Mark Tven. Missis Mak-Vilyams va Yashin (hikoya)

…Gap shundaki, ser, — gapini davom etdi mister Mak-Vilyams. Chunki suhbat bu bilan boshlanmagan edi, — yashindan qo‘rqish — odamzod mubtalo bo‘lgan eng qayg‘uli nochorliklardan biri. Bundan ayollar ko‘proq azob chekadilar, biroq bunday hol vaqti-vaqti bilan kuchuk bolalarida, ba’zida esa erkaklarda ham uchrab turadi. Bu kabi ojizlikning guvohi bo‘lishimizning sababi bunday zaiflikni boshqa biron-bir kasallik kabi hech bir chora bilan yenga olmaysan kishi, zotan bemorni uyaltirishdan hech qanday naf yo‘q. Har qanday shayton yoki sichqonga ro‘baro‘ kelib qo‘rqmagan ayol kishi chaqmoq chaqishi bilan o‘zini mutlaqo yo‘qotib qo‘yadi, dovdirab qoladi. Ayolning ayanchli ahvolini ko‘rib achinib ketasiz.
Xo‘-o‘sh, sizga aytganimdek, qulog‘imga, qayoqdanligini ham bilmayman, bo‘g‘iq faryod eshitildi.
— Mortimer, Mortimer!
Fikr-xayolimni bazo‘r bir joyga to‘pladim-da, qorong‘ulik tomon qo‘l cho‘zib dedim:
— Evanjilina, senmi hayqirayotgan? Nima bo‘ldi? Qayerdasan?
— Shkafga bekinib oldim. Sen bo‘lsang, bemalol uxlab yotishdan uyalmaysan ham, vaholonki, tashqarida dahshatli momaqaldiroq bo‘layapti!
— Nima uchun uxlab yotgan odam uyalishi kerak ekan? Hech qanday mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi-ku. Inson uxlab yotganida uyalishi mumkin emas, Evanjilina.
— Hech yo‘g‘ida harakat qilib ko‘rishing kerak edi, Mortimer, o‘zingga ma’lumki, hatto urinib ko‘rmagansan!..
Qulog‘imga bo‘g‘iq yig‘i ovozi chalindi. Bu gapni eshitgan zahotim tilim tanglayimga yopishib qoldi. Men gap ohangimni o‘zgartirdim:
— Uzr, azizam, afsus chekayapman! Ataylab shunday qilganim yo‘q. Chiq, u yoqdan chiq va…
— Mortimer!
— Obbo, xudoyim-ey! Nima gap, jonim?
— Sen haliyam o‘rinda yotibsanmi?
— Ha, albatta!
— Hoziroq tur! Harholda sen o‘zingni o‘ylamasang ham, hech bo‘lmasa xotining va bolalaring uchun o‘z joningni qadrlaysan, deb o‘ylagandik.
— Lekin, jonginam…
— Yo‘q dema, Mortimer! Shunday momaqaldiroq paytida eng xavfli narsa — karavotda yotish ekanligini yaxshi bilasan… Barcha kitoblarda shunday yozilgan, sen esa yotaverib o‘z hayotingni nima uchun xavf ostiga qo‘yayotganingni bilmayman-u, ammo gap talashganing-talashgan!
— Axir, jin ursin, hozir karavotda emasman, men… (Shu payt birdan chaqmoq bilan hamohang vahimaga tushgan missis Mak-Vilyamsning chinqirig‘i va dahshatli momaqaldiroq gumburi yangrab ketdi).
— Ana! Ko‘rayapsan, oqibati nima bo‘ladi? Eh, Mortimer, shunday vaqtda janjal chiqarib o‘tiribsan-a!
— Men janjal chiqarmadim! Harholda, bu hali oqibati emas. Men g‘ing demasam ham baribir shunday bo‘laveradi. Evanjelina, o‘zing bilasanki, atmosfera elektr toki bilan zaryadlangan paytda…
— Ha, ha, senga qolsa tortishaverasan, bahs bahs! Aqlim bovar qilmayapti, uyimizda bironta ham yashinqaytargich yo‘qligini va sening baxti qaro xotining hamda bolalaring omon qolishi uchun yolg‘iz xudoga iltijo qilishlaridan o‘zga choralari yo‘qligini bilaturib o‘zingni jinnilikka solishingga hech tushunolmayapman!.. Nima qilayapsan? Gugurt yoqmoqchimisan… shunday vaqtda-ya? Mutlaqo aqlingni yeb qo‘yibsan-ku?
— Xudo saqlasin, azizam, buning nimasi yomon? Majusiyning oshqozonidek qop-qorong‘i, shu bois men shu…
— Gugurtni o‘chir, darrov o‘chir-chi! Menimcha, hech qaysimizga rahming kelmayapti, hammamizni qurbon qilishgayam tayyorga o‘xshaysan. O‘zing bilasan, yorug‘lik yashinni o‘ziga qanday tortishini… (Shaq, sharaq, gum, gumbur-gumbur-gumbur!) Mana… eshityapsanmi! Nima qilib qo‘yganingni endi ko‘rdingmi?!
— Yo‘q, ko‘rmayapman. Gugurt balki chaqmoqni o‘ziga tortsa tortar-u, lekin yashin gugurtdan paydo bo‘lmaydi, nimaga garov o‘ynasang ham roziman. Shunisi aniqki, mening gugurtim chaqmoq sababchisi emas. Bordi-yu, o‘sha tomonda mening gugurtimni mo‘ljalga olishgan bo‘lsa, bekorchi otishma ekan, aniqrog‘i, million imkoniyatdan nol natija…
— Uyat emasmi, Mortimer! Har soniyada bizga o‘lim tahdid solayapti-ku, sen esa safsata sotmoqchisan. Agar xohishing bo‘lmasa… Mortimer!
— Xo‘sh?
— Sen tungi ibodatni qilganmisan?
— Men… men ibodat qilmoqchi edim, lekin keyin o‘n uchni o‘n ikkiga ko‘paytirsa qancha bo‘lishini hisoblay boshladim, va…
(Shaq, sharaq! Gum-gumbur-gum! Gumbur-r-r-r!)
— Oh, adoyi tamom bo‘ldik, bizni endi hech narsa asrab qololmaydi! Shunday muhim narsani yodingdan chiqaribsan, tag‘in kelib-kelib shunday paytda-ya?
— Axir hech qanaqa “shunday payt” bo‘lgani yo‘q. Arzimagan narsa deb shunaqa shovqin-suron ko‘tarilishi mumkinligini men qayoqdan bilay? Har nechuk, nazarimda, sening tirnoq ostidan kir qidirishing yaxshi emas. Bunaqa xato menda kamdan-kam bo‘ladi, axir. To‘rt yil burun meni deb zilzila bo‘lganidan keyin, men biron marta ham ibodat qilishni kanda qilmagan edim.
— Mortimer! Nima deyapsan o‘zi? Sariq bezgakni unutdingmi?
— Azizam, qachon qaramay, o‘sha sariq bezgakni ro‘kach qilganing-qilgan, lekin nazarimda, meni bekor ayblayapsan. O‘shanda Memofisga to‘g‘ridan-to‘g‘ri telegramma yuborishning iloji bo‘lmay, faqat vositachi stantsiya orqali yuborilgan bo‘lsa, mening unutgan ibodatim qanday qilib shunday olisga yetib borardi? Zilzila uchun javobgarlikni bo‘ynimga olishim mumkin, chunki zilzila bizga yaqin joyda sodir bo‘lgan edi, biroq bo‘lmag‘ur narsaga javobgar bo‘lishdan ko‘ra, osilib o‘lganim ma’qul…
(Shaq-sharaq! Gum-gumbur! Gum-gumbur!).
— Ey xudo, o‘z panohingda asragin! Yashin biron joyga tushdiyov! Yuragim sezib turibdi, Mortimer! Tonggacha sog‘ qolmaymiz… bordi-yu, yo‘q bo‘lib ketganimizdan keyin shu narsaning foydasi tegsa, esingda bo‘lsin, Mortimer, sening behosiyat tiling… Mortimer!
— Xo‘sh! Yana nima?
— Sening ovozing shunday yangrayaptiki, go‘yo… Mortimer, nahotki, hozir sen kamin oldida turgan bo‘lsang?
— Ha, xuddi shunday, ushbu jinoyatni sodir etmoqdaman.
— Oldidan nari qoch, hoziroq qoch! Hammamizni adoyi tamom qilmoqchisan, shekilli! Nahotki, yashin o‘tkazuvchi eng qulay narsa bu — ochiq quvur ekanini bilmasang! Endi qayerga ketding?
— Shu yerda, deraza oldidaman.
— Xudo xayringni bersin, esing joyidami? Darhol u yerdan yo‘qol. Hatto emizikli chaqaloqning ham deraza oldida turishi bu — naqd o‘lim ekanini bilishidan xabaring bo‘lmasa! Ey xudo, ey xudo, bilaman, ertalabgacha tirik qolmayman! Mortimer!
— Ha?
— Nima u shitirlayotgan?
— Bu men.
— Nima qilayapsan u yerda?
— Shimimni qidirayapman.
— Tashla uni bir yoqqa! Aftidan, shu paytda jo‘rttaga shim kiymoqchisan, shekilli! Axir hamma nufuzli odamlar bir og‘izdan jun matolar yashin tortar bo‘ladi deyishadi, buni yaxshi bilasan. Eh, xudoyim, ey parvardigor! Yashin hammamizni kunpayakun qilishi kamlik qilayotgandek, sen o‘zingni-o‘zing baloga giriftor qilmoqchisan… Qo‘y, iltimos, qo‘shiq aytma! Xayoling seni qayoqlarga olib qochyapti?
— Xo‘sh, nima bo‘pti?
— Mortimer, senga yuz martalab aytganman, qo‘shiq elektr tokini uzishga olib keladigan atmosferani tebratadi. … Eshikni nimaga ochayapsan endi, baraka topkur?
— Tavba, buning nima yomon joyi bor?
— Nima yomoni deysanmi? O‘lim, — vassalom! Buni aqli bor har qanday odam biladiki, yelvizak bo‘lgan joyga yashin tushadi. Baribir eshikni berkitmading-a! Berkit, yaxshilab berkit, tezroq, aks holda hammamiz halok bo‘lamiz! Shunday paytda telba odam bilan bir uyda bo‘lish qanday dahshat… Mortimer, nima qilayapsan?
— Hech nima. Shunchaki, jo‘mrakni ochdim. Bu xonada diqqinafas bo‘lib o‘lish hech gapmas. Yuvinib olmoqchiman.
— Tamom aqldan ozibsan. Agar yashin boshqa biror narsaga bir marta urilsa, bilginki, suvga ellik marta uriladi. Jo‘mrakni berkit! Ey xudoyim, bizni hech narsa halokatdan asrab qololmaydi! Nazarimda… Mortimer, bu yana nima bo‘ldi?!
— Jin ursin… bu rasm. Men uni tushirib yubordim.
— Bundan chiqdi, sen devor oldiga boribsan-da! Aql bovar qilib bo‘lmaydigan ehtiyotsizlik bu! Yashinni eng yaxshi o‘tkazadigan narsa — bu devor ekanidan xabaring yo‘qmi? Nari qoch! Hali so‘kinmoqchisan hammi! Oilang xavf ostida bo‘lsa-yu, o‘zingni shunday tutsang-a?!
— Mortimer, men aytganimdek par to‘shakni o‘rtaga yoydirib qo‘ydingmi?
— Yo‘q. Unutibman.
— Unutibsan! Axir bu umring zavoli bo‘lishi mumkin. Agar par to‘shakni xona o‘rtasiga yoyib qo‘yganingda, hech qanday xavf-xatarsiz yotar eding. Bu yoqqa kel, xudo biladi, biron baloga yo‘liqmasingdan tez bu yoqqa kirib ol.
Men urinib ko‘rdim, lekin tor javon ichiga ikkalamizning sig‘ishimiz qiyin edi, boz ustiga javon ichida havo ham yetishmasdi. Dimiqib o‘lay dedim va nihoyat javondan chiqib oldim. Shu zahoti xotinim:
— Mortimer, seni halok etmasidan burun biron chora topish kerak, — dedi menga baqirib, — Menga kamin chetidagi nemis kitobchasini uzatib yubor, shamni ham, faqat yoqa ko‘rma. O‘zim shu yerda yoqaman. Kitobda nima qilish lozimligi yozilgan.
Men guldon va boshqa mayda-chuydani sindirish evaziga kitobchani qidirib topdim. Xonim sham bilan javon ichiga bekinib oldi. Bir daqiqacha qulog‘im tinchidi, so‘ngra:
— Mortimer, u nima? — deb qoldi u.
— Hech narsa, bir mushuk…
— Mushuk? Axir bu halokatning o‘zi-ku! Uni tutib, komod ichiga yashirib qo‘y. Iloji boricha tezroq, azizim! Mushuk elektr toki bilan to‘yingan. Bo‘ldi, menga shu narsa ayonki, mana shu dahshatli tunda sochlarim oqarib ketadi…
Yana bo‘g‘iq yig‘i ovozi qulog‘imga chalindi. Agar shunday bo‘lmaganda, men bunaqa bema’ni ishga qo‘l urmasdim.
Har nechuk mushukni quva ketdim: ba’zan o‘tkir qirrali ashyo va stullar kabi turli to‘siqlarga duch kelib bo‘lsa ham, nihoyat, mushukni tutib oldim va uni komodga yashirib qo‘ydim. Evaziga deyarli to‘rt yuz dollarli mebelni sindirdim, a’zoyi-badanim momataloq bo‘ldi. Shundan keyin javon ichidan bo‘g‘iq ovoz eshitildi:
Kitobda yozilishicha, eng bexatar joy — xona o‘rtasida stul ustiga chiqib turish ekan. Mortimer, stul oyoqchalari elektr tokini o‘tkazmaydigan izolyator bilan o‘ralgan bo‘lishi kerak ekan. (Qars! Gum-gumbur! Qars!) Voy, eshityapsanmi? Tez, Mortimer, qoch, yashin uradi.
Men bir amallab stakanlarni topib olishga ulgurdim. Faqat to‘rttasigina butun qolibdi, xolos, qolganlarini sindirib ulgurgandim. Stul oyoqchalariga izolyatsiya kiydirdim-da, xotinimdan yangi yo‘l-yo‘riqlar so‘radim.
— Mortimer, bu yerda shunday deyilgan: momaqaldiroq vaqtida temir buyumlarni o‘zingizdan yiroqda tuting, masalan: soat, taqinchoqlar; jismlar qalashib yotgan va yana boshqa buyumlar, masalan, plita, pechka, temir va shu kabilar yaqinida turmang va hakozo… Mortimer, bu nima degani? Metall buyumlarni yoningda olib yurishing yoki o‘zingdan uzoqroqda saqlashing kerak, deganimi?
— Ochig‘i, bilmayman. Bir oz chalkashib ketgandek. Barcha nemischa maslahatlar ozmi-ko‘pmi chalkash bo‘ladi. Nazarimda, bu takliflarning deyarli ko‘pi jo‘nalish kelishigida, ba’zan esa jindek qaratqich va tushum kelishiklari har ehtimolga qarshi ishlatilgan — shu bois, bu, menimcha, metall buyumlarni yoningizda saqlang degani bo‘lsa kerak.
— Shunday bo‘lishi mumkin. O‘z-o‘zidan ma’lumki shunday ham. Bu yashinqaytargich o‘rnini bosadi. Mortimer, dubulg‘angni kiyib ol, u deyarli temirdan yasalgan.
Men dubulg‘ani olib, boshimga kiyib oldim — juda og‘ir, beso‘naqay va diqqanafas issiq tunda, havosi og‘ir xonada o‘lganning ustiga chiqib tepishday narsa. Hatto tungi ko‘ylagim ham menga ortiqchalik qilayotgandek.
— Mortimer, nazarimda gavda uchun ham himoya lozim. Iltimos, o‘zingning jang qilichingni ham osib ol.
Men u aytganday qildim.
— Endi, Mortimer, bir ilojini qilib, oyoqlaringni himoya qilishing kerak. Oyog‘ingga temir tepkilaringni kiyib olsang qanday bo‘larkin?
G‘ing demasdan, tishni tishga bosib, temir tepkilarni kiyib oldim.
— Mortimer, bu yerda shunday deyilgan: “Momaqaldiroq vaqtida bong chalish juda xavfli, zotan jarang paytida havoning tortish kuchi hamda qo‘ng‘iroqxona o‘z balandligi bilan chaqmoqni o‘ziga tortishi mumkin” . Mortimer, bu momaqaldiroq vaqtida jom chalmaslik xavfli ekanini anglatmaydimi?
— Ha, aftidan, bosh kelishikdagi sifatdosh o‘tgan zamonda birlikda kelgan bo‘lsa — aynan shunday bo‘ladi. Ha, menimcha, momaqaldiroq paytida cherkov qo‘ng‘iroqxonasini yuqorida joylashgan bo‘laturib “Luftzug”1 ning yo‘qligida bong chalmaslik nihoyatda xavfli; boz ustiga desang, so‘zlar joylanishining o‘zi…
— Behuda gaplarni qo‘y, Mortimer, qimmatli vaqtni safsataga sarflama! Borib katta peshin qo‘ng‘iroqni ol, huv anavi, dahlizda turibdi. Bo‘l tez. Mortimer, azizim, deyarli xavfdan qutuldik. O, tangrim! Har nechuk tirik qolibmiz, shunday emasmi?
Bizning mo‘jazgina yozlik dala hovlimiz qator tepaliklarning eng cho‘qqisida, vodiy yuqorisida joylashgan. Yonimizda bir necha fermer uychalari bor, ulardan eng yaqinlari bizdan chamasi uch yuz-to‘rt yuz qadam narida.
Men kursiga chiqib olib, ana shu dahshatli qo‘ng‘iroqni chala boshladim. Oradan yetti-sakkiz daqiqacha o‘tganda, birdan derazamiz yopqichlarini tashqaridan kimdir yulqib oldi-da, yonib turgan fonarini ichkariga suqdi va bo‘g‘iq ovozda:
— Bu yerda qanaqa ahmoqgarchilik bo‘layapti o‘zi? — dedi.
Derazaga bosh suqkan odamning telbanamo nigohi mening tungi ko‘ylagim va harbiy aslahalarimga qadaldi.
Qo‘ng‘iroq qo‘limdan tushib ketdi va men xijolat bo‘lib kursidan sakrab tushdim.
— Hech narsa bo‘layotgani yo‘q, — dedim men, — shunchaki momaqaldiroqdan xavotir olayapmiz. Men yashinni haydamoqdaman.
— Momaqaldiroq? Yashin? Sizga nima bo‘ldi, Mak-Vilyams, esingizni yo‘qotdingizmi? Ajoyib yulduzli tun, hech qanday momaqaldiroq yo‘q.
Men derazamdan tashqariga qaradim-u hayratga tushdim, avvaliga lom-mim deya olmadim, so‘ngra:
— Hech narsaga tushunmayapman, — dedim. — Biz darparda va deraza yopqichlari orqasidan chaqmoq chaqqanini ko‘rdik, momaqaldiroq ovozini ham eshitdik.
To‘plangan odamlar miriqib kulib olish uchun birin-ketin yerga dumalay boshlashdi: ikkitasi o‘ldi; tirik qolganlardan biri o‘z fikrini bildirdi:
— Afsuski, siz yopqichlarni ochib, huv anavi baland tog‘ning uchiga nazar tashlamagansiz! Siz eshitganingiz — to‘p ovozi, ko‘rganingiz esa — otishma shu’lalari. Axborotingiz uchun, telegraf orqali xabar keldi, ayni yarim tunda Garfild prezident etib saylanibdi. Mana, gap qayerda!
— Ha, mister Tven, sizga aytganimdek, — dedi mister Mak-Vilyams, — inson hayotini yashindan ehtiyot qilish qoidalari shunday ajoyib va shuncha ko‘pki, odamlar qanday qilib zarbaga duch kelish yo‘lini topishlariga aqlim yetmaydi.
— U shunday dedi-da, yo‘l xaltasi va soyabonini olib chiqib ketdi, chunki poyezd uning bekatiga kelib qolgan edi.

Ruschadan Shoir Usmonxo‘jayev tarjimasi
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2007 yil, 11-son