Artist Benda ikkinchi sentyabr kuni dom-daraksiz g‘oyib bo‘ldi. Teatr san’atining cho‘qqisiga hayratomuz shiddat bilan ko‘tarilgan bu artistni maestro Yan Benda deb atay boshlagan edilar. Sirasini aytganda, ikkinchi sentyabrda hech qanday voqea sodir bo‘lgani yo‘q: uy xodimasi Mareshova xola ertalab soat to‘qqizda artistning uyini yig‘ishtirgani kelganida, xona har doimgiday biliqsib, ayqash-uyqash bo‘lib yotgan ekan. To‘shak mijg‘aloq-u, ammo uy egasi uyda yo‘q ekan. Bu ajablanarli hol bo‘lmagani sababli, xodima xonani supirib-sidirib, yig‘ishtirgan-da uyiga qaytib ketgan. Ma’qul. Lekin o‘sha paytdan boshlab Benda dom-daraksiz g‘oyib bo‘ldi.
Mareshova xola artistning uyida yo‘qligidan hayron bo‘lmagan. Sababki, artistlar lo‘lilarga o‘xshashadi. Kim bilsin, biron yoqqa ketgandir o‘z san’atini ko‘rsatgani yoki maishat qilgani. Lekin Benda o‘ninchi sentyabr kuni teatrda bo‘lishi kerak edi. Shu kuni “Qirol Lir” ning repetitsiyasi boshlanishi mo‘ljallangan edi. Ammo artist na birinchi, na ikkinchi, na uchinchi repetitsiyaga keldi. Ana shundan keyin teatrdagilar xavotirlanib, Bendaning do‘sti doktor Goldbergga qo‘ng‘iroq qilishdi va: “Bendaga nima bo‘ldi — xabaringiz yo‘qmi?” — deb so‘rashdi.
Doktor Goldberg jarroh edi va ko‘richaklarni tashrih qilish bilan katta pul topardi — axir bu yahudiylarning asl kasbi-ku. To‘ladan kelgan, ko‘ziga tilla gardishli, shishalari qalin ko‘zoynak taqqan bu odamning qalbi g‘oyatda pok edi. U san’at muxlisi edi, uyining hamma devorlariga suratlar osilgan edi. Bendani-ku boshiga ko‘tarib yurishga ham rozi edi. Lekin Benda doktorga do‘stona beparvolik bilan qarar va restoranlarda uning uchun haq to‘lashiga lutfan rozilik bildirardiki, bu haqlar arzimas mayda pullar emas edi, albatta. Maishatbozlik avjga mingan chog‘larda ko‘pincha Bendaning tragediya niqobini eslatuvchi yuzi bilan suvdan o‘zga hech nima ichmaydigan doktor Goldberning mudom kulib turuvchi chehrasini yonma-yon uchratish mumkin ediki, bunday ayshu ishratlar buyuk artist shuhratining orqa tomoni edi.
Shunday qilib, doktorga teatrdan qo‘ng‘iroq qilishib, Bendani so‘rashdi. U, Bendaning qayerdaligini bilmayman, lekin qidirib ko‘raman, deb javob qildi. Holbuki, doktor, do‘stidan xavotirlanib, bir haftadan beri qovoqxonama-qovoqxona izg‘ib, shahar tashqarisidagi otellarga borib uni qidirib yurgani haqida og‘iz ochmadi. U qattiq iztirobda edi, chunki, Benda biron falokatga uchragan bo‘lmasin tag‘in, deb xavotir ola boshlagan edi. Ma’lum bo‘lishicha, Bendani eng keyin ko‘rgan odam doktor Goldbergning o‘zi ekan. U shunday taxmin qildi. Chunki avgust oyining oxirida ular ikkovi Praga qovoqxonalarini tunda tantanavor kezib chiqishni rejalashtirgan edilar-u, lekin tayin qilingan kunda Benda uchrashuv yeriga kelmagan edi. Doktor Goldberg, balki tobi qochib qolgandir, deb o‘ylab, bir kun kechqurun Bendani ko‘rgani keldi. Bu kun birinchi sentyabr edi. Garchi ichkaridan qandaydir g‘ijirlagan, taqillagan tovushlar eshitilayotgan bo‘lsa ham, shuncha qo‘ng‘iroq qilingani bilan hech kim eshikni ochmadi. Doktor besh daqiqagacha paydarpay qo‘ng‘iroq tugmasini bosib turdi. Nihoyat, ichkaridan oyoq tovushi eshitildi va ostonada egniga xalat kiygan Benda ko‘rindi. U shunday qo‘rqinchli qiyofada (o‘zini ancha oldirib qo‘ygan, isqirt, sochlari hurpaygan, soqol-mo‘ylabi kamida bir haftadan beri ustara ko‘rmagan) ediki, doktor uni ko‘rib kayfi uchib ketdi.
— A-a, sizmidingiz? — dedi Benda sovuqqina qilib. — Nega keldingiz?
— Yo tangrim, nima bo‘ldi sizga?! — dedi doktor hayratda.
— Hech nima! — deb to‘ng‘illadi Benda. — Men hech qayoqqa bormayman, tushundingizmi? Meni tinch qo‘ying.
Shunday deb u Goldbergning ko‘zi oldida “qars” etib eshikni yopib oldi. Ertasi kuni u g‘oyib bo‘ldi.
Doktor Goldberg ko‘zoynagining qalin shishalari ortidan xona eshigiga ma’yus tikilib qoldi. Unga bir nima bo‘lgan. Doktor Benda yashab turgan uyning qorovulidan ba’zi narsalarni bilib oldi: bir kuni kechasi (ehtimol bu ikkinchi sentyabrda bo‘lgandir) soat uchlarda uy oldida bir avtomobil to‘xtabdi. Undan hech kim tushmabdi-yu, lekin uning klaksoni ovozi eshitilibdi — chamasi, shu uyda yashovchilardan kimnidir chaqirayotgan signal bo‘lsa kerak. Keyin yo‘lakda oyoq tovushi eshitilgan — kimdir tashqariga chiqib, ko‘cha eshikni yopgan. So‘ng mashina jo‘nab ketgan. “U qanaqa avtomobil edi?” — degan savolga qorovul: “Men qayoqdan bilay? Kimam shunaqa bemahalda, naq tungi soat uchda, bo‘lar-bo‘lmasga issiq o‘rnini tark etardi, deysiz? Lekin o‘sha avtomobildagilar shoshayotgan bo‘lishsa kerak, ustma-ust signal berishaverishdi”, — dedi.
Mareshova xola maestroning butun hafta davomida uydan chiqmagani haqida gapirdi.
— Chiqqan bo‘lsa ham, — dedi u, — faqat kechasi chiqqandir. Soqol-mo‘ylovini olmadi. Ehtimol yuvinmagan ham bo‘lsa kerak. Tushlik va kechlikni uyiga obkeltirib turdi. Kun-uzzukun konyak ichib, divanda ag‘anab yotaverdi. Bilganlarim shu, shekilli.
Mana, endi Benda voqeasi elga oshkor bo‘lganidan keyin, Goldberg Mareshova xola bilan gaplashgani kirdi.
— Menga qarang, ona, — dedi u, — eslolmaysizmi, Benda uydan chiqib ketayotganida ustiga nima kiygan bo‘lishi mumkin?
— Hech nima! — dedi Mareshova xola. — Mana shu narsa yoqmay turibdi, taqsir. U hech nima kiymagan. Men uning hamma kiyimlarini yoddan bilaman, hammasi garderobda osig‘liq turibdi. Bittasiyam kammas.
— Nahotki, u ichki kiyimda ketgan bo‘lsa? — deb hayron bo‘ldi doktor.
— Ichki kiyimdayammas, — dedi Mareshova xola. — Yana botinkayam kiymagan. Bu yerda bir ishkallik bor-ov. Men uning ichki kiyimlari sanog‘ini bilaman. Menda hammasi yozig‘liq, axir uning ichki kiyimlarini kirxonaga o‘zim olib borardim-da. Mana, shu bugun yuvdirgani olib borganim ichki kiyimlarni olib keldim, hammasini taxlab sanab chiqdim. O‘n sakkizta — hammasi shu yerda. Birontasi ham yo‘qolmagan, hatto dastro‘mollargacha, hammasi but. Faqat kichkina jomadoncha yo‘q — bilasiz, do‘stingiz uni doim o‘zi bilan olib yurardi. Agar u o‘z ixtiyori bilan ketgan bo‘lsa, boyaqish qo‘lida jomadoncha bilan qip-yalang‘och jo‘nab ketgan…
Doktor Goldbergning tashvishi yana ortdi.
— Ona, — deb yuzlandi u xodimaga, — siz ikkinchi sentyabr kuni uning uyiga borganingizda ko‘zga tashlanadigan qandaydir bir tartibsizlikni payqamadingizmi? Biron nima ag‘darilgan yo ba’zi buyumlar sindirilgan, eshik buzilgan emasmidi?..
— Tartibsizlik, deysizmi? — dedi Mareshova xola. — Tartibsizlik har doimgiday edi. Bilasizmi, agar dunyoda ikkita isliqi bo‘lsa, bittasi shu janob Benda. Ammo ko‘zga tashlanadigan boshqacha biron-bir tartibsizlikni ko‘rmadim… Ayting-chi, doktor, agar u egniga hech vaqo kiymagan ekan, shu alpozda qayoqqa borishi mumkin?
Doktor Goldberg ham xodima bilgan narsadan ortiq hech nima bilmasdi, shunga ko‘ra, u g‘oyatda noxush kayfiyatda politsiya mahkamasiga yo‘l oldi.
— Bo‘pti, — dedi politsiya amaldori Goldbergning arzini tinglab bo‘lib, — biz qidiruvni boshlaymiz. Lekin aytgan gapingizga qaraganda, hamonki u butun hafta davomida uydan chiqmay, soqol-murtini o‘stirib, yuvuqsiz holda divanda yotib olib, paqqos konyak otish bilan mashg‘ul bo‘lgan, keyin uyidan xuddi yovvoyi odamdek qip-yalang‘och holda qochib ketgan ekan, bu…
— Ruhiy kasallik, demoqchimisiz? — dedi doktor Goldberg.
— Ha, — deb javob qildi amaldor. — Buni g‘ayrishuuriy holatda o‘z joniga qasd qilish, deb ta’riflash ham mumkin. Men bunga ajablanmagan bo‘lardim.
— Unda jasadi topilgan bo‘lardi-ku, — deb ishonqiramay e’tiroz bildirdi doktor. — Qolaversa, qip-yalang‘och holda qayoqqayam bora olardi? Keyin, nima uchun u jomadonchani o‘zi bilan olib ketgan? Unga kelgan avtomobil-chi? Yo‘q, bu ko‘proq uydan qochishga o‘xshab ketyapti.
— U hech kimdan qarz emasmidi? — deb so‘rab qoldi birdan amaldor.
— Yo‘q, — deb darhol javob qildi doktor. — To‘g‘ri, Benda hamisha qulog‘igacha qarzga botgan bo‘lardi-yu, lekin parvoyi falak yuraverardi.
— Yoki, masalan, biron-bir shaxsiy fojia… sevgisi barbod bo‘lgan, yo zaxm kasalligini yuqtirgan, yoki odamni jonidan kechdirishga qodir biron kor-hol yuz bergandir, ehtimol?
— Menga ma’lum emas bunday holatlar, — deb javob qildi doktor hech ikkilanmay. To‘g‘ri, u bir-ikki hodisalarni esladi, lekin ularning birontasi ham Bendaning shubhali g‘oyib bo‘lishiga daxldor emas edi.
Shunga qaramay, doktor “politsiya qo‘lidan kelgan hamma ishni qiladi”, degan va’daga ishonib uyiga qaytarkan, g‘oyib bo‘lgan do‘stining hayotida yuz bergan va o‘zi shohid bo‘lgan voqealarni bir-bir eslay boshladi. Ma’lumotlar yo‘q darajada edi:
1. Bendaning qayerdadir, chet elda nikohdan o‘tgan qonuniy xotini bor edi, ammo Benda, turgan gapki, u xotiniga hech yordam qilmasdi.
2. Benda Xoleshovitsada turuvchi bir qizni pul bilan ta’minlab turardi.
3. Benda yirik fabrika xo‘jayini Korbelning xotini Greta bilan aloqa qilardi. Bu Gretaning fikri-zikri artist bo‘lish edi, shu sababli Korbel xotini bosh rolni ijro etgan allaqanday filmlarga mablag‘ ajratar edi. Umuman, Benda — Gretaning o‘ynashi ekanligi ko‘pchilikka ma’lum edi. Bu ayol ehtiyot bo‘lishni xayoliga ham keltirmay, Bendaning uyiga kelib turardi. Lekin Benda hech qachon hech kimga bu uchrashuvlar haqida og‘iz ochmagan edi. U ayollarga nisbatan goh ritsarona olijanoblik bilan, goh o‘ta betakalluflik bilan muomala qilardiki, uning bu keyingi muomalasi doktorning g‘ashini keltirardi.
— Yo‘q, — noumid qo‘l siltadi Goldberg, — Bendaning shaxsiy hayotini tangrining o‘zi tushunmasa, bandasi tushunmaydi. Nima bo‘lgandayam, men jonimni tikib ont ichamanki, buning tagida qandaydir bir yovuz sir bor. Ha, mayli, endi bu yog‘iga politsiya shug‘ullanadigan bo‘ldi-ku.
Lekin, turgan gapki, Goldberg politsiyaning qanday tadbir ko‘rishini ham, qanday natijaga erishishi mumkinligini ham bilolmasdi. U faqat hayajoni oshgandan oshib politsiyadan xabar kelishini kutardi. Lekin oradan bir oy o‘tsa ham hech qanday yangilik eshitmadi va Yan Benda haqida hamma endi o‘tgan zamon fe’li bilan gapira boshladi.
Bir kuni kechqurun doktor Goldberg ko‘chada keksa artist Lebdushkani uchratib qoldi. Ular u yoq-bu yoqdan gaplashib turib, suhbat orasida Bendani ham tilga olishdi.
— Oh, u qanday zo‘r artist edi-ya! — deb esladi keksa Lebdushka. — Men uni yigirma yoshlik chog‘idan bilaman. Osvald rolini shunday do‘ndirib ijro etgan ediki u bola! Bilasizmi, medik-talabalar falaj dardiga yo‘liqqan odamning qanday bo‘lishini ko‘rish uchun teatrimizga yopirilib kelishardi. Uning o‘sha yoshlik chog‘ida ijro etgan Qirol Lirini aytmaysizmi! Men haligacha bilolmayman uning qanday o‘ynaganini, chunki butun spektakl davomida men uning qo‘llaridan ko‘zimni uza olmaganman. Qo‘llari sakson yoshli cholning qo‘liga o‘xshardi — cho‘p-ustuxon, qovjiragan, sovuqdan diydiragan ayanchli qo‘llar… Buni u qanday qilganligini haligacha tushunolmayman… Bu faqat Bendaning qo‘lidan kelishi mumkin edi! Uning bu mahoratini faqat artist odam baholashi mumkin.
Doktor Goldberg bu kasbiy ta’ziyanomani mahzun mamnuniyat bilan eshitdi.
— Ha, u o‘ziga talabchan artist edi, — deb xo‘rsinib qo‘ydi Lebdushka. — U soxta butaforiyani yoqtirmasdi. Esimda, bir marta: “Bunaqa eskirgan to‘r yoqa bilan qirol rolini o‘ynamayman. Yangisini toping!” — deb teatr tikuvchisini zir yugurtirgan edi. Otello rolini o‘ynashga kirishganda esa, shahardagi barcha antikvar (antiqiy mollar bilan savdo qiluvchi) do‘konlarni kezib chiqib, o‘sha Otello zamoniga xos uzukni topgandi va rol ijro etganida hamisha uni sahnaga taqib chiqar edi. “Men haqiqiy kiyim, haqiqiy buyum bilan rolimni yaxshiroq o‘ynayman” derdi u doim. Yo‘q, bu o‘yin emas, boshqa qiyofada gavdalanish edi. Antrakt (tanaffus) paytida u yapaloqqushdek tumshayib olar va obrazdan chiqib ketmaslik uchun o‘z grimxonasiga kirib olib hech kimni yoniga yaqin yo‘latmasdi. U rollarni mudom asabiy holatda o‘ynagani uchun ham ko‘p ichardi, — deb ilova qilib qo‘ydi Lebdushka o‘ychan kayfiyatda. — Xo‘p, bo‘lmasa, men kinoga kirmoqchi edim, — dedi u xayrlashar ekan.
— Men ham siz bilan boraman, — dedi bekorchilikdan bezor bo‘lgan Goldberg.
Kinoda dengizchilar haqida qandaydir film namoyish qilinayotgan edi. Lekin doktor deyarli ekranga qaramadi. U ko‘zlarida yosh bilan Lebdushkaning Benda haqidagi jovrashlarini tinglardi.
— To‘g‘ri, doktor, u cho‘chqa misol kun kechirdi. Ammo sahnaga chiqqanida haqiqiy qirol yoki chinakam yalangoyoq daydi bo‘lib ketardi. U go‘yo bir umr taxtda o‘tirib, farmon berish bilan mashg‘ul bo‘lgan qirolday, ulug‘vor qiyofada tutardi o‘zini. Holbuki u sayyor bir charxchining o‘g‘li edi. Ekranga qarang: kema halokatiga uchragan odam ham shunaqa bo‘larkanmi? Kishi qadami yetmagan orolda yashayapti-yu, silliq qilib olingan tirnoqlari ostida kir yo‘q. Ahmoq! Soqoli-chi? Yopishtirilgani yaqqol sezilib turibdi. Yo‘q, bu rolni agar Benda o‘ynaganida, o‘zining haqiqiy soqolini o‘stirgan bo‘lardi, tirnoqlari ostida esa haqiqiy kir bo‘lardi… Sizga nima bo‘ldi, doktor?
— Kechirasiz, — deb g‘o‘ldiradi doktor Goldberg dik etib o‘rnidan turarkan, — bir bemorim esimga tushdi. Rahmat sizga, birodar.
“Benda haqiqiy soqolini o‘stirgan bo‘lardi, — deb takrorladi ichida u kino zalidan shosha-pisha chiqib borarkan. — Albatta, shunday qilgan bo‘lardi! Nega ilgariroq miyamga kelmabdi-ya?”
— Politsiya mahkamasiga! — deb qichqirdi u birinchi duch kelgan taksiga o‘tirarkan.
Goldberg navbatchi ofitser huzuriga kirib borib, azza-bazza unga yolbora boshladi:
— Xudo xayringizni bersin, nima qilib bo‘lsa ham hozirning o‘zida, shoshilinch ravishda bilib bersangiz — ikkinchi sentyabr kuni yo undan keyinroq biron yerda — qayerda bo‘lsa ham bari bir, — bironta noma’lum daydi odamning jasadi topilmadimikin…
Navbatchi ofitser shu zahotiyoq tekshirgani yoki so‘ragani qayoqqadir kirib ketdi. Doktor bunday hozirjavoblikni aslo kutmagan edi. Goldberg ofitserning qaytishini dahshatli shubhalardan sovuq terga botib kuta boshladi.
— Marhamat, eshiting, — dedi qaytib kelgan ofitser, — ikkinchi sentyabr kuni ertalab Krshivoklat o‘rmoni noziri qirq yoshlar chamasidagi noma’lum bir daydining jasadini topgan. Uchinchi sentyabrda Litomerjitsa yaqinida Laba daryosidan o‘ttiz yoshlar chamasidagi noma’lum erkakning jasadini tortib olishgan — u suvda kamida ikki hafta yotgan deb taxmin qilinadi. O‘ninchi sentyabr kuni Nemis kechuvi yaqinida o‘zini osgan odam topilgan, uning shaxsi aniqlanmagan. Bu o‘zini osgan odam oltmish yoshlar atrofida bo‘lgan…
— Jasadi o‘rmondan topilgan daydi haqida biron-bir ma’lumot bormi? — deb so‘radi Goldberg nafasini ichiga yutgancha.
— Qotillik, — dedi navbatchi tobora hayajoni ortib borayotgan doktorga tikilib qarar ekan. — Politsiya posti yozgan raportga qaraganda, marhumning bosh chanog‘i to‘mtoq qurol bilan urib majaqlangan. Jasad yorib tekshirilganda shunday xulosaga kelingan: u alkogolik bo‘lgan, miyasi shikastlangani oqibatida o‘lgan. Mana uning fotosurati. Rosa bejashgan o‘ziyam! — deb qo‘shib qo‘ydi navbatchi.
Suratda dag‘al kanop mato ko‘ylagi yoqavayron, juldur kiyimli murda faqat beligacha tasvirlangan edi. Uning ko‘zi va peshonasiga qon chaplanganidan odamzot ekanligini bilib bo‘lmasdi. Faqat tikkaygan tuklar bilan qoplangan iyagida va yarim ochiq qolgan lablarida odamga xos qandaydir alomatlar mavjud edi. Goldberg xuddi bezgak xuruj qilayotgandek qalt-qalt titrardi. Nahotki, shu Benda bo‘lsa?
— Bironta alohida belgisi aniqlanibdimi? — bazo‘r qiynalib so‘radi u.
Ofitser qog‘ozga qaradi.
— Hm… Bo‘yi yuz yetmish sakkiz santimetr, sochlariga oq oralagan, tishlari chirigan…
Doktor Goldberg pishqirib yengil nafas oldi.
— Demak, bu u emas. Bendaning tishlari xuddi shernikidek baquvvat edi. Bu u emas! Meni avf eting, sizni ancha ovora qildim, lekin bu murda u bo‘lishi mumkin emas…
“Mumkin emas! — deb ta’kidlardi u uyiga qaytarkan ancha yengil tortib. — Benda, ehtimol, tirikdir. Balki u hozir “Olimpiya” qahvaxonasidami yo “Qora o‘rdak” qovoqxonasidami maishat qilib o‘tirgandir”.
Shu kuni tunda doktor Goldberg yana bir marta Pragani aylanib chiqdi. U bir paytlar Benda ishrat qilgan hamma qovoqxonalarga, ishratxonalarga kirib chiqdi, ammo Benda hech yerda yo‘q edi. Tong otay deb qolgan edi. Birdan doktorning rangi quv o‘chib ketdi va o‘ziga o‘zi: “G‘irt ahmoq ekanman”, dedi-da, garajiga yugurdi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, u Praga rayonlaridan birining boshqarmasiga kirib borib, boshliqni uyg‘otishlarini talab qildi. Baxtiga — bu boshliq ilgari Goldbergning patsiyenti bo‘lgan ekan: bir paytlar doktor uning ko‘richagini kesib olib, uning qo‘liga spirtli bankada tutqazgan ekan. Mana shu qadrdonlik tufayli doktor shu zahtiyoq murdani go‘rdan kovlab chiqarishga ruxsat oldi va oradan ikki soat o‘tar-o‘tmas, bunday qilishga qarshi bo‘lgan rayon vrachining ishtirokida noma’lum daydining jasadi qabrdan kovlab chiqarildi.
— Aytdim-ku, sizga, hamkasaba, — deb to‘ng‘illadi rayon vrachi, — bu murdaga Praga politsiyasi ham qiziqqan edi. Bu mutlaqo odamgarchilikdan chiqqan, isqirt daydi Benda bo‘lishi aslo mumkin emas.
— U bitlaganmidi? — deb surishtirdi doktor Goldberg.
— Bilmayman, — dedi vrach jahl bilan. — Oradan shuncha vaqt o‘tdi, endi uni tanib bo‘larmidi, birodar? Bir oydan beri yerga ko‘milib yotibdi…
Mana, go‘r ochildi. Goldberg darrov bir odamni araq olib kelgani yubordi. Chunki go‘rkovlarni qopga tiqilgan bu o‘ta mudhish murdani qabrdan tortib olib o‘likxonaga olib borishga ko‘ndirish araqsiz oson emas edi.
— Ana, borib ko‘ring o‘zingiz, — dedi rayon vrachi Goldbergga va o‘zi ko‘chada qolib achchig‘i o‘tkir sigara tutatdi.
Bir daqiqa o‘tar-o‘tmas rangi murdanikidek oqarib ketgan Goldberg o‘likxonadan gandiraklab chiqib keldi.
— Yuring, o‘zingiz ko‘ring! — dedi u xirqiroq ovoz bilan va yana murda tomon yo‘l oldi.
U vrachga bir vaqtlar kalla bo‘lgan joyni ko‘rsatdi-da, qo‘lidagi pintset bilan labning qoldig‘ini tortdi. Ikkovlarining ko‘ziga chirigan qop-qora tishlar ko‘rindi.
— Yaxshilab qarang! — dedi Goldberg murdaning tishlari orasidagi qora qatlamni qo‘lidagi pintset bilan chimdib-chimdib olarkan. Nihoyat, ikkita baquvvat kurak tish yaraqlab ko‘rindi. Goldberg ortiq bardosh qilolmadi va boshini ikki qo‘li bilan changallagancha o‘likxonadan otilib chiqib ketdi.
Lekin saldan keyin yana qaytib kirdi. Uning rangi dokadek oqarib ketgandi, ruhi tushgan edi.
— Ana sizga o‘sha “chirigan tishlar”, — dedi u mahzun ovozda. — Artistlar qari chol yoki yalangoyoq daydilarning rolini o‘ynashganda tishlariga shunaqa qora qatron yopishtirishadi. Bu juldurvoqi, hamkasaba, artist edi… Buyuk aktyor edi! — deb qo‘shib qo‘ydi u va umidlari puchga chiqqanidan qo‘l siltab qo‘ydi.
Doktor Goldberg shu kuniyoq fabrika xo‘jayini Korbelning oldiga bordi.
— Afandim, — dedi u bu g‘o‘labirdan kelgan bag‘baqador odamga ko‘zoynagining qalin shishalari ortidan qattiq tikilarkan. — Men huzuringizga artist Bendaning ishi bo‘yicha keluvdim…
— Ie! — dedi fabrika xo‘jayini qo‘llarini ensasida chalishtirarkan. — Demak topilibdi-da?
— Qisman. Menimcha sizni bu qiziqtirishi mumkin, zero siz uning ishtirokida film olmoqchi bo‘lgan ekansiz… aniqrog‘i, o‘sha film uchun mablag‘ ajratgan ekansiz.
— Qanaqa film? — beparvolik bilan so‘radi bu barzangi odam. — Men bundan bexabarman.
— Men, — dedi gustohlik bilan Goldberg, — Benda daydi rolini… sizning xotiningiz esa, bosh ayol rolini ijro etishi lozim bo‘lgan film haqida gapiryapman. Sirasini olganda, bu urinishlarning hammasi Korbelova xonimning injiqliklari samarasi edi, — deb ilova qildi u soddadillik bilan.
— Siz bunga aralashmang! — deya po‘ng‘illadi Korbel. — Bu gapni Benda o‘ylab topgan bo‘lsa kerak… Hammasi quruq safsata. Shunga o‘xshagan bir niyat taxmin qilingan edi… Buni sizga Benda aytgan bo‘lsa kerak-a?
— Yo‘q, axir siz unga bu haqda og‘iz ochmaslikni buyurgansiz-ku. Lekin gap shundaki, Benda umrining oxirgi haftasida, haqiqiy daydi qiyofasiga kirish uchun, soch-soqolini o‘stirgan edi. Chunki u eng mayda ikir-chikirlarga nisbatan ham juda talabchan artist edi, shunday emasmi?
— Bilmayman, — dedi xo‘jayin cho‘rt kesib. — Xo‘sh, yana nima gapingiz bor menda?
— Gapim shuki, filmni ikkinchi sentyabr kuni suratga olmoqchi bo‘lgansiz, to‘g‘rimi? Filmning dastlabki kadrlarini Krshivoklat o‘rmonida tong chog‘ida suratga olish mo‘ljallangan. Yalangoyoq daydi ertalabki tuman chog‘ida… o‘rmon yoqasida uyqudan uyg‘onadi… juldur kiyimlariga to‘kilgan barglarni qoqadi… O, bu rolni Benda qanday zo‘r mahorat bilan ijro etgan bo‘lardi. Ha, u egniga chordoqda chang bosib yotgan uvadasi chiqib ketgan ro‘dapo kiyib olgan. Ana shuning uchun ham Benda g‘oyib bo‘lganidan keyin, uning barcha kiyim-boshlari shkafda to‘la-to‘kis saqlanib qolgan. Hayronman, nima uchun hech kim bunga e’tibor bermabdi-ya? Ha, obrazga kirib kiyinishda hech kim uning oldiga tusholmasdi.
— Xo‘sh, keyin-chi? — dedi bu barzangi odam chiroq shu’lasi tushmagan qorong‘i tomonga surilarkan. — Bu gaplarni menga aytishdan niyatingiz nima — tushunmadim?
— Aytmoqchimanki, ikkinchi sentyabr kuni kechasi soat uchlarda siz Bendani olib ketgani mashinada kelgansiz, — qaysarlik bilan gapini davom ettirdi doktor Goldberg, — ehtimol, u sizning shaxsiy mashinangiz emas, ijaraga olingan mashina bo‘lgandir va albatta limuzindir. Uni, o‘ylashimcha, ukangiz haydagan, u sportchi va ishonchli sherik. Siz uy oldiga yetib kelib, Bendaning xonasiga ko‘tarilmagansiz, balki klaksonni du-dulatib xabar bergansiz. Uydan Benda… aniqrog‘i, soch-soqoli o‘sgan, hammayog‘i qasmoq bir yalangoyoq chiqqan. “Chiqing tezroq, — degansiz unga, — operator kutib qolgan bo‘lsa kerak”. Shundan keyin siz uni Krshivoklat o‘rmoniga olib ketgansiz.
— Mashina raqami sizga ma’lum bo‘lmasa kerak, albatta? — kinoya bilan so‘radi o‘zini qorong‘iga olgan shaxs.
— Ma’lum bo‘lganida, sizni allaqachon hibsga olgan bo‘lishardi, — dedi doktor Goldberg har bir so‘zni dona-dona qilib aytib. — O‘shanda siz tong chog‘ida ko‘zlangan yerga yetib borgansiz. U yer kinoga olish uchun eng ajoyib natura — o‘rmon yoqasi, asriy emanlar. Ukangiz, menimcha, mashina oldida qolib, uning motorini kavlashtira boshlagan, siz bo‘lsangiz Bendani katta yo‘ldan chetga boshlagansiz, to‘rt yuz qadamcha ichkariga yurgach, siz: “mana shu yer”, — degansiz. “Operator qani?” — deb so‘ragan Benda. Ana shu payt siz unga birinchi zarbani bergansiz.
— Nima bilan? — degan ovoz eshitildi qorong‘idan.
— Qandaydir temir tayoq bilan, — dedi Goldberg. — Mashinaning universal klyuchi yorishga qodir emas bunday bosh chanoqni. Ayni paytda, uning basharasini tanib bo‘lmaydigan qilib “bejashingiz” ham kerak edi. Siz uni gumdon qilib mashina oldiga qaytgansiz. “Ish pishdimi?” — deb so‘ragan sizdan ukangiz, lekin siz churq etib ham og‘iz ochmagan bo‘lsangiz kerak, axir odam o‘ldirish oson emas-ku.
— Siz telba bo‘libsiz, — dedi qorong‘ida o‘tirgan odam.
— Yo‘q, men faqat o‘z taxminlarimni aytyapman. Siz Bendani xotiningizning qing‘ir ishlari tufayli gumdon qilmoqchi bo‘lgansiz. Chunki xotiningiz unga ochiqdan-ochiq ilakisha boshlagan edi…
— Ey, maraz yahudiy, — deb irilladi fabrika xo‘jayini, — qanday haddingiz sig‘di?..
— Men sizdan qo‘rqmayman, — dedi Goldberg, o‘zini jiddiyroq qiyofada ko‘rsatish uchun ko‘zoynagini to‘g‘rilab taqarkan. — Siz menga xo‘jayinlik qilolmaysiz, boyligingiz oshib-toshib yotgan bo‘lsa ham. Qani, menga nima yomonlik qila olasiz? Tashrih qildirgani menga bormaysizmi? Ochig‘i, men sizga buni maslahat bermagan bo‘lardim.
Qorong‘ida o‘tirgan odam hiringlab kulib qo‘ydi.
— Menga qarang, hey, — dedi u g‘alati bir quvnoq ohangda, — agar siz hozir bu yerda jovragan gaplaringizning o‘ndan birini isbotlay olganingizda edi, mening oldimda emas, politsiya mahkamasiga borgan bo‘lardingiz, shunday emasmi?
— Ha, shunday, — dedi juda jiddiy ohangda Goldberg. — Agar shu aytganlarimning o‘ndan birini isbotlay olganimda hozir bu yerda bo‘lmagan bo‘lardim. Bularning hech birini hech qachon isbotlab bo‘lmasa kerak. Hatto o‘sha jasadi chirib yotgan yalangoyoqni Benda deb isbotlab ham bo‘lmaydi endi. Shuning uchun ham sizning oldingizga keldim.
— Shantaj qilganimi? — deb so‘radi kresloda o‘tirgan odam va qo‘ng‘iroq tugmasini bosgani qo‘lini cho‘zdi.
— Yo‘q, yuragingizga g‘ulg‘ula solgani. Sizdagi vijdon, afandim, shuursiz. Chunki siz juda badavlatsiz. Lekin bu mudhish siringizdan yana kimdir ogoh ekanligi, ya’ni siz bilan ukangizning aktyor Bendani — sayyor charxchining o‘g‘li bo‘lgan aktyor Bendani o‘ldirgan qotillar ekaningizni biladigan odam borligi haqida o‘ylab yashashingizning o‘zi — umrbod oromingizni buzadi. Men tirik ekanman, ikkovingizga tinchlik yo‘q. O, qaniydi sizlarning dorga osilganingizni o‘z ko‘zim bilan ko‘rsam! Lekin hamonki buning iloji yo‘q ekan, men mudom har bir kechirgan kuningizni zaharlayveraman. Benda tabiati murakkab inson edi, bilaman. U ko‘pincha badjahl, mutakabbir, sulloh, behayo bo‘lardi. Lekin u san’atkor edi. Sizdagi millionlarning hammasi ham bu judolikni qoplashga yetmaydi. Sizning jamiki millionlaringiz uning odamzodni ulug‘lovchi shohona bir qo‘l harakatiga ham arzimaydi, — deb doktor Goldberg o‘kinch bilan qo‘llarini bir-biriga urib qo‘ydi. — Qanday qo‘lingiz bordi-a? Hech qachon ko‘nglingiz halovat ko‘rmaydi endi, hech qachon. Bu qilgan jinoyatingizni unutishingizga men yo‘l qo‘ymayman. To tirik ekanman hamisha sizga: “Bendani, aktyor Bendani unutmadingizmi? Buyuk san’atkor Benda yodingizdami?” — deb eslatib turaveraman.
Qodir Mirmuhamedov tarjimasi.
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2002 yil, 12-son.