Sen, otaxon, ozgina… ohangini aytib yubor… u yog‘iga o‘zimiz tortib ketamiz…
Bunsha ularga yaqin borib, zamonaviy sho‘x musiqani xirgoyi qilib o‘rgatadi. Guslachilar kuyni davom ettiradilar.
BUNShA (Malikaning ismini adashtirib). Iltimos, Yuliya Vasilevna, bir qur raqsga tushsak.
MALIKA. Voy, sharmandalik-ku bu? Qo‘ysang-chi, otaxon…
BUNShA. E, bo‘laveradi, hechqisi yo‘q!
Bunsha Malikani davraga tortib, u bilan eshilib raqsga tushadi. Kotib esa dahshatga botib, o‘z boshiga mushtlab, sochlarini yuladi.
MILOSLAVSKIY. Qo‘yaver, Fedya, g‘am qilma! Shoh ko‘proq ichib qo‘ydi. Ha, nima bo‘pti, kimda bo‘lmaydi deysan! Kel, biz ham o‘ynaymiz!
U Kotib bilan raqsga tushadi. Birozdan so‘ng kuchli shovqin-suron va qo‘ng‘iroqlar jarangi eshitiladi. Guslachilar qo‘rqib, jimib qoladilar.
Bu narsa menga yoqmayapti, nima bo‘ldiykan?
Kotib yugurib tashqariga chiqadi va shoshib ortiga qaytadi.
KOTIB (vahimada). Falokat, falokat! Oprichniklar isyon ko‘tarishdi, bu yoqqa qarab kelishyapti! “Shoh haqiqiy emas! Shoh soxta!” deb qichqirishyapti!
MALIKA (yig‘lab). Voy, men pishmagan xomkalla! Soxta shoh bilan o‘yinga tushib qo‘yibman! Endi meni rohibalikka jo‘natishadi!.. Voy, xarob bo‘ldim!
U yugurgancha chiqadi.
MILOSLAVSKIY (cho‘chib). Oprichniklar? Ular Uzum yo‘liga ketishgandi-ku?
KOTIB. U yerga borishmabdi, otaxon. Ularni yo‘ldan ozdirishibdi. Chegaradan qaytib kelishibdi.
MILOSLAVSKIY. Qaysi iflos shu qabih gapni tarqatibdi?
KOTIB. Bosh ruhoniy, otaginam, bosh ruhoniy!
MILOSLAVSKIY (g‘amgin). Qimmatli hokimi mutlaq, biz ado bo‘ldik!
BUNShA (mast). Talab qilaman, raqs davom etsin!.. (O‘ziga kelib, vahimada) Ado bo‘ldik, deysizmi? Endi nima qilamiz, o‘rtoqlar?
Guslachilar va Kotib shosha-pisha chiqadilar. Bunsha esa dod soladi.
Nikolay Ivanovich, qutqaring!
Isyonchilar shovqini yaqinlasha boshlaydi. Shu payt vaqt mashinasining jaranglagan tovushi yangraydi. Zulmat cho‘kadi. Yana atrof yorishadi. Oradagi devor yo‘qolib, Ivan saroyi yonida Timofeevning xonasi paydo bo‘ladi. Ivan shoshilib o‘zining shohona liboslarini kiymoqda.
TIMOFEEV. Shoshiling, Ivan Vasilevich!
IVAN. O‘zingga shukur, parvardigor!
Timofeev Bunsha bilan Miloslavskiyni ko‘rib quvonadi.
TIMOFEEV. Ana, ular ham tirik ekan!
MILOSLAVSKIY. Tirikmiz, tirikmiz! (Bunshaga) Bo‘l, yur, yur!
Miloslavskiy bilan Bunsha yugurib Timofeevning xonasiga o‘tadi. Ivan o‘ziga o‘xshash ko‘rinishdagi Bunsha bilan to‘qnashadi. Unga nazar solib kayfi uchadi.
IVAN (baqirib). Voy! Yo‘qol! G‘oyib bo‘l! Daf bo‘l!
MILOSLAVSKIY. Bu vaqtinchalik shoh, otaginam! Tashvishlanmang!
Ivan yugurib saroyga o‘tadi.
Ivan Vasilevich! Aytib qo‘yay, biz Kem viloyatini shvedlarga berib yubordik! Qolgan hammasi joyida!
IVAN (g‘azabi qaynab). Kemni shevedlarga?! Qanday haddingiz sig‘di, itvachchalar?!
Saroyga Oprichnik bilan Kotib yugurib kiradi. Ivan ularga tashlanadi.
Kemni shvedlarga berdinglarmi?! Sen, muttaham Kotib, qayerga qarading?!
Kotib vaqt mashinasi tomon qochadi. Ivan uni quvib kelib, uskuna ustiga yiqitib, qo‘lidagi aso bilan kaltaklaydi. Uskunaga ham bir necha bor zarb tushadi. Kotib qochib, saroyga yugurib o‘tadi. Ivan uning ortidan quvadi. Shu payt uskuna buzilib, zulmat cho‘kadi. Keyin atrof yorishadi. Shoh saroyi g‘oyib bo‘lib, devorlar o‘z holiga qaytgan. Timofeev uskuna tepasida g‘amga botgancha turibdi.
TIMOFEEV (g‘ingshib). Mashinam! Mening mashinam! Uni pachaqlashdi! (Miloslavskiyga) Nima qilib qo‘ydinglar? Nimaga uning jahlini chiqardilar! Kashfiyotim adoi tamom bo‘ldi!
Tashqaridan dahlizga Shpak ikki militsiya xodimi hamrohligida kiradi.
ShPAK. Qaranglar, o‘rtoq boshliqlar! Mana ular!
TIMOFEEV. Eh, sen, pastkash!
Militsionerlar Bunsha va Miloslavskiyga razm soladi.
MILISIONER. O‘h-o‘!.. (Bunshaga) Nima balo, siz shohmisiz?
BUNShA. Aybdorman, shoh bo‘lganim rost. Lekin bunga muhandis Timofeevning razil tajribasi sabab bo‘ldi.
MILOSLAVSKIY. Unga quloq solmanglar, o‘rtoqlar! Biz madaniyat va istirohat bog‘idagi maskaradda ishlaymiz.
Bunsha bilan Miloslavskiy shohona liboslarini yechadilar. Miloslavskiyning bo‘ynida ritsarlik nishoni va zunnor osilib turadi.
BUNShA. Mening shubhalarim isbotlandi! U bosh ruhoniy bilan shved elchisining narsalarini o‘g‘irlab oldi!
Shpak Miloslavskiy egnidagi kostyumini tanib qoladi.
ShPAK (sapchib). Ushlanglar uni! Egnidagi kostyum meniki!
MILISIONER. Nimaga militsiyani chalg‘ityapsiz, o‘rtoq? Bular o‘g‘rilarmi?
ShPAK. Ha, o‘g‘rilar, o‘g‘rilar! Qilar ishlari o‘g‘rilik, yana o‘zlarini shoh qilib ko‘rsatishadi!
Ulyana Andreevna kiradi.
ULYaNA (Bunshaga). Mana qayerda ekansan! Ha, ushlashdimi seni? Niyatingga yetdingmi, ichkilikboz!
BUNShA. Ulyana Andreevna! Chin dildan tan olaman, men shoh bo‘ldim. Ammo sizga xiyonat qilmadim, Ulyana Andreevna! Malikalar boshimni aylantirishdi. Bunga kotib guvoh!
ULYaNA. Qanaqa kotib? Nimalar deb vaysayapsan, aroqxo‘r? (Militsionerlarga) O‘rtoq boshliqlar, u hech qanday shoh emas! U – uyboshqaruvchi!
TIMOFEEV (g‘azabda, baland ovoz bilan). Jim bo‘ling hammangiz! Jim bo‘ling! Mening uskunam… mashinam ado bo‘ldi! Sizlar esa bo‘lmag‘ur gaplarni vaysab yotibsiz… Ha, bu tajribani men o‘tkazdim. Nimaga baxtsizlik qadam-baqadam izimdan yuradi… (Bunshani ko‘rsatib) Mana shu qoqbosh uyboshqaruvchi uskunam kalitini olib ketib qoldi. Chirigan knyaz, qari firibgar… (Miloslavskiyni ko‘rsatib) Bu esa Ivan Grozniyning g‘azabini qo‘zg‘atdi! Mana, men uskunamdan judo bo‘ldim! Sizlar esa qayoqdagi gaplarni vaysab yotibsiz…
MILISIONER. Gapingiz tugadimi, o‘rtoq?
TIMOFEEV. Tugadi.
MILISIONER (Miloslavskiyga). Sizning hujjatingiz?
MILOSLAVSKIY. E, hujjat nimaga kerak? Nima o‘sha hujjat? Men Miloslavskiyman! Jorjman men!
MILISIONER (quvonib). O‘h-ho‘! Siz endi Moskvadamisiz?
MILOSLAVSKIY. Yashirmayman. Muddatidan oldinroq qaytib keldim.
MILISIONER. Qani, bo‘lmasa! Hamma militsiya bo‘limiga marhamat qilsin.
BUNShA. Men mamnuniyat ila o‘zimni jonajon militsiyam qo‘liga topshiraman. Unga suyanaman hamda ishonaman.
Timofeev alamiga chidolmay yig‘laydi.
MILOSLAVSKIY (uni yupatib). Eh, Kolya, akademik! Qo‘y, yig‘lama! Taqdirga yozilgani shu ekan! (Militsionerlarga) Lekin zunnorni, gapimga ishoninglar, o‘rtoqlar, menga bosh ruhoniy o‘zi sovg‘a qildi.
Militsiya xodimlari hammani uydan olib chiqadi. Timofeev xonasidagi chiroq o‘chib, zulmat cho‘kadi. Dahlizdagi radiokarnaydan quvnoq ovoz yangraydi.
OVOZ. Marhamat, “Pskov ayollari”ning davomini tinglangiz!
Ortidan radiokarnayda qo‘ng‘iroqlar bong urib, xirillagan musiqa yangraydi. Timofeevning xonasi yorishadi. Timofeev birinchi aktda uskunaga bosh qo‘yib qanday uyquga ketgan bo‘lsa, o‘sha holatda uxlamoqda.
TIMOFEEV (bosinqirab). Tezroq, tezroq, Ivan Vasilevich… (Uyg‘onib) Uf, qattiq uxlabman-ku! Bu qanday tush bo‘ldi! (Vaqt mashinasiga qarab) Uskunam butun ekan! Butun! (Birdan tashvishlanib) Voy, xudo! Meni xotinim tashlab ketdi-ku… (Qo‘l siltab) Yo‘q, bu tushimda bo‘ldi… xudoga shukur, hammasi tush ekan. (O‘ylanib) Agar birdan… Kosinus… (Qo‘ng‘iroq tovushi) Jin urgur, shu qo‘ng‘iroqlar yomon jonga tegdi-da…
Dahliz yorishadi. Zinaida kiradi.
ZINAIDA. Kolya, bu men.
TIMOFEEV. Zinochka, keldingmi!
ZINAIDA (nazar solib). Sen haligacha uxlamadingmi? Kolka, aytib qo‘yay, shu ketishda aqldan ozasan. Hozir senga choy ichirib qo‘yaman, keyin yotib uxla… Bunaqa ko‘p ishlash yaramaydi.
TIMOFEEV. Zina, sendan so‘ramoqchi edim… bilasanmi, men o‘z aybimga iqrorman… haqiqatan, men ish bilan qiziqib ketdim… keyingi paytlarda senga kam e’tibor qaratyapman… Kosinus… meni tushunyapsanmi?
ZINAIDA. Hech baloni tushunmayapman.
TIMOFEEV. Qayerda eding?
ZINAIDA. Repetitsiyada.
TIMOFEEV. Faqat rostini ayt… Sen Yakinni sevasanmi?
ZINAIDA (hayron). Qanaqa Yakin?
TIMOFEEV. O‘zingni go‘llikka solma. U juda iste’dodli kishi… rostdan unga yangi uy berishmoqchimi? U sizlarning rejissyoringiz, a?
ZINAIDA. Bizda Yakin degan rejissyor yo‘q.
TIMOFEEV. Rostdanmi?
ZINAIDA. Rost.
TIMOFEEV. Haligi, Molchanovskiy deganlari-chi?
ZINAIDA (elka qisib). Molchanovskiy degani ham yo‘q.
TIMOFEEV (mamnun). Ura! Gapimga parvo qilma, hazillashdim!
ZINAIDA. Aytdim-ku, senga aqldan ozyapsan deb!
Eshik taqillaydi.
Kim u, kiravering!
Shpak yugurib kiradi.
TIMOFEEV. Anton Semyonovich, tushimda uyingizni o‘marib ketishgan emish.
ShPAK (yig‘lab). Tushimda deysizmi? Uyimni rostdan urib ketishdi!
TIMOFEEV. Qanday?
ShPAK. Butunlay! Ishxonada o‘tirganimda! Patefon, portsigar, kostyum! Voy, avliyo otalar! Telefon uskunasiniyam kesib olishibdi! Zinaida Mixaylovna, telefon qilib olay, ruxsat bering. Voy, aziz avliyo otalar! (Telefonga tashlanib, go‘shakka) Militsiyani ulab bering! (Atrofga alanglab) Uyboshqaruvchi qayoqqa ketdi, o‘zi?
ZINAIDA (derazani ochib tashqariga). Ulyana Andreevna! Ivan Vasilevich qayerda? Shpakning uyini urib ketishibdi!
Radiokarnaydagi musiqa tobora avj olib boradi.

PARDA

Rus tilidan Nurillo Abbosxon tarjimasi

Qirq yilda qaytgan shoh asar

Muhtaram kitobxon, Siz ma’lum va mashhur rus rejissyori Leonid Gaydayning “Ivan Vasilevich kasbini o‘zgartiradi” komediyasini ko‘p tomosha qilgansiz. Aslida bu asar taniqli rus adibi Mixail Afanasevich Bulgakov qalamiga mansub.
Serqirra iste’dod egasi Mixail Bulgakov – yozuvchi, dramaturg, rejissyor, aktyor hamda shifokor edi. 1921 yildan poytaxt
Moskvada yashay boshlagan adib feletonchi sifatida ro‘znoma va jurnallarda ko‘zga ko‘rinadi.
1926 yili MXATda adibning “Turbinlarning kechmish kunlari”, Vaxtangov nomidagi teatrda “Zoyaning kvartirasi” asari muvaffaqiyatli namoyish etila boshladi. 1928 yili Bulgakovning “Arg‘uvon orol” asari taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Adib “Usta va Margarita” va Moler hayotiga bag‘ishlangan “Riyokorlar asorati”ni yozishga kirishadi. Biroq 30-yillarning boshiga kelib, unga bo‘lgan munosabat butkul o‘zgaradi, nashriyot va gazetalar asarlarini chop etishni to‘xtatishadi, pesalari teatr sahnalaridan olib tashlanadi. Bunga davlat boshlig‘i Stalinning “Bulgakov bizning ijodkor emas”, degan ta’kidi sabab bo‘lgandi. Moddiy jihatdan nochor ahvolda qolgan adib oxiri Stalinga “meni ish bilan ta’minlang yoki xorijga chiqib ketishimga ruxsat bering” mazmunida xat yozishga majbur bo‘ladi. Shundan so‘ng Bulgakovning ishlari biroz yurishadi, MXATda rejissyor vazifasida ish boshlaydi. Jumladan, 1932 yili Gogolning “O‘lik jonlar”ini sahnalashtiradi, aktyor sifatida Dikkensning asarida sudya rolini o‘ynaydi.
Xuddi shu davrda rejissyorlar undan “Farog‘at” nomli quvnoq pesa yozib berishini so‘rashadi. Reja shunday tuziladi: asar fantastik ruhdagi komediya bo‘ladi; Gerbert Uells qahramoni yasagan vaqt mashinasi ishtirok etadi; bosh qahramonlar vaqt mashinasi vositasida o‘tmish va kelajakka sayohat qilishadi; Sho‘ro davlatining kalajakdagi rohat-farog‘atli hayotiga guvoh bo‘lishadi…
Bulgakov bajonidil rozi bo‘ladi va tez orada – 1933 yildayoq “Farog‘at yoki muhandis Reynning tushi” nomli to‘rt pardali pesani yozib bitiradi. Pesa syujeti quyidagicha: XX asr boshida yashagan ixtirochi-muhandis Yevgeniy Nikolayevich Reyn uyida vaqt mashinasini yasaydi. Yonqo‘shni Mixelsonning uyiga “Yakkaxon” laqabli jinoyatchi Yuriy Miloslavskiy o‘g‘rilikka kiradi. Uyboshqarmasi kotibi knyaz Bunsha-Koretskiy ixtirochining uyiga ijara haqini qistab keladi. O‘rtada gap-so‘z ko‘payib, Reyn vaqt mashinasini ishga tushiradi. Devor ko‘tarilib, XVI asrdagi Ivan Grozniy saroyi namoyon bo‘ladi. Saroyda shoh va kotib avliyo otaga noma yozib o‘tirgan edilar. Vahimaga tushgan a’yon orqaga, Grozniy esa oldinga – XX asr maydoniga qochib o‘tadi. Shoh vasvasada yugurib, uyning chordog‘iga chiqib oladi. Mixelson uyida o‘tirgan o‘g‘ri Miloslavskiy ixtirochi kvartirasiga o‘tib, vaqt mashinasi bilan qiziqadi. Uning kaliti oltin ekanligini bilib qolib, kalitni shartta sug‘urib cho‘ntagiga soladi. Natijada mashina ishga tushib ketadi. Bunsha, Reyn va Miloslavskiy kelajakka – 2222 yilga tushab qoladi. Bu davrdagi sho‘rolar davlati “Farog‘at” deb atalardi. Farog‘at mamlakatida militsionerlar, o‘g‘rilar, to‘rachilar (byurokrat) umuman yo‘q. Fan-texnika o‘ta takomillashgan. Eshik-derazalari lyukka o‘xshash uylar, oynavand ustunlarga o‘xshaydi. Odamlar frak va boshqa ajabtovur kiyimlar kiyib, yelkalariga reaktiv motorli qanot taqib, xohlagan joylariga uchib ketaverardi. Jo‘mraklardan toza spirt oqadi… (Darvoqe, muallifga qoyil qolsa bo‘ladi. Hozir aynan shunday reaktiv qanotlarda ucha boshlandi. Spirt esa yoqilg‘i, texnik jihozlarni tozalash vositasi
sifatida ishlatilyapti). Farog‘atda – Ixtirolar bo‘yicha xalq komissari Radamanov, qizi Avrora, kotibasi Anna, Garmoniya instituti direktori Savvich, tibbiyot professori Grabbe va mehmonlar o‘rtasida kulgili hangomalar yuzaga keladi. Miloslavskiy bemalol o‘g‘rilik qiladi. Jo‘mrakdagi spirtdan ichib, kotiba Annaga ham ichiradi va uning nomusini toptaydi. Axloqi buzuq Bunsha Annani yo‘ldan urmoqchi bo‘ladi. Miloslavskiy “olg‘irlik” qilganini bilgach, alamiga chidolmay, chaqimchilik qiladi va kotiba Anna haqida yozma ma’lumot to‘playdi. Lekin bu “anonimka”ni na qabul qiladigan idora bor, na jazolaydigan militsiya! Reyn esa Radamonovning qizi Avrorani sevib qoladi. Farog‘at mamlakati olimlari tentak Bunsha va o‘g‘ri Miloslavskiyni davolashga jo‘natmoqchi bo‘lishadi. Shundan so‘ng Miloslavskiy vaqt mashinasining kalitini Reynga beradi. Ular XX asrga qaytadilar. Avroraning otasi Reynni ogohlantirganiga qaramay, u Avrorani olib qochadi. (Inqilob davrida “Avrora” harbiy kemasi podshoh saroyini to‘pga tutib, xonavayron qilgani yodingizda bo‘lsa kerak!) Miloslavskiy esa yelkaga taqib uchiladigan bitta reaktiv qanotni o‘g‘irlab qochadi. Baxtga qarshi, XX asrda ularni militsiya kutib turgandi. Miloslavskiy reaktiv qanotni taqib, osmonga uchib ketadi. Reyn chordoqqa chiqib qarasa, hammani zirillatgan Grozniy atrofda bo‘layotgan voqealarni ko‘rib, aqldan ozgan. Reyn vaqt mashinasini ishga tushirib, Ivan Grozniyni o‘z zamonasiga jo‘natib yuboradi. Militsiya xodimlari tentak Bunsha, ixtirochi Reyn va bu zamonga daxli yo‘q beayb Avrorani ushlab, militsiya bo‘limiga olib ketadilar. Parda yopiladi.
Pesani o‘qigan teatr arboblari bosh qashlab qolishadi. Hali u, hali bu yerini o‘zgartirib ko‘rishadi, lekin bir to‘xtamga kelib bo‘lmaydi. Nihoyat, teatr arboblari sho‘rolarning XXIII asrdagi “farog‘atli” hayotiga o‘t qo‘yib, undagi qahramonlarni adam vodiysiga ravona qilishadi. To‘rt pardali “Farog‘at”da birinchi parda va undagi chirkin qahramonlar qoladi, xolos. Muallifdan vaqt mashinasi “kurs”ini o‘zgartirib, o‘tmishga sayohat qilishni, shoh Ivan Vasilevichga ko‘proq urg‘u berishni so‘rashadi. Shundan so‘ng Bulgakov yangi pesani “Ivan Vasilevich” deya nomlaydi.
Bunda ham zamonaning o‘tkir muammolari, ko‘pchilik biladigan, lekin tilga olinmaydigan qaltis haqiqatlar kinoya yo‘sinida aks etgandi. Jumladan, uyboshqaruvchi Bunsha knyazning o‘g‘li, ya’ni dvoryan ekanligini yashirishga urinadi, “Men aravakash Panteleydan tug‘ilganman”, deb da’vo qiladi. Zero, asar yozilayotgan kezlarda ko‘plab sho‘ro arboblari o‘z nasabidan tongan edi. Muhandis Timofeev – xotinini birov olib ketishiga beparvo da’yus. Xotini Zinaida – to‘rtta erga tegib, bu erini ham aldab, beshinchisi – Yakin bilan qochib ketayotgan yengiltak. Shpak – pastkash jabrdiyda. O‘g‘irlangan narsalarini ikki barobarga ko‘paytirib, hozir ichgan ontiga shu damda xiyonat qiladi. Yakin – o‘z hamkasblarini ko‘rolmaydigan, ma’shuqalari qo‘lida o‘yinchoq bo‘lib yurgan rejissyor. Miloslavskiy – bugungi kunda ham, o‘tmishda ham qallob…
Buyurtma asar bitib, teatr jamoasiga topshiriladi. Uni o‘qigan teatr arboblarining tepa sochi tikka bo‘ladi. Zero, sho‘rocha siyosat ikki og‘iz so‘z bilan maqtalib, qolgan barcha dialoglarda pachag‘i chiqarilgandi. Har bir sahna, har bir dialog
sho‘rolarning nozik siyosatiga bolta urmoqda. “Voy battol! Bu Bulgakov qandoq odam, o‘zi?!”
Asarni besh kishi qayta o‘qib chiqib, yana o‘zgartirishni talab qilishadi. “Ivan Grozniy sho‘ro mamlakatining kelajagiga borsin, o‘shandagi obodliklarni ko‘rib, “Ana go‘zallik! Ana obodlik! Mening davrim yomon ekan, sho‘ro davri yaxshi eka-a-an!” deb og‘zini ochib qolsin”, deya taklif qiladi bir arbob. “Yana bitta pioner qizni qo‘shaylik, – maslahat beradi rejissyor Gorchakov. – O‘sha qiz hammani tanqid qilib, sizlar bunaqa yashang, unaqa yashang, deb aql o‘rgatsin!” Lekin muallif bu takliflarni qabul qilmaydi.
Nihoyat, 1936 yili Gorchakov Satira teatrida “Ivan Vasilevich”ni sahnalashtiradi. Oqibatidan qo‘rqib, ko‘plab dialoglarni yumshatadi, Miloslavskiyni cho‘chqaga o‘xshash shalpangquloqli grim qildiradi. Taqdimot kuni firqa rahbarlari va boshqa arboblar teatr zaliga kirib xo‘mrayib o‘tirishadi. Asar tamom bo‘lgach, indamay turib chiqib ketishadi. Qo‘mitadan kelgan rahbar namoyishni to‘xtatishni talab qiladi. Uch yillik mehnat bir so‘z bilan yo‘qqa chiqadi.
Shundan keyin Bulgakovning boshqa teatrlardagi asarlariga ham hujum boshlanadi, natijada, adibning sog‘lig‘i izdan chiqadi. Uning so‘nggi qo‘lyozmalariga tomgan morfiy izlari haligacha saqlanib turibdi. Ko‘zlari xiralashib, buyrak kasali tobora kuchaygan adib “Usta va Margarita” romanini yakuniga yetkazishga ulguradi, xolos. U 1940 yili 49 yoshida Moskvada olamdan o‘tadi. Bulgakovdan roman, qissa, hikoya, pesa, stsenariy va librettolardan iborat adabiy meros qoldi.
Oradan yillar o‘tib, “Usta”ning barcha asarlari vaqt mashinasida kelajakka parvoz qila boshladi. 1973 yili kinorejissyor Leonid Gayday “Ivan Vasilevich” pesasi asosida “Ivan Vasilevich kasbini o‘zgartiradi” komediyasini suratga oldi. Asarning yozilganiga roppa-rosa qirq yil to‘lganda, kino xalqqa taqdim etildi. Gayday ba’zi bir epizodlarni o‘zgartirgan bo‘lsa-da, pesani to‘liq saqlab qola oldi. Shu yilning o‘zida filmni oltmish milliondan oshiq tomoshabin ko‘rdi, kinokartina juda katta mablag‘ yig‘di.

Tarjimon

“Jahon adabiyoti”, 2016 yil, 5-son