Jek London. Men anglagan hayot

Men oddiygina ishchi oilasida tug‘ilganman. Juda yosh kezlarimdanoq o‘z xayolot olamimda kuchli xohish-istaklar, shu mavjud hayotga bo‘lgan beadad zavqu shavq hamda qo‘l yetmas orzular osmonini kashf qildim, ha, bu yorqin niyatlarim mening bola boshim uchun nechog‘lik mahol bo‘lishiga ham rozi bo‘lgan holda ularga butun qalbimni fido qildim. Holbuki atrofimdagi muhit g‘oyatda achinarli, qo‘pol va quruq edi. Shunday bo‘lsa-da orzumand ko‘zlarimni faqat yuksakka tikardim, o‘sha tegramdagi moddiy turmush lavhalarini nazarim hech ilg‘amasdi. Tan olishim kerakki, jamiyatdagi mening o‘rnim ancha quyida edi. Bu yerdagi hayot ruh uchun ham, tana uchun ham qabihlik hamda baxt­sizlikdan o‘zga narsani ravo ko‘rmasdi sira. Vaholanki, qashshoqlik iskanjasida ruhu tana barobar ochlikdan sillasi qurib, beayov azoblanmoqda edi.

Shu g‘arib boshim uzra jamiyatning hashamatli turmush tarzi bo‘y ko‘rsatib, o‘zini tinmay ko‘z-ko‘zlab turardi, birdan ichimda xuddi o‘sha fusunkor saroy tomon ko‘tarilib chiqish istagi paydo bo‘lib qoldi. Men o‘sha saroyga qarab shu past joyimdan bor kuchimni sarflab bo‘lsa ham o‘rmalab chiqishga allaqachon azmu qaror qilgandim. Qasr­dagi barcha erkaklar nafis kiyimda edilar, egnilarida qop-qora kostyum bilan ohorli ko‘ylak, xonimlari bo‘lsa jozibali liboslar og‘ushida xirom bilan yurishardi. Yana bu yerda eng sara taomlar hozirlanar, to‘yguningcha maza qilib yeyishing mumkin edi. Bu ovqatlarning bari bitta odamga juda ko‘plik qilardi. Hammasidan ham bu joyda ruhing orom topadigandek edi. Butun aqlu xayolimni o‘g‘irlagan o‘sha serhasham hayot muhitida, men aniq bilardimki, ruhning ozodligi, toza va olijanob fikr­lash, risoladagiday umr kechirish kabi hayotning nodir tuhfalari mujassam edi. Bularning barini men o‘zim o‘qigan “Dengizbo‘yi kutubxonasi” turkumidagi romanlar orqali yaxshi bilardim, albatta; kitoblardagi yovuz qahramonlar va sarguzashtsevar darbadarlarni hisobga olmaganda mazkur oliy tabaqa vakillari hamma vaqt g‘oyatda teran mulohaza etishar, ravon tilda so‘zlashishar, nazokatli harakatlar qilishardi. Muxtasar qilib aytganda, misoli quyosh chiqishini shodu xurramlik ila kutib olganim kabi tepamda yarqirab, jilolanib turgan gulgun hayot ichida ham osudalik, ham aslzodalarga monand salobat va marhamat mavjud ekanligiga shaksiz ishondim, garchi bu kabi tushunchalar faqir qismatim uchun nomunosib bo‘lib ko‘rinsa-da, biroq ular tiriklik mazmuniga xushlik hamda viqor bag‘ishlashiga iqror bo‘lgandim, eng muhimi, bu hayotda odamning yashagisi kelardi.

Ammo kambag‘al ishchi oilasining bolasi uchun yuqoridagi porloq tole’ tomon ko‘tarilib chiqish oson emasdi, albatta, chunonchi biz kabi odamlar odatda xomxayollar va sarob orzular og‘ushidan to o‘lgunimizcha mosuvo bo‘lmaymiz. Men Kaliforniyada, o‘z ranchoyimda istiqomat qilardim, bor jon-jahdim bilan oliy tabaqa doirasiga chiqib olish uchun  mustahkam narvon qidirardim. Bolalik paytlarimdanoq pul dardida qiynalib yashardim, o‘sha aslzoda kishilarning  dunyoga qanday qilib badavlat, beg‘am bo‘lib kelganlariga aqlim yetmay, hadeb bola ongimni azoblardim. Keyinchalik shuni anglab yetdimki, inson qancha ko‘p ter to‘ksa, u shuncha boyib ketadi, ana o‘shandagina uning tirikchiligi ham to‘kis sharoitda bo‘ladi. Ushbu xulosamdan zudlik bilan hisob-kitob qilib oldim, basharti men to ellik yoshimgacha tinimsiz ter to‘kib, mehnat qilsam va tuzukkina mablag‘ jamg‘ara olsamgina mening jamiyatdagi o‘rnim ham yuqorilashib, dunyoning lazzat hamda baxt kabi mujdalaridan bahra olishimni tiniq idrok etdim. Shubhasiz, bu yo‘lda qashshoqlik tushovidagi og‘ir tosh singari uylanish dahmazasini ham qat’iy bir chetga surib qo‘ydim.

Shunga qaramay, jonimni jabborga berib, astoydil ter to‘kishimga to‘g‘ri kelardi. Binobarin, o‘n yoshimdanoq shahar ko‘chalarida gazeta tarqatib yuradigan bolakay qiyofasiga kirdim, sarsonlik va pul topish mashaqqati menga yanayam ko‘proq narsalarni o‘rgatdi. Baribir atrofimdagi borlig‘imni qurshab turgan ochlik, yupunlik va miskinlik balosidan hech qutulib ketolmasdim, tepamda esa hamon oromijon jannat bog‘i meni o‘ziga tinmay chorlab turardi, shunda xayolimda boshqa narvon topish fikri uyg‘ondi. Yangi narvon – biznes narvoni edi. Xo‘sh, men nima uchun arzimagan mayda chaqalarimni ham ming azob bilan hukumatning loy ko‘chalaridan qidirib yurishim kerak ekan, ikki donagina gazetani besh sentga olib, keyin ularni atigi o‘n sentga pullash orqali katta mablag‘ to‘plashim mumkinmikan? Yangi o‘ylab topganim biznes narvoni bo‘lsa boshqa gap, bu fikrim o‘zimga chunonam yoqib tushdi, darhol sochlarimni oldirdim-da, omadi chopgan savdogar shahzoda qiyofasida uzoq safarga otlandim.

Chig‘anoq qaroqchilari shahzodasi

Afsus! Ko‘rinishimni o‘zgartirib chakki qilibman! O‘n olti yoshimga to‘lib ulgurmasimdanoq “shahzoda” ham bo‘lvoldim endi. Lekin bu unvon bir gala kallakesar hamda o‘g‘rilar to‘dasi tomonidan berilgandi, ana o‘shalar menga xuddi shu laqabni yopishtirib qo‘yishdi: “Chig‘anoq qaroqchilari shahzodasi”. Ammo o‘sha damda men bu biznes narvonining birinchi zinasiga qadam qo‘yishga muvaffaq bo‘lgandim. Endi men yaxshigina sarmoyaga ega edim. O‘z qa­yig‘im, chig‘anoq ovlash uchun hamma uskunalarim bor edi. Safarda hamrohlik qilishi uchun bir sherik ham tanlab olgandim. Qayiq egasi hamda kapitani sifatida qo‘lga tushirgan o‘ljamizning uchdan ikki qismi mening hamyonimga tushar, uchdan bir qismi esa sherigimga qolardi, lekin bechora miq etmay xuddi men kabi mehnat qilar, joni va ozodligini tahlikaga qo‘yishga hammavaqt shay turardi.

Biroq qismatimiz sho‘r ekan, arang ko‘tarilgan narvonimizning birinchi zinasi ham tez orada barbod bo‘ldi. Bir oqshom xitoylik yaramas baliqchilar hujumiga uchradim. Qayig‘imdagi jamiki to‘r va arqonlarim menga allaqancha dollarga tushgandi. Bu rostakam o‘g‘irlik edi. Lekin men ham o‘zimga yetguday haqparast edim. Ular bilan mening oramdagi yagona farq ham shu jihat bo‘lsa kerak. Yulg‘ichlarga qarshi qurol ishlatishga majbur bo‘ldim.

Ammo o‘sha tunda yonimdagi hamrohim bitta bo‘lgani uchun yovuz to‘daga qarshi bas kela olmadim, sherigim landovurlarcha qayiq yoniga katta gulxan yoqdi va buning oqibatida butunlay qayiqni xarobaga aylantirib yubordi. O‘sha kecha hech qanaqa mablag‘im ham qolmadi, qaytanga biz saqlab qololmagan to‘r va arqonlarimizga iflos bosqinchilar ega bo‘lib olishdi. Chorasiz qoldim, kutilmagan inqiroz aqlimni dovdiratib qo‘ydi, kissamda qolgan oltmish besh dollar bilan qanday qilib kun kechirishimni bilolmay tang ahvolda edim. Vayron bo‘lgan qayig‘imni tashlab, boshqa qaroqchilar kemasida Sakramento daryosi tarafga hujumga ketdim. Omadsizlikni ko‘ringki, bu safarimda ham yana bezorilar to‘dasi bilan to‘qnash keldim, ular yangi qayig‘imni ham talon-taroj qilishdi. Zo‘ravonlar hamma narsamni o‘marib ketishdi, hattoki langargacha chang solishdi; keyinchalik esa noiloj taqdirga tan berib, quruq qolgan qayig‘imni arzon-garov pulga sotib yubordim. Bir amallab chiqib olgan biznes narvonimning birinchi zinasidan ana shu tarzda toyib ketdim va qaytib hech qachon biznes narvoni to‘g‘risida quruq xayol qilishni bas qildim.

Qora mehnat qo‘ynida

Shundan keyin so‘qir qismatim meni nihoyatda berahm mulkdorlar qo‘lida shafqatsizlarcha ezg‘iladi. Misoli jallod zodagonlar muskuldor bilaklarimdan pul ishlab, o‘z nafslari uchun farovon yashashni yo‘lga qo‘ydilar, holbuki mening peshonamga bu kabi yashash sira-sira nasib qilmasdi. Hayot boshimga bir-biridan mashaqqatli kunlarni soldi, avvaliga dengizda yugurdak, portlarda yuk tashuvchi bo‘lib ishladim, so‘ngra konserva zavodi, fabrikayu kirxonalarda kuchim ketdi; ustiga ustak maysazor­larni o‘rdim, gilam tozaladim, deraza yuvdim. Biroq shuncha qilgan mehnatlarimga yarasha haq ololmadim hech. Konserva zavodi direktorining bezatilgan izvoshda yayrab ketayotgan qiziga alam bilan tikilardim, u mening muskullarim tufayli rohat qilib borardi, o‘sha izvosh aravasi ham rezina shinalari ustida faqat mening quvvatim sababligina jo­yidan qo‘zg‘ala olardi. Fabrika xo‘jayinining nufuzli kollejga qatnaydigan o‘g‘liga boqib turib, yana bir karra o‘kinardim, u ham baquvvat muskullarim turtib turgan mana shu bilaklarim orqasidan ta’lim olardi oliy kollejida, uning kayfu safo qilib yurish­larida mening ham hissam anchagina edi.

Biroq men bulardan aslo g‘azablanmadim. Axir, bu hodisalarning bari o‘yin-ku. Hayot-ku bu, axir. O‘yindagi kuchli taraf esa hozircha ular edi. Mayli, dedim o‘zimga o‘zim, hechqisi yo‘q, men ham ojiz emasman, menam kuchliman. Ammo men jamiyatdagi o‘z o‘rnimni ular singari boshqalarning peshona teri evaziga emas, aksincha top-toza va halol qo‘llarim bilan yaratmoqchi edim. Mehnatsiz hayot halokat edi men uchun. Tobora tez, tobora qattiqroq ishlab, oxir-oqibat jamiyatga hattoki tirgovich ham bo‘la olardim.

Shunda taqdir yuzlarimga biroz kulib boqqanday bo‘ldi, orzu-xayollari xuddi menikiga o‘xshash bir ish beruvchi bilan ro‘baro‘ kelib qoldim. Halol ter to‘kishga mendagi ishtiyoq nechog‘lik baland bo‘lsa u mendan-da qolishmaydigan mehnatsevar edi. O‘zimcha tijoratni o‘rganayapman-da, deb o‘ylab yurgandim. Aslida esa har ikkalamiz uchun ham bir o‘zim mehnat qilayotgan ekanman, haqiqatda bo‘lsa, u meniyam haqqim bo‘lgan ellik dollarni indamay cho‘ntagiga urib qolayotgan ekan, ikki kishi uchun ter to‘kayotgan ishimga esa men oyiga qirq dollargina olar, ba’zan buyam qo‘limga o‘ttiz dollar bo‘lib tegardi. Bu razil kimsa meni o‘ldirguday qilib toza ishlatdi. Odam dengiz chig‘anog‘ini yaxshi ko‘rib yeyishi mumkin, ammo haddan ortiq chig‘anoq ham darrov ko‘ngilga uradi. Ortiq ish degan do‘zax azobini ko‘rgim kelmay qoldi. Axiyri u yerdan qochib ketdim. Endi eshikma-­eshik sarg‘ayib, ko‘chalarda tilanchilik qilib  sarson bo‘ldim, butun boshli Qo‘shma Shtatlarni tentiragancha yalangoyoq kezib chiqdim, xaroba kulbalar va zax qamoqxonalar ichida a’zoyi badanim chirib ketguday bo‘lib, yomon qiynaldim.

Uvol bo‘lgan quvvatim…

Qismatimga kambag‘al bo‘lib tug‘ilish bitilgan ekan, na chora,  mana hozir, umrimning avji barq urgan chog‘i – o‘n sakkiz yoshimda bu alamni yana-da teran, yana-da o‘kinch bilan his etardim. Men tamomila jamiyatning eng xilvat yerto‘lasida qolib ketgandim, mutlaq nochorlik hamda notavonlik qurboniga aylangandim. Hatto hasrat qilishga ham arzimaydigan noxush vaziyat bechorasi edim. Butun jismu jonim bilan tubsiz jarlik qa’rida ing­rar, jamiyat taraqqiyotining tomir-tomirlariga chirmashib ketgan tartibbuzarlik, parokandalik va chirkin qonunlar botqog‘idan qutulolmasdim. Hayotning yana bir haqiqati shu ekan, ko‘zlarim bu haqiqatga ters qarayolmadi. Omadsizligim va baxt­sizligim oqibat o‘z orzularimga xiyonat qilishga, ulardan yuz o‘girishga majbur etdi, bori ko‘rganlarim va anglaganlarim shu bo‘ldiki, oliymaqom tabaqa vakillarini qurshab turgan yorqin shu’la gardishi endi dilimga g‘addor bir qo‘rqinchni solib qo‘ydi. Men hatto orzu qilishga-da qo‘rqib qoldim. O‘zim nafas olayotgan mukammal taraqqiyot doirasidagi eng oddiy, eng oshkora qoidalarni aniq ko‘rib turardim. Hayot aslida bir boshpana va bir kosa yovg‘ondan iborat jarayon ekan, xolos.  Qorin va uy g‘amida esa odamlar bor narsalarini pullar edilar. Savdogar oyoq kiyimini, siyosatchi odamgarchiligini, so‘zsiz ba’zi bir davlat vakillarini hisobga olmaganda, ular hatto o‘z e’tiqodlarini-da zig‘ircha andishasiz indamay sotib yuboraverardilar; umuman olganda, hamma bozorda va bu bozorda inson nafsoniyatigacha sotilar edi. Sotuvchilik yo‘lida ayollar ham harakatga tushib qolishdi, ular torko‘chalar ichida yoxud xilvat go‘shalarda oppoq tanalaridan istaganlaricha foydalanishar, afsuski, bilmas edilarki, ular makruh lazzatlari bilan ayollikning muqaddas va ezgu maqomini-da yer bilan bitta qilib poymol etishardi.  Hayot misoli faqat mollar sotiladigan do‘konga o‘xshab qolgandi, hamma odamlar sotishar va sotib olishardi. Yolg‘iz mehnatninggina sotiladigan moli bitta: u ham bo‘lsa kuch edi, xolos. Jadallashib borayotgan taraqqiyot bozorida birgina og‘ir mehnatning bahosi yo‘q edi. Uning tanho mulki kuchli muskullar va yana shu muskullar edi faqat.

Ammo bu yerda muhim bo‘lgan katta tafovut ham bor edi. Sotib yuborilgan oyoq kiyimlar va yo e’tiqod, boringki, nafsoniyat ham o‘zlarini yangilab, qayta yaralish imkoniyatini topa olardilar. Ular beqaror, o‘zgaruvchan oddiy narsalardir. Biroq odamning kuch-quvvati bu boshqa masala, ketgan kuchni yana qaytarib, uni yangilab bo‘lmaydi. Poyabzal tijoratchisi oyoq kiyimlarini pullagani bilan u yana o‘z savdosini yurgizib ketaveradi. Lekin qora ishchining baquvvat muskullari vaqt o‘tishi bilan borgan sayin yupqalashib, tobora kuchsizlashib boraveradi. U qancha mehnat qilsa, shuncha ko‘p kuchini yo‘qotadi. Bechora nima ham qilsin, yagona davlati mana shu g‘udrush qo‘llari bo‘lsa, boshqa nimayam qila olardi, o‘tayotgan har bir kuniga muskuldor bilaklarini qurbon qilgancha tirikchiligini bir amallab o‘tkazishdan bo‘lak iloji yo‘q edi uning. Nogahon joni osongina uzilib qolmasa, sho‘rlik mehnatkashlarning umri to adog‘igacha shu zaylda mehnat va mehnat bilan o‘tib ketardi. Bordi-yu kuchdan qolguday bo‘lsa, noiloj kulbasi derazalarini yopib, o‘zini achchiq kulfat izmiga topshirishdan bo‘lak chorasi qolmasdi. Qora ishchining muskullari inqirozga uchragan on unda hayot nishonasidan ham hech qanday belgi qolmaydi, bemajol va behol ruhda jamiyatning o‘sha chirkin yerto‘lasiga yiqilib tushib, baxtiqaro holida jimgina o‘lib ketaveradi.

Oradan biroz vaqt o‘tib, xuddi sotilajak mollar singari inson miyasi qudratini, mulkini kashf etdim. Odamning ongi esa uning bilak­laridan mutlaqo farqli bo‘lgan bebaho boyligi hisoblanardi. Ong “sotuvchisi” esa dastlabki davrni endigina ellik-oltmish yoshga kirganidagina boshlagan bo‘ladi, uning haqqi ham boshqa mablag‘lardan ko‘ra borgan sari ko‘tarilib boraveradi. Bechora qora ishchilar kabi qirq besh-ellik yoshlaridayoq ishga yaroqsiz bo‘lib qolmaydi. Jamiyatning zax yerto‘lasida yashab kelarkanman, butun umrimning shu xarob yerda o‘tib ketishiga aslo-aslo rozi bo‘lolmasdim. Bu joydagi quvurlar va uskunalar umuman yashash tartibiga javob bermas, hammayog‘i isqirtlikka botib ketgan, havosidan esa umuman nafas olib bo‘lmasdi. Omadim kulib, istiqbolim gullaganida bormi, jamiyatning muhtasham mehmonlariday yashay olmagan taqdirimdayam istagan narxda o‘zimbop birorta boshpana sotib olgan bo‘lardim. To‘g‘ri, u yerda ham yashashning o‘ziga yarasha mas’uliyati bo‘lardi, albatta, biroq jilla qursa, erkin nafas olishim uchun loaqal toza havodan bahra olish baxtiga erishardim. Shunday qilib, ortiq bilaklarimdagi kuch-quvvatimni behuda sarf etmay, endi aql “sotuvchisi” bo‘lishga qaror qildim.

Isyonchi jamiyatshunos

Mazkur qarorimdan so‘ng belimni mahkam bog‘lab, ilm ketidan shiddat bilan quvishga kirishdim. Kaliforniyaga qaytib kelib, kitob­larimni ochdim. Aql va miya “savdogari” bo‘lib shakllanarkanman, o‘z-o‘zidan shaxsimni jamiyatshunos qilib tarbiyalashim muqarrar bo‘lib qolgandi. Bir qator kitoblar ichidan ongimda o‘zim yaratgan jamiyatga oid tushunchalarning ilmiy rejasini tuzib chiqdim. Shaksiz, mendan avval o‘tgan va mening tafakkurimdan-da shuurlari o‘tkir bo‘lgan kimsalar ham bu xil nazariyalarga e’tibor qaratgan bo‘lishlari mumkin. Biroq men o‘z nazarimda insoniyat uchun bag‘oyat kerakli bo‘lgan ulkan qoidalarni yaratmoqda edim. O‘zimni jamiyatshunos bo‘lib yetishayotganimni payqardim.

Aslida jamiyatshunos degani bu isyonchi odamlar demakdir men uchun, shu sababdan ular hozirgi davr sharoitini tubdan o‘zgartirib, kelajak yillar uchun yaxshi bir tuzumni barpo qilishni ko‘zlardilar. Men ham ular kabi haqiqiy jamiyatshunos va ularday chinakam isyonchi bo‘lib qolgandim. Bir qancha dunyoqarashi keng isyonchilardan tarkib topgan ishchilar guruhiga qo‘shilib oldim va ilk marotaba ong bilan yashashni boshdan kechirdim. Bu yerda men o‘tkir mulohazalar va chuqur idrokka to‘la mushohadalardan voqif bo‘ldim, kuchli, aqli yuksak, mehnatkash odamlar bilan topishdim. Muqaddas ibodatxonalarda quruqdan-quruq safsata sotib, voizlik qilayotgan va’zxonlaru dorilfunun ostonasini oyoqosti qilayotgan bilimsiz professorlarni ham o‘z qobiliyatlari  hamda chuqur ilmlari bilan mot qiladigan shunday kuchli doira vakillarini topdim, ular bor shijoatlari bilan odamzodni cheksiz botqoqlik changalidan qutqarib qolishga harakat qilardilar.

Mana shu haqgo‘y odamlar orasida men insonga xos bo‘lgan iliq e’tiqodni, orzuparastlikni, xudbinlikdan chekinishni, bor illatlarni rad qilib, mehnat uchun jafokashlikni, ruhning bor saodatini anglab yetdim.

Bu yerdagi hayot halol, pok va jonli kechardi. Nahotki yer yuzida mana shunday hayot ham mavjud bo‘lsa, g‘aroyib, shonli; qayta tirilganimdan nechog‘lik baxtiyor edim!.. Nihoyat izlay-izlay topganim bag‘oyat buyuk qalblar bilan hamnafas yashayotgandim, zotan bu dillarning ruhi g‘aram-g‘aram dollarlaru millionlab aqchalar ustidan masrur, beparvo uchib o‘ta oladi,  biroq jami jahon tevaragidagi iqtisodiy tanglik borasida ular zinhor sukut saqlamaydilar, qahatchilikda halok bo‘layotgan bolakaylar faryodiga quloqlarini berkitib olmaydilar. Hayot naqadar go‘zallashib ketdi, ana olijanobligu ana oliyhimmatlik, ana qahramonlik qudrati, endi kunlarim quyosh nuriga cho‘milgan holda, tunlarim yulduzlar shu’lasi ichra charog‘on o‘tardi; bir dam ko‘z oldimdan mislsiz qiynoqlarga to‘la, bir-biridan o‘tli, bir-biridan og‘riqli kechgan qora kunlarim o‘ta boshladi, nahot bir odam bolasiga shuncha zulm, shuncha ko‘rgilik yog‘ildi, berahmlik qurboni bo‘ldi u, ammo oqibat sho‘rlik baribir o‘sha yovuz muhitdan, achchiq hayot iskanjasidan qutulib chiqdi va hamma-hamma ko‘rganlarini ortga tashladi. Men ahmoq bo‘lsa o‘sha mudhish balolarning barini rohat-farog‘atga erishish yo‘lidagi arzimas zahmatlar deb tushunibman va o‘sha zahmatlar meni bir kunmas bir kun jamiyatning baland shohsupasiga ko‘tarib chiqadi, deya xomtama bo‘libman, behuda ro‘yo ortidan chopibman. Kaliforniyadagi ranchoyimga kelib endi o‘zgacha mulahazalar bilan “Dengizbo‘yi kutubxonasi” romanlarini qaytadan mutolaa qilishni boshlagan kunimdanoq xayolimdagi ko‘p quruq dahmazalarni, to‘g‘rirog‘i, ro‘yolarning barini chiqarib tashladim. Shundagina butkul amin bo‘ldimki, ichimda to shu kunlarimga qadar saqlab kelgan o‘sha xomxayollarning barchasini o‘z idrokim bilan tamoman barbod qilibman.

Anglash

Ong “sotuvchisi” sifatida ancha omadim keldi. Jamiyat bor eshiklarini mening istiqbolimga lang ochib berdi. Ana endi bemalol, to‘g‘ri muhtasham mehmonxonalarga kirib borar, qo‘l tekkizishim mumkin bo‘lmagan narsalarni behadik ushlay olardim, biroq, biroq tezda yuragimni yana sovuqqonlik, bu xil turmushdan ixlossizlik, bezganlik hislari qurshay boshladi. Men oliymansab janoblar bilan bitta dasturxonda ovqatlanar, ularning serhasham ayollari va qizlari bilan birga taom yerdim. Tan olaman, bu kibor xonimlar did bilan kiyinishgan, yaxshilab bezanishgan edi, ammo sodda bir hayrat bilan shu narsani nogoh kashf qilib topdim, mening asl tabaqamdagi qora ishchi ayollarning ham badani shu xonimlarniki bilan bir xilda edi. Mana, polkovnikning sertamanno xotini bilan oddiygina ishchi Judi O’Gredining tanalari bitta tusda ekan, faqat xonimning yaltiroq liboslari uni yashirib turardi, xolos.

Aqlimni lol qilgan narsa faqat bu emasdi. Rost, maloikalarday ko‘rinishga urinayotgan bu boylikka o‘ch ayollar, pulsevar erkaklar chiroyli tilda so‘zlashar, fikrlarini ravon ifodalay olishardi; ammo shunday bo‘lsayam ular yashayotgan hayot lavhalari nihoyatda rasvo, yemaklari harom edi, o‘zlari esa o‘lguday xudbin edilar! Qilib qo‘ygan ozginagina xayr-saxovat ishlarini ham ming martalab og‘iz ko‘pirtirib maqtanishar, holbuki, egnilaridagi allaqancha dollar turadigan bebaho kiyimlarini, qimmat taqinchoqlarini, og‘izlaridagi shirin taomlarini kichkina ishchi bolakaylarning peshona teri orqasidan, nechog‘lik og‘ir mehnat evaziga kelayotganini bilishmasdi. Bu kabi asoslar xayolimda birdan Judi O’Grediga tanadosh mana bu xonimlarning to‘satdan insofga kelib, go‘yo qonga bo‘yalgan ko‘ylaklari va tilla taqinchoqlarini ustilaridan yulqib olishib, qattiq darg‘azab bo‘lgan qiyofalari jonlanib ketdi negadir, men emas, go‘yoki endi ularning o‘zlari uvollik va zavollik to‘g‘risida va’z o‘qishar, jamiyatning zax yerto‘lalarida halok bo‘layotganlar qismatiga dil-dillaridan achinishardi. Biroq real hayotda bu lavha hech qachon akslanmasdi, albatta, olti yoshli bolakayning har tunda o‘n ikki soatlab qora terga botib ishlayotgan taqdiri bilan ularning bir mirilik ishi yo‘q edi, aslida mening hayotimni kulfatga aylantirayotganlar ham shular – Judi O’Gredidan bir pog‘ona ham yuksakda turmaydigan kalondimog‘ xonimchalar edi.

Yaxshisi, ular bilan mening ham ishim bo‘lmagani ma’qul edi. Men orasta kiyingan, aslzoda, aqlli ko‘rinadigan erkaklar bilan tanishishga kirishdim, ularning orzu-o‘ylari ham xuddi ko‘rinishlari kabi tiniq, asl va jonli bo‘lishi kerakday edi, nazarimda. Jamiyatning eng baland kursilarini egallab o‘tirgan bir guruh voizlaru siyosatchilar, biznesmenlaru professorlar hamda noshirlar bilan ulfatchilik qilib yurdim. Ular bilan birga ovqat yer, birga sharob ichar, bitta mashinalarda yurar va shu asnoda ularni o‘rganib ham borardim. To‘g‘ri, kiborlar orasida rostdanam aqlli, aslzodalarni uchratdim  ham, biroq ular benihoya kam edi, bo‘lganlari ham u qadar jo‘shqin emasdilar. Goho shu qadar ongim xiralashib ketardiki, hatto ikkala qo‘limdagi barmoqlarim hisobidan adashib ketardim. Baribir bu xil omma vakillarining bari chirik muhit ichida jonlana olmasdilar, harom turmush bag‘riga butunlay qorishib ketishgandi, faqat ahyon-ahyonda aslzodalarcha madaniyat qirralarini namoyon qilib qo‘yishardi, xolos. Lekin shunchaki edi bular. Ayniqsa, men tanishib olgan universitet professorlarining gap­larini aytib o‘tmasam bo‘lmasdi, ularcha “ko‘p aqlli bo‘lishdan hech foyda yo‘q edi”.

Jaholat urushlariga g‘oyalari qarshi bo‘lgan Tinchlik Shahzodalari deb ataluvchi “qahramonlar”ni uchratganimda, balki endi fikrlarim o‘zgarib ketar, deb o‘ylagandim, ammo keyin bildimki, bu “tinchliksevar” kishilar o‘z fabrikalaridagi ish tashlashga chiqqan xodimlarini kiprik qoqmay otib yuboraverishar ekan. Yanayam dahshatlisi, o‘z olchoqligi bilan shafqatsizlarcha, tuturiqsiz vaysagan odamning qo‘rqinchli hikoyasi bo‘ldi, o‘sha yovuz kimsa har yili tug‘ruqxonalardagi chalajon tug‘ilgan go‘daklarni o‘g‘irlab, ularni o‘ldirar, evaziga kelgan mo‘may daromaddan qornini qappaytirib yurar edi.

Men yo‘limda uchragan har bir klublaru uylardagi, mehmonxonalardagi odamlar bilan hamsuhbat bo‘laverdim, sanoat fabrikalarining zarhal kursilarida yastanib o‘tirgan boshliqlari bilan yuzma-yuz keldim va hayron qoldim, nega bu boshliqlar shuncha oz fursat ichida bunchalik bo­yib ketishdiykin? Bir tomondan ulardagi aql, ya’ni biznes tuyg‘usining yaxshigina rivoj­langanini ko‘rdim. Yana ularning ruhiyatlarini ham tushunib qoldim, bizneslari nol bo‘lgan kun ularning ham paytavalariga qurt tushib, tipirchilab qolishardi.

Mana bu oriqqina, kibor qiyofadagi qo‘g‘irchoq-maniken fabrikasi va turli asbob-uskunalar korporatsiyasining direktori maxfiy ravishda beva ayollarni va yetimlarni o‘g‘irlab kelardi. Eng sara nashriyotlarni egallab olgan mana bu janob bo‘lsa o‘zini go‘yoki adabiyot homiysi kabi tutar, shaharchadagi barcha bosmaxonalarni ham o‘ziniki qilib olgandi. U o‘sha nashriyotlarida tibbiyot bo‘yicha maslahatlar chop etishdan hayiqmasdi-yu, ammo yonidagi bir varaq qog‘ozga o‘zining naqadar xudbin va olchoq ekanligini yozishga jur’at qilolmasdi.

Qarshimdagi bu janob esa, allaqancha ishchi va asboblarga ega odam, haromdan haq olishda ustasi farang, haqiqatni aytganda, tarbiyasiz bir xo‘jayin; manavi hokim bilan oliy sud hakami ham xuddi shunday; uchalasi ham bitta tovoqdan luqma yeyishardi. Idealizmning go‘zalliklari hamda Yaratganning marhamati to‘g‘risida jon kuydirib so‘zlayotgan janob esa hozirgina biznes ishida o‘z do‘stlarini sotib kelgandi. Ibodatxonalar dahosiga aylanib qolgan mana bu kishi bo‘lsa o‘zini behad saxovatpesha qilib ko‘rsatishga taraddudlanardi hadeb, holbuki uning xususiy magazinlarida kuniga o‘n soatlab ishlaydigan bokira qizlarni ochlikdan sillasi qurigancha chunonam ishlatar, keyin esa to‘ppa-to‘g‘ri fohishaxonalarga ravona qilardi. Oliy ta’lim bosh­qarmalaridan birining boshlig‘i esa daromad solig‘i bo‘icha sudda yolg‘on guvohlik berib, ikki nafar begunoh nochorni nohaqdan-nohaq o‘limga ro‘baro‘ qilgandi.

Hamma joyda ahvol shu edi: jinoyat va xiyonat, xiyonat va jinoyat – jo‘shqin odamlar bor edi-yu, ammo ular chinakamiga na pok va na olijanob edilar, illo pok va olijanoblari esa jo‘shqin va haqparast emasdilar. O‘rtada notavon ulkan olomon ham turardi, ular na olijanob va na jo‘shqin edilar, oz-moz halol edilar, xolos. Ehtimol hech kimni ayblab bo‘lmas ham, jamiyat holatini uzil-kesillik yoxud ehtiyotkorlik bilan mutlaq bir yoqli qilib bo‘lmaydi, bu beqaror va betizgin jarayon, lekin ayni damdagi axloqsizlik, sharmisorlik, yuzsizlik hamda olchoqlik kabi illatlarga-da aslo sustkashlik bilan yo‘l qo‘yib bo‘lmasdi. Zotan hali haqsevar, vijdonli, oliyhimmat insonlar tirik ekanlar, xiyonat va jinoyat dunyosi uchun foydali bo‘lgan bor amallarni tag-tomiri bilan yo‘qotib tashlash zarur edi.

Vanihoyat, shuni anglab yetdimki, men jamiyatning bu singari hashamatli saroyi ichida yashashni istamas ekanman. Miyam juda og‘rib ketgandi. Aqlan va ruhan bemorga aylanib qolgandim. Banogoh o‘zimga safdosh, fikrdosh va qo‘ldosh do‘stlarim yodimga tushdi, yuzsiz voizlaru vijdonsiz professorlardan ko‘ra yuragimga o‘zimning o‘sha ongli, halol ishchi o‘rtoqlarim azizroq edi, o‘sha quyosh nuriga chulg‘angan kunlarim, o‘sha yulduzlar charaqlagan fayzli tunlarim xotiramni yoritdi, menga o‘zim izlagan rostakam saodatni ato etadigan, mehru muhabbat hamda xokisor hayot nafasi ufurib turgan jannatiy go‘shamni behad sog‘indim. Yolg‘iz shu sog‘inchgina kuygan dilimga tuganmas harorat bag‘ishlab turardi. Kelajakka boqarkanman, endi meni oldinda hamisha yaraqlab, hamisha porlab turuvchi qutlug‘ kunlarim kutayotganiga astoydil umid qildim.

O‘zlikka qaytish

Shunday qilib, o‘zim tug‘ilib o‘sgan oilaga, soddagina ishchilar davrasiga qaytdim. Ortiq tepaga ko‘tarilish to‘g‘risida o‘ylamay qo‘ydim.  Bir paytlar o‘zini ko‘z-ko‘zlab boshim uzra tovlangan mahobatli saroy shu tobda ko‘nglimga hech qanday havas o‘tini solmadi. Qasr ichidagi botqoqlik, chirkin muhit – aqlimni kirgizdi. Zotan endi o‘z qo‘llarim bilan, shu muskuldor bilaklarim bilan, shu qo‘ldosh, fikrdosh do‘stlarim yonida yelkama-elka turib, hammamiz birgalikda, o‘zimizning muhtasham saroyimizni quramiz. Biz yaratgan qasr ichida aslo chirik hayot sarqitlari, tiriklayin yerga tiqilgan jonlar nolasi, vahshatli xudbinligu badbin tushunchalar hukm surmaydi. Biz, eng avvalo, zax yerto‘lalarni yaxshilab tozalaymiz va u yerda odamzod uchun yangi bir yashash makonini yaratamiz, u makonda hech qanday hasham, hech qanday jimjimali bezaklar bo‘lmaydi, hamma xonalari musaffo va charog‘on bo‘ladi, biz nafas oladigan havoda esa poklik, oliyjanoblik, halollik harorati ufurib turadi hamisha. Axir, chinakam hayot nafasi shunday bo‘lmaydimi?

Men anglagan hayot

Ertangi kundan shunday beadog‘ baxtiyor damlarni tiladim va ishondimki, tokim inson  o‘z nafsidan ko‘ra nimanidir yuqoriroq qo‘yib, o‘sha yuksak orzusi yo‘lida kurasha boshladimi, shubhasiz, u albatta baxtli bo‘ladi. Odam bolasining ana o‘shanday saodatmand onlariga bog‘langan ishonch tuyg‘ularimni dilimga mahkam qilib tugib qo‘ydim. Yana shunga qattiq amin bo‘ldimki, ruhiy oromijonlik hamda xokisorlik hammavaqt irkit mechkaylik, olchoqlik, tubanlikni zabt eta oladi. Mening esa bor e’tiqodim, bor mehru muhabbatim alaloqibat oddiy mehnatkash odamlar uchun fido bo‘ldi.

Nyuton, Iova
1905 yil, noyabr

Ingliz tilidan Qandilat Yusupova tarjimasi

«Yoshlik» jurnali, 2018 yil, 2-son