Jon Maksvell Kutzee. Xo‘jayin va Xizmatkor (Nobel ma’ruzasi)

Biroq, yangi do‘stimga qayta- man: u menga juda yoqib qoldi, unga foydasi tegadigan nima borki, o‘rgatishni, asosiysi – men gapir-ganimda tushunadigan va gapiradi-gan qilishni o‘z oldimga maqsad qilib qo‘ydim.

Daniyel Defo. Robinzon Kruzo

Linkolnshir qirg‘og‘ida joylashgan Boston shahri juda chiroyli, deb yozadi Xizmatkor. Butun Angliyadagi eng baland ko‘ng‘iroqxona shu yerda, hamma kemalarning shturmanlari unga qarab yo‘l mo‘ljalini oladilar. Bostonning atroflarida botqoqliklar yoyilib yotadi. Bunda botqoq qushlari, vahimali nola qiladigan yana qandaydir qushlar yashaydi. Ularning ovozi naqd ikki mil uzoqlardan ham eshitiladi.

Xizmatkorning yozishicha, botqoqlikda boshqa qushlar ham bisyor emish: o‘rdaklar, g‘ag‘ildoqlar, churraklar va hokazo. Ularni tutish uchun botqoqlik odamlari o‘rdaklarni ishga solishar ekan. Avval maxsus joylarda saqlab, qo‘lda don berib, yaxshilab o‘rgatishadi, keyin boshqa qushlarni ergashtirib kelish uchun qo‘shni yurtlarga, masalan, Gollandiyaga yoki Germaniyaga uchirib yuborishadi. Yolg‘onchi o‘rdaklar u yoqlarda turdoshlari bilan tanishvolib, namuncha bechorasizlar, yemishlaring kam, daryolaring muzlar ekan, deb tashviqotni boshlaydilar. Biz tomonlarda – Angliyada ahvol butunlay boshqacha, qo‘nalg‘a qo‘ltiq va ko‘rfazlarimiz, ko‘llar, daryolar yemishlarga boy, odamlar boshoqlarni yig‘ishtirib olgandan keyin ham hammayoqda donlar sochilib yotadi. Sal-pal qor yog‘ib o‘tishini aytmaganda, sovuq nima, bilmaymiz, deya lof urishadi.

Xizmatkorning yozishicha, yolg‘onchi o‘rdaklar shunga o‘xshash afsonalar to‘qib, gala-gala turdoshlarini Gollandiya va Germaniyadan, dengizlar osha Linkolnshir botqoqliklaridagi qo‘ltiqlarga ergashtirib kelishadi, tinmasdan g‘ag‘illab, biz sizlarga ta’riflagan o‘lkalar mana shu, endi to‘kin-sochin, xavf-xatarsiz hayot kechirasizlar, deya so‘ylashadi. Bu orada botqoqlik odamlari – yolg‘onchi o‘rdaklarning xo‘jalari qamish chaylalar ichiga berkinvolib, suv betiga don sochib o‘tirishadi. Bunga o‘rgangan yolg‘onchi o‘rdaklar xo‘rakka tomon tashlanishadi, chet ellik mehmonlar esa ularga ergashadi. Shu alfozda, ikki yo uch kun davomida mehmonlarni “Qaranglar, bizning Angliyada hayot qanday yaxshi!” deya “garang” qilib, torayib boradigan qo‘ltiqlarga olib kirishadi. U joylarda botqoqlik odamlari yoyib tashlagan to‘rlar bor. Makkor odamlar o‘rgatilgan itlarini suvga qo‘yib yuborishadi. Ular o‘rdaklarning ortidan suzib qo‘rqitishadi. O‘rdaklar jonholatda havoga ko‘tariladi, lekin to‘rlarga urilib yana suvga tushadi, ba’zan to‘rga ilingancha jon berishi ham mumkin. Bu payt to‘rlar asta-sekin tortilib, ichi torayadi, odamlar g‘ij-g‘ij o‘rdaklarni bittama-bitta ushlab olishadi. Agar o‘rgatilgan yolg‘onchi o‘rdak ilinsa, silab-siypab qo‘yib yuborishadi, “chet ellik” bo‘lsa, boshiga bolg‘a bilan bir urib pachoqlashadi. Keyin patlarini yulib, yuzlab, hatto minglab o‘rdak sotuvga chiqariladi.

Linkolnshirdagi bunday yangiliklar haqida Xizmatkor erinmasdan yozadi. Avval qo‘llarini yaxshilab yuvadi, siyohga botiriladigan patlarni pakki-pichoqcha bilan o‘tkirlab, yangi sahifani ochadi.

Galifaksda bir vaqtlar qatl mashinasi bo‘lgan, uni qirol Yakov Birinchining davrida olib tashlashgan ekan. O‘limga mahkum qilinganning boshini kunda ustiga o‘rnatilgan, xochsimon qoqilgan taxtacha yoki tog‘ora ustiga qo‘yib ushlab turiladi, jallod esa og‘ir pichoqni tutib turadigan cho‘pni sug‘urib oladi. Cherkov eshigidek balandlikda turgan pichoq, to‘g‘rirog‘i, keskich shiddat bilan pastga tushib, mahkumning boshini sariyog‘ kesgandek olib tashlaydi.

O‘sha Galifaksda g‘alati odat joriy qilingan ekan. Agar, cho‘pni sug‘urib olgandan boshlab, pichoq bo‘yinga kelib tushguncha, mahkum oyoqqa turib olsa va jallodning qo‘liga tushmasdan tepalikka chiqib, uning ortidagi anhordan suzib o‘ta olsa, hukm bekor bo‘lar ekan. Biroq, qatl mashinasi ishlab turgandan beri biron marta ham bunday hodisa bo‘lmabdi.

Xo‘jayin Bristoldagi xonasida o‘tirgancha, Xizmatkorning xatlarini o‘qiydi. U ancha qartayib qolgan, deyarli chol. Tropik quyosh ostida yurgan kezlari, o‘ziga palma barglaridan soyabon yasab olgunicha qorayib ketgan yuzlari endi zahil, quruq, g‘ijimlangan qog‘ozga o‘xshab qolgan. Burnining uchida o‘sha vaqtlar paydo bo‘lgan yara haligacha bitib ketmagan.

O‘shandagi soyabon hozir shu xonasida, to‘tiqush esa o‘lib ketdi. “Bechora Robin! – deb qurqurlardi to‘ti xo‘jayinning yelkasida o‘tirgancha. – Bechora Robinzon Kruzo! Uni kim qutqaradi?” Xotini to‘tiqushning “Bechora Robin” deganiga chidab turolmasdi. “Bir kunmas-bir kun bo‘yningni qayirib tashlayman!” deb po‘pisa qilardi-yu, lekin bunga botinolmasdi.

Xo‘jayin kimsasiz oroldan Angliyaga to‘tisi, soyaboni va bir sandiq xazina bilan qaytib kelib, kampiri bilan tinchgina yashab yurdi, Xantingdondan yer-mulk sotib oldi. Axir, u boy edi, ayniqsa, sarguzashtlari haqida kitob yozgandan keyin yanada boyib ketdi. Biroq, kimsasiz oroldagi sarguzashtlardan keyin, xizmatkori Jumavoy bilan yurt kezishlardan keyin qanday qilib jentelmenlarga o‘xshab uyda o‘tirsin! (Bechora Jumavoyga achinib ketdi, qancha o‘rgatmasin, to‘tiqush uning nomini bir marta ham aytmadi-ya!). Buning ustiga, er-xotinlik hayotidan ham ko‘ngli sovib ketdi, tez-tez otxonaga kirib olib, qolib ketadigan odat chiqardi. Otlar yaxshi-da. Kirganida sekingina kishnab qo‘yishadi, keyin tanib, jim turaverishadi.

U kimsasiz orolda Jumavoyni topib olgunga qadar sukutda yurib o‘rganib qolgan ekanmi, endi dunyoda gap juda ko‘pdek tuyuladi. Xotini bilan bir ko‘rpa ostida yotganida nuqul boshiga mayda toshlar shatir-shutur yomg‘ir bo‘lib yog‘ayotgandek tuyulardi, unga esa bunaqa “yomg‘ir” emas, tinchgina uyqu kerak edi.

Shuning uchun ham kampiri bandalikni bajo keltirganda ko‘z yosh qildiyu, ammo g‘amga botmadi. Uni dafn qilgandan keyin ancha vaqt o‘tkazib, Xantingdondagi mulkni boshqarishni o‘g‘liga topshirib, Bristol verfidagi “Quvnoq matros” traktiridan mana shu xonaga ko‘chib o‘tdi. O‘zi bilan kimsasiz oroldan esdalik bo‘lib qolgan soyabonni va o‘lgan to‘tiqushining tulumini qo‘noqqa mahkamlab, yana eng zarur ul-bul narsalarni olib keldi. O‘shandan beri bir o‘zi yashaydi, kunduzi verfda, prichalda sayr qiladi, mushtugini ketma-ket tutatgancha, dengizga, g‘arb tomonlarga – uzoq-uzoqlarga tikiladi. Ko‘rish qobiliyati yaxshi saqlanib qolgan. Ovqatni to‘ppa-to‘g‘ri xonasiga keltirib berishadi, kimsasiz orolda yolg‘izlikka o‘rganib qolganidan odamlar orasida bo‘lishning qizig‘i yo‘q edi, unga.

Kitob o‘qishga qiziqmay qo‘ydi, lekin o‘z sarguzashtlarini bayon etaverganidan yozuvchilik odatga aylana bordi. Bu, unga yoqardi. Kechalari shamni yoqib qo‘yib, oppoq qog‘ozni oldiga qo‘yvoladi, yozuv quroli – patning uchini o‘tkirlab, sahifa-sahifa qog‘ozlarni Xizmatkori nomidan to‘ldiradi. Go‘yo, Xizmatkor unga – Xo‘jayinga hisobot yuborib turadi: Linkolnshirdagi yolg‘onchi o‘rdaklar haqida; Galifaksdagi bahaybat qatl mashinasi va mahkum chaqqonlik qilib qochib qolsa va jallodning qo‘liga tushmay, tepalikka yugurib chiqib, bir talay harakatlarni qilolsa, o‘lim hukmi bekor bo‘lishi haqida va qayerga bormasin, o‘sha joyning manzaralari haqida.

Xo‘jayin – Robin, to‘tiqush aytganidek, “Bechora Robin” bandargoh devori yoqalab sayr qilarkan, Galifaksdagi qatl mashinasi haqida o‘ylaydi, zerikkanidan suvga toshcha tashlaydi. U suvga yetib borguncha bir soniya, ehtimol, undan kamroq vaqt o‘tar. Yaratganning karami, lekin toblangan po‘latdan yasalgan, moylangan, og‘irdan-og‘ir keskich undan ham tezroq ekanmi? Qanday qilib chap berib qolish mumkin? Va buning uchun mamlakatning mag‘ribiyu mashrig‘i oralig‘ida sandiroqlab yurgan, bir qotillikdan qochib boshqasiga ro‘para bo‘ladigan, yana buning ustiga, hisobot ketidan hisobot yozib yuboradigan odam qanday nasllardan bo‘lishi kerak? Ishbilarmon bo‘lishi kerak, deydi o‘ziga o‘zi. Mayli, shunday bo‘la qolsin, don yoki teri sotadimi, aytaylik, Uopping degan joyning tuprog‘idan cherepitsa ishlab chiqaradimi yoki qayerlardandir olib kelib sotadimi, baribir, yurt kezadi. Boringki, omadli bo‘la qolsin, sevimli va kamgap xotini bo‘lsinu, bir etak bola, ko‘proq esa qiz tug‘ib bersin. Ma’lum bir me’yorlarda baxtli bo‘la qolsin ham, vaqti-soati yetib, bu baxt arqondek uzilib ketsin. Aytaylik, qish kunlaridan birida Temza toshib, cherepitsa pishiradigan xumdonini yoki don omborinimi, ko‘nchilik ustaxonasinimi, yuvib ketsin. U xonavayron bo‘ladi, qarz berganlar pashshadek yoki qarg‘adek uchib kelishadi, xotin, bola-chaqani tashlab uydan qochib ketishga, kambag‘allarning kvartallaridan boshpana topib, qiyofani, ismni o‘zgartirib, berkinishga to‘g‘ri keladi. Toshqin, suv yuvib ketishi, qochish, sariq chaqasiz, juldur kiyim, yolg‘izlik, bularning bari bechora Robin bir vaqtlar yo‘liqqan kema halokatining, kimsasiz orolda yigirma olti yil (!) aqldan ozgudek bo‘lib yashashning o‘xshashi, majozi (ma’lum darajada aqldan ozmaganiga kim ham kafil bo‘la olardi?) edi.

Yoki, mana bunday bo‘la qolsin: U – sarroj, egar-jabduq savdogari, Uaytchepelda uyi, do‘koni, omborlari bor, dahanida so‘gali, uni sevadigan va kamgap xotini bor; bir uy bola, ko‘proq qiz tug‘ib bergan va uni, shaharga o‘lat tarqagunga qadar baxtli qilgan. Bu – 1665 yil edi. Londonda bo‘ladigan katta yong‘inga ancha bor. O‘lat Londonni bosdi, o‘lganlar soni kundan-kunga oshib ketaverdi. Boylar ham, kambag‘allar ham o‘laverdi. O‘lat boy-kambag‘al deb tanlab o‘tirmas ekan, qancha boyliging bo‘lmasin, qutulib qololmaysan. Mana, sarroj qizlari va xotinini qishloqqa jo‘natib yubordi. O‘zi ham qochib ketgisi bor, lekin bu fikridan qaytdi. Injilni tavakkal ochib o‘qisa, tunning dahshatlaridan, kunduzi uchib o‘tadigan nayzalardan, qorong‘iliklarda pusib yotgan yara-chaqalardan, choshgohda bari tirik jonzotlarni qirib ketadigan yuqumli kasallikdan qo‘rqmasang, atrofingda minglab, o‘n minglab odam qirilib ketayotgan bo‘lsa ham, ular senga yaqinlashmaydi, deyilibdi. Buni, u ilohiy ishora deb qabul qildi-da, o‘lat tarqalgan Londonda qolib, hisobot yozishga kirishib ketdi. Ko‘chada, deb yozadi u, olomonni ko‘rdim. Bir ayol osmonni ko‘rsatayapti. “Qaranglar! – deydi u – Farishta, oppoq kiyimda, o‘tli qilichi bilan po‘pisa qilayapti!” Olomon ham ishonib, “To‘g‘ri! Ana, qilich ushlagan Farishta!” deydi. Sarroj esa na farishtani, na qilichni ko‘radi! G‘alati shaklli bulut ko‘rinib turibdi, quyoshda bir tomoni ko‘proq yorishgan.

“Bu – kinoya!” – deya baqiradi ko‘chadagi bir ayol. U bo‘lsa, bunda hech qanaqa kinoyani ko‘rmayapti. Hisobotida shunday degan.

Ertasi kuni Xizmatkor, sobiq sarroj, hozir esa ishsiz, Uoppingda, daryo yoqalab o‘tib borarkan, bir ayol o‘z uyining eshigidan bosh chiqarib, tagi yassi qayiqda suzib kelayotgan kishini chaqiradi: “Robin! Robin!” Qayiqdagi kishi esa qirg‘oqqa kelib to‘xtadi-da, bir qop narsani qo‘yib orqaga suzib ketdi. Ayol daryo labiga kelib, g‘amga botgan holda qopni ko‘tarib, uyi tomon shaylandi. Qayiqchi – Robertni chaqirib, nimalarnidir gaplashdi.

Hisobotda yozilishicha, bu ayol uning – Robinning xotini, qopdagi narsalar esa, oilasi uchun bir haftalik oziq-ovqat ekan: go‘sht, yog‘, kepakli un kabilar. U xotini va bolalariga yaqin kelolmas ekan, chunki ularga o‘lat tekkan; shundan yurak-bag‘ri eziladi. Bularning bari: Robert ismli erkak, uzoqdan turib gaplashayotgan xotini, qirg‘oqda qoldirgan qop – katta narsa bo‘lishi bilan birga, uning – Robinzonning kimsasiz oroldagi yolg‘izligini eslatadi. O‘shanda, eng og‘ir tushkunlik paytlarida okean to‘lqinlari osha Angliyaga, o‘z yaqinlariga qarata yolvorib, qutqarishlarini iltijo qilardi; boshqa paytlarda, halokatga uchragan kemaning qoldiqlari orasidan biror yegulik topishdan umidini uzmasdi.

O‘sha qayg‘uli kunlarini esga soladigan boshqa narsalar ham bo‘lib turadi. O‘lat tekkani chov bilan qo‘ltiq bezlarining kattalashib, og‘riq berishidan bilinadi. Shunda ba’zilar chidolmasdan, ingragancha ko‘chaga yalang‘och holda chiqib ketadi. Uaytchepeldagi Xarrou-alleyada yugurib yurgan shunday bechoraning g‘alati xatti-harakatlarini, uning ortidan xotini va bolalari yalinib-yolvorib, uyga qaytishga undayotganini kuzatib turgan sarrojning xayolida bir vaqtlar o‘zi kimsasiz orolda shunga o‘xshab sakrab yurganlari gavdalanadi. Kema halokatga uchragach, u ham, bironta sherik tirik qoldimikin degan o‘y bilan yugurgilab edi. Poyma-poy ikkita botinkadan boshqa hech nima topmagach, kimsasiz orolda yolg‘iz qolganini tushunib yetgan, endi qutulib ketishga hech qanaqa umidi qolmagan edi.

O‘lat tekkan bechora odam nimalar haqida kuylar ekan, deb bosh qotirardi Xo‘jayin–Xizmatkor. Oxiri yo‘q yolg‘izlikdan boshqa nima haqida ham bo‘lishi mumkin? Hammaning ko‘zidan yashirin g‘oriyu ummon osha kimlarga nola qiladi?

O‘tgan yili Robinzon bir matrosdan ikki gineyaga to‘tiqush sotib olgan edi. Matrosning gapiga qaraganda, u qushni Braziliyadan olib kelgan emish. Bu qush o‘zining qadrdon to‘tiqushichalik bo‘lmasa-da, chiroyli edi; patlari yashil, kokili qip-qizil; matros aytishicha, juda sergap emish. Xo‘jayin– Xizmatkor uni traktir xonasidagi qo‘noqqa, oyog‘iga zanjircha bog‘lab o‘tqizib qo‘ygan edi, nuqul “Bechora ko‘talang! Bechora ko‘talang!” degani, degan. Qalpoq bilan ustini yopib qo‘ymaguncha takrorlayveradi. Boshqa biron so‘zga, masalan “Bechora Robin” deyishga o‘rganolmasa kerak. Chunki bu to‘ti ancha qarib qolgan ekan.

“Bechora Ko‘talang” ensiz darcha orqali machtalarning uchiga, ular ortidagi kulrang Atlantika ummoniga termulib o‘tirarkan: “Qanaqa orolga tushib qoldim-a! Muncha sovuq, muncha noxush bo‘lmasa! Hayotimdagi eng og‘ir bu kunlarimda qaydasan, ey Xaloskorim!”, deya o‘ziga-o‘zi so‘zlardi.

Xizmatkor yana bir hisobotida yozishicha, bir odam Kripplgeyt darvozasi oldida, kechqurun, mast holda uxlab qolibdi. O‘latdan jon taslim qilganlarning murdalari ortilgan arava o‘tib borayotgan ekan, odamlar uxlab yotgan mastni ham o‘lik hisoblab, aravaga ortib yuborishibdi. Arava g‘irchillab-g‘irchillab, Mauntmilldagi, o‘liklar ko‘miladigan katta chuqurlikka yetib kelibdi. Og‘iz-burnini latta bilan o‘rab olgan aravakash murdalarni sudrab chuqurga tashlayotganda, ulardan bittasi “Voy, dod! Nima qilyapsizlar?” debdi. Aravakash: “Seni o‘lik deb o‘ylabmiz, ko‘milib ketishingga oz qoluvdi”, desa, “Nahotki men o‘lgan bo‘lsam?” – dermish.

Bu voqea ham Xo‘jayin–Xizmatkorning kimsasiz oroldagi hayotiga o‘xshaydi.

London aholisidan kimlardir o‘zini soppa-sog‘ hisoblab, tirikchilik ko‘yida yugurib-eladi, betoblik o‘tib ketadi, deb o‘ylaydi. Biroq ularning qonida o‘lat bor, u yurakka yetib borgan zahoti, chaqmoq urgandek tappa tashlab o‘ladilar, deb xabar beribdi Xizmatkor. Mana bunisi, umuman hayotning majozi. Qanday bo‘lsa – shunday. Zaruriy tayyorgarlik. Biz o‘limga tayyorlanishimiz kerak, aks holda u bizni turgan joyimizda olib ketadi. Robinzon ham buni, kimsasiz orolda, qirg‘oqdagi qumda begona odamning oyoq izlarini ko‘rganida tushunib yetdi. Bor-yo‘g‘i oyoq izlari edi-yu, “Sen bu yerlarda yolg‘iz emassan. Qayoqlarga suzib qochmagin, qayerlarga berkinmagin, baribir seni topib olishadi”, degandek bo‘lardi.

O‘lat tarqagan yili, deb yozadi Xizmatkor, odamlar qo‘rqqanidan bola-chaqa, mol-dunyosini tashlab qochishdi. Iloji boricha Londondan uzoqqa. O‘lat bosilgach, qochib ketganlarni qo‘rqoq deb e’lon qilishdi. Biroq, deydi Xizmatkor, o‘lat sen bilan yonma-yon izg‘ib yurganda odamga qanaqa botirlik kerak bo‘lishi haqida o‘ylab ko‘rmaymiz. Qurolini mahkam tutgancha dushmanga tashlangan askarning jasurligi bunda hech gapmas, qora otiga minib kelgan O‘limga tik tashlanish kerak bo‘ladi.

Hatto hayotining eng yaxshi daqiqalarida suyukli to‘tiqushi Xo‘jayini o‘rgatgan so‘zlardan ortiq hech nima demagan. Unday bo‘lsa, qanday qilib bu – Xizmatkor, axir u ham to‘tiqush-da, faqat unchalik suyukli emas, Xo‘jayindan kam emas, balki yaxshiroq yozadi? Chunki Xizmatkorning qalami o‘tkir, bunga shubha qilmasa ham bo‘ladi. “Qora otiga minib kelgan O‘limga tik tashlanish kerak bo‘ladi”. Xo‘jayinning hisob idorasida to‘plagan mahorati esa raqamlarning jamini chiqarib, hisoblarni yakunlashdan iborat bo‘lgan, til-zabon ishlatmagan. “Qora otiga minib kelgan O‘limga…” Bunaqa jumlani hech qachon tuzolmaydi. Xizmatkoriga ixlosi uyg‘ongandagina shunaqa so‘zlarni ayta oladi.

Ha, o‘sha aldamchi o‘rdaklarni olaylik: Robinzon aldangan o‘rdaklar haqida nimayam bilardi? Hech narsa! Chindan ham hech narsa! Xizmatkori xabar bermagunicha!

Linkolnshir botqoqliklarining aldamchi o‘rdaklari, Galifaksdagi kattakon qatl mashinasi, Xizmatkori, aftidan, Britaniya orolini sinchiklab o‘rganib chiqqani haqidagi hisobotlar, Xo‘jayin o‘z orolini o‘z qo‘li bilan yasab olgan qayiqda o‘rganib chiqqanini eslatadi. O‘shanda bu kimsasiz orolning olisdagi boshqa, qoyalardan iborat, zim-ziyo, qo‘rqinchli tomonlari borligini bilgandi, keyin u yoqlarga borishdan o‘zini tiydi; garchi, kelajakda mustamlakachilar kelib, u yerlarni o‘rganib, o‘tirib qolishlari mumkin bo‘lsa ham; bu ham o‘ziga yarasha majoz – qalbining qorong‘i puchmoqlari majozi.

Ko‘chirmachilar va taqlidchilarning birinchi galasi uning oroli tarixiga tashlanib, ommani, qayig‘i halokatga uchragan odamlarning hayoti haqida to‘qigan afsonalari bilan go‘l qilishganda, ular Xo‘jayinga odamxo‘rlardek tuyulishgandi. Bu kanniballar uning go‘shtini, to‘g‘rirog‘i, hayotini yeyayotgandek edi, bu haqda o‘z vaqtida bayonotlar berdi. “Men kanniballar bilan jang qilganimda (ular meni o‘ldirib, go‘shtimni pishirib yemoqchi bo‘lgandilar), – deb yozadi, – shunday hodisa bilan kurashayapman, deb o‘ylagandim. O‘sha vaqtda, kanniballar shaytoniy, haqiqatning go‘shtini g‘ajib tashlashga qodir ochko‘zlikning timsoli ekanligini bilmas edim”.

Shunga qaramay, endi u uzoq mulohaza qilganidan keyin dilida taqlidchilarga achinish hissi uyg‘ondi. Chunki endi uning tasavvuricha, dunyoda bor-yo‘g‘i bir hovuch mavzu bor xolos, va agar yoshlar qariyalardan oziqlanishini taqiqlab qo‘yilsa, bu yoshlar bir umr sukut saqlab o‘tishi kerak.

Xuddi shuningdek, u oroldagi sarguzashtlari haqidagi hikoyalaridan birida aytishicha, bir kuni tunda dahshatga tushib uyg‘onib ketadi; naqd Shaytonning o‘zi kattakon it qiyofasiga kirib, uning ustiga yotib olgan emish. Qo‘rqqanidan sakrab turib, boltasiga yopishadi va o‘ngu so‘liga qaramay nimanidir chopaveradi-chopaveradi, nihoyat, to‘tiqushi chinqirib uni o‘ziga keltiradi.

Oradan ancha kunlar o‘tib, tushunishicha, hech qanaqa Shayton yoki it uning ustiga yotmagan, bor-yo‘g‘i, oyog‘i qisqa muddat falajlanganidan qimirlatolmay qolgan ekan. Bundan chiqarish mumkin bo‘lgan saboq shuki, har qanday betoblik, jumladan, falajlik Shaytondan, chunki xastalikning o‘zi – Shayton. Shayton yoki itning majozi; Shayton majozining o‘zi shunaqa va aksincha, sarrojning o‘lat haqida yozgan hikoyasidagi kabi xastalikning timsoliga o‘xshagan hodisa, kim Shayton yoki o‘lat haqida bir nima yozmoqchi bo‘lsa, yolg‘onchi yoki tovlamachidan qochgandek o‘zini olib qochmasligi kerak.

Ko‘p yillar ilgari, u kimsasiz oroldagi hayotini qog‘ozga tushirishga ahd qilganida, qarasaki, tiliga so‘zlar kelmayapti, qalam qog‘oz ustida yurishni xohlamayapti, hatto barmoqlari qimirlamayapti. Shunga qaramay, u o‘zini majbur qildi, so‘z ketidan so‘z topib, jumla ortidan jumla to‘qib, kundan-kunga yozuvchilik ko‘nikmasini oshirdi va nihoyat, gap Jumavoyga borib taqalganda sarguzashtlarni silliq va sharillatib yozib tashladi.

O‘sha o‘ynab-o‘ynab yozishlar, afsuski, endi yo‘q. U Bristol gavaniga qaragan derazasi oldidagi yozuv stoliga o‘tirganida qo‘llari beo‘xshov ahvolga tushadi, qalami esa begona ish quroliga o‘xshab qoladi.

Yozuvchilikni Xizmatkori qanday bajarayotganiykin? Uning aldoqchi o‘rdaklar, qatl mashinasi va o‘lat tarqagan London haqidagi hikoyalari ancha silliq, lekin o‘zi ham bir vaqtlar qolishmasdi. Ehtimol, dahanida so‘gali bor bu kichkina olifta – Xizmatkor haqida noto‘g‘ri o‘ylayotgandir. Balki u, shu daqiqalarda qirollik o‘lkasining qay bir yerida ijaraga olgan xonasida yolg‘iz o‘tirib, o‘y-fikrlarga ko‘milib, goh shubhalanib, goh ikkilanib, patni siyohga botirayotgandir.

Bu ikki kishi – Xo‘jayin va Xizmatkorni qanday tasvirlash kerak? Egizaklar qilibmi, quroldosh do‘stlar qilibmi? Yoki g‘animlar, dushmanlar qilibmi? Xo‘jayin o‘zining bu nomsiz, har kecha, har tunda birga bo‘ladigan birodariga qanday ham ism berardi. U faqat kunduzlari, Robin prichalda u yoqdan-bu yoqqa yurib, yangi kelganlarni kuzatayotganida birga bo‘lmaydi, qirollik mulkida kezib, nimalarnidir yozib yuradi. Shu yurishlarining birida u Bristolga ham kirib o‘tarmikin? Xo‘jayin uning vujudini ko‘rib, qo‘lini siqib, to‘lqinqaytargich bo‘ylab yonma-yon yurishni, orolning qorong‘i shimol tomoniga bosqinlar haqidagi hikoyalari, yozuvchilik ishidagi sarguzashtlari haqida tinglashni istaydi. Lekin u bilan bu hayotda uchrasholmay qolamanmi, deb qo‘rqadi. Agar Xo‘jayin o‘zi bilan Xizmatkorini tasvirlashga kirishsa, biri g‘arbga, ikkinchisi – sharqqa qarab suzib borayotgan va bir-biriga intilgan ikkita kemaga o‘xshatgan bo‘lardi.

Yoki shu kemalarda arqonlarini sudrab yurgan matroslarga ham o‘xshatsa bo‘lar ekan. Kemalar shundoqqina yonma-yon o‘tadiyu, matroslar salomlashishga ulguradilar, xolos. Dengiz to‘lqinli, havo po‘rtanali, ko‘zlarga sho‘r suv sachragan, kaftlar arqonlarning sirpanishidan qizib ketgan, matroslar qo‘l bilan imo qilishga ham ulgurmaydilar.

Rus tilidan Qudrat Do‘stmuhammad tarjimasi

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2010 yil, 4-son.