Yillar o‘tishi bilan keladigan har bir qish Tixon Petrovichga avvalgisidan uzunroqdek tuyulardi. Taqvim bo‘yicha hammasi to‘ppa-to‘g‘ri, bahor o‘z vaqtida, o‘z mavridida kelardi. Lekin bu fasl qanchalik uzoq kutilsa, kutish shunchalik qiyinlashardi.
— Bu qarilik alomati, — derdi Tixon Petrovich o‘z-o‘ziga. — Qari kishi bahor kutadi, o‘ziga ko‘klam issig‘idan qancha nasib etishini hisob-kitob qiladi. Shuning uchun ham asabiylashaveradi. Yoshlik — bu boshqa gap!
Lekin Tixon Petrovich bahorni sabrsizlik bilan kutishining boshqa jiddiy sabablari ham bor edi, albatta.
Bahor taftiga u faqatgina o‘zi uchun emas, balki o‘simliklari, o‘z ta’biri bilan aytganda, “daraxtlar oilasi” uchun intiq bo‘lardi. Chunki, uning boshqa hech qanaqa oilasi yo‘q — azaliy bo‘ydoq edi. Bu hatto uning tashqi ko‘rinishidan ham bilinib turardi. Tixon Petrovich oriq, qiyofasi jiddiy, o‘z-o‘zi bilan gaplashish, ba’zan so‘kishib qolish odati bor edi.
Tixon Petrovich tuman tasarrufidagi Razgovorovo shaharchasida meva ko‘chatlari yetishtirar, bog‘ va issiqxonalari bo‘lgan hovlisi bor edi. Bu hovlidan u namunali yangi yoki yanada balandparvoz maqomda aytsak, “tarjriba uchun” o‘simliklar yetishtirardi. Hovli tor, lekin dov-daraxtning ko‘pligi va balandligidan keng-mo‘ldek tuyulardi.
Tixon Petrovich ko‘p yillardan beri tajribali bog‘bon sifatida chor-atrofga dong taratgandi. “Bu kishi — bizning Michurin, — deyishardi u bilan faxrlanib shaharcha odamlari, — o‘z ishiga juda sodiq, hammaning maslahatchisi, yordamchisi. Faqat birgina qusuri bor — ish bilan bo‘lib oila qurishni unutib qo‘ygan shekilli, yakka-yolg‘iz yashaydi”.
Tixon Petrovich ishlaydigan niholxona kichkina shaharda joylashgan bo‘lsa-da, viloyat tashqarilarida ham mashhur edi. Tixon Petrovichning yoniga Rossiyaning turli burchaklaridan bog‘bonlar kelib turishar, hatto Moskvadan tashrif buyurishgan paytlari ham bo‘lardi va u o‘z bilimlarini ayamay, ishtiyoq bilan o‘rtoqlashardi. Shu bois u uncha katta bo‘lmagan uyining boloxonasida istiqomat qilar, pastdagi ikki xona esa kelib-ketuvchilarga ajratilgan edi. Tixon Petrovich bu xonalarni ba’zan “mehmonxona”, ba’zida “amaliyotchilar xonasi” deb atar, chunki har yoz u yerda viloyat qishloq xo‘jalik texnikumi talabalari istiqomat etishardi.
Ma’lumki, o‘z sevimli mashg‘ulotidan vaqtincha ajralgan kishi doimo unga intilib yuradi. Ovchilar qish davomida yaroqlarini qayta-qayta tozalab, o‘q joylashadi, baliqchilar qarmoqlarini bog‘lab, po‘kaklarni ranglashadi, dengizchilar xarita chizish bilan band bo‘lishadi. Tixon Petrovich bo‘lsa qishda o‘zining tangu tor boloxonasida o‘tirib, “Mevali daraxtlar, butalar, sabzavot va gul yetishtirish bo‘yicha qo‘llanma” yozardi.
Tixon Petrovichning tajribasi ko‘pligi tufayli “qo‘llanma” nomini bemalol oqlardi. Chunki kitobda havaskor bog‘bonning qo‘lidan mahkam tutib, jo‘yakma-jo‘yak olib yurganda va ular ko‘rganidan hayratlanganida nafis, xushbo‘y gullarning tuprog‘ini qanday to‘yintirish kerakligini tushuntirayotgandek qilib, batafsil yozilardi.
— Naqadar ajoyib, — derdi Tixon Petrovich, — inson hayrat qobiliyatini hech qachon yo‘qotmasligi kerak. U g‘azna hisobotlari bilan to‘ldirilgan qopchiq emas ekan, haqiqiy inson ekan, hayrat hissidan begona bo‘lmaydi.
Bularning hammasi to‘g‘ri edi, albatta. Lekin yillar o‘tgan sari, na faqat kelayotgan qishlar uzun tuyular, balki, o‘zi ham endi hech kimga kerak emasligini tobora ko‘proq his etardi.
Ma’lum bo‘ldiki, bo‘ydoq hayot — ozod, erkin kechib, foydali, yaxshi mehnatga baxshida etiladi. Biroq, shunga qaramay, oila quvonchlarisiz baribir tatimas ekan. Hatto o‘z-o‘zingga g‘amxo‘rlik qilish ham yil sayin zerikarli bo‘lib qoladi.
“O‘zimning eng yaxshi ko‘rgan narsalarimni aqalli biror kishiga sovg‘a qilolsam ham mayliga edi, — o‘ylardi Tixon Petrovich. — Aziz kishimni xursand qilgan bo‘lardim. Mening esa sovg‘a qiladigan odamim yo‘q. Boshqalarning xotinlari, bolalari bor, men esa — yakka o‘zimman, xolos”.
Lekin shu zahotiyoq Tixon Petrovich ko‘ngil qo‘ygan mashg‘uloti uchun bolalar boshga balo bo‘lardi deb o‘ylab o‘zini ovutardi. Hammasini toptab tashlashadi, tovuqdan ham battar ular. Tixon Petrovich singan butoq yoki gul u yoqda tursin, toptalgan maysani ko‘rsa ham “oh” tortib, aftini burishtiradi-yu, bolalarga balo bormi?
Bahor har galgidek erta tongda tashrif buyurdi. U boloxonaning sinch devorida to‘q-sariq, iliq, chorqirra quyosh nurida namoyon bo‘ldi. Sinch tirqishidagi uzun qish davomida ko‘zga tashlanmagan mum tomchisi shu tong xuddi marvariddek nurlanib ketdi.
— Vaqt yetdi! — dedi Tixon Petrovich tomchiga nigoh tashlab va “Qo‘llanma”ning tugallanmagan qo‘lyozmasini yanagi qishgacha stol tortmasiga solib qo‘ydi. Va taqsimchalarga ekilib, deraza tokchalari va dahlizda o‘stiriladigan urug‘larni saralay boshladi.
Keyin esa quyuq, og‘ir tumanlar tushdi, qishki yo‘llar sarg‘ayib, o‘rmondan rutubat anqidi, taxta tomlarni bug‘ qopladi. Aprel tunlarining birida daryodagi yax chok-chokidan “so‘kilib”, ertalab har galgidek muz ko‘chishi boshlandi va daryo yetti chaqirimga yoyilib ketdi.
Bahor suvlaridan neft va qor hidi kelardi. Qirg‘oqdagi novdalarning bari butoqlarda yonma-yon o‘tirgan oqish arilarga o‘xshagan yosh kurtaklar bilan qoplandi.
Viloyat markazidan birinchi kema keldi. Tixon Petrovich shu kemada niholxonaning yumushi va yana allaqanday ko‘chatlar olish uchun shaharga tushdi. Shahargacha hammasi bo‘lib besh soatda suzib borilardi.
Shahardan qaytishda kema qorong‘i tushay-tushay deganda yo‘lga chiqdi va suv toshgan joylardan suzib ketdi. Bakenlar1 hali yoqilmagandi.
Suvdan sovuq ufurib turganiga qaramay, Tixon Petrovich kema sahnida o‘tirar, oyoqlari ostida ko‘chat to‘la qopchiq yotardi. Pastdagi umumiy xona iliq, hatto juda issiq edi, lekin Tixon Petrovich u yerga tushmas, ko‘chatlarni ko‘zi qiymasdi. Ko‘chatlar issiqda tez so‘lib qolishi hammaga ma’lum.
Kema sahnida yo‘lovchilar unchalik ko‘p emasdi. Arrakashlar, o‘ralib-chirmalgan ayollar, yigirma yoshlar chamasidagi qiz va qizaloq. Oriq, rangpar va qiziquvchan qizaloq olti yoshlarda bo‘lib, kema sahnidan pastga tushishni sira istamasdi.
Arrakashlar shunaqangi zo‘r berib chekishardiki, hatto kuchli shamol ham tamaki hidini yo‘qotolmasdi. Ular chakmon kiygan yoshi ulug‘ o‘rtoqlarining so‘zlarini tinglashardi.
— Bu nima degan gap! — derdi u bo‘g‘iq tovush bilan. — Ahmoqlar hamma narsaga kulaverishadi, aqlli kishi esa o‘ylab ko‘radi. Farqiga bormay turib raisimiz Batenkovning ustidan kulishga shoshilmasanglar bo‘lardi.
— Biz bo‘lsak farqiga borib kulyapmiz, — dedi yosh arrakash.
— Hozir sening nimani farqiga borganingni isbotlab beraman! — dedi achchiqlanib qari arrakash. — Nimaning ustidan kulyapsanlar, o‘zi?! Batenkov muz ko‘chganda beshta tovushqonni qutqarib qolganigami? Shundaymi, axir?
— Biz buning ustidan kulayotganimiz yo‘q, axir, Zaxarich, — e’tiroz bildirdi yosh arrakash.
— Tushunib turibman! — tahdidli ovozda dedi qariya. — Senlarni juda yaxshi tushunaman. Batenkov o‘sha tovushqonlarni piyoz bilan qovurib, araqqa gazak qilish o‘rniga, chakalakzorga qo‘yib yuborganidan kulyapsanlar. Nazarlaringda, bu xurmacha qiliq hisoblanadi-a?
— Batenkov haddan tashqari rahmdil, — dedi qorong‘ulikdan kimdir.
— Y-o‘-o‘-q, ukam. Hech qanaqa rahmdillik yo‘q bu yerda. Bundan oddiy xulosa chiqarish kerak. Tovushqonlar bekordan-bekorga nobud bo‘lib ketguncha, o‘z-o‘zidan ko‘paysin. Qush uyasini ko‘rganmisan? Qum zarralari, patlardan yasalgan. Boylik ham, ukaginam, xuddi shunday bunyod bo‘ladi. Umumxalq mulki ana shunday vujudga keladi. Uy ham bitta-bitta g‘isht bilan ko‘tariladi. Bir vaqt qarabsanki, xuddi Moskvadagidek butun boshli yigirma sakkiz qavatli imorat qad rostlaydi!
— Obbo san-ey!— dedi yosh arrakash.
— Ha-a! “Obbo san-ey!”— javob berdi qari arrakash.— Buning fahmiga yetish kerak. Biz tomonlarda shunday rivoyat bor. Asalari daryoga tushib ketib, qanotlari ho‘l bo‘libdi. Bir so‘z bilan aytganda, asfalasofilinga ravona bo‘lishi tayin bo‘lib qolibdi.— Omin, yo parvardigor! Atrofda esa qizilqanotlar uchib yurishgan ekan. “Meni qutqaringlar,— deb iltijo qilibdi: asalari,— haqini albatta to‘layman”.
— E, seni boshimizga uramizmi, deyishibdi qizilqanotlar.— Biz asalni og‘zimizga ham olmaganmiz.
Asalari faqat “uf” tortibdi. “Bu gap ham to‘g‘ri! Na iloj”. Qarasa, daryoda qurbaqa suzib kelyapti. “Qutqar meni, — tavallo qilibdi asalari. — Qarzdor bo‘lib qolmayman”. “Men bo‘lsam,— debdi qurbaqa,— hatto asalning hidiga ham toqat qilolmayman”. Shunda asalari butunlay g‘amgin tortibdi. Lekin qarabdiki, daryo uzra qora chug‘urchuq uchib yurgan ekan. Asalari undan ham “qutqazgin” deya iltimos qilibdi. “Xo‘p, mayli, — debdi chug‘urchuq,— seni qutqazganim bo‘lsin. Chunki sen odamlarni asal bilan siylaysan, ular esa menga makon qurib berishadi”.
— Chug‘urchuq asalarini qutqaribdimi? — so‘radi yosh arrakash.
— Albatta-da. Foydali jonzotlarga doimo yordam berish kerak.
— Nastyusha,— dedi qizaloq o‘z hamrohiga,— men bo‘lsam asalarini shundoq ham qutqazgan bo‘lardim, asal evaziga emas.
— Juda to‘g‘ri qilgan bo‘larding, qizaloq,— dedi Tixon Petrovich sekingina. Nimjongina, ko‘zlari katta-katta bu qizcha uning yuragida rahm emas-u, allaqanday ezgin tuyg‘ularni qo‘zg‘atdi.— Mana onangdan so‘rab ko‘r, u ham xuddi shunday deydi.
— U mening onam emas, opam,— javob berdi qizaloq.
Tixon Petrovich qizdan uzr so‘radi.
— Qo‘ysangiz-chi, zarari yo‘q,— dedi qiz.
— Opa-singil sayru sayohatga chiqibsizlar-da?
— Biz Razgovorovoga boryapmiz,— iymanib javob qaytardi qiz.
Qorong‘ida Tixon Petrovich qizning yuzini aniq ilg‘amasdi-yu, lekin uning uyatchan ko‘zlarini ham, boshiga tashlangan issiq ro‘mol shokilalarini tortqilayotganini ham ko‘rayotgandek edi.
— Qarindoshlaringiznikiga boryapsizlarmi?
— E, yo‘q,— dedi qiz.— Men Razgovorovoga o‘qituvchilikka tayinlandim. Mana, boryapman, singlim Masha bilan birga. Biz u bilan endi ikkovlonmiz. Dadam Uzoq Sharqda xizmat qiladi, oyim qirq ikkinchi yili, Leningradda…
— Hammasi ravshan,— dedi Tixon Petrovich qiz gapini tugatmayoq jimib qoldi. Qiz ham indamasdi.
Tixon Petrovich oyog‘i ostidan qopchiqni oldi, negadir ko‘chatlarni ushlab ko‘rdi. Barglari so‘lg‘in bo‘lsa-da, issiq edi. “Tutadi”, — o‘yladi u, so‘ng qizga o‘girilib, dedi:
— Dehqonlar uyiga borishingizning hojati yo‘q. Bekordan-bekorga charchaysiz. Razgovorovoda boshpana topish osonmas. Mening uyim bo‘lsa hozircha bo‘sh. Bitta xonani sizlarga beraman, boshqasi talabalar uchun. Yozda talabalar kelishadi, men ularga bog‘dorchilik ilmini o‘rgataman.
— Yo‘q, qo‘ysangiz-chi, kerak emas! — sekingina e’tiroz bildirdi qiz.
— Yo‘q, siz qo‘ying bu qilig‘ingizni, — dedi Tixon Petrovich achchiqlanib, mening uyimga joylashasiz. Yuz yil yashasangiz ham mayli.
Kema gudok berdi. Qirg‘oqda chiroq silkita boshlashdi — qayerda to‘xtashni ko‘rsatishardi. Arrakashlar o‘rinlaridan qo‘zg‘alishib, maxorkadan o‘ralgan sigaralarini qop-qora suvga uloqtirishdi. Tepadan, kapitan ko‘prikchasidan “Stop!” degan yo‘g‘on tovush eshitildi. Shu lahza hammayoq jimib qoldi va bu sukunataro kema chig‘iriqlarining suvni shildiratayotgani eshitilardi, xolos.
* * *
Tixon Petrovich kutilmagan ijarachilariga pastdagi xonalarning birini ajratib berdi. Har ikki xona eski, otasidan qolgan mebellar bilan jihozlangandi. Xonalar hammasi bo‘lib ikkita edi, lekin har xil yo‘lak, dahliz, qaznoq, eshiklar shu qadar ko‘p ediki, avvaliga Masha bu yerda xuddi o‘rmondagidek adashib qolar va jon holatda qichqirardi:
— Nastya, qayerdasan? Chiqolmayapman, Na-a-ast-ya!
Tixon Petrovich Nastya bilan uchrashib qolganda uyalib ketardi. Nastya bilan Masha uni uyning xo‘jayini deb hisoblashlaridan vijdoni qiynalardi. Xo‘jayin! Qandaydir yoqimsiz so‘z.
Oxir-oqibat u chiday olmay Nastyaga shunday dedi:
— Siz, Anastasiya Mixaylovna, xuddi uyingizdagidek yashayvering. Tasavvur etingki, men bu yerda yo‘qman. Ko‘rib turibman, juda iymanib yashayapsizlar. Mana, siz chorbog‘imga qadam bosmaysiz va Mashani ham borishiga qo‘ymasmishsiz.
— Yo‘g‘-e, qo‘ysangizchi,— dedi Nastya gunohkorona jilmayib.
Lekin ertasiga ertalab Masha bog‘da paydo bo‘ldi. Demak, Nastya uni boqqa chiqqani qo‘ymagani rost ekan.
Ertalablari, ishga ketguncha Tixon Petrovich o‘z bog‘ida kuymalanardi. Bu tong u yangi ekilgan ko‘chatlarni sug‘orayotgandi.
Hali juda barvaqt, quyosh hali bosh ko‘tarmagan, bog‘ salqin edi. Lekin devor tirqishlari aro uzun, ingichka nurlar taralar va ular yoritgan bari narsalar ajabtovur tus olardi.
Tixon Petrovichning yordamchisi Arxip bobo yer ag‘darardi. Ag‘darilgan tuproqdan bug‘ ko‘tarilib, havoga singib ketardi. Tepadagi butoqda o‘tirgan chumchuqlar dam bir-dam ikkinchi ko‘zlari bilan tuproqqa tikilib chuvalchang poylashar, lekin chuvalchang chiqishiga hali vaqt erta edi.
— Siz, azizlarim, — derdi Arxip chumchuqlarga,— bu yerda bekordan-bekorga o‘tirguncha, kolxoz otxonasiga borsangiz bo‘lardi. Yorug‘ dunyoda birinchi yil umrguzaronglik qilayotganlaring yo‘q-ku, nega hech nimaning fahmiga yetmaysizlar. Sizlardan gina qilishga ne hojat, miyangiz tirnoqdek bo‘lsa. Lekin chumchuqlar cholga quloq solishmas, hamon butoqlarda o‘tirishar va go‘yo Arxip bilan bahslashmoqchi bo‘ldilar.
Arxip juda besaranjom chol edi. Suhbatdoshsiz qolish uning uchun ulkan baxtsizlik hisoblanardi. Shu bois u tomoq qirdi, bir muddat o‘ylab turdi va Tixon Petrovichga dedi:
— Bog‘ingga quyosh juda kam tushar ekan.
Tixon Petrovich indamadi.
— Judayam kam deyapman senga,— takrorladi Arxip. — Ko‘chatxonada bo‘lsa hammayoq yorug‘.
Lekin Tixon Petrovich bu gapga ham javob bermadi.
“Xafa bo‘lyapti,— o‘yladi Arxip, o‘z navbatida andak og‘rinib, — Negadir keyingi ikki kunda Tixon Petrovich g‘alati bo‘lib qoldi, sira tushunib bo‘lmaydi”.
Arxipning oldiga mayin qirmizi nur — quyosh aksi tushdi.
— Ha-a, g‘o‘ldiradi Arxip.— Men quyosh to‘g‘risida bekordan- bekorga valdiradim. Bekordan-bekorga! Hali so‘z aytib ulgurmasimdanoq quyosh shu yerda paydo bo‘lib qoldi.
Arxip boshini ko‘tardi va qo‘lida belkurak bilan qotib qoldi: ortida qizil ko‘ylak kiygan, sochlari bog‘ichli olti yoshlardagi qizcha turardi. U sovuq suvda yuvinganidan, yonoqlari kulrang ko‘zlaridan ham shiddatliroq yonib turardi.
Arxip belkurakni yerga suqdi, kaftini peshonasiga qo‘ydi va qizchaga xuddi quyoshga tikilganday qaradi.
Tixon Petrovich ham qad rostlab, Mashaga qarab turardi.
— Xo‘sh, qani, Arxip,— so‘radi Tixon Petrovich va uning ko‘zlari atrofida ajinlar to‘plandi,— haliyam mening bog‘imga quyosh tushmaydi deysanmi?
— Bekordan-bekorga valdirashning nima keragi bor! — javob berdi Arxip va uning ko‘zlari atrofida ham xuddi Tixon Petrovichnikidek jigarrang ajinlar to‘plandi.— Sen mehrga juda boysan, Tixon Petrovich. Bunaqa niholni qayerdanam topaqolding? Voyaga yetsa bormi, boqib ko‘zing to‘ymaydi.
Masha, albatta, Tixon Petrovich bilan Arxip nima to‘g‘risida gapirayotganlarini tushunmasdi. U jilmaydi va uyalinqirab so‘radi:
— Bu bog‘ning nomi nima?
— “Mashaning bog‘i” deb ataladi,— javob berdi Tixon Petrovich. Masha hech nima tushunmay, qoshlarini chimirgancha unga boqardi.
Arxip chol belkurakni yerga chuqur botirdi, tuproqni o‘tgan yilgi ajriq bilan birga ag‘dardi va sekin-asta uvatar ekan shunday dedi:
— Haqiqatan ham inson, qayerda baxtini topib, qayerda yo‘qotishini bilib bo‘psan. Omadlisan, Tixon Petrovich. Qara-ya, tirikchiligimiz qanday mazmun kasb etdi.
Chumchuqlar Arxipning oyog‘i yonidagi yakkayu yagona chuvalchangni ko‘rib qolishdi, hammalari birdaniga chirqillab unga tashlanishdi va shu zahotiyoq janjallashib qolishdi. Masha esa ularga boqqanicha chapak chalar, kulardi.
Jo‘ra Fozil tarjimasi
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2007 yil, 12-son