O‘quv dasturi
Keksa professorim hayotining so‘nggi darslari uning uyida, u mittigina hibiskus butasining pushti barglari to‘kilishini tomosha qilishi mumkin bo‘lgan kabinet derazasi yonida, haftada bir marta o‘tilardi. Sinf seshanba kunlari yig‘ilardi. Dars nonushtadan keyin boshlanardi. Fanimiz “Hayot mazmuni” deb atalardi. Unda professor boshdan kechirgan hayotiy saboqlar o‘qitilardi.
Baho qo‘yilmasdi, lekin har hafta og‘zaki imtihonlar olinardi. Sizdan savollarga javob berishingiz va o‘zingiz ham savollar tuzishingiz talab etilardi. O‘qtin-o‘qtin professorning boshini ko‘tarib, yostiqqa qulayroq joylashtirish yoki tushib ketgan ko‘zoynagini burnining ustiga yaxshiroq qo‘ndirish kabi jismoniy mashqlarni ham bajarishga to‘g‘ri kelardi. Xayrlashuv chog‘ida uni o‘pib qo‘yish orqali qo‘shimcha ball ishlab olish mumkin edi.
Hech qanday o‘quv qo‘llanmalaridan foydalanilmasa-da, muhabbat, ish, jamiyat, oila, keksayish, kechirimlilik va nihoyat, o‘lim kabi ko‘plab mavzular muhokama qilinardi. So‘nggi ma’ruza lo‘ndagina, bor-yo‘g‘i bir nechta so‘zdan iborat bo‘ldi.
Bitiruv oqshomi o‘rniga dafn marosimi o‘tkazildi.
Yakuniy nazorat imtihonlari olinmasa-da, berilgan saboqlar xususida uzun maqola yozish talab etilardi. Quyida o‘sha maqola bilan tanishasiz.
Keksa professorim hayotining so‘nggi darslarida bor-yo‘g‘i bir nafar talaba qatnashgandi.
O‘sha talaba men edim.
1979 yilning kech bahori, issiq va dim shanba oqshomi. Yuzlab talabalar bosh kampusning maysazoriga qator qilib terilgan yig‘ma yog‘och kursilarda yonma-yon o‘tiribmiz. Moviy neylon ridolarni kiyib olganmiz. Uzundan-uzoq nutqlarni sabrsizlik bilan tinglaymiz. Marosim yakunlangach, bosh kiyimlarimizni osmonga uloqtirishimiz bilan rasman oliygoh – Massachusets shtati Uoltham shahri Brandeys universitetining oxirgi bosqich bitiruvchilariga aylanamiz. Ko‘pchiligimiz uchun hozirgina bolalik davri o‘z nihoyasiga yetdi.
Marosimdan keyin sevimli professorim Morri Shvarsni topib, uni ota-onam bilan tanishtiraman. U, go‘yoki kuchli shamol istalgan paytda osmonga uchirib ketadigandek, mayda qadamlar bilan yuradigan kichik jussali kishi. Bitiruv oqshomi ridosida u injil payg‘ambari va Mavlud elfi qiyofalari qorishmasidan hosil bo‘lgan ko‘rinishda edi. Uning ko‘zlari ko‘kish-yashil rangda, siyraklashib borayotgan kumushrang sochlari peshonasiga tushib turar, quloqlari katta, burni uchburchak shaklga ega, tutam-tutam qoshlari esa oqara boshlagan. Tishlari egri, pastki tishlari, go‘yoki kimdir mushti bilan ularni ichkariga kirgizib yuborgandek orqa tomonga qiyshayganligiga qaramasdan, u kulganda, o‘zingizni unga yer yuzidagi ilk hazilni aytib bergandek his qilasiz.
U ota-onamga uning barcha darslariga qoldirmay qatnashganimni aytadi. “Ajoyib o‘g‘lingiz bor, boshqalarga o‘xshamaydi”, — deydi professorim ularga. Uyalganimdan yerga qarayman. Ketishimizdan oldin professorga atalgan sovg‘amni beraman: old tomoniga professor ism-sharifining bosh harflari tushirilgan jigarrang portfel. Sovg‘ani bir kun oldin savdo markazidan xarid qilganman. Professorni unutib yuborishni xohlamasdim. Balki u meni unutishini xohlamagandirman.
“Mich, sen yaxshi insonsan”, — deydi u, portfelni mamnuniyat bilan ko‘zdan kechirarkan. Keyin u meni bag‘riga bosadi. Belimda uning nimjon qo‘llarini his qilaman. Bo‘yim unikidan novcharoq bo‘lgani sababli u meni bag‘riga bosganda, o‘zimni g‘alati, undan kattaroq sezaman, go‘yoki men ota, u esa farzandimdek tuyuladi. U mendan xabarlashib turasanmi deb so‘raydi, men hech ikkilanmasdan: “Albatta”, — deb javob qaytaraman.
U orqaga tisarilganda, ko‘zlari yoshlanganini ko‘raman.
Kitobni to‘liq holda saqlab oling (kirill va lotin alifbosida)