BO‘RI BILAN ULOQChA
Tomga chiqib olgan Uloqcha, pastdagi yo‘ldan o‘tib ketayotgan Bo‘riga po‘pisa qildi:
— Qotil… O‘g‘ri… Nega sen yaxshi odamlarning uylari atrofida o‘ralashasan? Sening yomon niyatda ekanliging ma’lum. Xo‘sh, bu yerlarda nima qilyapsan? Ularga o‘zingni ko‘rsatishga qanday hadding sig‘adi?
Bo‘ri tishlarini g‘ijirlatib javob berdi:
— Hap senimi kichkintoy… Baribir bir kun sen ham, albatta pastga tushasan. O‘shanda ko‘rasan.
Xulosa shundan iboratki, Uzoqda turib jasoratli bo‘lish oson.
MUShUK XONIM
Qadim zamonda Yupiter va Vena, maxluqotlarning o‘zgarish-o‘zgarmasligi haqida bahs qilishibdi.
Yupiter:
— O‘zgaradi, — debdi.
Vena esa:
— O‘zgarmaydi, — deb turib olibdi.
Shunda Yupiter qarori to‘g‘riligini isbotlar uchun bir mushukni olib suluv qizga aylantirib qo‘yibdi. Keyin uni xushbichim, kelishgan yigitga nikohlamoqchi bo‘libdi.
Katta nikoh marosimidan so‘ng ular ziyofat dasturxoniga kelishibdi. Bularni kuzatib turgan Yupiter:
— Unga qara, — debdi. — Qanday odob bilan tanovul qilmoqda, to‘g‘rimi? Kim shunday go‘zal, yosh qizni mushuk deb o‘ylaydi?! Qara, yaratilish o‘zgarar ekan.
Vena:
— Shoshma, do‘stim. Hozir ishning aslini bilamiz.
Shu zahoti Vena bir sichqonni olib kelib, eshikdan ichkariga qo‘yib yuboribdi. So‘ng ikkovi nima bo‘lishini qiziqib kutishibdi.
Haligi qiz sichqonni ko‘rar-ko‘rmas, mehmonlarga ham qaramay, dasturxon osha sichqonni quvlay ketibdi.
Shunda Vena:
— Do‘stim, yaratilish asliyati hech qachon o‘zgarmaydi, — debdi.
«Lafonten masallari» kitobidan olindi
QURBAQALAR BILAN QO‘RQOQ TOVUShQON
O‘rmonning eng qo‘rqoq hayvoni tovushqonmish. Yaproq qimirlasa bas, bekinishga joy izlab qolarmish. Unga bunchalik qo‘rqoq bo‘lmaslik haqida qancha gapirishmasin foydasi yo‘q ekan. O‘zidan ham kichik hayvonlarning o‘rmonda bemalol yurishlarini ko‘rib tovushqon qo‘rqoqligidan uyalarmish.
Bir kun u o‘rmonni keza boshlabdi. Uning ahvolini ko‘rsangiz edi. Qo‘rqa-qo‘rqa, saqlana-saqlana, yuragi og‘ziga tiqilib borarkan, ko‘lga duch kelibdi. Ko‘lda vaq-vaqu qur-qur qilib turgan qurbaqalar tovushqonni ko‘rishlari bilan o‘zlarini suvga otishibdi. Tovushqon buni ko‘rib shoshib qolibdi. Chunki qurbaqalar undan qo‘rqib suvga bekinganlarini anglagan ekan-da. Tovushqon o‘sha lahza o‘rmonda undan ham battar qo‘rqoq hayvonlar borligini bilibdi.
O‘sha kundan boshlab u qurquvini oz-oz yengishga kirishibdi.
M. Xolmurodova tarjimasi