Xotinim Shirli ikkimiz juma kunlari kechki ovqatni doim onamnikida, Broiksda yeymiz. Juma men uchun har tomonlama qulay, chunki shanba dam olish kunim. (Men politsiyada, qotilliklarni tergov qilish bo‘limida ishlayman). Lekin o‘n sakkizinchi dekabr jumaga to‘g‘ri kelmasa ham biz onamnikiga boramiz, negaki o‘n sakizinchi dekabr – onamning tug‘ilgan kuni. Bu kuni yana bitta an’ana buziladi: onam qozon-tovoqqa qo‘l urmaydi. Shirli kechki ovqatni pishiradi, men idish-tovoqlarni yuvaman, onam esa sevimli yumshoq kursisida o‘tirib dam oladi. Oxirgi marta inspektor Milnerni boshlab kelganimni ko‘rib onam odatdagidan ham ko‘proq xursand bo‘ldi. Boshlig‘im bo‘lsa ham, bo‘limimizdagi bo‘ydoqlar orasida tug‘ilgan kunga boshlab borish uchun Milnerdan yaxshisi yo‘q. Bo‘yi o‘rtachadan pastroq, jussasi qoruvli, sochiga oq oralagan, iyakdor bu odam ma’yus ko‘zlarining javdirashi bilan yoshi o‘tgan ayollarni bir zumda o‘ziga rom qiladi. Milnerni ko‘rib onamning boshi osmonga yetdi. U boshlig‘imning yelkasiga qoqib qo‘ydi-da, politsiyachilar haqidagi eng beozor latifalarini birin-ketin aytib berdi. Kechki ovqat paytida esa unga ayyorona nigoh tashlab:
– Nega jo‘ja oyog‘ini oxirigacha yemayapsiz? Biror nimadan tashvishlanayapsizmi, inspektor? – deb so‘radi.
Inspektor Milner jilmaygan bo‘ldi.
– Har doimgidek ichimdagini topdingiz, – dedi u.
– Hozir yangi, bemaza bir ish bilan shug‘ullanayapmiz, ona, – dedim men.
– Fosh qilinmagan jinoyatmi? – onamga jon kirdi. U mening ishlarimga rosa qiziqadi, ko‘pincha jinoyatni mendan ancha ilgari fosh qiladi.
– E, fosh qiladigan joyi yo‘q bu ishning, – dedim men. – Qotillik sodir etildi, qotilning kimligini bilamiz, yaqin orada hibsga olsak ham kerak.
Inspektor Milner chuqur uf tortdi.
– Bo‘laqol endi, – dedi onam, – bor gapni menga aytib ko‘nglingni bo‘shat.
Men xo‘rsindim-da, kursiga joylashibroq o‘tirib gap boshladim:
– Xo‘sh, avval sizga professor, aniqrog‘i sobiq professor haqida gapirib berish kerak. Uning familiyasi Patnem. Yoshi elliklarda, u Joan ismli qizi bilan Vashington-skver yaqinidagi liftsiz uyda, uch xonali katalakday kvartirada yashaydi. O‘n yil burun Patnem eng mashhur kollejlardan birida ingliz adabiyotidan ma’ruza o‘qigan. Aytishlaricha, zo‘r olim bo‘lgan ekan. Lekin xotini o‘lgach, tushkunlikka tushib qolgan. Soatlab xonasidan chiqmay shiftga termilib o‘tiravergan. Ma’ruzalarga kechikib, ayrimlariga kirmay qo‘ygan. Dekan Patnemni uch-to‘rt marta ogohlantirgan, lekin erishgan yutuqlari-yu, oilasidagi judolikni inobatga olib ko‘p ham tergamagan. Ammo oradan ikki yil o‘tgach, kollejdagilar bu holatga chek qo‘yish kerak deb hisoblashgach, dekan uni ishdan bo‘shatgan.
– Qizi-chi, – dedi onam, – o‘shanda qizi necha yoshda bo‘lgan?
– O‘n yettida, – dedim men. – Kollejga endigina kirgan payti bo‘lgan. Otasi ishdan bo‘shatilgach, qiz ham o‘qishni tashlagan va professorning qo‘l qovushtirib o‘tirganini ko‘rib, ishlashi kerakligini tushungan. Harf terish va stenografiyani o‘rganib, advokatlik idorasiga kotibalikka yollangan va pul topa boshlagan. To‘g‘ri, hozir ular odmigina yashashadi-yu, lekin tirikchiliklari o‘tib turibdi.
– Qariya bo‘lib o‘tgan voqealardan so‘ng o‘zini o‘nglab ololmadimi? – deb so‘radi onam.
Inspektor Milner yana chuqur xo‘rsindi-da, hikoyamni davom ettirdi.
– Aksincha, borgan sari o‘zidan keta boshladi. Ishdan bo‘shatilgach, ichkilikka ruju qo‘ydi. Haftasiga ikki marta – dushanba va payshanba kunlari kechki ovqatdan keyin ko‘chaga chiqib ketib, uyiga yarim tunda g‘irt mast bo‘lib qaytadigan odat chiqardi.
– Bu ham mayli, – dedim men. – Professor Patnemni ishdan haydashganda, u hamma aybni dekanga to‘nkagan. Dekan Dakuort – uning tengdoshi, ular yoshlik davrlarida kollejda birga ish boshlab, ko‘p yillar qalin do‘st bo‘lishgan. Dakuort Patnemga ishdan haydalganini aytgach, professor rosa janjal ko‘targan, fakultetda bu voqeani haligacha eslab yurishadi. Patnem dekan unga hasad qilgani uchun ham ishdan haydayotganini, obro‘yini bir pul qilganini, xotinining o‘limiga ham Dakuort sababchi ekanini aytib tinmay o‘shqirgan. O‘ch olaman, deb tahdid qilgan. Oradan o‘n yil o‘tgan bo‘lsa-da, professor Patnem dekan Dakuortdan nafratlanishini haligacha hech kimdan yashirmaydi. Lekin yaqinda bu mashmasha mutlaqo boshqacha tus oldi…
– Nima ro‘y berganini sezib turibman, – dedi onam. – Dekanning hali uylanmagan yoshgina o‘g‘li bor, shundaymi?
– Yo, tavba, – deb yubordi inspektor Milner. – Bunaqa miya bilan bizning bo‘limimizga ko‘p foydangiz tekkan bo‘lardi.
– Shundoq ham anchadan beri foydam tegayapti, – dedi onam.
– Davomini eshiting, – dedim men, aslida eng chigal jinoyatlarni fosh qilishda onam menga qanchalik yordam berishini inspektor hatto tasavvur ham qilolmasdi. – Ha, gapingiz to‘g‘ri, ona. Dakuortning o‘g‘li Ted ham o‘sha kollejda dars beradi. Yoshi o‘ttizga borib qolgan bo‘lsa-da, u hali bo‘ydoq. Bir necha oy burun u Joan Patnem bilan nikohdan o‘tgan. Dekan Dakuort bundan juda mamnun bo‘lgan, lekin Patnem yana janjal ko‘tarib, qiziga: “Hayotimni barbod qilgan odamning o‘g‘liga erga tegishingga yo‘l qo‘ymayman”, deb aytgan. Dekanning o‘g‘lini esa uyining ostonasiga ham yaqin yo‘latmagan. O‘tgan hafta esa kechqurun Dakuortning uyiga bostirib borib, mehmonlarining oldida janjal ko‘targan. “Ishimdan, xotinimdan, obro‘yimdan judo qilganing yetmagandek, endi yolg‘iz qizimni ham tortib olmoqchimisan?” deb rosa o‘shqirgan. Keyin Dakuortni o‘ldirishga qasam ichib, “bu qotillik emas, qatl bo‘ladi,” deb aytgan. Shundan so‘ng Joan Ted Dakuortni otasi hovuridan tushguncha to‘yni boshlamay turishga ko‘ndirgan.
– Keyin nima voqea ro‘y berganini tasavvur qilish qiyin emas, – gapda davom etdim men. – Dushanba kuni kechki ovqatdan so‘ng professor Patnem odatdagidek ichgani ketgan. Joan uni kutgan. Patnem aroqdan bo‘kib, gandiraklagancha uyga tungi soat ikki yarimda qaytgan. Taxminan shu vaqtda politsiyachi Vashington-skverda Dakuortning murdasini topgan. Dekan tilka-pora qilib tashlanibdi, yonida esa qotillik quroli – aroq shishasining qoldig‘i yotardi. Biz tongda tinim bilmadik. Dekanning o‘g‘li va xotini Dakuort bir yarimda tungi gazetaning oxirgi sonini xarid qilish uchun metroga yo‘l olganini aytishdi. Lekin murdaning yonida gazeta yo‘q edi, matbuot shoxobchasidagi savdogar ham uni ko‘rmagan – demak, dekan qotilga o‘sha yoqqa borayotib ro‘baro‘ kelgan. Aytmoqchi, missis Dakuort va Ted dekanning qaytishini birga kutishgan, shunday ekan, jinoyat sodir bo‘lgan vaqtda ikkalasi ham uyda bo‘lgan. Tonggi soat oltida biz Patnemning oldiga borib, undan tunni qayerda o‘tkazganini so‘radik.
– Boyoqish, – dedi inspektor Milner bosh chayqab. – Hech nimaga fahmi yetmay, bizga baqrayib turaverdi. Qizi uni bir amallab uyg‘otdi. Dekan Dakuortning o‘ldirilganini aytuvdik, u gapimizni tushunmayotgandek, ko‘zlarini pirpiratdi. Keyin yig‘lab yubordi.
– Unga rahmim kelib ketdi, ona, – dedim men va Patnemning ahvoli ko‘z oldimga kelib, etim junjikdi. – Nihoyat uni ovutib tunda nima ish qilganini so‘radik. Patnem javob berishdan bosh tortdi.
– Bosh tortdimi yoki mast bo‘lgani uchun eslolmadimi?
– “Esimda yo‘q”, demadi, “aytmayman”, dedi. Xo‘sh, biz nima qilishimiz kerak edi? Hali uni qotillikda rasman ayblamadik, so‘roq qilgani politsiya bosh boshqarmasiga olib bordik, xolos. Hech kim unga teginmadi. Ammo o‘n ikki soat rosa so‘roq qildik. Patnem aybiga iqror bo‘lmadi.
– Qotil Patnem ekaniga ishonchimiz komil edi, – dedim men. – Shuning uchun uni o‘sha kuni yarim tunda ko‘rgan guvohlarni qidira boshladik. Patnemning suratini olib, yaqin atrofdagi hamma barlarni aylanib chiqdik. Nihoyat Dakuortning uyidan uch ko‘cha naridagi barning egasi Garri Sloun Patnemni tanidi. Oxirgi uch-to‘rt yilda Patnem uning doimiy mijozi bo‘lgan ekan. Qotillik ro‘y bergan kuni ham Garri uni ko‘ribdi. Yarim tunda, taxminan birdan o‘n beshtalar o‘tganda Patnem barning eshigini taqillatib shovqin sola boshlabdi. Bar yopiq, deyishsa ham ichkilik berishni talab qilib pulini ko‘rsatibdi. Garri aroq berib tezroq qutulganimiz yaxshi deb, uni ichkariga kiritibdi. Barmenning aytishicha, Patnem yarim shisha aroqni sipqorgandan keyingina ularni tinch qo‘yibdi. Bu paytda soat ikkidan o‘n beshtacha o‘tgan ekan. Bardagilarning aytishicha, Patnem faqat mast bo‘lish uchun ichmabdi, u nimadandir bezovta ekan. Missis Sloun uning aft-angorida qo‘rquv alomatini ko‘ribdi.
– Lekin bu Patnemning qotil ekanini isbotlamaydi-ku?
– To‘g‘riku-ya, lekin boshqa tafsilotlarni ham hisobga olsak, bu ancha ishonarli dalil. Birinchidan, Patnemning qotillik qilishga sababi bor edi. Ikkinchidan, imkoniyati ham bor edi. Vaqti ham to‘g‘ri kelayapti. O‘n ikki yarimda Dakuort gazeta olgani ko‘chaga chiqqan va yo‘lda tasodifanmi, yo‘qmi, har qalay Patnemga ro‘baro‘ kelgan. Taxminan o‘n beshta kam birlarda Patnem qo‘lidagi shisha bilan Dakuortning boshiga tushirgan. Shundan so‘ng nima ish qilib qo‘yganini ko‘rib, qo‘rqib qolgan. Patnem bo‘kib ichish uchun yaqinroqdagi barga yugurgan va u yerdan ikki-yu, o‘n beshlarda chiqib, uyiga yo‘l olgan. Qizi uning ikki yarimda uyga kirib kelganini aytdi. Patnemning o‘zini tutishi ham taxminlarimizga mos keladi – u Slounning barida aroq so‘rab turib olgan, buning ustiga tunda nima qilganini aytishdan bosh tortdi. Bu ishni yopildi desa ham bo‘ladi, ona.
– Ha, ish deyarli yopildi, – dedi inspektor Milner xo‘rsinib. – Bu dalillarni boshqacha izohlashning iloji ham yo‘q.
Oraga sukunat cho‘kdi. Keyin onam po‘ng‘illadi.
– Iloji bor, – dedi u. – Haqqoniy izohlash kerak!
– Yo‘q, yo‘q, – dedi inspektor Milner bosh chayqab. – Boshqacha izohni topmoqchi bo‘ldim… boyoqish qariya… lekin buning imkoni yo‘q.
– Hozir topamiz-da, – dedi onam. – Lekin avval sizlarga uchta oddiygina savol bermoqchiman.
Men darrov hushyor tortdim. Onamning “oddiygina savollari” odatda odamni gangitib qo‘yar, o‘zi ularga javob berguncha kalovlanib turaverardingiz.
– Bera qoling.
– Birinchi savol: dekan Dakuort haqida yana ozgina ma’lumot bersanglar. U professor Patnemning piyonistaligiga qanday qarardi? Piyonistalikni oqlarmidi, yo‘qmi?
Savolni be’mani deb hisoblasam ham indamay javob berdim.
– Hech ham oqlamasdi. O‘zi bir qultum ham ichmasdi, buning ustiga talabalarni aroqqa ruju qo‘ymaslikka undar, ichkilikni taqiqlashga urinardi.
– Yaxshi javob bo‘ldi, – dedi onam mamnun jilmayib. – Ikkinchi savol: politsiya bosh boshqarmasidagi so‘roqni tugatib, Patnemni uyiga, qizining yoniga olib borganinglardan keyin u nima qildi?
Bu savol ham be’maniday tuyuldi, lekin baribir javob berdim:
– Bilsangiz, bu ham bizga ma’lum, onajon. Patnem qochib qolmasin deb, kvartiraga soqchi qo‘yuvdik. Professor qizi va soqchimizning ko‘z oldida, divanda uxlabdi. Tongda uyg‘onib, nonushta qilgan. Pishiriq yeb, apelsin sharbati va kofe ichgan. Ikki dona qand solgan. Bu ma’lumotlar jinoyatni fosh qilishga yordam beradi deb o‘ylaysizmi?
Onam kinoyamga e’tibor ham bermay, jilmayib javob qaytardi:
– Miyangni ishlatsang, albatta yordam beradi. Oxirgi savol: qotillik sodir bo‘lgan o‘sha tunda yaqin atrofda “Shamol olib ketganlar” filmini ko‘rsatishmayotganmidi?
Bunisi endi ortiqcha.
– Shu ham hazil bo‘pti-yu, ona! Biz har qalay qotilni qidirayapmiz.
– Kim hazillashayapti? – dedi onam. – Savolimga javob berasizlarmi, yo‘qmi?
Inspektor Milner odob bilan javob berdi:
– Buning qotillikka nima aloqasi borligini bilmadimu, lekin aynan o‘sha paytda Lou kinoteatrida “Shamol olib ketganlar”ni ko‘rsatishayotgandi. Professor Patnemni so‘roq qilishga ketayotganimda ko‘zim tushuvdi.
– Mana, dalil ham topildi, – dedi onam xursand bo‘lib. – Ish bitdi. Professor Patnem hech kimni o‘ldirmagan.
Hayratdan inspektor Milnerning ko‘zlari pirpirab ketdi.
– Rostdan ham dalilingiz bormi?
– Hammasi kunday ravshan-ku, axir, – dedi onam qo‘llarini yoyib. – Ish yana sho‘ring qurg‘ur jiyanim Milliga borib taqalayapti.
– Jiyaningiz Milliga?.. – dedi inspektor hangu mang bo‘lib.
Onam bosh sermadi.
– Ha, boyoqish Milliga. Bu ayol doim sog‘lig‘idan nolirdi. Yuragi chatoq edi, boshi, oyog‘i, beli og‘rirdi, oshqozoni bezovta qilardi. Xullas, og‘rimagan joyi yo‘q edi, lekin dardi har yili o‘zgarardi. U erga tegmagani uchun bechora ukasi Morris Millini boqishga majbur edi. O‘zi ham uylanmasdi. Qizlarga qarashi bilanoq jiyanim Millining biror kasali qo‘zib qolardi. Bir kuni Milli qazo qildi. Oshxonadagi javondan suzmali pishiriqni olaman deb kursidan quladi-yu, boshiga zarb yedi. Jasadni ko‘zdan kechirgan do‘xtir Morrisga boshidagi g‘urrani hisobga olmasa, bu u ko‘rgan o‘liklarning ichida eng sog‘lomi ekanini aytdi. Lekin bu paytga kelib bechora Morris ellik yetti yoshga kirgan, sochlari to‘kilib, qorin qo‘yib oluvdi, ayollar unga qayrilib ham qaramasdi.
Onam jimib qoldi va uning gapni qayoqqa burayotganini tushunmay boshimiz qotdi.
Nihoyat Shirlining toqati-toq bo‘ldi.
– Buning qotillikka nima aloqasi bor, oyi?
– Bu savolning javobi shundoqqina burunlaringning tagida turibdi, – dedi onam. – Hamma gap kun tartibida.
– Qanaqa kun tartibi?
– Professor Patnemning kun tartibi. Aroqxo‘r professor doim dushanba va payshanba kuni, kechki ovqatdan keyin uyidan chiqib, nuqul bir xil vaqtda, yarim tunga yaqin g‘irt mast bo‘lib qaytib keladi, dedinglar. Menimcha, bu juda g‘alati holat. Chunki aroqqa pul topish uchun bo‘yinbog‘ini ham garovga qo‘yishga tayyor turgan odam har daqiqada qo‘lidagi soatiga qarayvermaydi. Qaraganda ham ko‘ziga hech narsa ko‘rinmaydi. Buning ustiga uning aynan dushanba va payshanba kunlari kechki ovqatdan keyin to yarim tungacha yo‘qolib ketishi menga bir narsani eslatayapti. Kinoteatrning kun tartibini eslatayapti. Dushanba va payshanba kunlari yangi filmlar qo‘yiladi, katta kinodastur esa aynan kechki ovqatdan yarim tungacha davom etadi.
– Nima demoqchiligingizni endi tushundim, ona…
– Jim bo‘l, – jerkib berdi onam. – Boshidayoq shunga aqling yetmadimi, endi gapimni bo‘lma. Professorning kun tartibi g‘alati tuyulgani uchun ham politsiyadagi o‘n ikki soatlik so‘roqdan keyin Patnem nima qildi, deb so‘radim. U uxlabdi, uyg‘ongach, nonushta qilibdi. Aroq haqida o‘ylamabdi ham! Ichkilik ham so‘ramagan! Agar Patnem g‘irt piyonista bo‘lsa, o‘n ikki soatlik so‘roqdan keyin bir stakan ham aroq ichgisi kelmaydimi? Kechirasizlaru, uni aroqxo‘r deganinglar g‘irt safsata. Shunday qilib ilk shubham to‘g‘ri chiqdi…
– Patnem piyonista emas ekan-da? – dedi inspektor Milner hangu mang bo‘lib.
– Bu kundek ravshan-ku, – dedi onam. – Aslida, u ichkilikni jinidan battar yomon ko‘rsa kerak. O‘zini piyonista qilib ko‘rsatadi, xolos. Patnem o‘n yil davomida har dushanba va payshanba kuni kinoteatrga borib yangi dasturni boshidan oxirigacha ko‘rgan. Keyin bir shisha aroq sotib olib qo‘li va yoqasiga quygan-da, qizi ko‘rishi uchun uyga gandiraklab kirgan.
– Nega axir? – dedim men. – Nega u shuncha yil qizini ahmoq qilgan?
– Jiyanim Millidan salomlar, – dedi onam jilmayib. – Professor ishini, o‘ziga ishonchni, hayotga qiziqishni yo‘qotgan odam. Unga qizining g‘amxo‘rligidan bo‘lak hech narsa kerak emas. Shuning uchun qizining erga tegib o‘zini tashlab ketishidan doim qo‘rqadi. Joanni yonida olib qolish uchun esa nochorlikdan ta’sirliroq biror bahona kerak. Mana shuning uchun ham Patnem aroqxo‘rga “aylangan”. Oqila, mehribon qiz piyonista otasini yolg‘iz tashlab keta olarmidi? Professorning bu hiylasi ish berdi. Joan ham Morrisning ahvoliga tushib qoldi. Lekin, balki bu safar hali vaziyatni o‘nglash mumkindir.
– Shoshmang-shoshmang, – dedi Shirli hovliqib. – Siz professor har dushanba kinoga borib, dastur tugagandan so‘ng, yarim tunda qaytib kelgan, deyapsiz. Lekin qotillik sodir etilgan kuni u ikki yarimda uyiga qaytibdi. Bu qotil Patnem ekanidan dalolat bermaydimi?
Onam kulib yubordi.
– Sen oxirgi savolimni unutibsan. Bu mening taxminim to‘g‘ri chiqqanini isbotlaydi, xolos. Yaqin atrofdagi kinoteatrlardan birida “Shamol olib ketganlar”ni ko‘rsatishgan. Bu kino esa odatdagi filmlardan bir soat uzoq davom etadi.
Shirli hayratdan sapchib tushdi.
– Mana, bu ishni ham bir yoqlik qildik, – dedi onam. – Shirinlikni kim olib keladi? Hammasiga o‘zim yugurishim kerak…
– Men olib kelaman, – deb oshxonaga qarab ketayotuvdim, Shirlining gapini eshitib to‘xtadim.
– Shoshmang-shoshmang, – dedi u onamga g‘olibona nigoh tashlab. – Siz, axir, qotilning kimligini aytmadingiz-ku. Professor Patnem piyonista bo‘lmasa, unda dekan Dakuortni kim o‘ldirgan?
– Kim o‘ldirganini haliyam fahmlamadinglarmi? – dedi onam ayyorona jilmayib. – Professorning piyonista emasligini isbotladik. Aroqxo‘r bo‘lmasa, u nima uchun Garri Slounning bariga tunda bostirib kirib, yarim shisha aroqni bir ko‘tarishda sipqoradi? Nega Garri Sloun va xotini Patnem barimizga to‘xtovsiz keluvchi doimiy mijozimiz deb aytishdi?
Inspektor ikkovimiz sergak tortdik. Milnerning peshonasi tirishdi.
– Sloun bilan xotini bizni aldashibdi-da? – dedi u. – Bu aniq. Dekanni Sloun o‘ldirgan. Dekan ichkilikbozlikka qarshi edi, talabalarga aroq ichishni taqiqlamoqchi bo‘lib yuruvdi. Agar niyatiga yetganda, talabalar Dakuort ko‘rib qolmasin, deb ichgani kollejdan uzoqroqqa ketishga majbur bo‘lishardi. Slounning asosiy mijozlari talabalar deb eshituvdim. Dekan uni kasod qilishi mumkin edi – hozirgi zamonda buning uchun o‘ldirishlari hech gap emas. Menimcha, Sloun aslida Dakuortni o‘ldirmoqchi bo‘lmagan. Dushanba kuni kechqurun qittak otib olgan Sloun gazeta xarid qilishga ketayotgan dekanni uchratib qolganu, uni ichkilikbozlikka hadeb qarshi chiqavermaslikka undagan, dekan unamagach, qo‘lidagi shisha bilan uni urib o‘ldirib qo‘ygan. Keyin uyiga qaytib, bo‘lgan voqeani xotiniga aytgan…
– Ertasi kuni kechqurun Slounning suvdan quruq chiqishiga o‘zimiz ko‘maklashibmiz-da, – dedim xo‘rsinib. – Unga Patnemning suratini ko‘rsatib, qotillik ro‘y bergan vaqtda professorning qayerda bo‘lgani noma’lumligini aytganimizdan keyin Sloun bilan xotini Patnemga qarshi guvohlik berib qo‘ya qolishgan.
– Ular hozir hech kimning esiga kelmasdi, agar… – qoyil qolgan Milnerning tili kalimaga kelmay qoldi.
Shirli menga ma’noli qarab qo‘ydi. Inspektor politsiya bosh boshqarmasiga qo‘ng‘iroq qilib, eru xotin Slounlarni hibsga olishni buyurdi. Men esa oshxonaga borib, Shirli pishirgan pirogdagi shamchalarni yoqdim. Pirogga uchta sham tiqilgandi: birinchisi onamning haqiqiy yoshi uchun, ikkinchisi onam tan olgan yosh uchun, uchinchisi baxt uchun. Pirogni dasturxonga olib chiqqanimdan so‘ng biz “Tug‘ilgan kuning bilan!” qo‘shig‘ini kuyladik va onam yosh qizlardek qizarib ketdi. Pishiriqni yoniga qo‘ydik-da, Shirli ikkimiz tilak tilab shamlarni puflashini so‘rab turib oldik. Lekin onam indamay, inspektor Milnerga qaradi.
– Siz haliyam nimadandir bezovtasiz, – dedi u.
– Meni kechiring, – dedi inspektor jilmayib. – Boyoqish qariya hech ko‘z oldimdan ketmayapti. Qizi bor gapdan xabar topgach, erga tegib qariyani tashlab ketadi. Bechora bir o‘zi qanday yashaydi?
Inspektorning ovozi qayg‘uli chiqdi. Onamning javobi esa g‘alati bo‘ldi.
– Qariya? Qaysi qariya? – dedi u savolga savol bilan javob berib. Keyin ko‘p gap aytib yuborgandek darrov pirogga urnadi. – Demak, avval tilagimni aytib, keyin shamlarni puflayman.
Onam ko‘zlarini yumib, bir nimalar deb pichirladi. So‘ng ko‘zini ochib pirogga engashdi-da, pufladi. Nima tilak tilaganini o‘sha oqshom hech kimga qaytmadi.
Rus tilidan Alisher Otaboyev tarjimasi
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2020 yil 8-son