Kamol Tohir. Temir yo‘l izlarining ovozi (hikoya)

Bugun so‘nggi kun edi. So‘nggi kun.
O‘ttiz besh yilu ikki oy kecha kunduz ishlagan bu kulbani tashlab ketishi kerak edi. Nafaqaga chiqayotgandi. Rasmiylashtirish ishlari ham yakuniga yetgan, hatto o‘rniga yangi ishchi tayinlangan. Uning o‘rniga ko‘targich (shlagbaum)ni boshqaruvchi navbatchi kelayotgandi.
Nafaqaga chiqishni o‘ylamagandi emas, bilardi. Nafaqaga chiqish nasib qilsa, har bir ish odamining uzun mehnat yo‘lidan keyin oqibat taqdiri, tinch, osuda joyda, yumshoq o‘rinda tinchlanib, hordiq chiqaradigan muddati edi uning nazdida.
Bir necha yildan beri qishda ishlash mashaqqat tug‘dirayotgandi unga. Xotirasi pand berib, poyezdlarning qatnash soatlarining tartibini unutib qo‘yardi. Yotog‘idan istar-istamay, malol bilan uyg‘ongan kezlari:
– Ko‘pi ketib, ozi qoldi,– deya g‘udranardi o‘z-o‘ziga.
Uskudorda, Nuhkuyusuga yaqin joyda yashardi. Navbat almashib, haftalik ta’tilga chiqqan kezlari uyiga ketganida, ortiga qaytishni intiqib kutar, shanba tongida yangicha kuch-quvvat, o‘zi anglamagan istak bilan ishiga qaytardi.

* * *
Issiq peshin quyoshiga qorishib ketgan temir yo‘l izlari porlab turgan kezda kulbasidan chiqdi. Atrofni kuzatdi. Xuddi bu yerlarni o‘ttiz besh yil ko‘rmagan, kuzatmagan kabi borliqni diqqat bilan tomosha qilardi. Hov anavi ko‘mir uyumi har doim shu yerdamidi? Oldinroqdagi suv deposining rezina jo‘mragi eskirib qolibdi. O‘ng yo‘ldagi vagonlarga qaradi. Eh-he, qancha vaqt oqib ketmadi! Bu vagonlar yap-yangi holatda kelgan paytlarni esladi. Temirdan yasalgan vagonlar shu qadar cho‘kib, xarob holga kelgan bo‘lsa, uning o‘zi qay ahvolda ekan hozir? Bir muddat kulbasidagi ko‘zguga qaramoqchi bo‘ldi. Xayolidan darhol voz kechdi. Signal fonariga ko‘zi tushdi. Endi uni ishlatmaydi. Fonari bilan bog‘liq g‘alati holatlarni xotirladi. Bir kecha fonarining qizil shishasi sinib, nima qilishni bilmay qolgandi. Yana bir boshqa kecha uyqusirab adashib signal berib yuborgandi. O‘z ishining ustasi, ilg‘or navbatchiga aylangunicha nimalarni boshdan kechirmadi. Bular eski xotiralar edi. Yoshlik davrlarining eng go‘zal kunlari. Keyinchalik fonarini ham sindirmadi, navbatchilikda uyqusirab ham qolmadi. Parovozlar, lokomotivlar, boshqa yo‘ldagi navbatchi ko‘targich boshqaruvchilarni ovozidan taniydigan bo‘lgandi. Hatto hidi, havosidan farqlay olardi poyezdlarni. Shamoliga qarab radar tutar, poyezdlarning temir izi tovushini telefon chaqirig‘idek bilardi.
Yaltiroq temir yo‘l izlari ko‘zlarini qamashtirib kulbaga kirdi. Narsalarini yig‘ishtirib, tayyorlab qo‘yibdi. Eski sandig‘i yillar davomida qo‘ngan ko‘mir g‘uborlaridan kirlangandi. Stantsiyada bu rang yopishmagan biror narsa yo‘q edi ham. Temir qopqoqli, osma kalitli kichik sandiq ham stantsiyadan bir parcha yodgorlik. Uni olib ketishning qi­yinligini o‘ylamaydi. Aksincha, shu sandiq stantsiyada kechgan yillarini eslatib turishidan mamnun.
Qirmizi yopinchiq yopilgan yig‘ma karavotida mashina kutyapti. Ertalabdanoq hamkasb do‘stlari bilan xayrlashgani yaxshi bo‘ldi. Biroz boshini yostiqqa qo‘yib dam oladi. Hozirdanoq nafaqada dam olishni boshlaydi.

* * *
Yangi navbatchi-boshqaruvchi yoshroq erkak edi. Shu atrofdagi stantsiyalardan birida ikki yildan beri ko‘targich boshqarardi.
– Omon bo‘ling, Rajab ota!– deya qo‘lini o‘pdi.
Rajab so‘nggi nasihatlari, tavsiyalarini takrorladi. O‘z asarini iqtidoriga ishonmagan begona kishiga topshirayotgan san’atkordek qo‘rquvda edi. Mashinada yotog‘i va kichik sandig‘ining orasiga o‘tirib oldi. G‘ildirak­lar yurishga shaylanarkan, pastga qarab ovozi berdi:
– O‘g‘lim, uchinchi yo‘lning ko‘targichi uncha yaxshi ishlamaydi. Ko‘tarilayotganda ovoz chiqardi. Bor kuching bilan bosmagin.
Balandlikdan chiqayotib, stantsiyaga, ko‘targichlarga o‘ng-so‘l tarafiga yana bir bor qaradi-da, shivirlab qo‘ydi:
– Rabbim, bu kecha biror halokat yuz bermasin-da…

* * *
Ko‘targich-boshqaruvchi Rajab ota Rajab boy bo‘ldi. Uyidagi shu paytga qadar hech qaramagan bog‘iga gullar ekdi. O‘rtasiga marmar hovuz qurib, hovuz atrofini rangli gumbaz bilan yopdi.
Ichkariga tovuq katagi qurdi. Atrofidagi qishloqlardan tovuqlar keltirdi. Gul parvarishlab, tovuq boqishga sho‘ng‘ib ketdi.
Har kuni tovuqlari va gullari bilan mashg‘ullikda kunni kech qiladi. Ayoli bir kunga kelgan mehmon kabi xizmatiga shay turadi. Xojasining nafaqada ekani, endi hamisha yonida bo‘lishini o‘ylasa ayol mamnunlik tuyardi. O‘g‘illari Rustam esa Kadiko‘yuda haydovchilik qiladi. O‘sha yerda uyli-joyli bo‘lgan, xotini, bola-chaqasi bilan o‘sha yerda yashardi. Faqat oyning ilk kunlari otasiga nafaqa pulini keltirib berardi.
Rajab boy tongdan shomgacha egniga yengil kiyim kiyvolib, bog‘ida kuymalanadi. Tushlikni bog‘da yeydilar. Kunning ikkinchi yarmi yana bog‘ida ishlaydi, qo‘shnilariga nafaqaga chiqqan ko‘targich-boshqaruvchining qay darajada qo‘li gul bog‘bon ekanligini ko‘rsatib, mehnat qilardi.
Xufton namozidan keyin Rajab boy ko‘chalik kiyimini kiyib, mahalladagi qahvaxonaga chiqadi. Mahalladosh erkaklar bilan salomlashish bahonasida tovuqchilik va gulchilik haqida suhbatlashadilar. Orada suhbat dunyoda ro‘y berayotgan hodisalarga taqalar, ammo nafaqadagilar bu suhbatga uncha quloq osmasdilar. Hayotdan yaxshigina ta’lim olib, tajriba to‘plagan keksalar o‘lim vaqti yaqinlashayotganini, qazo vaqtini kutayotganlarini eslab, tark etishlari muhaqqaq hayotning zavqli onlaridan gaplashib taskin topardilar.
Oqshomda boshlangan bahs-munozarali suhbat yarim tungacha guldan xo‘rozga, xo‘zrozdan tuproq o‘g‘itlari masalasiga, undan eski ko‘pkari va ov hikoyalariga taqalardi.

* * *
Nafaqadaligining to‘rtinchi oyi edi. Ertalabdan dengiz shamoli lodos esardi. Rajab boy pastki qavatdagi kichik sandiq turgan xonasiga kirdi. Tovuq katagining temir eshigini kesish uchun keskichini izlayotgandi. To‘satdan ko‘zi temir qopqoqli, qora rangli sandig‘iga tushdi. Sandig‘iga yaqinlashdi. Sandig‘i bilan to‘qnashish shu qadar tez ro‘y berdiki, Rajab boy bir muddat o‘ziga kelolmadi. Oq yengil ko‘ylak-lozimli Rajab boy bir zumda ko‘targich-boshqaruvchi navbatchi Rajab otaga aylandi. O‘ttiz besh yillik hayoti bir-bir ko‘z oldidan kechdi. Yoz quyoshida porlagan temir yo‘l izlari, qor zarralarini to‘zg‘itgancha yaqinlashayotgan lokomotiv tormozlarini ko‘rayotgandi go‘yo.
Shu onda uzoq-uzoqlardan ko‘ngilga ayriliq qo‘shig‘idek og‘riq bergan uvillagan tovush eshitildi. Lokomotiv ovozi edi u. Deraza ochiq edi.
G‘ayri ixtiyoriy ravishda:
– G‘affor tentakning uvillashi bu! – deya pichirladi.
G‘affor tentak tez-tez yurgani uchun bu laqabni unga o‘zi topgandi. G‘afforning qop-qora ko‘mir orasida porlagan ko‘zlarini, ko‘targichdan o‘tayotganida qo‘l siltashlarini esladi.
Shu onda kesgichni, tovuq katagini, bog‘ini, hamma narsani unutdi. Jimgina yuqori qavatga chiqdi. Kiyimlarini almashtirdi. O‘zini indamaygina kuzatayotgan ayoliga:
– Birozdan keyin qaytaman!– deya ko‘chaga chiqdi. Stantsiyagacha hayajon bilan yurdi. Faqat temir yo‘l izlarini ko‘rganida, endi u yerda qiladigan hech bir ishi qolmaganini angladi.
Daraxtga suyanib, bir necha soat lokomotivlarni, o‘tgan-ketgan poyezdlarni kuzatdi. Yuragini vayron etayotgan g‘ariblikni, uni bu jo‘shqin hayotdan shafqatsizlarcha yulib otgan keksalikni yozg‘irib, hech narsani sezmay, bor dunyoni unutib stantsiyani kuzatdi. O‘zi kabi shoxlari kesilgan, soyasi yirtiq daraxt tagida o‘tirib yum-yum yig‘layotgan ko‘nglini ovutolmay temir yo‘l ko‘targichiga mahzun termulib qoldi.
Hozir lodos poyezd ovozini Nuhkuyusidagi uyigacha keltirgan kunlarda stantsiyaga uzoqdan termilib qoladigan bir keksa bor. Bu odam yillar shafqatsizlik bilan yulgan umrining qolganini ham kasbiga bag‘ishlashni istagan, yana temir yo‘l izlarining ovozi bilan yashashni istagan, bunga hamisha muhtoj bo‘lgan ko‘targich-boshqaruvchi navbatchi Rajab otadir…

Turk tilidan Umida Adizova tarjima qildi
“Ijod olami” jurnali, 2017 yil, 6-son