Ehtimol, Pol Melkor bilan o‘rtamizdagi kelishmovchilikka pul sabab bo‘lgan, deyish to‘g‘ridir. Pol Melkor men ishlaydigan sug‘urta kompaniyasidan chorak million dollar mablag‘ olishni istagandi. Men esa uning bu muddaosiga xalaqit bermoqchi bo‘ldim. Gap shundaki, bunga aniq dalil-isbotim bo‘lmasa-da, men o‘zimcha Melkorni firibgar deb hisoblardim.
Birinchidan, sug‘urta kompaniyasida ishlaydigan barcha xodimlar kabi men ham odamlarga ishonmayman, nazarimda, hammasining fikri-zikri, yotsayam, o‘tirsayam, faqat bir narsa bilan band – bari pullarimizni tortib olishni o‘ylaydi. Ikkinchidan, o‘sha sohibjamol mallasoch xonimning o‘z hayotini endi butkul nogiron bo‘lib qolgan, hech qachon oyog‘ini yerga bosib yura olmaydigan erkak bilan bog‘lashiga ishonish mahol.
Bu qaddi-qomati kelishgan, baland bo‘yli, chehrasi qo‘g‘irchoqning yuziday yoqimtoy ayolning ismi Gey Frans edi. U sud zalida biror marta bo‘lsin ko‘ringani yo‘q. Albatta-da, Polning o‘zi ham guvohlar va tibbiyot ekspertlari bir yo‘la ikki yoqdan so‘roq qilingan zerikarli sud jarayonida ishtirok etmadi. Melkor sudda bor-yo‘g‘i bir marta qorasini ko‘rsatdi xolos.
– Xonimlar va janoblar, – deya murojaat qildi Polning advokati sud maslahatchilariga qarab, Pol Melkorni zambilga solib uning yoniga keltirishganda. – Mana qarshingizda o‘sha fojianing natijasi. Qachondir Pol Melkorning to‘rt muchasi sog‘ edi, u ham xuddi bizlar kabi bemalol yerni gursillatib yurardi, hayotdan bahra olib yashardi. Endi esa u hech qachon o‘rnidan tura olmaydi, biror qadam ham bosa olmaydi. Uning mudhish ahvolini ko‘rgan kishining xayoliga beixtiyor: “bunaqa yashagandan ko‘ra, o‘lgan yaxshiroq…” – degan fikr keladi
Melkor juda mahoratli “aktyor” edi. Illo, u zambilda yotar ekan, yuz ifodasi nihoyatda sokin, xotirjam edi, hech shubha yo‘qki, ichida butun vujudi quloqqa aylanib, advokatning so‘zlarini tinglayotgan sud maslahatchilarining ustidan kulib, o‘zining dohiyona rejasidan zavqlanayotgandi.
Yo‘q, albatta, bir qaraganda bu chindan ham – baxtsiz hodisa edi. Gap shundaki, o‘sha mudhish voqeaga aloqador Transport shirkati men ishlaydigan sug‘urta kompaniyasining mijozi edi. Pol o‘sha voqea paytida hatto yo‘lni ham kesib o‘tmayotgan, piyodalar yo‘lkasida turardi. Shu vajdan uni zinhor ehtiyotsizlikda ayblab bo‘lmasdi. Bu ham albatta uning foydasiga ishladi. O‘sha kuni yuk mashinasining kutilmaganda tormozi ishlamay qolibdi. Mashina kutilmaganda piyodalar yo‘lkasiga kirib ketib, Polni g‘ishtin devorga “qapishtirib” qo‘yibdi.
To‘g‘ri, tan olish kerak, yetkazilgan ma’naviy-ruhiy azoblar evaziga unga ikki ming dollar atasa bo‘lardi, biroq, bundan ortig‘i – ortiq! Kattagina sug‘urta puliga ega bo‘lish uchun u jiddiy tan jarohati olib, mutlaqo o‘nglanmaydigan mayib bo‘lishi kerak edi. Nafsilabrini aytganda, ishni chigallashtirgan narsa ham aynan shu edi! Pol Melkor oyoq-qo‘li ishlamay falaj bo‘lib qolganini ta’kidlar, shifokorlar ham uning asab tolalari shikastlanganligi to‘g‘risida uzuq-yuluq bir nimalar deganday bo‘lishardi-yu, biroq, Melkor rostdan ham falaj bo‘lib qolganmi yoki mug‘ombirlik qilyaptimi, degan savolga aniq javob bera olishmasdi.
Biz esa uning ortidan kuzatishga qaror qildik va hatto buning uchun alohida hamshira ham yolladik. Tag‘in, uning palatasiga mitti kamera o‘rnatishga ham muvaffaq bo‘ldik. Biroq, la’nati Melkor biror marta ham qimir etmadi. Bo‘ynidan to oyoqlariga qadar birorta mushagi bir karra bo‘lsin “qilt” etmaganini aytmaysizmi!
Ushbu vaziyatda men sud nima bilan yakun topishini hech bir qiyinchiliksiz oldindan bashorat qilishim mumkin edi. Oxirgi yillarda to‘plangan tajribalar shuni ko‘rsatmoqdaki, bunday hollarda sud maslahatchilari deyarli har doim da’vogar tarafida bo‘lishadi hamda katta miqdorda tovon puli to‘lash haqida da’vogar foydasiga hukm chiqarishadi. Melkor esa oz emas, ko‘p emas naqd chorak million dollar talab qilardi. Bu tullakning mo‘may tovon pulini olishiga ishonchim komil edi.
Noilojlikdan Polning o‘tmishini titkilashga qaror qildim va shu maqsadda Gey Fransni qidirib topdim. Melkor haftasiga bir yuz ellik dollar ishlab topardi. Bu hatto bo‘ydoq odam uchun ham urvoq bo‘lmaydi. Kiyinishi ham uncha yaxshi emas, bankdagi hisob raqamlari haqida esa gapirmasa ham bo‘lardi.
Demak, faqat ichkilik va ayollar masalasi qolyapti. Men Polga aloqador ayollarni qidira boshladim va Geyni topdim. Gey xizmat qiladigan “Oazis” restoraniga borib so‘rab-surishtirganimda, menga uning hech kimi yo‘qligini aytishdi. Geyning qanday kuylashini bir necha daqiqa tingladim-da, unda qo‘shiqchilarga xos haqiqiy ovozdan asar ham yo‘qligini darrov sezdim. Uni nega ishga olishgani ayon: illo, u qaddi-qomatiga yarashgan torgina oqshom ko‘ylagida binoyiday ko‘rinardi.
– Pol, nazarimda, bu yerga tez-tez kelib turardi, – deya o‘smoqchilab so‘radim men.
– Deyarli har oqshom, – tasdiqladi Gey.
– Shunga qaramay, kasalxonaga tushib qolganda, siz undan biror marta ham xabar olmadingiz, – gina qildim ayoldan.
– Umuman vaqtim bo‘lmadi, – asabiy yelka qisdi u. – Ishim ko‘p… Polga aytib qo‘ying, men uning mahriga tushmaganman.
Sud uzoq davom etmadi. Buni fahmlash hech qiyin emasdi – biz ishni boy berdik. Zimmamizga Melkorga 180 ming dollar tovon puli to‘lash majburiyatini yuklashdi.
– Axir bu talonchilik, kuppa-kunduzi to‘nash-ku! – dedim xo‘jayinga.
– Ha, aynan shunday, – fikrimga qo‘shildi u, – biroq, nima ham qila olardik, Rogan? Senda boshqacharoq biror fikr bormi?
– Bor-yo‘g‘i bitta, – xo‘rsindim men, – Melkorning ortidan kuzatishda davom etish. Qani, bu shol bo‘lgan muttaham 180 ming dollarni nimalarga sarflarkin…
Turgan gapki, Pol shuncha pulni nima qilarkin, degan savol meni juda qiziqtirardi, biroq, bu borada biror tayinli fikrga kela olmasdim. Vaqt… vaqt… Bu savolga faqatgina vaqt javob bera olardi.
Suddan so‘ng, ko‘p o‘tmay g‘alati hodisalar ro‘y bera boshladi. Hammasi Gey Fransning “Oazis”dan ketishidan boshlandi. Men shu paytgacha shunchaki taxmin qilgandim xolos, biroq tez orada taxminim mutlaqo to‘g‘ri ekanligi kunday ravshan bo‘ldi-qoldi… nazarimda bu betayin ayol ham nihoyat o‘ziga kerakli erkakni topgandi; ya’ni u xohlagan va doim intilib yashagan to‘kin va farovon hayot darajasini ta’minlab bera oladigan erkakni! Albatta, o‘sha erkak Pol Melkor degan xayolga bordim, lekin bu fikrim o‘z tasdig‘ini topgani-da negadir, baribir hayron bo‘ldim.
Kulgili, aqlga sig‘maydigan vaziyat, ammo bor gap. Tungi klubda qo‘shiq aytib yuradigan Gey Frans ismli sohibjamol o‘z ixtisosligini mutlaqo o‘zgartirib, og‘ir kasalga qarovchi enaga-hamshiraga aylanibdi-qolibdi. Yana eng ajablanarlisi, ular turmush qurib, qonuniy er-xotinga aylanishibdi.
Albatta, Pol ahmoq emasdi. U bizning mag‘lubiyatni tan olmasligimiz va bu dunyoda Pol degan g‘alamis borligini darrov unutib yubormasligimizni yaxshi tushunardi. Agarda biz uning tovlamachiligini fosh eta olganimizda edi, undan pullarimizni qaytarib olgan bo‘lardik. Endi nikoh masalasiga kelsak, buning tagida ham qandaydir qalloblik borday edi.
Nazarimda, bu paytga kelib men Pol Melkorning miyasida kechayotgan o‘ylarni o‘qib, tushuna boshlagandim. Aftidan, u avval boshdanoq Gey Frans bilan bog‘liq masalani pishitib olgandi. Ayol bu firibning oqibat-natijasi emas, aksincha, tag-zamini edi. Endi Melkorda enaga yoki hamshiraga to‘lash uchun yetarlicha pul bor ekan, u mallasoch malikasining ko‘nglini olish uchun tavakkal qilishga majbur edi.
Kasalxonadan chiqiboq, Melkor boshqa uyga ko‘chib o‘tdi. Endilikda u baobro‘ mavzedan uch xonali xonadonni ijaraga olgandi. Bitta yotoqxona “kasalxona palatasi” vazifasini o‘tar va bu yerda majruh bo‘lib qolgan bemor yotardi. Ikkinchi yotoqxona esa uning yakka-yu yagona enagasi bo‘lmish Gey xonim uchun edi.
Menimcha, xuddi shu yerda Melkor, shubhasiz, haddidan oshgandi. Men ehtiyotkorlikni unutib, bu baxtli juftlikni bir yo‘qlab qo‘yishga qaror qildim.
Tabiiyki, eshikni mallasoch xonim ochdi. U egniga moviyrang shoyi kofta va tor sariq shim kiyib olgandi. U tungi klubda qo‘shiq aytuvchi ayol uyda qanday yursa, xuddi shunday ko‘rinishda edi.
Gey meni “palata”gacha kuzatib kirdi va qimir etmasdan yotgan Melkorga qarab:
– Bu kishi o‘sha, sizning do‘stingiz ekanini aytgan odam, – dedi.
Hech shubhasiz, ayol unga “Oazis”dagi uchrashuvimiz haqida eslatayotgandi.
– U mening do‘stim emas. Nega kelding, Rogan?
– Ha, o‘zim shunchaki…pullarimizni nimalarga va qanday sarflayotganingni ko‘rgim keldi, – deya to‘g‘risini aytdim men.
– Sening nima ishing bor bu bilan?
– Oydinlik kiritib olish kerak bo‘lgan ayrim shubha- gumonlarim bor. Axir go‘zal mallasoch xonimlar tuzalishi mahol bo‘lgan bechora nogironlarga har kun ham turmushga chiqavermaydilar-ku?!
– Geyning menga bo‘lgan sevgisi beg‘araz, samimiy, – dedi Pol. – Munosabatlarimizning pul bilan bog‘liq hech bir jihati yo‘q.
– Bilasanmi, men uni birinchi bor ko‘rganimdayoq bir narsani payqagandim. U Florens Naytingeyl[1] xonimga juda-juda o‘xshab ketarkan.
– Rogan, bilasanmi, sening baxtsizliging, fojeang shundaki, sen hamma narsani dollar va tsentlar bilan o‘lchaysan.
– To‘g‘ri, – tasdiq ma’nosida bosh irg‘adim. – Shunaqa odatim bor.
– Xo‘sh, endi nima qilmoqchisan? – qiziqsindi Pol.
– Hozircha hech nima. Men juda sabrli odamman, Melkor.
Bizlar bir necha soniya davomida bir-birimizga nigohimizni uzmay qarab turdik. Shu vaqt mobaynida u biror marta bo‘lsin, qimir etgani yo‘q, biroq men ham uning juda mahoratli aktyor ekanini anglab turardim.
– Demak, meni tinch qo‘ymaysan, Rogan, shundaymi? – nihoyat savol berdi u.
– Haqsan. Seni umringni oxirigacha ta’qib qilaman.
Biz bir-birimizni juda yaxshi anglab turardik. Pol Melkorni ko‘rgani ko‘zim yo‘q edi. Unga bo‘lgan nafrat tuyg‘usi butun vujudimni, xayolimni egallab olgandi. Hozir esa Pol ham mendan qattiq nafratlanishini his qildim. Ayni damda u mening qiyofamda jaraq-jaraq pullaru sohibjamol mallasoch xonimdan huzurlanmog‘i uchun unga xalal bera oladigan yagona odamni – ashaddiy dushmanini ko‘rardi.
– Melkor, men boshidanoq o‘yin qilayotganingni bilgandim. Endi bu boradagi so‘nggi shubha-gumonlardan ham xalos bo‘ldim. Sen chindanam muttaham va qallobsan.
– Biroq, pullar endi mening qo‘limda, – eslatgan bo‘ldi u.
– To‘g‘ri, ammo sohibjamol mallasoch xonimlar o‘z hayotlarini hech qachon sendek nochoru notavon odam bilan bog‘lamaydilar.
– Bu bema’ni gaplaringga hech bir sudya quloq osmaydi, – dedi, kinoya bilan Pol.
– Men sudga murojaat qilmoqchi emasman. Hech bo‘lmaganda, hozircha. Biroq, sendan aslo ko‘z uzmayman. Ha, koshonang juda shinam ekan. Boz ustiga, bu yerda sizlardan boshqa hech kim yo‘q. Sening haqiqatan ham majruh bo‘lib qolganing va yoki qoyilmaqom tomosha ko‘rsatayotganingni birov bilmaydi… Ammo, bilasanmi, Melkor, – so‘zimda davom etdim men, – bu ahvolda bir umr yashay olmaysan. Qanchalik qulay, shinam bo‘lmasin, baribir umr bo‘yi bu xonadonda yashirinib yurolmaysizlar. Ko‘ramiz, mana bu pariro‘y xotiningni qachongacha shu qafasda ushlab tura olarkansan! Deraza ortida yorqin chiroqlar, zavq-shavqqa to‘la jo‘shqin hayot, istagan narsangni sotib olish, qo‘lga kiritish uchun yetarlicha puling bor. Lekin, buning uchun albatta to‘rt muchang sog‘, o‘zing ham quvvatliroq bo‘lishing lozim. Qolaversa, mana bu turmadek qafasda qamalib o‘tiraverish ham yaramaydi. Qani ayt-chi, Melkor, manavi oyimchang bu qo‘lbola qamog‘ingda yashashga qachongacha chidarkin?
Shu lahzada Melkorning ko‘zlarida g‘azab chaqnaganini ko‘rdim, gaplarim uning nozik joyiga tekkanini angladim, biroq, kutilmaganda u istehzoli iljaydi.
– Rogan, men senga hech kimga hech qachon gapirmagan gaplarimni aytmoqchiman. Gey ikkimiz bu yerda uzoq qolmaymiz. Tez orada bu yerdan jo‘nab ketamiz va hayotning sen aytgan o‘sha yorqin jozibalaridan bahramand bo‘lamiz.
– Shunaqami? Xo‘sh, buni juda bilgim kelyapti, qanday qilib bunga musharraf bo‘lmoqchisizlar?
– Kim biladi? – javob berdi u sirli jilmayib. – Ehtimol, bir kun tuzalib ketarman…
Nazarimda, men Melkorning ustamonligini to‘g‘ri baholay olmagandek edim. Uylanishining o‘ziyoq uning anchagina dovyurak va dadil ekanini isbotlovchi qadam edi. Biroq, uning bu safargi “yurishi” avvalgilaridan ham o‘tib tushdi. Bu haqda tasodifan bilib qoldim va darhol uning uyiga otlandim.
Borsam, ular safar taraddudida edilar. Ostonada ikkita sandiq va o‘nlab jomadonlar terilib turardi. Ular Gey Frans xonimning mening kompaniyamga tegishli pullarga sotib olingan ust-boshi bilan liq to‘la bo‘lsa kerak, albatta. Burchakda zambil, uning atrofida esa ikkita chapdast yigit o‘ralashar, chamamda, ular zambilni uydan ko‘tarib olib chiqmoqchi edilar.
– Meni kuzatib qo‘yishga keldingmi, Rogan? – masxaraomuz kulimsiradi Pol. – Ajoyib! Bu iltifotingdan boshim ko‘kka yetdi.
– Demak, eshitganlarim to‘g‘ri ekan-da?
– To‘g‘ri, albatta. Sen mening qanchalik mustahkam e’tiqod, sobit iroda egasi ekanimni bilmasmiding. E’tiqodli bo‘lish – bu faqat cherkovga borib ibodat qilish degani emas. Balki Yaratganga, uning karamu marhamatiga chin dildan iymon keltirish, ishonish degani. Men shunaqa, chin yurakdan ishonaman.
– Karomatlargami?
– To‘g‘ri topding, Rogan. Karomatlarga, mo‘jizalarga ishonaman. Kamafeo[2]ga borib, dardimga davo topishga umid qilyapman.
Xo‘jayin ular bilan ketishimga ruxsat berdi. Nazarimda, u ham xuddi men kabi bu mag‘lubiyatga chiday olmayotgan edi.
Albatta, yer yuzida Kamafeodan-da ko‘proq dong taratgan tabarruk qadamjolar bor. Ammo, Melkor o‘ziga ortiqcha e’tibor qaratmaslik uchun aynan shu qishloqni tanlagandi.
Samolyotni “tez yordam” mashinasi qarshiladi. Polni samolyotdan tushirib, mashinaga joyladilar, mallasoch xonim ham u bilan birga ketdi. Men ham ijaraga olgan mashinamda ularning ortidan ergashdim.
Kamafeoga payshanba kuni tushdan so‘ng yetib keldik. Kichkinagina mehmonxona odamlarga liq to‘la edi. Atrofni bir boshdan ko‘zdan kechirib chiqqach, bu yerga xasta-yu nogironlardan iborat elliktadan yuztagacha odam joylashganiga amin bo‘ldim.
Gey Fransning ko‘rinishi bu vaziyatda ham har doimgiday beo‘xshov va nojoiz edi. U dafn marosimiga kelib qolgan masxarabozni eslatardi. Garchi ayol erining maslahatiga ko‘ra, ko‘zga tashlanmaslik uchun anchagina sipo ko‘rinishga harakat qilgan va egniga odmi qora ko‘ylak kiygan bo‘lsa-da, ko‘ylagining tor va badaniga yopishib turganidan bu ayolning asl mohiyatini, botiniy siyratini bilish qiyin emasdi.
Pol Melkor mehmonxonaning yuqori qavatidagi xonalardan birini band qildi. Uni zambilda yuqoriga olib chiqa boshlashdi, mallasoch xotini ham ular bilan izma-iz zinadan chiqdi. Men esa qishloq bo‘ylab sandiroqlash va yo‘l-yo‘lakay Polning rejasini qanday barbod etishni o‘ylab ko‘rish uchun otlandim.
Kamafeo uncha baland bo‘lmagan tog‘ etagida joylashgan qishloq edi. Yuqoriga tomon boruvchi so‘qmoqning qoq belida bu yerlarda juda ko‘p uchraydigan kulrang toshdan qurilgan cherkov qad rostlagandi.
Men ana shu so‘qmoq yo‘ldan ketib borardim. Ortimda qolayotgan va ro‘paramdan chiqayotganlarning deyarli hammasi yo zambil ko‘targan yoki nogironlar aravachasi yetaklagandi. Zambil ko‘tarmagan yoki aravacha yetaklamaganlari, hech bo‘lmaganda qo‘ltiqtayoq bilan harakatlanishardi. Bu manzara har kimda ham yoqimsiz taassurot uyg‘otardi. Biroq, umumiy muhit kutilganidek u qadar tushkun emasdi. Xursandchilik ko‘ngilga sig‘masligini tushunsa bo‘ladi, biroq, nima bo‘lganda ham bu yerda g‘imirlab yurgan har bir bandanining ko‘nglida shifo topish umidi ustuvor edi. Bu yerga kelganlarning barchasini oldinga intilishga undayotgan bir narsa bor, u ham bo‘lsa – ilohiy bir mo‘jizaga, aql bovar qilmas karomatga ishonch. Melkorning aytishiga qaraganda, u ham aynan ana shu ishonch va e’tiqodga erishgandi.
Melkor haqida o‘ylar ekanman, yana jahlim chiqa boshladi. Bu qalloblikning eng dahshatli jihati mening kompaniyamga nisbatan qo‘llanilgan tovlamachilikda emas, balki Melkorning chin taqvodorlarning ham diniy e’tiqodlari ustidan kulayotganida edi. Menimcha, Melkor bu yerga tashrifining so‘ngida o‘zini xuddi mo‘jiza yuz bergandek tutadi. Shu asnoda bu qallob o‘zi kabi soxta emas, balki yuzlab haqiqiy nogironlarni aldaydi. Shuning uchun ham men uni qanday qilib bo‘lsa-da bu jirkanch ishdan to‘xtatishim kerak.
Qahru g‘azabim qaynab-toshib, nihoyat cherkovga yetib keldim. Qosh qorayib qolgan, ichkarida yuzlab shamlar porlab turardi. Zinada ruhoniylarning qora ridosiga burkangan, qorachadan kelgan, o‘rtabo‘y bir kishi turar va u nimagadir qo‘llarini ko‘targancha, meni olqishlardi.
Ehtimol, u mening bu yerda nima qilayotganimni tushunmay hayron edi. Zero, men shu turishimda bemorga ham, taqvosi butun xudojo‘yga ham o‘xshamasdim. Biz to quyosh mag‘rib tomondagi tog‘lar ortiga tamoman sho‘ng‘ib ketguniga qadar u yoq, bu yoqdan gaplashib turdik. O‘zining aytishicha, hamsuhbatim ruhoniy Konti ota ekan. Men ham unga o‘zimni tanishtirdim.
– Men sizlarning e’tiqodingizga mansub emasman, avliyo ota, – deya unga to‘g‘risini aytdim, – biroq, bu muqaddas va tabarruk joy meni qiziqtirib qo‘ydi. Muolajaning tartib-taomili qanday bo‘lishini so‘zlab bering?
– Siz odamlar bu yerdan qanday qilib shifo topishayotganini bilmoqchimisiz? – U ingliz tilida shoshilmasdan, asta-sekin, biroq xatosiz so‘zlardi.
– Shunday, avliyo ota, ilohiy karomatmi, mo‘jizami yuz berishiga umidvor bo‘lib, sog‘ayib ketish ilinjida kelgan odamlar haqida bilmoqchi edim.
– Ular, bu yerda asosan, ibodat bilan mashg‘ul bo‘ladilar. Qaysi birlari maxsus duo va oyatlarni o‘qishadi, biroq, ularning aksariyati eng oddiy duolar bilan kifoyalanishadi. Odamlar, bunda aslida, Bibi Maryamga topinadilar. Kamafeo – juda qadimiy manzilgoh, uning tarixi bir necha yillarni o‘z ichiga olgani uchun ham bu yer xosiyatli va muqaddas qadamjo sanaladi.
– Ya’ni bunda odamlar dardlariga davo so‘rab ibodat qiladilarmi? – aniqlashtirib olish uchun so‘rayman.
– Ha, bo‘tam, shunday.
– Xo‘sh? Ular shifo topyaptilarmi?
– Ibodat hech vaqt beiz ketmaydi, bo‘tam. Bu yerga nafaqat jismi xastalangan, balki qalbiga, his-tuyg‘ulariga zaha yetgan bandalar ham kelishadi. Shaxsan mening bir narsaga ishonchim komilki, ibodatdan so‘ng insoniy fazilatlardan mosuvo bo‘lib, toshga aylanib qolgan qalb ham, albatta taskin topadi.
– Siz ruhiy tarafini tushuntirdingiz…xo‘sh endi ayting-chi, ibodatlari, ixlosu e’tiqodlari bois kishilarning jismidagi noqisliklar ham shifo topganmi?
– Albatta, bo‘tam, bu yerda odamlarning nafaqat ruhlari, balki ahyon-ahyonda bo‘lsa-da, jismlari ham shifo topadi. Har holda shunday voqealarga shohid bo‘lganim bor… Siz, balki o‘zingiz ham cherkov devorlariga osib qo‘yilgan juda ko‘p qo‘ltiqtayoqlarni ko‘rgandirsiz… ular endi o‘z egalariga kerak bo‘lmay qolgan. Jismi jonlari darddan forig‘ bo‘lib, shifo topgan bemorlar shukronaliklarining ramzi sifatida qo‘ltiqtayoqlarini bu yerda qoldirishadi. Biroq, Parvardigor shifo umidida kelib ibodat qiluvchilarning hammasiga ham biron nima va’da bermaydi, albatta. Kimning dardiga davo berish, kimni shu holicha qoldirish faqat Yaratganning irodasiga bog‘liq.
– Demak, har holda Kamafeoda mo‘jiza-yu karomatlar sodir bo‘lib turar ekan-da, avliyo ota?
– Bo‘lmasam-chi, bo‘tam – bosh silkib ma’qulladi ruhoniy. – Bo‘lganda qandoq!
Men cherkovga kirdim. Cherkovning bir tomondagi devoriga chindanam ko‘plab qo‘ltiqtayoqlar osib tashlangan. Ularni sanab o‘tirmadim, bir qarashda ularning o‘ntacha ekanini anglash mumkin edi. Mehrob oldida shifo umidida yoqilgan shamlar lipillab turardi. Ularning soni qo‘ltiqtayoqlardan ko‘ra ko‘proq edi, albatta.
Cherkovda ibodat qilayotganlar ham bir talay edi. Ora-chora bitta-yarimta tiz cho‘kib o‘tirganlar ham ko‘zga tashlanardi. Hamma Parvardigorga iltijo qilib, undan o‘z nazari-e’tiboridan, mehru muhabbatidan, karomatu marhamatidan bebahra etmaslikni iltijo qilardi. Ertaga bu yerga Pol Melkor ham keladi. Va albatta, u ham ibodat qiladi.
Men ortimga, qishloqqa qaytdim va yo‘l-yo‘lakay kichik bir restoranga yo‘liqdim, biroq, bu yerdan biror shisha ham ichkilik topolmadim. Nazarimda, Kamafeoda o‘tkir ichimliklar sotish va iste’mol qilish taqiqlangan ko‘rinadi. Shuning uchun ham men tamaddixonaning bir chetida o‘tirgan ko‘yi hushyor va aqli raso holda noxush xayollarga berildim.
O‘sha kecha sira uyqum kelmadi. Miyamda bo‘lmag‘ur xayollar charx urib aylanaverdi. Ayni paytda qayerda ekanligimni o‘ylab, battar azoblanardim.
Endi Pol Melkor hammasini avvaldan puxta rejalashtirganiga mening zig‘ircha ham shubham qolmagan edi. Yuk mashinasi haqida gapirmayapman. U, albatta, tasodif edi. Biroq, halokatdan keyin sodir bo‘lgan barcha xatti-harakatlar – kasalxona, sud voqeasi, endi esa bu yerdagi tomoshalar… hamma-hammasi uning puxta ishlangan rejasi edi. Kamafeoga ham u o‘z rejasidagi “karomatli hodisa”ni ro‘yobga chiqarish uchun kelgandi.
Ertaga u yana yura boshlaydi, so‘ngra xotini bilan birga go‘zal hayot shavqini suradi. Tabiiyki, bu tovlamachilikda Gey xonimning ham ishtiroki bor. U Melkorning hamma pullarini bir yilga qoldirmay, tezgina ishlatib yuborishiga ishonchim komil. Hatto bu borada bahs boylashga ham tayyorman.
Qaniydi, uning bu ishlariga barham bera olsam, ammo qanday qilib? Buni qonuniy yo‘l bilan uddalashning iloji yo‘q. Shu bois men ham bor diqqat-e’tiborimni noqonuniy yo‘llarni axtarishga qaratdim. Biroq, biror tayinli fikrga kela olmay, tungi soat ikki-uchlarda pinakka ketdim.
Ertalab soat yetti yarimlarda ko‘chadagi g‘ala-g‘ovurdan uyg‘onib ketdim. Ziyoratchilar tonggi ibodat uchun cherkovga otlanayotgan edilar. Tezda kiyinib chiqib, ularga qo‘shildim. Pol Melkor ortilgan zambil butun bir mavze bo‘ylab cho‘zilgan tantanali yurishga chog‘langan qatorning taxminan o‘rtalarida edi. Zambilni kamafeolik zabardast yigitlardan ikki nafari ko‘tarib borardi. Gey Frans imkon qadar ko‘zga ko‘rinmaslikka uringan shekilli, bugun soddaroq alpozda bo‘lib, yigitlar bilan yonma-yon ketib borardi. U oq-mallarang zulflarini qora mantilesi[3] ichiga yashirishga qay daraja uringan bo‘lmasin, biroq bu urinishlari muvaffaqiyatsiz yakun topgani ko‘rinib turardi.
– Xayrli tong, Rogan! – salomlashdi Melkor. – Ibodatga otlandingmi? Taqvodor ekaningni bilmagandim.
– Melkor, men ham xuddi sen kabi e’tiqodli odamman.
– Parvardigordan nimalar so‘rab, duo qilmoqchisan?
– Hech nimani. Men shunchaki guvoh bo‘laman.
– Balki, omading chopib, biror g‘ayrioddiy hodisaga guvoh bo‘larsan, – dedi sirli tarzda u.
Tog‘ tarafga ko‘tarila boshladik. Marosimga otlangan odamlarni Konti ota boshqarib borardi. Biz asta-sekin manzilga yaqinlashdik. Ziyoratchilar diniy oyatlar va duolarni qiroat bilan takrorlab borishardi. Melkor va mallasoch xonim ham vaqti-vaqti bilan bir nimalar deb shivirlab qo‘yishardi. Ularning g‘o‘ldirab-g‘o‘ldirab aytgan bitta-yarimta so‘zlari qulog‘imga chalinguday bo‘lsa, g‘azabim qaynab ketar, ularning har ikkisini ham bo‘g‘ib o‘ldirgim kelardi.
Ha, yo‘g‘-a, ularni bo‘g‘ish qayoqda. Men uning rejasidagi karomatli voqeaga xalal berishga qaror qilgandim xolos. Keyin boshqa guvohlarning ko‘rsatmalarini yig‘aman. Dalilu isbotlarni yetarlicha qo‘lga kirita olaman, degan fikrdaman. Buning ustiga, har ehtimolga qarshi, deya o‘zim bilan fotoapparat ham olvolgandim. Garchi Melkorning aktyorlik mahoratiga shubha qilishga hech bir asos bo‘lmasa-da, ishonchim komilki, uzoq muddatli falajlikdan so‘ng tuzalib oyoqqa turgan odamning rolini o‘ynash uchun u bugun bor mahoratini ishga solishi tayin.
Oradan bir soatcha vaqt o‘tib, biz nihoyat cherkovga yetib bordik. Biz kelganda cherkov allaqachon odamlar bilan liq to‘lib bo‘lgandi. Zinalarda ham oyoq bosgulik joy qolmapti. Shuning uchun ham yigitlar zambilni zinapoya oldiga qo‘yib, o‘zlari qayergadir g‘oyib bo‘lishdi va biz bu yerda o‘zimiz qoldik. Tez orada atrofga ladan[4]ning xushbo‘y ifori taraldi, hammayoqni qo‘ng‘iroqlar jarangi tutib ketdi. Marosim boshlandi.
– O‘sha g‘aroyib karomat bugun ertalab sodir bo‘ladimi? – so‘rayman men.
– Nega endi sodir bo‘lmasligi kerak? – savolga savol ohangida javob yo‘llaydi Pol. – Ortiqcha vaqt sarflashning nima keragi bor? To‘g‘ri, men ham ayrim ziyoratchilarga o‘xshab bu yerda haftalab yo oylab qolib ketishim mumkin. Biroq, birinchi kuniyoq sodir bo‘lmagan mo‘jizaning ahamiyati ham haminqadar bo‘ladi-da. Men albatta shifo topaman. So‘ngra Gey ikkimiz bir yoqlarga jo‘nab ketamiz va bu go‘zal hayotdan istagancha bahra olib yashaymiz.
– Sen bu qalloblikni avvalboshdanoq rejalashtirgansan, – ayblay boshladim uni. – Hattoki, bu ziyoratgohni ham oldindan tanlab qo‘yganding, to‘g‘rimi?!.
– Sen shu bilan yengil tortadigan bo‘lsang agar, gaplaring to‘g‘ri, Rogan.
– Demak, avvalboshdanoq mug‘ombirlik qilayotganingni, o‘yin o‘ynayotganingni tan olasan, shundaymi?
U dovdirab qoldi. Uning katta gapirib maqtanish istagi o‘rnini endi ichki ko‘rquvmi, mahdudlikmi, har holda o‘ziga xos bir ehtiyotkorlik egalladi.
– Shuni bilib qo‘y, sudda buni qanchalik inkor etmayin, hozir, sening qarshingda buni tan olaman: ha, shunaqa, men avvalboshdanoq o‘yin qilgandim.
– Umid qilamanki, sen tovlamachilik qilayotganingni tushunsang kerak. Sening qilgan ishing oddiy o‘g‘rilikdan hech farq qilmaydi.
– Qo‘ysang-chi, Rogan, – jilmaydi u. – Kompaniyangni millionlari juda-juda ko‘p, shunday ekan, bir necha o‘n ming bilan kambag‘al bo‘lib, qashshoqlashib qolmasa kerak?!. Buning ustiga, men bu pullarni o‘zim ishlab topdim. Bu oson bo‘lmadi axir, kesilgan g‘o‘laday bir joyda – qimir etmay yotish oson ekanmi? Bilasanmi, men nima qildim? Hozir buni senga aytishim mumkin. Kasalxonada har kecha badantarbiya qilib turdim, mushaklarim atrofiya[5]ga uchrab batamom qurib qolmasligi uchun. Muntazam ravishda shug‘ullanganimga qaramay, sud nihoyalanishi paytida ham ahvolim aytarlik yaxshimasdi.
– Biroq, to‘ydan keyin ahvoling yaxshilangan, deb umid qilaman.
Ayni damda o‘zim bilan diktofon olmaganim va uning so‘zlarini yozib qolmaganim uchun qattiq afsuslandim, uning shu topda bari qilmishiga iqror bo‘lishini qayerdan bilibman.
– Albatta, uylanganimdan keyin ancha o‘zimga keldim, – fikrimni tasdiqladi u. – Shuni aytmoqchimanki, Rogan, Gey – farishtaning o‘zginasi, haqiqiy farishta. Bilasanmi, u meni qaytadan yurishga o‘rgatdi. Yurishni unutayozgandim axir. Soch-soqolimni qirishga, ovqat yeyishga va millionlab boshqa-boshqa narsalarni bajarishga qaytadan o‘rgatdi.
– Demak, sen yana qayta oyoqqa turasan va buni Yaratganning karomati deb ataysan, shundaymi?
– Tan olgin, Rogan, sen yutqazding, – iljaydi Melkor. – Meni tabriklashing mumkin. Faqat ko‘nglingga og‘ir olma. Xo‘sh, nima deysan?
– Jin ursin seni, Melkor! – dedim men.
– Rogan, sen yaramas odamsan. Yutqazishni bilmas ekansan.
– Bo‘ldi, yetar. Tur! Tur, qani, bu bechoralar ham Yaratganning karomatiga guvoh bo‘lib bir bahra olsinlar.
Pol Melkor avval xotiniga, so‘ng yana menga qaradi.
– Yaxshi, – boshini silkitdi Pol, – karomat bo‘lsa, hozir bo‘la qolsin. Bu be’mani diniy safsatalar juda jonimga tegdi… Mana qara… hozir ko‘z o‘ngingda haqiqiy mo‘jiza yuz beradi. Abrakadabra! Abrakadabra!.. – deya tez-tez g‘o‘ldiray boshladi u, biroq, hech narsa sodir bo‘lmadi. U hatto salgina qimirlab ham qo‘ymadi.
– Melkor, tur o‘rningdan! – chinakamiga jahl otiga mindim. – Tursang-chi, hozir tursang, basharangga bi-ir musht tushirardim, sabrimni sinama, tur.
Biroq, Melkor hamon zambilda harakatsiz yotardi. U zo‘r berib harakatlanmoqchi bo‘lganini, zo‘riqishdan labi-lunji lipillaganini ko‘rdim, biroq negadir o‘sha karomat sodir bo‘lmadi. Sahar chog‘i havo salqin edi, ammo uning yuzida ter tomchilari yaltiray boshladi.
– Nima bo‘ldi? – masxaraomuz kuldim. – Qo‘rqib ketdingmi? Tur, qo‘rqma.
– Men… turolmayapman, Rogan, – pichirladi Melkor. – Yo, Parvardigor, o‘zing asra, qimirlay olmayapman… qimirlay olmayapman!..
Bu voqea ana shunday yakun topdi. Pol Melkor bilan o‘rtamizdagi kelishmovchilikka pul sabab bo‘ldi, va bu borada u g‘alaba qozondi. Pullar qonuniy ravishda uniki bo‘lib chiqdi. Sug‘urta kompaniyamiz shu bilan uni o‘z holiga qo‘ydi.
Gey Fransning keyingi taqdiri menga ma’lum emas. Birgina bilganim shuki, Kamafeodan qaytishgach, u Melkorni tashlab ketdi. Axir aytgandim-ku, sohibjamol mallasoch xonimlar o‘z hayotlarini ojizu notavon, noshudu nochor, mayib-majruh odamlar bilan bog‘lamaydilar, deb.
Kamafeoda ro‘y bergan boshqa karomatlar haqida hech narsa deyolmayman, biroq, o‘sha karomatlardan bittasi har holda qanday sodir bo‘lganini aniq bilaman. Biroq, bu karomatdan so‘ng cherkov devoriga ilingan qo‘ltiqtayoqlar soni yana bittaga ortgani yo‘q. Bu chindanam Yaratganning karomati, biroq, teskari karomati edi. Shundan keyin ham, mutloq kutilmaganda teskari karomatlar ro‘y berishi mumkinligini e’tirof etmay ko‘ring-chi!
Rus tilidan Nodira Abdullayeva tarjimasi
[1] Florens Naytingeyl – 1820-1910 yillarda yashagan, asli Florentsiyada tug‘ilib, keyinchalik Angliyada istiqomat qilgan mashhur tibbiyot hamshirasi. U o‘z faoliyati davomida oddiy kasalxona hamshiraligidan to yirik jamoat arbobi darajasigacha ko‘tarilgan (tarjimon izohi – N.A.).
[2] Kamafeo – joy nomi (tarjimon izohi – N.A.)
[3] Mantile, mantilya – ispan ayollarining yelkaga tashlab yuriladigan to‘r ro‘moli (tarjimon izohi – N.A.).
[4] Ladan – ba’zi o‘simliklardan olinadigan, diniy marosimlarda yoqib tutatiladigan xushbo‘y smola (tarjimon izohi – N.A.).
[5] Atrofiya – uzoq vaqt mobaynidagi harakatsizlik tufayli muskullarning qurishi, harakatlanish qobiliyatini yo‘qotishi (tarjimon izohi – N.A.).