Ikki kun to‘xtamasdan maydalab qor yog‘di. Tushga yaqin qalin tuman yonbag‘irlar va tepaliklar ustidan yengilgina osmonga ko‘tarilib, baland qoyalar etagidan o‘rlagancha, purviqor tog‘larning uch-uchlarigacha qoplab oldi. Oradan bir soat o‘tmasdan bepoyon osmon qalin tumanning namligini shimib siyraklashdi. Har yer-har yerda tuman orasidagi tuynuklardan ko‘m-ko‘k osmon ko‘zga tashlanadi.
Qariya musofirlar bemalol kirib-chiqa olishi uchun choyxona sahni va atrofidagi qorni supurdi. So‘ngra choyxona ortiga o‘tib, katak eshigini lang ochdi-da, “tu-tu”ladi. Katakdan bitta xo‘roz va uchta tovuq chiqqach, qariya tovuqxona burchagidan sopol ko‘zachani olib, kaftiga arpa to‘kdi. Tovuqlar sepilgan donlarni bir dona ham qoldirmay cho‘qilab-cho‘qilab jig‘ildonlariga joylagach, ularni yana katakka qamab, eshikni yopib qo‘ydi.
Qariya uch yildan buyon ikki yo uchta tovuqqa tuxum bostirib, jo‘ja olardi. Uzundan-uzoq qishda, Navro‘z yetib kelguniga qadar hamyoni bo‘sh bo‘lmagan ayrim musofirlar va shuningdek, cho‘ntagida bir mirisi yo‘q ayrim yo‘lovchilar uchun issiq ovqat pishirib berardi. Og‘ir urush yillari qahatchilik davrida tovuq boqish qariya uchun azobu uqubat. Ba’zan tunlari tovuqxona atrofida tulki, chiyabo‘rilar o‘ralashishar va yo‘ldan o‘tayotgan ayrim och musofirlar ham payt poylaganlari-poylagan edi. Ana shuning uchun ham qariyaning bir ko‘zi uxlasa, ikkinchisi uyg‘oq edi. Bir yil oldin g‘aflat bosib qancha tovuqlari yo‘qoldi. O‘sha paytda maslahatchilar paydo bo‘ldi va qariyaga tovuqxona eshigiga qulf solishni aytishdi. Lekin qariya: “Ota-bobolarimiz eshiklarini qulflashmagan”, – deya maslahatchilarning gapiga quloq solmadi.
Choyxona atrofdagi qishloqlardan chetroqda, ikki katta yo‘l yonida qurilgandi. Ikki tog‘li tumandan kelgan ikki yo‘l choyxona qurilgan yerga kelganda bitta bo‘lib qo‘shilib ketardi. Yozda choyxona unchalik gavjum emas, lekin qishda odam qaynardi. Agar qish kunlarida yog‘ingarchilik ko‘paysa, adir va tog‘lar, dovon va daralardan o‘tish qiyinlashar, yo‘lovchilar sel va ko‘chki kelishi xavfidan cho‘chib, nochor haftalab choyxonada yotib qolishardi. Ba’zan yo‘lovchilar orasidan oqshomdan erta sahargacha qissaxonlik qiladigan yo ashula aytadigan kishilar chiqib qolardi. Shu tariqa yo‘lovchilar uzun qish kunlarini qisqartirishib, go‘yo yuragidagi g‘amni aritishardi. Ana shunday kezlarda qariya katta temir bochkadan yasalgan, mo‘rkoni choyxona o‘rtasidan o‘tkazilib, tashqariga chiqarilgan pechkaga tez-tez o‘tin tashlab turar hamda o‘t yonishini picha kuzatib, poygahdagi doimiy o‘tiradigan yeriga qarab ketar, qaychilab kuzalgan qalin soqolini qo‘llari bilan silagancha, berilib qissa yo ashula tinglardi.
Qariya o‘n ikki yildan buyon shu choyxonada. Oldingi yillar tuman matlubot jamiyati imkon boricha choyxonani choynak-piyola, non, quruq choy, qand-qurs bilan ta’minlab turardi. Lekin urush boshlangandan keyin bu choyxona, mamlakatdagi barcha shahar-qishloqlarda bo‘lganidek, og‘ir kunlarga qoldi. Qariya mana shu choyxonadan yosh yigitlarni askarlikka kuzatar va aynan shu choyxonada u tomonlardan mayib, yarim jon bo‘lib qaytgan yigitlarni kutib olardi…
Qariyaning ko‘ngli anchadan buyon azim tog‘ sayrini tusaydi… Lekin qalin qoru ustma-ust yog‘ayotgan yog‘in uning yo‘lini to‘smoqda. Choyxonada qolgan o‘tin uch-to‘rt kunga yetardi, xolos. Bundan xavotirlangan qariya tezroq ayoz turib, g‘irchillagan qor birozgina muzlashini, qiynalmay yurishga imkon tug‘ilishini kutardi.
U har qishda uch-to‘rt marta ovga chiqib, tog‘ echkisi, kaklik yo tulki ovlab qaytardi. Qariyaning o‘n besh yildan buyon qo‘lida miltiq, ovga o‘rganib qolgandi. Ba’zan ayoli ayamasdan aytib tishlardi: “Siz o‘z ajalingiz bilan o‘lmaysiz, joningiz bironta ayiqmi, yo‘lbarsmi yo bo‘riningmi qo‘lida”. Bu yil nimadanligini bilmaydi – qariyaning o‘ng ko‘zidan picha yosh oqadigan bo‘lib qoldi. U ba’zan omborxonadan birotar miltig‘ini olib, u yoq-bu yog‘ini aylantirib tomosha qilar, so‘ngra tashqariga olib chiqib, nimanidir uzundan-uzoq nishonga olar, shu tarzda ko‘zini sinardi. Lekin nishonga olayotgan ko‘z tezda yoshlanib, xiralashardi. U tez-tez kiprik qoqib, ko‘zdagi yoshni oqizar va yana nishonga olardi. “Ishning yurishmasligi”dan asabiylashib, ma’yus bo‘lib qolsa-da, ammo ovga chiqish orzusi yuragidagi alangani o‘t oldirgani-oldirgan edi.
Qariya o‘g‘lini askarlikka jo‘natgach, shahardan miltig‘iga o‘q-dori topib keldi, haligacha toqqa chiqish niyati unga tinchlik bermasdi. Ustiga-ustak bir yoqdan choyxonadagi g‘amlab qo‘ygan o‘tini ana-mana deguncha tugab qolishi aniq, bir yoqdan ochlik va yo‘qchilik tezroq ovga bormasa bo‘lmasligini o‘qtin-o‘qtin eslatib turardi. Katak ham tobora bo‘shab borar, bor-yo‘g‘i bitta xo‘roz va ikkita tovuq qolgandi. Qanchalik majbur bo‘lmasin, ularni so‘yishga qariyaning ko‘ngli bo‘lmasdi…
Qariya bir necha kun oldin tog‘ echkisi terisidan tikilgan eski ov etigini charvi bilan yog‘lab, safarga tayyorgarlik ko‘rgandi. U avvaliga doimiy ov qilib yurgan yeri – tog‘ning kungay tomonidagi o‘rkachi ustiga chiqib, yovvoyi echki otishni, so‘ngra pastroqqa tushib, picha o‘tin to‘plab, shoxchanaga ortib, choyxonagacha tortib borishni niyat qilgandi. Shoxchana qiyalikda qor ustida oson sirg‘alib tushar va qariya unchalik qiynalmasdi.
Yarim tunda osmon ochilib, ayoz turdi. Qariya kech tushayozgan kezda yarimta patir non, sariyog‘, ozgina olmaqoqi va o‘rikqoqi, pichoq va tesha, ikkita arg‘amchi va olti dona o‘q tayyorlab qo‘ydi. Ilgarilari ovga chiqadigan bo‘lsa, to‘rt donagina o‘q olardi. Ov ko‘rgan odamlarning aytishlaricha, qariyaning otgan o‘qi xato ketmasdi. Bugun oltita o‘q tayyorlab qo‘yganiga esa nishonga oladigan ko‘zi pand berishi sabab edi.
Tun qora choyshabini yoyganiga uch soat o‘tdimi, to‘rt soatmi, qariya choyxonadan tashqariga chiqdi va ayoz yegan qorning chidamini tekshirib ko‘rdi. Kun isib ketib, qor ustidagi qavat eriy boshlashigacha ovni tugata olishiga ko‘zi yetib, ko‘nglida xotirjamlik to‘lqinlandi. Tovuqxona atrofini aylanib chiqib, katak tomonda biron-bir jonzotning izini ko‘rmadi. U choyxonaga qaytib kirdi-da, ikki kun oldin choyxonaga qarab turishga olib qolgan jiyani Nodirshohni uyg‘otdi:
– Nodirshoh, tur, turaqol, jiyan!
– Nima, biron yerga ketyapsizmi, tog‘a? – Nodirshoh uyqusiragancha esnadi.
– Ha, ketyapman. Kufr ketmayin, bugun umidli kun ko‘rinyapti, – qariya paxtalik shimini kiygach, boshqa safar anjomlarini yig‘ishtirishga tushdi.
Nodirshoh choyxona burchagidagi namat ustiga dasturxon yozdi-da, yerga o‘tirib tez-tez oyog‘iga paytava o‘radi. Etigini kiyib, dasturxon oldiga keldi. Tashqaridan qattiq shamol ovozi kelardi.
Qariya qishda qor rangi bilan bir xil, ov uchun juda qulay bo‘lgan oq chakmonini kiydi-da, har ikki arg‘amchini kamarining yoniga qattiq o‘radi. Uning ustidan o‘qdonni bog‘lab, tesha bilan pichoq solingan g‘ilofni osdi. Nodirshoh yo‘l ozuqasi solingan yukxaltani ko‘tarib tog‘asining yelkasiga tashladi. Qariya miltig‘ini olib, jiyani bilan choyxonadan chiqdi.
– Jiyan, o‘tinni tejab ishlat. Poda qaytargacha qaytib kelaman, inshoolloh.
– Tog‘a, anavi yotib qolgan musofirdan xavotirdaman, – Nodirshoh choyxonaning bir burchagiga ishora qildi.
– Odil tushda o‘tin va bir xumda sut olib keladi. Sen sutga yog‘ qo‘shib qaynatib, bu odamga ichirgin. Tirik qolsa, nur ustiga nur. Zora, bugunmi-erta qarindoshlari qidirib kelsa…
Atrof hali qorong‘i bo‘lsa-da, tong otishiga yaqin qolgan. Qariyaning nazarida yorug‘lik jilolanib, qor ustida hovurdek sakrab-sakrab qorong‘ilik pardasini yulqilayotgandek edi. U har doim yuradigan yo‘lidan qor bosib borardi. Uning nazarida tekis, lekin baland tog‘ etagidan choyxona ancha quyida va uzoqda qolib ketgandek.
Qariya xayollar sirtmog‘ida o‘ralib, og‘ir-og‘ir qadam tashlagancha yuqorilab borardi. Turib-turib ba’zan o‘zini behuda tizginsiz xayollar domiga tashlagani esiga kelar, o‘zi uchun boshqa bir foydali, muhimroq ish haqida o‘ylayolmasdi. Ana shu kunlarda qariyaning boshida bu kabi o‘ylar tez-tez aylanardi. Ikki hafta ilgari kichik o‘g‘li Mirzoni urushga olib ketishdi. Katta o‘g‘li esa ikki yildan buyon o‘q yomg‘irdek yog‘ilib turgan yerda, o‘t ichida. To‘rt oydan buyon undan na bir xat bor, na xabar. Chol obkom kotibi Shohin Nizom oldiga kirib, kichik o‘g‘lini biron yil urushga yubormay turishlarini so‘rashi mumkin edi.
Obkom kotibi Shohin Nizomni o‘ylashi bilan beixtiyor qariyani qattiq qistov siqib kelib, uning nomidan: “Ha, alaloqibat oldimga bo‘yin egib keldingmi”, deya o‘zini o‘zi malomat qilardi. Agar boshiga bundan o‘n chandon qattiqroq kun tushganda ham, hech qachon uning oldiga iltimos qilib bormas, hatto maslahat ham so‘ramasdi. O‘n sakkiz yil toqat qildi. O‘n sakkiz yil “unga uchramayin, yuzini ko‘rmayin” degan o‘yda o‘zini chetga tortdi.
Endi kun yorishib, oldidagi hamma narsa aniq-taniq ko‘rina boshladi. Qariya unchalik baland bo‘lmagan qoya ustiga chiqib, atrofni diqqat bilan ko‘zdan kechirdi. U qaytishda shu yerdan butalar, zarang hamda archa shoxlaridan o‘tin yig‘ib, shoxchanaga ortib choyxonaga tortib ketish qaroriga keldi. “O‘tin masalasi oson, gap ovning baror kelishida”, qariya yo‘lida davom etar ekan, ko‘nglidan o‘tkazdi.
Qariya ov qiladigan yergacha yana bir soatchalik yo‘l qolgandi. U avvaliga o‘sha tomonga uzoq-uzoq tikilgach, xayoliga nimadir keldi-da, ortga yuz burdi. Yer qa’ridan xuddi azim devordek turtib chiqqan balandgina tog‘ uzundan-uzun cho‘zilib ketgan tor vodiy o‘rtasini qoq ikkiga bo‘lib tashlaganga o‘xshardi. Nuroniy turgan yerdan kumushdek tovlanayotgan kamsuv daryo ko‘zga tashlanardi. Suv tog‘ ustidan buralib-buralib oqib tushardi. Chol shu on daryo sohilidan teparoqda, langar tashlagan kemani eslatadigan tepa ustida ona qishlog‘i Darmonning bir burchagi elas-elas ko‘zga tashlanishini eslab qoldi. Qishloqning ana shu burchagini ko‘rganida shusiz ham g‘amgin ko‘ngli yana-da ma’yuslashdi.
Odatda qariya xayolga berilganda, tez tutoqib ketar, yuzini chap yelkasi tomon burib, ustma-ust ikki-uch marta tebratardi. “Ajab dunyo, ajab bir dunyo! Odamning kecha-kunduzi xayol misol o‘tar ekan”, – pichirlardi qariya. So‘ng beixtiyor pastki labini omon qolgan tishlari bilan tishlab, o‘sha zahotiyoq o‘ylar olamiga g‘arq bo‘lardi…
…Darmon qishlog‘i joniga teng joy. Oxirgi yillarda qishlog‘i tushiga kiradigan bo‘ldi. Ana, hozir shu balandlikdan qishlog‘ining bir bo‘lagi ko‘rinib, ohanrabodek o‘ziga tortmoqda. Xotinining alamli, ma’yus qiyofasi ko‘z o‘ngidan o‘tdi. Ana choyxona, askarlikka ketayotgan yigitlar va ularni kuzatayotgan odamlarga liq to‘la choyxona… xotini, Mirzo…ana yana… eh, bechora ona…
…Choyxonadan odamlarning g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir ovozlari eshitilardi. Qariya tashvishlangancha osmonda qimirlamay turgan qat-qat bulutlarga uzoq boqdi-da, qiya ochilgan eshikni itarib, choyxonaga kirdi. Odamlar qariyaning choyxonaga kirishini kutishayotgan ekanmi, birdaniga g‘ala-g‘ovur tinib, hamma u tomonga qaradi. Choyxonada ilgarigiga qaraganda odam ko‘p edi. To‘rdan to poygahgacha katta-kichik yonma-yon, tiqilishgancha, urushning boshlariga keltirgan mashaqqat, tashvishlari haqida gapirib o‘tirardi.
Qariya boshqa odamlardan chetroqda, ustun ortida o‘tirgan ayol va o‘g‘liga ko‘z qiri bilan qarab qo‘ydi-da, o‘choq tomon o‘tdi. Haligina bu yerga tuman markazidan askarlikka ketayotgan yigitlarni olib kelishgan, ular orasida qariyaning o‘g‘li ham bor edi.
Choyxona issiq bo‘lsa-da, qariya o‘t o‘chib qolmasdan, milt-milt yonib turishi uchun o‘choqqa qalin serpanja o‘tin tashladi va javondan jo‘mragining u yer-bu yeri uchgani uchun qadoqlangan oltita choynak va bir nechta piyola oldi. Choyxonaning bor boyligi asli ana shu choynak-piyolalar, yog‘och-tovoq va sopol kosalar, bitta gilam va ikkita eskirgan namatdan iborat edi. Gilam choyxona to‘riga – ikki ustun orasiga to‘shalgan, namatlar uzunasiga bir qavatdan tashlangan edi. Namatdan poygahgacha bo‘yra va poxol solib qo‘yilgandi. Devordagi mixda anchagina tutun va chang bosgan popukli dutorcha ko‘zga tashlanar, u musofirlarning birdan-bir ko‘ngilochar vositasi, ermagi edi.
Qariya choynaklarni qatorlashtirib, pechka ustida biqirlab qaynayotgan qora qumg‘onni olib, choy damladi. O‘g‘li choynaklarni odamlarning oldiga, har yer-har yerga qo‘yib chiqdi. Oxirgi choynakni o‘zi olib harbiy komissar Morozovning oldiga bordi. Komissar bir melisa bilan birga choyxonaning bir burchagidagi taxta o‘rindiq – “eshak”da o‘tirardi. Qariya choynakni qo‘ygach, ko‘zlari porlab dedi:
– Tovarish Morozuf, issiq choy.
Komissar Morozov minnatdorchilik bildirganday qariyaning yelkasiga qo‘l qo‘yib, nimadir demoqchi bo‘ldi, lekin qariya uning so‘zlarini eshitmasdan, o‘choq oldiga qaytdi. Komissar qariyaning ichidan ma’yusligini sezgan holda bir nuqtaga o‘ychan tikilgancha jim qoldi.
Bu yerdagi odamlarning hammasi uni “Tovariщ Moroz” yo “Komissar Moroz” derdi. U urushdan to‘rt yil oldin bu tumanga harbiy komissarlikka tayinlangandan keyin asta-sekin tojik tilini uncha-muncha o‘rganib oldi, endi katta-kichik bilan tanishib, yaqinlashgan edi, urush boshlanib qoldi. Urush boshlanib, uning tashvishi ko‘paydi. Odamlarning oh-nolasi, yig‘i-sig‘isi, yuzlab oilalarning boshiga tushgan qora kun hammasi bir bo‘lib vujudini og‘ir yuk kabi bosar, qalbini tirnardi.
Choyxonada o‘tirganlarning hammasi chanqab qolgan ekanmi, choyni ko‘rishlari bilan g‘imirlab qolishdi. Har bir kishi yo‘lxaltaga solingan safarlikdan u-buni oldiga qo‘yib, choy ichishga kirishdi.
Qariya xotini va o‘g‘lining yoniga kelib o‘tirgach, beixtiyor ustunga suyandi. U odatiga ko‘ra qisqa soqolini barmoqlari orasiga olib silab o‘tirar ekan, tashvishli xayollarga berildi. Qariyaning xotini o‘g‘lining safar xurjunidan bitta arpa noni bilan bir burda zog‘ora non, bir siqim tutqoqi, yong‘oq mag‘zi olib, dasturxonga, ota-o‘g‘ilning oldiga qo‘ydi.
– Bu yerga bekorga kelding, – dedi qariya faqat xotini eshitadigan qilib pichirlagancha.
Qariyaning so‘zlarini eshitgach, bo‘g‘zidagi tugun – alamini zo‘rg‘a tutib o‘tirgan xotinning dardi qayta yangilandi. U ichi-ichidan otilib kelayotgan yig‘ini ortiq tutib tura olmadi va tez-tez oq ro‘molining uchi bilan ko‘z yoshlarini arta ketdi.
– Ona, yo‘l bo‘yi yig‘lab kelganingiz kammidi? – Mirzo onasini tinchlantirmoqchi bo‘lib dedi.
– Eshitdingmi, otang nima dedi? Men bu yerga bekorga kelibman, bekorga! – ona ortiq o‘zini tuta olmadi so‘ng qariyaga yuz o‘girib, yuragini qiynab yotgan tugunni yechib tashladi: – Mirzojon hali yosh, askarlikka olmaydi, degandingiz. Endi meni tinchlantirmoqchi bo‘lyapsiz! Sizning beparvoligingiz bois, bolamni askarlikka olib ketishyapti. Tumanning kattadan-kichigigacha sizni taniydi. Bir marta oldilariga kirib, tushuntirganingizda, manovi choy qaynatish vazifangizdan olib tashlasharmidi? Rasuljonimni olib ketishganiga hali ikki yil o‘tgan emas. To‘rt oydan beri undan xat-xabar yo‘q. Menga bu balolar kammidi, endi kenjatoyimni ham o‘t ichiga olib ketishyapti. Urushayotgan o‘sha kattalarning nahot farzandlari bo‘lmasa? Oh, dardimni kimga aytayin? Yana menga bekorga kelding, deysiz!..
Qariya xotinining odatini yaxshi bilar, agar hozir unga biron nima desa, qiyomat qoyim bo‘ladi. Bor ovozi bilan dod solib, soch-betini yulishdan toymas edi. Qariya xotini yuragini bo‘shatishi, biroz taskin topishi uchun indamay turaverdi.
– Uch haftadan buyon biron marta uyingizga bosh suqmadingiz, borganingizda qanday yashayotganimizni ko‘rardingiz. Sizga choyxona, ha-ha-ha, ko‘ngil ochish bo‘lsa bo‘lgani. Boshqalarning, yetti yot begonalarning xizmatini qilsangiz bas! Ikki nabirangiz zor-zor yig‘lagani-yig‘lagan, o‘tgan kecha har ikkalasini isitma olib, ulardan ajralishimga…
– Ona! – Mirzo onasining yengi uchidan tortib, norozi bosh chayqadi.
– Nazokat va Nozim?! – Qariya bir uchib tushdiyu, lekin tezda o‘zini qo‘lga oldi.
– Hech gap yo‘q, ozgina issiqlari chiqdi. Bugun, Xudoga shukur, butunlay o‘zlariga kelishdi, – dedi Mirzo otasini tinchlantirmoqchi bo‘lib.
Choyxona ularning qishlog‘idan o‘n-o‘n iki farsangcha narida edi. Qariya choyxonachilik qilib yurgan bu paytlar tez-tez uyiga borib turar, yiqilgan-singan joylarni tuzatar, tirikchilikning barcha og‘irliklarini iloji boricha uddalardi. Xotinining hozirgi ta’nasi o‘rinsiz edi.
Bir haftadan buyon qariyaning ta’bi tirriq, qo‘li ishga bormay qoldi. Hatto uch-to‘rt kun choyxonaning bir burchagida terga botib, og‘rib yotdi. Lekin yo‘lovchi hamqishloqlaridan bu haqda uyidagilarga xabar bermasliklarini iltijo qildi. “Ozgina shamolladim, inshoolloh, bir-ikki kunda tuzalib ketaman”, derdi u.
– Biron begona odam eshitsa, billohi azim ishonmaydi. Bolasini askarlikka olib ketishadi-yu, bu kishining xabarlari yo‘q, – qariyaning xotini oldi-orqasiga qaramay, so‘zida davom etardi. – Namuncha peshonam sho‘r bo‘lmasa, meni ko‘rib qovog‘idan qor-yomg‘ir yog‘ilyapti. Bekor kelibman, yomon ish qilibman! Qani, bir atrofingga boq, askar bolalarning ortidan otasi, qarindosh-urug‘lari kelishgan. Agar men kelmaganimda, siz ham shu qurib ketgur choyxonada bo‘lmaganingizda, g‘arib bolamning holi ne kechardi? Xuddi yetimlardek askarlikka ketardi. O‘g‘li urushga ketyapti-yu, otasi bexabar! Vo darig‘, hayot deganlari shu bo‘lsa…
– Ona, pastroq gapiring! Hamma bizga qarab turibdi, – Mirzo onasiga yuz o‘girib, o‘tinganday dedi.
– Bir necha kun tobim bo‘lmadi. Havo sovib, qattiq shamolladimmi, bora olmadim! – qariya shunday deya o‘rnidan turib chala yongan laxchani o‘choqning o‘rtasiga itardi.
Odamlar kechki ovqatni yeyishgach, har yer-har yerda qur olib suhbatlashishga tushishdi. Lekin ko‘pchilik g‘amgin, yuz-ko‘zlaridan tashvish yog‘ilar, bosh-keti yo‘q xayollarga asir bo‘lgancha jimgina o‘tirardi. Komissar Morozov bir parcha qog‘ozga tamaki o‘rab, o‘choq oldiga keldi va qip-qizil laxchani otashkurak bilan ko‘tarib qo‘lidagini yondirgancha tashqariga yo‘naldi.
Qariya tun uzunligini hisobga olib pechkaga ikkita chala yongan katta o‘tin va hali yaxshi qurimagan, tarvaqaylagan daraxt ildizini tashladi, u o‘tning o‘chmay lovullab yonib turishini, musofirlarning qiynalmasliklarini o‘ylardi. Chunki yo‘lovchilarning ko‘plari sahargacha o‘tirgan joylarida ko‘z yumib, tong ottirishardi. Qariya tovuqxonasidan xabar olib keldi va bir necha dona o‘tinni o‘choq oldiga qo‘yib, xotini va o‘g‘lining yoniga o‘tirdi. Choyxonaga tashqaridan shamolning g‘uvillashi eshitilardi.
– Mirzo, kel, sen ham cho‘zil. Ertaga olis yo‘lga chiqasan, – qariya bu gapni aytib, o‘g‘lining boshini tizzasiga qo‘ydi va xotini ikkovi ustunga suyanib, tashvish to‘la o‘ylar og‘ushida pinakka ketishdi…
…G‘urillagan baland ovoz va o‘ta yaqin kelib qolgan uchoq qariyani xotiralardan xalos qildi. Qarasa, ikki qanotli yashil uchoq salgina teparoqda qor bosgan qoya va balandliklarga surkalib o‘tayotgandek qanotlarini goh egib, goh to‘g‘rilangancha, tuman tomon uchib borardi.
Qariya borgan sari vujudida jonini uzib olgudayin charchoq kuchayayotganini sezdi. Endi nafas olishi og‘irlashib, oyoqlaridan mador qochib qiynayotgandi. U ayoz yegan qattiq qor ustida bitta-bitta qadam bosar ekan, erinibgina yuqorilardi. Etik poshnalari uni sirg‘anishdan qanchalik asramasin, qariya qorga o‘tirib: “Ehtiyot – shart”, deya qo‘ynidagi maxsus tayyorlab qo‘ygan ikki arg‘amchini olib, etigining tagcharmiga tugun qilib bog‘ladi va ozgina nafas rostlagach, yana yo‘lga tushdi. U tezroq tekisroq yo‘l topib, uzilgan xayol ipini qaytadan bog‘lashni, shu tariqa olis va og‘ir yo‘lni qisqartirib, ozgina bo‘lsa-da, charchoq yukini yengillashtirishni istadi.
Ana qariya yuzini chap yelkasi tomon burib, ustma-ust ikki-uch marta boshini tebratdi-da, yana oldingi xayollarga g‘arq bo‘ldi…
…Hali tong ko‘zlari ochilmagan edi, qariya to‘rtta tovuq so‘yib, xotini ikkovi askar yigitlar uchun issiq ovqat pishirdi.
Komissar Morozov kech kirayotganda qariyaga erta tong oqarmasdan yo‘lga tushishlarini aytgandi. Ana shuning uchun ham qariya ikkita tovuqni tez-tez bo‘laklab, oltita yog‘och tovoqqa soldi va ustidan sho‘rva suvidan quyib, odamlar oldiga qo‘yib chiqdi. Qolgan sho‘rvani sopol kosalarda Morozov bilan melisaga berdi. Boshqa tovoqchaga o‘zi, xotini va o‘g‘li uchun sho‘rva quyib, nonushta qilishdi. Odamlar qotgan nonni sho‘rvaga bo‘ktirib yeb, qariya hamda uning o‘g‘li haqqiga duo qilishdi. Qariya odamlar o‘zining jindekkina iltifotini qadrlab, o‘zi va oilasi haqiga yaxshi niyatlar qilishganidan, shukr aylab, minnatdorchilik bildirishganidan sevinardi.
Morozov eshik oldiga kelib jarangli ovozda askarlarga tashqariga chiqib, saf tortishni buyurdi. Qariya qolgan bitta tovuqni ikkita arpa non orasiga qo‘yib, o‘g‘lining safarxaltasiga soldi va Mirzoga boshdan-oyoq ichi achishib tikildi. Mirzo otasining nigohidan nima demoqchiligini sezib, dedi:
– Ota, hech tashvish tortmang, oyog‘im issiq, paypog‘im ham bor. To‘nimning paxtasi qalin.
– Xurjunni qo‘y. O‘zim olaman. Sen sheriklaring bilan birga tashqari chiq! – qariya xurjunni ko‘tarib og‘irligini chamaladi, keyin xotiniga ko‘z qirini tashladi.
Qariyaning xotini ustunga manglayini bosgancha hiqillab yig‘lardi. Askar yigitlar qatorlashib choyxona sahniga chiqishdi, ularning ortidan kuzatuvchilar shoshganlaricha xurjunu yukxaltalarni ko‘tarib tashqariga yo‘nalishdi. Qariya o‘choq oldida turgan novcha, oriq kishini oldiga chaqirib, undan to qaytib kelgunicha choyxonaga qarab turishni iltimos qildi. Qariyaning eski oshnasi bo‘lgan bu yo‘lovchi dovon yo‘li ochilgunicha bir necha kundan buyon choyxonada qolgandi. Hozir undan boshqa biron ishonchli odam yo‘q edi. So‘ngra qariya xotini tomon yuz burdi:
– Hayal o‘tmay Nodir kelib qoladi. Bo‘ldi, yig‘ining foydasi yo‘q. Quloq sol, onasi! Nodir meni ko‘rmasdan ketmaydi. Sen unga meni Mirzoni Dushanbega olib ketdi, degin. (Qariya odatga ko‘ra Stalinobod demasdan, faqat shaharning oldingi nomini aytardi). Keyin u bilan uyga ketgin! Eshitdingmi, yana bir o‘zing, yolg‘iz ketmagin! – qariya yumshoqqina, yurakdan achingancha xotiniga gapini aytdiyu, “yo pirim” degancha xurjunni yelkasiga oldi.
– Yo‘lpuli berish esingizdan chiqmasin! – qariyaning xotini yig‘lamsiragancha eshik tomonga qarab baqirdi. – Nasihat qiling, o‘qdan, miltiq og‘zidan uzoqroq yursin, nasihat qiling. Oh, go‘r og‘ziga yetgan boshim, qora kunlarga qolgan boshim!
Askar yigitlar choyxonadan tashqarida, ikki yo‘l tutashgan yerda allaqachon saf tortishgan edi. Tong otib, atrof yorishgandi. Komissar Morozov askar yigitlarni diqqat bilan ko‘zdan kechirgach, Dushanbegacha askarlik intizomiga rioya qilib borishlarini qattiq tayinladi. Shu dam katta yo‘ldan uch otliq o‘tib ketganda, qariya “qanday yaxshi, ular yo‘lni ochib borishadi”, deya ko‘nglidan o‘tkazdi.
Hamma yo‘lga tushdi. Qariya xurjunni ko‘tarib, chap yelkasiga “ayri” qilib tashladi va boshqalardan o‘tib ketish niyatida tezlashganda, qo‘qqisdan xotinining dahshatli nolasi qulog‘iga chalindi. U ortiga o‘girilib, xotini Mirzoga osilgancha yig‘layotganini, bir necha kishi uning qo‘llarini o‘g‘lining bo‘ynidan ajratishga zo‘r berib urinayotganini ko‘rdi. Qariya birdaniga qattiq bir narsaga to‘qnashganday joyida to‘xtadi. U bir necha soniya xotinining bechora holiga qarab turib, unga rahmi kelganidan ichida bir nima uzilganday bo‘ldi.
Qariyaning boshida shu kun, shu soatgacha “odam bu dunyoga faqatgina g‘am-tashvish ko‘rish uchun keladi”, degan o‘y aylanardi. Hatto katta qo‘shinlarning boshlig‘i, boyligi oshib-toshgan odamlar, shohu vazirning ham biron alami, g‘ami bor. Har bir kishi hayotning eng qiyin g‘am-anduhlariga tayyor bo‘lishi zarur. Chunki xuddi suv va havo kabi g‘am, hayot tashvishlari ham odamlarga baravar taqsimlab berilarkan. Inson har nafas olganda u bilan birga dardu g‘amni ichiga yutarkan, chunki azaldan inson loyi ana shundan qorilgan. Shunday ekan, odamlarning nola-fig‘on chekishlari, behuda g‘am tortishlarining ma’nosi ne?
Lekin hozir xotinining holatini his qilgan qariya holda labini qattiq tishladi. U askar yigitlarning hammasi xatar purkab turgan o‘lim og‘ziga borishlarini, ular qatorida jigari ham borligini yaxshi bilardi. Deyarli har hafta qishlog‘iga yoki qo‘shni qishloqlarga jangchilardan qoraxat yo biron noxush xabar kelardi. Miyasini g‘ijimlagan bu o‘y birdaniga uning qon bosimini oshirib yubordi. Axir, uning umr bo‘yi topgan boyligi ikki o‘g‘li edi-da! Hozir ular jangda, o‘t ichida. “Xudoning o‘zi asrasin”, – pichirladi qariya dardli oh tortib. Yo‘q, g‘am-anduh, hayot tashvishlari azaldan odamlar orasida baravar taqsimlanmagan. Ha, kimga ko‘proq, kimgadir kamroq. Har holda g‘amning kattasi ham, kichigi ham g‘am. Har kim vaqt-soati bilan o‘zining tolei, amalidan ko‘radi. Nailoj, bugun hammaning boshiga qiyinchilik tushgan. Sabr qilishing, toqat qilishing kerak, toqat!
Qariya xayolga berilar ekan, yana oldingi fikrida sodiq qolib, hatto o‘zini biroz yengil his qildi. U hali ko‘zini yerdan uzmagan edi, ortdan komissar Morozovning jaranglagan ovozi eshitildi:
– Rizo bobo, ortda qolmang! Kech bo‘ldi!
Yo‘lda borar ekan, xotinining nolasi anchagacha quloqlari ostida eshitilib turdi. U chap qo‘li bilan xurjunning tagidan qattiq ushlab, o‘rab-chirmab kelayotgan xayollar tizginida bir zaylda qadam bosardi. Qariyaning ortidan kelayotgan o‘rta bo‘yli, shopmo‘ylov melisa chaqqon qadam tashlagancha unga yetib oldi. Qariya tepalik ustiga chiqib, askar yigitlar va kuzatuvchilar ortidan komissar Morozov kelayotganini ko‘rdi. Qariya va Morozov orasidagi masofa cho‘zilib ketgandi, chunki qator-qator tizilib kelayotgan odamlar qalin qor bosgan tor yo‘ldan qiynalib kelishayotgandi.
Tunda, soat o‘nga yaqin, hamma charchagan, holsizlangancha Dushanbe vokzali hovlisiga kirib borishdi. Vokzalda odam ko‘p, shovqin-suron. Odamlarning g‘ulg‘ulasi orasidan goh ayollar va bolalarning yig‘i tovushlari eshitilardi. Qariya xurjunni yelkasidan olib, yerga o‘tirdi va vokzal binosiga suyangancha atrofga diqqat bilan ko‘z yugurtirdi. Har yer-har yerda askar yigitlar saf tortgan, harbiy kiyimdagi kishilar ularning atrofida birin-ketin qadam tashlab borardi. Uning nazarida hammaning oromiyu toqati yo‘qdek edi. Qariya bir zum xayolga berildi va birdaniga ko‘z o‘ngida katta o‘g‘li Rasul paydo bo‘ldi. Uning ham anovi harbiylar kabi qo‘lida miltiq, shoshgancha orqa-oldinga yurmoqda edi. Ana yana uning qarshisida changu tutun bosgan cho‘l ko‘rindi. Cho‘l o‘rtasida yelkasiga miltiq osgan o‘g‘li bir o‘zi, yolg‘iz turardi. Birdan shamol turib, chang-to‘zon uni ko‘zdan yo‘qotdi. “Yo Xudoi taolo, har ikki o‘g‘limni o‘z panohingda asra. Ular bu hayotda nimani ko‘rishibdi,” – qariya dard va alam ichida o‘ziga-o‘zi gapirardi. Poyezdning cho‘ziq chinqirig‘i qariyani o‘ziga keltirdi.
– Rizo bobo, Rizo bobo! – past bo‘yli, uzun soqolli kishi uning oldiga chopib keldi. – Hozir poyezdga o‘tirishadi. Mirzo sizni izlayapti.
Qariya shoshgancha o‘rnidan turib, xurjunini yelkasiga tashladi-da, soqoli uzun kishining ortidan yurdi. Askarlar allaqachon saf tortishgan, ularning qarshisida Morozov hamda yana bir harbiy tik turgancha nimalardir deyishayotgandi. Nihoyat Morozov askar yigitlar ro‘yxatini harbiyning qo‘liga tutqazdi-da, hammaga qat’iy va xotirjam murojaat qildi:
– Yigitlar, vaqt oz qoldi! Xayrlashib tezda poyezdga chiqinglar! E-he, ana boshlandi, sabr qilinglar! – Morozov oldinga ikki-uch qadam tashlab, ovozi boricha baqirdi. – Akalar, bobolar, dodlab, baqirib-chaqirmanglar, shovqin solmanglar! Tashqari sovuq, tezroq xayrlashinglar, tezroq!
Qariya xurjunni to‘ldirishga kechikkandi. Mirzo xayrlashaturib otasini bag‘riga qattiq bosdi. Atrofni birdaniga g‘ovur-g‘uvur, yig‘i-sig‘i, dod-fig‘on ovozi tutib ketdi. Uzoq-yaqindan “poyezdga chiqinglar”, “xayrlashish tamom”, “E, voy olib ketishyapti” degan ovozlar goh pastlashib, goh balandlashardi. Qariya xurjunni oyoqlari orasiga qo‘yib, o‘g‘lining yuz-ko‘zidan o‘pdi va uning yosh to‘la ko‘zlarini ko‘rib, yuragi gursillabura boshladi.
– Erkak degani ko‘z yosh qilmaydi! Bu ko‘pga kelgan to‘y, bolam! Inshoolloh, sizlar u yerga yetib borganlaringcha, urush tamom bo‘ladi. O‘zingni tut, bolam, hushyor bo‘l! Sheriklaringdan uzoqlashma!
Qariya o‘g‘liga yana picha nasihat qilishni, ko‘nglini ko‘tarishni istardi, lekin butun vujudini nihoyatda og‘ir hamda iztirobli hissiyot qamrab olgan, ichi to‘lib kelayotgandi. Shuncha o‘zini tutishga urinmasin, lekin qo‘lidan kelmadi, beixtiyor ko‘zlari yoshga to‘ldi. U o‘g‘lining ko‘ngli yomon bo‘lishidan qo‘rqib, ozg‘in, g‘adur-budur kafti bilan tezda ko‘z yoshini artib oldi.
– Rizo bobo, ko‘ngling to‘q bo‘lsin, Mirzo sheriklarisiz urushga bormaydi! Avval uch-to‘rt oy mashq qilishadi, jang qilishni o‘rganishadi. O‘rganishgach, keyin urushga borishadi, – haligi shopmo‘ylov melisa qariyaning oldiga kelib ko‘nglini ko‘tara boshladi, – Rizo bobo, kel, xayr-xo‘sh qilgin-da, yigitga javob ber! Tezroq vagonga chiqib, qulayroq joy olsin.
Odamlar to‘rt tarafdan ota-o‘g‘ilni yelkalari bilan urib, surib-itargancha vagonlar tomon chopardi. Bir burchakdan kimningdir dodlagani eshitildi: “Hoy odamlar, xaltamni o‘g‘irlashdi!” Ovoz tobora balandlashardi. Qariya to‘nining qo‘ynidan bir necha dona qog‘oz pul chiqarib, o‘g‘lining qo‘liga tutqazdi-da, egilib oyoqlari tagidagi xurjunni Mirzoning yelkasiga tashladi.
– Xayr, seni Xudoning panohiga topshirdim! Agar urush… urushga olib ketishsa, ilojini qilib akangni top. – Qariya ovozi burro chiqishi uchun ikki-uch marta tomog‘ini qirib yo‘taldi. – So‘rab-surishtir, nima qilsang-da, akangni topgin! O‘g‘lim, hushyor bo‘l! O‘zingni yo‘qotma…
Poyezd uzoq hushtak chalib, bir silkinib tushdi-da, so‘ng asta-sekin harakatga kelib, olg‘a jildi. Qariya odamlar to‘dasi orasida ayollarning nola-fig‘onlariga chidayolmay o‘zini yo‘qotishiga oz qoldi. U ne azobda odamlar orasidan chiqib, orqama-ketin o‘tib borayotgan vagonlarga garangsiragan holda allanechuk bir beparvo qarab turaverdi. Oxirgi vagon o‘tib ketganidan so‘ng birdaniga miyasiga bir fikr keldi va o‘z-o‘zini koyidi: “Nega unga akasini ko‘rgani zahoti tezda xat yozgin deb aytmadim-a. Yo‘l bo‘yi miyamdan nari ketmagan bu gapni nega unutdim?” U parishonxotirligicha sheriklari bilan vokzal hovlisidan chiqib ketdi.
Qariya Shohmansur bozorida tunab, tonggacha mijja qoqmay chiqdi. Ming bir qo‘rqinchli o‘y-xayol xuddi vokzal sahnida ko‘rgan o‘sha vagonlar kabi ustma-ust bostirib kelardi. U saharga yaqin o‘zida bir og‘irlik, karaxtlik his qildi. Turib-turib bu holatidan asabiylashdi, axir shunday lattaday bo‘shashib ketaversa, olis yo‘lni qanday bosib o‘tadi, uyiga qanday qaytib boradi. Oldinda qalin qor bosgan, yurish mushkul bo‘lgan uzun yo‘l bor.
Nonushta qilib olgach, qariya eski tanishi, ovchining oldiga bordi. Porox va sochma o‘q topgach, sheriklari bilan yo‘lga chiqdi…
…Qariyaning ko‘zi birdan kakliklar to‘dasiga tushdi. Qushlar daraxt shoxlaridan yengilgina uchib, pastqamlikka tushishdi va qor ustida xiromon yurgancha, qariya tomon kela boshlashdi. Qariya tezda qari archa ortiga o‘tdi va miltig‘ining milidan birotar o‘qni olib, o‘rniga sochma o‘q joyladi. Lekin u bu yerga tog‘ echkisini ovlash uchun kelgani, o‘q ovozini eshitgan hayvonlar uzoq-uzoqlarga qochib ketishlarini o‘ylab “otsammi yo otmasammi”, deya ikkilanardi. “Bordi-yu, kun bo‘yi biron o‘lja uchramasa-chi? Echkilar qish kelishi bilan baland-baland qoyalarga chiqib ketadi, o‘ngirlaru g‘orlarda qishlaydi. Hozir o‘ljaning o‘zi oyoqlari bilan oldimga kelib turganda, nega endi tayyorgina ovdan yuz o‘giray? Agar ikki-uchta kaklik ovlab olsam, yaxshi edi-da. Ovning qoidasi shunday: qarshingdan chiqib qolgan tayyor o‘ljani qo‘ldan chiqarsang, keyin Xudo biladi, oving baroridan keladimi-yo‘qmi? Kel, tavakkal qila qolay”.
Qariya miltig‘ining milini kakliklar tomon to‘g‘riladi va ularning pastqamlikdan tepalik ustiga chiqishini, iloji boricha, yaqinroq kelishini kutdi. U har ehtimolga qarshi ro‘molchasi bilan nishonga oluvchi yoshlangan ko‘zini artdi. Oradan hech qancha vaqt o‘tmasdan bir nechta kaklik qariya taxmin qilgan yerga uchib chiqdi. U “yo madadkor” deb pichirlagancha kakliklarni nishonga olib, qushlar bir yerga to‘planishi bilanoq tepkini bosdi-da, tezda o‘rnidan turib tepalik tomon yugurdi. Qariya to‘rt tarafga suqlik bilan ko‘z yugurtirib, qon izini izladi, tepalik ustini sinchiklab qarab chiqdi, lekin o‘qning nishonga tekkanini tasdiqlovchi biron-bir belgi topa olmadi. U anchagacha bir joyda ma’yus turgancha, dilida o‘zidan qattiq koyindi. O‘zidan anchagina chetda va balandda turgan azim cho‘qqilarga ko‘z tashladi. Qariyaning har galgi ovi o‘sha yerda baroridan kelardi.
U tog‘larni, ovni sog‘insa, beixtiyor ana shu tik qoyalaru azim cho‘qqilar ko‘z o‘ngidan o‘tardi. Chunki choyxonaga ishga kelgach, mahalliy ovchilardan birining yo‘l ko‘rsatishi va maslahati bilan o‘sha yerga chiqib, quruq qaytmagandi. Aslida ko‘pni ko‘rgan ovchi hech qachon “mana bugun ovim baroridan keladi va uyga quruq qo‘l bilan qaytmayman”, deya ishonch bilan aytolmaydi. Zotan ovchilarning ishi o‘ngidan kelgan paytlardan ko‘ra, buning teskarisi bo‘ladigan damlar ko‘proq. Lekin qariya mana shu ovloqqa kelishini har doim yaxshilik alomati deb biladi va u yerdan ozgina rizq, o‘lja topib ketishiga ham ishonardi. Hozir jismu jonida biroz quvvat, madori bor ekan, ana shu baland, lekin o‘zi zabt etgan tog‘lardan rizqini topishdan umid uzmasdi.
Qariya ana shu umidda oldingi ovloqqa uzoq tikilib turdi-da, behuda o‘q otgani, qo‘lidan hech narsa kelmaganidan alami kelardi. O‘q ovozi echkilarni tog‘ning narigi tomoniga, yanada balandroq qoyalarga qochirib yuborgani turgan gap. Qariyaning nazarida qoyali kamardan o‘tib, echkilar ketgan tomonga borish juda qiyin va xatarli edi. Shu lahza negaligini bilmaydi, choyxona va o‘zining yo‘liga ko‘zini to‘rt qilib o‘tirgan och musofirlar esiga tushdi. Qariya chakmoni etagining ikki chetini orqasiga buklab, qor ustiga o‘tirdi va atrofga xayolchan boqdi. U ovning baror olishi yo‘lini izlardi.
Quyosh tarqalib borayotgan bulutlar orasidan u yer-bu yerda yuz ko‘rsatib, kungay qoya va cho‘qqilarni sariq rangga bo‘yayotgandi. O‘sha ovloq tomondan uchib kelgan burgut og‘ir-og‘ir qanot qoqib, qariyaning ustidan salgina chetroqdan o‘tib ketdi. Qariya miltiqqa birotar o‘q joylab, o‘rnidan turdi va yana qoramtir, baland cho‘qqilar tomon yo‘l oldi. U hali o‘n-o‘n besh qadam yurmay qulog‘iga tanish uchoqning ovozi eshitildi. Uchoq qariyadan ancha pastda, uncha baland bo‘lmagan adir ustidan o‘tib, titrab-siltanib uchib borardi. Qariyaning nazarida uchoqning uchishi qaldirg‘ochning parvoziga o‘xshab ketdi, u qattiq shamolga qarshi qanot qoqib uchar, shamol uni goh orqaga surib, goh baland ko‘tarib, pastga tushirib o‘ynardi. Oradan bir lahza o‘tdimi-yo‘qmi, uchoqning ovozi o‘zgarib, ustma-ust ikki-uch marta motorining taqillagan tovushi eshitildi. Nogahon uchoq u tomon-bu tomoniga qiyalanib, pastga quladi va tizma tog‘lar etagiga borib tushdi. Qariya tepadan turib uchoqning uchi qorga qadalganini, orqa tomoni ko‘tarilgancha pastqamlikka ag‘darilganini, surila-surila pastlikka sirg‘anib, katta tosh ortiga urilganini ko‘rdi.
Qariya bu manzaraga xuddi tush ko‘rayotganday, xayol surayotganday qarab turar va nima qilishini bilmasdi. Agar shu dam uchoqning ingichka tutuni osmonga ko‘tarilmaganda, qariya yana qanchagacha haykalday qotib turaverardi. Ana o‘sha terakka o‘xshagan ingichka tutun uni qattiq hayajonga keltirdi va qariya dast o‘rnidan turib pastga qarab yugurdi. Lekin hayal o‘tmasdan, kimdir uning ikki oyog‘idan olib yerdan ko‘targanday orqasi bilan qorga yiqildi. Agar qor ostidan turtib chiqqan qirrali toshni ko‘rib abjirlik bilan o‘zini chetga olmaganda, unga urilib jar qa’riga otilishi mumkin edi. U “yo pirim” deb ehtiyotlik bilan o‘rnidan turdi, qo‘lidan uchib ketishiga oz qolgan miltiqni yana yelkasiga ildi-da, yo‘lida davom etdi. U iloji boricha tezroq falokat yuz bergan yerga yetib borishni istardi. Endi tepadan turib xavfsizroq va yaqinroq yo‘lni aniqlab,tezda chakmonining har ikki chetini ortiga to‘rt buklab, ustiga o‘tirdi. Chakmonning uchini oyoqlari orasidan o‘tkazib, bor kuchini to‘plab ushladi. Tezroq pastga tushish uchun sirg‘anib-sirg‘anib qiyalikka yaqinlashdi.
Qariya falokat yuz bergan yerga yetib kelganda, uchoqning singan ko‘kish chap qanoti va dumi pastqamlikning har tomonida sochilib yotganini ko‘rdi. Uchoqning old qismidan haligi teraksimon tutun o‘rniga hovurga o‘xshash oqish tutun buralib-buralib balandga o‘rlayotgandi. Uchoq cho‘ziq katta tosh ortida yonboshlab yotar, uning har ikki o‘ng qanoti tippa-tik turardi. “Yo tovba, luchuk ko‘rinmaydi”, – ko‘nglidan o‘tkazdi qariya va xavotirlangancha uchoqqa yaqinlashib, uning singan dumi ortidan o‘tar ekan, xarsangdan pastroqda qo‘l-oyoqlarini har tomonga yozib, chalqancha yotgan odamni ko‘rdi. Qariya shoshib uning oldiga bordi va qo‘lini qorning tagidan o‘tkazib, ohista ag‘dardi.
Qariya yotgan odamning chehrasini ko‘rishi bilanoq bir uchib tushdi-da, “ah” degancha o‘zini orqaga tashladi. Uning oldida yotgan odam obkom kotibi Shohin Nizom edi. Uning betlari qon, shilingan, hushsiz yotardi. Qariya avvaliga bir titrab, so‘ng miltig‘ini yelkasidan bir chetga qo‘yib, cho‘kkaladi va shoshgancha kotibning oq charmli po‘stini tugmalarini yechdi, ko‘kragiga quloq tutdi. Uning tirik ekanligiga ishonch hosil qilgach, tezda o‘rnidan turib, anchagina naridan Shohin Nizomning qorako‘l terisidan tikilgan telpagini topib kelib, boshiga kiydirib qo‘ydi. Kotib haligacha ko‘z ochmasdan yotardi. Qariya uning ustiga egilib, zo‘rg‘a eshitilayotgan bo‘g‘iq ovozda “Shohin, hoy, Shohin” deya qo‘llarini siladi.
Oradan picha vaqt o‘tgach, Shohin biroz o‘ziga kelib, ko‘zlarini zo‘rg‘a ochdi. U boshida bir kishi turganini elas-elas ko‘rib, holsizgina jilmaydi, qiynalgancha og‘iz ochdi:
– Petya, sen tir…
Qariya uning gapini oxirgacha eshitmay, qulog‘iga og‘zini yaqin olib borib, yumshoqqina, mehribonlik bilan dedi:
– Shohin, hushingni yig‘. Meni tanimadingmi? Bu men. Men… Rizo! Tanidingmi? Rizo.
Shohin Nizom qiynalgancha kiprik qoqib, nimadir demoqchi bo‘ldi, lekin kuchi yetmadi.
O‘sha lahza qariyaning karaxt, hech narsani qabul qilmayotgan miyasiga nimadir urilganday bo‘ldiyu, o‘ziga kelib, epchillik bilan o‘rnidan turdi va Shohin Nizomning chehrasidagi ma’noni uqqandek atrofni havotir ila ko‘zdan kechirdi. “Eh, Petya degani yana o‘sha luchuk bo‘lmasin. O, bu jonvorni o‘sha luchuki bu yerga haydab kelgandir-da”, – qariya ko‘nglidan o‘tkazdi.
– Hozir, inim, hozir. Xavotir olma, luchuk deganingni topaman. Inshoolloh, shu atrofda, biron yerda sog‘-salomat yotgandir, – Shohin Nizom eshitsin, deya qariya ovozini balandlatdi.
Qariya uchuvchi ne holda bo‘lsa, degan o‘yda uchoq tomon shoshdi. Pastdan, qariya turgan yerdan xarsang ustida yonboshlab yotgan uchoqning har ikki o‘rindig‘ini ko‘rish mumkin edi. Ammo uchoqning oldingi qismi xarsangga taqalgudek yaqin turar va qariya ana shuning uchun ham uchuvchining pastga tushganini ko‘rmay qolgan bo‘lishi mumkinligini o‘ylardi. Uchuvchining belidan yuqorisi uchoqdan chiqib turgani ko‘rindi, u katta tosh ustida yuztuban yotardi. Ko‘zoynagining chap tomoni singan, toshga yopishgan yuzidan ariqchadek oqqan qon pastga tushib qotib qolgandi. Qariya uning ustiga egilib, avzoini ko‘rgach, allaqachon halok bo‘lganiga amin bo‘ldi. Bir zumda uning boshidan ming bir o‘y-xayol, taxminu gumon o‘tdi. “Bu qanday battol, bu qanday qattiq kun. Nima qilsin? Bittasi o‘lgan, ikkinchisi tirik… Axir o‘likni tirikning oldiga olib borish yaxshi emas… Lekin jasadni bu yerda qoldirib ketib ham bo‘lmaydi. Tunda yirtqichlar uni tilkalab tashlaydi. Nima qilsin, nima? Buning chorasi bitta – tirik odamni iloji boricha tezroq dashtga yetkazish kerak. Ha, mana shunday, inim”.
Quyosh bulutlar karvoni orasidan nur sochayotgan bo‘lsa-da, yoqimsiz sovuq shamol betni chimchilab-chimchilab o‘tardi. Bulut to‘dalari orasidan ko‘m-ko‘k osmon xuddi sof, zilol suvli hovuzlar kabi ko‘zga tashlanardi. Quyoshning nur sochib turishi, havoning yumshashi qariyaning ayni ko‘nglidagidek edi. Chunki qorning ustki qatlami biroz erigan va bu yerdan pastga tushish uchun qulay sharoit yaralgan edi.
Endi qariya uchoqni itarib, xarsangning yoniga tirab qo‘yishni, uchuvchi oldingi yerida osmonga qarab yotishini o‘ylab ishga kirishdi. U shunday qildi ham. Arang yonbosh yotgan uchoqni ozgina itargandi, uning qorni yerga tegdi va o‘ng qanoti ikkinchi tomoniga yotib qolishiga qo‘ymadi. Qariya tezgina uchoq ustiga chiqib, kamaridan teshasini oldi-da, o‘rtadagi devorchani sindirib, ikki o‘rindiqni birlashtirdi. Jasadni avaylab chalqancha qilib yotqizdi-da, uchoqning singan qanoti bo‘lagini olib, uchuvchining ustini yopdi. Ehtiyot yuzasidan xarsang yonidagi ikkita kichikroq toshni teshasi bilan ko‘chirib oldi. Bu toshlarni uchuvchining ustini yopib turgan qanot sinig‘i ustiga qo‘ydi. “Yaxshi bo‘ldi, ertagacha tinch yotadi. Sho‘rlik luchuk, uning ham xotini, bolalari, ota-onasi bordir. Bizning hammamiz urushning yoqasidan olamiz. Lekin bular kuppa-kunduzi, tinchgina yerda, urushdan qancha uzoqda jabrlanishdi. Lekin bu voqea ham urushning kasofati bo‘lsa ajab emas. Eh, hardamxayol, xo‘p safsata so‘qish vaqtini topding-da”, – qariya ichida o‘zini koyidi. U Shohin Nizomni qanday qilsa ozor bermasdan choyxonaga yetkazib borishni o‘ylay boshladi.
Qariya obkom kotibining holidan xabar olgach, ikki qalin archa shoxini qirqib, odam bo‘yi uzunligida ikkita chanasimon tortma yog‘och yasadi. Zarang va archaning ingichka shoxlarini tortma yog‘och ustiga qator qilgancha zichlab terib, arg‘amchilardan biri bilan o‘rtasidan qattiq tortib bog‘ladi. Uchoq qanotining singan bo‘lagini chana bo‘yiga muvofiq qilib ustiga qo‘ydi-da, ikkinchi arg‘amchi bilan qimirlamaydigan qilib bog‘ladi. Arg‘amchining ortiqcha uchini qirqib olib, tortmoq yasadi.
Chana Shohin Nizomning yonida egar-jabduqlangan otdek “qamchilashga” mahtaldek turardi. Qariya uning ustiga engashib, hushiga keltirmoqchi bo‘ldi, lekin Shohin Nizom ko‘zlarini katta ochgancha unga hayrat bilan tikildi:
– Bu senmisan, Rizo?
–Ha, menman, Shohin, men. Yaxshiyam o‘zingga kelding, qariyaning oyoq-qo‘li qaltirab, titroq qo‘llari bilan po‘stin tugmalarini o‘tqazdi-da, Shohin Nizomdan ko‘zlarini olib qochdi.
– Buni ko‘r-a… kelib-kelib qayerlarda, yana qanday ahvolda uchrashdik, – Shohin Nizomning so‘zlari uzilib-uzilib chiqsa-da, eshitilardi.
– To‘g‘ri aytasan, bu falokatga qayerdan yo‘liqding, inim. Biron yering mayib bo‘lmagandir? – qariya bu gal ham uning yuziga qaramasdan gapirdi.
– Sen qayerdan xabar topding? – Shohin Nizom labini tishlab dardli, chuqur nafas oldi.
– Men hov anovi, yuqorida… biron yering jarohatlangan emasmi?
– Tesha chopgandagi ovoz meni o‘zimga keltirdi. O‘ng oyog‘imning tizzadan pasti yondirayotganday, ombur bilan burab-burab olayotganga o‘xshaydi, – Shohin Nizom labini tishlagancha qariya tomon madad so‘raganday termuldi.
Qariya Shohin Nizomning nigohidan ma’no uqdi – uning azobi og‘ir, toqat qilib bo‘lmas og‘riqqa tishini tishiga qo‘yib chidayotgandi. Uni iloji boricha tezroq pastlikka olib tushishi va dardiga darmon izlashi zarur.
– Bu chana bo‘yingga mos, inim. Qani qo‘lingni ber, o‘tira olasanmi? Yo pirim! – qariya obkom kotibining qo‘lidan tutib, avaylagancha o‘rnidan qo‘zg‘atib, chanaga o‘tqazdi.
Shohin Nizom joni uzilgudek oh tortib, oq namat etigiga qo‘l cho‘zdi.
– Rizo, oyog‘im singanga o‘xshaydi. A’zoi badanim shishib ketganday.
– Nima deb o‘ylaganding? Osmondan uchib kelib, yerga urilasan-u biron yering og‘rimas ekanmi? Haliyam toleing baland ekan, inim, bo‘lmasa… – qariya uchuvchining o‘lganini aytib yuborishiga oz qoldi.
Shohin Nizom qiynalgancha yuzini ortga burib, yiqilgan uchoqqa alamli nazar tashladi-da, xavotirlangacha qariyadan so‘radi:
– Petya… uchuvchi qani? Rizo, undan xabar oldingmi? Tezroq balandlikga chiqib, uni top!
Qariya hozir uchuvchining o‘limi haqida unga aytmaslikka qaror qildi.
– Luchukning ahvoli og‘irroq bo‘lgani uchun bir sherigim bilan oldinroq jo‘natib yubordim. Kel, tirsagingga tayanib, chanaga chiq, men pastdan asta oyoqlaringni ko‘taraman, – dedi Qariya Shohin Nizomning yoniga chanani yaqinlashtirar ekan.
– Rizo, bunday qilolmaymiz. Qorni picha olib tashlab, chuqur yasa, chanani o‘sha yerga qo‘yasan. Men sirpangancha osongina chanaga chiqib olaman, – og‘riq kuchaydi shekilli, Shohin Nizom yana labini tishladi, yuzini burishtirgancha jimib qoldi.
Endi Shohin Nizom chana ustida uzala tushgancha yotar, og‘riq kuchli ekanligidan tez-tez “um-m”lardi. Qariya esa, arg‘amchining ortiqcha uchlaridan kesib olib, o‘rtasidan uchga bo‘ldi-da, chanadan o‘tkazib, tugun bog‘ladi. Chana pastga tushayotganda sirpanib ketadigan bo‘lsa, obkom kotibi yiqilmasligi uchun ikkinchi arg‘amchini uning oyog‘iyu belidan o‘tkazib bog‘ladi.
Qariya ehtiyotlik bilan chanani pastga tortib borardi. Qiyalik va pastliklarga tushayotgan paytda chana botib qolmasligi yo ag‘darilmasligi uchun qor erib, muloyimlashgani ayni muddao bo‘lgandi.
– Sho‘rlik Petyaning uchishga ko‘ngli bo‘lmayotgandi, – Shohin Nizomning qariya qulog‘iga yetgan tovushini tushunish qiyin edi.
– Labbay?
– Uchuvchi uchishni istamagandi, norozi edi, deyman. Sho‘rlikning yuragi sezgan ekanmi. Men majbur qildim.
– Falokatga bir narsa deb bo‘larmidi.
– Majlisga kech qolmay, dedim. O-o, agar har bir kishi nima bo‘lishini bilganda edi, – Shohin Nizom qariyani iloji boricha ko‘proq gapga solishni istardi. – Rizo, bu yerga qanday kelib qolganingni aytmading, yo aytgan bo‘lsang, men eshitmadimmi… Nima, choyxonada uchoqning yiqilganini ko‘rib, yordamga yugurdingmi?
– E, inim, choyxona qayerda yotibdiyu, biz qayerdamiz? Men ovga chiqqandim. Biron o‘lja otib olish bilan o‘tin qilib ketish niyatim bor edi.
– Rizo, uchuvchini kim olib ketdi?
– Luchukni… mening sherigim … boshqa bir ovchi.
Qariya yolg‘on to‘qiyotgani uchun o‘zini aybladi. “Qani endi bu yerda gapning to‘g‘risini ayta olsam. Hali pastga tushganimizdan so‘ng yana luchugini so‘rab qolsa, unda nima deyman? Nima ishlarni qilding-a, inim…”
Shohin Nizom oyog‘ining zirqirab og‘rishi pasayayotganini, endi zarb yegan va yana bir necha yeri oldingiday qattiq emas, balki igna sanchayotganday og‘riyotganini his qildi. A’zoyi badani ham boyagidek yondirayotgandek og‘rimas, ko‘kragini halovatbaxsh bir his qamrab olayotgandek edi. “Nahot buning hammasi o‘lim alomati bo‘lsa. Balki havo sovuqligidan odamning badani karaxtlashib, og‘riq yengillashar?”– u allanechuk bir xotirjamlik bilan fikrlardi. Kiprik qoqishi og‘irlashib, ko‘zlari yumilib borardi. Lekin hozir u ixtiyorini uyqu hukmiga topshirib qo‘yishni istamas, ko‘nglining bir chetida vahima, cho‘chish hissi g‘imirlayotgandi. Ustma-ust bir necha marta yo‘talib, uyquni qochirmoqchi bo‘ldi. U endi ko‘proq gapirishni, dilini yorishni istardi. Ikkovining orasida aytiladigan gaplar bor edi. Lekin, nailoj, ko‘p gapiray desa, oldingi madori yo‘q. Ana ko‘z o‘ngiga bir-biri bilan almashayotgan past-balandliklar, qoya va yon bag‘irlar yugurib keldi. Yuragi shuvillab, orqaga tortganday bo‘ldi. Petyaga nimadir demoqchi bo‘lar, lekin ayta olmasdi. Quloqlariga ham qulf osilganday. Nimadir uchoqni to‘xtovsiz pastga tortadi. Ana yuragi uzoq-uzoq dukillab urdi…
Shohin Nizom joni uzilguday dardli oh tortdi. Qariya chananing uchini toshga tiradi va Shohin Nizomning boshiga keldi. Uning minnatdorona hamda iltijoli nigohidan ta’sirlandi. Lekin yana uning nigohidan ko‘zlarini olib qochdi.
– Toqat qil, Shohin. Ozgina qoldi, yana birpasdan so‘ng pastga tushamiz. Nima, oyog‘ingning og‘rig‘i zo‘raydimi? – dedi qariya chananing o‘rtasidan bog‘lagan arg‘amchini biroz bo‘shashtirib.
– Og‘riq kuchayganda qani edi, ko‘zlarimdan uyqu qochgan bo‘lardi. Rizo, hoy, Rizo!
– Labbay!
– Nega tilingni ichingga yutib olding? Rizo, bilaman, sen mendan qattiq xafa bo‘lgansan. Kel, dardimga sherik bo‘l… kel, yuragimizni yoraylik, Rizo, – Shohin Nizom qariyaning ko‘nglidan eski gina-kuduratlarni yuvib tashlashni istadi.
– Qo‘y, hozir bu gaplarning mavridi emas, inim. Pastlikka tushib olaylik, keyin…
– Pastlikka yetib borishim dargumon, Rizo, – Shohin Nizom toqatsizlanib tezda qariyaning og‘zidan gapini oldi. – Yuragimni qorong‘ilik bosyapti. Xo‘-o‘sh, oilang tinchmi, Rizo?
Qariya chanani toshyonidan surdi va bir oz o‘yga cho‘mgach, beparvogina dedi:
– Urush ketayotgan bu zamonda qaysi bir oilada halovat bor, inim. Ikki yil bo‘ldi, Rasuljon…
– Ketganidan xabarim bor, – qariya tezroq maqsadga ko‘chishi uchun Shohin Nizom yana gap qo‘shdi.
–O‘tgan hafta ikki qo‘limni ko‘ksimga qo‘ygancha Mirzoni Dushanbega olib borib, poyezdga o‘tqazib yubordim. Sho‘rlik o‘g‘lim endigina o‘n yettiga to‘lgandi, – qariyaning ovozi titradi va oh tortib, uzoq jim qoldi.
– Buni qara-ya, u xursandchilik kechagina bo‘lganday. O‘sha kuni men Dushanbedan kelgandim, – Shohin Nizom yo‘talib olgach, gapida davom etdi. – Yangi mehmon uyingni to‘ldirib, to‘y berayotganingni eshitdim. Sen Davron ikkovimizning to‘yingda qatnashganimizni bilmaysan, Rizo.
– Nima? – qariya bir uchib tushganday bo‘lib, chanani to‘xtatdi-da, ortiga burildi. – Shohin, kel, hazilingni qo‘y. Yolg‘on gapirma! To‘yda Davronni ko‘rgandim, seni ko‘rganim yo‘q.
– Bor edim, ishon, Rizo! – Shohin Nizomning labiga kulgi yugurdi va biroz o‘ylanib turib, yana gapida davom etdi. – Davronni boshlab ichkari kirdim-da, ko‘nglim tusab-tusab hovlingni ikki marta aylandim. Odamlarga “to‘yxonadan chiqdim”, dedim. To‘yxonaga kirishni, quvonchingga sherik bo‘lishni istardim. Lekin yana andisha qildim, meni xafa qilishingni, choq ta’bingni ham tirriq qilishingni o‘yladim.
Kutilmagan bu gapni eshitgan qariyaning avzoyi o‘zgarib, rang-quti o‘chdi. U beixtiyor arg‘amchini qattiq siltab, tarang tortdi. Chana qiyalikdan tez pastlab ketdi.
– Buni qaragin-a. oradan o‘n sakkiz yil o‘tsa-da, haligacha yuragingda alam bor ekan…
Qariyaning qovog‘i osildi. Yuzini chap yelkasi tomon burib, ustma-ust ikki-uch marta bosh silkitdi. “Ajab dunyo, ajab dunyo. Odamning kechayu kunduzi tushdek, xayoldek o‘tib ketarkan”– pichirladi qariya. Endi pastki labiga ustma-ust tishlarini botirdi, ko‘z qarashini uzoq tevarak-atrofdan tortib, yo‘lidagi bir nuqtaga tikdi. U yana xayol olamiga sho‘ng‘idi…
…U agar esidan chiqmagan bo‘lsa… hov anovi qo‘shni qishloqdan otga minib kelardi. Kamarida to‘pponcha va qilich osig‘liq. O‘sha paytlar ana shunday qurollanib yurardi. Zamon notinch edi. Qo‘shni qishloqda tunda aksilinqilobchilar muallim bilan bir sho‘ro komandirini qatl etishgandi. Vahshiylarcha. U iztirobli yuragi zirqirab, alami oshib-toshib kelardi. Yo‘l chetidagi boqqa yetmasdan, qarshisidan o‘ng tarafdagi qo‘shnisi Karim quvonchidan qo‘llarini silkitib, chopgancha keldi. “Rizo, suyunchi ber, suyunchi, o‘g‘ilchalik bo‘lding”, – dedi u. Rizo bu xushxabarni eshitishi zahoti uyi tomon ot choptirdi.
Qariya o‘sha 1926 yilda qirq sakkiz yo qirq to‘qqizga kirgandi. Agar adashmasa, Shohin Nizom undan taxminan olti yosh kichik edi va o‘sha paytda u tuman revkomi vazifasini o‘tardi. Ana o‘shandan bir yil oldinroq qariya va Shohin Nizom o‘rtasida kelishmovchilik kelib chiqqandi. Bu nizo har ikkovi uchun ham bir necha yeridan tug‘ilgan necha yillik bosh-keti yo‘q muammodek ko‘rinardi. Lekin nima bo‘lganda ham ushbu dilxiralik qariya uchun juda og‘ir bo‘lib, qimmatga tushdi. Farzandining to‘yiga hech kutilmaganda Shohin Nizomning kelishi ham shu sababdan bo‘lishi mumkin. Lekin axir… uni havasi kelganmi, oyog‘i tortganmi-boshqami, to‘yga kelishga nima majbur etgan? Gapning to‘g‘risi, bu bir muammo edi. Balki yangi ayb va gunohlarni to‘plab kelib, oyoqlarimga o‘rab ketish uchun kelgandir? Agar shunday bo‘lmaganda, menga qancha ta’na yog‘dirib, do‘st-dushman orasida uyaltirganidan keyin yana yuziga qalin teri tortib, hech narsadan tap tortmasdan hovlimga kelib, to‘yimdagi xursandchiliklarga sherik bo‘lishga nima hojat edi?
– Rizo, so‘zlarim javobsiz qoldi. Yo og‘zingga suv olganmisan? Sen hech o‘zgarmading-da, – anchagacha jimlikdan so‘ng Shohin Nizom past va titragan ovozda so‘zlab, qariyani suhbatga tortmoqchi bo‘ldi.
Qariya uzoq-uzoqdan o‘zi uchun ayon bo‘lmagan va ahamiyatsiz ovozni eshitgandek: “Hm-m, gapir, hammasi qulog‘imda”, dedi bazo‘r tovush chiqarib, lekin boshqa hech narsa demasdan yana o‘sha oldingi xayol dengiziga botdi.
…O‘tgan o‘n sakkiz yil orasida oramizda na salom-alik, na bordi-keldi bor edi, u zig‘ircha bo‘lsa-da, biron marta men haqimda o‘ylaganmikan? Shuncha yillar davomida bizning kelishmovchiligimiz va oramizdagi nizo sababini o‘ylaganmikan, o‘z-o‘ziga u nimadan kelib chiqqan edi, deya savol berganmikan? Ikki kishining janjali oqibatida o‘sha paytda hamma uchun aziz bo‘lgan bir inson qancha aziyat chekkani, xo‘rlanganini o‘ylaganmikan? Ha, bu g‘ujg‘on o‘ylar meni tinch qo‘ymasdi. Har gal eslaganimda alam va umidsizlikdan o‘zimga yopishardim. Oson emas, uka, oson emas. Sen o‘ta berahm, toshyurak baliqchi to‘riga ilingan baliq misoli eding. U shafqatsiz baliqchi seni qirg‘oqqa irg‘itib yuborgandi. Irg‘itdi-yu, ortiga qaramasdan ketaverdi. Sen tuproqu loyga belanib, bir yerda tipirchilarding…
– Rizo, sen nega namuncha o‘z-o‘zingga g‘udullab, chakagingga zo‘r beryapsan? Ikki-uch marta gap qotsam, quloqlaringni karlikka solib, tilingni ichingga yutyapsan. Xudo insof bersin, Rizo! – Shohin Nizom bu gal kuchi boricha ovozini balandlatishga urinar, gap ohangidan malol kelgani sezilardi.
Qariya ortiga qayrilib qaradi-da, Shohin Nizomning gina aralash so‘zlaridan xulosa chiqardimi, qadamini biroz sekinlatdi. Lekin yana og‘iz ochmasdan, jim ketaverdi. U hamon boshida aylanayotgan o‘ylar ta’sirida hayajonlanar, miyasi qizib borar va hozir o‘zi uchun qimmatli bo‘lgan xotiralar ipining uzilishini istamasdi.
…Ilgarilari Darmon qishlog‘idan juda ko‘p yoshlar Farg‘ona vodiysiga va O‘rta Osiyoning boshqa shaharlariga paxta zavodlarida ishlash uchun borishardi. O‘rta Osiyoning o‘sha paytdagi yirik paxta zavodlaridagi eng og‘ir, sabru toqat talab qiladigan ishlari asosan tog‘lik alpqomat, mehnatdan qo‘rqmas tojik yigitlar zimmasida edi. O‘rta Osiyodagi ishchi sinfining bir katta qatlamini ana o‘sha “Odina” deb ataladiganlar tashkil etardi.
Yigirma ikki yoshli, qad-qomati kelishgan yigitlik paytida uning ko‘nglida Farg‘ona yo Kogon taraflarga borib, biron-bir ishloqqa ishga kirib, pul topish orzu-havasi paydo bo‘ldi. Chunki u tomonlarda ishlab, qishloqqa qaytib kelayotgan odamlar bir dunyo qissa va kechinmalarni ming xil rangga bo‘yab hikoya qilishar, Samarqand va Buxorodek afsonaviy shaharlardagi ko‘rgan-kechirganlari, sayru sayohatlarini eshitgan yosh yigitchalarning og‘zi ochilib qolardi. Albatta, bularning hammasi qishloq yoshlariga ta’sir qilmay qolmasdi. Bundan tashqari tog‘liklar orasida bir odat bor edi – har bir yigit aqalli ikki yil g‘ariblikning og‘irliklarini boshidan kechirishi, mashaqqatli mehnat hisobiga hayotning qadriga yetishi va shu orqali bir burda nonini minnatsiz yeya olishi zarur edi. U yog‘iga mashaqqatli o‘nqir-cho‘nqir yo‘llar va hayot qiyinchiliklariga to‘la safarni ko‘ngillari tusab qolardi.
Qishloqda yo‘qchilik, kambag‘allik bois vaqtida to‘y-sur qilib, uylana olmayotgan yigitlar ko‘p edi. Ana shu sababli ham ularning ko‘pchiligi g‘ariblikka, sarson-sargardonlikka yuz tutib, hayot, olam bilan odamga nisbatan qarashlari, fikrlari o‘zgarib borardi.
Qariyaning esiga o‘sha yillar Darmon qishlog‘idagi kelbatli, hammadan obro‘liroq bo‘lgan Aloviddin sarkor keldi. U qishloqdagi ko‘plab odamlar, jumladan, Rizoning ham taqdirini o‘zgartirishga sabab bo‘lgan inson edi. Uning Farg‘ona vodiysida, u yerdagi sanoat qishloqlari boshliqlari orasida ayniqsa, obro‘si baland edi. Ko‘pchilik mardikorlarni uning tavsiyasi bilan ishga olishardi. Ana o‘sha sarkor bahor kunlarining birida Rizoni ota-onasining istagiga ko‘ra, Farg‘onaga olib bordi va paxta tozalash zavodiga ishga joylab qo‘ydi. Ota-onasining rejasiga ko‘ra, Rizo Farg‘ona tomonlarda bir yarim-ikki yil ishlab, to‘yga va kelinning sepiga yetarli pul ishlab, qishloqqa qaytishi kerak edi. Ularning aytganlariday bo‘ldi. Rizo ikki yil Farg‘onada ishlagach, yangi kiyimlar kiyib, qancha yuk olib, qishloqqa qaytdi. Bir necha kungacha qarindosh-urug‘lar, qo‘ni-qo‘shnilar uni ko‘rgani kelishdi va ko‘pni ko‘rgan qariyalar iloji boricha tezroq to‘y taraddudini ko‘rishni maslahat berishdi. Rizoning peshonasi sho‘r ekanmi, bir hafta o‘tmasdan kelin bo‘ladigan qiz o‘lib qoldi. Bu hodisadan so‘ng Rizo anchagacha nima qilarini bilmasdan qayg‘uga botib yurdi-yu, yuragi qattiq zirqiragancha yana Farg‘ona tomon yo‘l oldi. Rizo bu gal rosa uch yil u tomonlarda qolib ketdi. O‘rta Osiyoning ko‘pgina shaharlarida bo‘lar ekan, Rizo u yerdagi katta-kichik ishloqlar bilan tanishdi, ishchilar, ishboshilar bilan do‘stlashib ketdi. Ikkinchi bor Darmon qishlog‘iga qaytib kelganidan so‘ng Shohin Nizom u bilan safarga chiqish ixtiyorini bildirdi. Shu tariqa ular avvaliga Qo‘qon va Farg‘onada, so‘ngra Marv va Toshkentda ish qanday og‘ir bo‘lmasin, bajarib yuraverishdi. Rizo Shohin Nizomni ko‘plab do‘stlari, o‘rtoqlari bilan tanishtirib, uning ko‘nglida mehnatsevarlik, haqiqatni yoqlashdek hisni uyg‘ota oldi. Ular birinchi marta o‘sha musofirlikda yurgan yillari Rusiya imperiyasidagi fabrika va zavodlarda ishchilar g‘alayon qilishayotganini eshitishdi va bu g‘alayonlar to‘lqini Buxoro amirligi hamda Turkistonga ham yetib keldi.
Qariyaning esiga yana turli millatdagi ishchilarning boshliqlari va katta-kichik boylarga qarshi uyushganlari, qo‘zg‘ala boshlaganlari keldi. Bu g‘alayonlar va ishchilarning birlashishlariga o‘sha kezlarda faol bo‘lgan rus ishchilari, Samarqand, Buxoro va Xo‘jand aholisi qolaversa, Turkistondagi ayrim tumanlarning dunyodagi qo‘zg‘olonlardan xabardor bo‘lgan insonlar ta’siri bo‘ldi. Mardikorlar to‘xtovsiz targ‘ib-tashviqotlar ta’sirida shusiz ham qalqib turgan amir taxtini ag‘darish, o‘zlari uchun muvofiq hayot qurish yo‘lida qaynoq qonlarini to‘kishga ham tayyor edilar. Ana shu kezlarda Shohin Nizom o‘zanini topish uchun o‘zini tog‘-toshlarga urayotgan suv misoli atrofda bo‘layotgan hamma voqealarni anglab yetish va ishchi harakatlari maqsad-maromini tushunish uchun intilardi. U ko‘pgina yashirin yig‘in hamda majlislarda qatnashar, davru zamon voqealarining asosiy mohiyatini tushunib olishni istardi. Uni jonu jigaridek yaxshi ko‘radigan Rizo Shohin Nizomning bunday intilish, harakatlaridan ba’zan cho‘chib qolardi. Chunki bu orada hamkorlaridan qanchasi ta’qibga uchrab, qamoqxonaga tashlangandilar.
…Daraxt to‘nkasiga urilgan chana ham qariyaning birday kechayotgan o‘y-xayollarini buza olmadi. Uning butun es-hushi o‘tmishdagi sertashvish, fojiaga to‘la voqealarga berilgan edi…
Birdan ko‘z o‘ngida Buxoroni zabt etish uchun kelgan rus askarlarining to‘pu miltiqlari amir o‘rdasi tomon yo‘nalgani xuddi kechagidek namoyon bo‘ldi. “Maishatga berilib ketgan” deb aytiladigan amir jon talvasasida taxtu saltanatini tashlab, Hisori Shodmon tomon jo‘nab qoladi. Buxoro ishg‘ol etilgandan so‘ng, Rizo va Shohin Nizomni bir guruh askarlarga qo‘shib amir sarbozlarini va Rusiya inqilobiga qarshi turgan odamlarni tugatish uchun Hisor vodiysiga jo‘natishadi. Aksilinqilobchilar tor-mor etilganlaridan so‘ng Shohin Nizomni revkom vakili sifatida Hisorda olib qolishadi. Rizoni esa, qizil askarlar guruhiga qo‘shib, boshqa qurolli to‘dalarni ta’qib etish uchun o‘zi tug‘ilgan tumanga jo‘natishadi. Rizo u yerda uch yilgacha revkom raisi muovini bo‘lib ishlaydi.
1923–1924 yillarda bu vodiyda qaytadan tashvish hamda notinchliklar yuzaga keldi. Esida… esida – Sho‘rolar hokimiyatiga qarshi bir to‘dani ta’qib qilish paytida, ularni Xosa tizma tog‘lari tomon quvib borisharkan, vakil bilan gaplari qattiq qochib qoldi. O‘sha vakil somon g‘arami ortidan salla o‘ragan qariyani sudrab kelib, “ana bosmachini qanday otib tashlashadi”, degancha cholning peshonasini nishonga oldi. Rizo abjirlik bilan qilichining orqasi bilan vakilning bilagiga urdi va to‘pponchadan otilgan o‘q xato ketdi. O‘shanda Rizo vakilga qilayotgan ishi xatoligini, mahalliy odamlarning ko‘pchiligi salla o‘rab yurishini va salla o‘rash hali “bosmachi” degani emasligini, isbotlamasdan turib insonni o‘ldirish noto‘g‘ri ekanligini aytdi. U qariya qizil askar kimligini ham yaxshi bilmas, qo‘rquvdan hovlisidagi somon g‘arami ortiga yashirinib olgandi. Ayrim sodda odamlarning ana shunday harakatlari tahqir va ozor berish, otib o‘ldirish boisi bo‘larmidi! Ana shunda Rizo bilan vakil o‘rtasida boshlangan sovuqlik keyingi voqea va hodisalarga, qariyaning hayotiga ham ta’sir qilib turdi.
1924 yil oxirlarida Shohin Nizomni tuman revkomi raisi qilib tayinlashdi va o‘sha vakilni Rizoning o‘rniga muovin qilishdi. Rizo aholi orasida alohida obro‘-e’tiborga sazovor bo‘lgani uchun uni tog‘ning kungay tomonlaridagi qishloqlar jamoat kengashi raisligiga tayinlashdi. Bu orada bir necha oy o‘tdi va favqulodda, ha, favqulodda…
…Qariya yo‘lida kutilmagan ajoyib-g‘aroyib narsani ko‘rgandek shartta joyida to‘xtadi. Chana ohista surilib kelib, etigining orqasiga urildi. U tezda ortiga qaytib, Shohinning ustida tik turaverdi.
– Shohin, ho, Shohin, – dedi qo‘qqisdan ovozini balandlatib qariya.
Shohin Nizom holsizlangancha, g‘amgin ko‘zlarini ochdi.
– Og‘rig‘ing pasaydimi, Shohin? Sen ham jimib qolding, – Shohin Nizomning lablariga tabassum ozgina moyil bo‘lganini ko‘rgan qariya jindek ruhlanib, bir chetga omonatgina o‘tirib, chekkaga qaragancha gapida davom etishni istadi. – Bilmadim, hozir mavridimi yo yo‘qmi…
– Mavridi, Rizo, aynan hozir mavridi, – Shohin Nizom qariyaning maqsadini anglaganday holsizlangancha gap boshladi. – Lekin sen hozir men uchun o‘ta aziz bo‘lgan shirin xotiralarimdan shafqatsizlarcha ayirib tashlading.
– Ha, inim, xotiralaring sen uchun shirin bo‘lsa, menga achchiq..
– Umrimizni yaxshimi, yomonmi birga o‘tkazganligimiz haqidagi xotira har birimiz uchun tirik bir guvoh, – Shohin Nizom quruqshab yorilgan lablarini tili bilan namlab, og‘ir, g‘amgin nigohini qariya tomon qadadi. – Rizo, xo‘-o‘sh, esingdami, meni ne azoblarda Qo‘qonu Farg‘onaga olib borganding?
“Maqsadimni sezib, gapni burishini qara”, – Shohinning gaplari yoqmagan qariyaning xayolidan shu fikr o‘tdi.
Shohin Nizom pastgina, hazin bir tovushda gapida davom etdi:
– Bir kun-uzzukun Samarqandni boshdan-oyoq ko‘rsatganding. Esingdami, qaytishimizda…
– Qaytishda nima bo‘lgandi? – qariya suhbatdoshining gapini bo‘ldi va so‘z jilovini qo‘lga olishga urindi.
– Shoshmagin, Rizo, sabr qil. Sen boshqa gapirishni istamagan payting, aftidan, men pinakka ketibman. Qiziq, o‘sha Qo‘qon va Farg‘ona tomonlarga borishda og‘rib qolganim shundaygina ko‘z oldimdan o‘tdi. Tush desam, hech bir tushga o‘xshamaydi. Xo‘-o‘sh, o‘sha choyxonaning bir chetida to‘rt kun isitmalab yotganim esingdadir? Bir kecha-kunduz butunlay o‘zimdan ketib uxlabman, ko‘zimni ochib, tashvishli chehrangni ko‘rdim. Ko‘zlaring ich-ichiga botib ketgandi. Lekin bir zumda ko‘zlaring porlab ketganini, yuzing tandirdan yangi uzilgan patirdek qizarganini ko‘rdim. Rizo, bilasanmi, o‘sha lahza sening chehrangga boqib, ota-onamni, Darmonning sof osmonini ko‘rdim. Yuragim qinidan chiqay dedi. Nazarimda, qarashlaring o‘ta muloyim va mehribon, chehrang nihoyatda yoqimli edi. – Shohin Nizom ko‘zlarini qisib, rohatlangancha uzoq jilmaydi.
Qariya uning yuziga bir ko‘z qiri bilan qaradi-da, o‘yga tolgancha soqol tolalarini barmoqlari orasiga olib, o‘ynay boshladi. Endi u Shohin Nizom gaplarining davomini berilib eshitishga tayyor edi.
– Buni qaragin-a, boshimga og‘ir falokat kelgan kuni ham ko‘zimni ochib, yana seni ko‘rdim, Rizo. Ming darig‘, shuncha yilgacha… “um-m”… – Shohin Nizom yuragidan og‘ir oh chiqqach, lablarini tishlab, jim qoldi.
Qariya u bilan birga ishlagan yillarida keyin oraga tushgan ko‘ngil qolish, ularni o‘n sakkiz yildan ko‘proq vaqt ayirgan sovuqchilik haqida gap ochilishini mahtal bo‘lib kutayotgandi. U bir zumgina oldin Shohin Nizomni hayajon va iztirobga solgan o‘sha bir gapni, birgina o‘sha nozik gapni oydinlashtirishni istardi.
– Gapimni eshit, uka! Qisqagina gapiraman. Hov, sen qaytib kelib, revkom raisi bo‘lganing, men bo‘lsam, jamoat kengashi raisi bo‘lganligimni aytyapman. Gapimni eshitdingmi?
– Gapir, Rizo! Xo‘-o‘sh… – Shohin cho‘zib so‘zlagancha yuzini qariya tomon biroz burdi.
– Agar, esingda bo‘lsa, bir kuni uyimga kelib, meni tuman markaziga olib ketishdi. Rosa ko‘p tahqirlab, qiynab o‘n kun qamab qo‘yishdi.
– Xo‘-o‘sh!
– Mayli, aytaylik, bu sening aybing bilan emas. Lekin sen meni besh qo‘ldek bilarding-ku! Bunga qanday yuzing chidadi? Qanday qilib o‘sha uying kuygur muovinning gapiga kirib ijozat berding? – dedi qariya g‘azabini zo‘rg‘a bosib.
–O‘zing gap ochdingmi, endi eshit! – Shohin Nizom bezovtalangancha ovozini arang balandlatib gapga tushdi. – O‘sha voqeadan keyin sen biron marta oldimga kirmading. Kirganingda hamma gapdan xabar toparding. Sen o‘zing amakivachchangga miltig‘ingni berganing haqida dalil topib kelishdi.
– Bir nomardning tuhmatini ishonchli dalil deya hisobladingmi?
– Miltig‘ingni yo‘qotganingdan keyin o‘sha zahoti notinchlik bo‘lgani dalil emasmi? Eshit, gapimni bo‘lma, – Shohin Nizom chuqur nafas olib, quruqshagan lablarini yalagancha to‘xtab-to‘xtab gapira ketdi. – Amakivachchasi Rizoning miltig‘ini olgach, dovon oshib, bosmachilarga qo‘shilib ketdi, deyishdi. Biz hammamiz xavotir oldik. Men ishonmadim, lekin o‘zini bu yerga olib kelib so‘ranglar, men kelgunimcha hibsga olmanglar, deya buyruq bergandim. Chunki o‘sha kuni men shoshilinch Dushanbega ketdim. O‘n kundan keyin kelib, tezda ozod qilinglar, dedim. Xo‘-o‘sh, shunday bo‘lmaganmidi?
– Ozod qilishguncha muovining menga nisbatan nimalar qilmadi. Kek saqlaydigan ekan u, kekchi! Sen ikkimiz oramizdagi gaplardan, urushib qolganimizdan xabardor bo‘la turib, meni uning qo‘liga topshirding, – qattiq hayajon bosganidan qariya tez-tez, titragancha gapirardi. – Unga Xudo bergandi. Qishloqdan uning bir qattol dushmanini olib kelishdi-da. Ikki qo‘li bog‘liq, arava ustiga o‘tqazilgan. So‘roq paytida na gaplarimga, na qasam ichishimga ishondi. Ozor berdi. Men unga, ey, uka, amakivachcham otasi bilan gapi qochib, Dushanbe taraflarga ketvorgan, deya tushuntirdim. U yerga odam yuborib, gap nimadaligini aniqla, xaloyiqning oldida meni xo‘rlama, dedim.
– Sen hozir menga ishon, Rizo, bir narsani yaxshi tushunmayapman. O‘sha miltiq qanday qilib amakivachchangning qo‘liga tushib qoldi? Yo o‘zing ov qilish uchun berganmiding, xo‘-o‘sh?..
–O‘shanda bor gapni oqizmay-tomizmay aytgandim. Buni yana sen uchun, yuzimni qiblaga burib aytaman. O‘sha kunlari Hasan mastning iti quturgandi. Hamma eshik-tuynugini berkitib olgan, ko‘chaga chiqishga hech kimning yuragi betlamasdi. Meni qidirib topa olishmabdi, qo‘shni qishloqqa ketgan edim-da. Amakimning o‘g‘li Izzat noiloj uyimdan miltiqni olib chiqib, quturgan itni otib tashlabdi. O‘sha payt kimdir unga “Izzat, yuzing qora bo‘ldi, o‘lding! Rizo aka keldi”, degan ekan, – qariya Shohinga gaplarimni eshityaptimi-yo‘qmi degan o‘yda qaradi. – U qo‘rqqanidan hovli chetidagi qamish devorning bir novdasiga miltiqni ilib, qizchamga “Onangga ayt, miltiqni uyga olib kirib qo‘ysin”, debdi. Bola emasmi, aqli yo‘q qizim uning gapini unutib qo‘yibdi. Tunda kelib, bu voqeadan xabarsiz uyquga ketdim. Izzat erta saharda, hali kun yorishmasdan, Dushanbega qarab ketibdi. Bo‘lgan voqeaning bori shu. Menimcha, hammasini bilasan.
– Bilaman? – Shohin Nizom tirjaydi. –O‘sha paytda men faqat bir narsani bilardim – bir necha kun o‘tib miltig‘ing topilgan, lekin amakivachchangning dom-daragi yo‘q edi. Shunga qaramasdan, Dushanbedan keldimu, seni ozod qildim. Meni ko‘rmasdan turib ketmasin, deya tayinladim. Eh, sen esa, yo‘l-yo‘lakay bo‘lsa-da, idoramga kirmading. Xo‘-o‘sh?
– Menga shuncha azob berishgach, ko‘nglim sovugandan keyin qaysi yuz bilan sening oldingga borardim. Mening qadrim, og‘ayniligimiz qadri qayerda qoldi, dedim o‘zimga-o‘zim. Nahotki qishloqdagi yomon gumonlarga boradigan bir odamning “Falonchining miltig‘ini amakivachchasi olib, bosmachilarga qo‘shilib ketdi”, degan gapi hujjat bo‘lib, mening gapim inobatga olinmasa? Otasi besh kundan keyin Izzatni Dushanbedan topib keldi. Biroq hech kim o‘sha muoviningga “tuf senga, la’nat”, demadi.
– Menga ishongin, Izzatni Dushanbedan topib kelishganidan xabarim yo‘q edi. Lekin o‘shanda men muovinimga qattiq tanbeh bergandim. Bir necha kundan keyin Darmonga borib, hovlingga kirdim. Sen esa, kelganimni bilib, astagina g‘oyib bo‘lding. Shunday emasmi? – Shohin Nizom savoliga javob kutib, yuzini sekin qariya tomon burdi.
– Ha, shunday qilgandim, inim, – qariya haligi shashtidan tushib javob berdi. – Bu ish faqat sening buyrug‘ing bilan bo‘lganiga meni ishontirishgandi. Sen rozi bo‘lmaganingda, meni qamab qo‘yishmasdi.
– Yuragingga shuncha dardu hasratni sig‘dirib yura olibsanu, meni bir martagina ko‘rishga kuch topa olmabsan-da. Agar bilsang, shunday qilganingda, na sening, na mening yuragimda kudurat qolgan bo‘lardi. Xo‘-o‘sh, Rizo menga ishongin, muovinim ikkoving oralaringdagi munosabat, janjaldan qildek xabarim yo‘q edi, – Shohin Nizom ustma-ust ikki-uch marta chuqur nafas oldi va yana xastahol gap boshladi. – Qarasam, mendan hazar qilyapsan, yuzma-yuz bo‘lishni istamaysan, nailoj, dedim. Bir kun emas-bir kun haqiqat qaror topadi.
– Lekin, uka, sen aytgan o‘sha bir kun o‘n sakkiz yilgacha noz qildi.
– Kimning aybi bilan? Sening aybing bilan, Rizo. Ana endi, nima uchun o‘g‘lingning to‘yida to‘yxona atrofida aylana-aylana, ichkariga kirmaganimni tushungandirsan? Men senga ishonganim uchun u yerga borgandim, – Shohin Nizomning ovozi titrab, bo‘g‘zida tiqilib qoldi.
Qariya orqasida og‘ir yuk ko‘targanday qiynalib o‘rnidan turdi-da, o‘ylangancha yo‘lga tushdi. Endi, qor anchagina erigandi, qariya chanani yon-bag‘irlikdan avaylab pastga tushirdi-da, qolgan qing‘ir-qiyshiq yo‘llardan oson o‘tishni o‘ylay ketdi.
Shohin Nizom haqiqatni – aslida nima bo‘lganini qariyaga bir iloj qilib tushuntira olgach, ikkisining suhbati qanday tarz olganini ko‘rib, vujudida bir ajib yengillik, osoyish his qildi. Garchi bundan ko‘p gapirishning imkoni yo‘qligi, o‘zini qiynab qo‘yishi mumkinligini bilsa-da, hozir u yuragini to‘kib solishni istardi. Chunki qariyaning ko‘nglida boshqa bir shubha, gumon kezinib yurgandek, lekin nima sababdandir uni aytgisi kelmayotgandi…
…Qariya qovog‘ini uyib, yuzini chap yelkasi tomon burdi-da, boshini ustma-ust ikki-uch marta tebratdi. “Ajab dunyo, ajab dunyo. Odamning kechayu kunduzi tushdek o‘tib ketar ekan”,– pichirlardi u. Endi pastki labiga tishlarini ustma-ust botirdi, uzoq-uzoq tevarakdagi nigohini yig‘ishtirib olib, yo‘lidagi bir nuqtaga qadadi. U yana xayol olamiga cho‘mdi…
…U keyingi voqealarni butun ikir-chikirlari bilan eslaydi. Ha, butun ikir-chikirlari bilan. O‘sha kechinma va xotiralar keyingi hayotingga, taqdiringga shunchalik qattiq bog‘lanib ketgan ekanmidi, hech bir xayol chodiringdan tashqariga irg‘ita olmayapsan? Qariya gohida “biron nopok ruh o‘zi uchun og‘ir hamda qistovga oladigan bu o‘ylarini, xotiralarini vaqt-vaqti bilan qasddan esiga tushirib, uning alami kelishi, g‘azablanishidan zavq oladimi”, degan gumonga borardi. Ana tag‘in… yo‘-o‘q, yo‘q, yaxshisi u haqda o‘ylamaydi, ha, o‘ylamaydi. Bor ekanda, yo‘q ekan…
Yoz, arpa pishig‘i fasli yetib keldi. Rizo bugun Darmondagi gapga tushunadigan uch-to‘rt nafar qariya-yu erkak bilan maslahatni pishirib, hashar yo‘li bilan balanddan, tog‘ ustidan bir tegirmon suv oqadigan katta ariq qazib kelish fikrida edi. Chunki butun yoz bo‘yi odamlar suvga talashib, bir-birlari bilan yoqalashishgacha borishar, kimning kimdandir ko‘ngli qolar, kim arzu dodini kimga aytishini bilmasdi. Sho‘rlik dehqon ekkan ekin ayni yoz chillasida suvsizlikdan qurib qolar, bir yillik rizq umidida qilgan mehnati havoga uchardi. Rizo Akbar cholning eshigi oldiga yetganda, ortidan odam kelib qoldi. Maktab sahnida uni Shohin Nizom kutayotgan ekan… Uni qara-ya, istamasa ham og‘rigan joyidan tutib, uning uchun noxush bo‘lgan yana o‘sha voqeadan oladi-da. Yo‘q, u hozir, bu haqda boshqa o‘ylamaslikka ahd qilgandi…
Qariya biroz tinchlangach jamoat sho‘rosi raisi vazifasidan bo‘shatishgandan keyin qattiq ranjigani va Darmon qishlog‘idan ko‘chib ketishni o‘ylaganini esladi. Qishloq odamlari uni ahdidan qaytarishdi. Rizo ikki-uch yil istar-istamas qishloqda qolib, bir iloj qilib ro‘zg‘or tebratdi. Oradan ancha vaqt o‘tgach, tuman vakili yana oldiga keldi. Uni yana sho‘rolar ishiga tortishni istashgan ekan. “U yerda Shohin Nizom bor ekan, qadamimni qo‘ymayman, uka”, – Rizo tumandan kelgan vakilga ochig‘ini aytdi. Tag‘in bir necha yil qishloqda tirikchiligini o‘tkazib yurdi. Asta-asta ovga qiziqdi va rahbarlik ishidan ko‘ngil uzdi. Bir kuni…
Har gal qariyaning esiga choyxonaga ishga borgani va choyxonachilik qilgan yillari tushsa, ko‘zlari porlab, lablarida o‘z-o‘zidan jilmayish paydo bo‘ladi… Bir kuni Rizoga yo‘lovchi ikki yo‘l tutashgan yerdagi choyxona yana egasiz qolganini, choyxonachini qaysi bir noma’qul ishi uchun ishdan olishganini aytib qoldi. Ana o‘sha lahzada uning ko‘nglida choyxonada ishlash orzu uyg‘ondi. U bu choyxonani juda yaxshi bilardi. Darmondan choyxonagacha masofa olis edi. Choyxonani obod qilish va qishloqdan imkoni boricha tezroq chiqib ketish niyati Rizoga tinchlik bermay qo‘ydi. Ertasi kuni, tong saharlab matlubot jamiyati idorasi oldiga bordi. Olisdan ko‘zi Shohin Nizomning nigohi bilan to‘qnashdi. Rizo tezda idoraga kirib ketdi. Lekin u matlubot jamiyatidan qishloqqa umidsizlanib qaytdi. Aytishlaricha, choyxonaga odam topishgan ekan. Lekin ertasiga uni qidirib kelishdi. Ana shunday qilib, u choyxonachi bo‘lib qoldi. Choyxonachilikka mukkasidan kirishib ketdi. Yoz o‘rtasida hashar qilishdi. Choyxona atrofini bir gaz devor bilan o‘rab, tomini qaytadan yopishdi. Oradan bir yil o‘tib, Rizoning obod choyxonasi dovrug‘i vodiyning chekka-chekkasigacha borib yetdi…
Qariyaning esiga Shohin Nizomni avval Dushanbega, so‘ng Moskovga o‘qishga yuborishgani tushdi. Agar adashmasa, uni o‘ttiz yettinchi yilda obkom kotibligiga tayinlashdi. Rizo na qutlov uchun, na biron ish yuzasidan uning oldiga bordi. Shohin Nizomning obkom bo‘lib kelganligidan yuragining bir chetida quvonardi, chunki uning qobiliyati, ishbilarmonligidan viloyat yildan-yilga obod bo‘lar, qaddini tiklardi. Ming afsus, urush boshlanib qoldi. Qaqshatqich, yondirib-kuydiradigan urush…
Shohin Nizomning ustma-ust yo‘talib, ingrashi qariyani xayol olamidan olib chiqdi. U to‘xtab, shoshgancha Shohin Nizomning boshiga keldi.
– Shohin, holing qalay, yaxshimisan? Yana ozgina qoldi, uka. Hozir pastlikka yetamiz, hozir! – dedi qariya Shohin Nizomning rangi o‘chgandan xavotirlanib.
– Rizo, chanani biron yalanglikda to‘xtat, zora nafas olishim yengillashsa, – iltimos qildi Shohin Nizom.
– Tezroq yetib borishimiz zarur, axir…
– Iltimos qilaman, Rizo. Bir zum shu yerda turaylik. Qara, havo qanchalik ochiq, toza, – dedi Shohin Nizom niliy osmonda, ufq ortiga o‘ta olmasdan ikki cho‘qqi ustida qolgan ikkita oppoq bulut bo‘lagiga mehr bilan tikilgancha.
Qariya chanani yo‘l chetiga qimirlamaydigan qilib to‘xtatdi va oldingidagiday chananing bir chetiga, Shohin Nizomning yoniga o‘tirdi. Har ikkovi anchagacha bir so‘z demay o‘tirishdi. Tog‘ yon bag‘ridagi bu yalanglikdan choyxona va qariyaning tovuqxonasi ko‘zga yaqqol tashlanardi. Choyxonadan ancha uzoqda, kimsasiz tekislikda yarim doira shaklda qor ko‘tarilib, uch otliq va ikki piyoda paydo bo‘ldi, bu oppoq yuzda bir necha dona qora xol ko‘ringandek manzarani eslatardi.
Shohin Nizom olis osmondan ko‘z uzib, favqulodda bir qattiq entikib, tez-tez kiprik qoqa boshladi, so‘ng qariyaga yuz o‘girdi.
– Rizo, hozir yuragimizga gapni tugun qilib o‘tirish payti emas. Bilib turibman, bir og‘iz to‘ldirib, nimadir demoqchi bo‘lding, lekin istihola qilding. Xo‘-o‘sh?!
– Nima demoqchiligim o‘zingga ma’lum. Keyin mahkamada qilgan o‘sha ishingni eslasam, yuragim erib-erib oqadi. Kel, qo‘y, Shohin!
– Yo‘limni poylab, o‘ldirmoqchi bo‘lganing qulog‘imga chalinganmidi? Bu gap to‘g‘rimi yo odamlarning mish-mishmi? – Shohin Nizom qariyaning ko‘zlariga qadaldi va javob kutdi.
Qariya bir zum sukutga ketdi, keyin hayajonidan barmoqlarini ustma-ust qarsillatib javob berdi:
– Xudo shohid, zig‘ircha qolgandi, uka, zig‘ircha. Tagoba qishlog‘ida majlis o‘tkazishingni eshitib qoldim. Qosh qorayar mahal boqqa kirdim-da, to‘g‘ri qarshingdan chiqdim. Oldingda davrachiroq milt-milt yonib turardi. Atrofingda odam ko‘p, sen ularga nimalarnidir aytarding. Tosh soyasidagi qorong‘ilikda turib odamlar ortidan miltiqni naq yuragingga to‘g‘riladim… Xudo shohid, beixtiyor qo‘lim titradi, qattiq titradi, Shohin! Xayolimda kimdir bilagimdan ushlaganday bo‘ldi. Go‘yo avliyolar menga qarshilik qilishayotgandi. Qo‘y, bu yomonlik alomati, dedim-da, ortimga qaytdim, inim.
Har ikkovining orasida og‘ir hamda vahima solayotgan jimlik hukm surardi. Shu payt qariyaning esiga… o‘sha kuni Shohin Nizom maktab sahniga uning kelishini kutib turgani tushdi. Lekin u oldiga bormadi. U Shohin Nizomning shikoyatni tekshirish uchun kelganini bilardi. Agar borganida yuragida to‘planib yotgan barcha gina-adovatni bitta qolmasdan to‘kib solardi. O‘shanda biron ko‘ngilsiz hodisa yuz berishi ehtimoldan xoli emasdi. “Qo‘lingdan bir yomonlik qilsa, yuztasini qatorlashtir!” Rizo shunday deya qishloqdan chiqib ketdi. Shohin Nizom hamda qishloqning uch-to‘rtta gapi o‘tadigan odami Rizoning yeriga qo‘shgan bog‘ va mehmonxonasini ko‘rib, hech narsa demasdan chiqib ketishdi. Ikki haftadan keyin tumandan vakillar kelib, odamlarni to‘plashdi. Hammaning huzurida Rizoning qo‘shnisi yozgan shikoyatni baland ovozda o‘qib eshittirishdi. Yo‘q, avval… agar esidan chiqarmagan bo‘lsa, yig‘ilishdan oldin Rizoning bir o‘zini chaqirishib, yaxshisi, o‘sha bog‘ining yarmidan voz kechishini so‘rashdi. Bu sizning sha’ningizga to‘g‘ri kelmaydi, deyishdi. Aslida o‘rtoq Shohin Nizom ham bu masalani xursandchilik bilan yechim topishini istab, o‘zining vakillariga tayinlagan. Suhbat davomida Shohin Nizomning nomi tilga olinishi Rizoning yuragida yonayotgan g‘azab oloviga qaytadan moy sepganday bo‘ldi. Vakillar Rizoga boshqa maslahat va nasihat ta’sir qilmasligini ko‘rib, kengashib olishdi-da, tortib olingan deya hisoblangan yeru bog‘ni yana qo‘shniga qaytarishdi. Rizo uchun kutilmagan bu hodisa unga qattiq ta’sir qildi. U xilvatga kirib ketib, bir necha kungacha jamoat kengashining raisi sifatida hech kimning arzu shikoyatini tinglamadi. Oxiri g‘azabga to‘lgan, ko‘ngli singan holda vazifadan qo‘l siltadi. Necha kungacha qasos olish o‘yida Shohin Nizomning ortidan poylab yurdi. U boshiga kelgan barcha qiyinchiliklar va ishining yurishmayotganini Shohindan ko‘rar, menga g‘araz qilyapti, deb o‘ylardi. Bundan keyin Shohin Nizomning nomini eshitishga va tilga olishga boshqa majoli qolmadi…
– Xayr, zig‘ircha qolgandi, deding. Xo‘-o‘sh, agar otganingda albatta, yuragingda armon qolmasdi. Shunday emasmi, Rizo? – dedi hazillashib Shohin Nizom, shu bilan qariyaning fikrini bilib olishni istadi.
– Eski xashakni titishning foydasi yo‘q.
– Yo‘q, agar aytganingdek, qo‘ling qaltiramaganda, otarding…
– U qo‘l titrashiga o‘xshamasdi. Agar otmaganda o‘sha kunlari ko‘nglim taskin topardi. Shohin, hoy Shohin! – dedi qariya o‘rnidan turarkan.
– Rizo, yana ozgina o‘tir. Yuragimizda gap qolmasin, deyman. O‘zing gap ochasan, deb kutgandim… Esingdami, maktab hovlisida seni rosa kutgandim. Hu-uv, jamoat kengashi raisi bo‘lgan davringda, – Shohin Nizom oxirgi so‘zlariga ataylab urg‘u berdi.
– Ha, o‘sha raisligimdan ko‘p yaxshiliklar ko‘rdim. Aytdim-ku, kel, nuqta qo‘yaqolaylik…
– Hozir shu haqda gaplashishimizning ayni mavridi, Rizo. Mendan qochishga urinma. Sen o‘zing ham ayni shu fikrda bo‘lganligingga ishonchim komil. Xo‘-o‘sh, gapimizning davomi nima edi?.. Biz maktabda kelishingni bir soatdan ko‘p kutdik. Bilaman, ataylab kelmading.
– Borganimdan hech bir foyda yo‘q edi, Shohin! – qariya qor ustiga qing‘ir-qiyshiq chiziqlar chizgancha alam bilan dedi.
– Foydasi yo‘q emish, noma’qulning nonini yebsan! Agar, kelganingda ish shunchalik chigallashib ketmagan bo‘lardi. Ishon!
– Sen undan keyin mening hayotim xoru zorlikda o‘tadi, deb o‘ylagandingmi? Yo‘q, Shohin, otgan o‘qing xato ketdi. Men qattiq alamdan, g‘amdan o‘lib qolmadim, ha, o‘lmadim! Nima bo‘lgandayam tirikchilik yo‘lini topdim. Faqat bitta o‘yda edim – odamlarga ozmi-ko‘pmi foydam tegsin, – qariya bu gal g‘azabini bosa olmadi. Shohin Nizom eshitmay qolmasin, deya ovozini balandlaydi.
– Ana topdim, jon joyingdan ushladim, Rizo. Endi gapimni oxirigacha eshit… Sen birinchi marta qo‘limdan tutib, meni qishloqdagi tor, qorong‘i hayotdan keng, yorug‘roq dunyoga boshlab chiqqan inson eding. Yo‘l-yo‘lakay, tog‘-tosh oshganimizda qulog‘imga hayot, qishlog‘imizdan uzoqlardagi shaharlar, odamlar haqida so‘zlab berib, aqlimga aql qo‘sharding. Birinchi marta menga mazlum insonlarning o‘z haq-huquqlari uchun kurashlari haqida sen so‘zlab berganding. Afsonaga o‘xshash hikoyalaring qulog‘imga xush yoqardi. U yog‘ini aytib o‘tirmayin, hammasi shundaygina ko‘z o‘ngimda turibdi. Xayr, ana, inqilob bo‘ldi, ikkimizni yangi hokimiyatning vakili deb o‘tga, suvga tashlashdi. Nima uchun? Kambag‘allarning haq-huquqlarini himoya qilishimiz uchun. Odamlar tinch, osuda hayot kechirishlari uchun. Bularning hammasi kundek ravshan edi-ku! Sen o‘zing hammasini yaxshi bilasan, Rizo, – Shohin Nizom qariya so‘zlarini diqqat bilan eshitayotganini ko‘rib, botirlandi-da, muloyim ohangda gapida davom etdi. – Xo‘-o‘sh, ishchi-dehqonlar hukumati men va senga o‘xshaganlarni ana shu niyat bilan o‘zi istagan yerlarga jo‘natdi. Hukumat bizni unga tayanch bo‘lishimizni, o‘zining maqsad va rejalarini xalqqa to‘g‘ri tushuntirishimizni istardi. Xo‘-o‘sh, uzoqqa bormaylik, Rizo, o‘zingni misol qilaylik.
– Meni?.. Xayr? – dedi qariya Shohin Nizomning yuziga ayyorlik bilan boqib.
– Ana seni “yangi hukumatning ko‘z-qulog‘i” deya bir nechta katta-kichik qishloq jamoati kengashi raisligiga tayinlashdi. Men qilgan yaxshi ishlaringni aytmayman. U sharoitda o‘nta yaxshi ishing bir chetda qolib, bitta yomon ishing tezda ko‘zga tashlanar, ta’siri qolardi. Uzoqdan bizning qilayotgan yaxshi-yomon ishlarimizni sinchiklab kuzatib, tekshirib, ehtiyot bo‘la-bo‘la yangi hukumatga mayl qo‘yayotgan odamlar bor edi. Sen bo‘lsang, Rizo, ana shunday qiyin sharoitda odamlarni hasharga chaqirib, o‘zingga mehmonxona qurib olding.
– Men u mehmonxonani hukumatning mehmonlari uchun qurdim. O‘zing bilasan, o‘sha paytda qishloqda to‘rt kishi o‘tiradigan, qo‘nadigan bir yer yo‘q edi. Bitta masjid bor edi, uniyam shosha-pisha buzib tashlashga ulgurgandik, – qariya o‘zini oqlash uchun gapira boshladi. – O‘sha kunlari bu gaplarimni aniq-taniq qilib aytgandim.
– Masjidni eslatganing yaxshi bo‘ldi. Bu “tashabbus” avval kimdan chiqdi? Masjidni buzib, yiqitishga kim yo‘l qo‘ydi?
– Bu mening aybim emas, zamonning aybi.
– Demak, asosiy gap boshqa yerda, Rizo! Jamoat raisi bo‘lganingdan so‘ng yarim yil o‘tib, qo‘shning bog‘ini hovlingga qo‘shib olding. Shunday emasmi? – Shohin Nizom qariyaning bezovtalanayotganini ko‘rib, gapini bo‘lmasligi uchun qat’iyroq hujumga o‘tdi. – Sabr qil! Qo‘shning bog‘idan yarmini qo‘shib olding-da, keyin “nega sen mening ustimdan arz qilasan”, deya uni idorangga olib kelib qamchilading. Yo noto‘g‘rimi?
– Nima, sen u yer yetti pushtimdan meros qolganini bilmasmiding? Yaxshilikcha aytdim, yo‘q, dedi. Haqini berib, yerimni qaytarib oldim…
– U yerni vaqtida bobong sotgan bo‘lsa, qo‘shnining nima gunohi bor? Sen mansabingdan foydalanding, Rizo. Odamlarga o‘zingni eski amaldorlar kabi ko‘rsatding. Buni eshitib, hayron bo‘lgandim, ikki marta odam yubordim, bormading. Nima qilishim kerak edi? Nochor o‘zim Darmonga bordim. Sen yana pisand qilmasdan qishloqdan chiqib ketding… Keyin, maslahat qilib, seni boshqa bir ishga o‘tkazmoqchi bo‘ldik. Sen bu gapni eshitib, biz yuborgan odamga har xil bo‘lmag‘ur gaplarni aytibsan. Rizo, ishon, sen butunlay boshqa odamga aylanganding. Qo‘shningni qamchilaganingdan so‘ng noiloj chora ko‘rish uchun vakil jo‘natdik.
– Ha, vakillaring yerni mendan tortib olishdi-da, xaloyiq oldida obro‘-izzatimni bir pul qilishdi, – qariya nimalardir deb pichirladi-da, yo‘lida davom etdi.
Shohin Nizom gaplari qariyaga og‘ir botganini sezdi. Nima bo‘lgandayam, yuragining bir chetida eski gina-kuduratlar saqlangan ekan. Gap shu yerga yetdimi, u tomoni o‘ziga havola. Shohin Nizom yurak urishi tez-tez o‘zgarib turishi, nafas olishi og‘irlashayotganiga qaramay, xayolan har kim oralaridagi o‘n sakkiz yil oldingi gunohu savobni o‘zicha taqsimlagan bo‘lsa-da, baribir bunga aniqlik, oydinlik kiritishni istardi. “Kim biladi… tirik qolsam, yaxshiydi”– ko‘nglidan o‘tkazdi Shohin.
– Qani, Rizo. Endi o‘zing ayt, mening nima gunohim bor edi? Nega mendan buncha xafa bo‘lib yurding? Seningcha o‘sha sharoitda men nima qilishim kerak edi? Odamlarning ko‘ziga tuproq tortib, sening tarafingni olishim kerakmidi? Gapir!
– …
– Aytdim-ku, agar bu orada meni bir marta ko‘rganingda edi, oqibati bunday bo‘lmasdi. Ming afsus, buning hammasi sening o‘jarliging tufayli bo‘ldi. Yo biron kishi seni yo‘ldan urgandimi?
– Shohin, sen meni yaxshi bilarding, boshqalarning gapiga kirib ketadigan emasdim.
– Agar o‘rningda boshqa odam bo‘lganda qattiq jazolanardi. Lekin men seni ayadim. Yaxshi odamligingni bilardim, Rizo. Seni o‘ylamaganman, seni deb kuyib-yonmaganman, deya o‘ylamagin. Agar esingda bo‘lsa, bu choyxonaga ishga kelishing ham sababsiz emas edi. Shuncha paytdan beri endi aytyapman.
– Qanaqa sabab ekan? –qariya hayratlanib so‘radi.
– Esingdan chiqmagan bo‘lsa, sen o‘shanda matlubot jamiyatiga ish so‘rab borganding, lekin ish yo‘q, deyishgandi. Shunday bo‘lgandimi?
– Ha, mudir choyxonaga boshqa odamni ishga olganmiz, deb aytdi.
– Lekin ertasiga ortingdan odam yuborishdi. Chunki men u yerga kelganingni ko‘rib, niyatingdan xabar topgandim, Rizo. – Shohin Nizomning nafasi qisib, ustma-ust yengil-engil yo‘taldi. – Lekin keyin men sendan xursand bo‘ldim. Hammasidan xabarim bor, Rizo, xabarim bor. Sen choyxonani, odamlarning aytishicha, yaxshilikni targ‘ib-tashviq qiladigan makonga aylantirding.
– Nahot hamma ishimdan xabaring bo‘lsa? – qariya hayron bo‘lib so‘radi.
– Xabarim bor edi, Rizo, xabarim bor edi… Xo‘-o‘sh, urushning uchinchi yili endigina boshlandi. Oxiri nima bilan tugashi noma’lum… Bu urushdan hammamiz jafo ko‘rdik, hammamiz. Shu kecha-kunduzlar choyxonangga qancha-qancha odam kirib-chiqadi. Bu qo‘lingdan kelishini bilaman, shuning uchun aytyapman, Rizo! Hozir hamma yaxshi gapga muhtoj, sen u odamlarning ko‘nglini ko‘tar. Xalqimiz hamma yaxshiliklarga munosib Rizo! Vo darig‘, og‘ir sharoitda bu ishlarning hammasiga imkon topa olmayman, vaqtim yo‘q. Ha, agar urush bo‘lmaganda, qancha-qancha yaxshi ishlarni amalga oshirardik. Joni qattiq, toqatli, kuyunchak va muloyim xalqimizga ming ofarin! Bu urush hammaning boshiga bitgan balo bo‘ldi, hammaning boshiga…
Shohin Nizom shunchalik ichi to‘lib, kuyunib so‘zlaganidan qariyaning boshqa yo‘l bosishga madori qolmadi va uning so‘zlarini yaxshiroq eshitish uchun to‘satdan joyida to‘xtadi.
– Nima bo‘ldi, Rizo?
– Yo‘q, shunchaki… bir gaping bor degan o‘yga bordim… – qariya nima deyishini bilmasdan chaynalib qoldi.
– Yillar davomida yuragimda tugilib qolgan, senga aytishni istagan gaplarimning hammasini aytdim. Yuragim ancha bo‘shadi. Endi meni tekislikka yetkazsang, bo‘ldi.
Dara tomondan yengil sovuq shamol o‘ynoqlab keldi-da, tevarakdagi adir va tepaliklarning yuzini har tomondan siypalay ketdi. Shohin Nizomga bu shamol yoqdimi, ustma-ust og‘zini ochib, bir necha marta chuqur nafas oldi. U tobora nursizlanayotgan ko‘zlari bilan niliy osmonga va katta-kichik bulutlarga tamshanib boqdi. O‘zini qayerga qo‘yarini bilmasdan nimanidir izlardi. Birdaniga ufq shu’lasida xotini va farzandlarining chehralari ko‘rindi. Ularning har biri halinchakka o‘tirib olganga o‘xshar, kimdir halinchakni havolatib-havolatib birma-bir Shohin Nizomning ko‘z o‘ngidan o‘tkazardi. Nimagadir urushning birinchi oyidayoq halok bo‘lgan katta o‘g‘lining qiyofasi shundaygina ko‘z oldiga kelib turgandi. U miltig‘ini tizzasiga urib, bir necha joyini sindirib tashladi va g‘azablangancha o‘tib ketdi. Shohin Nizom uning ortidan chaqirmoqchi bo‘ldi, lekin ovozi tomog‘iga yopishdi… Ana yana bir necha tugallanmagan ishi esiga tushdi va nazarida ular og‘ir toshga do‘nib, ko‘krak qafasini qattiq siqishdi. Bir zum o‘tmasdan nigohi goh balandlashib, goh pastlashib borayotgan boyagi cho‘qqilar va yon bag‘irliklarga qadalib qoldi. Yuragi shuvillab ketdi. Petyaga nimadir demoqchi bo‘lardi-yu, lekin ayta olmasdi. Qaysi bir ko‘rinmas kuch uchoqni to‘xtovsiz pastga tortardi. Petya toqatsizlanadi, unga qo‘shilib u ham toqatsizlanadi. Ana yuragi uzundan-uzoq, mayin, oxiri yo‘q bir sadodek urdi… Niliy osmon doirasi boshdan-oyoq avvaliga o‘pqonga o‘xshab qoldi va asta-sekin bir ko‘m-ko‘k nuqtaga do‘ndi. Mayin, oxiri ko‘rinmas sado ham nimagadir urildi-da, jimib qoldi.
Qariya yo‘lida davom etardi-yu hozirgina Shohin aytgan gaplarni o‘ylab borardi.
U kecha-kunduz boshqa biron o‘y-xayoli, muhimroq ishi yo‘qday faqat shu gaplar ta’sirida qoldi. Qariya safarga chiqishidan oldin bo‘g‘chasini tugib bo‘lib, shoshganidan “mabodo biron narsani unutib qoldirmadimmikan”, degan o‘yda zarur buyumlarini yana bir marta ko‘zdan kechirayotgan odamga o‘xshab Shohin Nizom bilan birga kechgan barcha voqealarni xayolan bir tartibga solib,“kim haq va kim nohaq” tarozisida torta boshladi. Tarozida tortgan sari xulosasi qat’iylashib borardi – o‘zining o‘jarligi, qaysarliklari bois uzoq yillar taxmin va gumonlar qurti ichini yeb yotgan ekan. U yo‘l bosib borardi va yuz-ko‘zi, butun vujudiga iliq, yoqimli nur sochayotgan tush mahalidagi oftob kabi yurak qa’rini ham yengil va halovatga to‘la nur egallab olayotganini his etardi. U Shohin Nizomning mehribonligiga javoban, o‘z navbatida ko‘ngil yorishni istardi. Unga nisbatan yuragini ezib yotgan kudurat zangi yuvilib, yo‘q bo‘lib ketishini o‘ylayotgandi. Bu istagi uni sira tinch qo‘ymadi va Shohin Nizomning boshiga keldi.
– Shohin, hoy, Shohin! Bor gapni aytib yaxshi qilding. Senga ishonganim uchun gaplaringni eshitdim. To‘g‘ri gapirding, billohi azim, to‘g‘ri gapirding, inim. Agar bir martagina oldingga borganimda bu qiyinchiliklarga uchramasdim. Shunga qaramasdan, Shohin, o‘zing aytganingday, men ham savob ishlar qildim. Choyxonani obod qildim, turli fe’l-atvordagi, turfa xil odamlarga “xush kelibsan”, deyish, hammaning ko‘nglini birday olish ham oson emasdi… Gapimni eshityapsanmi?! Shohin, hoy, Shohin!..
Qariya xavotirlanib Shohin Nizomning ustiga egildi, uning tabassumga moyil, lekin oqarib ketgan chehrasiga sinchiklab tikildi. Shohinning qo‘llari anchadan buyon chana chetiga osilib qolgandi.
– Shohin… – qariya yuragining qa’ridan chiqquday nola otildi, –yo‘q, inim, nahot sen mening bu gaplarimni eshitmagan bo‘lsang. Vo darig‘, oldinroq aytsam bo‘lmasmidi, kechikib aytdim. Shohin, xotirjam bo‘l, billoh men sendan zarracha xafa emasman. Sen yaxshilik istaydigan odam eding, toza odam…
Choyxonagacha ozgina yo‘l qolgandi. Qariya butun kuch-madorini mana shu yergacha, faqat shu yergacha, shu lahzagacha omonat asrab kelgandayin o‘zini birdaniga juda ojiz va notavondek his qildi. U endi keyingi barcha urinish-surinishlari, talashish-tortishlari “mudom ko‘z o‘ngidan o‘tib turgan gumon” deya qilinganini yaxshi bilardi. Ko‘z o‘ngidan ketmayotgan o‘sha gumon qariyaga kechayu kunduz orom bermas va u hech bo‘lmaganda bir marta, bir martagina Shohin Nizomning ko‘ziga qarab turib, shundayin bir yaqin do‘stdan ajragani va uning haqiga “sitam” ravo ko‘rganligi uchun savol berishni, uning qilg‘uligidan uyalishini, ich-ichidan pushaymon bo‘lishini ko‘rishi uchun alamini qattiq mehnatdan olardi… Ha, u o‘n sakkiz yil ana shu gumon va qarama-qarshi o‘ylar iskanjasida hayot kechirdi, ich-ichidan yonar va tutuni tashqariga chiqmasdi, qariya o‘tmishning ayovsiz ta’sirlari bois bag‘ri kavaklangan, lekin haligacha ko‘m-ko‘k ko‘karib turgan keksa azim chinordek bir tartibda tirikchiligini o‘tkazardi.
Garchi choyxona yaqin qolgan bo‘lsa-da, qariyaning ko‘ziga ancha olis ko‘rinardi. Chunki u qiynalgancha zo‘rg‘a yo‘l bosar, o‘y surgancha har qadam tashlaganda, naq tizzasigacha qorga botardi.
Shu dam qariyaning boshida bir o‘y g‘imirladi – u jasad ortilgan chanani emas, balki tuganmas insof va tozalik ortilgan ulovni tortib borayotganga o‘xshardi. Bunday yukni tortib borish oson emas ekan.
Qo‘qqisdan qariyaning qulog‘iga choyxona tomondan kelgan ajib bir jonbaxsh ovoz chalindi. “Rizo bobo, askarlikdan xat keldi, xa-at… Rasuljondan…” Qariyaning nazarida bu ovoz yastanib yotgan tog‘lardan va chuqur daralar qa’ridan qo‘zg‘alib, bir zumda atrof-tevarakni qamrab olgandi. Qariya Nodirning uchburchak xatni boshi uzra silkitgancha goh yiqilib, goh turib, o‘zi tomon chopgancha kelayotganini ko‘rdi. Uning tomirlarida qaytadan issiq qon yugurayotganini his qildi.
Tojik tilidan O‘rinboy Usmon tarjimasi
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2018 yil, 4-son