Xarakter yaratish — sirli jarayon, hatto aytish mumkinki, ehtimol, bu jarayon xarakter yaratilayotgan mute yoki o‘jar ob’ektlardan ko‘ra xarakter yaratayotgan odamning o‘zi uchun sirliroqdir. Bu jarayonga ish ochilmagan, u hujjatlar bilan tasdiqlanmagan va unga aniq bir ta’rif berishi amrimahol. Har qanday ijod — u adabiyot bo‘ladimi yoki hayotdagi ijod bo‘ladimi, baribir, birday sirli va bilib bo‘lmaydigan hodisa va u to‘g‘rida ko‘ngilga kelgan narsani gapiraverishga birday rag‘batlantiradi.
Ammo mening diqqatimni bu mavzuga jalb qilgan sabab shuki, men eski maktabga mansub ko‘pchilik odamlar qatori xarakterlarning hayotiyligini har qanday biografiya, pesa yoki romanning umrboqiyligini ta’minlovchi asosiy omil deb hisoblayman.
Lekin bevosita ijod jarayonining o‘zi to‘g‘risida gap boshlashdan avval, ijodiy individuallik nima degan masalaga to‘xtab o‘tmoq lozim. Men filosof emasman, men yunon ildizlariga xayrxohligi bilan mashhur bo‘lgan Oksford ta’limini olib, donolikka muhabbatimni1 hammaga ko‘z-ko‘z qilib yuradigan odam emasman. Ammo men shunaqa odammanki, hayot bizni hech qanday umumlashmalar bo‘lishi mumkin bo‘lmagan joyda intellektual gimnastika ishqibozini umumlashmalar ustasini ko‘rishga majbur qilsam. Falsafiy tizimlar — agar nigohingiz bilan yetarli darajada uzoq zamonlar mobaynida mavjud bo‘lgan tizimlarni qamrab ololsangiz — yoshlarning modasini eslatadi — parijlik biron aql-zakovat egasi ularning nisbiyligini ayon qilmaguncha mutlaqo to‘g‘ri bo‘lib ko‘rinaveradi.
Shunday qilib, men faylasuf bo‘lmaganim vajidan sizlarga umumlashmalar emas, o‘z gumonlarimni taklif etmoqchiman. Mening dastlabki gumonim shundayki, inson deb atalmish mavjudotning mohiyatini energiya tashkil qiladi (ehtimol, so‘nggi modalarga muvofiq, hozir u boshqacha atalishi ham mumkin). Bu aynan shunday energiyaki, jamiki tirik narsa shu energiyadan yaratilgandir, shundoq ekan inson o‘z mohiyatiga ko‘ra jamiki yashayotgan narsalarga daxldordir, ular bilan aloqaga kirishadi va o‘zida ularning ta’sirini sezadi. Ana shu ta’sirlarning jamuljamidan uning tajribasi shakllanadi va bu tajriba inson ongining ostki qismini tashkil qiladi. Bu ta’sirlar behisob darajada ko‘p, ular shunchalik ko‘pki, har bir odam bizning nazarimizda limmo-lim to‘la xumga o‘xshaydi — bu xumda ong osti tajribasi bor, uni ta’sirlarning maxfiy ombori deyish ham mumkin, bu omborda bevosita shu odamning o‘zi tomonidan yig‘ilgan yoxud boshqalarning tajribasidan to‘plangan ko‘z bilan ko‘rilgan, quloq bilan eshitilgan, ta’mi tatib ko‘rilgan, hidi hidlab ko‘rilgan taassurotlar shu maxfiy omborda jamuljam. Rim katakombalarini yoki Adelfi yerto‘lalarini2 bir tasavvur qiling — ular boshdan-oyoq fotografiya plenkalariga to‘lib ketgan. Shuni ko‘z oldingizga keltirsangiz, miyamizning ost qismi (podsoznaniye) nima ekani to‘g‘risida ma’lum darajada tasavvurga ega bo‘lasiz. Har daqiqa sayin, yo‘q, har daqiqa emas, har soniya sayin omborda yotgan va iste’mol qilishga tayyor turgan tajribamizga qandaydir yangi narsalar qo‘shilib boradi.
Bundan keyingi gumonim quyidagicha: bizning yo‘naltiruvchi deb atalmish ongimiz odatda miyamiz yerto‘lalarida yotgan xazinadan juda cheklangan tarzda va qat’iy tanlov asosida foydalanadi, biz adabiyotga nisbatan, shuningdek, boshqa har qanday san’atga nisbatan ijodiy iqtidor yoxud iste’dod deb ataluvchi narsa esa ayrim odamlarning omborga kira olish bobidagi odatdan tashqari qobiliyatidir. Ular omborda yotgan tajribamizning tarqoq parchalarini tashqariga olib chiqadilar, ularni alohida qobiliyat bilan guruhlashtira oladilar, shuningdek, bu parchalar ombordan olib chiqilgandan so‘ng, ularni bir butun qilib yaxlit narsaga aylantiradilar.
Agar bordi-yu suyuqroq narsa bilan taqqoslaydigan bo‘lsak, ongimiz ostini tajriba oqimi sifatida tasavvur qilish mumkin. Ong esa uning ustida hosil bo‘lgan qobiqqa o‘xshaydi: bu qobiq ozmi-ko‘pmi yupqa, ozmi-ko‘pmi teshikchalarga ega, tajriba oqimi shu teshikchalar orqali sirqib tashqariga chiqadi. Ijodiy iste’dod deb ataladigan narsani esa qobiqdagi teshikchalar sonining normadan oshib ketgani deb tushunish mumkin, shuningdek, shu teshiklar orqali chiqib kelayotgan oqimga adabiy personajlar, manzaralar yoki muzika asarlari shaklini berish qobiliyati hamdir. Ijodiy individuallik haqida g‘oyatda tumanli va siyqa so‘zlarda aytadiganimiz shulardan iborat.
Xarakterlar yaratish jarayonining o‘ziga esa uning o‘ta darajada sirli bo‘lgan tomonidan yondashish maqsadga muvofiqroqdir, ya’ni qayta yaratish tomonidan, biografiya tomonidan yondashgan ma’qul. Kunlardan birida Oksford klubida — bilasizlar, bu klub g‘oyatda nufuzli va hamisha yoshlarning g‘ovur-g‘uvuriga to‘la, unda bir zumda har qanday odamni o‘rniga o‘tkazib qo‘yishni uddalashadi, — xullas, shu klubda biografiyalar yozishga juda mohir bir odam “Luzumsiz biografiyalar oqimi” degan mavzuda munozara ochipti. Har qalay bir narsaga qat’iy amin bo‘lish mumkin — bu munozarada uning o‘zi tomonidan yozilgan biografiyalar haqida gap bormagan. Shundoq ekan, taxmin qilish mumkinki, u shunday biografiyalarni nazarda tutganki, ularda mayitlar go‘rlaridan turib chiqib kelmaydilar. Ehtimol, u auditoriyani ishontira olgandir va o‘sha paytdan boshlab biograflar uchun tug‘ish-tug‘ilish borasida cheklashlar joriy qilingandir, ehtimol, qilinmagandir, chunki bu adabiyotchi birodarlar ikki dunyoda tuzaladigan odamlardan emas. Lekin ular bilan birga taxmin qilaylikki, biografiya faqat muayyan hollardagina qimmatga ega bo‘ladi. Buning uchun biografiya xarakter yaratishi, yoki yanada to‘g‘riroq aytganda, qayta yaratmog‘i kerak. Bir narsani eslaylik — biografning vazifasi allaqachon mavjud bo‘lgan skeletga jism va qon ato qilishdir, binobarin, modomiki, allaqachon skelet mavjud ekan, demak, ijod nuqtai nazaridan qaralsa, ishning yarmi bitgan. Mo‘rtroq va omonatroq suyaklar masalasida g‘oyat ehtiyot bo‘lib munosabatda bo‘lmoq kerak, aks holda qattiq jazoga mustahiq bo‘lib qolish ham hech gap emas. Biograf o‘z qahramonining oyog‘ini maymoqroq qo‘yishi, uni uch-to‘rtta tishidan mahrum qilishi, umurtqasini sal-pal egikroq qilib qo‘yishi mumkin, lekin shunday qilsa ham biron qattiqroq jazoga tortilmay qolaverishi mumkin, biroq u qahramonining asosiy shakl-shamoyilini saqlab qolmoqqa majbur, aks holda, u ajalidan besh kun burun olamdan ko‘z yumishi hech gap emas. O‘zining ishida u faktlardan tashkil topgan allanechuk ustunga tayanadi va uning bu ishi badiiy adabiyotda xarakter yaratishdan ko‘ra tasviriy san’atdagi portret yaratishga yaqinroq turadi. Shunday qilib, biograf skeletni yorug‘ dunyoga olib chiqadi, uni artib changlardan tozalaydi, derazasi shimolga qaragan ustaxonasiga qo‘yadi, shundan keyin uni muskul, go‘sht, pay va teri bilan qoplashga kirishadi, bu ish bitgandan keyin esa o‘zining estetik tuyg‘usiga yoki odob tuyg‘usiga tayanib uni kiyintiradi. Tabiiyki, estetik tuyg‘u bilan odob tuyg‘usi hammavaqt ham aynan bir narsa bo‘lavermaydi. Tikuvchi sifatidagi o‘z xulosalarini u son-sanoqsiz hujjatlardan yoxud bunaqa hujjatlarning yo‘qligidan keltirib chiqaradi va anglashi qiyin emaski, uning ishida ongostiga qaraganda ong beqiyos darajada katta rol o‘ynaydi. Biograf bilan romannavis o‘rtasidagi ikkinchi muhim tafovut ayni ana shu holda ko‘rinadi. Biograf boshidan oxirigacha qilayotgan ishini ongi bilan nazorat qilib boradi, romannavis esa ongli ravishda o‘zini ostki ongining chaqinlari ixtiyoriga topshiradi. Bizning davrimizda — tajribalar davrida ba’zi bir uddaburon yozuvchilarning miyasiga biografiya bilan belletristikani bitta qilib qo‘shib yuborish g‘oyasi kelib qoldi va ular shunday asarlar yarata boshladilarki, bu asarlarni biografik pesalar va biografik romanlar deb atash mumkin. Buning uchun ular o‘tmishda ancha-muncha shov-shuvlar yaratgan biron shaxsni olishadi, muayyan faktlardan ehtiyotkorlik bilan ko‘z yumadilar-da, uning ustiga maskarad kiyimini kiygazib qo‘yishadi. Natija ko‘pincha kitobxon uchun yoqimli bo‘lib chiqadi. Bu ishdan yozuvchining g‘ururi ham qanoat hosil qiladi. Ammo bunda biz omonat turgan zaminga qadam qo‘ygan bo‘lamiz. Negaki, ba’zi bir odamlar aytganidek, agar tarix biron-bir qimmatga ega bo‘lsa, mayitni bu tarzda yasatish va xayolot surnayiga raqs tushishga majbur qilish ancha qaltis ishdir. Tarixiy roman ham yetarli darajada xatarli ish, buni, ayniqsa, Dyuma romanlarini miriqib o‘qigan kitobxonlar yaxshi bilishadi — ular o‘sha davrdagi Frantsiya tarixining chuchmalroq variantlarini ortiq qabul qilmay qo‘yishadi. Ammo biografik roman yanada xavfliroq. Tarixiy roman dunyoga kelgan paytidanoq quvnoq bir sargashta sifatida qabul qilingan, biografik roman yoki pesa esa hamma narsani reja bilan qiladigan, tarkidunyochilik libosidagi makkor bir kimsadir. Modomiki, masalan, men hamisha o‘z seli bilan dasturxonga tortilgan parrandani har xil ziravorlar-u qaylalardan ortiq ko‘rar ekanman, yo‘l-yo‘lakay xarakter yaratishning bunday usuli bag‘oyat ishonchsiz ekanini aytib qo‘ymog‘im kerak.
Biografda bizni hammadan ortiq qoyil qoldiradigan narsa — uning g‘ayratidir — u zo‘r g‘ayrat bilan tarix qo‘rg‘onlaridan juda katta qimmatga ega bo‘lgan mayda-chuydalarni kavlab oladi. Biz shuningdek, uning o‘tkir va sog‘lom ko‘ziga ham qoyil qolamiz. Bu nigoh unga mayda-chuydalarning eng zarurini tanlab olishga imkon beradi, bu mayda-chuydalar esa skeletga yopishtirilganda obraz yaratadi, u esa bizni biograf baqadri imkon originalga sodiq qolishga harakat qilganiga ishontiradi. Qahramonning qayta yaratilgan obrazi hamisha u yoki bu darajada biograf shaxsiyatining ranglariga bo‘yalgan bo‘ladi. Ammo biograf shaxsiyatining ranglari qahramonning tabiiy ranglarini qancha kam o‘zgartirsa, erishilgan natija shuncha yuksak bo‘ladi. Ma’lum ma’noda tanqidchilik nechog‘lik san’at bo‘lsa, biograf san’ati ham shunchalik ijoddir. Haqiqiy tanqidchilik esa allanechuk ilohiy bir xislatga ega — u tanqidchining ko‘nglini olishdan ko‘ra tanqidchi shaxsiyatiga qarshi borgan holda haqiqatga sodiq qoladi. Shu sababdan yaxshi munaqqid ham, yaxshi biograf ham xuddi karkidon kabi juda noyobdir. Yaxshi biograf ham xuddi yaxshi portretchiga o‘xshab, ham yumshoq, ham po‘latday mustahkam bo‘lmog‘i kerak. U hamma narsani shimirib, o‘ziga singdirib olmog‘i, keyin esa faol hamdardlikni namoyon qilmog‘i, uning orqasidan esa toblangan bardoshini va qarshilik qilish qobiliyatini ko‘rsatmog‘i lozim. U o‘ziga-o‘zi qarshilik ko‘rsatmog‘i, o‘zidagi kulgi tuyg‘usini ham, emotsional ishtiyoqlarni ham bosa olmog‘i lozim, ammo ayni choqda jo‘shqin va rang-barang bo‘lib qolmog‘i zarur. U o‘tmish odamlariga ham, o‘ziga zamondosh odamlarga ham — ularning xurofiy qarashlariga va g‘arazli intilishlariga qarshi tura olmog‘i lozim. Odatda, u hatto o‘zining noshiriga va o‘z hamyonining talablariga ham qarshilik ko‘rsatmog‘i talab qilinadi. To‘g‘ri, portretchidan farq qilaroq, biografga tirik originaldan chiqib turadigan o‘ziga tortuvchi quvvatga qarshilik ko‘rsatishga to‘g‘ri kelmaydi (tirik original o‘zining suvratini qing‘ir-qiyshiq qilib yoki, aytaylik, haqqoniy tarzda tasvirlashlarini istamaydi), ammo har bir qadamida unga ajdodlar kulti bilan kurash olib borishga to‘g‘ri keladi. Darhaqiqat, biograf o‘z yo‘lida pusib, biqinib targan qanchadan-qancha arslonlarga ro‘para kelishi mumkinligini o‘ylasang, ba’zan uning yirtqich hayvonga yem bo‘lishi ham mumkinligiga ortiq ajablanmay qo‘yasan. Biograf mabodo yem bo‘lmasa, qorong‘i changalzorda adashib qolishi hech gap emas. Qadimgi ustalar ishlagan portretlarga — masalan, Golbeyn chizgan ser Tomas Mor, Rafael chizgan Ingarama portretlariga qarasang, ularda hech narsa ko‘zdan qochirilmaganini, hatto ko‘zning g‘ilayligi ham tasvirlanganini ko‘rasan. Ularda tomoshabinni biron-bir g‘ayrioddiy narsa bilan lol qoldirishi istagiga zarracha ham o‘rin berilmagan. Buni ko‘rib, amin bo‘lasanki, rassom haqiqatga bo‘lgan ehtirosli tug‘ma sadoqatidan ilhomlangan. Originalni uzoq vaqt mobaynida yutoqib kuzatish natijasida u barpo etgan xarakter bizni qoyil qoldiradi va biz larzaga tushamiz. Biz ko‘pincha bir fikrni eshitamiz, qolaversa, men o‘zim ham uni tez-tez aytib yuraman, negaki, bizning dunyomizda izchillik degan narsa xuddi Eksterdan g‘arb tomondagi bog‘lardagi bulbullar kabi kam uchraydi. Bu fikrga ko‘ra birovdan nusxa ko‘chirib chizilgan portret egasiga o‘xshaydimi-yo‘qmi — buning butunlay ahamiyati yo‘q, chunki portretning egasi ertami-kechmi o‘tib ketadi, portret esa qoladi, keyin esa portret egasi bilan suvrat o‘rtasidagi o‘xshashlik mukammalmi-yo‘qmi — buni hech kim bilmaydi, odamlar faqat suvrat yaxshimi-yomonmi degan masala ustida mulohaza yuritishadi. Bularning bari mutlaqo to‘g‘ri. Ammo boshqa tomondan qaraganda agar portret suvrati ishlanayotgan odamning o‘ziga o‘xshamasa, portret bilan original o‘rtasida o‘xshashlik bo‘lmasa, uni portret deb atashning nima hojati boru, muayyan bir nom berishning nima zarurati bor? Albatta, portret ishlaydigan rassom ham eng yaxshi biograflar amal qiladigan qoidalar asosida ish yuritadi — u original siymosini yaratar ekan, haqiqatga yaqin turishga harakat qiladi va uni bu borada yo‘ldan chalg‘itadigan narsalar ko‘p bo‘ladi. Van-Deyk graf Nortumberlendning Petvortdagi portretida erishgani kabi qandaydir mo‘jiza bilan xarakterning ich-ichidan juda teran chizganini, uning kayfiyatini ifodalab berganini ko‘rsak, unga qoyil qolamiz. Holbuki, Van-Deyk ishlagan ko‘pgina portretlarda individuallik yetishmaydi, buning o‘rniga ularda allanechuk xotirjamlik, bosiqlik bor. Ammo biz aytayotgan portret unday emas — biz unga qarab portretchi va biografning qalbini muttasil tirnayotgan kurashni, Xudo bilan Mammona o‘rtasidagi olishuvni ko‘ramiz. Van-Deyk bu suvratni Nortumberlend Tosuer zindonida o‘tirganida ishlagan edi. Uning sersoqol yuzi yonboshdan ishlangan, u iyagini qo‘liga qo‘yib olgan, rassom uning chehrasida individuallik belgilari bilan birga har qanday mahbusning chehrasida muhrlanib qoladigan iztirobni ham ifodalagan. Ammo rassom go‘yo anglaganki, agar dongdor zodagonni bunday tasvirlasa, bu tomoshabinlarga unchalik xushyoqmasligi mumkin. Shuning uchun rassom uning bukik qaddi-qomatining orqasiga qip-qizil duxoba pardani qo‘yib, tomoshabinlarni xotirjam qiladi. Holbuki, Van-Deykning bu portreti ancha haqqoniyligi bilan ajralib turadi, duxoba parda esa zindondagi buyumlar ichida uchrab turadiganlari qatoriga kirmaydi. O‘zing yaqindan bilgan odamlarning yaxshi ishlangan portretlarini ko‘rar ekansan, his qilishni, ko‘rishni va o‘z taassurotlarini to‘g‘ri ifodalab beraoladigan haqiqatparast rassom biz uchun insonning tashqi qiyofasini ham, ichki mohiyatini ham juda yorqin gavdalantirib berganini ko‘rib, hayratlanishdan o‘zingni tiyolmaysan. Xuddi ana shunday haqqoniy aks ettirish Edmund Gossning “Ota va o‘g‘il” degan biografik asarida, Jorj Trevelyanning Garibaldi haqidagi kitobida, O’Brayenning “Parnellning hayoti” degan kitobida ham mavjud. Eng yaxshi biografiyalarning ham, eng yaxshi portretlarning ham siri — tasvirda hamdardlik bilan tanqidiy yondashuvning allanechuk sehrli bir tarzda chatishib ketuvidadir. Geynsboro asrlar mobaynida yashab kelishsin deb o‘zining jajji qizaloqlarining suvratini ishlagan. Suvratda ikki qizaloqning yozning iliq kunida bir-birlarining qo‘llaridan ushlab olishib, kapalaklar ketidan quvib yurganlari tasvirlangan. Bu suvrat hozirga qadar nafosatning beqiyos timsoli bo‘lib kelmoqda — unda san’at naqadar ta’sirchan go‘zallik bilan nafas olishi yaqqol ko‘rinib turipti. Bosuell o‘zining “Jonsonning hayoti”ni yozganida, uning san’ati kishini lol qoldiradigan darajada ichki dardlarga to‘la bo‘lishi mumkinligini bizga inkishof qilib bergandi.
Ammo xarakter yaratishning bu sohasi haqida gapirishni bas qilaqolaylik, chunki bu soha mening shaxsiy tajribam hududlaridan tashqarida yotadi. Boshqa mavzuga o‘taqolaylik — bu mavzu menga shaxsan tanish — bu romanlar va pesalarda xarakter yaratish mavzusidir.
Bir necha yil muqaddam statistika sohasining bir zahmatkash xodimi bir qator taniqli dramaturglarga savollar bilan murojaat qilgan edi. Bu masalada u hech qanaqa noaniqlikka yo‘l qo‘yishni istamay, dramaturglar o‘z asarlarini qanday yozishlarini aniq bilib olmoqni muddao qilgan edi. Aftidan, uning savollariga javob berganlar xarakterlarni syujetga moslab yaratadigan dramaturglar bo‘lishgan bo‘lsa kerak. Agar xarakter yaratish to‘g‘risida gapiradigan bo‘lsak, ayni ana shu nuqtada dramaturgni asosiy xavf kutib turadi. Pesa personajlari avvaldan belgilab qo‘yilgan syujet burilishlariga moslashtiriladigan bo‘lsa, ular qanday qilib jonli chiqishi mumkin? Albatta, dramaturg pesa yozishga o‘tirishdan oldin, uning umumiy yo‘nalishi va nihoyasi qanday bo‘lishini bilmog‘i kerak, lekin shu hudud orasida pesaning qanday bo‘lishini personajlarning o‘zlari belgilashiga imkon bermog‘i kerak. Hatto shunday bo‘lgan taqdirda ham u nasrnavischalik erkinlikka ega bo‘lmaydi — agar shu paytgacha yaratilgan hamma romanlar va pesalarni qamrab oladigan bir so‘roqlar o‘tkazilsa, ma’lum bo‘lardiki, romanlarda esda qoladigan xarakterlar pesalardagiga qaraganda ko‘proq yaratilgan. Hatto aytish mumkinki, pesalar shundoq pesa sifatida esda qoladi, romanlar esa ularda yaratilgan xarakterlar tufayli esda qoladi. Albatta, bu qoidadan istisno bo‘ladigan favqulodda asarlar ham bor, lekin ular ayni shunday pesalardirki, dastavval o‘zlarida yaratilgan xarakterlari bilan shuhrat topgan pesalardir. O‘z-o‘zidan Shekspirni misol tariqasida keltirishga ehtiyoj seziladi. Lekin Shekspir zamonida hali roman tug‘ilmagan edi, shunday bo‘lsa-da, Shekspirda mohir bir romannavis yozuvchining nishonalari bor edi. Malori bilan ba’zi bir ilk she’riy romanlarning mualliflarini ko‘proq masalnavis yozuvchilar qatoriga qo‘yish mumkin. To‘g‘ri, Servantes Shekspirga zamondosh bo‘lgan, biroq u zamonda Angliyada adabiy ifodachi sifatida, asosan, she’riyat bilan pesalar amal qilar edi. Shundoq ekan, Shekspirning rangini o‘zgartirib, tovlanib turadigan kaltakesakniki singari terisiga “romannavis” degan muhrni ham yopishtirib, ortiq bezovta qilmay qo‘yaqolaylik: tag‘in xudo ko‘rsatmasin, biron-bir uddaburonroq adabiyotchi Shekspir dramalarini Servantes yozgan deb da’vo qilib yurmasin; Bekor vaqtlarida ingliz tilini o‘rganayotib, shunaqa gaplarni aytib yuborishi ham hech gap emas. Shekspirga xos fazilatlar orasida eng ulug‘i, shak-shubhasiz, uning beqiyos darajadagi tilni bilish mahoratidir. U hammadan avval shoirdir, xarakterlarni yarata boshlaganidan avval esa u ancha-muncha murakkab va mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tdi. Bunda u muttasil ravishda ong ostidan chiqarib olgan narsalariga tayanadiki, bu dramaturgdan ko‘ra nasrnavisga ko‘proq xosdir. Shekspir dramalarining bag‘oyat erkin kompozitsiyaga egaligi ham shu fikrimizni tasdiqlaydi. Boshqacha ahvol ro‘y berishi mumkin edi: agar Shekspir aktyor bo‘lmaganida yoki loaqal teatr bilan bu qadar yaqin aloqada bo‘lmaganida, ehtimol, Angliyada xarakterlar romanini joriy qilgan bo‘lar edi va Servantes egallagan jahonda birinchi maishiy roman — muallifi degan nomni egallagan bo‘lardi. Shekspir — sahnani amaliy jihatdan chuqur bilmay turib, chinakamiga pesa yozib bo‘lmaydi, deydigan qarash tarafdorlari qo‘lida eng ishonchli dalil sifatida xizmat qiladi. Bu — yarmi yolg‘on, yarmi chin bir gap, lekin odamlar uning hammasi boshdan-oyoq chin bo‘lishini istashadi. Bundan boshqa fikr ham bor — unga ko‘ra dramaturgiyada nimaiki qimmatli narsa bo‘lsa, uning hammasi teatrga tashqaridan olib kelinadi. Bu qoidalarning ikkovini ham lozim istisnolarni ta’kidlagan holda qoniqarli tarzda isbot qilib berish mumkin. Bizning mafkuramiz uchun bu masalaning uncha muhim ahamiyati yo‘q, ammo bu masaladan dramada xarakter yaratish bobida uchraydigan ikkinchi to‘siq masalasiga — sahna dramaturgning ijodiy erkinligini qanday qilib chegaralab qo‘yishi masalasiga o‘tish osongina mumkin. Albatta, dramaturg butun diqqatini xarakterlar masalasida jamlashi, qolgan masalalarni esa bo‘lganicha bo‘lar deb o‘z holiga tashlab qo‘yishi mumkin; sirasini aytganda, “tashqaridan olib kelish” nazariyasi ayni ana shu holatga asoslanadi. Biroq sahna talablariga bunaqa bepisandlik bilan qarash hayotiy personajlar yaratishga yordam bersa-da, rejissyorning fig‘onini ko‘klarga chiqaradi. Shuning uchun dramaturg bunday cheklash bilan hisoblashishga majbur bo‘ladi. Bu “janr qonunlariga rioya qilish” deb hisoblanadi va sahnani chuqur bilmasdan turib, haqiqiy pesa yozish mumkin emas, degan nazariya shu qarashga asoslanadi. Shubha yo‘qki, Shekspir o‘z janrining qonunlarini juda yaxshi bilgan va ayni choqda yana shunisi ham shubhasizki, istagan davrdagi boshqa har qanday dramaturgga qaraganda bu qonunlarga bepisandroq qaragan. Shekspir misolida hech narsani isbot qilib berib bo‘lmaydi. Ammo o‘zimizning dramaturg o‘rniga qo‘yib ko‘raylik: dramaturg o‘z xayolotida yangi bir maxluq yaratishga intiladi, bu maxluq har jihatdan to‘laqonli jonli odam sifatlariga ega bo‘lmog‘i kerak. Shunda ko‘ramizki, sahna qonunlariga rioya qilish zaruriyati dramaturgning imkoniyatlarini ancha cheklab qo‘yadi va uning g‘ashiga tegadi: u hamisha shuni esda tutmog‘i joizki, uning qahramonlari xoh erkak, xoh ayol bo‘lsin, faqat muayyan makon va muayyan vaqt doirasidagina harakat qilishga majbur, ular bu makon va vaqt chegaralarini kengaytirishga ojizdirlar. Kezi kelganda aytish kerakki, kinematografning teatr oldidagi ustunliklaridan biri ham aynan ana shunda, ammo bu ustunlik tomoshabin jonli akterlarni emas, ularning soyalarinigina ko‘rganlari vajidan yo‘qotgan narsalarini o‘rnini qoplayolmaydi. Shu o‘rinda dramaturgiyada xarakter yaratish masalasidagi uchinchi jiddiy to‘siq masalasiga to‘xtab o‘tish joizdir. Dramaturg o‘z qahramonlarini ijrochilarning muruvvatiga topshirib qo‘yayotganini anglab yetmasligi mumkin. Ehtimol, uning birinchi pesasida bunday bo‘lmagandir, lekin boshqa pesalarida dramaturg xayolini har qancha majburlashmasin o‘zi yaratgan xarakterlar sahnada butunlay o‘zgarib ketishi, u o‘ylaganchalik bo‘lmasligi mumkinligi haqidagi fikrdan yuragi taka-puka bo‘ladi. U yoki bu rolni ijro etishga muvofiq keladigan ideal akter bo‘lmaydi, faqat rolning ozmi-ko‘pmi to‘g‘ri talqini haqida gap bo‘lishi mumkin. Buni bilgan dramaturg — personajning libosi ko‘proq ijrochilarga loyiq kelsin uchun badiiy niyatida va uni amalga oshirishda jinday noaniqlikka yo‘l qo‘yishdan ham toymaydi. Ba’zi bir dramaturglar bunday cheklanishdan shu qadar ozurda bo‘ladilarki, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muayyan akterlarga mo‘ljallab asarlar yarata boshlaydilar. Biroq bu endi janr qonunlariga rioya qilishning haddan ortiq darajada oshib ketgani bo‘ladi va biz bu jarayonni xarakter yaratish deb atasak, nojoiz bir mubolag‘aga yo‘l qo‘ygan bo‘lur edik.
Sahna yozuvchilarni individual shaxslardan ko‘ra ko‘proq tiplar yaratishga da’vat qiladi. Ehtimolki, bu qoidadan eng favqulodda istisno — Falstafdir. Bu ajoyib qariya — osiy banda biz uchun alohida olingan bir inson xolos, biz uni inson tabiatining hech qaysi qirrasi bilan bog‘lamaymiz, holbuki, Lirni o‘ta jazavadorlik bilan, Otelloni — rashk bilan, ledi Makbetni kuchli iroda va vositalarning farqiga bormaslik bilan, Hamletni esa xayolparastlik va dudmallik bilan bog‘laymiz. Kezi kelganda aytmoq kerakki, Falstaf obrazi ko‘p jihatdan romanga tortadigan obraz, Shekspir uni yaratar ekan, o‘z erkini rosa qo‘yib bergan va chin yurakdan lazzatlangan, uning lazzati esa ancha-muncha o‘zgargan holda bizga ham o‘tgan. Bu o‘rinda u deyarlik to‘la ravishda ong osti (podsoznaniye)ga bo‘ysungan: yo‘naltiruvchi fikr yo‘q, yanada aniqroq aytganda, bizning ko‘zimizdan yashirin. To‘g‘ri, Falstafga “uchchiga chiqqan buzuqi” degan yorliqni yopishtirsa ham bo‘lardi, lekin endi bu post factum tipidagi adabiy mulohaza bo‘lardi. Avvaliga bu luqma har qancha katta bo‘lmasin, Falstafning o‘zini yutib yuboraylik, axir, hayotning o‘zini ham har qancha shaklsiz va shirador bo‘lsa-da, yutib yuboramiz-da, keyin undan bizga yana qo‘shimcha berishlarini iltimos qilamiz.
Hamletning tipikligi shubhalar tug‘diradi; Adabiy an’ana uchun Don Kixotning zaddi deb hisoblaydi; biri xayolparast, ikkinchisi sargashta ritsar, biri — fikr odami, ikkinchisi — harakat kishisi. Ammo bunday qulay qarama-qarshi qo‘yishni dramaning matni tasdiqlarmikin? Gamlet shunday bir obrazdirki, unda dramaturg xuddi romannavisga o‘xshab o‘zini devonavash bir tarzda introspektiv metod quchog‘iga tashlaydi, u salkam butkul ravishda ong ostiga tobe bo‘ladi, u esa muallifni shu daqiqalarda chulg‘ab turgan kayfiyat yo‘llarida xizmat qiladi. Hamlet obrazi shu qadar nozik, shu qadar ko‘pqirrali, shu qadar jilolarga boyki, hali bironta ham akter bu rolni ijro etib muvaffaqiyatsizlikka uchragan emas, shekilli. To‘g‘ri, ulug‘ Hamlet — ancha-muncha noyob hodisa, lekin yaxshi Hamlet — tez-tez uchrab turadigan voqeadir.
Keling, Hamlet mavzuimizning eng muhim va eng keng qirrasiga o‘tishimizda bir ko‘prik bo‘lib xizmat qilaqolsin. Bu qirra — romanda xarakterlar yaratish masalasidir.
Shubha yo‘qki, xarakterlar yaratish jarayoni boshqa sohalardan ko‘ra kamroq darajada cheklangan va boshqa hamma sohalardan ko‘ra ortiqroq darajada ong osti bilan bog‘langan sohadir. O‘z-o‘zidan ma’lumki, bir mavsum mobaynida yashay oladigan, lekin qo‘yib bersa asrlar bo‘yi ham hayot kechira oladigan obrazlar yaratmoq uchun sokin bir go‘sha, siyoh, qog‘oz va muallifning o‘z-o‘ziga teranroq sho‘ng‘ishi, diqqat-e’tiborini bir joyga jamlashi talab qilinadi, xolos. Bu qadar to‘la-to‘kis mustaqillik uning asarini eng jozibador qilibgina qolmaydi, balki ayni choqda eng qiyin va sirli asarga ham aylantiradi. Unga tashqaridan hech narsa — na mute skelet, na o‘jar tabiat yordam beradi. Uning xayolotiga na avvaldan belgilab qo‘yilgan avanstsenalar, na mahoratli ekanliklariga hech kimning ishonchi komil bo‘lmagan ijrochilar ta’sir qiladi. Prozanavis amal qiladigan metodni ko‘rib chiqar ekansan, qarshimda “u nimadan boshlaydi?” degan bir savol ko‘ndalang bo‘ladi.
U hayotdan oladigan narsalarini ongli ravishda oladimi yoki ong osti mayli bilan oladimi? Har bir romannavis bu savolga o‘zicha javob beradi va bu javoblarning birontasi ham hech kimni qanoatlantirmaydi. Men o‘zim ham, garchi o‘ttiz yildan ortiqroq vaqtdan beri xarakterlar romani yozishga urinib yotgan bo‘lsam-da, bu savolga uzil-kesil aniqlik kirita olaman deb da’vo qila olmayman. Shu bugunga qadar men asarni qanday boshlashimni va qanday davom ettirishimni aniq qilib aytib berolmayman. Mening faqat bir narsaga ishonchim komil: hamma uchun majburiy bo‘lgan bitta yagona qonun yo‘q, xarakterlar yaratish jarayoni nafaqat hamma yozuvchilarda har xil bo‘ladi, balki mening o‘zimda ham har xil vaqtda turlicha bo‘lishi mumkin. Agar hammasini taxminan bir nuqtaga joylab, umumiy qoida chiqaraman desangiz, uni shunday ifoda qilish mumkin bo‘lar: Qandaydir daqiqalarda yozuvchi hayotda sodir bo‘layotgan biror real voqeani juda hayajonlanib qabul qiladi yoki biror odam uni kuchli junbushga keltiradi, o‘sha hodisa yoki insonni qabul qilish bilan kuzatuvchi odamga xos kayfiyat bamisoli ikkita hujayradek bir-biri bilan birikadi-da. Birlashishgandan keyin ijodning homila nuqtasi paydo bo‘ladi. Ana shu homila nuqtasiga mos keladigan taassurotlar yoxud ong ostida saqlanadigan ta’sirlar yondashib kela boshlaydi, homila o‘sib, muayyan kattalikka erishmaguncha bu ahvol davom etadi, homila o‘sha darajaga yetgandan keyin esa o‘zining ifodalanishlarini juda qattiq talab qila boshlaydi, ana shundagina yozuvchi qog‘ozga tushirilgan so‘zlar yordamida o‘zini yukdan xalos etishga kirishadi. Qahramonni tavsiflovchi birinchi iboralar odatda voqeiy hayot tomonidan olib borilgan kuzatishlar tomonidan aytib berilgan bo‘ladi. Agar kuzatishlar ongli ravishda olib borilgan bo‘lsa, bu tasvir tez orada o‘zgarishga uchrashi ehtimoldan xoli emas. Biroq busiz ham personaj juda tez fursatda dastlabki belgilangan tabiatdan chekina boshlaydi, oqibatda muallif o‘zining dastlabki belgilab olgan prototipiga sodiq qolishni istasa, unda u hamisha “inbriding”ga murojaat qilib turishi, bot-bot qaytib, unga qahramonning ilk belgilarini yana va yana olib kirib turmog‘i lozim bo‘ladi. Har bir inglizning ko‘ksida asl zotli sof tulporlarni bunyod etish ishtiyoqi jo‘sh uradi. Shu ishtiyoq bizga romannavisning xarakterlarni yaratar ekan, qanday qilib u yoki bu yorqin xislatlarni tanlashini va ularni tolmasdan mustahkamlab borishini hamda bu ishida u yoki bu zotdagi otlarni tanlab, olinadigan zotlar haddan ziyod yaqin qarindoshlarga o‘xshab qolish xavfi paydo bo‘lgunga qadar tolmasdan chatishtirishda davom etadigan ot zavodining xo‘jayiniga o‘xshab ketishini anglashimizga yordam beradi. Ammo muallif har qancha harakat qilmasin, modomiki, qahramon o‘z hayoti bilan yashay boshladimi, biribir uning har bir xatti-harakati, har bir so‘z yoki fikri uni dastlabki tabiatdan nari olib ketaveradi. Mohiyatan romannavisga aynan shuning o‘zi kerak, chunki hayotdan hafsala bilan ko‘chirib olib chizilgan personajlarning mutlaqo tushunarli sabablarga ko‘ra sira keragi yo‘q. Eng ongli va ayni choqda eng nozikta’b nosirlardan biri bo‘lmish Turgenev Bazarov obrazini qanday yaratganini bizga hikoya qilib bergan edi. Kunlardan birida u poyezdda bir yosh vrach bilan suhbatlashib qolipti. Bu yigit yozuvchini mutlaqo yangi bir tip sifatida lol qoldiripti. Keyin Turgenev poyezddan tushib qolipti va bu yigitni ikkinchi marta uchratmapti. Biroq u yozuvchida shu qadar katta taassurot qoldirgan ediki, adib uning hayot yo‘lini va fikrlarini kundaliklar shaklida o‘z xayolotida gavdalantirmoqqa ahd qiladi. U bir necha oy mobaynida kundalikni qo‘ymay yozib boripti, uning nazarida yosh vrach ham o‘z kundaligini aynan ana shunday olib bormog‘i kerak edi. Nihoyat, adib xuddi o‘sha yigitday yashay boshlaganini his qilipti, uning nazarida adib sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan har qanday sharoitda bu yigit o‘zini qanday tutishini, qanday his qilishini juda yaxshi biladigandek bo‘lib ko‘rinibdi. Shundan keyingina, u “Otalar va bolalar” romanini yoza boshladi va o‘sha yosh yigitni Bazarov nomi ostida bosh qahramon qilib oldi. Bazarov o‘zini “nigilist” degan so‘z bilan ataydi va bu so‘z bir zumda o‘sha kezlarda butun Rossiya bo‘ylab tug‘ilib kelayotgan yangi tipdagi odamlarning laqabi sifatida qabul qilindi. Bu obrazni sof ongli tarzda yaratishning, sof o‘ylanilgan muntazamlik, izchillikning misolidir, biroq chinakamiga ulug‘, izlanuvchan va talabchan mahorat egasigina bu qadar qat’iy metodga amal qilib, muvaffaqiyat qozonmog‘i mumkin edi. Odatda, erkinlik bilan obrazning hayotiyligini ta’minlovchi omil ongosti (podsoznaniye)dir, u g‘ayrishuuriy tarzda ongni kerakli material bilan ta’minlab turadi. Agar bu qoidani o‘z tajribamga tayanib turib izohlab berishga harakat qilsam, meni ma’zur tutgaysizlar. Tong. Men o‘rindiqqa o‘tiraman, tizzamda qalin daftar, ko‘z o‘ngimda personajimning yozib olingan so‘zlari yoki xatti-harakatlari, qo‘limda qalam, og‘zimda trubkam, kallamda esa hech vaqo yo‘q — bo‘m-bo‘sh. Men o‘tiribman, men reja tuzayotganim yo‘q, hech narsani kutmayapman, hatto hech narsadan umidim ham yo‘q. Men so‘nggi sahifalarni qaytadan o‘qib chiqmoqdaman. Asta-sekin go‘yo men o‘rindiqni tark etaman-u, mening qahramonim harakat qilayotgan yoki gapirayotgan joyga o‘tib qolaman — mana u qadam qo‘ymoqchi bo‘lib oyog‘ini ko‘tardi, hozir yaqinroq keladi, mana, u lablarini ham juftladi — bir narsa demoqchi, shekilli. Qo‘qqisdan qalamim qimirlab qoladi — qahramonimning qandaydir qilig‘i yoxud og‘zidan chiqqan gapi qog‘ozga tushadi, keyin yana va yana shu ahvol tanaffuslar bilan bir soat-ikki soat davom etadi. Yozganlaringni qayta o‘qib chiqib, taajjub bilan amin bo‘lasanki, go‘yo ularning hammasi avvalgi yozganlaringdan kelib chiqadi va ularning bo‘lishi mumkin bo‘lgan davomini tayyorlaydi. Obrazga jinday qo‘shimcha hayotiylik baxsh etgan bu sahifalar ongning yoki yo‘naltiruvchi fikrning da’vatiga javoban ongosti (podsoznaniye) omborlaridan paydo bo‘lishgan va oxir-pirovardida agar biz “mavzu” so‘zini uning keng ma’nosida qo‘llasak, bizning mavzuimizga xizmat qilmog‘i mumkin. Shunday qilib, xarakter yaratish garchi ongsiz va hech narsa bilan cheklanmagan jarayon bo‘lsa-da, u hamisha bitta maqsadga muvofiq ishtiyoqqa bo‘ysundirilgan bo‘ladi. Bu ishtiyoqni esa “pochta kaptari” instinkti deb atasak tuzukroq bo‘lsa kerak.
Kitoblar haqida gapirishganda ko‘pincha falonchining obrazi muallifga itoat qilmay qo‘yipti, u asarda “mustaqil hayot kechira boshlapti” degan gapni aytishadi. Bu gap garchi hammasi boshdan-oyoq haqiqat bo‘lmasa hamki, umuman olganda, to‘g‘ri gap. Negaki, bironta ham obraz o‘zining “yaratgan” odamining tabiati hududlarini tark etolmaydi yoki uning maxfiy shakl tuyg‘usi doirasidan tashqariga chiqib ketolmaydi. Hatto bu “shakl tuyg‘usi” bor-yo‘g‘i shaklsizlikni olqishlashdan iborat bo‘lganda ham obraz uning hududlaridan chetga chiqib ketaolmaydi.
Yuqorida keltirganimiz Bazarov haqidagi misol ko‘rsatadiki, xarakter bilan syujet o‘rtasida ham mustaqil aloqa bor. Aytaylik, vijdon amri bilan yozilgan romanda bu har xil nuqtalardan yorqin yoritilgan xarakter bo‘lmog‘i mumkin. “Otalar va bolalar”da Turgenevning mavzui katta avlod bilan yosh avlodni taqqoslash, to‘g‘rirog‘i, qarama-qarshi qo‘yishdir. Poyezdda ro‘para kelib qolgani, yosh yigitda yangi tipni ko‘ra olgani Turgenevda nafaqat Bazarov obrazini yaratish ishtiyoqini uyg‘otdi, balki unga mavzu ham berdi, ya’ni qahramonlarini joylashtirish uchun qulay bo‘lgan bir muhitni ham ko‘rsatdi.
Don-Kixot bilan Sancho-Panso o‘rtasidagi zidlik Servantesga uning durdona asari uchun mavzu bergan edi. Turgenevning “Tutun”idagi mavzu jozibador Irina obrazida tajassum topgandir. Bu Balzak romanlaridagi eng yaxshi mavzudir — chala tentak Gorio ota obrazidir. Agar asardagi markaziy figura — hamisha sarguzashttalab d’Artanyan bo‘lmasa, biz “Uch mushketer” romanining murakkab mojarolari va ularning davomini tasavvurimizga sig‘dirolmaymiz. Xuddi shuningdek, dilkash mister Pikkviksiz “Pikkvik klubining maktublari”ni yoki David Balfur hamda Alei Brek obrazlarida tajassum etgan. Tog‘lik Shotlandiya bilan vodiylik Shotlandiyani qarama-qarshi qo‘yishlari bo‘lmasa, Stivensonning “O‘g‘irlangan” yoxud “Katriona”sini sira tasavvurimizga ham sig‘dira olmaymiz. Ammo boshqacha holat ham bo‘lishi mumkin — buning yorqin misoli bo‘lib Tolstoyning ulug‘ romani “Urush va tinchlik” xizmat qilishi mumkin. Unda hayotning shunaqa keng manzarasi ko‘rsatilganki, hatto asosiy qahramonlar ham allanechuk tobe o‘rin egallaydiganday ko‘rinadi. Tolstoyning yana bir durdonasini — “Anna Karenina” romanini o‘qir ekansan, unda asar mavzui Annadan ko‘ra Levinda ko‘proq mujassam topganini his qilasan.
Bu ma’ruzaning boshlanishida men yo‘l-yo‘lakay bir fikrni aytib o‘tgandim — unga ko‘ra romanning, pesaning, biografiyaning umrboqiyligi ularda tasvirlangan xarakterlarning hayotiyligiga bog‘liq. Endi masalani toraytirib, faqat roman bilangina cheklab olaylik. Kamdan-kam romanlarning umri o‘ziga tengdosh avlod umridan uzoqroq bo‘ladi. Agar asar bundan uzoqroq yashasa. Demak, bu o‘z vaqtida ko‘pincha munosib baholangan va shuhrati ancha keng bo‘lgan asar bo‘lib chiqadi. Biroq bugun ularning muqovasidagi nomlarnigina eslaydilar va ularni faqat Olim yoki Talaba, yoki avloq bir mehmonxonada sudralib qolib ketgan odamgina qo‘lga oladi. Avvalgi zamonlardagi kitoblarning kamdan-kamini biz hozirgacha qayta-qayta o‘qib turamiz. O‘qiydiganlarimiz esa shunday asarlardirki, ularda loaqal bitta o‘z davrini ortda qoldirib yashab kelayotgan xarakter mavjud bo‘ladi. Agar Bekki Sharp, mayon Lendennis, polkovnik Nyukom, Garri Foker, Esmond Beatrisa va Barri Lindonlar bo‘lmasa, bugun Tekkereyni ko‘p odam bilar edi deysizmi? Agar missis Praudi bo‘lmasa, Trollopni qancha odam bilar edi. Hozirgi paytda mohiyat e’tibori bilan qarasak Charlz Dikkens bilan bizni bir guruh hayron qolar darajada yashovchan odamlar obrazlaridan boshqa yana nima bog‘lab turadi? Jorj Eliot hozircha bo‘sh kelayotgani yo‘q. To‘g‘ri, lekin uning turishi uncha mustahkam emas, shunda ham u ko‘proq Sayles Mariyer, Adam Bid va Xettilarning sa’y-harakatlari bilan turipti, shekilli. Jeyn Ostinning yaratgan dunyosi haddan tashqari mahdud, ammo shunga qaramay, uning yaratgan xarakterlari bu adibni unutib yuborishimizga yo‘l qo‘ymaydi. Uslub masalalari bilan maxsus shug‘ullanmaydigan kitobxon Floberdan faqat Bovari xonimni va yana bir hikoyasidagi oqsoch ayolni eslaydi, xolos. Agar Tom Jons Jozef Andrus va Sofiya bo‘lmasa, Genri Filding ham unutilib ketardi. To‘g‘ri, “Sentimental sayhat”, “Krenford”, “Alisa mo‘jizalar mamlakatida”, “Xazinalar oroli” yoxud “Geklberri Finn” kabi asarlar “ularda yaratilgan xarakterlar sababli yashab kelyapti” deb ayta olmaymiz. Ularning yashab kelayotgani va bundan keyin ham yashajagining asosiy sababi shundaki, bu asarlar olamni, hayotni ayricha qabul qilish bilan sug‘orilgan. Ammo bunday istisnolar kelajak uchun muhim bo‘lgan qoidani tasdiqlaydi, xolos. Gap shundaki, so‘nggi yillarda romanda o‘ziga xos kollektivizm foydasiga individuallashtirishdan voz kechish tamoyili sezilmoqda; dramada individual xarakterlar har qancha yorqin va yuqori bosim ostida tasvirlangan bo‘lmasin, dramadan yuz o‘girib, buning o‘rniga insonni umuman salkam ilmiy tarzda namoyish qilish yo‘lini tanlashmoqda. Shu maqsadda mualliflar jamiki mahoratlari va hafsalalarini safarbar qilib, bu ozmi-ko‘pmi homo sapiens bo‘lgan maxluqning fikrlari, tuyg‘ulari, ishtiyoqlari, ojizliklari va fazilatlarini bizning ko‘z o‘ngimizda namoyish qilmoq uchun ichak-chovoqlarigacha ag‘dar-to‘ntar qilib ko‘rsatadilar, lekin ularga loaqal jinday individual hayot baxsh etishni xayollariga ham keltirmaydilar. Adibning muhabbati yoxud nafratini qo‘zg‘atuvchi omil borgan sari turning ayrim vakillari emas, umuman, hammasi bo‘lib bormoqda. Bu juda qiziqarli tajriba, ayniqsa, shu tajribani o‘tkazayotganlarning o‘zi uchun qiziqarli. U muayyan darajada muvaffaqiyatga erishgan. Ammo uslubni qiziqarli qilish ustidagi tashvishlar, turli-tuman so‘z o‘yinlari, “hayotning titroq nafasini” va hatto inson qalbini nafis qilib, umumlashtirib tasvirlab berish ham hech qachon individual xarakterlar yaratishning o‘rnini bosa olmaydi. Buni isbot qiladigan ancha-muncha asosli dalillar bor. Individual xarakterlar hamisha romannavisning asosiy vazifasi va asosiy harakatlantiruvchi kuchi sifatida qolaveradi. Buning sabablaridan biri shundaki, bizning ko‘pchiligimiz o‘zimizga bo‘lgan qiziqishimizni o‘qtin-o‘qtin boshqalarga ko‘chirib turishga ehtiyoj sezamiz. Va bu ehtiyojlarimizni ko‘proq va yaxshiroq darajada qarindoshimiz bo‘ladimi yoxud eng yaqin do‘stimiz bo‘ladimi — ularga o‘xshagan odamlar emas, balki kitoblarning qahramonlari qanoatlantiradi. Yana davom etaylik. Bizning ko‘pchiligimiz ana shu adabiy qahramonlarda o‘z-o‘zimizni ko‘rishni va shu qahramonlarga qarab, o‘zimiz to‘g‘rimizda muhokama yuritishni istaymiz. Umumlashgan odamning tahlili g‘oyatda ibratli bo‘lishi mumkin, lekin bu tahlil bizga o‘zimiz bilan qiyoslashga yetarli darajadagi yorqin obrazni bermaydi. Odatda biz adabiy personajlar uzluksiz davom etadigan axloqiy baholash jarayonini (bu jarayonni insonning butun umridan ajratib olib bo‘lmaydi) nechog‘lik kuchaytirishi va boyitishini xayolimizga ham keltirmaymiz. Albatta, yozuvchi odam bunday mulohazaga amal qilmasligi kerak, agar shunday qilsa, bu uning yaratgan xarakterlariga qiron keltirar edi. Ammo ishini tugatgandan keyin, u yoki bu xarakterni yaratib, men ma’naviy me’yorlarning tabiiy rivojiga o‘z hissamni qo‘shdim deb o‘ylash unga mamnuniyat keltirsa kerak. Darhaqiqat, bu dunyoda odamlarga ko‘ngilxushlik baxsh etishdan boshqa ham yozuvchining zimmasida biron vazifasi bo‘lsa, bu vazifa shundan iboratki, u xarakter yaratib, odamlarni o‘ylashga va his qilishga majbur qilishdir.
Men bu maqolaning intihosiga ko‘kragim bilan tasmani uzib o‘tishdan zarracha umid qilmagan holda kelyapman, negaki tushuntirilmagan narsa shundoqligicha tushuntirilmagan ko‘yi qolaverdi. Nima uchun adabiy personaj yashaydi? Yoki, aytaylik, aksincha: nima uchun ularning ko‘pchiligi olamdan ko‘z yumadi? Har qaysi nashriyot mavsumining oxiriga kelganda bunday chalajon qahramonlar kuzgi daraxt pashshalariday ancha to‘planib qoladi. Oradan ko‘p o‘tmay, qo‘lida supurgi tutgan Vaqtning oqsochi paydo bo‘ladi-da, devorlarga yopishib yotgan pashshalarni supurib olib, bir chekkada yotgan qor uyumi ustiga tashlaydi. Ularning ko‘pchiligi “qiziqarli” bo‘lganlari yoxud “g‘aroyib tarzda kishini to‘lqinlantiruvchi” bo‘lganlari vajidan o‘lib ketadi! Boshqa ba’zi birlari esa dimog‘lari shishib, burunlari ko‘tarilib ketganidan, sovun pufagidek yorilib ketadi. Ba’zilar hozir bizning davrimizda bunaqalar kam — chuchmallikdan, qandning haddan ziyod ko‘pligidan nobud bo‘lishadi. Yana bir xillar o‘zlarining yaratganlarini shu qadar yomon ko‘rib qolishadi-da, butun gunohni ularning zimmasiga yuklab, jonlariga qasd qiladilar. Qolganlar esa biron-bir tarzda umrguzaronlik qilishga harakat qilishadi-da, bunaqa urinishlardan butkul voz kechadilar. Vaqt ta’siriga beriladigan kam qonli adabiy qahramonlarda bitta juda oddiy, lekin g‘oyatda muhim xususiyat bor: ular shuning uchun yashaydilarki, hammavaqt uzluksiz ravishda kam-kamdan bo‘lsa hamki o‘zlarini namoyon qilib turadilar. Agar xarakter yaratishda biron-bir omilga birinchi o‘rinni berish kerak bo‘lsa, men o‘tkir yumorni tanlagan bo‘lardim. Don-Kixot va Sanchoni, Falstafni, Nikoberni, Betsi Trayvezdni, Stepan Arkadevichni va missis Praudini barpo etgan yumorni aytyapman-da! Ammo bu uzoq umr ko‘radigan xarakterlar yaratishda harakatlantiruvchi prujina emas, balki bir uskuna, xolos. Prujinaning o‘zi esa sirligicha qolaveradi. Agar istasangiz uni hayotbaxsh uchqun, “hayot nafasi” deb atang. Bir narsa shak-shubhasiz: adabiyotda uzoq umr ko‘radigan xarakterlarning hammasi allaqachon yo‘rgakdan chiqqan va o‘z yaratuvchilaridan ham xalos bo‘lib ulgurishgan. Ularning o‘zlarini barpo etganlarga zarracha ishlari yo‘q. Ular o‘sib-ulg‘ayadilar, uydan chiqib ketadilar va sizni ham o‘zlari bilan birga ketishga da’vat etadilar. Siz ular bilan birga ularning mustaqil darbadarliklarining ko‘chalari va sahrolariga, dalalari va daryolariga chiqishga da’vat etilasiz. Agar chiqsangiz, ularning yulduzlarini ko‘rasiz, ularning tashvishlariga sherik bo‘lasiz, ular bilan birga kulishasiz, ular bilan birga sevishasiz, ular bilan birga dovon oshasiz, ular bilan yelkama-elka turib kurashasiz, nihoyat, ular uchun tun boshlanganda siz ham ular bilan birga tun qo‘yniga va yo‘qlik makoniga singib ketasiz…
1931
Ozod Sharafiddinov tarjimasi.
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2002 yil, 9-son