Keris Mas. Ular tushunishmaydi (hikoya)

Dushanba kunlari vazir ishga barvaqt kelardi. Buni vazirlikdagi bosh kotibdan tortib, eng kichik munshiygacha yaxshi biladi. Shu boisdan haftaning boshida hamma xizmatchilar ishda vaqtli hozir bo‘lishardi. Biroq bu safar Bill shoshilmadi. U uzoq yuvindi, keyin bemalol nonushta qildi. Bugungi dushanba odatdagidan boshqacha edi. Bill uydan soat sakkiz yarimdagina chiqdi. Uning “Metropoliten” rusumli mo‘jazgina mashinasi shaharning markaziy ko‘chasi bo‘ylab sekin yurib borardi. Bill mashina yangiligi tufayli emas, balki shoshilmaganidan sekin haydardi.
Ortidan kelayotgan mashinalar “tezroq yur” deganday signal chaldi. Bill yo‘lni bo‘shatdi. Mashinalar o‘tib ketdi. Mayli, o‘taverishsin. Ikki oy burun uning ham katta mashinasi bor edi. O‘shanda Bill mashinaning orqa o‘rindig‘ida o‘tirardi. Mashinani esa Amat haydardi. U Billga qariyb yigirma yil haydovchilik qildi, juda diqqatli va ehtiyotkor edi. Amat endi vazirni olib yuribdi. Bill o‘z mashinasini sotib yubordi.
Bill mashinasini sotgach, vazirdan Amatni ishga olishni iltimos qilganida vazir naqadar minnatdor bo‘lganini esladi. Buni xotiriga keltirgach, Bill yana mayda xizmatlar boshliqlarga juda yaxshi ta’sir qilishini ham xayolidan o‘tkazdi.
Albatta, Bill buni oldin yaxshilab o‘ylab qo‘ygandi. Vazirning bundan xabari yo‘qligi aniq. O‘zining katta mashinasini sotib, mo‘jazgina “Metropoliten” oldi. Buni faqat har xil mish-mish va uydirmalarga chap berish uchungina qildi. Bill bundan keyin kerak bo‘lgan taqdirda mana shunday arzimas ko‘rinuvchi ishlar bilan vazirning hurmatini qozonishga qaror qildi. Chunki vazir uchun tajribali shaxsiy haydovchi suv bilan havoday zarur edi: aynan hozir unda haydovchilik o‘rni bo‘sh turdi. Keyingi ikki yil ichida birorta haydovchi to‘rt oydan ziyod ishlamagandi.
Bill miyig‘ida kulib qo‘ydi.
Mo‘jazgina “Metropoliten” ko‘chalar bo‘ylab imillabgina vazirlikka qarab emas, aeroport tomonga o‘rmalardi.
Vaqt hali erta, vazir uchib keladigan samolyot to‘qqizdan o‘n besh daqiqa o‘tganda qo‘nishi kerak edi. Yana yigirma daqiqa bor. Billning tashvishlanadigan joyi yo‘q: vazir uning pidjak kiymasdan, ko‘ylakda bo‘yinbog‘ taqib yurganiga e’tiroz bildirmasdi. Umuman, u xizmatchilarning kiyimiga e’tibor beradigan odamlar toifasidan emasdi. Boshqa rahbarlar ham bunga e’tibor berishmas, chunki vazir xorij safaridan emas, Pinang orolidan qaytib kelayapti. U odatda shanba va yakshanbani o‘sha yerda o‘tkazardi.
Bir necha yosh malayyalik – “Malayen eyruey” va “VOAK” aviakompaniyalari xizmatchilari aeroport eshigi oldida o‘tirishardi. Ulardan hech biri Billga qayrilib ham qaramadi. Gazeta do‘konchasi yonida turgan bojxona amaldori esa kibr bilan unga boshdan-oyoq qarab chiqdi. Bill yoqimsiz sovuqlikni sezib, peshonasini tirishtirdi. Ko‘pchilik malayyaliklar yevropaliklarni yoqtirmasdi. Bill bojxona amaldorining tahqirli nigohini go‘yo sezmaganday tekis kafel to‘shalgan zaldan dadil qadamlar tashlab borardi. Ikki-uchta xitoylik oila restorandagi stollar tevaragida o‘tirardi. Aftidan, ular ham Pinang orolidan keladigan qarindoshlarini kutishyapti. Singapurdan uchib kelgan samolyotning qo‘nganiga ancha bo‘lgan, shu bois aerovokzal binosida odam kam, zal jimjit edi. Bill bir bordoq pivo buyurdi. Mayli, hali kun erta bo‘lsa ham, mayli, yuzi qizarsa ham, shu suyuqlik bilan vujudiga iliqlik yuguradi va vazir bilan uchrashganda paydo bo‘ladigan tortinchoqlik yo‘qoladi. Bugun juda mas’uliyatli kun. Agar vazir yaxshi kayfiyatda bo‘lsa, Bill unga ko‘pdan buyon o‘ylab yurgan rejasini bayon qiladi. Hozir u nima xohlayotganini, ayniqsa, Bob bilan bo‘lgan kechagi suhbatidan keyin mutlaqo aniq tasavvur qilardi.
U bordoqni yarimlatgach, hojatxonaga o‘tishga qaror qildi. Ichkari kirib eshikni yopdi-da, ko‘zgu oldida to‘xtab, yuziga razm soldi. Yuzi cho‘zilgan, iyagiga qarab ingichkalashib borganday ko‘rindi. Ko‘zlari, kichkinagina og‘zi xo‘mrayib turardi. Bill keng peshonasiga, yaxshilab silliqlangan kokiliga tikildi. Agar uning malla sochi shuncha kalta oldirilmaganida boshi ingichka va uzun yuziga nisbatan juda katta ko‘ringan bo‘lardi. Chuqur joylashgan moviy ko‘zlari va o‘tkir nigohi asl ingliz ekanini fosh etardi. Lekin burni kaltaroq bo‘lishi mumkin edi: u juda uzun va ingichka, buning ustiga, xuddi to‘tiqushning tumshug‘iga o‘xshab qayrilgandi. To‘g‘ri, qalin mo‘ylovi bu kamchilikni biroz yashirib turadi. To‘satdan Bill bojxona amaldori o‘ziga qanday qaraganini esladi. Malayyaliklar, odatda, “burni qiyshiq odamning qalbi ham qiyshiq” degan aqidaga ko‘r-ko‘rona ishonadi.
Bill hojatxonadan tezda qaytib chiqdi va chala qolgan pivosini ichmoqchi bo‘ldi, lekin shu payt samolyot Pinangdan uchib kelgani e’lon qilindi. Bill shoshilib hali tugamagan pivoning haqini to‘ladi-da, restorandan chiqdi. So‘ng qora ko‘zoynagini taqib, osmonni kuzata boshladi. Samolyot qo‘na boshlaganda bojxona eshigiga qarab yurdi. U ancha bo‘shab qolgan zalda gursillatib qadam tashlar, bukchaygan gavdasi odim otishiga mos tarzda lapanglab borardi. Bill yuqori martabali shaxslarga mo‘ljallangan binoga kirishga ruxsat so‘radi. Unga ijozat berishdi, chunki aerovokzal xizmatchilariga shu samolyotda vazir uchib kelayotgani ma’lum edi. Ular bu oq tanli janob vazirlikda ishlayotganini ham bilishardi.
Vazirni ushbu xonaning ayvonida Bill bir necha bor kutib olgandi. Bu yerda bir to‘da odam – muhojirlar xizmati xodimlari, amaldorlar to‘planishgandi. Qiziq, bitta ham jurnalist ko‘rinmasdi. Odatda, bunday hollarda ular o‘ralashib yurardi. Bill amaldorlarni birma-bir ko‘zdan kechirdi. Hech kim unga e’tibor bermadi. Shu payt vazir ichkariga kirdi. Uning qo‘lida hech narsa yo‘q edi. Bill hatto biroz shoshib qoldi: yordamlashadigan narsasi bo‘lmagach, nima ham qilardi.
– Xush ko‘rdik, ser!– dedi Bill qaddini tik tutib shisha eshik tomon bir necha qadam tashlarkan.
Vazir binoga kirarkan, “rahmat” deganday boshini liqillatdi. Bill shu zahoti bir qadam ortga chekindi va qaddini rostladi. U ingichka va uzun bo‘ynini cho‘zib, boshini sal egdi-da, vazirning bir necha qisqa kalimasini tingladi. Ko‘pchilik anchadan beri Billning boshini biroz egib, bo‘yi o‘zidan past bo‘lgan vazirning gapini tinglashiga ko‘nikkandi. Buning ustiga, vazirning chetga qarab gapiradigan va tushunib bo‘lmaydigan so‘zlarini ilg‘ab olish uchun Billning butun vujudi quloqqa aylanardi.
Vazir jim qoldi va Bill toshbaqa boshini kosasi ichiga yashirgan misol bo‘ynini tortib, yana qaddini rostladi.
Aeroport xizmatchilari va muhojirlik xizmati amaldorlari vazirni qutlashdi. U tabriklovchilarga jilmayib, boshi bilan imo qilib, javob qaytardi. Aerovokzal ishchilari ehtirom bilan unga yo‘l bo‘shatdilar. Bojxona xodimlari yuklarni ko‘zdan kechirib, “hammasi joyida”, degach, lablarini qimirlatib tabriklaganday bo‘ldilar. Vazir xonadan jilmaygancha chiqdi. Haligi bojxonachi yuktarozisi yonida turardi, Bill yelkasi osha uning o‘zini yana boshdan-oyog‘igacha ko‘zdan kechirayotganini his etdi. Ko‘ngli tag‘in behuzur bo‘ldi. Xuddi egniga it tekkan musulmonday his etdi o‘zini.
– Yaxshilab tekshiringlar, toki, hammasi kengashga tayyor bo‘lsin.
– Xo‘p bo‘ladi, ser.
Bill qadamini tezlatdi, to‘xtadi, engashdi, tovonlarini juftladi, tizzalarini to‘g‘riladi, belini engashtirib qo‘lini cho‘zdi, mashina eshigini ochdi. Mashinaga o‘tirarkan vazir:
– Men soat o‘n birda bo‘laman, – dedi.
– Yaxshi, ser.
Bill nigohi bilan kuzatib qolgan mashina aeroportdan chiqib ketdi. Uning old qopqog‘i ustida Malayziya Federatsiyasining bayrog‘i hilpirab borardi. Bill oldingi paytlarni yaxshi eslaydi, o‘shanda boshlig‘ining mashinasi qopqog‘ida boshqa tug‘ – Buyuk Britaniya bayrog‘i turardi.

* * *

– To‘g‘ri uyga hayda, Amat!
– Eshitaman, tuan.
– Uyda nima yangilik?
– Hammasi joyida, tuan.
– Senga necha bor aytdim, Amat, meni tuan dema!
– Xo‘p bo‘ladi, janob.
– Kimdir keldimi?
– Ha.
To shaharga yetguncha vazir boshqa hech narsa so‘ramadi. Amat yo‘ldan ko‘z uzmay, mashinani diqqat bilan haydab borardi. U vazir haqida o‘ylardi. Nega uni tuan deb bo‘lmaydi! Unda vazirga nima deb murojaat qilishi kerak? Oddiygina qilib “inche” desinmi? U ikki oydan beri vazirni olib yuribdi. Shu vaqt ichida necha bor tuan deb aytgan bo‘lsa, har safar e’tiroz bildirdi. Axir, gazetada ham ba’zan shunaqa yozishadi-ku. Xizmatchilar va boshliqlar ham shunday deb murojaat qilishadi. Uning xotinini qanday atash kerak? “Inche” debmi? Qiziq. Mana, ikki oydirki, Amat vazirning rafiqasini nima deb chaqirishni bilmaydi. Umuman, xulosa aniq: agar eri tuan deyishni xohlamasa, demak, xotinini ham…
– Bu mashinani joyiga qo‘y. Xizmatga meni kichkina mashinada olib yurasan.
– Xo‘p bo‘ladi.
Vazir zinapoyadan ikkinchi qavatga yugurib chiqdi. Uyda jimjitlik hukmron edi. Besh daqiqadan so‘ng zinapoyadan yana qadam tovushlari eshitildi. Vazir katta portfel bilan pastga tushdi. Mehmonxonaga kirdiyu sevimli oromkursisiga o‘tirdi. Uning yonidagi pastqam stolchada bordoqda sut turardi. U sutni bir ko‘tarishda sipqordi. O‘sha zahoti to‘la yuzli oqsoch paydo bo‘ldi va uning qo‘lidan bo‘shagan bordoqni oldi.
– Bordiyu bir voqea yuz berib, men vazir bo‘lmay qolsam, siz nima qilardingiz, onaxon Yax?
– Balki hozir qilgan ishimni takrorlardim, – o‘ylamay-netmay javob qaytardi oqsoch,bordoqni olib ketarkan.
Vazir portfelni ochib, undan qog‘oz oldi. Aqlli ayol. U, albatta, ketmaydi. Oqsoch bo‘lib xizmat qilaveradi. Ehtimol, shu uyda yashab qolar. Vazirlar keladilar va ketadilar, oqsoch esa xizmatkor bo‘lib qolaveradi. Va avvalgiday katta uyda yashayveradi.
Uning o‘ylari oqsochdan xotiniga ko‘chdi, keyin Amatga, so‘ngra kundalik ishlarga o‘tdi. Qo‘lidagi jildda materiallar yetishmaydi. Billning laganbardorlikka suyagi yo‘q, lekin ishni bilmaydi. Bugun yig‘ilish bor, qo‘lida esa kerakli hujjatlarning yarmi ham yo‘q. Bill, albatta, shanba kuni hujjatlarni portfelga solib qo‘yishga ulgurmagan. Nimani o‘ylayapti o‘zi? Bugun bu yerga nima uchun keldi? Axir kimdir keldi-ku? Albatta, bu o‘sha. Amat aytdi-ku…
Telefon jiringladi. Vazir bir zumga hujjatlardan bosh ko‘tarib go‘shakka nimadir dedi va yana qog‘ozlarga sho‘ng‘idi. Aftidan, yuzida norozilik ifodasi bor edi.
O‘sha yevropalik qanaqadir yoqimsiz, zaharli. Nigohi ham o‘tkir, umuman, yuz-ko‘zi, burnidan zahar tomib turganday. Hatto tili ham achchiq. U boshqalar hamma narsani mendan o‘rganishi kerak, deb o‘ylaydi. Bu yerda ahvol avvalgiday emasligini unutib qo‘yganga o‘xshaydi. Ha, bu Bill deganlari olmosday o‘tkir. Balki bizni o‘zining naqadar xavfli odam ekanini sezmaydi deb o‘ylayotgandir. Bizni tentak deb biladi, shekilli. U haliyam bir vaqtlar bu yerga mustamlakachi ma’muriyat xizmatchisi sifatida kelganini hech kim unutmagan deb o‘ylayotganga o‘xshaydi.
Vazir qog‘ozlarga shoshib ko‘z yugurtirib chiqdi, lekin uning xayoli qog‘ozlarni tayyorlagan o‘sha yevropalik Bill bilan band edi.
Soat o‘n yarim.
Vazir qog‘ozlarni portfelga soldi, shoshilib eshikka qarab yurdi. Tashqarida bayroqli mashina kutib turardi.
“Axir, kichkina mashinada kel,deb aytgandim-ku! E, ha!”– u birdan xotinini esladi. Kichkina mashinani xotini olib ketgan bo‘lsa kerak. Juda jasur bo‘lib qoldi, o‘zi mashina haydayapti. Qiziq, kim bilan ketgan ekan? Ehtimol, biror vazirning yoki boshliqning rafiqasini hamrohlikka olgandir.
U mashinaga o‘tirdi, Amat jinko‘chalar bo‘ylab shaharga haydab ketdi. Haydovchi kichkina mashina xususida o‘zini qiynab o‘tirmadi: aftidan, janob vazir tushunganga o‘xshaydi.

* * *

Billning xonasiga yangi-yangi hujjatlar olib kela boshlashdi. Ulardan birida, och nastarin rangli qog‘ozga bosilgan hujjatda “shoshilinch” belgisi bor edi. Lekin Billning xayoli boshqa narsa bilan band edi: bir soatdan so‘ng juda muhim majlis. Qosimni vazirlikka tortish kerak, aks holda uning boy tajribasidan foydalanib bo‘lmaydi. Bob ham deyarli ko‘ndi, lekin loyiha ishlab chiqish bilan bog‘liq lavozimga tayinlanish sharti bilan. Agar Bob shu loyiha bilan shug‘ullansa, barcha ishlar tezda yakunlanardi, davlat mablag‘i ham tejab qolinardi. Faqat yevropalik emigrantlargina bunday ishlarga qodir. Malayyaliklar omi odamlar, ularni tezroq biror lavozimni egallash qayg‘usi o‘ylantiradi. Ular endi bemalol mustaqil ishlay olamiz, deb o‘ylashadi. Yo‘q, yo‘q, hali erta. Bu mamlakatda mustaqillik e’lon qilinganidan so‘ng biz haqimizda, ustozlari va homiylari to‘g‘risida unutmasinlar. Ular bizning yordamimizga hali uzoq vaqt muhtoj bo‘laversin. Axir, bu faqat bizgagina emas, ularning o‘zlariga ham foydali-ku! Ammo mahalliy aholi buni tushunmayapti. O‘zlariga haddan tashqari ishonishayapti…
To‘g‘ri, shuni tan olish kerakki, boshliq ahmoq odam emas. Agar u malayyaliklar loyihada ishtirok etishlarini talab qilsa, qo‘mitaning boshqa a’zolari ham unga ergashadi. Hech bo‘lmasa, Lin bilan Ramasami e’tiroz bildirar… Chunki xitoylar va hindlar malayyaliklarga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishadi, bu esa yevropaliklarga qo‘l keladi…
Bill telefon go‘shagini ko‘tardi:
– Yordamchini ulang.
Miyasi jo‘shqin ishlardi, fikru zikri boshliq bilan band edi.
– Allo, yordamchining xonasimi? Tekshirib qo‘ying majlislar zalini, taxtmi?
– Hozir bo‘ladi.
– Yaxshi.
Ko‘zi yana jildga tushdi:“shoshilinch” belgili och nastarin rangli hujjat. Uni qo‘li bilan silab qo‘ydi.
– Ha, ha, hammasi joyida bo‘ladi, – degan ovoz eshitildi telefon go‘shagidan.
U go‘shakni qo‘yib, hujjat bilan tanishmoqqa tutindi. Jildni ochdi. Birinchi satrni o‘qidi, keyin ikkinchisini. So‘ng yopti. “Keyin ko‘raman, kechqurun”.
Devor ortida yozuv mashinkasi chiqillardi, lekin uning “chiq-chiq”i qabulxonaga kirayotgan kishilarning oyoq tovushlarini bosib ketolmasdi. To‘satdan shovqin tindi, keyin tabriklar eshitildi: “Xayrli tong, tuan!”, “Xayrli kun, tuan!”, “Goodmorning, Sir!” – vazir keldi. Bill ko‘ylagi, bo‘yinbog‘ini tuzatdi, kamarini to‘g‘riladi. Barcha hujjatlarni tayyorladimi, yo‘qmi, qayta tekshirib chiqdi. So‘ng o‘tirdi, turdi va yana oromkursiga cho‘kdi. Fikrlarini jamlashi kerak. Besh daqiqadan so‘ng u xonasidan chiqdi va majlislar zaliga yo‘l oldi.
Bu yerda hamma narsa tayyor edi. Bill zalni aylanib chiqdi. To‘planganlarni diqqat bilan ko‘zdan kechirdi. Shu mahal eshikdan janob Dato Hamid kirdi. Uni Azmad, Lin, Qodir, Ramasami, Tan, Mutu va Sharif kuzatib kelishdi. Bill hay’at a’zolariga bir necha jumla so‘z aytib zaldan chiqdi-da, vazir tomon yo‘naldi. Biroq xona oldida uni vazirning shaxsiy kotibi to‘xtatdi:
– Boshliq “Huzurimga hech kimni kiritmang”, – deb tayinlagan.
Kutilmagan bu gapdan Bill dovdirab qoldi. Ammo tashvish dovdirashdan ustun chiqdi. Bunaqasi hech bo‘lmagandi. Vazir majlis haqida bilardi. Boshlanishiga atigi besh daqiqa qoldi. Odatda, bu paytda vazir uni chaqirib, ba’zi masalalarni aniqlashtirib olardi. Hozir esa uni qabul qilishni ham xohlamayapti.
– Vazir bandmi?
– Ha.
– Oldida kim bor?
– Qonunchilik kengashi deputati, janobi oliylari.
Billning afti burishdi. Keng peshonasi tirishdi, ko‘zlari ichiga cho‘kdi, burni yanada xunuk tus oldi.
– Janobi oliylari vazir bilan uchrashuv to‘g‘risida qachon kelishib oldi?
– Bugun ertalab telefon orqali.
– Vazir bilan o‘zi gaplashdimi?
– Yo‘q, uning iltimosi bilan men vazirning uyiga qo‘ng‘iroq qildim. Chunki janobi oliylari bugun kunduzi ketishi kerak. Vazir uni qabul qilishga rozi bo‘ldi va uchrashuvni soat o‘nu qirq beshga belgiladi. Chunki soat o‘n birda majlis bor edi.
– Ha, chindan ham soat o‘n birga majlis belgilangan. Hay’at a’zolari kutib o‘tirishibdi.
Bill bu gaplarni o‘z-o‘ziga aytganday gapirdi. Kotib unga javob bermay qo‘ya qoldi.
Bill chiqib ketmoqchi bo‘ldi, lekin ostonadan hatlashi bilan yana ortiga qaytdi va kotib yonida to‘xtadi. Uning ko‘rinishi tashvishli edi. Aftidan, kutilmagan nimadir yuz berishidan xavfsirardi.
Nihoyat eshik ochilgach, u yengil tortdi. Janobi oliylarining vazir bilan suhbati tugagandi. Bill janobi oliylariga ta’zim qildi, u boshini sal egib javob qaytardi. Qo‘li bilan eshik dastasini tutgan janobi oliylari Billga o‘girildi. Bill uning o‘zini aeroportdagi haligi amaldor nigohi bilan kuzatayotganini his etdi. Janobi oliylari jilmaydi va chiqib ketdi. Bill bo‘lsa hali ham o‘zini noqulay his etayotgandi.
Vazir qabulxonaga chiqdi, Bill darhol qaddini rostlab, yengilgina ta’zim bajo keltirib:
– Xayrli kun, ser! – dedi.
O‘zi bilmasdan negadir u “xayrli kun”ni malayya tilida, “ser”ni esa inglizcha aytdi. Vazir jilmaydi. Bu bilan u nima demoqchi bo‘lganini aytish qiyin, ammo aybdorga taqdir kulib boqadiganga o‘xshaydi. Chaqqon harakat bilan vazir Billning qo‘lidan hujjatlar solingan jildni yulib oldi.
Shu asnoda Bill o‘zini keragi bo‘lmay qolgan va o‘z janobining portfelini ko‘tarib yurishgagina yaraydigan xizmatkorday his qildi.
U vazirni majlislar zaligacha kuzatdi va eshikni ochish uchun oldinga shoshildi, lekin eshiktutqichiga vazirning o‘zi qo‘l cho‘zdi. Hay’at a’zolari o‘rinlaridan turishdi va vazir ular bilan iliq salomlashdi. Bill indamaygina eshikni yopib qo‘ydi…

* * *

Klubda odatdagidek odam gavjum. Ular yosh xizmatchilar, savdogarlar, aksariyati yevropaliklar edi. Ba’zan klubda yuksak martabali malayyalik amaldorlarni va xorijiy diplomatlarni ham uchratish mumkin edi. Bu yerda g‘arb oqsuyaklari klubi muhiti hukm surardi. Yaqindagina o‘qishni bitirgan malayyalik yosh xizmatchilarning aytishiga qaraganda, bu chinakam mustamlaka klubi bo‘lib,unda yosh yevropaliklar va badavlat malayyalik amaldorlar, klubning doimiy mijozlari o‘zlarini mustamlaka an’analarining vorislari deb hisoblashardi. Faqat bu yerdagina emas, golf maydonlarida, keksa yevropalik amaldorlar uylarida ham shunday kayfiyat hukmron edi. Ammo yosh yevropaliklar golfga uncha qiziqishmas, keksa xizmatchilar oilasida ham kamdan-kam bo‘lishardi. Yoshlarning aksariyati hali oila qurmagan, bordiyu kimdir uylangan bo‘lsa, xotinini bu yerga olib kelmagan.
Bill Bobni izlab topdi. U bir burchakdagi stolda tamaddi qilib o‘tirardi.
– Hammasi rasvo bo‘ldi!..– dedi u.
– Bilaman, – javob berdi Bob. – Kecha bu yerga davlat kotibi qonunchilik kengashi deputati bilan keldi.
– Bugun ertalab deputat vazir bilan gaplashdi, – dedi Bill.
Bob mundshtugi kulini poshnasiga urib qoqdi.
– Qosim o‘zining davlat loyihasi bilan barbod bo‘ladi. Ular hali bizni izlab qolishadi… – umid bilan qo‘shib qo‘ydi Bill.
– Bu odamlar tushunishmayapti, hali ko‘p narsani bizdan o‘rganishlari kerak. Mustaqillikka erishishganmish, buni qarang-a!
Billning lablari yanada osilib ketdi. Klub xizmatchisi bo‘shagan bordoqlarni olib ketib, sho‘rva keltirdi. Bill bilan Bob qoshiqlarni qo‘lga olishdi.
– Bu safar omad mendan yuz o‘girdi, – dedi Bill. – Ular hammasini menga to‘nkashdi. Balki deputat kechaning o‘zidayoq har biri bilan alohida-alohida gaplashib olgandir.
– Yana nima deyishdi?
– Avvaliga vazir, aftidan, ataylab menga ishlar qanday ahvoldaligini izohlashni, keyin o‘z nuqtai nazarimni bildirishni so‘radi. Men gapni bu loyihani amalga oshirish bo‘yicha ishlar ancha muhim va murakkab ekanidanboshladim, so‘ng rahbarlik lavozimiga sening nomzodingni taklif qildim.
U jim qoldi va qoshiqni sho‘rvali likopchaga qo‘ydi.
– Keyin-chi?
– Ular unchalik ham ovoza qilib o‘tirishmadi. Dato Hamid ochiqchasiga bu ishni Qosimga topshirsa, yaxshi bo‘lishini aytdi. Vazir bo‘lsa, Qosimning malayyalik ekanini, malayya xalqining manfaatlari unga yaqinligini qo‘shib qo‘ydi. “Buning ustiga, Qosim tajribali xodim, oliy ma’lumotli” emish, – Bob kuldi.
–“Malayya xalqining manfaati unga yaqin” emish, – takrorladi Bill nafrat bilan. – Nimaga kulayapsan?
Bob savolga savol bilan javob berdi:
– Va hamma rozi bo‘ldimi?
– Darhol.
Sho‘rvani jimgina ichishardi. Ofitsiant ikkinchi yemakni tortish uchun ularni kutib turardi. Malayyalik yosh yigit ularga yaqin stolda o‘tirar, uning yonida yosh xonim – baland bo‘yli kelishgan oq yuzli ayol ham bor edi.
Bob bilan Bill ikkinchi yemakka tutinishdi. Qo‘shni stoldagi xonim ora-sira havoning issiqligidan nolirdi.
Bill sekingina:
– Xonim bu mamlakatda yevropaliklar uchun naqadar issiqligini yaxshi bilmaydi, – deb qo‘ydi.
– Lekin u ishlamaydi-ku, – javob berdi Bob.
Ikkalasi ham tirjayib qo‘yishdi. Billning lablari yanada yupqalashdi.Uning o‘tkir nigohi va qirg‘iyburni g‘alati ko‘rinib ketdi.
– Menimcha, biz malayyaliklar his-tuyg‘usi va kayfiyatiga ko‘proq e’tibor berishimiz kerak edi. Balki ular ham xuddi biz singari o‘z xalqi va Vatanini sevadilar, – dedi kutilmaganda Bob.
Bu so‘zlar Billni lol qoldirdi. Bir vaqtlar ruslar birinchi sun’iy Yer yo‘ldoshini uchirganlarida shunday hayratlangan edi. Uning chuqur botgan katta-katta ko‘zlari kosasidan chiqib ketay dedi.
– Senga nima bo‘ldi?! Xuddi stolni yutib yuboradiganday bo‘lib turibsan, – hayron qoldi Bob.
– Ha, stoling nima, men hozir bu mamlakatni ham, g‘oyalaringga qo‘shib seni ham yutib yuborishga tayyorman. Nimalar deyapsan o‘zi?
– Nima balo, sen Hindiston va Suvaysh kanali haqida unutdingmi? Gana va boshqalar esingdan chiqdimi? Anavi qizga bir qara. U ba’zi narsalarni bizdan yaxshiroq tushunadi.
– Men unutganim yo‘q, barini yaxshi tushunaman. Lekin, axir, bu yosh davlatni biz oyoqqa qo‘yishimiz kerak emasmi? Bizning niyatimiz ezgu-ku, malayyaliklar buni tushunishni istamayapti, xolos.
– Men loyihaga malayyalik rahbarlik qilishida hech qanday yomonlik ko‘rmayapman, – dedi Bob.
– Men ham qarshi emasman, – javob berdi Bill, terlagan peshonasini arta turib.
U shu tobda o‘zini sahroda yolg‘iz qolgan yo‘lovchidek his etdi. Klubdan bukchayib chiqdi. Unga klub yonidagi mashinalar haydovchilari xuddi aeroportdagi bojxonachidek qarayotgandek tuyuldi. Bill ko‘cha bo‘ylab Hukumat uyiga qarab yurib ketdi. Uning qiyofasi shu damda egri tayoqni eslatardi.
Sayribog‘ yonidagi chorrahada uni yosh bir malayyalik ortda qoldirib, o‘tib ketdi. Boshini xam qilib ketayotgan Bill yigitga ko‘z qirini tashladi. Aftini burishtirdi. “Qiziq, bu malayyaliklar nimaga asoslanib, qaysi an’analarga tayanib, o‘z mustaqilliklarini tiklaydi? Ularning Xang Tuaxdan bo‘lak nimasi bor?..”
– Salom, tuan! – tanish ovoz eshitildi.
U o‘girildi va Amatni tanib boshini ko‘tarib to‘xtadi.
– Sen bu yerda nima qilayapsan?
– O‘tiribman, tuan. Vazirni kutayapman.
– Vazir shu yerdami?
– Ha, tuan.
Vazir ish boshlanishidan o‘n daqiqa oldin vazirlikka yetib kelgani Billga juda g‘alati tuyuldi, odatda, bunaqa vaqtli kelmasdi.
– Ishlar qalay, Amat?
– Hammasi yaxshi, tuan.
– Ishing yoqayaptimi? Xursandmisan?
– Yoqqanda qandoq, tuan. Boshliq shunday yaxshiki, bundan yaxshisi bo‘lmaydi. O‘zini oddiygina qilib “inche” deb atashimni tayinladilar.
– Bo‘lishi mumkin emas! Sen uni tuan deb chaqirishing kerak. Axir, uning martabasi menikidan ham yuqori ekanini bilasan-ku!
– Ha, albatta.
– Quloq sol, sen uni “tuan” deb atashing kerak. Tushundingmi?
– Axir, o‘zi yo‘q desa, men nima qilay? U malayyalik. U oldingi haydovchilarini yevropaliklarday murojaat qilgani uchun ishdan haydagandi-ku. Menga juda qiyin, tuan. Men oq tanli odamlar bilan ishlashga ko‘nikkanman. Oq tanlilarni esa “tuan” deb chaqirish shart.
– Unda bilganingni qil! – Bill shunday deb lift sari yurdi.
Lift odam bilan to‘la edi. Liftda xushro‘y qizchalar, bir necha xizmatchilar ham bor edi. U liftdagilarga balanddan nazar soldi. Bill bu yerda hammadan bo‘ychan edi. Avvallari o‘zini hamisha baland his etardi, lekin hozir negadir bunday tuyg‘uni his qilmadi. Yuragi unga “Balki Bob haqdir,– deb shivirlaganday bo‘ldi.– Ehtimol, Amat va haligi malayyalikning sherigi ham haqdir…”
U liftda turgan xizmatchilarga nazar soldi, lift boshqaruvchiga qaradi. Yo‘q, hech kim unga bugun ertalab aerovokzalda bojxona amaldori nigoh tashlaganday qaramasdi.

Rus tilidan Fayzi Shohismoil tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 8-son