Bir ayol erini dafn etishi kerak edi. Mahkamaga keldi va tobutga buyurtma berdi. Hammasini kelishdi – o‘lchamlari, materiali, endi pul to‘lashga hozirlanayotganda sotuvchi unga dedi:
– Muloqot qurilmasi-chi, qo‘yamizmi?
– Qanaqa qurilma?
– Bizda endi yangi xizmat turi bor – tobutga marhum uchun muloqot qurilmasi o‘rnatyapmiz.
– U kim bilan muloqot qiladi?
– Siz bilan.
– Men bilan, qanday?
– Shunday. Siz buyoqda, yuqorida. U u yoqda, pastda. Unda mikrofon va uzatuvchi qurilma, sizda – qabul qilgich. Agar u sizga nimadir demoqchi bo‘lsa, tugmachani bosadi va gapiradi.
– Axir u tugmachani qanday bosadi?
– Qo‘li bilan.
– Axir uning qo‘li ishlamaydi-ku.
– Demak, unda ikkinchi qo‘li bilan.
– Nima, unda ikkinchisi ishlaydimi?
– Bo‘lmasam-chi? Gaplashishni istasa, tugmachani bosadi, nima xohlasa, sizga aytadi.
– U nimani xohlaydi?
– Nimani bo‘lardi? Siz bilan gaplashgisi keladi.
– Nima haqida gaplashgisi?
– Nima haqida bo‘lardi? Unda bitta mavzu bor.
– Qanaqa mavzu?
– Ha, tirikligini, sog‘-salomatligini aytadi. Tepaga chiqarishni so‘raydi.
– Qanday qilib tepaga chiqarishni so‘raydi, axir u o‘lik bo‘lsa?
– Ha, o‘lik bo‘lsa so‘ramaydi, agar tirik bo‘lsa-chi?
– Qanday tirik bo‘ladi?
– Shunday. O‘tgan yili bittasini dafn etishuvdi, ko‘mishni ham boshlashuvdi, u ichkaridan qopqoqni teshib chiqdi va hammani haqorat qila ketdi.
– Ie, nimaga haqorat qiladi?
– Chunki hali kayfi yaxshi tarqamagan ekan.
– Nima, uni tirigicha dafn etishmoqchi bo‘lishganmi?
– Ha-da. Uning o‘lgudek mast bo‘lganini bilishmagan-da. Shunchalik bo‘kib ichganki, yurak to‘xtab qolgan. Hamma uni o‘ldi, deb o‘ylagan, u esa hamma tiriklardan ham tirikroq bo‘lgan. Yaxshiyam o‘z vaqtida uyg‘ongan. Agar ko‘mib bo‘lishgandami, tamom edi. Agar unda muloqot qurilmasi bo‘lganda, u yoqdan ham bemalol…
– “Boshog‘riq” qilishni so‘rarmidi?
– “Boshog‘riq”ning nima aloqasi bor? U yoqda turib hammani haqorat qilardi, tezroq chiqaringlar, tirikman, hali hammasini ichib bo‘lganim yo‘q, derdi.
– Lekin mening erim ichmasdi.
– Nima qipti? Ana, yarim yil avval bittasini dafn qilishuvdi. Qabrga qo‘yilgan yangi gulchambar ustiga bir piyonista yotib tush ko‘ribdi. Tushida kimdir baqirarmish: “Eh, onangni emgurlar, nimaga xonada chiroqni o‘chirishdi?” Piyonista uyg‘onsayam qichqiriq davom etarmish: “Chiroqni yoqinglar, bo‘lmasa hammangning pachag‘ingni chiqaraman!”. Piyonista qorovulga boribdi. Ishchilarni chaqirib, kovlab chiqarishsa ko‘milgan kimsa tip-tirik ekan! Letarlik uyquga ketganmish. Agar piyonista shu qabrga yotmaganda, tamom, bir odam nobud bo‘lardi. Agar unda muloqot qurilmasi bo‘lganda, u uyg‘onardi-da, tugmachani bosib, xotiniga derdi: “Nyura, meni chiqarib olish vaqti keldi!”.
– Va Nyure ham omonatini topshirardi.
– Agar qurilmaga buyurtma bergan bo‘lsa topshirmasdi. U bu xabarni kutgan bo‘lardi. Qani endi, qurilmaga buyurma beramizmi yoki shu holicha qoldiramizmi?
– Qimmatmi?
– Agar bir tomonlama bo‘lsa, yuz dollar. Agar ham u yoqqa, ham bu yoqqa bo‘lsa ikki yuz.
– Ham u yoqqa, ham bu yoqqasi nima uchun?
– U sizdan nimanidir so‘raydi, siz javob berasiz.
– U nimani so‘raydi?
– U nimani so‘rashini men qayerdan bilaman? Ehtimol ob-havo qandayligini yoki “Spartak”ning qanday o‘ynaganini so‘rar.
– U yoqda unga “Spartak” nimaga kerak? U faqat bir narsani – meni chiqarib olasizlarmi, yo‘qmi, deb so‘rashi mumkin.
– Demak, u so‘raydi, siz javobiga hech narsa demaysiz, u chiqarib olishadimi, yo‘qmi, bilolmaydi.
– U yoqda, qorong‘ida muloqot qurilmasini qanday topadi?
– Mana bu o‘rinli savol. U uyg‘onadi, atrof esa qop-qorong‘i, shuning uchun ham yana bir yangi xizmat turi – tobutni yoritishni taklif etaman. U uyg‘onadi, u yer yorug‘, xuddi kunduzgidek va qurilmada yozilgan: “Muloqot qurilmasi. Tugmachani bosing”. Hammasi yuz yevro.
– Ha, uni kovlab olishguncha ikki soat o‘tadi.
– Kamida. Bu aniq.
– Nima, u ikki soat och o‘tiradimi?
– Mana bu to‘g‘ri savol. Shuning uchun bizda yangi xizmat turi bor – tobutga yengil oziq-ovqatlar ham qo‘yamiz. Chala dudlangan baton, bir juft apelsin, har xil konservalar. Ochqich ham bor. Sanchqi, pichoqcha. Odam o‘zini qulay his qilsin-da. Buyam yuz yevro xolos.
– Nimadir yetishmayapti.
– Ha, unga kitob kerak. Oxirgi gazetalar. Mana, nima yetishmayapti. Axir u oxirgi uch kungi gazetalarni o‘qigani yo‘q-ku.
– Bu ham yuz yevromi?
– Yo‘g‘-e, bu tekin. Tannarxi bo‘yicha. U yerga o‘zlaringiz kitob va gazetalarni solasizlar.
– Ha, mayli.
Ayol uch yuz dollar to‘ladi va o‘zini marhum oldidagi burchini bajargan his qilib ketdi.
Sotuvchi esa pulni sanar ekan, ichagi uzilguday uzoq kuldi.
Rus tilidan Habib Siddiq tarjimasi
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2018 yil, 11-son