Sakson yildan beri yozib kelaman. Avval harflar, keyin suhbatlar, she’rlar, biroz o‘tib hikoyalar, maqola-yu kitoblar, endi esa qaydlar. Yozish men uchun hech qachon boshqa xayolparast qalamkashlar aytganidek mavhum dunyolarga sayr emas, chinakam real vazifa bo‘lib kelgan. Aslida, hech qaysi so‘z hech qanday ma’noga ega emas, u faqat ishora qiladi. So‘z – ishoradir. Ma’no siz bilan biz o‘ylagandek oddiy narsa emas. Ona so‘zini olaylik. Biz uni tilga olganimiz hamono xotiralar, ijtimoiy va shaxsiy tasavvurlar idrokimizda jonlanib ketadi, biroq ko‘rib turibsiz, shuncha kechinmani uyg‘otib yuborgan so‘z – ona bor yo‘g‘i uch harfdan iborat. Uning shu qadar katta ma’no kasb eta olishi amalda mumkin emas. Zero, kompas doim kaftga siqqudek bo‘ladi, u ko‘rsatgan yo‘l esa cheksiz.
Yozmoq – manzilga yetishish emas, manzilning bor yo yo‘qligini aniqlashga urinmoqdir. Uning vositasi til. Albatta, aytayotganlarim o‘ta oddiy haqiqatlar, biroq negadir shularni takrorlashga jazm etdim.
Keling, gapni ma’noning bir tildan boshqasiga ko‘chib o‘tishi – tarjimadan boshlaylik. Bugun tarjimonlik deganda, asosan texnik tarjima tushuniladi, lekin mening bu sohaga aloqam yo‘q. Men badiiy tarjima haqida nimadir demoqchiman, xolos. Badiiy matn ustida ishlash. O‘ta og‘ir eshitiladi, shunday emasmi?
Aytmoqchi bo‘lganim shuki, badiiy tarjimonlar matn ustida ishlay turib bir tildan boshqa tilga jumlalarni tarjima qilarkan, har bir ishorani o‘z tiliga o‘girishga majbur bo‘lishadi va bu o‘z navbatida muayyan qiyinchiliklarni tug‘diradi. Tarjima matn formulasi: so‘z – ishora, ishora – ruhiyat. Demak, tarjimon ruh bilimdoni ham bo‘lmog‘i kerak. Ular bir sahifadagi ruhiy kechinmalarni o‘gira turib, sahifa kayfiyatiga moslashadilar, keyingi sahifada esa butkul boshqa ahvoli ruhiya ularni kutib turgan bo‘ladi. Sahifani xatboshiga almashtirish ham mumkin. Xatboshi kayfiyati asosan rus yozuvchilari, xususan Lev Tolstoy va Dostoyevskiy asarlarida o‘zgaruvchan bo‘lishi sir emas.
Tarjimada bir tilning lingvistik qoidalari bilan yuzlashar ekanmiz, uni ikkinchi til qoidalariga moslashtirishga majburmiz. Bunda matndagi his-tuyg‘ular bizning til muhitida adaptatsiya – moslashuv jarayoniga kiradi. Biron joyda bironta o‘xshamagan, beburd tarjimani ko‘rdingizmi, demak, undagi jumlalar, o‘y-kechinmalar siz o‘qiyotgan tilga ko‘nikmagan, ruhi begonaligicha qolib, arosat izdihomiga tushib qolgan. Darvoqe, matnning originaldagi ovozi bilan tarjima tilidagi ovozi, ohangi bir bo‘lishi ham talab etiladi. Hammasi risoladagidek bo‘lgachgina ish pishdi deyishingiz mumkin. O‘ylab ko‘ring, shimollik eskimoslarni o‘zingiz yashaydigan issiq yurtga olib kelmasangiz-da, ularning ustiga yozgi kiyim kiygazib, o‘sha, o‘zlarining qorli o‘lkasiga qo‘yib yuborsangiz. Bu adolatsizlik emasmi? So‘zlarga ham shunday yondashmoq lozim. Tarjima qilsangiz, to‘lig‘icha tarjima qiling va ularni o‘z tilingiz sharoitiga moslang. Eng xavflisi, o‘zingiz o‘sha sharoit – til muhitiga kirib, qolib ketishingiz. Unday bo‘lsa, vaziyat og‘irlashib, keskin tus oladi. Tarjimangizni o‘qigan o‘quvchi qum chaynagandek bo‘laveradi.
Nega bunday deyapman? Boisi, chinakam tarjima ikki til orasidagi ikki tabaqali eshik emas, balki uchburchak munosabatdir. Uchburchakning uchinchi nuqtasida original matn jumlalari – yozilmasdan avvalgi tagma’nolar pinhon yotadi. Buni endi psixoanalitik tilda ongosti tarjimasi deyish (Boya tarjimon ruhiyat bilimdoni degandim-a) mumkin. Tarjimon tildan avvalgi davrni ham puxta o‘rganishi kerak. Bunda u matn muallifining yozishdan avvalgi holatinigina emas, balki insoniyat tarixini ham chuqur o‘rgangan bo‘lsa, nur ustiga nur.
Matn – mexanizm. Uning murvatlari bo‘lmish so‘zlarni harakatga keltirgan asosiy dastak esa ohang sanaladi. Matn ohangi. Qizig‘i, butun boshli gaplar ichida o‘ziga xos jimlik ham bo‘ladi. Yozuvchi yozib ketaveradi, ammo asar sukut saqlaydi. Siz asardagi o‘sha sukunatni ham tarjima qilishingiz kerak. Bunda tarjimon tagma’noni yaxshilab tushunib, his qilib oladi va bu hissiyotni matn ruhiga singdiradi. Qarabsizki, sukunat tarjimasi tayyor. Ham sodda, ham murakkab. So‘zlarga to‘la jimlik qa’riga sho‘ng‘ib boraverar ekansiz, ma’nolar yuzaga qalqib boraveradi, ammo siz yanada chuqurroq sho‘ng‘ishga majbursiz, ham qalqib borayotgan mazmunni ham tutib olishingiz kerak. Zero, xorijiy adabiyot namunalari ikki xil bo‘ladi: mehmon va tug‘ishgan. Agar siz mazmun, ohang va kayfiyatni birlashtirolmasangiz, tarjimangiz mehmon o‘laroq o‘ta qisqa muddat ona tilingizda yashab qoladi. Bordi-yu, Xudo yarlaqab barchasini obi-tobiga keltirishga kuch topsangiz, xalqingiz tarjimangizni o‘z klassik yozuvchisini o‘qigandek uzoq yillar sevib mutolaa qiladi. Tanlov o‘z qo‘lingizda.
Men sizga tushuntirishga urinayotgan qarashlar bir tajriba bo‘lishi mumkin, biroq ular bizga tilning bir kalimaga yoki kalimadan atamaga og‘ib, unga aylanib ketishini eslatishi bor gap. Butun boshli matnni bor-yo‘g‘i bittagina so‘z bilan ham o‘girib qo‘yish mumkin. Asosiysi, uni o‘z ona tilingiz ruhiga tushira olishingizda. Xorijiy til xuddi sizning tilingiz kabi o‘ta cheklangan va bir vaqtning o‘zida sarhadsizdir. Ba’zan sizni uning o‘ta tor va qashshoqligi qiynasa, ba’zan haddan oshiq boyligi boshi berk ko‘chaga solib qo‘yadi. Til so‘zlardan tashkil topgan, ichki organlari millat ruhi bilan yashaydigan tirik yaratiqdir. Va bu yaratiq yashaydigan makon hali siz qadam bosishga ulgurmagan ruhiyatning qadim va yashirin g‘orlari qa’rida joylashgan. Uni topish uchun Til bo‘ylab sayohatga chiqmoq darkor. Bunda siz nafaqat o‘sha tilning, balki o‘z ona tilingizning ham izohli lug‘atini yelkangizga ilib yo‘lga tushasiz. Yo‘qsa, qo‘lingizdan shunchaki shimollikka yozlik ust-bosh kiydirib qo‘yishdan boshqasi kelmaydi.
Keling, “ona tili” atamasini olaylik. Ruschada bu so‘z “rodnoy yazыk” deyiladi va bizning tilga to‘g‘ridan-to‘g‘ri “qondosh til” deya o‘giriladi. Agar yanayam badiiylashtirilsa, “suyukli, qadrdon til” ham deyilishi mumkin. Ona tili kishining tug‘ilganida ilk eshitgani til hisoblanadi. Va bir ona tili ichra yana ko‘plab ona tillari mavjuddir. Boshqacha aytsak, har bir ona tili koinot tilidir. Tilshunos olim Noam Xomskiy bizga ustalik bilan tushuntirganidek, tillarning vazifasi faqat yozma va muloqot shaklidagina tavsiflanishi xato. Ularning biz bilmagan muhimroq missiyalari bor. Basharti, biz til deb ataydigan mavjudot ichimizdagi so‘z va tovushlardan, turli ishoralardan xoli, toza TILning bir uchi, xolos. O‘ylab ko‘rilsa, bu nazariyada jon bordek. Nega endi biz aqlimiz yetmagani uchun o‘zga sayyoralarda hayot borligini taxmin etish yo yo‘qligi haqida hukm chiqarishga haqli emas ekanmiz-da, til boshqa bir tilsimot tilining shunchaki sharpasi degan fikrni keskin rad etarkanmiz?
Bunga isbot: shaxsan men, rasm chiza turib o‘z ona tilimda tasvirlashga so‘z topa olmaganim manzarani ko‘rsatishga beixtiyor harakat qilayotganimni sezaman. Rasm, qo‘l harakatlari, so‘zlar, yuz ifodasi, nigohlar, sukunat va boshqa hamma-hammasi botinimizdagi o‘zga bir hilqatning borligidan dalolatdir. Ular o‘sha hilqatning idrokimiz yetadigan qismlarinigina ko‘rasatadi, xolos.
Biz tarjima qila turib so‘z labirintiga, ba’zida esa atamalardan bino bo‘lgan qudratli girdibodga duch kelamiz. Qizig‘i, unga o‘zimizning odamlarcha ojiz harakatlarimiz bilan qarshi chiqishga, yo‘l topishga urinamiz. Vaholanki, ortimizda ona tilimizdan tashkil topgan butun boshli armiya saf tortib turadi. Bugun tarjima qilinayotgan matnlardagi jumlalar boya aytganimiz Til atalmish tirik borliqdan yulib olingan o‘lik a’zolarga, bu matnlar yig‘indisi bo‘lmish asarlar esa ma’no murdalarining oshyoni – yaxlit qabristonga o‘xshaydi. Axir, tarjimon qotil emas, jonni Iso Masihdek qayta tiriltiruvchi bo‘lishi kerak-ku!
Meni yillar davomida yozishga undagan asosiy sabab – nimalardir odamlarga tushuntirilishi kerak va agar ularni men tushuntirmasam, ular manguga mavhum bo‘lib qolaveradi degan qo‘rquv. Ha, qo‘rquv insonning eng qadimiy sezimidir. Va, qo‘rquvning eng qadimiy turi bu noma’lum narsadan qo‘rquv sanaladi. Men qo‘rqqanim uchun yozdim, xuddi ibtidoiy odamlar chaqmoqlarni ilohiylashtirib, uning g‘azabidan o‘takasi yorilgancha ovqat izlagani va boshpana qurishga majbur bo‘lgani kabi. Ammo, o‘zimni professional yozuvchi deb o‘ylamayman. Men o‘tkinchiman. O‘tkinchilik boqiylikdan ancha yaxshiroq. Hech yo‘q, oxirning qayerdaligini bilib turasan. Mangu qolishni kim yaxshi deb o‘ylab chiqarganini esa bilmayman, buning sababini ham tushunmay o‘lib ketsam kerak.
Bir necha satr yozgandan so‘ng jumlalarning til jismiga yopishgan-yopishmaganini tekshirib chiqaman. Hammasi joyidaligiga ishonch hosil qilgach, oqimni o‘z holiga tashlayman. Va bunda so‘zlar oralariga ma’no, alliteratsiya, majoz yo maromni qo‘shib olgani holda tirila boshlashadi. Matn hayotga qaytadi. Ularning shivir-shivirlariga, chaqaloqdek yig‘lashlariga quloq tutaman. Matn ohangi ba’zan men tanlagan so‘zlarni ortiqcha bilib yakkalab qo‘yadi. Men ham buni tushunib, ularni olib tashlayman hamda o‘rniga boshqa jumla tirkayman. Endi sahifada bir butun drama boshlanadi. Rollarda – so‘zlar.
Bari tugagach, satrlarga qo‘shilib o‘zim ham drama qahramoniga aylanib ketaman, boya ortiqchadek ko‘ringan so‘zlarni o‘z o‘rniga qaytarib qo‘yishim ham mumkin. Endi jumlalar orasida boshqa bir muhabbat hikoyasi boshlanadi. Bu muhabbatdan hosil bo‘lgan ma’no zurriyodlarini yig‘ish, albatta mutolaadan keyingi shirin tamshangancha uzoq xayol surish yo og‘ir o‘yga botishda ro‘y beradi. Ana keyin, boshqa bo‘limga o‘tishim mumkin.
Boshqa bir muhabbat hikoyasi…
Boshqalar meni bir yozuvchi yo bo‘lmasa tarjimon sifatida ko‘rishlari mumkin. Menimcha esa men, bir tilning farzandiman va boshqa tilga oshiqman. Bu oshiqlik va farzandlik orasidagi munosabatlar naqadar sodda va naqadar murakkabligini endi anglagandirsiz?
Ingliz tilidan Mirzohid Muzaffar tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2020 yil, 8-son