Marina Svetayeva. Qayliq (ocherk)

U na meniki, na Asyaniki bo‘la oldi, chunki hech birimizning ko‘nglimizga o‘tirmadi. Bizdan katta opamiz allaqachon uyli-joyli. Boshi ochiq bo‘lganda ham, ungayam yoqishga mutlaqo ishonmayman. Qayliq yosh, kelishgan bo‘lmasa-da, istarali. (odobli, axloqli, beg‘araz, sanasa ancha fazilatlari bor-a! Ammo biz bilan qovushib ketolmadi…) Ayniqsa, unga kelajagi bor, degan gap chippa yopishadi. Hamma gap-mana shu kelajakda, buni yaratish biz-otamizning turmushga chiqmagan ikki qizidan birining zimmasida edi. U bizga sovchi qo‘ydi, ko‘nglimizni olishga urindigina emas, ostonamizda yotib oldi. Nimaga o‘xshatsam ekan? Qassob atrofida girdikapalak mushukday. Bu mushuk to‘q edi, anchagina to‘q. Uzun bo‘yli, basavlat bu yigitdan g‘alati yoqimsiz hid kelardi. Teri ostida to‘plangan yer osti suvlari bilan bog‘liq nimalardir bor edi.
Ko‘zlari tiniq edi. G‘oyat sof halol edi. Bir juft bo‘m-bo‘sh ifodasiz bo‘shliq sizga qarab turibdi. Bolalikda bunday ko‘zlarni samoviy deyishardi. Nima uchun ayollarning bunday ko‘zlari suv parisinikiga qiyoslanadi-yu, erkaklarniki halollikka? Ular halollik kafolati deb talqin etilsalar-da, aslida eng dog‘uli insonlarda uchraydi. Ular xuddi shu ko‘zlari bilan yuqorilaydilar! O‘quvchilik, kuyovlik, direktorlik… Qo‘ysangiz-chi, odam bunday ko‘zlar bilan unday ishlarga, deya e’tiroz bildirmang. Yo‘q, aynan shunday beozorgina ko‘ringan ko‘zlar sizga tik, kiprik qoqmay qaraydi, nigohingizni chillak o‘yinidagiday o‘rab, chirmaydi.
Lablari boshqacha, ko‘zlari boshqacha so‘zlaydi. Men barini bilaman, degan suvrat bor lablarida.
Qayliqning suv bilan yana bir uyg‘unligi-Oka uchrashuv joyimiz. Daryo bo‘yidagi Tarusa shaharchasida uning ota-onasiga tegishli dala hovli bor. Bu yerga ilk qadam qo‘yishimizdayoq qadamimizni gumonsirash, xavfsirash ta’qib qilgan.
-Nimaga shunday bo‘layapti-a?-bahslashardik opa-singil Tarusadan o‘zimizning Qumsohil to‘lqinlariday yastangan qirlardan chopqillab, chiqib-tusharkanmiz. –Biz haqiqiy knyaginyalar, mashhur aktrisalar emasmiz-ku! Ajabo, hozirgi holatimizda nimamizga qiziqadi?
-E’tibor berdingmi, har bir so‘zimizni qo‘llab-quvvatlashgani yetmaganday, zavqlanib hi-hilashadi ham?
-Ayniqsa, otasi.
-Ayniqsa, onasi.
-Tolya, Tolya-chi, tamshanib, yutinib o‘tirdi. Asya, ont ichamanki, barisi seni, seni deb!
-Bema’ni gaplaringni qo‘y. Agarda u shunday qilgan bo‘lsa, faqat sen tufayli, chunki men sendan yoshman. Turmushga chiqishimga erta hali. Senga esa atigi bir yil qoldi.
Tolyaning joni-dili hammom edi. Tarusagami, Moskvadagi mehmondorchilikka chaqirishsa borsak, singlisi Nina bo‘sag‘adayoq:
-Tolya hali yo‘q. Hammomda Sizlarga bildirmasligimni o‘tindi. Do‘stligimiz haqqi aytyapman buni, – deya shivirlardi.
-Hammom mujigi,-derdi Asya achchiqlanib. –Unga she’r yozishdan ko‘ra savdogarlar qashlagichi bilan qashlanib o‘tirish ko‘proq yarashadi. Bu kabi ruhoniyni sevib turmushga chiqqandan ko‘ra, sevmasang-da podshoga erga tekkan ma’qul. Bu bechoraga-ku sevgiyam yarashmaydi.
Tug‘ilgan kun ziyofatlari! Katta zal, oppoq, to‘kin dasturxon, hashamatli stol atrofida xizmat qilayotgan bizning uy xodimamiz-nemis ayoli, navqiron, qadrdon chehralarni oralab-o‘tib, oqishroq malla soqol-mo‘ylovli Anatoliy Asya ikkovimizning nigohimizni ovlash bilan ovora. Ko‘zlari goh menga, goh singlimga uchib qo‘ndi.
-Marina! Sirli orzularimiz uchun! Asya!
-Nima-a-aa?!
-Xudo haqqi, bolaginam, bunday chinqirma!
-Ajoyib yigit-da, – hazillashardi uning har bir tashrifidan so‘ng bizning nemka. –Bosiq, tavozeli, yaxshi hulqli. Afsus, basharasi sal… Gimnastika bilan shug‘ullansa edi. Ko‘proq qora olxo‘rining sharbatini ichish kerak.
Anatoliylar xonadonining oqsochi-odmigina, jo‘ngina ayol esa Tolyani jini suymasdi.
-Asenka, hech qachon, hech qachon unga turmushga chiqmang! Qorni to‘q, rangi oq. Ko‘zlari moviy bo‘lsa-da, ishonmang u ko‘zlarga! Bunaqalar albatta kaltaklashadi. Yoki lo‘ttivozlik qilib, chimchilab ko‘rishadi. Hech bo‘lmasa, ignalar bilan sanchib-sanchib olishadi. Chunki ularning yuragi ilonnikiday sovuq, juda sovuq.
Qayliq bir yil davomida bizning o‘rtamizda chayqalib yurdi. Nihoyat, Asyaga moyilligi ko‘rindi. Singlim hali judayam yosh, ko‘rkam, quvnoq. Ular o‘rtasida jonli devor Tolyaga past ko‘rindi. Men bilan uning orasini muqaddas Yelenaning metin qoyalari to‘sib turadi.
To‘rt qatorli bag‘ishlov she’rlari, ko‘zlarni qayirmoqqa uringan o‘tkir nigohlar, ammo Asya barini keskin rad etdi.
-Asya, qachon o‘zingizga nomunosib davralarni, allaqanday Grisha va Mishalarni tark etasiz? Qachon ulg‘ayasiz?
-Siz uchun ulg‘ayishga toqatim yo‘q.
-Qachon aqlingiz kiradi?
-Siz uchun aqlim kirishini mutlaqo xohlamayman.
-Bunchalar g‘o‘r, bunchalar yoshsiz!
-Sizga yoqmaydimi? Hamisha shunday bo‘lib qolaman.
Moskvada Tolyaning ishlari yomonlashgandan yomonlashdi: Tarusa quchog‘ida mish-mishlar suv bo‘lib oqdi. Okaning o‘zi ularni qayliqqa yetkazib turdi: kecha kim bilan qaysi teshik qayiqda uning o‘n uch yoshli qaylig‘i sayr etdi, kim bilan qumda o‘tirib olib, tonggi soat uchga qadar ovozi bo‘g‘ilib qolguncha Transval, Transval, mening yurtim,-deb qo‘shiq aytdi… Qizig‘i shu ediki, tanishuvlar, uchrashuvlar haqida Asyaning o‘zi birinchi bo‘lib suyunchilar edi:
-Men bir realist bilan tanishib qoldim. Tolya, uning ko‘zlari qop-qora-Pushkinnikiday.
-Pushkinning ko‘zlari moviy edi,-ming‘illardi Tolya.
-Aldayapsiz, Tolya, moviy ko‘zlar faqat sizgagina tegishli. Uning ismi Pasha, men uni posho deyman. Shunday deyishni yaxshi ko‘raman. Axir Turkiya va Misr sultonlari, harbiy sarkardalarni shunday atashgan-da.
-“Urush va tinchlik” dagi Anatoliyga o‘xshasangiz ham mayli edi. Ammo siz Levinga ham o‘xshamaysiz…
-Sizga bunday jiddiy kitoblarni o‘qishga hali erta ruxsat berishmoqda,-uning so‘zini bo‘lardi Tolya, o‘zining kimga o‘xshashligini tinglashga ortiq toqati qolmay.
-Sizga o‘xshagan kitobni-chi? Erta emasmikan? Yaxshisi, sizday kitoblarni o‘qimagan ma’qul.
O‘sha kunlarda dadam bilan oramizda shunday suhbat bo‘lib o‘tdi:
-Dada, sizga Anatoliy yoqadimi?
-Yangi qorovulimizmi?
-Yo‘q. Qorovulimiz-Anton, u esa-talaba, Tixonravov.
-A-a-aa… U uzoqqa borolmadi, chog‘i? Undan g‘alati yoqimsiz hid keladi.
Yillar o‘tdi. Bizga atab ekilgan yong‘oqlar bo‘y ko‘rsatdi, ularga qo‘shilib o‘zimiz ham o‘sdik.
Biz so‘nggi sinflardamiz, so‘nggi bosqichdamiz. Kutilmaganda Tarusadan Asyaga xat tashuvchi maktub olib keldi. Tolyaning yozuvi. Ochamiz: jimjimador harflar orasida yanchilgan semiz kapalak qurtining rasmi.
-Ahmoq,-dedi Asya sovuqqonlik bilan.
-Avtoportret,-aniqlik kiritdim. Rasmnng tagida o‘zingizni o‘zingiz va men uchun asrang, degan yozuv.
-Surbet. U menga shunday xat yozishga haqqim bor deb, o‘ylabdi-da! Shu yerning o‘zida maktub orqasiga: Mulkingizni qaytarmoqdaman, menda sizga atalgan hech narsa yo‘q, bo‘lmaydi ham, deb yozib qaytarib jo‘natdi.
-Ehtiyot bo‘l, Asya, u hali bizga bu kapalak qurtini eslatib qo‘yadi!
Kapalak qurti ma’shum bo‘lib chiqdi. U Anatoliy bilan Asya o‘rtasidagi ittifoq bo‘lishi mumkinmasligini ta’kidlovchi eng so‘nggi qalin qora o‘chmas chegara edi. Shu qishda Asya Boris ismli yigit bilan tanishib, tez orada unga turmushga chiqdi.
1921 yil, bahor. Asya Feodosiyadan yaqindagina qaytdi. U 1917 yildan buyon o‘sha joyda yashayotgan edi. So‘nggi yillar o‘tlarni qaynatib kun ko‘rdik. Singlim ozg‘in, haminqadar kiyingan, ammo o‘sha-o‘sha tinib-tinchimas.
-Marina! Muzeyga ishlashga boraman!
-Esingni yeb qo‘yibsan! U yerda hozir direktor-Anatoliy.
-Anatoliy direktormi? Hatto bizga uylanmay ham shu martabaga erishibdi-da. Baxti kulibdi yigitning!
-Risoladagiday oyimqizga uylangan.
Risoladagiday oyimqiz? Hoziroq Muzeyga boraman! (So‘z ularning otasi-I.V.Svetayev tashkilotchiligida qad ko‘targan (1898-1912) Rossiyadagi ilk tasviriy san’at muzey haqida bormoqda. U 1913 yilda yurak xurujidan vafot etdi).
Asya borib keldi.
-Kirib bordim. Otamning o‘rnida o‘tiribdi, qilt etmadi, turmadi ham. –Kelganingizga ancha bo‘ldimi?-Kecha. –Nima istaydilar?-Muzeydan ish. Bo‘sh o‘rinlar yo‘q. –Shunda men unga juda qisqa, ammo chertib:-Ehtimol, men uchun topilib qolar? Tolya, baribir o‘ylab ko‘ring,-dedim. O‘ylab ko‘raman. Biron narsa topilganda ham sizga to‘g‘ri kelarmikin…-dedi. Marina, shunda xotini kirib keldi, taqillatmasdan, bemalol, o‘z uyiga kirib kelganday. Yoshgina, xushro‘ygina-chindan ham ko‘zga yaqin. Qo‘g‘irchoq deysan-tirnoqlari, tirsakchalari, qo‘sh etakli oq ko‘ylakchalari. U bizlarni tanishtirmadi ham. Meni o‘tirishga taklif ham etmadi. Suhbat, voqealardan karaxtlanib, oyoqda tik turdim.
Asya gapirayotib jilmaydi.
Hafta o‘tib, direktor imzosi bilan bildirish xati keldi. Asya kutubxonaga shtatdan tashqari xodim etib tayinlangan edi. Oyligi esa… arzimas. Asya muzeyda o‘n yil ishladi. Shundan to‘qqiz yarim yili Anatoliy rahbarligida kechdi. Noma’lum sabablarga ko‘ra, kunlarning birida undan direktor o‘rnini bo‘shatib qo‘yishni so‘rashdi. Biroq u nima qilganda ham, otamning o‘rnida o‘tirib ketdi.
Anatoliy hozir-yozuvchi. Uning kitoblari eng yaxshi qog‘ozlarda chop etilardi. Muqovalari qalin, qizil matoli hoshiya chiziqlari bor. Xorij hayotidan yozadi. Shunaqa, u bizga uylana olmagan bo‘lsa-da, yozuvchi bo‘la oldi. Faqat-qanday yozuvchi?

Oygul Suyundiqova tarjimasi

Tarjimondan: Mashhur rus shoirasi M. Svetayeva (1892-1943) XX asr qiyofasini butun quvonchlari, ranglari, ziddiyatlari bilan kuylay oldi. Ulug‘ rus shoirlari A. Blok, A. Axmatova, B. Pasternak, S. Yesenin va boshqalar bilan bir davrda yashab ijod qildi.
E’tiboringizga uning shaxsiy hayotiga oid “Qayliq” ocherkini havola etdik. Bu ocherk “So‘nggi xabarlar” kundalik gazetasi (Parij, 1933 yil 15 oktiyabr) da bosilgan. Unda yozuvchi A.K. Vinogradov (1888-1946) haqida so‘z ketadi. U Svetayevlar oilasiga tanish shaxslardan biri, badiiy-avtobiografik asarlar muallifi. Garchi bitik ocherk deb atalsa-da, undan Marinacha ehtiros, keskinlik suratlari ko‘rinib turadi.