Melis Abakirov. Qatag‘onda o‘tgan bolalik (hujjatli qissa)

Bolqor yozuvchisi Alim Teppeevga bag‘ishlanadi.
Muallif

«ShUMQADAM»

Tetapoya bo‘lgandan beri Alining esh tutgani-yu, bor dunyosi — bu uning ulug‘otasi — bobosi. Ulug‘otasining madori ham, bu dunyodagi ovunchog‘i ham, olti yashar nabirasi Ali. Uning yoshidagilar ertadan kechgacha oshiq otib, chillak o‘ynab ko‘cha changitishadi. Alining esa tarbiyasi boshqacha. Ovunchog‘i ham, o‘yini ham ulug‘otasi. Bobosining etagiga yopishgancha yonidan jilmaydi, qilgan yumushidan, bosgan-turganidan ko‘z uzmasdan ul-bul narsasini ushlashib, yonida yurgani-yurgan. Avaylab-asragan onasi, peshanasidan silab erkalatgan otasi bo‘lganmi yo yo‘qmi — eslay olmaydi. Fahmlagani buvisini es-es biladi va uning ham boshqalardaqa otasi ham, onasi ham bor. Buni bir marta o‘zlarining uyi yoniga o‘yin istab kelib qolgan undan yoshi kattaroq bir gala bolalar qurshab olib, so‘roqqa tutishganda bilib olgan.
— Isming Alimi? — dedi salobatlirog‘i.
— Ha, men Aliman.
— Sen afandi bilan yashaysanmi?
— Afandi-mafandingni bilmayman. Men ulug‘otam bilan yashayman.
— Tentak, bilsang o‘sha ulug‘otang — afandi. U yot unsur, — dedi salobatlirog‘i katta yoshdagi faollardan eshitgan so‘zini takrorlab.
— Onang qayerda ekanligini bilasanmi? — dedi yana biri.
— Bilmayman.
— Bilmasang, bilib ol, u — qochoq, qorachoylarga qochib ketgan.
— Otang qayda ekanligini bilasanmi?
— Bilmayman, — dedi Ali.
— Bilib ol, u ham qochoq, qochib ketgan svanlarga, — dedi tentak bola kattalardan eshitgan so‘zlarini aytib masxaralagandek.
— Yo‘qol bu yerdan, — dedi Ali yerdan mushtdek toshni shaxt bilan olib, shiddatli vajohati bilan. — Yo‘qol, boshingni yoraman. Yo‘qol bu yerdan!
— Bu yomonlik olib kelgan shumqadam bola. Yoniga bormanglar, kasofati uradi. Shumqadamdan qoching. Kettik, — dedi tentak dastyor bola.
“Shumqadam”, bu so‘zga tushunmadi Ali. Bobosiga kelib bolalardan eshitgan so‘zni so‘radi.
— Ulug‘ ota, bolalar meni shumqadam deyishdi. Shumqadam qanaqa bola?
— Kim aytdi uni? Qaysi tumshug‘i bilan suv ichgan hayvonning bolasi aytdi?! — deb xijolat tortdi ulug‘otasi.
— Men uning kim ekanligini bilmayman, — dedi Ali.
— Kim aytsa ham uning onasi — echki, otasi — hayvon.
— Ulug‘ ota, sizni afandi deyishdi, masxaralashdi.
— Bekorlarni beshtasini aytibdi o‘shalar. Afandi degani yaxshi so‘z. Bolalarga bilim beruvchi o‘qimishli odam. Hozirgi muallim degan so‘zni bildiradi, yaxshi bola, Ali. Yana nimalar deyishdi, o‘sha onasi — echki, otasi — hayvonning bolalari?
— Yana, onang — qochoq, qorachoylarga qochgan deyishdi. Yana otang ham qochoq deyishdi. Svanlar orasiga kirib ketgan, deyishdi.
Bobosining holi quridi. Nabirasiga aytilmagan sir edi bu hali. Aytmayman, es-hushini yig‘ib, yigit bo‘lgunga qadar, deb yurar edi. Mana endi, el og‘ziga elak tutib bo‘lmas, deganlaridek, sir oshkor bo‘ldi-qo‘ydi.
O‘g‘li Bilol — Alining otasi, ovulning ko‘rki bo‘lgan kelishgan yigit edi. Otga uchib mingan, ot yoliga yopishgan holda chopib borayotib otning tagidan aylanib o‘tib, yana egarga o‘tirib, hunar ko‘rsatgan haqiqiy tog‘ yigiti edi. Yigitlar bilan bahslashib qolsa, ikkala qo‘lida tik turgancha yuz qadam joyga qo‘li bilan yurib, borib kelar edi.
Yot to‘ylarda g‘ijjak ovoziga qo‘shilib, lezgin raqslariga o‘xshash “To‘g‘ri bosish” va “Islamey” raqslariga oyog‘i-oyog‘iga tegmasdan chir aylanib tushganida, boshqalar chetga chiqib: “Qars, Qars!” deb qichqirgancha, qarsak chalishib, o‘rtaga olishar edi. Mana shu o‘g‘li ovuldagi badavlat—avlodi tog‘ biyi bo‘lib yurgan Qulibekning qizi Zulixatni olib qochgancha, g‘oyib bo‘ldi. O‘shanda qandaygina janjallar bo‘lmadi deysiz. Qaynotasi Qulibek ham, qudalashib gaplashib yurgan oqsuyak yigiti Zaurbek ham yigitlarni to‘plab, ortidan quvib topisha olmadi. Bilol bo‘lsa, Ming-Tog‘ning faqat ovchilar bora oladigan bir darasida, g‘orda berkinib yashab, kelin homilador bo‘lib qolgan paytda qaytib keldi. Qancha martalab: “Bo‘lar ish bo‘ldi, o‘ldirsangiz mana o‘g‘lim, yo‘q, nabirani omon asrab olaylik desalaringiz, kelin bizniki bo‘lsin” — deb sovg‘a-salomlar berib yurib, adovatni zo‘rg‘a bosti-bosti qilishgan. Ali tug‘ilgandan keyin olti oy o‘tmasdan kelinchak, zo‘rlikka odam ko‘narmidi, farzandiga ham qaramasdan, uni — Alini beshikka belagan bo‘yicha tashlab, qorong‘u tunda Zaurbek bilan Qizil-Er — qorachoylarga qochib ketishdi. Olti oylik Alining buvisi, u paytlar tirik edi. Soniyat echki suti bilan katta qildi. Nomusidan kuyib kul bo‘lgan Bilol ovulga ham, Bolqorga ham sig‘masdan, Svanetiyaga bosh olib ketib, u yerdan nari uch yildan keyin urush boshlangach, Qizil Armiya safiga kirganini ma’lum qilgan. O‘sha bo‘yicha daragi yo‘q. Qabarda bilan Bolqorni fashistlar bosib olishganda Zaurbek Nalchikda nemislarga xizmat qilib yuribdi, Zulixat esa zobitning xotini bo‘lib gerdayib, odamni mensimaydi, deb shaharga qatnagan ayrim odamlar gap qilib yurishdi. Temir yo‘ldan olisdagi dara ichidagi ovulga fashistlar kelgani ham yo‘q. Ularning zo‘ravonliklari haqida eshitib, kalima keltirishib, Olloh o‘zing saqlagin, deb panoh tilab yurishdi ovuldagilar. Tirikchilik esa urush-purushi bilan chatog‘i yo‘q, o‘z maromida o‘ta berdi. Kuni bitganlar o‘qsiz ham bu dunyo bilan vidolashaverdi. Alining buvisi ham Ali to‘rt yoshga chiqqanda, nasibasi bitgan ekan, nabirasini bobosiga yolg‘iz tashlab keta berdi. Ovuldagi og‘zi bo‘shlarning Alini “shumqadam bola chiqdi” degan visir-visir gaplarini yosh-yalang eshitmaydi, deb kim aytadi. Endi bu gap nabirasining qulog‘iga yetganidan bobo xomush tortdi.
— Yaxshi, bolam, — dedi ulug‘otasi unga, — sen o‘ynab suvga siyadigan yomon, ahmoq bolalar bilan o‘ynama. Ular qayoqdagi bo‘lmag‘ur so‘zlarni bolalarcha aytaverishadi. Sen esa aqlli bolasan. Hammasini tushunasan. Esingda bo‘lsin, u qulog‘ingdan kirib, bu qulog‘ingdan chiqib ketmasin tag‘in! Sen qadami qutlug‘ bolasan. Chunki seni bizga Olloh bizning avlodimizni — O‘razboyning naslini davom ettirsin, deb ataylab yuborgan. Seni Ming Tog‘ning cho‘qqisida yaralishingning o‘zida bir xislat bor. Sen sevgidan emas, yulduzlarning shu’lasidan yaralgansan. Sen bir hovuch molqor xalqini bittaga ko‘paytirgan qadami qutlug‘ bolasan. Buni hech qachon unutmagin. Unutmaysanmi, o‘g‘lim!
— Unutmayman, ulug‘ota.

ULUG‘OTANING TA’LIMI

Tog‘ orasidagi dara to‘rida kichkinagina qishloqning boshlanishida qoyali toshlarga qadab solingan, tagi tosh bilan bir xilda ko‘tarilgan, ayvoni naqshinkor ustunlar bilan bezatilgan ulkan yog‘och uyda Ali esini taniganidan buyon ulug‘otasi — bobosining aytganlarini chala-chulpa tushunib, o‘zining ko‘rganlarini bolalarcha soddalik bilan anglay boshlabdiki, faqat ikkisigina birga yashaydi. Uy ichini supurib-sidirgan ham, kir-chirlarni yuvgan ham, hattoki sigir sog‘ib, ertalabki sutini kuvda pishib, pishloq yasagan, kechki sutni pishirib, ayron ivitgan, tovada xichin, qozonda sho‘rva pishirgan ham — bobosi. Aqlini tanigandan buyon g‘aroyib ertak va afsonalarni, xalq o‘lanlarini o‘rgatib, oz-ozdan bo‘lsa ham qalbinga jo qil degandek bolaning xotirasiga quydi.
Ulug‘otasi Mahmud oddiy kishi emasligini Ali fahmlaydi. Goho qo‘li ishdan bo‘shab qolganda yoki nabirasini uxlatgandan keyin tokchada turgan ikkita yigirmatalik, muqovalari eskirgan, qog‘ozlari sarg‘aya boshlagan, ayrimlari arab harflari bilan yozilgan kitoblarining birini olib o‘qib qolar edi. Ali bobosining tarjimai holini hozircha bilmaydi, uni ulug‘otasining o‘zi ham aytganicha yo‘q hali.
Bobosi Mahmudni Ali ugina emas, uning otasi Bilol bu yorug‘ dunyoga kelmasdan yarim asr burun, buvasi: “Barcha O‘razboy avlodi bolta-tesha bilangina kun ko‘radimi, tog‘ biylarining bolalaridek ko‘zi ochilib, qog‘oz-qalam ushlab, katta jamoaga aralashsin” degan istak bilan madrasaga berib, bilimli qilganini, bobosi hududda tanho bo‘lgan musulmon maktabida mudarris — muallim bo‘lib ishlaganini, sho‘ro hukumati o‘rnatilgandan keyin likbezda katta yoshdagi odamlarning savodini chiqarganini, ovullarda yoppasiga ochilgan qizil maktablarda bolalarga dars berganini, diniy maktabda bilim olgan mudarris sifatida qizil maktabdan haydalganini, O‘razboy naslining taqdiriga bitilganmi, harqalay yana ota-bobolaridek yog‘ochsoz bo‘lib kolxozda ishlaganini, nemislar bosib olganida kolxozi ham tarqalib, yakka xo‘jalik bo‘lib vaqt o‘tkazib yurganini norasida bola qayoqdan bilsin.
Bobosining ta’limi soddagina, doimo nabirasiga so‘zlab berishni yoqtiradi. Ali ham quloq solib eshitaveradi. Birini tushunadi, birini taxmin qiladi, biroq bolaga o‘xshab, u nima deb so‘ramaydi, so‘rasa anqov demasin, degandek. Odamni odam qilib hayvonlardan farqlagan narsa mehnat, undan so‘ng esa hunar, deydi bobosi. Mehnat qilmagan jonzotning o‘zi yo‘q, g‘imirlagan chumoli ham erta tongdan to kechgacha ishlaydi, ishlamasa hayot tamom bo‘ladi. Odamning ulardan farqi —mehnat bilan hunarni uyg‘unlashtirganida. Hunar bilim bilan keladi. Bilim esa ko‘p o‘qigandagina paydo bo‘ladi. Shuning uchun inson barcha mavjudotdan yuqori, ularga xo‘jayin. Mehnat bilan hunar odamning taqdiri bilan birga yaralgan, uning peshanasiga yozilgan. Ali ulug‘otasining aytganlarini qalbida saqlashga harakat qiladi.
Mehnat bilan hunar, bilim ulug‘otaning takrorlagan so‘zlari. Bajargan ishlari ham aytganlarining isboti misol. Ovuldagi uylarning hovlisidagi supalarning bezakli yog‘ochlari, eshik-derazalari, o‘ymakor darvozalar, yog‘ochdan yasalgan uy jihozlari: pastak xontaxtalar bilan o‘tirg‘ichlar, sirli kosalar bilan yog‘och qoshiq-cho‘michlar, yog‘och kuvlar, ravon tebrangan beshiklar, chig‘iriqli duklar ulug‘otasining qo‘li bilan yaratilgan edi. Ovuldagilargina emas, qo‘shni ovuldagilar ham o‘rikdan yasalgan buyumlarga sovg‘a-salomlar berib, haqqini to‘lashib, xaridor bo‘lishar edi. “Ustoz — afandi o‘g‘il ko‘rgan edim, duoingiz tegsin, siz yasagan beshikda chaqaloq miriqib uxlab, tez ulg‘ayadi deyishadi, bitta beshik yasab bersangiz” deb qanchalari kelishmadi. Bunaqa paytda hech ham yo‘q demaydi.”Bolqorlar yana bittaga ko‘payibdi, yigit bo‘lib ulg‘aysin”, — deydi. Ulug‘otasi bunday buyumlarni yetti o‘lchab, bir kesib degandek, takror-takror ko‘z bilan chamalab, o‘yib-yo‘nib, oshiqmasdan qiyomiga yetkazar edi.
Huv yoshligidan, madrasada o‘qigan paytidan odat bo‘lib qolganligi boisidan emas, shaxsiy e’tiqodida pokizalikning, tani-sihatlikning, to‘g‘ri fikrlashning va o‘ylashning eng sodda, oddiygina yo‘li deb tushungan ustoz-afandi, obdastasidan suv aritmasdan, tahorat olib, besh vaqt namoz o‘qir edi. Gard yuqtirmasdan pokiza yurgan, boshqalardek bo‘lib soqol-mo‘ylovini o‘stirmasdan, damba-dam tekislab, mo‘ylov bilan soqolni odamning ko‘rki deb hisoblagan bu taqvodor, sipo yurgan, og‘zidan biror marta haqorat so‘z chiqmagan, ovozi ham havodek yoqimli, gapirsa buloq suvidek shildirab turgan bu usta-afandini obro‘li qariyalar yoshlari katta bo‘lishlariga qaramasdan qadrlaganlarini bildirib, egilib salom berishsa, qishloq faollari, komsomollar mulla, ko‘pchilikdan bo‘lingan yot unsur degandek muomala qilishib, gaplashish emas, hatto, salomlashishdan qochgan paytlar ham bo‘lgan.
“Har bir davrning, har bir hokimiyatning o‘z xususiyati bor. Yaxshiligi bilan yomonligi bor. Odamgarchilik hammasidan ustun turadi. Uni yo‘qotgan odam tumshug‘i bilan suv ichgan hayvondan farqi yo‘q”, — deb qo‘yardi har zamonda.
Ba’zan kayfiyati chog‘, yasagan buyumi bejirim chiqib, o‘ziga ham yoqib qolganda, hordiq chiqarib o‘tirib, she’r kitoblardan, ko‘pincha o‘zi ko‘chirib olgan, yo eshitganini yozib qo‘ygan qalin muqovali qora daftarini ochib, arab harflari bilan sadafdek tizilib, chiroyli yozilgan she’rlarni o‘qib berar edi nabirasi Aliga.
Bu she’r bolqor deb tug‘ilib, bolqor deb yashagan, elim deb kuyib-yongan, bolqor elining faxri Qiyazim Michevning she’ri. Tingla:

“Maqtanmang, tog‘ biylari va boylari,
Sizlar ham biz kabi Xudo bandasi.
Abadiy bu dunyoda yashamas hech kim,
Bu — haqiqat, bilasiz-u tonasiz.

Qolmas boylik, qolgan emas mansab ham,
Qanchalik urinmang, aslo qolmagay!
Qolsa qoladi, ortingdan yakka-yu yolg‘iz
Qilgan yaxshiliging — elimga degan”.

Alining, olti yashar nabirasining, iyaklariga ikki kaftini tirab olib tinglayotganiga Mahmudning ko‘ngli tog‘dek ko‘tarilardi, xuddi Ali uning butun fikrini tushunib turgandek.
— Durust aytgan-a? — Nabirasidan so‘rab qo‘yadi. Boshi bilan tasdiqlaydi nabirasi.
— Durustgina emas, eng zo‘r aytgan. Biroq, mana bu she’rni kim aytganini bilmayman.
Lekin buni ham Qiyazimdek bolqor deb kuyib-yongan bolqor yozgan. Tingla, yo‘q tinglabgina qolma, miyaga o‘rnab qolsin. Uxlasang ham unutma. Dilingda takrorla.

Jafoda eling qolganda,
Tilingni kesib olganda,
So‘nggi bora ayta ket,
Molqorli tilda — Bolqorda.
Ko‘hiqofda yurting qolganda,
Ko‘zingni o‘yib olganda,
Qorachiqda ketsin xat bo‘lib,
Ming-Tog‘ning tagi — Bolqorda.

Bu she’rni daftardan o‘qimaydi ulug‘otasi. Uni negadir yoddan aytadi. Ovozi ham boshqacha, tovushi ham qaltirab ketadi. Boshqa qancha-qancha she’rlarni kitoblardan o‘qigandan keyin ham takrorlaydi bu she’rni. Gohida ulug‘otasining ko‘zlarida yosh yiltillaganini fahmlaydi Ali. Ichida esa Qiyazimdek bolqor deb kuyib-yongan bolqor kim ekan?! Balkim u ulug‘otasining o‘zi bo‘lmasin deb ham shubhalanar edi Ali. So‘ramoqchi ham bo‘ladi, lekin kim yozganini bilmayman, deb aytmabmidi, deb tortinadi ham.
— Ulug‘ota, bolqorlar juda ham ko‘pmi? Kim yozgani noma’lum bo‘lsa?
— Bolqorlarmi? Ko‘p ham, oz ham.
— Qanday qilib, — deb so‘raydi Ali.
— Ko‘p ekanligi, Odam Ato bilan Momo Havodan beri yashab kelayotganligi. Juda ham ko‘p. Juda ham ozligi, biz qabardalardan bir necha marta ozmiz, avarlardan hiyla ozmiz, svanlardan hisobsiz ozmiz, chechenlardan cheksiz ozmiz. Juda ham ozmiz.
— Unda qancha?
— Beshta o‘n ming — ellik ming…
— O‘h-o‘, juda ham ko‘p ekanmiz-ku.
— Ko‘pmiz, to‘kilib-sochilmasak, ko‘pmiz, yaxshi o‘g‘lim, ko‘pmiz..
— Hammasidan ko‘p kim!
— Hammasidanmi? Hammasidan ko‘p yulduzlar, o‘g‘lim, yulduzlar…
Uyqu oldidan ba’zan o‘yga botadi Ali: “O‘h-xo‘, biz bolqorlar qanchalik ko‘pmiz; sanasang adog‘iga yetolmaysan. Qachon men shuncha bolqorni ko‘rib chiqa olaman, sanaguncha o‘zi qancha kunlar o‘tadi? Qancha kun ketar ekan-a?..”
— Ulug‘ota, uyqu kelmayapti.
— Kelmasa chaqir, o‘g‘lim, dovon oshib ketmasin tag‘in.
— Qichqirsam ovozim yetmay-ku.
— Sen qichqirma, o‘g‘lim, ohistagina shivirla. Undan iltimos qil.

Uyqu, uyqujon, shirinsan muncha,
Shirinsan sen boldan ham.
Erta yotib, turaman erta.

Kulgi bo‘lmay do‘stlarga, — deb so‘ra. — So‘ngra ichingda ikkita yigirmagacha sana. Uyqu qaytib kelib, seni tebratadi. “Erta turgan kishining o‘ynoqi oti qulun ergashtirib keladi”. Kun chiqqunga qadar uxlasang, rizqingdan quruq qolasan. Uxla, shirin bolam, uxla.
Ali darrov uxlay olmaydi. U ulug‘otasi aytgan hammasidan ko‘p yulduzlar nechta ekan, deb tubsiz o‘yga cho‘madi.

STUDEBEKERLAR

Tanklar! Tanklar!
Ko‘chaning chekkasidan, tuman markaziga qarab ketgan yo‘l tomondan, jilg‘a kengayib, shudgor boshlangan vodiydan qishloqqa tomon jilib kelayotgan sharpalarni ko‘rib qolgan bolalar qichqirishmoqda edi.
Rais Ramazon-partizanning taklifi bo‘yicha 8-Mart — Xalqaro xotin-qizlar bayramini nishonlash uchun yig‘ilganlarning kayflari boshidan uchdi. Biroq, tezda hushlariga kelishib, o‘zlarini o‘nglab olishdi. Axir, fashistlarni o‘tgan yilning kuzidayoq, oktyabr oyida Qabarda Bolqordan butunlay quvib chiqib, hatto, hozir ularni qahramon Qizil Armiya o‘z uyasida yanchayotganini rayondagi radiodan eshitganlar aytib kelishayapti-ku. Fashistlar bolqorlarni ikki yilga yaqin qamalda ushlashganda ham bu qishloqqa tanklar kelmaganini hamma yaxshi biladi. Faqat qariyalarigina qolgan qirq-ellikta oiladan iborat, partizanlari yo‘q bu qishloqqa bosqinchilar ham ikki yilga yaqin kelgan emas. Na harbiy, na strategik ahamiyatga ega bo‘lmagan qishloq sifatida unga tegishmagan. Endi yana boshqatdan kolxoz deb atalgan, eski chalasavod faol Ramazon-partizan rais bo‘lib tirikchilik qila boshlaganlariga yarim yil bo‘lmasdan, bahorgi shudgorlashga tayyorgarlik ko‘rishayotgan bir payt qayoqdagi “tanklar” deb hayron bo‘lishdi katta yoshdagilar ham.
— Ha, bular — sudabekerlar, ya’ni mashinalar ekan-ku. Do‘st sifatida Amerikaning SSSRga bergan yordami, — dedi Ramazon-partizan rais. — Urug‘lik don olib kelayapti bizga, — deb qo‘shimchalab ham qo‘ydi.
— Oldingisida to‘la miltiqli askarlar o‘tirganga o‘xshayapti, — dedi birov.
— Don olib kelayotgan bo‘lgandan keyin, qo‘riqlab olib keladi-da, — dedi Ramazon faol. — Qarshilab kutib olinglar, bolalar, “uraa”lab, — deb qo‘shimchalab qo‘ydi.
Bolalar g‘izzillagancha chopib ketishdi “uraa”lab, qarshilagani.
— Uraa! Uraa! Bizning Qizil Armiya!
— Yashasin, Qizil Armiya!
— Yashasin, sudabekerlar! Sudabekerlar yashasin!
— Tumshug‘i tankka o‘xshar ekan-a!
— Yo‘q, tumshug‘i zotdor buqaday ekan!
— Vuy, g‘ildiragi o‘n ikkita ekan!
Bolalar poychalarigacha loyga botishib, bahorgi botqoq yo‘lda gurillagancha loy sachratib kelayotgan avtomashinalarni qarshilab chopib ketishdi. Qishloqning chekkasiga to‘xtagan “Studebekerlar” to‘rtta ekan. Oldingisida, borti baland avtomashinada, bolalar ba’zan rayondan qishloqqa minib kelib qolishganda ko‘rib yurishgan polutorka — “zis”ga nisbatan buzoqning yonidagi buqaday ko‘ringan “Studebeker”da saflanib tizilib o‘tirishgan, karabinlarining nayzalarini chiqarib olishgan yigirmatacha askarni ko‘rishdi. Kabinadan kalta oq tunli zobit chiqa solib, bolalarga ruschalab qichqirdi:
— Orqaga! Otaman, orqaga! — deb kamaridagi g‘ilofdan to‘p-ponchasini olib, osmonga qaratib, “tars” degizib otib yubordi.
“Uraa”lab qichqirib borgan bolalar vozillagancha ortga burilib, loy sachratishgancha, sayg‘oq chaqqan buzoqdan ham battar chopag‘on bo‘lishib, yo‘l o‘rtasida turishgan kattalardan madad kutishgandek, ularning orasiga kirib ketishdi. To‘rtta askarni yo‘lning oxirida qoldirib, qolganlarini safga tizib olib komandir to‘planishgancha qo‘rqib-pusib turgan kattalarning yoniga keldi.
— Kto starshiy?! (Kattalaring kim?!) — dedi rus komandir.
— Ya, yest predsedatel kolxoz, — dedi g‘o‘ldiragan Ramazon-partizan,
— Prikaz! Ot imeni Verxovnogo glavnokomanduyuщego, velikogo Stalina! (Buyruq! Oliy Bosh qo‘mondon, ulug‘ Stalin nomidan!) — Va ruschalab davom etdi: — Bugundan e’tiboran, shu soatdan boshlab, hamma bolqorlar deportatsiya qilinadi. Birorta odam, bola ham qishloqdan chiqarilmaydi. Qochishga harakat qilsangiz, menga berilgan buyruqqa binoan ottirib yuboraman: katta sifatida siz hammaga tushuntiring. Ikki soatga yengil-elpi buyumlaringizni hamda hujjatlaringizni olib chiqishga ruxsat beraman, ikki soatdan keyin birorta odam qolmasdan, hamma mashinaga o‘tiradi. Bu deportatsiya degani, tushundilaringizmi?! — dedi komandir.
“Deportatsiya” nima ekanligini Ramazon-partizan raisdan tortib hech kim tushungani yo‘q. U komandirga:
— Ya ne ponimayu, chto yest doportatsiya, — dedi.
— Deportatsiya — eto prikaz! — dedi komandir.
— Ramazon-partizan rais ham, uning yonida turganlar ham tushunishgani yo‘q bu so‘zni. Ko‘pchilikning yig‘ilganini ko‘rib, qishloqning chetidan haligina nabirasi Alini yetaklib kelgan Mahmud — afandiga mo‘ltirab tikilgancha, Ramazon-partizan rais unga murojaat qildi:
— Muhtaram afandi, bu ulug‘ so‘zni siz tushuntirib bersangiz, biz eshitmagan ekanmiz.
— Bu ulug‘ so‘z emas, Ramazon-partizan rais, bu katta qiyomat degan so‘z. Qatag‘on surgun, o‘z yeridan badarg‘a qilinmoq degan so‘z, xaloyiq.
Chuvillab yubordi ko‘pchilik.
— Prekratit agitatsiyu, starik! (To‘xtat tashviqotingni, hoy chol!) — dedi komandir Mahmud afandiga tikilib.
— Izvinite, ya tolko perevyol na rodnoy yazыk slova “deportatsiya” (men ona tilimda deportatsiya degan so‘zning tarjimasini aytdim), — dedi rus tilida dona-dona qilib Mahmud afandi.
— Roppa-rosa ikki soatdan keyin hammangiz yo‘lga kerakli buyumlaringiz bilan shu yerning o‘zida to‘planasiz. Eslatib qo‘yay, hamma uyni tintib chiqamiz! Yashirinib olaman yoki qochib ketaman, deb xayolingizga ham keltirmang. Agarda birorta odam yashirinsa yo qochsa, sen, kolxozning raisi javob berasan, otilasan. Ikki soatdan keyin hammaning shu yerda bo‘lishini ta’minlaysan, — dedi komandir Ramazon-partizan raisga. Keyin askarlarni ajratib yo‘lning boshiga, tashqi tomonlarga soqchi qo‘ydi.
Mol-hol, uy-joylar nima bo‘ladi, degan o‘y-xayollarga kelmasdan, har kim zarur buyumlarini to‘plab, qopga solib, matolarga tugib, chamadonlarga tiqqancha shoshardi. Ikki soatdan keyin bola-chaqadan tortib, har biri yelkalarida o‘tin ko‘targandek buyumlari solingan bog‘lamlarni, qoplarni ko‘tarib, qo‘llarida chamadonlari va xurjunlarini ushlagancha, “Studebekerlar”ga tiqilib chiqa boshlashdi, go‘yo qolib ketsa otib tashlashadigandek. To‘la tiqishtirib yuk yuklagandek to‘rtta “Studebeker” — ortiqcha yuklangan og‘ir yukni tortishga qiynalib, go‘yo qishloq bilan xayrlashayotgandek, uvillab, gurillab yo‘lga tushdi.
— Alvido, alvido, kindik qonim to‘kilgan zamin, ajdodlarim qabrlari. Qaytib kelamizmi, kelmaymizmi, hokimiz qo‘yiladimi, qo‘yilmaydimi, yaxshi qolinglar, yaxshi qolinglar, — dedi Mahmud afandi imom azon aytayotgandek ovozini cho‘zib va mungli ohangda.
Bu nidodan xotin-xalaj va bola-chaqa uvvos solib yig‘lab yubordi. Ularning uniga “Studebeker”larning uvillagan ovozi jo‘r bo‘lib, adog‘i yo‘q temir yo‘lga tomon olib ketardi.

YuK VAGONI BILAN

Mahmud afandining: “Alvido, alvido, kindik qonim to‘kilgan ona zamin. Qaytib kelamizmi, kelamaymizmi ajdodlarimiz mozorlariga, birgina Ollohga ayondir”, — deb aytgan so‘zlariga qariyalar bir uvvos solib olishgandan keyin har kim o‘zi haqida qayg‘urib, o‘z tugunlarini ehtiyotlab, atrofiga jamlab, o‘ziga qarashli odamga yaqinlashib, avtomashina kuzovi poliga o‘tirib olgach, har qanday sharoitda ham yashash zarurligi haqida o‘ylab, ma’yus tortishdi. Endi ularni qo‘riqlab borayotgan askarlar ularga ham buyruq berib yurgan komandir aytgan tomonga yurib, aytganini bajarishga majbur ekanliklarini his qila boshlashdi.
Ali ham hurpayib qo‘rqqani bilan, qishloqdan bir qadam bir yoqqa chiqmagani uchunmi yoki yoshligidan har narsani bilishga qiziquvchanligidanmi, “Studebeker”ga chiqqandan buyon boshqa noma’lum narsalarni ko‘raman, degan qiziqishi unga tinchlik bermasdi. Ulug‘otasining qo‘ltig‘idan boshini chiqarib, yog‘och bort tirqishidan atrofni tomosha qilib borar edi. Qoyali tog‘, dara, keyin pastlaganda u yer-bu yerida qor yotgan adirlargina ko‘rinadi. Ko‘p vaqt o‘tmasdan oqshom tushib, bahorning mayin yeli yuz-betlarni chimchilay boshladi. Bir zumda atrof qop-qorong‘i bo‘lib, mashina chiroqlarining yorug‘i dam baland, dam past bo‘lib borar edi. Bahor havosi ekanligidanmi, osmonda yulduzlar ham bedarak.
— Nalchikka keldik shekilli, — dedi bir payt ulug‘otasi har-har yerda elektr chiroqlari yonib turgan ikki qavatli binolari bor ko‘chadan o‘tayotganda. “Studebeker”lar to‘xtagan paytda, chor atrofni qarab, hamma bilsin degandek: — Temir yo‘l vokzaliga keldik. Vagonlarga chiqaradi shekilli, — dedi.
Bir pas jim qolishdi. Askarlar hech kimni yerga tushgani qo‘ymadi. Kabinadan tushgan komandir vokzal ichiga kirib ketgancha uzoq vaqt ko‘rinmadi.
— Ulug‘ota, qovig‘im to‘lib ketdi, — dedi Ali ulug‘otasiga shivirlab.
— Chida, esli bolam, chida, — dedi ulug‘otasi. So‘ng hamma eshitsin degandek ovozini balandroq ko‘tarib qo‘shimcha qildik: Hammasiga chidashga o‘rganing! Biz endi o‘zimizga o‘zimiz xo‘jayin emasmiz. Erkimiz qo‘limizda emas. Biz qatag‘on qilingan, surgunga haydal-ganlardanmiz. Boshga ne tushsa, chidashga majburmiz, birodarlar.
Komandir kelib oldidagi mashinaga o‘tirishi bilan “Studebeker”lar perron bilan yonma-yon ketgan temir yo‘lda to‘xtatib qo‘yilgan yuk tashuvchi vagonlar ulanib turgan yerga kelib to‘xtadi.
— Hamma tushsin, — dedi kabinadan chiqib komandir. — Soqchilar, o‘n qadam nari borib postga turing! Hech kim hech qayoqqa jilmaydi! Sizlar bo‘lsa, bo‘shanib olinglar, hojatxona yo‘q bu yerda. Ochiq yerga-ochiqchasiga o‘tira beringlar. Vagonlarda ham yo‘q. Ertaga saharlab dalada to‘xtagunga qadar birato‘la bo‘shanib olinglar, vagonlar ichini iflos qilmaslik uchun. Besh daqiqa muhlat, kimda kim o‘n qadamdan nari borsa, dezertir sifatida otiladi.
Bu dastlabki sharmandalik, mislsiz xo‘rlik edi. Chollar, yigitlar bilan o‘spirinlar, ko‘pchilik xotin-qizlar bilan kampirlar qanday qilib besh-olti odim yerda, qorong‘u bo‘lsa ham, qanday qilib hojatlarini yozadi? Hech kim o‘rnidan jilmasdan, hamma tosh qotib turar edi.
— Birodarlar, — dedi Mahmud afandi qondoshlariga yo‘l ko‘rsatgandek, — komandir sahargacha hojatxona yo‘q va bo‘lmaydi ham dedi. Shuning uchun, shariatning yo‘lini bilgan, musulmoncha o‘qigan mudarris sifatida aytamanki, hadislarda har bir musulmon bandasiga, erkakmi u — ayol ekanligiga qaramasdan, zahar tang qilib, iloji yo‘q paytlarda tahoratni buzishga izn beriladi. Bu — katta gunoh emas. Chorasizlikdan majbur bo‘lindi, deb talqin qilinadi. Zaifalar nariroq, erkaklar esa bundayroq jilib borib, katta hojatdan bo‘shanib olinglar.
Bu so‘zlar hammani hushiga keltirgandek bo‘ldi. Asta-sekin to‘p-to‘p bo‘lib bo‘linib ketishdi. Bu — or-nomus toptalgan ilk ko‘rgulik edi.
— Har bir vagonga ellik kishidan — birinchi-ikkinchi mashinada o‘tirib kelganlar bitta vagonga, uchinchi-to‘rtinchi mashinada olib kelinganlar bitta vagonga chiqinglar, — deb komandir farmoyish berar ekan, vagonlarning katta kishining ko‘kragi sathidan darvoza kabi katta eshiklarini askarlarga ochdirib, har bir vagondan mixlangan ikkita taxtani zina sifatida tushirtirib, suyab qo‘ydirdi. — Cuxoy payoklaringni hamda qaynoq suvni ertalab beramiz, — deb qo‘shib qo‘ydi komandir.
Vagon ichiga kirilgandan keyin eshik tashqaridan sharaq ettirib surilib yopildi va qulf solinayotgani ichkaridagilarga eshitilib turdi.
— Mahmud afandi, siz ko‘zi ochiq, ko‘pni ko‘rgan odamsiz, bizni qayoqqa olib borishadi? — deb so‘radi katta yoshdagilarning eng qarisi Quli qariya.
— Jonim yoshulli, men ham ko‘p narsani bila olmay qoldim. Men ham ko‘zi so‘qir, qalbi zil bandaman, hozir, — dedi Mahmud afandi.
— Haligina siz, afandim, qishloqdan chiqar paytda, komandirning ruscha so‘zini tushuntirib edingiz-ku, — dedi Quli qariya takroran. U Mahmud afandidan aniqroq ma’lumot olishni, iliqroq gap eshitishni istayotgan edi.
— Yoshulli, men deportatsiya so‘zini molqorcha aytib berdim. Eshitdinglar. Bu degani Vatanni tashlab qatag‘on qilinish, surgunga haydalish degan ma’noni anglatadi. Surgunga esa qayoqqa haydashlarini siz ham bilasiz, yoshulli, — dedi Mahmud afandi.
Bilishga-ku bilamiz, afandim. Oq podsho davrida abirayeglar, keyin qo‘zg‘olonchilar Shiberga haydalar edi. Zamon o‘zgarganmi, afandim?! Sho‘ro hukumati butun xalqni, hech qanday gunohsiz xalqni Shiberga haydaydimi? Yoki oq podsho davri qaytib keldimi? Shuni bilmoqchi edimda, afandim.
Bu Mahmud afandi izohlay oladigan javobini to‘g‘ri beradigan savol emas edi. Ammo yupanch bo‘ladigan so‘z aytishi kerak edi yoshi ulug‘ Quli qariyaga, qolganlari ham eshitsin buni.
— Yoshulli, boshimizga qorong‘u kunlar tushgan. Qonli urush to‘rt yilga cho‘zilib ketdi. Shuning kasofati butun yurtga urdi. Bizga ham urdi, yoshulli. Bu — urushning kasofati.
— To‘g‘ri, Mahmud afandi. Buni mendek oppoq soqol chol emas, tirrancha yoshchiq ham biladi. Yigitlarimiz jang maydonida yurishibdi. Mening o‘g‘lim ham qizil komandir. Qanchasi qurbon bo‘ldi. Rost, nemislar ikki yilga yaqin hukmronlik qilishdi. Odamlarimizning qanchasi tog‘da Ramazondek partizan bo‘lishdi. Nemislar haydab chiqarilganiga olti oy bo‘ldi. Kolxozlar yana ishlay boshladi. Xalqda, bizda nima gunoh, shuni afandim, bilmoqchiman, xolos.
Og‘ir savol tashladi yoshi ulug‘ Quli qariya.
— Yoshulli, siz o‘sha ikki yil ichida, nemislar hukmronlik qilgan yillarda, bizning Zaurbekga o‘xshaganlar xalq ichidan chiqmadi deb o‘ylaysizmi?
— Chiqqani rost, afandim. Xuddi o‘shalarni Shiberga haydashmoq o‘rniga, xalq oldiga olib kelib, otib tashlasa, biz uni quturgan ko‘ppak singari jarga ko‘mib tashlar edik-ku. Xalqda nima ayb, afandim?
Yo‘q, oq ko‘ngil Quli qariyaning, qancha-qancha zamonlar guvohining so‘zlariga javob topa olgan yo‘q Mahmud afandi.
Yirik shaharlarda to‘xtamasdan, kichkina bo‘sh stantsiyalarda nafasni rostlab, katta eshalonlarga yo‘l bo‘shatib Ural, Oqtepaga yetdik deyishganini bir bilishdi. Pishirilgan oziq-ovqatlar, qotirilgan pishloqlar, yopilgan nonlar Saratovga yetmayoq tugagan. Kuniga jon boshiga berilgan ikki yuz gramma qora non bilan qaynatilgan suv yosh bolalarni bezgak kasaliga giriftor qildi. Nalchikdan chiqqandan buyon ovqat yemagan oq ko‘ngil Quli qariya, Oqtepadan o‘tgandan keyin biyday dalada vafot etib, kichkinagina noma’lum stantsiyaning yonida chirqiragan aza bilan yerga topshirildi. Yaydoq yerda, biyday dalada bolqorning bitta salobatli qariyasining qabri qoldi — do‘ppayib oq tepa bo‘lib. Bu qatag‘on boshlanishidagi bolqorning ilk qabri edi. Bundaylar yana qancha bo‘ladi? O‘sha yerda, boshqa vagonda kelayotganlar orasida, yana bitta qariya, bolqor xalqining iftixori — to‘qson yoshni qoralab qolgan Qiyazim xo‘ja oldingi poyezdda, ikki kun farqi bilan ketib borayapti, yonida qaraydigan shogirdlari yo‘q, xotin-xalajlarning, qariya va bolalarning orasida degan xabarni etishgandan beri, Mahmud afandi bu bevafo dunyoning tengsiz ekanligiga birto‘la ishonganday karaxt holda yurdi. Qiyazimxo‘janing jasadi yaydoq dalada, bepoyon cho‘lda qoladimi degan savol uning aqlu hushini oldi. Qandaydir shum xabarlar kutayotganiga yuragi ezildi. Bekorga siqilmagan ekan, o‘sha tug‘ tutgan, bolqor xalqining faxri hisoblangan shoirning Qiyazimxo‘ja Mechiyevning jasadi Qozog‘istonning Toldiqo‘rg‘on dalalarida qolishini sezgandimi yo…
Sovuq vagonida kecha-yu kunduz yo‘l azobini tortib, bahorgi izg‘irindan, bo‘lar-bo‘lmas oziq-ovqatdan sovuq yeb, Alining badani qizib, holsizlanib, bemador yiqildi. Ulug‘ota karaxt holda yurib, nabirasini yaxshilab boqa olmaganidan o‘zini gunohkor sezib, askarlarga kumush kamarini qinli xanjarni — dori, non, cho‘chqa yog‘iga ayirboshlab olib hech kimga ko‘rsatmay, bekitib, teng bo‘lib yeylik, teng baham ko‘raylik degan burungi ahdidan, qoidasidan bosh tortib, gunohga botganini bo‘yniga olib, Ali bilangina ovora bo‘lib, choponiga o‘rab isitib, uning yonidan bir qarich ham jilmay qo‘ydi.
Ikki kundan keyin Ali boshini ko‘tardi. Yuk vagonlarini sudragan poyezd yirik stantsiya — Chimkentga kelganda Ali bolalarga aralasha boshladi. Ulug‘otasi Allohga ming marotaba shukronalar aytib, nabirasiga uzoq umr tiladi. Xuddi o‘sha yerda Ramazon-partizan, Ramazon rais chiqqan ikkinchi vagonni boshqa poyezdga ulashganini, ular boshqa tarafga ketishini eshitishdi. Yana yig‘i-sig‘i, yana chirqirab olishdi holdan-kuchdan toyganlar, yo‘l azobini — go‘r azobini tortganlar. Chunki yaqin qon-qarindoshlarni, yaxshi hamfikr qo‘shnilarni ajratib, bo‘lib olib ketishdi. Ko‘rishadimi, yo‘qmi hali, bu yorug‘ dunyoda?
Hov Uraldan boshlab stantsiyalarda uchragan qozoqlarga qimmatbaho buyumlarni oziq-ovqatga ayirboshlab ola boshlagandan tortib, tili, dili, dini o‘xshash xalqqa duch kelishganiga shukr qilib kelishayotir. Chimkentdagilarning ko‘pchiligi bolqorchani tushunib, suhbatlashib qolishsa, ayniqsa, bolalar: “Bizga o‘xshab gaplashar eken!” — deb bir tomondan hayron qolib, bir tomondan qiziqish bilan boqishardi. Alilar chiqqan yuk tashiydigan vagonning bir kun, bir tun o‘tib Qirg‘izistonga kelganini eshitishdi. Yuk o‘rniga odamlarni tashigan vagon tong otar payt shaharning sharq tomonidan To‘qmoq stantsiyasiga, bir qavatli vokzal yonida to‘xtadi. Kuzatib kelgan komandir, “Bu yer so‘nggi stantsiya ekanligini, xuddi shu yerda ular bo‘linishini”, — e’lon qildi. Bu — Navro‘z kuni edi. O‘n uch kun davomida yo‘l azobi — go‘r azobini tortganlar — tugunchalarini ortmoqlab, ozib-to‘zigan bolalarini yetaklab vagonlardan tushishdi.
— Ulug‘ota, yulduzlar! Bizdaqa, yap-yaqin, — dedi Ali subhi sodiqdagi yulduzlarni ko‘rsatib. Keyin, temir yo‘lning shimoliy hamda janubiy taraflaridagi oq qorali zalvorli tog‘lar kelbatini ko‘rib, — Tog‘lar, Ming-Tog‘day, tog‘lar, ulug‘ota! — dedi ko‘pdan buyon birinchi bora quvonganini bildirib.
— Ha, esli bolam, tog‘lar. Yulduzlari yaqin tog‘lar, — dedi Mahmud afandi, Mahmud yog‘ochsoz.

YuLDUZI YaQIN QIShLOQDA

Kichkinagina, yigirmata-o‘ttizta odam arang siqqan temir yo‘l vokzalining kutish zalida ikki kun tunashdi. Bir vagon — ellik chog‘li odamni kuzatib kelishgan to‘rtta askar deportantlarni ikkita militsionerga topshirib, kelgan kuniyoq yo‘lovchi tashiydigan poyezdga chiqib jo‘nab ketishgan. Nayzali karabin osgan askarlarga nisbatan to‘pponchali militsionerlar ularga o‘z odamlaridek sezildi. Militsionerlarning kattasi bo‘ladan kelgan rus starshinasi ularni ogohlantirdi: “Vokzaldan uzoqqa ketmanglar, sizlarni bo‘lib olib ketishadi. Qochib hech qayoqqa keta olmaysizlar, baribir hujjatinglar yo‘q. Patrullar, militsionerlar darrov ushlashadi. Man bu Toshmatovning kuzatuvida vokzal yonidagi bozorga borib oziq-ovqat sotib olishingiz mumkin”, — dedi.
Toshmatov deganlari bolqorlarday gapirgan yosh qirg‘iz yigiti ekan. NKVDga yangi kelganligi uchunmi, buyruq berishni, qo‘pollikni hali bilib ulgurmagan yosh yigit edi.
U rahmi kelganini bildirgancha: “Yuringlar, oziq-ovqat sotib olinglar, bolalar juda horib tolib, ochiqibdi-ku, bechoralarim”, — deb qo‘ydi. Bu aytgani bolqorlarga uncha ham yoqavermadi. Haydab kelinganlar endi erkin yurishib, qimmatbaho buyumlarini yemishga ayirboshlashib, hiyla o‘nglanib olishdi.
Uchinchi kuni boshlandi mushkul ish. Chunki endi ularni ajratib, boshqa-boshqa yoqlarga olib ketishlariga ko‘zlari yetdi. Yetganda ham, xuddi hayvon bozoridagi kabi tanlab olganlariga orlanishdi, biri-biridan ajraganda ham ko‘z yoshlarini yomg‘ir qilib, chirqirab yig‘lab olishdi. O‘shanda bir uvvos solishdi-yu, iloji yo‘q ekanligiga birato‘la ishonch hosil qilishdi.
— Yig‘la, g‘arib, yig‘la, yuraging ming pora bo‘lguncha yig‘la, xalq ham tarqadi, yurt ham tarqadi, — dedi Mahmud afandi.
Ularni raznaryadka bilan kolxozlarga ajratgan rayijroko‘mning vakili — shop mo‘ylovi, shavro paltoli, qayish etik qorako‘l telpak kiygan elliklardan o‘tib qolgan xodim raislarning: “Ko‘p bo‘lib qo‘yibsizlar, sig‘dira ham, boqa ham olmaysiz bunchani”, — deganlariga: “Berilgan raznaryadkalarni bajarasizlar, bu harbiy buyruq!” — deb dalil gapirgani bilan, raislarning: “Qo‘lingdan nima ish keladi? Nima ish bajargansan?” — deb tanlab olishlariga iloji yo‘q yo‘l berar edi.
Mahmud afandidan: “Kasbing nima?” — so‘rashganida u: “Mudarris — muallim” deb javob berar, hech kimisi unga “Yur” demasdi. Tushgacha besh-oltidan ko‘p oilani bo‘lishtirib olib ketishdi har xil qishloqlarga raislar. Oltita oila qoldi. To‘rtta qariya, Mahmud afandi, uchta kampir, ikkita tul kelin, erlari frontda bo‘lgan ikkita kelin, o‘n uch-o‘n beshlardagi uchta o‘spirin, Alining yoshidagi to‘rtta qiz va ikki-uch yoshli ikkita bola — jami 21 jon odam eng so‘ngida qolishdi.
— Qolgan hammalarimiz endi birga bo‘lamiz. Bo‘linmaymiz, bo‘linmaylik. Qo‘limizdan hamma ish keladi, kolxozda ishlaganmiz, deb aytinglar. Men ham yog‘ochsizman, arava, chana, omochga kerakli anjomlarni yasayman, deb aytaman, bunday demasak bizni hech kim olmaydi, — dedi Mahmud afandi. So‘ng rayijroqo‘mning vakiliga murojaat qilib, bolqorcha shunday dedi:
— Siz adolat yuzasidan bizni ajratmangiz. Barchamiz kolxozda ishlaganmiz. Ko‘pchiligi ilg‘orlar. Men esa yog‘ochsozman, dedi.
— Xo‘p, yaxshi odam, — dedi u ham qirg‘izchalab Mahmud afandining so‘zi bilan. U haligacha Mahmud afandining “Yig‘la, g‘arib, yig‘la yuraging ming pora bo‘lgunicha yig‘la. Xalq ham tarqaldi, yurt ham tarqaldi”, — degan so‘zlarini eshitib, hov Urkunda, Turponda o‘spirinlik kezida boshidan kechigan azob-uqubatlarni, ochdan qirilgan xalqni, bir kosa tolqon uchun uyg‘ur savdogariga sotilgan nav-nihol singlisini eslab, yuraklari sitilib turgan edi…
Uning gaplari — eshitganlarning qalbiga taskin berib, umid uchqunlarini jonlantirgan edi.
Peshindan keyin aravani haydatib, askar shinelida, qo‘li cho‘ltoq yosh rais keldi tog‘ etagidagi qishloqdan.
— Malik botir, — dedi unga rayijromqo‘mning vakili, — bular g‘ariblar, ozib-to‘zganlar, biz Urkunda boshimizdan kechirgan azob-uqubatlar bularning boshiga ham tushgan. Hammasini qishlog‘ingga sig‘dir, botir. “G‘aribdan — oshingni ayama!” dedi ota-bobolarimiz. Xalqimizni uyatga qo‘ymasdan bag‘ringga olib, bularni yurt qilib ol. Tili bir, dili bir, dini bir xalq ekanmiz. Ertagayoq kirishib ketishadi. Ma’qulmi, botir?!
— Ko‘rib turibman-ku, Muqay og‘a. Bir tishlam nonni bo‘lishib yeb kelganmiz, bo‘lishamiz, Muqay og‘a, — dedi Malik rais.
Bu gaplarni hammasini eshitdi Mahmud afandi, bitta so‘zini ham qoldirmasdan tushundi u. Rayijroqo‘mning vakili — Muqay og‘a ekanligini, kelgan cho‘ltoq urush qatnashchisi rais Malik-botir ekanligini bilib oldi.
— Yosh qurbi, yaxshi odam, Malik og‘a, janobi rais Malik-botir, bu aytganlaringni avloddan-avlodga yoddan chiqmas qilib bolqorimning qulog‘iga quyaman. Men agar quyib yetkaza olmasam, nabiram, Ali yetkazadi, — dedi ovozlari titrab Mahmud afandi. Chiday olmasdan, ko‘zlariga yosh qalqdi.
Tog‘ tomon qiya yo‘lda, loy-botqoqqa g‘ildiraklar botib borar, otlar charchaganda damba-dam to‘xtab, yana yo‘lni davom ettirishardi. Ulug‘otasining to‘niga o‘rgangan Ali, kattalarning hali aytgan so‘zlariga chala-chulpa, tushunib-tushunmasdan, lekin qandaydir ezgulikning alomatlarini ichdan his qilgancha, aravaning tebra-nishiga mast bo‘lib, necha kunlar charchab-horigan bola uxlab qolgan edi. Erta bahorning tip-tiniq osmonida, tog‘ qishlog‘ining yulduzlari bir tekis porlab, qishloq chetiga aravalar yaqinlashgan payt, vovullab hurgan ikkita-uchta itning tovushidanmi, ag‘anab chalqancha yotgan Ali uyg‘onib ketdi. Yiltillagan hisobsiz yulduzlar ko‘rindi ko‘ziga, xuddi o‘z qishlog‘idagidek — Ming-Tog‘ning etagida yozning tiniq osmonida ko‘rib yurgan yulduzlar.
— Ulug‘ota, yulduzlar yap-yaqin, xuddi bizning qishloqdagidek.
— Ha, yaxshi o‘g‘lim. Alloh o‘zi qo‘llab yulduzi yaqin qishloqqa keldik shekilli, — dedi Mahmud afandi.
Ikki yuztacha xonadoni bor katta qishloq, bu katta kolxozda bitta ham bo‘sh uy yo‘q. Frontdan qora xatlar kelayotgani bilan, necha-necha beva-tullar xo‘jayinsiz, necha-necha cholu-kampirlar o‘g‘illarisiz qolgani bilan har biri xonadon chirog‘ini o‘chirmay, tirikchilik g‘amida edi. Bolqorlarning oltita oilasi boshqa-boshqa ko‘chalardagi, oila a’zolari ozlarning xonadonlariga kiritildi.
Malik rais makkajo‘xoridan bir-ikki puddan qo‘shimcha bo‘lib berib, bittadan ulog‘i bor echkilarni sog‘ib ichish uchun tarqatdi. Ali ulug‘otasi Mahmud afandi bilan birga urushda ikkita o‘g‘li ketma-ket halok bo‘lgan, ko‘lida esa bitta kelini nabirasi bilan qolgan obro‘li Bozorqulning xonadoniga kirgizildi. O‘ziga tengdosh Mahmud afandi uning nabirasi Alini yotinqiramay qabul qilib, bosh panoh berdi Bozorqul qariya. Hech qancha o‘tmasdan Mahmud afandi ustaxonada yog‘ochsoz bo‘lib kolxozning kerakli odamiga aylandi. Aravalarni, omoch, xaskashlarni, ketmon, kuraklarni, qizilcha o‘tog‘ich, asbob-u, chalg‘u o‘roqlarni yasab, qo‘li gul usta ekanligini ko‘rsatdi.
Erta-kechda Bozorqul qariya bilan suhbatlashib qolganda qirg‘izlarning o‘n oltinchi yildagi Urkun tarixini tinglab, aybsiz xalqning azob-ukubatlarini tasavvur qilib, ichida xudoga shukrona keltirib yurdi. Bu yerdagi bolqorlarga bosh-qosh bo‘lib, yordamini ayamadi. “O‘z o‘chog‘ingda o‘t yonmasa, o‘z uying derazasida chiroq porlamasa — telpak kiyganing nimasi” — deyishadi. “Birovning uyi — bir kunlik, o‘z uying — bir umrlik” — emasmi. Har biring yoz bo‘yi g‘isht quy, soy to‘la tosh ekan, poydevorlab uy tiklaylik deb tashabbus ko‘rsatib, qishloq chetiga alohida ko‘cha ochirib, unga Bolqor ko‘chasi deb nom berdi. Mehnatkash xalq emasmi, hech qancha vaqt o‘tmasdan tirikchiliklari o‘nglanib, echki-uloq degandek, keyin buzoq-tanacha sotib olishib, hiyla tiklanib olishdi. Xotin-qizlari lavlagi parvarishlab, o‘spirinlari arava haydab, harholda kolxozning ishchan azamatlari bo‘lib qolishdi.
Ali o‘zi tengqur, bir-ikki yoshga katta bo‘lgan Qosimbek, Cho‘lponbek, Bektursun, Abilaslar bilan oshiq, to‘p qochdi, chillak o‘yin o‘ynab yurib, qirg‘izchani rasmana o‘rganib oldi. O‘sha yilning kuzida birinchi qirg‘iz sinfiga kirib, zukkoligidan eng ilg‘or o‘quvchilardan biri bo‘ldi. Bugun bolqor maktablarida o‘qigan o‘spirinlar qirg‘iz sinflarida ta’lim olishib, bir zumda tengdoshlari qatoriga ko‘shilishdi. Yettinchi sinfni bitirganlari ShMKga kirishib, traktorchi, kombaynchi bo‘lishib, javlon urib mehnat qila boshlashdi. Yettinchini bitirgan Ali ularning izidan bormadi. Ulug‘otasi: “O‘qigin, o‘rta bilim olgin, undan keyin oliy bilimli bo‘lasan — sening peshananga yozilgan taqdir boshqa. Olloh seni shu’laga o‘rab yaratgan. Bu xosiyatni bilmasak, farqlamasak —gunohdir, yaxshi o‘g‘lim!”-deb uning ishonchini mustahkamladi. Ali yettinchi sinfni imtiyozli guvohnoma bilan yakunlab, o‘rta bilim sari oshiqdi.
Mahmud afandi ham tog‘ etagidagi bu qishloqda o‘tkazgan umridan o‘zi mamnun edi. Yot yerda o‘z yurtining bitta ko‘chasini bunyod qilib, bola-chaqa o‘stirishda o‘z vatandoshlariga yordami tegayotganiga qanoat hosil qildi. Yana bir shukronalik yeri — ittifoq-rizqli, birdamlik urf bo‘lgan, bittasining g‘am-anduhini hammaning g‘am-tashvishi deb bilgan, to‘yu-ma’rakalarini hamjihatlikda o‘tkazgan xalqning sharofati tegib, yetti yildan beri, ana u qirdagi qishloq mozori yonida birorta bolqorning qabri do‘ppaymaganini — yo qarigan chol-kampir bo‘lsin, yo birorta norasidaning vafot etmaganini — Yaratgan egamning rahmdilligiga shukrlar bo‘lsinkim — bolqorni bolqor bo‘yicha saqlab qolaman degani, qolaversa bag‘ri keng xalqning fe’l-atvoridan degan bitimga kelgan.
Bir paytlar “yaxshi o‘g‘li” Ali aytganidek “Yulduzi yaqin mana shu qishloqda” — nabirasi Alining o‘spirinlik chog‘i kelib, mo‘ylov tuklari belgi bera boshlaganiga, aql yig‘ib, fikrlari tiniq-lashganiga, darslarini puxta bajarib, ta’lim olishdan qochmaganiga bir quvonsa, ulug‘otasidan yashirib bitta qalin daftarga qirg‘izcha she’r bitib yurganini payqab, hatto o‘zi yo‘g‘ida varaqlab o‘qib ko‘rib, xo‘v Bolqordalik paytida o‘zi aytgan bolqorcha she’rlarni qirg‘izchalatib ko‘yganiga Mahmud afandi ich-ichidan kuvonib yurdi.

“AKO”

Mahmud afandi uy tiklaganda, eri frontda vafot etgan Zommay bevani ham yoddan chiqargani yo‘q. Fe’li tund, ayollar bilan ham ko‘p suhbatlashavermagan, birovning uyiga sig‘maydigan qiliqlarini o‘ylab ikki xonali uy solib bergan hamqishloqlari bilan to‘planishib, katta o‘g‘li Ako boshqargani odam yo‘q, tentakroq chiqib, o‘qishga hushi yo‘q, sinfdan-sinfga qolavergach, oxiri maktabni tashlab, kolxozning har xil qora yumushlarini birini qo‘yib, birini bajarib yurdi.
“Ozg‘in xo‘rozning — bo‘yni uzun” deyiladi xalq maqolida. Darozdek bo‘lib, qo‘l-oyoqlari ham uzun, kiyimning kattasini kiyar edi. O‘zidan uch-to‘rt yosh kichik bolalarning jig‘iga tegib, yig‘latgani-yig‘latgan. Xalq ichida aytilganidek “Itlar talashgan yerda yurgan” janjalkashligi ham bor edi uning. Shunday bo‘lsa ham u negadir Alini o‘ziga yaqin ko‘rar edi. To‘rt yosh katta bo‘lishiga qaramasdan tengdoshidek ko‘rar edi.
Bir marta cho‘milib kelamiz deb chaqirib qoldi. Daryoda katta suv oqadi. Katta bolalar, hatto katta yoshdagi odamlar ham yozning chillasida ayni tush payti cho‘milishar edi, rohatlanmoq uchun.
— Ali, yur, cho‘milamiz. Gugurt olib ol, kabob pishirib beraman,—dedi.
Ali xursand bo‘lganidan gugurtni olib chiqdi va ular birgalikda sohilga borishdi. Akoning badanim kuysin deb yalang‘och borganini, ko‘ylagiga esa bir narsani o‘rab ko‘tarib olganini ko‘rgan edi.
Cho‘milib chiqqach, Ali dedi:
— Qurigan shox-shabbalardan terib kela qol. Men esa kabobni tayyorlab turaman.
Ali kelsa, yerga yozilgan ko‘ylagida patlari yulingan to‘rtta jish palapon yotar edi. Ako ularning har birini qattiq chiviq bo‘ynidan suqib, ortidan chiqarib, tayyorlab ko‘yibdi.
— Tovuqning palaponimi –deb so‘radi Ali.
— Yo‘q, kaklikniki, ho‘v anuv qirning ustida kakliklar yurar edi-ku. O‘shalar jo‘ja ochishibdi. Ertalab ushlab olganman.
— Ie, kaklikning o‘zidek katta-ku bular? — dedi Ali.
— Katta bo‘ladi-da, palapon ham o‘sadi, bilsang — dedi Ako.
Ular ikkitadan kabobni tushirib, hiyla cho‘milishib, uylariga kelishsa — Alining temir qanot o‘nta jo‘jasidan to‘rttasi yo‘q. Darrov Akodan shubha qildi. Aytay desa, o‘zi birga baham ko‘rgani yodiga tushib, ulug‘otasining har doim aytib yuradigan maqolini esladi: “Tosh otsang, avvalo uning qayerga tushishini qarab ol, keyin ot”.
Ertasi kuni ham Ako Alini cho‘milishga, kabob yeb kelishga taklif qildi. Ali Akoni “jazolashni”, uni uyaltirishni o‘ylab ko‘ygan edi.
— Kaklikning palaponi yana o‘zi keldimi qo‘lingga — deb kinoya bilan so‘radi.
— Bu safar ovim baroridan kelmadi, bor-yo‘g‘i ikkitagina ush-ladim. Lekin kechagilardan katta, — dedi Ako.
Xuddi kechagidek bo‘yni uzilgan, oyoqlari yo‘q, yirikroq palapon-lar ekan. Ako ikkalasini kabob qilib pishirdi. Ali esa yeyishdan bosh tortdi.
— Sassiq ekan bular ham. Kecha yeb olib o‘lgudek qusdim, menga yoqmaydi halollab so‘yilmasa.
— Tentak, — dedi Ako, — kaklik ham harom bo‘ladimi. U ham tovuqqa o‘xshash halol-ku.
— Tovuq-bu tovuq, qo‘lda boqiladi, u — halol. Bu esa harom — nima yeb, nima ichishini kim biladi.
Ikkala palaponni ham yeb olib, Ako suvga cho‘milgani ketdi. Xuddi shu payt Ali Akoning bitta rezina etigini olib tovoniga katta qilib “Axo”deb o‘yib yozib qo‘ydi. “K” harfi o‘rniga osonligi uchun “X”harfini o‘yib yozdi. Qumga bosib ko‘rgan edi, izda “Axo”degan yozuv chiqdi.
Alilarning qo‘shnisi Fatimatning ikkita katta jo‘jasi “harom o‘lgur kalxat” ilib ketganini uning qarg‘aganidan eshitgan.
Ertasiga Ako Alini cho‘milgani, kabob yeb kelgani taklif qilgan edi, Ali Akoga shunday dedi:
— Men bugun bora olmayman. Palaponlarga qaramasam bo‘lmaydi. O‘tgan safar bizning to‘rtta palaponni, Fatimatlarning ikkita katta palaponlarini ham o‘lgur “Axo” degan kalxat ilib ketibdi. Izi esa tuproqda qolibdi.
— Obqoch-a, — dedi Ako, — kalxatning izi bo‘lar ekanmi.
— Bo‘lganda qandoq, ishonmasang ortingni, etigingning izini qarab ko‘r-chi, — dedi Ali.
Akoning chap etigining izida “Axo”, “Axo”, “Axo” degan harflar o‘ng etik izlarini quvib bormoqda edi. Ako qizargancha Aliga dedi:
— Do‘st bo‘laylik, hech kimga aytma, men bu izlarni o‘chirib, kesib tashlayman. Endi hech qachon birovning jo‘jasini o‘g‘irlamaslikka va’da beraman.
Ako va’dasida turdi.

KAVKAZ TOG‘LARI, ELBRUS ChO‘QQISI

Alining eng sevgan ikkita fani bor edi. Adabiyot, keyin geografiya.
Adabiyotga bo‘lgan qiziqishi, esini taniganidan ulug‘otasi o‘qib bergan yoki kuyga solib ay tgan she’rlaridan, ularning ma’no-mohiyatini aqlga solib, tushunib yetmasdan burun, qalb tubidagi dil tuyg‘usi she’rning sehrli ohangini, serjilo xususiyatlarini ilg‘ay boshlaganidan boshlangan. Maktab ostonasini hatlab, kitobni mustaqil o‘qib, ayniqsa, she’rlarni yodlab kelishga vazifa berila boshlangandan tortib, katta ishtiyoq bilan yodlab, keyin uni darslarda sharillatib aytib, qirg‘iz og‘zaki adabiyotining asrlarni qaritib, og‘izdan-og‘izga, avloddan-avlodga meros bo‘lib o‘tib davr suvida oqa berib, sayqallangan, yodga bot tushgan, tilda qoqinmasdan ravon ketgan, ohanglari biri-biriga yaqin, bo‘g‘in o‘lchamlari bir xil so‘zlardan iborat she’rlari, qolaversa, xayoliy tasavvurlarini boyitib, ajoyibotlar olami sari yetaklagan ertaklari tilsimlab olganidan beri adabiyotga bo‘lgan ishqi baland. Adabiyot darslari uning xayolot olamini junbishga keltirgan sehrli kuch edi.
Geografiyaga bo‘lgan qiziqishi ilk bora tarvuzdek ola chipor globusni ko‘rganda, butun yer yuzini qo‘li bilan ushlab, aylantirib, xohlagan yerda to‘xtatib yo chir aylantirib qo‘ysa bo‘lar ekan-da, degan lol qolar darajadagi bolalarcha ham sodda, ham tabiiy tuyg‘uning uyg‘onishidan boshlangan. Qochiq to‘g‘risidagi fikr yuqori sinflarda, geografiya darsini Oltimish og‘ayi doskani butun yuzasini qoplagan dunyoning fizik xaritasini ilib qo‘yib, boshqa muallimlarga o‘xshab kitobga qarab yo o‘zi yozib kelgan daftardan o‘qib bermasdan, o‘sha xaritaga qarab olib, maxsus bejirim yasalgan bir quloch, barmoqdek ingichka ko‘rsatkich tayoqchasini o‘ng yelkasidan oshirib, qaramasdan turib, aytgan mamlakat yoki shaharni, dengizlar bilan ko‘llarni, tog‘lar bilan tekisliklarni tayoqchasining uchi bilan ko‘rsatgan og‘ayining bilimiga tasanno o‘qiganidan, undan keyin Bolqor bilan Ming-Tog‘ Kavkazning qaysi joyida ekanligini bilishga bo‘lgan ichki talpinishidan, o‘sha yoqqa qaysi yo‘l va qanday ulov bilan, necha kunda yetib borsa bo‘ladi, degan xufiyona sirning yechimini izlash jarayonida tug‘ilgan bo‘lsa ajab emas.
Evropa bilan Osiyoni ajratib turgan chegaralar to‘g‘risidagi vazifani Ali alohida yodlab oldi. Shu darsga qadar Oltimish og‘ayi uning geografiyaga bo‘lgan alohida qiziqishini “a’lochi bo‘lmoqchi ekan-da, shuning uchun hamma vazifalarni yodlab oladi” deb o‘ylagandi. Alining bu galgi qilig‘i o‘qituvchini lol qoldirdi. Odatda u o‘zini bilmaslikka olib, boshqalarga o‘xshab “men aytaman”, “men doskaga chiqaman” deb qo‘l ko‘tarmas edi. Qachonki so‘rab qolsa, sharillatib javob berar edi. Darslikda yozilganidan tashqari, o‘qituvchisi qo‘shimcha aytganlarini ham yodida saqlab, javobi mukammal bo‘lardi.
Bu gal Ali o‘rnidan tura solib, ovozini balandlatib:
— Og‘ay, men aytaman! Menga ruxsat bering, — deb qoldi.
Uning bu qilig‘iga ajablangancha, nima bo‘lib ketdi ekan degandek qilib:
— Doskaga chiq? Mana tayoqcha, ko‘rsatib aytaver! — dedi Oltimish og‘ayi.
— Yer shari olti qit’adan iborat. Qit’a deganimiz… — deb boshladi Ali.
— Bularning hammasini aytmoqchi bo‘lsang, yangi darsni boshlay olmay qolamiz. Sen Yevropa bilan Osiyoni ajratib turgan qismlarning nomlarini ayt, ularni xaritadan ko‘rsat, — dedi o‘qituvchisi.
— Yevropa va Osiyo qit’alarini ajratib turganlar: Ural tog‘lari, Ural daryosi, Kaspiy dengizi, Kavkaz tog‘lari… — Xuddi shu yerga kelganda Ali ko‘rsatkich tayoqchasining uchini Elbrusning cho‘qqisiga tiraganicha to‘xtadi. Keyin chegarlarni ajratgan geografik nomlarni aytmasdan o‘sha yerga to‘xtaldi:
— Dunyodagi eng baland cho‘qqi — Elbrus — bolqorlarning Ming-Tog‘i ajratib turadi..
— Ali bir nafas indamay qoldi. O‘quvchilar piqillab kulib yuborishdi, chunki darslikda Ming-Tog‘ degan nom yo‘q edi. Oltimish og‘ayi tushundi Alining javobini.
— To‘g‘ri, Kavkaz tog‘laridagi eng baland cho‘qqi Elbrus, u dunyodagina emas, SSSRda ham baland cho‘qqilardan biri. Uning konussimon ikkita cho‘qqisi bor. G‘arb tomondagi cho‘qqisi 5642 metr, Sharq tomondagi cho‘qqisining balandligi 5621 metr. Ammo Elbrusning — Ming-Tog‘ deb nomlanishini birinchi eshitishim. Dunyodagi eng baland cho‘qqi — Everest, uning balandigi 8848 metr, yevropaliklar Everest deb nomlashgan. Mahalliy xalq: nepalliklar — Jamolungma deyishsa, hindular — Sagartmatxa deyishadi. SSSRdagi eng baland cho‘qqi 1943 yili G‘alaba cho‘qqisi deb nomlangan. U bizning Tiyon-Shanda, balandligi esa 7439 metr. Qirg‘izlar qadimdan Xon-Tangri deb atab kelishgan. Balki bolqorlar Elbrusni burun Ming-Tog‘ deb atashgandir. Biz boshqa mavzuga o‘tib ketdik.
— Yevropa bilan Osiyoning ajratilishini kim aytadi? — deb savol tashladi o‘quvchilarga Oltimish og‘ay.
— Men o‘zim aytay, og‘ay — dedi Ali.
— Aytaqol, Ali, — dedi Oltimish og‘ayi mehr bilan.
— Ural tog‘lari, Ural daryosi, Kaspiy dengizi, Kavkaz tog‘lari Elbrus cho‘qqisi..
Duv kulib yuborishdi o‘quvchilar. Ali qizarib ketdi. Darrov, yana boshladi:
— Ural tog‘lari, Ural daryosi, Kaspiy dengizi, Kavkaz tog‘lari, Qora dengiz, Bosfor qo‘ltig‘i, Marmar dengizi, Dardanell qo‘ltig‘i, Egey dengizi, O‘rta Yer dengizi, Suvaysi kanali, Qizil dengiz, Arab dengizi va Hind okeanlari ajratib turadi. Men buni juda yaxshi bilaman. Baribir Ming-Tog‘ — men uchun hammasidan baland! — dedi Ali bolalarga qarab.
— A’lo! Juda yaxshi, Ali. “Har kimning o‘zi yer — Misr”. Eng muqaddas, eng qadrli. Bilib olinglar, bolalar, — dedi Oltimish og‘ayi. — Endi bolalar yangi mavzuga o‘tamiz, bilimdan tashqari, yangi yerlarga sayohat qilamiz..

YaNA YuK VAGONI BILAN

Geografiya — bolalarga Oltimish og‘ayi aytganidek: “Bilimdan tashqari, yangi yerlarga sayohat qilishning” darsi bo‘lsa, Ali uchun ko‘zlagan maqsadini amalga oshirishning darsi edi. U darslikdagi kichkina xaritalardan boshlab, o‘qituvchisining o‘qituvchilar xonasidan olib kelib ilgan xaritalarga qarab, hech nima ko‘rsatmay yashirib yurgan alohida daftarga temir yo‘llar yo‘nalishlarini, shaharlar o‘rtasidagi masofalarni chizib hamda yozib, yodlab oldi.
Alining temir yo‘l xaritasi ham ajoyib edi. Har bir stantsiyasi 240 hisoblangan. Har kuni 480 kilometrdan yo‘l yursa — Frunzedan Pyatigorskka o‘n kunda yetar ekan. Unadan nari Nalchikka bir kunlik yo‘l. Hisob-kitoblarning bunday chiqishiga sabab — u yuk poyezdida yurishni hisobga olgan edi. Yo‘lovchilarni tashuvchi poyezd bilan keta olmasdi, unga chipta olish uchun puli ham yetmaydi, yetganda ham hujjat-pasport yo‘qligidan chipta berishmas edi, yuk poyezdiga o‘g‘rincha chiqib olib, biridan-biriga o‘tib, manziliga yetib olsa bas. Oziq-ovqat tomoni uni tashvishga ham solgani yo‘q. Sadaqa so‘rab, tanga to‘plab, non yeb — suv ichib ketaverardi. Alining xarita tuzish paytida ajablangani, xaritalardagi masofalarni masshtab bo‘yicha olganda, har bir stantsiyaning oralig‘i bir xilda, ya’ni 60, 120, 240, 480 kilometrni tashkil qilgani edi. Bu endi shunchaki hisob emas edi. Nima uchun? Bu savolni u Oltimish og‘ayiga hech kim yo‘g‘ida, maktabdan uyga yolg‘iz qaytayotganida berdi:
— Og‘ay, nima uchun temir yo‘l stantsiyalarining oraliqlari bir xil?
— Qanaqasiga? — hayron bo‘lib so‘radi Oltimish og‘ayi.
— Masalan, To‘qmoqdan Frunzega oltmish kilometr, Frunzedan Lugovoyga yuz yigirma kilometr, Lugovoydan Jambulga yuz yigirma kilometr, Jambuldan Chimkentga ikki yuz qirq kilometr, Chimkentdan Qizil O‘rdaga to‘rt yuz sakson kilometr, undan Uralgacha yana shuncha, Uraldan Saratovga, undan Stalingradga, undan Rostovga, undan Stavropolgacha, undan Grozniygacha ham xuddi shuncha. Nima uchun?
Oltimish og‘ayi hayron qoldi. Bunaqa hisoblash, ta’bir joiz bo‘lsa, xayoliga ham kelmagan ekan. Bu kabi ma’lumotlar aytilmagan, yozilmagan ham.
— Men, Ali, rostini aytsam, bilmas ekanman. Bu haqda o‘qigan ham emasman. Shaharlar oralig‘ini solishtirib ko‘ray, aniqlab senga javobini aytaman. Ertaga, balki aytib berarman, xo‘pmi? — dedi o‘qituvchisi.
Alining bu savoli Oltimish og‘ayni o‘yga toldirdi. Xaritalarni olib, aholi manzillari oraliqlarini masshtabga solib, chizig‘i bilan hisoblab ham ko‘rdi.
Haqiqatda ham Qirg‘izistondagi aholi manzillarining, temir yo‘llardagi kichkina stantsiyalarning oralig‘i 20 kilometrdan ekan. Nima uchun? Stantsiyalar aholi yashagan punktlarda qurilgan-ku. Bu manzillar, shaharlar qachon bunyod etilgan, ularga qachon asos solingan? O‘qituvchisi bu topishmoqning javobini topgandek edi. Qirg‘izistonda ham, Qozog‘istonda ham qishloqlar bilan shaharlar Rossiya imperiyasi o‘ziga qaratgan paytda paydo bo‘lgan emasmi. Harholda u paytlar mashina, poyezd degani hali yo‘q edi. Masofa aravalar karvoni yurishi asosida hisoblangan. Harbiy topograflar shuni hisobga olishgani shubhasiz. Hayron qolarli joyi, Qirg‘izistondagi rus ko‘chmanchilari asos solgan qishloqlarning oralig‘i to‘ppa-to‘g‘ri 20 verstadan ekanligini bilib oldi. Demak, Qozog‘istondagi qishloqlarning oralig‘i ham shunaqa masofada, temir yo‘l stantsiyalari ham yirik aholi manzillariga qurilganligi uchun oraliqlar 20-40-60-120 kilometr bo‘lishi qonuniyat ekanligiga ko‘zi yetdi.
Ertasi Aliga hammasini tushuntirib berdi, lekin Alining bu “kash-fiyoti” ma’nosiga, undan ko‘zlangan maqsad nima ekanligiga ahamiyat bermadi, shunchaki zukko o‘quvchining qiziqishi deb o‘yladi u.
Ali o‘z “rejasini” amalga oshirishni uncha-muncha tanga to‘plashdan, uni so‘mga aylantirishdan boshladi. Yangi o‘quv yili munosabati bilan kiyim-bosh olib kiy deb ulug‘otasi bergan pulni hamda oltita tovuqni olib, xalqqa qo‘shilib, To‘qmoq bozoriga jo‘nadi. Ketish oldidan Akoga uchrab, bunday dedi:
— Ako, sen menga haqiqiy do‘stmisan?
— Ali, men seni yaxshi ko‘raman, hammamizdan ham yaxshi o‘qiydi, tentak emas, zukko deb yaxshi ko‘ramiz, — dedi Ako.
— Yo‘q, Ako, sen haqiqiy do‘stmisan yoki yo‘qmi?
— Nima desam ekan, Ali, agarda sen do‘st qilsang, so‘zsiz do‘st bo‘laman. Kattaligimga qaramasdan.
— Unda ke, haqiqiy do‘st bo‘laylik. Birimizni birimiz hech qachon sotmaydigan, rozimisan?
— Do‘st hech qachon sotmaydi, boshidan judo bo‘lsa ham, — dedi Ako.
— Va’da berasanmi? — dedi Ali.
— Va’da beraman. Qasam ich desang — qasam ichaman, — dedi dadillik bilan Ako.
— Bo‘lmasa eshit. Men Kavkazga, Bolqorga ketaman, qochib ketaman.
— Bolqorgami?! — hayron bo‘lib so‘radi Ako.
— Ha, lekin og‘zingdan chiqmasin. Uch kungacha. Kechqurun ulug‘otamga ayt: “tovuqlarni sotib, Frunzega boraman degandi. O‘sha yoqdan kiyim olib, uch kundan keyin kelaman dedi”, degin. Keyin uch kun o‘tgach, Bolqorga ketti deb ayt. Xat yozaman dedi, degin. So‘zsiz xat yozaman ulug‘otamga, senga ham. Og‘zingdan chiqmaydimi, Ako?!
— Meni ham birga olib ket, Ali, agarda chin do‘st bo‘lsang. Men ham sog‘indim Bolqorni. Obket, Ali, nima so‘rasang, hammasini muhayyo qilaman. Aytganlaringni hammasini bajaraman, xudo ursin!
— Tentakmisan, ikkalamizni ushlab olishadi-ku. Bo‘yingni qara, yashirina ham olmaysan. Ushlab olishadi seni ham, meni ham. Qochib ketaman deyapman-ku, axir? Seni do‘stim deb, ketmoqchiligimni aytdim. Sen esa hamma ishning pachavasini chiqarmoqchisan. Yana aytganlaringni hammasini bajaraman, xudo ursin deysan-a. Va’da qani, Ako? Men, albatta borgandan keyin senga xat jo‘nataman, qanday qilib yetib borishni yozib yuboraman. Xatimni kutasanmi? Sen so‘z bermasang, unda men senga xat yozmayman.. Bugun qochmayman. Baribir, hammangni aldab, oxiri qochib ketaman. O‘shanda sen hammasidan quruq qolasan, Ako.
Ako o‘ylanib qoldi. Ali aytganini qilmay qo‘ymaydi. Ali zukko, geografiyani besh qo‘lday biladi. Qaysi poyezd bilan qanday qilib borishni u avval bilsin, keyin o‘zimga oson bo‘ladi-ku, deb ham o‘yladi.
— Bo‘pti, Ali. Agarda xat yozmasang do‘stlikdan kechaman. Oxiratda ham kechirmayman, eshitdingmi, Ali, — dedi Ako.
— Eshitdim, sen haqiqiy do‘stsan, Ako, — dedi Ali.
Bozorda tovuqlarini sotgach, bitta osma sumka sotib oldi-da, unga tandir nondan siqqanicha tiqdi, temir yo‘l stantsiyasiga borib, yuk poyezdlari qachon g‘arbga tomon yo‘l olishini surishtirib bilib, yashirinib yotdi. Qarag‘ay yuklab kelgan vagonlarni sudrab kelgan parovozning qaytib ketishini bilib, lip etib birining ustiga chiqib, bedanadek pusib yotib oldi. Boshini ko‘tarishi bilan ushlab olishadi go‘yo. Parovoz vishillagancha Pishpek stantsiyasiga kelib to‘xtadi. U yerdan qandaydir temir yo‘l tuguniga oborib, vagonlarni uzib qo‘yishdi. Yarim kun yotdi, kunga kuyib “Qo‘y, — dedi ichida, — boshqasiga chiqmasam bo‘lmaydi”. Qorong‘u tushgach, yana bitta yuk vagonga chiqib, Lugovoy stantsiyasiga, undan nari Jambul stantsiyasiga yetdi. Xuddi o‘sha yerda, Pishpek stantsiyasidagidek qum yuklangan vagonlarni temir yo‘l tuguniga oborib, chiqarib qo‘yishdi. Ali undan tushib, Chimkentga boruvchi poyezdni kutib, ko‘mir yuklangan poyezdga chiqayotganida temir yo‘l nazoratchisi — forma kiygan gavdali qozoq yigit oyog‘idan ushlab yerga tushirdi-da, yelkasidan ushlagancha yo‘l nazorat militsiyasiga oborib topshirdi.
Qozoq militsionerlari qirg‘izcha gapirgan bolani Maymoq tarafga ketayotgan bolalardan ekan, deb o‘ylashdi. Lekin po‘pisalab hamda aldab so‘rab o‘tirishib, uni To‘qmoqdan kelganligini, bolqor bolasi ekanligini bilib, bunday deyishdi:
— Sen, bolakay, turmaga tushging kelayaptimi? Izzatingni borida ortingga qayt. Surgun muhlatinglar bitganicha yo‘q. Bizdan boshqalar ushlab olishsa, allaqachon axloq tuzatish lageriga jo‘natvorishardi sendek qochoqlarni. U yerda esa turmadan ham yomon. Bandit bo‘lib chiqasan. Yo sen bandit bo‘lishni xohlaysanmi?
— Yo‘q, men bandit bo‘lmayman. Men so‘zsiz shoir bo‘laman, — dedi Ali.
Qozoq militsionerlar kulib yuborishdi. “So‘zsiz shoir bo‘lar emish”. Nima qilganda ham oqinni ardoqlagan xalq emasmi, aldab-suldab, aql o‘rgatishib, Alining cho‘ntagida qolgan puliga Frunzegacha chipta olib berishib, yo‘lovchilar kuzatuvchisiga qattiq tayinlashib, qaytarib jo‘natib yuborishdi.
Ako uch kundan keyn Mahmud afandiga Alining Kavkazga — Bolqorga ketganini aytib, vatandoshlariga uni azamat deb maqtab, g‘urur bilan o‘zi ham Alidan xat kelishi bilan hech narsaga qaramasdan jo‘nab ketishini e’lon qilib yurdi.
Hech qancha o‘tmasdan, Akoning “e’loni” aytilib bitmasdan turib, ikki kundan keyin, bo‘sh sumkasini yelkasiga ilgancha, to‘zg‘igan, kayfiyati siniq Ali, kunduzi qishloqqa kirishdan iymanib, tun qorong‘usida ulug‘otasi yashagan uyning ostonasini hatladi.
— Ali, yaxshi o‘g‘lim, keldingmi? Bilganman qaytib kelishingni. Bobongni yolg‘iz tashlamasligingni bilganman, — deb gapirgancha Mahmud afandi Alini bag‘riga mahkam bosdi.
Ali bobosi uchun qaytib kelmaganligini u qaydan bilsin. Alini majbur qilishdi qaytib kelishga. U baribir, bobosiga ham qaramasdan, Kavkazga — Bolqorga bormay qo‘ymaydi. Ozib-to‘zigan, istagi amalga oshmagan sho‘ppaygan bolaning ko‘ksidagi jonu-jahoni Ota Vatanga talpinayotganini, ezgu maqsad sari yetaklayotganini bilgan odam bormikin bu dunyoda?!.

Ruschadan Anvar Zulfiqorov tarjimasi
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2007 yil, 4-son