Mark Tven. Muxbir bilan suhbat (hajviya)

Serharakat, oliftanamo va anchagina vaysahi yigitcha men taklif etgan stulga o‘tirib, «Kundalik momaqaldiroq»dan kelganini aytib qo‘shimcha qildi:

— Sizdan intervyu olish uchun kelganimga e’tiroz bildirmasangiz kerak?

— Nimaga keldim, dedingiz?

— Intervyu olish uchun.

— Aha, tushunarli. Ha-ha. Hm! Ha-ha.

O‘sha kuni ertalab o‘zimni noxush sezayotgandim. Nimagadir hecham kallam ishlamasdi. Shunday bo‘lsa ham bari bir kitob jovoni yoniga kelib olti-etti minutcha u-bu narsalarni titkilagan bo‘ldimu keyin bari bir yigitchaga murojaat qilishga to‘g‘ri keldi.

— O‘sha so‘z qanday yozilardi?— so‘radim undan.

— Qanaqa so‘z?

— Intervyu so‘zi.

— E xudoyim-ey! Buni sizga nima keragi bor?

— Lug‘atga qarab ma’nosini bilmoqchi edim.

— Hm! Bu ajoyib, juda g‘aroyib narsa! Uning qanday yozilishini aytishim mumkin, agar siz… agar siz…

— Marhamat, aytavering. Behad minnatdor bo‘laman.

— I-n, in, t-e-r, ter, inter…

— Sizningcha, bu so‘z «i» bilan boshlanadimi?

— Albatta-da!

— E-e, lug‘atni rosa tit-pit qilganimning sababi shu yerda ekan-da!

— Xo‘sh, hurmatli zot, bu so‘zni qanaqa yozish kerak edi?

— Men… rostini aytsam, bilmayman. Lug‘atning oxirini varaqlab uni rasmlar orasidan rosa izlabman-a. Lekin qo‘limdagisi lug‘atning anchagina eski nashri ekan.

— Ey, do‘stim-ey, bunaqa rasmning bo‘lishi mumkin emas. Hatto eng yangi nashrida ham topilmaydi… Meni avf eting, sizni ranjitishni istamayman-u, ammo men tasavvur qilgandek ma’rifatli kishi emas ekansiz. Meni kechirishingizni o‘tinib so‘rayman, sizni xafa qilmoqchi emasdim.

— Kechirim so‘rashning hojati yo‘q. Menga xushomad qilmaydigan va xushomad qilishning hojati bo‘lmagan odamlardan nodonligimning chegarasi yo‘qligini necha martalab eshitganman. Ha, ha, mening nodonligim ularni zavqlantiradi.

— O‘zimam shunaqa deb o‘ylovdim! Lekin, intervyu masalasiga qaytaylik. Bilasizmi, mashhur kishilardan intervyu olish odat tusiga kirib qolgan.

— Yo‘g‘-e?! Buni endi eshitishim. Juda ajoyib bo‘lsa kerak. Xo‘sh, intervyuni qanaqa qilib olasiz?

— Bilasizmi… juda qiziq bo‘ladi! Bir xil paytlarda qo‘lingga cho‘qmor olishga ham to‘g‘ri kelardi-yu, ammo odatda intervyuchi savol beradi, u javob qaytaradi. Hozir shunaqasi modaga kirgan. Jamoatchilik faoliyatingiz va shaxsiy hayotingizdagi muhim tomonlarni aniqlab olish uchun sizga bir necha savol berishga ijozat etasizmi?

— Marhamat, bemalol! Xotiram juda yomon, albatta buning uchun meni avf etasiz, deb o‘ylayman. Xotiram juda g‘alati, allaqanday tizginsiz, demoqchiman. Dam yugurgilab ketadi, dam toshbaqadek sudralib qoladi. Shunisi meni ancha xafa qilyapti.

— Zarari yo‘q, bari bir biron narsani eslashga urinib ko‘ring.

— Urinib ko‘raman. Harakat qilaman.

— Tashakkur. Tayyormisiz? Boshlash mumkinmi?

— Ha, tayyorman.

— Yoshingiz nechada?

— Iyun oyida o‘n to‘qqizga to‘laman.

— Qoyil! Menga qolsa o‘ttiz besh-o‘ttiz oltiga kirgansiz, degan bo‘lardim. Qayerda tug‘ilgansiz?

— Missurida.

— Yozishni qachon boshlagansiz?

— Bir ming sakkiz yuz o‘ttiz oltinchi yilda.

— Bo‘lmagan gap, axir siz endi o‘n to‘qqiz yoshdasiz-ku!

— Bilmadim. Darhaqiqat, allaqanday g‘alati bo‘lyapti.

— Ha, shunaqa bo‘lyapti. Siz shu paytgacha muloqatda bo‘lgan odamlardan qay birini eng ajoyib shaxs, deb hisoblaysiz?

— Aaron Barrani[1].

— Mumkin emas, yoshingiz o‘n to‘qqizda-ku!

— Agar men haqimda o‘zimdan ko‘ra ko‘proq bilsangiz, nega mendan surishtiryapsiz?

— Men shunchaki tahmin qilgandim. Barra bilan qanday tanishgan edingiz?

— Uni dafn etish marosimida tasodifan tanishib qolgandim. Barra mendan shovqin qilmaslikni iltimos qildi va…

— yo qudratingdan! Agar dafn marosimida qatnashgan bo‘lsangiz, demak u qazo qilgan ekan-da, agar o‘lgan bo‘lsa, shovqin qilasizmi, yo‘qmi, unga bari bir emasmi?

— Bilmadim. Barra shunaqa odam edi.

— Bari bir hech nimaga tushunolmadim. Demak, siz bilan gaplashgan-da, keyin o‘lgan…

— Men o‘ldi, deganim yo‘q.

— Lekin uning o‘lgani rostmi?

— Bir xil odamlar o‘ldi deyishdi, boshqalari o‘lmadi, deyishdi.

— O‘zingiz nima deb o‘ylaysiz?

— Meni nima ishim bor? Axir, meni dafn etishmadi-ku!

— Siz esa… Ha, mayli, bu masalani hecham hal qilolmaymiz. Sizdan boshqa narsani so‘rashga ijozat bergaysiz. Qachon tug‘ilgansiz?

— Bir ming olti yuz to‘qson uchinchi yilning o‘ttiz birinchi oktyabrida, dushanba kuni.

— Nima? Nimalar deyapsiz? Agar shunaqa bo‘lsa bir yuz sakson yoshda ekansiz-da! Buni tushuntirib berolasizmi?

— Hecham tushuntirolmayman.

— O‘zingiz boya o‘n to‘qqiz yoshdaman degandingiz, endi esa bir yuz sakson deyapsiz. Bir-biriga zid gap-ku!

— E, buni payqab qoldingizmi? O‘zimga ham ko‘pincha shunaqa bo‘lib tuyulardi-ku, lekin ahamiyat bermasdim, Siz bo‘lsangiz darrov payqabsiz-a!

— Mulozamatingiz uchun tashakkur. Aka-uka va opa-singillaringiz bo‘lganmi?

— E-e… menimcha bo‘lgandi… yana bilmadim, eslolmayapman.

— Bunaqa g‘alati gapni birinchi marta eshitib turibman.

— Nahotki?

— Albatta-da! Siz nima deb o‘ylovdingiz? Menga ayting-chi, devordagi kimning portreti? Akangiz emasmi?

— Ha-da! Yaxshiyam esga soldingiz, darhaqiqat u mening akam! Ismi Vilyam bo‘lsa ham, biz uni Bill deb chaqirardik.

— Nima?! Demak, u o‘lgan ekan-da?

— Ha, o‘lgandi. Shubhasiz o‘lgandi, deyish ham qiyin. Shu narsa aniqlanmay qoldi.

— Achinarli voqea. Menimcha, dom-daraksiz yo‘qolgan ekan-da?

— Ha, umuman olganda, shunday desak ham bo‘laveradi. Biz uni dafn etganmiz.

— Dafn etganmiz?! O‘lik-tirikligini bilmay turib dafn etaveribsizlar-da?

— Yo‘g‘-e! Gap bunda emas. O‘lishga-ku, o‘lgan edi-ya…

— Rostini aytsam, hech nimaga tushunolmayapman! Agar uni dafn etgan bo‘lsalaring, demak, o‘lganini bilgan ekansiz-da…

— Yo‘q, yo‘q! Biz faqat o‘lgan ekan, deb o‘yladik.

— Ha, tushundim! U yana tirilibdi-da!

— Hecham!

— Umrim bino bo‘lib hech bunaqasini eshitmagandim. Odam o‘ldi. Odamni dafn etishdi. Hech narsaga tushunib bo‘lmaydi-ya?

— Menam shuni aytyapman-da! Gap shunda. Bilasizmi, biz marhum bilan egizak ekanmiz. Tug‘ilganimizga atigi ikki hafta bo‘lganda bizni vannada cho‘miltirishibdi-yu, ikkalamizdan birimiz cho‘kib ketibmiz. Ammo qay birimiz cho‘kkanimizni bilmasdik. Bir xil odamlar Billni, boshqalari meni cho‘kib ketdi, deb o‘ylashibdi…

— Qoyil! Siz nima deb o‘ylaysiz?

— Birgina tangri taoloning o‘ziga ma’lum. Shuni aniq bilish uchun dunyodagi hamma narsani bergan bo‘lardim. Bu mudhish mavhumlik butun hayotimni zaharlayapti. Ammo, men sizga shu paytgacha hech kimga bildirmagan bir sirni aytib beraman. Ikkalamizdan birimizda alohida nishon — chap qo‘limizda kattagina xol bo‘lgan. Bu men edim. Xuddi o‘sha go‘dak cho‘kib ketgandi.

— Qoyil! Demak, hech qanaqa sir yo‘q ekan-da.

— Sir yo‘q, deyapsizmi? Menimcha bor. Har holda, ota-onamning bunchalik sarosimaga tushib o‘sha go‘dakni dafn etishmaganiga hayronman. Lekin ota-onam oldida bu haqda og‘iz ocha ko‘rmang. Xudo shohid, busiz ham g‘am-tashvishi boshlaridan ortib yotibdi.

— Xo‘sh, menimcha, yetarli darajada material oldim, iltifotingiz uchun rahmat. Biroq, Aaron Barraning dafn etilishi hahida bergan ma’lumotingizga qiziqib holdim. Menga aytolmaysizmi, nima sababdan Barrani eng ajoyib kishi deb o‘ylaysiz?

— Aytishim mumkin. Umuman, bunga ellik kishidan bittasi e’tibor qilgan bo‘lardi. Janoza o‘qilib, marhum yotqizilgan tobut maxsus aravaga qo‘yilib xaloyiq endi qabriston tomon yo‘l olayotganda, to‘satdan Barra ko‘zini ochib bu yorug‘ dunyoni so‘nggi marta tomosha qilmoqchi ekanligini aytdi-yu, aravakash yoniga o‘tirib oldi…

Intervyuchi yigit ehtirom bilan xayrlashdi. Bu ajoyib suhbatdoshim bilan ko‘proq gaplasha olmaganimdan ancha afsuslandim.

Ruschadan Abduvoris Abdumajidov tarjimasi

[1] Aaron Barra (1756—1836) — Amerikaning davlat arbobi.