Tubsiz keng osmon, hadsiz teran tun. Shitob bilan uchayotgan yulduzlar va yaraqlab ko‘rinayotgan derazalar zulmat jismidagi kuyiklardan qolgan yara izlariga o‘xshardi go‘yo. Shaharlar shovqini faqat undagi darddan darak berardi, xolos, shundan boshqasini bilmasdi ular. Urf-odatlardan qo‘l-oyoqlari bog‘liq, sershovqin odamlar tamaddunidan ajralib turgan tepalik ortidagi hadsiz sukunatga bosh qo‘ygan sening o‘ziga xos mustaqil tamadduning yolg‘izligini madh etmoqqa mana men huzuringga keldim, hoy sfinks! Yer yuzida mamlakatlar o‘zgaradi, xalqlar o‘zgaradi, ularga qo‘shilib dinlar ham, qonunlar ham, tillaru urf-odatlar ham o‘zgarib boraveradi. Necha-necha avlodlarning harakatu amallarini yo‘qqa chiqarib, zilzilalaru vulqonlar, momaqaldirog‘u o‘latlar, g‘alayonlaru bo‘ronlar va toshqinlar kim o‘zarga bellashadi. Sen bo‘lsang, koinot chiroyiga qarab intilayotgan ehromlar panasiga yashirinib olib, omonat dunyoning halokatga eltuvchi qonunlarini rad etasan. Ibodatxonalar ham senga o‘zlarining toshu shag‘allari sasi ila tuganmas qissalarini hikoya qiladilar-da, so‘zlarini xudolar, shohlar va jangchilar tasviri bilan asoslab beradilar. Bu ibodatxonalar boshiga tushgan ko‘rgiliklar esa ularning hikoyalarini yanada ma’noli va jozibador qilib yuboradi.
Mana, bu yerda sen, yumshoqqina qumloqqa joylashib olib, ulug‘vorlik va ramzlar davlatida, o‘zingning sirli va ulkan saltanatingda yakkayu yolg‘izsan. Sendagi soflik va oliyjanoblik oldida hozirgi hukmdorlarning buyukligi nuqul axloqsizlikdan o‘zga narsa emas. Sening bor sir-asroringni tagiga yetmoq ishtiyoqi bilan to‘lib-toshgan gustox inson mag‘rur tanholik qasri ichra bosh suqib qaramoqchi bo‘ladi. Biroq sen yashirib yotgan sir-asrorlar bu foniy dunyo sharpalariga ko‘rinish bermaydi, shunchaki qiziqishmi yoki tomosha qilish ishtiyoqi sababmi, sening baquvvat panjalaringu ularning yelkalaring sari talpinayotgan hasharotnamo panjalari bilan bularning barini his etishning iloji yo‘q.
Biroq odamzod na faqat zavqlanishni biladi va na faqat bilish uchun intiladi, u og‘ir dardga chalingan va u qattiq azobda. Uning boshiga falokatlar va baxtsizliklar quyundek yopirilmoqda va u haqiqatan ham umumiy muvozanatning vahimayu sarosimadan to‘qilib, barqaror ko‘rinuvchi bu olamning evrilishlardangina tarkib topganiga ham amin bo‘ldi. U erkin tanlash imkoni va muqarrar qismat o‘rtasidagi ayovsiz kurashning barcha fojialarini o‘ng-tersiga qaramay boshidan kechirdi va Ma’budlaru jangchilarni, qonun chiqaruvchilaru avliyolarni, payg‘ambaru qotillarni, bari o‘ldirilganlarni uchirib ketayotgan sharsharaning yaqinlashib kelayotgan avlodi undagi to‘lib-toshgan kuch-quvvatni ham bekorga nest-nobud qilayotganini tushunib yetdi. Taxtga olib boruvchi yo‘lda u qashshoqlikni, kishanlangan jinoyatchilar yonida esa saltanat hassasini va podshohlik tojini ko‘rardi, u to‘y tantanasiyu dafn marosimini, tug‘ilmoqlik va o‘lmoqlikni, ular bilan baqamti borayotgan yo‘qchiligu boylikni, kasalligu salomatlikni, xoinligu sadoqatni, to‘g‘riligu xatoliklarni ko‘rardi. Shunga qaramay, inson qancha azob-uqubat tortmasin, joni qanchalik ozor chekmasin, u baribir bu olamni o‘zgartirishga ojiz va dunyo qanday qurilgan bo‘lsa, shundayligicha qolaveradi.
Tirik jon va o‘lik modda paydo bo‘ladi-da, mavj urib quturgan, o‘z shaklini abadiy boshqasiga almashtirib, yangilanib turuvchi to‘lqin dunyoga keladi. Har safar ulardagi o‘zgarish hademay poyoniga yetay-etay deb turganida, mayda-mayda bo‘lib parchalanib ketayotgan qatralarning ustidan chirmashib yuqoriga o‘rlayotgan yana yangi-yangi to‘lqinlar vujudga kelaveradi.
Agar inson do‘ppini yerga qo‘yib, bu hodisalarning qayerdan kelib chiqishini bilmoqchi bo‘lsa, unga: buni hayot deb qo‘yibdilar; hayotning esa bo‘lgan-turgani shu, shundan boshqacha bo‘lishi mumkin emas, – deydilar.
Shunaqa, ey parvoyi falak sfinks! In’om etmoq va mahrum bo‘lmoqning, vafo va xiyonatning, oqlik va qoralikning, g‘urur va kamsitilishning, g‘alaba va mag‘lubiyatning, har qanday shodlik va har bir g‘am-g‘ussa, barining sababi faqat bitta. Biz, hayotga hayotning o‘zi isbot, deymiz. U bizni ro‘para etgan dardlarga ham uning o‘zidan davo topamiz. Hayot bilan yana yuzma-yuz kelish uchun undan yiroqlashamiz.
Men ham hayotning millionlab mohiyatlari qatori, barcha haq-huquqdan mahrum etilganlar kabi hayotni anglashga intilaman. Va, bir vaqtlar sen ham Fivaga ketaverishdagi yo‘lda yo‘lovchilarni savolga tutganingdek, men ham yo‘lda to‘xtab, hayotda yashashdan maqsad nima ekani haqida o‘tkinchilardan so‘radim. Ulardan biri: “Hayot – bu ona siynasi”, deb javob berdi menga.
Shunda men ona ko‘kragiga yopishdimu o‘zimni hifzu himoyada, issiqqina uyda paydo bo‘lib qolgandek his etdim. Yuqoridan yuborilayotgan na bir shiddatkor shamol, na bir momaqaldiroqning gumburi, na chaqmoqning charaqlashiyu na suv toshqini meni vahimaga sola oldi. Oradan bir kun o‘tdi. Ona bag‘ri endi menga torlik qilib qoldi va men: “Bu hayot deganlari nima o‘zi?” – dedim avvalgi makonimga qayta turib, o‘zimga-o‘zim.
Kimdir menga: “Bu e’tiqod va diyonat”, – deya javob berdi. Va shunda men peshonamni zohidlik va sodiqlik nishonasi ostiga yashirib, uni zarrin choyshab to‘shalgan mehrob ostonasidagi changga bulg‘ashga shoshildim. Men sodir etmagan gunohlarimni kechirishini, xayolim ko‘chasiga kelmagan nojo‘ya ishlarimni avf etishini so‘rab iltijo qildim.
Indamas butlar o‘zlarining zarhal liboslarida men bilan suhbatlashar edilar, xochlar esa shivirlab mix va nayzalar bilan kaminani qo‘rqitib jazolamoqchi bo‘lardilar. Oradan bir kun o‘tdi. Mehrobning bag‘ri dastlab muloyim va mehr-muhabbatga limmo-lim edi, endi marmar toshdek sovuq va qattiq bo‘lib qolgandi. Diniy rasm-rusumlar bejama xatti-harakatlardan iborat bo‘lib qolgandi. Kutilmagan yangiliklar va ilohiy ilhom baxsh etuvchi shiraning muattar isi, ta’bi yoqimsiz ayollarning dimoqni yoradigan o‘tkir hidli atri singari endi meni g‘ijintiradigan bo‘lib qolgandi. Shunda men yana yo‘l bo‘yidagi avvalgi joyimga qaytdim-da: “Hayot degani nima o‘zi?” deya so‘radim.
Shunda shuhratparastning: “Hayot deganlari nahot qizlar uchun – bu takabburlik, ishva va barnolik bo‘lmasa?” – degan nidosi yangradi.
Ko‘zgu bilan suhbatlashgani uning yoniga bordim, bordimu o‘z aksimni ko‘rib, uni sevib qoldim, unga shunday qattiq ko‘ngil qo‘ydimki, u bilan faqat yanada jozibaliroq bo‘lish uchun yuzimga yana qanday oro berishni izlash maqsadidagina ajrasha olardim xolos. Biroq ko‘p o‘tmay, chuqur qayg‘uga botgan sevishganlarni kuzata turib, o‘kirib-o‘kirib yig‘lashga majbur bo‘ldim va shunda men, o‘zgalar yuragidagi dardning ustidan kulib, quvonib, huzur qilayotganimni angladim. Bir kun o‘tdi va ko‘zlarim yana qayg‘uga botdi. Xuddi avvalgidek men yana: “Hayot o‘zi nima?” deya yo‘lovchilardan so‘rash uchun yo‘l bo‘yiga qaytdim.
Shunda bir juft hushtak va mashinalarning g‘uv-g‘uvi aralash tamaddunning: “Hayot – bu to‘kin-sochinlik, hashamat va dunyodagi eng yuqori holat, zamonaviy madaniyatning barq urishi”, degan ovozi eshitildi.
Shunda men uni izma-iz quvib ketdim, biroq bir soat o‘tar-o‘tmay, uyog‘iga qimirlashga majolim yetmay, to‘xtadim. G‘am-g‘ussadan nafasim bo‘g‘ildi va orqaga qaytishimga to‘g‘ri keldi.
Men yana: “Bu hayot degani nima o‘zi?” deb so‘radim uzil-kesil umidimni uzib. Ammo o‘limni xohlamay anchagacha shu savolni takrorlayverdim va tinimsiz ko‘z yosh to‘kdim. Shunda qiynoqlarim qa’ridan tovushsiz bir sharpa paydo bo‘ldi-yu, bu sirli hayotni u o‘z qo‘lida tutib turganini fahmladim.
Hoy Sfinks! Sen biron marta bo‘lsa ham raqsga tushayotgan yulduzlarni ko‘rganmisan? Qonunlardagi o‘zgarmas turg‘unlik bir lahza ikkilanib qoldi, barcha yulduzlar esa atrofimda o‘yinga tusha boshladilar, qolgan maxluqlar har narsaga qodirning qarshisida bo‘ysunib, bosh egdilar. Va ularning bari yagona oraz ko‘rinishini bir-birlariga uzata ketdilar va u bilan o‘xshash bo‘lganliklaridan faxrlana boshladilar. Barcha shafaq va oppoq tonglar o‘z nurlarini uning ko‘zidagi shu’laga botirib olar edilar.
Zangori osmon, maftunkor bahor va go‘zal dengiz to‘lqinlari undagi o‘sha ajoyib, yoqimli va muqarrar tabassumning faqat kuchsiz, ravshan bo‘lmagan aksi edi, xolos. Yaratuvchi meni o‘z taxtiga taklif qildi va biz ikkimiz kaftlarimizni tirikchilikning burama simlari ustiga qo‘ydik-da, olamlar harakatini idora qila boshladik. Oradan bir kun o‘tdi. Yulduzlar g‘alayoni bostirildi, ular olamning yagona tartibi oldida taslim bo‘ldilar. Har bir jonivor dunyo tartibotidagi o‘zining ilgarigi ahamiyatini qaytadan qo‘lga kiritdi. Men bo‘lsam: “Hayot nima o‘zi?” deya o‘tkinchilardan so‘rashda davom etaverdim.
Shunda: “Hayot – bu men, shu bois uni men tushuntirib beraman”, degan ma’rifatning xotirjam ovozi yangradi.
Shunda men borib turgan moddiy dunyoni, falsafani o‘rganmoq uchun behisob Ilm to‘lib-toshgan seroblikka o‘zimni otdim.
O, hukmdor! Bilib bo‘lmaydiganlarni o‘rganish uchun ozmuncha fan ixtiro qildikmi; tushuntirib bo‘lmaydiganlarni tushuntirish uchun ozmuncha tillarni o‘ylab topdikmi! Osmon jismlari va koinot uning yordamida bir-birlariga ta’sir o‘tkazuvchi, uning bag‘ridan esa quyosh tugul, gard ham qutulib ketolmaydigan kuch – o‘ziga tortish kuchini olimlar menga ko‘rsatib berdilar. Men: “Tortish kuchi degani bu nima o‘zi, uni kim ko‘rib, kim eshitganu kim qo‘l tegizib ko‘rgan? Balki u havoda to‘lqin taxlit harakatlanuvchi ruhdir. Yoki u – tabiatan mustaqil, o‘ziga xon bo‘lgan quturuvchi oqimdir. Va bunga yo‘lovchilar: “Buni hayot tilsimi deydilar, uni esa sira tushunishning iloji yo‘q,”– deb javob berdilar.
Hayot! Sirlar maskani! Bir vaqtning o‘zida ham birlashmoqni, ham judolikni ifodalovchi kalimalar.
O, to‘rt ming yillik uzlat posboni, bu gilamdek yumshoq qumliklar, mana, to‘rt ming yildirki, sening mulkingni qoplab olgan. Fan avvalgiday faqat birgina qum zarrasining u yog‘iyu bu yog‘ini ag‘darib, chilparchin qilib, qolgan bo‘laklarni ham yana maydalab, tadqiq etib yotibdi. Fan tekshirib, o‘rganib uni hayotdan mahrum etmoqda, tajribadan o‘tkazib, izohlab yo‘qqa chiqarmoqda, uning tuzilishi mohiyatini ochishga va unda yashiringan sir-asrorning tagiga yetishga urinyapti. Fanning zo‘r berib jon kuydirishlari o‘sha-o‘sha noma’lumlikdan noma’lumlikka, savoldan savolga yetaklamoqda, xolos. Va men endi uni: “Hayot nima u? Hayot degani nima o‘zi?”deya savolga tutayotgan go‘l go‘dakka o‘xshatardim.
Kamina ilhaq yo‘lovchilardan javob kutardim. Ko‘plar yuzimga qarab, kulib o‘tib ketaverardilar. Negaki, ular meni tushunishga qodir emasdilar. To‘xtab, savolimga javob bergan ba’zi birovlar yanada qat’iyatli bo‘lishga, mendagi otashning alanga olishiga sababchi bo‘lardilar va bundan bir tashvishimga o‘n tashvish qo‘shilardi. Yerosti yo‘liga yetaklovchi sening panjalaring orasidagi tarashlab yasalgan yashirin zinapoya ehromlarning sirli chuqurligigacha cho‘zilib borib-borib, oxiri g‘oyib bo‘lganmi? Ollohning sirli ovoziga mushtoq avliyolar uni diqqat bilan kuzatib turgan bir vaqtda, nega endi sening yuragingga oxirat darvozasining kaliti ishonib topshirilgan? Asrlar davomida mahkam qimtilib turgan lablaringdan tashqari, nega endi qalbingdagi sirlardan hech kimni voqif etmaysan. Balki labingdagi afsus – mehrob uchun barcha qabihliklarga chek qo‘yib o‘zini qurbon qilganlarning qonidir; yoki u kelajak oldida barcha mavjudlik hech narsaga arzimas demoqchi bo‘layotgandir?
Mana tabiatning hayotbaxsh suvi – sening Niling; hamisha birday to‘lib-toshib oqishiyu saxiyligi uchun uning boshlanishidan to quyilish yerigacha hamma unga sajda qiladi.
Yoz mavsumida uning nega qizil tusga kirishini bilasanmi? Suvlaridagi bu serhosillikning boisi ne?
Anavi handasaviy shaklga ega ehromlar ne ma’no anglatishini bilasanmi? Xaldeylar burj alomatlarini tasvirlashlaridan avvalroq ularning toshdan yo‘ngan osori atiqasi sen emasmiding?
O‘zi bu ehromlarning vazifasi nimadan iborat ekanini bilasanmi? Ular dashtu biyobonga mash’ala bo‘lganmidilar yoki fir’avnlarga qabrmidi, mudofaa qo‘rg‘onimidi yoki qimmatbaho buyumlar saqlovchisimi, sevishganlar uchrashadigan yermidi u yer yoki Osiris marhumlar ustidan tantanali sud yig‘ilishini boshqaradigan joy bo‘lganmidi?
Ularni mo‘miyolaganda nega ichiga papirus o‘simligi bilan qadimiy yozuv belgilarini joylab, toshtobut va maqbaralarga qo‘yishlarini bilasanmi?
Nilufarning va nilguli lotosning muqaddas daryoda suzib yurishida qanday hikmat bor, bu senga ayonmi? Bizdek nodonlar uchun bular faqat bizni idora etayotgan hayotning belgilarigina, xolos.
O‘zing-chi? Nahot bu yerdagi biron nima seni o‘ziga tortmasa va cheksiz sukunatingning boisi nahot shu bo‘lsa?
Yoki bularning barida biz nimani ko‘rayotgan bo‘lsak, sen ham shuni ko‘rayotgandirsan? Balki sen o‘z ketidan quyosh tizimiyu yulduzlar turkumini ergashtirib olib ketayotgan ohanrabo milini shimolga yo‘naltirayotgan Tangri barmoqlarining harakatini kuzatayotibsanmi? Yoki, yorug‘lik va zulmat lashkarlarini, turg‘un yulduzlarning ulkan guruhini va o‘z mehvari bo‘ylab harakatlanayotgan fazo va vaqtning qo‘shinlari bo‘lmish sayyoralarni o‘z ko‘rigingdan o‘tkazayotgandirsan? Balki sen g‘uj yulduzlar to‘pi va galaktika olamiga, dunyo qonunlarining dasti bilan bitilgan “hayot” so‘zini o‘qishga urinayotgandirsan? Yoki bir butunlikdagi havo, olov, suv, moddani hosil qiluvchi, borliq chegarasidan tashqarida oqayotgan ilohiy oqim seni hayratingga sababdir? Sen kabi biz ham kuzatayapmiz, umidvor bo‘layapmiz, umidvormiz va kuzatayapmiz. Bizlar nimani kuzatayapmizu, tepamizdagi buqalamun osmon nimadan umidvor ekani senga ma’lummi? Nur o‘z shu’lasi bilan ora-sira yorib kirib bizni bahramand etguvchi azaliy va abadiy zulmatning bandilarimiz. Biz ularni umidlarimiz ro‘yobining xabarchilari deyishga tayyormiz. Biroq ular aldovchi xayolotdan o‘zga narsa emas. Zulmat yanada quyuqlashmoqda, biz esa o‘sha-o‘sha hamon kutishda davom etmoqdamiz; bo‘shashgancha kutmoqdamiz.
Sen ustingga quyilib kelayotgan qumlarga yarim-yorti ko‘milib bo‘lgan esang-da, baribir, hamon o‘sha kunchiqar tomonga boqqancha jilmayib turaverasan. Biz esa ofat qilichi ostida falokatdan halok bo‘layotgan esak-da, umid bilan hamon kutmoqdamiz.
Sendagi sirli sukut o‘tgan va o‘tayotgan davru davronlarning siri ekanligi rostmi? Odamzod ma’budlarni xuddi o‘ziga o‘xshatib yaratganidek, seni ham o‘zining ramzi etib yaratgani rostmi?
U, indamaslik ramzi bo‘lmish savqi tabiiy maylning boshlanishini buzoqning biqinidan; dovyuraklik ramzi bo‘lmish otashin fe’l-atvorni sherning panjalaridan; hadsiz yiroqlarga parvoz etuvchi – ilm ramzi bo‘lmish qanotni burgutdan oldi; o‘zining insoniy qiyofasidan esa savqi tabiiy maylning, nafsning va puch xayollarning ustidan g‘olib kelish, aql-idrokka, ongli istak-xohishga yo‘l ko‘rsatish uchun boshini olib senga ato etdi.
Nega u o‘zigagina xos sifatlarni senga ravo ko‘rdi-yu, boshqa qolganlaridan seni bahramand etishni istamadi? Nega endi sening tabassuming hech qachon uning doimiy yangilanib turuvchi umidlarining aksi bo‘lolmaydi? Osmonu falakka mangu boqib turgan Sfinks balki uning qayerigadir ich-ichiga yashirinib olgandir va har safar shafaqni va har safar kun chiqishini kuzatayotib, yangi yulduzlar paydo bo‘lishidan va yanada yorug‘roq quyoshning, yangi kunning chiqishidan umidvor bo‘layotgandir?..
Rus tilidan Dildora Aliyeva tarjimasi
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2013 yil, 7-son.