Bekorchi bolakaylar Norani aqldan ozgan deb hisoblashardi – aslida u aqldan ozgan ham, jinni ham emasdi. “Qizlar mahallasi”da uni shimol qizlaridek oqbadanligi, katta-katta tim-qora ko‘zlari tufayli eng chiroyli qizcha deb bilishardi. Bu mahallada qizlar ko‘p tug‘ilgani uchun uni “Qizlar mahallasi” deb atashgan.
Nora ko‘chada ko‘rinishi bilan bolalar chapak chalib, ovozlarining boricha “Nora jinni”, “Nora jinni” deb qichqira boshlashardi.
Shunda sho‘rlik qiz o‘zini tezroq panaga olishga shoshilar, ichida esa u onasi mahallada qizining aqldan ozgani to‘g‘risida gapirib bergan kun va soatni ayamay qarg‘ardi.
Bu hodisa ancha oldin, ko‘p oylar oldin ro‘y bergandi. Bolalarning kattasi bo‘lgani uchun Nora sabzavot va boshqa oziq-ovqatlarni sotib olgani tez-tez do‘konlarga chiqib turardi. Ko‘pincha bu narsalarni mahallalaridagi yagona baqqol Sayyiddan sotib olardi. Bu o‘sha siz bilgan yevropacha libosdagi olifta Sayyid har doim – egnida shim va ko‘ylak, boshida gardishi haddan tashqari enli shlyapada yurardi.
Bir kuni Nora katta bir baliqni qopga solib, og‘irligidan ko‘tara olmay, yerda sudrab kelardi. Sayyidning do‘konchasi joylashgan ko‘chadan o‘tgach, u katta darvozaga yetib keldi, shu yerda bir eski quduq bor edi. Ikkala qo‘li bilan qopni ushlab, orqasi bilan yurib kelayotganidan u quduqni ko‘rmay unga dumalab tushdi. Hozirgina kelayotgan odamning to‘satdan g‘oyib bo‘lib qolganini ko‘rib, ko‘cha qorovulining kayfi uchdi. Uning qichqirig‘iga odam to‘plandi. Judayam ozg‘in birini chelakka o‘tqazib, quduqqa tushirishdi-da, Nora bilan birga tortib chiqarib olishdi. Qiz hushidan ketgan edi-yu, ammo Allohga shukr, o‘lmay qolgandi. Boshining orqasini quduq devoriga qattiq urib olgandi. Doktor ko‘rib, ozgina miyasi chayqalganini, o‘ziga kelgach, uncha-muncha g‘alati qiliqlar qilishi mumkinligini, ammo bundan tashvishlanmaslik kerakligini aytdi.
Norani onasi esa duch kelganga qayg‘usini aytib dardlashardi, ajabtovur qizim aqldan ozdi deb zorlangani-zorlangan edi. Bora-bora bu Noraning o‘ziga ta’sir qilib, qovog‘ini solib yuradigan, hech kimga qo‘shilmaydigan odamovi bo‘lib qoldi. Ko‘chaga ham chiqmay qo‘ydi. Do‘konga esa singillari borib kelishardi.
Bir necha oylik “zindonli” hayotdan so‘ng Nora oxiri ko‘chaga chiqishga azm qildi. U bo‘lib o‘tgan voqea hammaning esidan chiqib ketgan deb o‘ylardi. Qayoqda! Unga ko‘zi tushgan hamon bir ajinadek qizaloq dugonalarini chaqira boshladi: “Hoy, tez bu yoqqa kelinglar! Jinni chiqdi!” Shunday dedi-yu, boshqa qizlar chopa-chopa kelib, sharaqlab kula boshlashdi, Norani qurshab olishdi va bir maromda aylanib, qo‘shiq ayta boshlashdi:
Nora jinni, Nora jinni,
Noraning miyasi yo‘q.
Bunday bo‘lishini kutmagan Nora alamdan chinqirib yubordi. Qizchalar undan qo‘rqqanday yolg‘ondakam har tomonga qochishdi va bir-birlariga:
– Ehtiyot bo‘linglar, jinni tag‘in tishlab olmasin! – deb qichqirishdi.
Ko‘zlari jiqqa yosh Nora chopib uyga kirdi-da, alamini onasidan oldi:
– Hammasiga siz aybdorsiz. Sizni yomon ko‘raman!
Shunday deya u yana ichkariga qamalib oldi.
Shu kundan boshlab Noraning tinch hayotiga yana “ko‘z tegdi”. Uni ko‘rgan borki, masxara qilmay qo‘ymasdi. Hatto mahalla doyasining merov o‘g‘li Solih ham Norani burchaklarda poylab turar, qiz uni ko‘rib qarg‘ab qochib ketayotganda, orqasidan: “Nora jinni, Nora jinni”, deb qichqirardi.
Ammo asta-sekin Nora o‘zini qo‘lga ola boshladi. Ba’zan unga o‘zini jinni qilib ko‘rsatish o‘ziga yoqar edi ham. Endi birov uning jig‘iga tegadigan bo‘lsa, bu ham o‘chakishib, og‘zini katta ochar va tilini chiqarib ko‘rsatar, tim-qora ko‘zlarini olaytirib, masxara qilganga qattiq tikilar edi, u bo‘lsa qo‘rqib: – “Oyijon, meni anovi jinnidan qutqaring!” – deb qochib qolar edi.
Raqibining bunaqa qo‘rqishlarini ko‘rib, Nora o‘zini dadilroq his etar edi.
Mahalladagilar endi Norani ilgarigiday tinmay g‘iybat qilishmasdi. Haligi baxtsiz hodisadan so‘ng Noraning otasi quduqning atrofini o‘rab qo‘yish uchun pul berdi, o‘z qo‘li bilan unga qopqoq ham yasadi. Suyukli qizining boshiga tushgan baloga boshqa birov ham duchor bo‘lishini istamasdi.
Nora bo‘yga yetib, chinakam sohibjamol qizga aylandi. Kalta sochlari endi yelkasini to‘ldirib, har to‘lqin turganida, qizning bir husniga o‘n husn qo‘shib yuborar edi. Juma kunlari oyisi xinaga bo‘yaganida sochi yanada tovlanib ketdi. Ona barcha oltovlon qizi uchun xinani mahallaning satang xotini Umm Saaddan sotib olar edi.
Endi Nora ham, uning yoshidagi boshqa qizlar ham ilgarigidek ko‘ngillari xohlaganda o‘ynab kelish uchun ko‘chaga chiqa olmas edilar, chunki ular endi bo‘y yetib, ko‘zga ko‘rinib qolishgandi.
Bir kuni oqshom chog‘i Nora tasodifan ota-onasining o‘zaro suhbatini eshitib qoldi-yu, tun bo‘yi uxlolmay chiqdi.
– Hoy er, – derdi onasi, – Noraning bo‘yi yetib qoldi, ammo shu holda uni kim ham olardi?
– Avvali Parvardigor. Solihning undan nimasi ortiq? Teng tengi bilan, tezak qopi bilan.
– O‘ylab gapirayapsizmi, otasi? Nima qilishimni ham bilmayman, boshim qotgan… Yo‘q, keling, shu o‘rtancha qizimizdan gaplashaylik.
Ota-onasi keyin ham shu mavzuda ko‘p gaplashishdi. Nora esa nuqul oynaga qarab o‘ylardi: “Rostdan men boshqalarga o‘xshamaymanmi? Nahotki, boshqa odamlarday yashash menga nasib qilmagan bo‘lsa?”
Goh-goh Nora o‘krab yig‘lar, onasi va singillari uning yig‘isini eshitib, boshlarini chayqar edilar:
– Sho‘rlik qiz! Nimani ham tushunardi!
…Vaqt o‘tib boraverdi. Nogoh Noraning otasi betob bo‘lib, yotib qoldi va savdogar Fahdning do‘koniga ishga chiqa olmadi. Bir kuni eshik taqilladi va eshikni ochgani Nora bordi. Eshikni taqillatgan qo‘shni mahallaning xushro‘y yigiti, Fahdning o‘g‘li Naif edi. Xo‘jayinning o‘g‘lini ko‘rib, Nora bir dam o‘zini yo‘qotib qo‘ydi. Qizning go‘zal to‘linoydek balqib turgan chehrasini ko‘rib, Naif ham kalovlanib qoldi. Nihoyat, u o‘zini qo‘lga olib, so‘radi:
– Otang qani?
– Uydalar. Lekin ular kasal yotibdilar.
– Nima bo‘lganini bilgani kelgandim. Kirsam maylimi?
– Hozir. Onamni chaqiray.
Nora yugurib ichkariga kirib ketdi. Naif uning orqasidan havas bilan qarab qoldi. Qizning mavjlanib, orqasini to‘ldirib turgan sochlaridan o‘pgisi kelib ketdi…
Qizning otasi Jasim tuzalib, do‘konga kelganda xo‘jayin uni juda xushmuomalalik bilan qarshiladi va dedi:
– O‘g‘lim qizingiz Noraga uylanmoqchi. Bunga nima deysiz?
Jasim quloqlariga ishonmadi, nima javob berishini bilmay, lol edi.
– Gapimni eshitdingizmi? – Fahd Jasimni yelkasiga urib qo‘ydi: – Naif qizingiz Noraga uylanmoqchi. Yo qizingizni uzatish niyatingiz yo‘qmi?
Jasimning ko‘zlari jiqqa yoshga to‘ldi.
– Ammo, ey Naifning muhtaram otasi… Ey Alloh… Bu yog‘i qandoq bo‘ldi? Sizlar kimsizlar-u, biz kimmiz…
Savdogar norozi qiyofada xo‘mrayib, lablarini qimtidi.
– Nega unday deysiz? Sizni bilmaymizmi? Insofli, diyonatli odamsiz. Siz bilan qarindosh bo‘lsak yomon bo‘lmaydi. Taklifimdan suyunarsiz deb o‘ylagandim.
– Alloh umringizni uzoq qilsin, – dedi Jasim, – Men-ku, jon-jon derdim… Ammo Nora… qizginam haliginday… – Ota miyasi aynigan deganday qo‘lini havoda ma’noli o‘ynatib qo‘ydi.
– O‘z qizingizga tuhmat qilmang, – birdan jiddiylashib dedi Fahd. – Noraning to‘rt muchasi sog‘. Nega uning baxtiga to‘sqinlik qilasiz?
Jasim boshini egdi, qo‘llarini ko‘ksiga qo‘yib, bir necha bor takrorladi:
– Mening qizim – sizning qizingiz. Iloyo, qizimning baxtini bersin.
Mahallada yangi xabar yashin tezligida tarqaldi. “Boy savdogarning suxsurday o‘g‘li Naif jinni Noraga uylanarmish. Shahzodaning ishqi qurbaqaga tushibdi! Mahallada chiroyli qizlar kam edimi?”
Nora esa baxtdan yal-yal yongancha hammaga birdek tabassum bilan qarardi…
…Mahalla quvondi. Shoyi-barqutlarga chulg‘angan Nora to‘yga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Uning ko‘zlari quvonchga to‘lgan. To‘lmay-chi? Axir u mahalladagi eng barno yigitga turmushga chiqayapti. Shaharda bu yigitga havas qilmagan qiz bormidi?..
O‘sha qizlar endi Nora kabi “jinni” bo‘lishni orzu qilmoqda edilar.
Arab tilidan Shahlo Ahmedova tarjimasi