Qon hidi daydi itlarni o‘ziga tez jalb etardi. Ular och va tashna ko‘zlarini qon to‘la o‘raga tikkancha qimir etmay turishar, dam-badam so‘laklarini oqizib, tillarini osiltirishardi.
Chamasi, bu xaroba, badbo‘y qushxonada hammasiga Shami balogardon edi. Bolaligidan ota-onasining yugur-yugurlari, ilmu amallariga qaramay, sho‘rlik Shamining aqli noqisligicha qoldi. Aslida Shami bo‘lmagani bilan bu yerda jonivorlarni so‘yish ishlari to‘xtab qolmasdi.
Shami anchadan beri bu qushxonaning egasi Homiddinga ko‘maklashib keladi. Yaratgan uni aqldan qisgan bo‘lsa-da, kuch-quvvatdan siylagan. Bir o‘zi uch kishi amallab yiqitishi mumkin bo‘lgan buqalarni bir musht bilan ag‘dara olardi. Shu bois, u qishloqda “Shami ho‘kiz” degan laqab ham orttirgan.
Qushxonaga yangi olib kelingan semizgina buqacha Homiddinning qontalash ko‘zlariga befarq qaragancha kavsh qaytarar, bu paytda Homiddin egovni topolmay xunobi chiqayozgandi.
Nihoyat g‘udrana-g‘udrana egovni ham, o‘tkir pichog‘ini ham, go‘sht maydalaydigan boltasini ham topdi. Qassob pichoqni chaqqonlik bilan charxlarkan, chiroqning xira yorug‘ida ham uning o‘tkir tig‘i yaraqlab ko‘zni olar, egovga ishqalanayotgan pichoq odamning g‘ashini keltiruvchi g‘alati ovoz chiqarardi. Ishga kirishishdan oldin Homiddin osmonga qarab, nimalarnidir pichirladi, chamasi mol so‘yishda o‘qiladigan duo bo‘lsa kerak.
Buqacha esa hamon beparvolik bilan kavshar, yelpig‘ichsimon dumi bilan sag‘risiga qo‘nayotgan pashshalarni haydar, qarshisidagi bu beshafqat kimsa uning qoniga tashna ekanidan bexabar edi. Buqachaning shoxlari o‘tkir, peshonasidagi uchburchak qashqasini aytmasa, tarang qilib boqilgani uchunmi, tanasidagi bilqillama et va yog‘ mumdek qop-qora yaltiroq terisini yorib yuboraman derdi.
Uning shu ko‘rinishi hamon pichoq charxlash bilan mashg‘ul qassob Homiddinning ham zavqini keltirdi shekilli. Egovni tashlab, sag‘risiga shapatilab qo‘ydi:
– Vah-vah, manavini buqa desa bo‘ladi! Go‘shtiyam ipakning o‘zi bo‘lsa kerak, yegan odamning badani yayraydi-da!
Shami qushxonaning dim havosida terlagan peshonasini kir yengi bilan artarkan, buqachadan ko‘z uzmay g‘o‘ldiradi:
– Homiddin, qara, juda chiroyli buqacha ekanmi?
– Naq suvratning o‘zginasi deysan, – o‘zi bilmagan holda uning gapini ma’qulladi Homiddin.
Shami qushxona eshigi oldida o‘sgan o‘tlardan bir tutam yulib, jonivorning tumshug‘iga tutdi. Buqacha Shamining kaftidagi maysalarni tili bilan chaqqon ilib olarkan, unga minnatdor termilgancha yana kavshanishga tushdi.
– Yuraging tosh sening, Shami, tosh, – to‘ng‘illadi qassob. – Bechorani nimaga aldaysan? Unga bergan yemishing oshqozoniga tushmay turib, men uning ishini bitiraman.
– Homiddin, nahot shunaqa chiroyli buqachani o‘ldirishga ko‘zing qiysa? Unga rahming kelsin, o‘ldirmay qo‘ya qol! – yalindi Shami.
– Hazillashyapsanmi, – ermakladi qassob. – Odamlar och, ularga go‘sht kerak. Sen bo‘lsang, qayerdagi bir molga rahming kelsa? Gapni ko‘paytirmay ishga kirish.
Qassob qon va najas yuqli peshbandini bog‘lab, molga qisilib keldi. Yaqinlashayotganini ko‘rgan jonivor bir noxushlik hidini sezdimi, betoqatlanib, arqonni uzishga chog‘landi. Ammo, bu harakati zoye ketgach, norozilik bilan mo‘lab qo‘ydi.
– O‘chir ovozingni, – o‘shqirdi qassob, negadir sun’iy dag‘allik bilan. – Gapini qara-ya! Bilasanmi, Shami, u nimalar deyapti?
– Sen bularning tilini tushunasanmi? – soddalik bilan so‘radi Shami. – Nima deyapti?
– Tushunganda qandoq? Aytishga til bormaydi. Yaramas, hayvon! Men-ku, mayli, yoshimni yashab bo‘ldim. Ammo, manavi sho‘ring qurg‘ur notavon bolani nimaga qarg‘aysan? Uni shundoq ham Xudo qarg‘agan bo‘lsa? Butun avlodu ajdodi bilan qo‘shib qarg‘aysanmi?
Homiddinning hiylasi ish bergandi. Shamining rangi oqarib, keyin ko‘zlari g‘azabdan qisilib ketdi. Qo‘llari musht bo‘lib tugildi.
– Voy, yaramas, voy ho‘kizdan tarqagan. Hali meni ota-onamniyam qo‘shib qarg‘adingmi? Ular senga nima yomonlik qiluvdi? Hozir senga ko‘rsatib qo‘yaman.
U bor kuchini to‘plab, ho‘kizning gardaniga musht tushirdi. Buqacha shataloq otsa-da, yiqilib tushmadi. Bundan battar g‘azabi qo‘zigan Shami jonivorning manglayiga, yag‘riniga ayamay musht yog‘dira ketdi. Buqacha og‘riqdan noligandek cho‘zib mo‘ladi.
– Voy hayvon, Shamini jinni deyapsanmi? – battar qitmirligi tutdi Homiddinning. – E, chidab turibsanmi? Darrov moyagidan burab tort, yiqiladi.
Qassobning o‘zi ham chetda turishni istamadi, jonivorning burun kataklariga qo‘lini tiqib, omburdek qisa boshladi. Ikki nozik yeridagi ayovsiz og‘riqqa dosh berolmagan jonivor nihoyat gursillab yerga quladi. Sho‘rlik buqa bo‘g‘ziga tig‘ qadalgan chog‘da jonini xalos qilmoqqa urinib, ovozi boricha bo‘kirdi.
Jonivorning bo‘g‘zidan otilayotgan qon favvorasi pasayib, jon talvasasidagi harakatlari zaiflashgani sari Shamining ham qahri so‘na boshladi. Nihoyat, o‘spirin uning oqarib qolgan jonsiz ko‘zlariga tikilarkan, badaniga titroq yugurdi. Xuddi buqacha “meni sen bo‘g‘izlading” deganday unga ta’nali boqib turardi.
Qon o‘rani to‘ldirib, torgina irmoqcha orqali qushxona eshigi oldidan oqib o‘tuvchi ariqqa qo‘shila boshladi. Daydi itlarning biri ariqning qondan qizara boshlagan jildiroq suvini yutoqib chalpillatishga tushdi. Ammo, bundan uncha qoniqmadimi, yana junlari to‘kilgan yarg‘oq dumini likillatgancha orqaga chekindi. Uning sheriklari esa o‘z ulushlarini kutib, qushxona eshigiga ta’nali boqib turishardi.
– Ey, xudobexabar-a, qara, ho‘kizning kallasi qibladan og‘ibdi. O‘girib qo‘y, gunohiga qolma tag‘in!
Homiddin uchun molni qay tariqa so‘yish bari bir bo‘lsa-da, vijdonini sal bo‘lsa ham poklab olish uchun shunday degandi. Shami itoatgo‘ylik bilan buqaning dumidan sudragancha boshini aytilgan tarafga o‘ngladi.
Qassobning qo‘llari jonivorning yangi, issiq qoniga obdan belangandi.
– Vah, buning qonini qara-ya! Qo‘lni kuydiraman deydi-ya! Bu qonni xuddi qimizdek ichsa ham bo‘ladi. Ming dardga davo.
– Men ham ichsam, tuzalamanmi? – ma’sum, umidvor ko‘zlarini xojasiga tikdi Shami.
Homiddin bunaqa savolni kutmagani uchun shoshib qoldi. Nazarida chindan ham ana shu qonni ichsa, Shami tuzalib ketadigandek edi. Bordi-yu, u tuzalgudek bo‘lsa, ikki dunyoda ham bu sassiq qushxonaga, Homiddinning yoniga qaytib kelmasligi aniq. Shuning uchun tezroq bu qonni itlarga berib tugatish kerak.
– E, Shami, gap-da buyam, – tishlarini g‘ijirlatgancha gapirishga tushdi Homiddin. – Hozir shundog‘am aqllilar ko‘payib ketgan, kesak otsang, dononing boshiga tushadi. Aslida jinnilar dunyodagi eng baxtiyor odamlardir, agar bilsang. Jinnilar bilan hatto davlatning ham ishi yo‘q. Qanday johillik qilsang ham, birov seni oborib qamamaydi. Ba’zan sening o‘rningda bo‘lib qolgim keladi, Shami!
Shami esa, uning gapini eshitmayotgandek edi:
– Qanday chiroyli ho‘kizcha edi, peshonasida qashqasiyam boriydi, – beozor ming‘irladi. Homiddinga qarab qo‘ydi-da, yana o‘z ishi bilan mashg‘ul bo‘ldi.
“U nega bunchalar muloyimlashib qoldi? Endi bu yerga boshqa kelmay qo‘ysa-ya! Unda men tekin, beminnat yordamchini qayerdan topaman? Uni bu yo‘ldan qaytarish kerak”.
Shamining bu yerda qiladigan boshqa ishi qolmagandi. U indamay ortiga burilib ketayotganida, Homiddin to‘xtatdi.
– Shami, buqaning kallasi seniki. Olib bor. Onang ham suyunib qoladi. – Homiddinning bo‘g‘iq, jur’atsiz ovozi uning bu himmati o‘ziga qimmatga tushganini anglatib turardi.
Shami iltifotsizlik bilan xo‘rsindi-da, buqaning boshini shoxidan tutib, yelkasiga ortmoqlagancha qushxonani tark etdi. Uning ortidan xuddi munchoqdek qonli izlar qolar, bu qon tomchilar buqaning boshidan emas, baayni uning yuragidan tomayotgandi.
Shamining butun kiyimlari, a’zoi badani qonga belangan, ko‘z yoshlari esa yuzlarini ivitib borardi:
– Shunday chiroyli buqachani so‘ygan qo‘llaring akashak bo‘lsin, iloyim, Homiddin, – deya ming‘irlardi o‘ziga o‘zi. – Senga o‘ldirma, degandim, bari bir so‘yding-a? Endi qushxonangga qaytib kelmayman. Endi hech qachon sen so‘yadigan mollarni yiqitmayman. Sening yordamching bo‘lmayman endi.
Uning qadam tovushlari itlarni sergak torttirdi. Butun a’zoi badanidan qon hidi anqib ketayotgan yigitning orqasidan bir gala it ergashdi. Ko‘p o‘tmay butun dara et va qon talashayotgan itlarning vahshiyona shovqiniga to‘ldi.
Ozarboyjon tilidan Rustam Jabborov tarjimasi