Komron Nazirli. Uch million dollarlik yurak (hikoya)

“Boing” yerdan uzildi va taxminan bir necha soniyadan keyin uning ostiga, ya’ni yo‘lovchilar o‘tirgan salonning tubiga tag tarafdan kattakon tosh otilib ketgandek bo‘ldi: samolyot yengilgina siltandi. Yo‘lovchilarning aksariyati siltanish sababini bilganlari uchun hech kim samolyot havoga ko‘tarilganidan keyin g‘ildiraklarning bukilishi asnosida eshitiladigan bunday shovqinga e’tibor ham berishmadi.
“VIP” atalmish salonda nari borsa, sakkiz-to‘qqiz kishi ketayotgandi. Salonni qoq o‘rtasidan bo‘lib turgan nozik, sariq ipak parda orasidan salonning narigi tomoni odamlar bilan liq to‘la ekanini ko‘rish mumkin edi. Narigi taraf bir oz arzonroq chipta olgan yo‘lovchilar uchun edi. Vip-salonning so‘l tarafidagi illyuminatorning zihiga tirsagini qo‘yib ketayotgan mallasoch go‘zal ayol salgina avval yaxshi niyat bilan xayrlashgan Yerga — Nyu-Yorkdek muhtasham va azim shaharni bag‘riga olgan muazzam Yerga tikilardi.
Uning ro‘parasida qulay va kengish o‘rindiqda xavfsizlik kamarini mahkam bog‘lab olgan, bo‘yni uzun ko‘ylak kiygan ko‘zoynakli kishi yerga ko‘z uchida bo‘lsa-da, qarashga qo‘rqardi: xuddi o‘rin­diqqa mixlab qo‘yilgandek, joyidan qimirlol­masdi. Boyagi g‘ildiraklar ovozi uning ichini ham qattiq silkib o‘tgandek edi, yonidan o‘tgan kuza­tuvchi qizga:
– Miss, e gles of vate pliz, – deya g‘aliz ta­laf­fuzda inglizchalab murojaat qildi.
– Oldingizdagi tortmaning tugmasini bosing, janob! U yerda hamma narsa bor, – kuzatuvchi qiz turkcha javob qaytarib, narigi salonga o‘tib ket­di.
Ko‘zoynakli kishi kichkina, dumaloq ko‘zla­rini hozir uyg‘ongan odamdek bir-ikki marta pir­piratib, qarshisidagi tortmani birinchi marta ko‘rdi. Keyin esiga tushdi: axir bu Amerikaning samolyoti-ku! O‘n yildan beri shu tugmadan foy­dalanib keladi, nega yodidan ko‘tarildi ekan.
Tugmani bosib, tortmani ochdi: unda qush su­tidan tortib turfa xil ichimliklargacha, qora, qizil ikradan qirg‘ovul go‘shtigacha, g‘oz jigaridan qilingan pashtetu xilma xil buterbrodlargacha bor edi. Ustiga “Jon darmoni” deb yozilgan ma’­danli suv idishining og‘zini ochdi. Bu suvni juda ham sog‘inib ketgan edi.
Uning qarshisidagi go‘zal juvonning xayoli samolyot kabi haliyam ko‘k yuziga sochilib ketgan oppoq, to‘da-to‘da bulutlar bag‘rini yorib, yuksak­larga parvoz etardi. Shu bois erining qo‘rqqanini, cho‘ntagidan ro‘molcha chiqarib, peshonasidagi sovuq terni artib tashlaganini ko‘rmadi. Styuardessa qizning qachon yonidan o‘tganini, eri bilan qisqacha gaplashganini ham sezmay qoldi.
Ko‘zoynakli kishi suvdan bir qultum ichib, o‘ziga kelgandek bo‘ldi va bu vahimali ovoz har doim eshitaverib, qulog‘i o‘rganib ketgan g‘ildirak tovushi ekanini angladi. U so‘nggi o‘n yilda necha marotaba va qay yurtlarga uchganini bilmaydi. Lekin, bunday holatga birinchi marta tushishi.
Ko‘zoynakli kishining quloqlari boshqa nar­sani eshitgandi. Uning kichkina, qisiq ko‘zlari ham boshqa narsalarni ko‘rgan edi. Birdaniga ko‘z-oynakli kishining ko‘ksiga sovuq oralagandek bo‘ldi. Beixtiyor qo‘lini ko‘kragiga olib bordi. Shu topda uning chap siynasi uzra salqin shabada yelib o‘tdi, go‘yo. Bu salqinlik bir zumda uning vujudini egallab, junjika boshladi.
U oltmish olti yillik umri davomida bunaqa narsani his etmagandi. Uning avvalgi, ikki oy oldingi yuragi ham bunaqa tushuniksiz sovuqqa uchramagandi.
Eridan yigirma besh-o‘ttiz yoshlar chamasi kichikroq bo‘lgan go‘zal mallasoch xonim katta, xur­ram va shahlo ko‘zlarini Yerdan uzdi va eh­timolki, dunyodagi eng go‘zal bu ko‘zlarni o‘sha oppoq, to‘da-to‘da bulutlar charchatib qo‘ygandi. Keyin daf’atan eriga o‘girildi.
– Senga nima bo‘ldi, Misha, – so‘radi xavotirli ohangda. (U erini turmush qurganidan beri Misha deb chaqirardi). Aslida erining ismi Mamad bo‘lsa-da, turk pasportida Mehmet, rus pasportida Mixail, Amerika pasportida Maykl, frantsuz pasportida esa Mishel deb yozilgan edi.
– Hech… Shunchaki yuragim uvushib ketdi, – deya haligi kishi ro‘molchasi bilan peshanasining terini artdi.
Xotini boshqa hech narsani so‘ramadi va bulutlar to‘pini shiddat bilan yorib borayotgan samolyot qanotlariga yuzlandi. Ayol qanotlarning silliq parvozidan, qalin bulutlar orasini omonsiz yorib borayotganidan qalbida cheksiz zavq uyg‘onganini his qildi. Bu zavq unga kechagi oqshomni eslatdi.
Kecha kechqurun Las-Vegasdagi eng mashhur yurak do‘xtirlaridan biri Pol Jekson tashkil etgan kuzatuv marosimida vrachning o‘zi ayolni raqsga taklif etgani va eri Mamadning bunga nazokat ila ruxsat bergani, keyin o‘sha qari, ammo jo‘sh­qin va ehtirosli do‘xtir ayolning belidan quchib, uni mehrli va sirli nigohlari ila ko‘mib tash­lagani yodiga tushdi. Ehtimolki, ayni lahzada ayol­ning oq va ma’nosiz chehrasiga dunyoning eng go‘zal tabassumi qo‘ndi.
O‘shanda ayol umrida qora mehnatga urilmagan, idish-tovoq, kiyim-kechak yuvmagan nozik qo‘lla­rini vrachning yelkalariga qo‘ydi. Tabiiyki, pro­fessor Jekson bundan bag‘oyat mamnun bo‘ldi.
– Men sizning afsonaviy go‘zalligingizga va irodangizga qoyilman, – deya keksa professor mamnuniyatini shu tarzda ifoda etishdan chekin­madi va darhol qo‘shib qo‘ydi: – Ozarboyjonning barcha xotinlari sizdek go‘zalmi?
Ayol xayol bilan bo‘lib, uning oxirgi gaplarini anglayolmay qoldi va noqulay vaziyatga tushmaslik uchun:
– O yes, ser, – deya inglizchalab javob qaytardi.
Ayol erining yuragini o‘ttiz-o‘ttiz besh yoshli amerikalik yigitniki bilan o‘ta mohirona al­mashtirgan bu mashhuri jahon shifokorga so‘ngsiz minnatdorlik hissini ifoda etishdan ojiz edi.
– Sizning eringiz sabr-toqatli va jasoratli odam ekan. Shuncha amaliyotga matonat ila bardosh berdi.
– O‘zingiz ham juda dovyurak odam ekansiz, doktor. Aftidan, bu jasoratingizdan ayollar bilan raqs tushayotganda mohirona foydalanar ekansiz.
– Faqatgina go‘zal va bardoshli ayollar bilan raqs tushayotganda jasoratli bo‘lib ketaman, – kuldi professor.
– Biz sizni Bokuda kutamiz, – suhbat mavzusini o‘zgartirishga tirishdi ayol. – Albatta, borasiz-a?
– Boraman, albatta, boraman, Ozarboyjonni ko‘rmaganman. Kelgusi yil boshqa biror ishim chiqib qolmasa, mehmonga borishim aniq.
– Professor, sizga yana bir bor tashakkur bildirmoqchiman. Hammasi uchun. Siz erimga qay­tadan hayot bag‘ishladingiz. Xuddi o‘zim ham qayta tug‘ilgandekman. Siz uning bundan keyin kamida yana o‘n yil yashashiga kafolat berdingiz. Lekin yana bir narsani so‘rasam maylimi?
Ayol bir lahza so‘zsiz qoldi.
– Buyuring, istagan narsani so‘rayvering. Siz­ni bezovta qiladigan har qanday masala bo‘yicha savol beravering.
Ayol mamnuniyat bilan kulimsiradi va bir qa­dar dadillandi. Boshini o‘zidan ancha yoshi katta vrachning yelkasi uzra egib, sekin so‘radi:
– Erim men bilan…
Professor qattiq kulib yubordi. Uning kulgisini sal nariroqda professorning do‘stlari davrasida kivi vinosini ichib o‘tirgan ayolning eri ham eshitdi. Yuz birinchi qavatni o‘z izmiga olgan klassik musiqa sadolari bu kulgini eritib yuborolmadi va professor aytdiki:
– Albatta, azizim, albatta. Faqat sizdek go‘zal ayol bilan hozircha oyda bir marta…
Bu safar har ikkovi kulib yubordi va raqs shu bilan tugadi. Bugun Nyu-Yorkdagi hovlilaridan aeroportga qadar “Limuzin”da xuddi shu haqda kula-kula gaplashib kelishdi. Mamad sak­voyajlarni aeroport xodimiga topshirayotgan zanji haydovchiga hozirgina pul qirqadigan mashinaning og‘zidan chiqqandek qarsillab turgan o‘nta yuz dollarlik kupyurani uzatib, nazokat ila dedi:
– Marhamat, bu pulga bola-chaqangizga ul-bul olib borarsiz.
Shunda haligi zanji ham Mamadning xotini qo‘lidan o‘pib, rozi holda ketdi. Ayol chet ellarda erining himmati oshib-jo‘shib keti­shini ko‘p ko‘rgan bo‘lsa-da, har doim buni hayrat ila qabul qilardi. Samolyotga minguncha er-xotin shu tariqa anchagina pulni sovurib bo‘lishdi.
…Mamad hanuz yuragini changallab borar, u ayni damda xotini haqida o‘ylamasdi. Nihoyat, u ham o‘zi tarafdagi illyuminatordan tashqariga boqa boshladi. Hali bulutlarning orasidan Yer tamomila yo‘qolib ketmagan edi. Yon uzra tikilgan osmono‘par binolar, ularning poyida o‘rmalayotgan mashinalar ignaning teshigidan o‘tadigan darajada kichrayib borardi. Bora-bora ular ko‘z ilg‘amas darajada maydalashib, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
U endi Boku haqida o‘ylardi. O‘ylardiki, hali oldinda uzun yo‘l turibdi. Bu yo‘l osmon yo‘lidir. Samoda na bekat bor, na svetofor. Yer esa alla­qachon ko‘rinmay ketgan. Ana shunisi xavfli, qo‘rqinchli. Ha, agar balandlikka chiqqan bo‘lsang va yuksaklikdan hech narsani ko‘rolmasang, bu juda qo‘rqinchli. Shu qo‘rquv uning butun jonini va siynasida urib turgan amerikancha yurakni ham titratib turardi. Balki shuning uchundir, endi uning ko‘klarga uchishga havasi qolmagandi. Bu parvozlar uni holdan toydirgandi.
O‘tgan yili ham xizmat safaridan qaytayotgandi. Bexosdan yuragi xuruj qilib qoldi. Samolyot Pa­rijga qo‘ndirildi. Shifoxonaga olib borishdi. Vrachlar yuragingiz yaroqsiz holga kelibdi, almash­tirish kerak, deyishdi.
Shundan keyin er-xotin yangi yurak qidirishga tushishdi. Las-Vegasdan topishdi. Yaxshiyamki, Polning klinikasida las-vegaslik bir yigitning yuragi hali sotilmay turgan ekan. Hammasi oson ko‘chdi. Ammo, ayni daqiqalarda Mamad ozarboy­jonlik erkak singari fikr yuritar, amerikalik kabi his etardi. Xotini so‘rab qoldi:
– Misha, yuraging qalay?
– Otday.
Birdaniga Mamadning kayfiyati ko‘tarilib ketdi va uning dilini g‘ash qilib turgan chuch­mallik ham yo‘qoldi-qoldi. Agar narigi tarafda o‘tirgan galstukli ishbilarmon kishi yoki xotini­ning orqasida o‘tirgancha “Vashington Post”ni varaqlayotgan yoshgina yigit yoxud burchak­dagi kres­lo­larda nima haqdadir gap sotayotgan ita­liya­lik chol-kampirlar bo‘lmaganida, xotinini raqs­ga tort­­­gan bo‘lardi: xuddi Polning uyidagi­dek.
– Uch milyonlik yurak bo‘ladi-yu, otday bo‘lma­sinmi? O‘zing ham xuddi yigitlardek ko‘rinyapsan ko‘zimga. Bokuga borguncha o‘zingni saqla. – Xotini erining ko‘nglidagi gaplarni uqqandek ayyorona ko‘z qisib qo‘ydi.
– Sog‘inib ketdim… – dedi er ehtirosli past ovozda.
– Menimi?
– …
– Nega iljayasan? Yosh yurakni orzu qilarding. Niyatingga yetding. Endi… nima qilmoqchisan?
– Sara, Bokuga qo‘nishimiz bilan to‘g‘ri Mar­da­konga ketamiz.
– Tinchlikmi?
– Borsak, bilasan.
– Qunduz-chi?
– Qunduz oyning o‘n to‘rtinchisida keladi.
– Yo‘q, kecha London bilan gaplashdim. Uyda yo‘q ekan. Mira aytdiki, darsdan hali qaytmabdi. Bi­letni o‘n ikkinchi kunga olgan.
Qunduzni o‘tgan yili o‘qishga yuborishgan. Ayol Londondan o‘g‘liga uy olib berganidan keyin bir haftalik dam olish uchun Ruminiyaning Kanstantsiya shahriga uchdi. U bu shaharni juda yoqtirardi.
Charchagandi. Qora dengiz sohilida bir oz ko‘ngil yozmoqchi bo‘ldi. Istirohatning ikkinchi kuni “yovvoyi plyaj”da Mira ismli rumin qizi bilan tanishdi. Qiz issiq qum uzra onadan endi tug‘ilgandek yastanib yotardi. Uning tavsiflashga til ojiz bo‘lgan badani, siynalari, oyoqlari ayolni maftun etdi. Shu kunga qadar u o‘zini dunyodagi eng go‘zal ayol deb bilardi. Rumin go‘zali qarshisida bu fikri botil ekanini tan oldi.
Ma’lum bo‘lishicha, Mira o‘ziga ish qidirib yurgan ekan. Yana qayerdan — Angliyadan. Ayol darhol unga Londondagi uyida xizmatchilik qilishni taklif etdi. Qiz oylik ish haqi uchun besh ming funt-sterlingga rozi bo‘ldi. Ertasi kuni shu vaqtda Mira Londonda, Qunduzning qo‘ynida noz­lanib yotgandi. Ayol o‘g‘liga shunday go‘zal xizmatkor topib berganidan bag‘oyat shod edi.
– Mayli, unda No‘vxonidagi uyimizga bora­miz. – Mamadning ko‘zlari porlab ketdi.
– Nega endi?
– Borsang bilasan-da!
Ayol kulimsiradi. Eriga boshdan-oyoq nazar soldi. Keyin pichirladi:
– Yaxshisi, aeroportdan bira-to‘la Nefttoshga uchamiz. Bir kecha o‘sha yerdagi uyimizda qolamiz. Dengizning o‘rtasi… Sokin to‘lqinlar…
– Yo‘q, azizim. Buni orqaroqqa suramiz. Chuqur­yurtdagi uyimizga boramiz. Ershodga aytamiz, Qunduzga kelganimizni bildirmay turadi. Ertasi kuni Bokuga qaytaveramiz-da!
– Bo‘pti, janob uch milyon dollarlik yurak egasi.
Erkak mamnun bo‘lib bosh irg‘adi va Bokuga qa­dar Chuquryurt haqida o‘ylab ketdi.
…“Boing” qo‘nishga hozirlanardi. Mamad endi oq ko‘ylak va galstukda edi va derazadan pastga boqardi. Samolyot Yerga yaqinlasharkan, uning yura­gi yana bezovta ura boshladi. Samolyotning tezroq yerga qo‘nishini istardi. Qo‘nish yo‘lagi va samolyot orasidagi masofa qisqargani sari yerdagi bi­nolar, yo‘l chetidagi daraxtlar, ko‘chalardagi ma­shinalar kattalasha boshladi. Uning ko‘z o‘ngida hamma narsa sekin-asta ulg‘aya bordi. Va umrida birinchi daf’a yuqoriga ko‘tarilgan sayin yerdagi narsalar kichik, bachkana va ma’nosiz bo‘lib qo­lishini anglab yetdi. Lekin Yerga yaqinlashgan sari har bir narsa kattalashadi, mazmun-mohiyat kasb eta boradi. Tavba! Ko‘kdagi ma’nosiz bo‘shliq nahot zeriktirib qo‘ymasa? “Juda bezdim, tezroq qo‘na qolmaydimi?”
Qo‘nishdi. Ularni aeroportda kutib turganlar orasida muxbirlar ham bor edi. Muxbirlar hid bilgan kabi unga savol ketidan savol yog‘dira ketishdi:
– Janob vazir, operatsiya qanday o‘tdi?
– Yuragingizni almashtirishgandan keyin o‘zin­­gizni qanday his etyapsiz?
– Shifokorlar sizning yashab ketishingizga kafolat berdilarmi?
– Yurak almashtirish qanchaga tushdi?
– Uch million dollar pulni qayerdan oldingiz?
Bu savollarning ba’zilariga xotini javob berardi. Mamad yordamchilari va muxbirlar iho­tasida shoshila-shoshila uni kutib turgan shaxsiy vertolyoti tomon borar, ora-sira Saraning qo‘lidan tutib, o‘zi tomonga tortardi. Keyin yordamchilaridan biriga yuzlandi:
– Qunduz kelishi bilan uni kutib ol va uyga boshlab ket, ertalab biz shaharga qaytib kelamiz.
Vertolyot yerdan uzildi va yana ko‘kka parvoz qildilar. Faqat farq shunda ediki, vertolyotning oynasidan hamma narsa aniq-tiniq ko‘rinardi: odamlar, qo‘y suruvlari, daraxtlar, uylar, bino­lar, katta-kichik chodirlar tikilgan qochoq manzil­gohlari va hokazo.
Bokuda va Chuquryurtga qadar yo‘l bo‘yi ko‘rgan­lari ko‘z o‘ngidan yashin tezligida o‘tar va har zamonda Saraga der ediki: “Vallohi, Ershod to‘g‘ri aytarkan, kezmoqqa qurba, o‘lmoqqa Vatan yaxshi, deb…”
Pilot boshi bilan tasdiqlasa ham, u aslida boshqa narsani o‘ylardi. Taxminan mana bunaqa: “Buni Ershod emas, undan ming yillar burun ota-bobolarimiz aytgan” yoxud “Puling bo‘lsa, hamma joy sening Vataning, pul bilan hamma narsani, hatto senga o‘xshab yurakni ham almashtirish mum­kin”.
Vertolyot to‘ppa-to‘g‘ri hovlining o‘rtasiga qo‘ndi. Er-xotin tushishi bilan yana havoga ko‘ta­rildi. Chuquryurtda uch qavatli hashamdor dala-hovlining xizmatkori, qoramag‘iz, istarasi is­siq qiz ularni tavoze ila qarshiladi. Mammad jiddiy qiyofada bosh irg‘ab uning salomiga alik olarkan, cho‘ntagidan o‘n dollar chiqarib, qizga uzatdi:
– Sona xonim, sen bundoq qil. Bugun mehmon­xonaga borib yot, ertalab o‘n birlarda kelarsan. Bu kecha bizga xalal berishing mumkin.
Sona xonim pulni olmadi. Ich-ichidan xoja­sini qarg‘adi: “Yuzingni yel olsin, iloyim. Er­talabgacha o‘liging chiqsin. Ikki oydan beri yo‘­lingni poylayman, uyingni qo‘riqlayman. Itdek sadoqatim uchun sendan eshitganim shu bo‘l­di­mi? Yurgan yo‘lingni yitirgin, iloyo”.
Keyin lablarini qimtigancha, xayr-xo‘shsiz ko‘­chaga chiqib ketdi. Mamad Saraga o‘girildi.
– Qorni to‘yib qopti, chog‘i. Chet elliklarning madaniyatiga qara-yu, o‘zimizning odamlarga boq. Tavba qildim-ey! Odamga o‘xshab yashagilari ham kelmaydi. Ertagayoq lash-lushini qo‘ltig‘iga qis­tirib yubor. Qorasini o‘chirsin!
Sona xonim ertasi kuni kelmadi. To‘g‘rirog‘i, saharlab butun mamlakatga juda noxush bir xabar yoyildi. Gazetalarning birinchi sahifalarida taxminan quyidagi sarlavhalar paydo bo‘ldi:
“Ozarboyjon vaziri yurak xurujidan vafot etdi”. “Vazirning amerikancha yuragi urishdan to‘x­tadi”. “Havo noziriga havo yetishmadi”. “Sara xo­nim amerikalik shifokorni sudga bermoqchi…”

Ozarboyjon tilidan Rustam Jabborov tarjimasi