U to‘zib yotgan torgina xonada rafiqasining suratini beholgina tomosha qilib o‘tirardi. Ayoli uzoq muddat davom etgan dardni yenga olmay bu dunyoni tark etganiga roppa-rosa bir yil bo‘lgandi. Erkak yurak-bag‘rini o‘rtagan sog‘inch va tushkunlikdan qutulish maqsadida o‘zicha qaror qildi. “Sensiz bu hayotda yashashning qizig‘i yo‘q. Azizam, men ham yoningga boraman”.
Huvillab qolgan uyini tartibga keltira boshladi: “Azizam, nega meni tashlab ketding?! Sensiz… yashashga bardoshim qolmadi… ”
Rafiqasining rasmini tomosha qilar ekan ko‘zidan yosh tomchiladi. Shu payt uxlab yotgan o‘g‘li uyg‘onib ketdi.
— Dada, nima qilyapsiz?— deb bola astagina uning yoniga kelib o‘tirdi.
U endigina oltiga kirdi. Otasining tushkunligini anglashga hali aqli yetmaydi.
— Sang U, bundan buyon doim buvingning gaplariga quloq sol, meni ko‘rishni qattiq hohlasang ham sabr qilishing kerak. Axir, o‘zing aqlli bolasan-ku?! Men uzoq muddat safarda bo‘laman…— dedi u o‘g‘liga.
Bola xo‘p, degandek boshini ¬silkitdi.
O‘g‘lini qaynonasiga topshirib ketmoqchi bo‘ldi.
Hech narsadan xabari yo‘q buvi ularga quvonch bilan peshvoz chiqdi, nabirasini olib qolishga bajonidil rozi bo‘ldi.
— Sang U, buvingga salom bermaysanmi?
— Salomatmisiz, buvijon?
Shu payt osmon ham uning xayollaridan o‘tayotgan fikrlarni uqqandek ko‘z yosh misol yomg‘irini sharros quyib yubordi.
Farzandini topshirib kelayotgan ota tilka-pora bo‘lgan yuragidan “Azizam, ozgina kut, sen tomon ketyapman”, degan so‘zlarni o‘tkazdi. U bir talay dori ichmoqchi edi. Dorini olish uchun javon qutisini ochdi. Beixtiyor qutidagi maktubga ko‘zi tushdi.
Maktub o‘z vafotini oldindan sezgan ayol tomonidan yozilgan edi:
“Azizim, men siz bilan birgaman… Kundan kunga sizsizlik sari yuzlanib borayotgan bo‘lsamda, foniy dunyo uzra sizga bir necha o‘tinchimni yozib qoldiryapman.
Azizim, Sang Uning tug‘ilgan kuni yaqin. Tug‘ilgan kunida albatta uni suratga tushiring, faqat, iltimos, o‘g‘limiz kulib turib rasmga tushsin… Javondagi qutini ochsangiz, surat uchun ramka bor. Bir paytlar 20 dona sotib olgan edim. Hozir 14 tasi qolgan. Sang U 20 yoshga to‘lguniga qadar har yili suratga tushirib ramkaga solib mehmonxonaga osib qo‘ying.
Azizim, yozda ko‘chaga chiqishdan avval ikkovingiz ham quyoshdan saqlovchi malhamni surib olishni unutmang.
Azizim, kuz va qishda o‘zingizni ehtiyot qiling, issiq kiyining…
Ha yana bir gap, har kuni, albatta, kamida bir marta Sang Uni bag‘ringizga bosib, uni yaxshi ko‘rishingizni ayting. Doim mehringizni his qilib tursin. — Shu yerga kelganda er ko‘z yoshlarini to‘xtata olmadi… So‘ng ayolining iltimoslarini o‘qishda davom etdi, — Azizim, vaqti kelganda yilda ikki bora tish shifokori nazoratidan o‘tinglar.
Azizim, Sang U yangi do‘st orttirsa, uning qanday bola ekanligini, albatta, surishtirib ko‘ring. Zero, do‘st bu —ikkinchi ”men” degani. — Uning qalbini larzaga keltirgan narsa maktubdagi so‘nggi jumla edi… — Azizim, men uchun hammasidan ham sizning baxtli yashashingiz muhim!”
Er rafiqasi yozib qoldirgan maktubni bag‘riga bosdi va ko‘z yoshlarini artdi. Bundan buyon u hayotda qanday zarbaga uchramasin, hech qachon ko‘z yosh to‘kmaslikka qaror qildi. Farzand kamoli, yaqinlarining baxti va quvonchi naqadar muhimligini anglab yetdi. Zero, rafiqasining so‘nggi maktubi uning uchun yangi hayot qurish yo‘lida muqaddimaga aylangan edi.
Koreys tilidan Zilola Abdug‘afurova tarjimasi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 4-sonidan olindi.