Jerar darsda o‘tirib zerikdi. Tashqarida sharros yomg‘ir yog‘ardi. Sinfda “O‘qish kitobi”dagi jonga tegib ketgan eski matnni o‘qishar, muallima gapining orasida bolalarga uning juda qiziqarli va hatto kulgili ekanini uqtirmoqchi bo‘lardi. Biroq hech kim, hatto o‘zi ham loaqal tishining oqini ko‘rsatmas edi.
Jerarning kitobi uzoq tutilganidan shalog‘i chiqib ketgan, sahifalariga aji-buji qilib yozib tashlangan edi. Kitobning hozir o‘qishayotgan betidagi satrlar orasida ko‘zga chalingan: “Agar zeriksang – kitob muqovasiga to‘kilgan siyoh dog‘ini o‘chirib tashla”, degan yozuvni Jerar bir amallab o‘qiy oldi. Kitob muqovasi qalin kartondan qoplangan bo‘lib, uning ichki tarafida chindanam kattakon siyoh dog‘i yaqqol ko‘zga tashlanardi, Jerar ana shu dog‘ni ehtiyotlik bilan shoshilmasdan qirishga kirishdi. Aslida bu dog‘ emas, yelim bilan yopishtirilgan qog‘oz parchasi ekan; uning tagida kaftdekkina chuqurcha ko‘rindi, chuqurchaning tubiga: “Shu yerga kichkina ko‘zgucha o‘rnat”, deya yozib qo‘yilgan ekan. Jerar shu yozuvni arang o‘qidi.
Muallima uning darsni tinglamayotganini payqab qolib:
– Biz qayerda to‘xtadik? – deb unga savol berdi.
Xayriyat, dars nihoyasiga yetgan ekan, shu chog‘ qo‘ng‘iroq jiringlab uni sharmandalikdan asrab qoldi. Quvonganidan uning chehrasi yorishib ketdi, bunga javoban muallimasi jilmayib qo‘ydi: har qalay, u shafqatli va mehribon muallima edi.
Uyga kelgach, u ko‘zgu izlab hammayoqni ag‘dar-to‘ntar qilib yubordi. Biroq topganlarining bari mo‘ljaldagidan biroz kattaroq yo kichikroq edi. Faqat bittasi, bir kuni oyisining sumkasida ko‘rgan kichkina ko‘zgu to‘g‘ri kelishi mumkin.
Kechki ovqatdan so‘ng, u aqlli bolalardek indamay uxlagani yotdi, onasi yonog‘idan o‘pib qo‘yish uchun tepasiga kelganida uning qulog‘iga shivirladi:
– Oyijon, iltimos, kichkina oynangizni berib turing!
– Oynani nima qilasan?
– Muallimamiz qandaydir tajriba o‘tkazmoqchi ekan.
– Hammaga oyna olib kelinglar, deb aytdimi?
– Yo‘q, hammaga emas, uyda o‘shanaqa oyna bor o‘quvchilarga.
– Xo‘p, yaxshi, eski sumkamni qarab ko‘rarman. Endi uxla!
Ertalab nonushta qilishayotgan paytda Jerar oyisidan so‘radi:
– Nima bo‘ldi oyi?
– Nima nima bo‘ldi?
– Esingizdan chiqdimi?
– Nima esimdan chiqadi?
– Oyna.
– Ha, esimdan chiqib ketibdi butunlay. Shunaqa shoshilinchmidi?
– Haddan tashqari!
Haqiqatan ham juda zarur edi,chunki darsda bugun ham “O‘qish kitobi”dan ancha-muncha lavha o‘qishlari kerak.
Jerarning qovoq-tumshug‘i osilib tushganini sezgan onasi: – Bo‘pti, manavini olaqol, – dedi uning ko‘nglini ko‘targan bo‘lib. – Faqat bitta shart bilan, bugunoq o‘zimga qaytarib berasan. Yana sindirib qo‘ymagin, biram nozik, o‘rganib qolganman judayam.
– Unaqada boshqa topib beraqoling.
– O‘tkazadigan tajribalaring shunaqa uzoq cho‘ziladimi? Nima qilmoqchisizlar o‘zi, tushuntiribroq gapir.
– Qaydam, muallimamiz hali aytganlari yo‘q, ammo keyin yana kerak bo‘lib qolsa-chi…
Ko‘zgu muqovadagi chuqurchaga loppa-loyiq keldi. Jerar oldida o‘tirgan bolaning orqasiga yashirinib olib, yuragi duk-duk urgancha o‘zining aksiga qaradi. Aksi sekin-sekin kichraya boshladi. Endi Jerar xuddi suvratdagidek boshini yaxlit ko‘rdi. Aksi kichraygandan kichrayib borardi. Nihoyat, u o‘zining bor bo‘yi bilan bog‘ o‘rtasida turganini ko‘rdi. Allaqanday bola yoniga yaqinlashib keldi-da, so‘z qotdi:
– Bu yoqqa, bu yoqqa o‘t.
– Qanaqa qilib o‘taman?
– Avval barmog‘ingni o‘tkaz… keyin boshqasini… bosgin, butun qo‘ling o‘tadi. Keyin tirsaging, yelkang… Ana endi boshingni engashtir… Narigi qo‘lingni, yelkangni… Endi gavdangni… Xo‘p, oyog‘ingni, qoyil.
Jerar quyosh nurlariga cho‘mgan bog‘da paydo bo‘ldi. Shalog‘i chiqqan eski kitobi maysalar ustida yotardi. Oynada o‘zining sinf partasida o‘tirganini ko‘rdi, faqat sinfdagi Jerar negadir shishadek shaffof edi.
– Endi esa sizlar o‘qiyotgan o‘sha sahifani och, ish degan mana bunday bo‘pti.
– Muallimamiz payqab qolsalar-chi?..
– Xotiring jam bo‘lsin, aksing javob berishga qodir.
– Sizlar bu yerda maktabga bormaysizlarmi?
– Shu yetmayotgandi! Bizni hayvonlar o‘qitadi.
– Nechtasizlar hammangiz?
– Hozircha o‘nta. Ana, qara, qolganlar ham kelishyapti. Mening ismim Leon, bu yerda tulporim bor, ana o‘sha bizga matematikani o‘rgatadi. Bu esa Klod, uning qarg‘asi bor, qarg‘a bizga geografiyadan dars beradi. Mana bu Pero, unga qarashli to‘ti bizga musiqani o‘rgatadi. Bu esa Gabriyel, uning tulkisi bizga bog‘dorchilikdan saboq beradi. Bu Barnabe, uning kaltakesagi bor, kaltakesak rasmdan dars o‘tadi. Mana bu Nikola, olmaxoni bor, gimnastikadan dars beradi. Bu esa Kloter, uning pingvini suzishdan saboq beradi. Bu Ogyust, uning bir uya asalarilari bor, ular geometriyadan dars o‘tishadi.
– Bundan chiqdi, sizlarda mashina haydash bilan televizor yasashga o‘rgatadigan muallim yo‘q ekan-da?
– Nima keragi bor buning? Sizlarni shunga o‘rgatishadimi sinfingizda?
– Yo‘q, lekin sizlarga qiziqroq bo‘larmidi demoqchiman-da…
– Bir gap aytaymi, biz endigina boshladik o‘qishni…
– Negadir uylaringiz ko‘rinmayapti?
– Uyning hojati yo‘q bu yerda. Istagan paytimizda o‘zimiz qurib olamiz.
– Qayerda yashaysiz?
– Qorong‘i tushganda uyga ketamiz.
– Tushunarli, demak, men ham…
– Bo‘lmasam-chi, sen ham uyingga ketasan. Sinfda qo‘ng‘iroq chalinganda, yana izingga qaytasan. Biz boqqa ona tili va adabiyot darsida kelamiz.
– Qayerda o‘qiysiz?
– Turli litsey va kollejlarda; tokaygacha bu davom etadi, chidab bo‘lmay qoldi-yu!
– Bu yerga qanday kelib qoldingiz?
– Eski “O‘qish kitobi” yordamida.
Ular ko‘lga borib qayiqda uchishdi, o‘sha yerda tulpor ularga ko‘l yoqasidagi qamishlarni qanday sanashni o‘rgatdi. Keyin birdan chiroq o‘chgandek tuyulib, Jerar yana sinfda, partada o‘tirgan holiga qaytdi…
– Oyi, oynangiz menda tursin, judayam zarur bo‘lyapti-da!
– Men nima qilaman?
– Usiz ham bemalol yurasiz-u!
– Bu nima deganing? Labimni qanaqa qilib bo‘yayman?
– Sizga boshqasini sovg‘a qilaman.
– Nega o‘zingga boshqasini sotib olmayapsan?
– Yaramay qolsa-chi u?
– Demak, tajribangiz muvaffaqiyatli o‘tibdi-da. Endi aytib bersang bo‘lardi.
– Qiyin ish. O‘zim ham hali ko‘p narsani tushunolmayapman. Tashvish qilmang, albatta, sotib olaman, to‘playotgan pullarimning hammasiga bo‘lsa ham olaman, mana ko‘rasiz…
– Bunday qilma, toychoqqinam, kerak emas, sen xursand bo‘lsang, bas…
– Lekin mening sizga sovg‘a qilgim kelayapti!
– Menga suvrat sovg‘a qilaqol.
– Xo‘p. Men sizga tulpor suvratini sovg‘a qilaman.
– Tavba, tajrabalaringiz qiziq ekan juda.
– Sizga manzur bo‘lganidan xursandman, oyi.
Ertasiga o‘rtoqlari Jerardan ularga biron-bir yangi narsani o‘rgata oladigan hayvon olib kelolmaysanmi, deb so‘rashdi.
– Olib kelishga olib kelardim-u lekin sinfga qanaqa qilib olib kiraman, mana shunisi qiyin…
– Mitti bir jonivorni topib, cho‘ntagingga solib kirsang-chi. Bizga mashina haydashni o‘rgatardi.
– Lekin qanaqa jonivorni keltiray?
– Bu o‘zingga havola. O‘ylab toparsan.
Ular qor bosgan tepalikka qarab ketishdi, o‘sha yerda qarg‘a Londondagi ulkan do‘konlar haqida gapirib berdi.
Kechasi Jerar tush ko‘rdi. Qarasa, janubga olib boradigan katta yo‘lda mashina o‘qdek uchib ketyapti-yu, unda o‘zi bilan birga kamdan-kam uchraydigan beozor yo‘lbars o‘tirgan emish.
– Ertaga men bilan birga ona tili va adabiyot darsiga kelolmaysizmi?
– Jonim bilan, lekin qanaqa qilib borishni bilmayman-da…
– Siz kitob varaqlari orasiga kirib oling.
– Darhaqiqat, darslikda ajoyib yo‘lbars surati bor ekan. Balki uni qirqib olish kerakdir? Yo‘q, u sirg‘alib sahifadan-sahifaga o‘tib boraveradi, nihoyat, so‘nggi varaqdan ham o‘tadi.
Jerarning yo‘lbars olib kelganini ko‘rib hammalari qoyil qolishdi.
– Biz endi aka-ukamiz, safimiz yanayam kengaymoqda.
– Sening sinfdoshlaring darsda zerikishmaydimi?
– Zerikishadi, bu yerga jon deb kelishgan bo‘lardi.
– U holda senga o‘xshab eski darslik topishsin – tamom-vassalom. Faqat siyoh dog‘ini eslatishni unutma!
– Hammalari borib qirmizi qoyalarga chiqishdi, o‘sha tepalikda suv qunduzi osma yo‘llarni qurish haqida tushuntirib berdi.
Oradan ko‘p o‘tmay Jerar o‘zining odobli va rangi tiniqib qolganiga hayron bo‘la boshlagan partadoshi Alberga hammasini gapirib berdi.
– Men darsda endi mutlaqo zerikmayman. Ochig‘ini aytsam, zo‘r yo‘lini topdim. Mo‘jiza deysan.
– Mo‘jiza, rostakam mo‘jizami?
– Ha, lekin buning uchun bitta eski darslik kerak.
– Otam hayotda olib bermaydi! Agar o‘zimnikini yo‘qotib qo‘ydim, desam kunimni ko‘rsatadi!
– Bilasanmi nima, yur, eski kitoblar sotadigan do‘konga boramiz. Yangi darslikka eskisini jon-jon deb almashtirib berishadi.
– Ular bir necha kun qidirishdi. Jerar har kuni uyga kech qaytar, xavotir olayotgan onasi ba’zan tashvishlanib uni savolga tutardi.
– Xayallading juda, qayerda eding?
– Maktabda.
– Shu paytgacha-ya?
– Darsdan keyin eski darslik qidirib do‘konga bordik.
– Yana kitob olmoqchimisan? Qiynab qo‘yasan-ku bunaqada, otangga nima deb tushuntiraman. O‘qituvchilaringiz o‘ylasa bo‘lardi ozgina.
– Yo‘q, kitob menga emas, bir sinfdoshimga kerak. U ham qatnashmoqchi bo‘layapti.
– Nihoyat, ular eski uylar o‘rnida qurilgan “Savdo markazi” yonidagi kichkina do‘konchadan izlagan kitoblarini topishdi. Muqovasiga siyoh to‘kilgan bir dasta 3- sinf darsligi taxlanib yotardi. Jerar kitoblarni sanab chiqdi. Sinfdoshlarining hammasiga yetar ekan, hatto bitta ortiqcha, bolalarning mashmashalariga go‘yo e’tibor bermayotgandek ko‘ringan do‘kondor, ular eski kitobga yangi kitobni almashtirasizmi, deb so‘rashganda bir nimalarni po‘ng‘illagan bo‘ldi-da, xiyol qizg‘ish qo‘llarini yap-yangi kitobga uzatdi. Alber bog‘dagi bolalarga televideniye faoliyatiga bag‘ishlab mashg‘ulot o‘tkazadigan ajabtovur Afrika filini olib kelishga muvaffaq bo‘ldi.
Ular changalzorga borib, to‘r belanchakda yotib dam olishdi, to‘tiqush esa ularga organ chalib turdi.
Ular qir-adirga borib uch g‘ildirakli velosipedda u yoqdan-bu yoqqa rosa uchishdi, o‘sha yerda tulki ko‘m-ko‘k lolalarni yetishtirishni o‘rgatdi.
Ular borib sohildagi qoyalarga chiqishdi, parashyutda sakrab mashg‘ulot o‘tkazishdi, kaltakesak esa ota-onalarining suvratini chizishga o‘rgatdi.
Kemabop yog‘ochlar olish mumkin qarag‘ayzorga borib, shoxdan-shoxga sakrab o‘ynaganlarida olmaxon pastlab uchish qoidalarini tushuntirib berdi.
Keyin Alp muzliklariga borib tog‘ yonbag‘irlarida rosa chang‘i uchishdi, pingvin neolit davri haqida yaratilgan diapozitivni ko‘rsatdi.
So‘ng Tinch okeaniga borib uzun qayiqlarda sayr qilishdi va tyulen bolalarni chig‘anoqlar bilan to‘la g‘orlarga olib bordi.
Tog‘ daralarida sharsharalarni kechib o‘tishdi, bolarilar ularga o‘ttiz olti perpendikulyar nazariyasini isbot qilib berishdi.
Sho‘r suvli ko‘lga borishganida, konkida uchib aylanishdi, yo‘lbars esa mashinada soatiga uch yuz kilometr yurishning sirlarini tushuntirib berdi.
Jerarning eng so‘nggi sinfdoshi teatr san’atidan saboq bera oladigan chumolixo‘rni yetaklab kelib bularga qo‘shilganda muallima sinf jimjit bo‘lib qolganidan taajjublandi va o‘quvchilarni birma-bir ko‘zdan kechirishga ahd qildi. Ana shunda ularning hammalari rangi xiyol tiniqib qolganini fahmladi.
U ko‘zlarim xiralashibdi, ko‘zoynak olishimga to‘g‘ri keladi, deb xayolidan o‘tkazdi.
Bu paytda Jerar o‘rtoqlari bilan ohang taratuvchi vulqon etagiga yig‘ilishgan edi.
– Muallimamiz nima qilayotgan ekan hozir? Ehtimol, juda o‘ksiyotgandir yolg‘iz qolgani uchun?!
Do‘kon yopilishi arafasida eng so‘nggi darslikni ham olishga muvaffaq bo‘lishdi. Uni bolalardan bitta-bitta yig‘ilgan markalarga almashtirishdi va tanaffus chog‘ida muallimalariga hadya qilishdi. Buning samarasi uzoq kuttirmadi.
Darhaqiqat, sinf haddan ziyod jimjit bo‘lib qolgandi. Muallima tojdor turna bilan ko‘zgu orqali o‘tdi. Turna hammaga soch turmaklash san’atini o‘rgatdi.
Ittifoqo bir kuni sinfga ta’lim-tarbiya ishlari bo‘yicha nazoratchi tashrif buyurdi. U barcha o‘quvchilar bilan birga muallimaning ham shaffof ko‘rinishiga ahamiyat bermadi, lekin ifodali o‘qish hamda muallimaning tushuntirishlari risoladagidek ekani, sinfda tartib-intizomning namunaliligini ko‘rib lol qoldi va o‘tirgan yerida o‘ziyam pinakka ketdi. Qo‘ng‘iroq jarangi uyg‘otib yuborganda sinfda bironta bola nurli ko‘rinmadi, oqibat nozir ovqatni me’yoridan ko‘proq tanovul qilib yuborganimdan bo‘lsa kerak, degan xulosaga keldi.
Muallima kun sayin yosharib borayotganga o‘xshardi. Bog‘da Robera degan begemot bolalarni she’rni ifodali o‘qishga shunaqayam hazil-huzul bilan o‘rgatar ediki, kula-kula o‘lasan. Ta’til payti kelganda, Jerar xo‘rsinishdan o‘zini tiyolmadi:
– Ana, xolos! O‘qishlar ham tugadi…
– Nima bo‘pti, maktabda zavqliroq emasmi?
– Hammasi bizning tajribamiz tufayli, oyi, o‘sha tufayli shunday bo‘ldi.
– Nazarimda, ta’lim ishlari yaxshi olib borilyapti, shekilli, oxirgi chorakda ranging kirib qolgani ham bejiz emas!
Rus tilidan Olim Otaxon tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2015 yil, 6-son