Jek London. Isyonchi (hikoya)

Turaman. Mehnatga chaqirar kunduz.
Yalqovlikni ato qilmagin, yo, Rab!
Kunduzi tanamdan agar chiqsa jon,
Qilgan mehnatim chun aylagil ehson!
Omin.
— Hoziroq tur, Jonni. Bo‘lmasa ovqat bermayman!
Bu gap bolaga ta’sir qilmadi. Bola uyg‘onishni sira ham istamas, xayolparast o‘z xayoliy orzulari-dan ajralishni istamaganidek, shirin uyqudan ajralgisi kelmasdi. Bola mushtlarini qisib, zaif va tartibsiz ravishda havoni mushtlardi. Bu zarblar onasiga qarshi qaratilgan, ammo onasi bunga odatdagidek chaqqonlik bilan chap berar va bolaning yelkasidan ushlab, uni qattiq-qattiq silkitar edi.
– Bor-e-e!..
Bola uyqu aralash bo‘g‘iq ingradi-yu, ammo bu ingrash tezda g‘azabli qichqiriqqa aylandi, keyin bola jim bo‘ldi-da, ketidan allanarsalar deb g‘o‘ldiradi. Bu jon achchig‘idagi qichqiriq, jahannamda jon azobi chekib yotgan odamning alamli qichqirig‘i edi.
Ammo ona bunga e’tibor bermadi. Ko‘zlari g‘amgin, yuzlari horg‘in bu xotin kunda bo‘ladigan bu mashmashaga o‘rganib qolgan edi. Ona ko‘rpaning bir uchidan tutib, bolaning ustini ochib tashlamoqchi bo‘ldi. Lekin bola musht solishdan voz kechib, jon-dili bilan ko‘rpaga yopishib oldi. U karavotning oyoq tomonida g‘ujanak bo‘lib olib, ko‘rpadan ajralishni istamasdi. Undan keyin onasi karavotdagi ko‘rpa-to‘shakning hammasini yerga tortib tushirmoqchi bo‘ldi, bola bunga ham qarshilik ko‘rsatdi. Onasi butun kuchi bilan tortdi, zo‘rlik qildi, ko‘rpa bola bilan birga yerga sirg‘alib tusha boshladi. Bola odatdagidek ko‘rpaga mahkam yopishib, isitilmagan uydagi sovuqdan jon asramoqchi bo‘lardi.
Bola karavotning chekkasida osilib, polga yiqilay-yiqilay deb turardi, shunda uyqusi ucha boshladi. U dik etib o‘rnidan turib o‘tirib oldi-yu, yiqilmadi; keyin oyoqlarini polga osiltirdi. Shu zahoti onasi uni yelkasidan tutib silkitdi. Bola yana mushtlarini ishga soldi, bu gal u mo‘ljaliga kuchliroq va bexatoroq musht urdi. Uning ko‘zlari ochildi. Onasi uni qo‘yib yubordi — bola uyg‘ongan edi.
– Xo‘p, xo‘p, – deb ming‘illab qo‘ydi u.
Onasi stol ustidan lampani oldi-da, uni qorong‘uda qoldirib oshxonaga chiqdi.
— Oyligingdan ushlab qolishadi, o‘shanda bilasan! – dedi ona chiqib ketarkan.
Qorong‘ulik unga xalaqit bermadi. Bola kiyinib oshxonaga chiqdi. Uning og‘ir qadam tashlashi oriq, nozik gavdasiga hech mos kelmasdi. Bola oyoqlarini og‘ir sudrab bosardi, bu esa g‘alati ko‘rinardi: uning oyoqlari ingichka va qoq suyak edi. U stol oldiga siniq stulni surdi-da, o‘tirib oldi.
— Jonni! – dedi onasi norozilik bilan.
Bola indamay jahl bilan o‘rnidan turdi-da, chanoq oldiga keldi. Bu chanoq iflos, moy bosib ketgan, uning teshigidan yomon hid kelib turardi. Bola buni sezmasdi. Chanoqdan sassiq hid kelib turganligi, shuningdek yuvindi singib ketgan sovunning ko‘pirmasligi ham unga tabiiy bir hol edi. To‘g‘risini aytganda, sovun bilan yuvinishga hafsalasi ham yo‘q. U yuziga bir necha marta suv sepdi-da, shu bilan yuvinishni tamom qildi. U tishlarini tozalamadi, tish cho‘tkasini umrida ko‘rmagan. Dunyoda tish tozalashga ham vaqt sarf qilib o‘tiradigan ahmoq odamlar bo‘ladi deb hatto xayoliga ham keltirmasdi.
– Hech bo‘lmasa kunda bir marta yuvinishni odat qilsang edi, – dedi o‘pka qilib onasi.
Kofeynikning siniq qopqog‘ini bir qo‘li bilan ushlab turib, onasi ikkita chashkaga kofe quydi. Bola onasining ta’nasiga javob bermadi, chunki by ona-bola o‘rtasidagi har kungi savdo bo‘lib, ona faqat bir narsani — hech bo‘lmasa kunda bir marta yuvinishni qat’iy talab qilardi. Jonni yuzini yog‘ bosib ketgan, yirtiq sochiqqa artdi. Uning betiga sochiq iplari yopishib qoldi.
– Uyimiz ishxonadan juda uzoq-da, – dedi ona bola stol yoniga o‘tirganda. – Bilasan-ku axir, qo‘limdan kelganicha tirishaman. Lekin uyimiz keng, ijara haqi bir dollar kam. O‘zing bilasan, bir dollar ham ko‘chada yotmaydi-da.
Onaning so‘zlariga y deyarli quloq solmasdi. Bu gaplarni u juda ko‘p eshitgan. Onaning fikr doirasi juda tor bo‘lib, doim uning boshini qotirgan narsa — turmushning noqulayligi va turgan joylarining fabrikadan uzoqligi edi.
– Ortiqcha dollar — ortiqcha ovqat degan gap, – dedi bola, burrolik bilan. – Uzoqroq yo‘l yursam ham ko‘proq ovqat yeyish yaxshi-da.
U nonni shoshib-pishib yamlab yutar, ustidan qaynoq kofe ichardi. Issiq loyqa suyuqlik kofe o‘rnini bosardi. Lekin Jonni buni haqiqiy va eng yaxshi kofe deb o‘ylardi. U umrida rostakam kofeni ichmagandi.
Bir burda nondan tashqari unga bir parcha yaxna to‘ng‘iz go‘shti ham tegdi. Onasi yana bir chashka kofe quyib berdi. Jonni nonini yeb bo‘lib, yana biror burda non bermasmikan deb onasining qo‘liga qaradi. Onasi uning maqsadiga tushundi.
– Bunday ochko‘z bo‘lma, – dedi onasi. – O‘z tegishingni olding. Ukalaring nimani yeydi?
Jonni javob bermadi. Umuman u juda kamgap bola edi. U ochko‘zlik bilan endi ovqatga tikilmadi. Bola zorlanmadi, bu itoatkorligi shunga majbur qilgan maktabidan ham battar edi. U kofeni ichib og‘zini qo‘li bilan artdi-da, o‘rnidan turdi.
– Shoshma, – dedi onasi shoshilib. – Non chetidan yupqa qilib yana bir burda kesib bera qolay.
Ona epchillik qilmoqchi bo‘ldi. U bir bo‘lak nonni olib, go‘yo chetidan kesayotganday pichoq urdi, keyin nonni qaytib savatga soldi-da, o‘z nonidan bir burdasini bolasiga berdi. Ona uni aldadim deb xayol qildi, lekin u onasining quvligini sezdi, shunday bo‘lsa ham nonni hech tortinmay oldi. Onam kasalmand bo‘lganidan ko‘p ovqat yeya olmaydi deb o‘ylar edi u.
Bolaning qypyq non chaynayotganini ko‘rib, onasi unga o‘z kofesini ham quyib berdi.
– Bugun nima uchundir kofe ko‘nglimni aynitib turibdi, – deb qo‘ydi ona.
Uzoqdan eshitilgan cho‘ziq va qattiq bong ikkalasini ham o‘rinlaridan sakratib turg‘azib yubordi. Onasi tokchadagi tunuka soatga qaradi. Soat besh yarim. Barcha fabrika ishchilari endi uyqudan uyg‘onmoqdalar. Ona ro‘molini yelkasiga tashladi, boshiga eski g‘ijimlangan shlyapani kiyib oldi.
– Yelib yurmasak bo‘lmaydigan ko‘rinadi, – dedi u lampaning piligini ichiga tortib puflab o‘chirar ekan.
Ular paypaslanib xonadan chiqib, zinapoyadan pastga tushdilar. Tashqari sovuq, osmonda bulut yo‘q. Jonni sovuqqa chiqishi bilan badani junjikib ketdi. Yulduzlar hali charaqlab turibdi. Shahar qorong‘u. Ona-bola oyoqlarini og‘ir sudrab, piyoda borardilar. Oyoqni qattiq-qattiq bosishga mador yo‘q.
O‘n besh daqiqalardan keyin onasi o‘ngga burildi.
– Ehtiyot bo‘l, kech qolma! – deb qorong‘ulik ichidan so‘nggi marta ogohlantirdi ona.
Jonni indamay ketaverdi. Ishchilar mahallasi jonlanib, eshiklar ochilib-yopila boshladi. Ko‘p o‘tmay Jonni oshiqib ishga ketayotgan odamlarga qo‘shildi. U fabrikaning hovlisiga kirganda ikkinchi bong chalindi. Jonni sharqqa ko‘z tashladi va uylar ustida endigina oqarib kelayotgan tong yorug‘ini ko‘rdi. Kunduzgi yorug‘likdan Jonniga qismat bo‘lgani ana shu g‘ira-shira yorug‘ edi. Jonni yorug‘likka orqasini o‘girib, boshqa ishchilar qatori tsexga kirib ketdi.
Jonni uzunasiga qator tizilgan mashinalar-ning biri oldiga kelib, o‘z joyini egalladi. Uning oldida ip g‘altaklari solingan yashik turadi, undan teparoqda juda tezlik bilan katta duglar aylanadi. Jonni o‘sha duglarga kichik g‘altaklardagi iplarni ulab turishi kerak.
Ish qiyin emas, lekin chaqqonlik talab qiladi. Kichkina g‘altaklar ipni tez-tez chuvatadilar, duglar ipni shunday tezlik bilan o‘raydilarki, anqayding — ish chatoq.
Jonni beixtiyor tez ishlardi. Kichik g‘altaklardan biri bo‘shaganda, u chap qo‘li bilan duglarning harakatini to‘xtatar, ayni vaqtda ikki barmog‘i bilan ipning uchini ushlab olardi. O‘ng qo‘li bilan esa xuddi shu vaqt boshqa g‘altakdagi ipning uchini tutib olib, ikki ipni bir-biriga ulardi. Bu harakatlar ikki qo‘l bilan bir vaqtda juda tez bajarilishi kerak. Keyin Jonni tez harakat qilib iplarning uchini tugib, dugni qo‘yib yuboradi. To‘quvchilik iplarni ulash oson ish. Jonni bu ishlarni juda oson va xatosiz bajaradi, bunday tugunchalarni qilishga u juda usta bo‘lib qolgandi, bir marta hatto u tushimda ip ulay olaman deb maqtangan edi. Haqiqatan ham Jonni kechalari tushida mana shunday tugun tugib chiqardi.
Ba’zi bolalar ishyoqmaslik qilib, g‘altaklarni o‘z vaqtida almashtirmay, mashinalarning bo‘sh ishlashiga yo‘l qo‘yardilar. Ammo usta bundan doim ko‘z-quloq bo‘lib turardi. Bir kun usta Jonni oldida ishlab turgan bolani xuddi shu aybi uchun quloq-chakkasiga qo‘yib yubordi-da:
– Jonniga bir qara! Nega unga o‘xshab ishlamaysan? – deb do‘q qildi. Jonnining duglari tez va to‘xtovsiz aylanardi, lekin u masterning maqtovidan xursand bo‘lmadi. Vaholanki, bir vaqtlar… Lekin bunga juda ko‘p vaqtlar bo‘ldi. Usta uni boyagi bolaga ibrat qilib ko‘rsatganda, bolaning beparvo yuzi mutlaqo o‘zgarmadi. Ha, u ibrat bo‘larli ishchi, buni o‘zi ham bilardi. Bu haqda o‘ziga ham aytishardi, aytganda ham ko‘p martalab aytishgan edi. Lekin odat tusiga kirib qolgan by maqtovlarning unga hech qanday ahamiyati yo‘q edi. Asta-sekin u namunali ishchidan namunali mashinaga aylanib ketdi. Uning ishida biror kamchilik yuz bersa, bunga xom ashyoning yomonligi sabab bo‘lardi. Eng yaxshi dastgoh yomon mahsulot chiqarmagandek, u ham sira xato qilmay ishlardi.
Bunga ajablanmasa ham bo‘ladi. U umri bo‘yi mana shu mashinalar bilan birga yashadi. Uni mashinalar tarbiyaladi desa ham bo‘ladi. Har holda u mashinalar ichida katta bo‘ldi. Bundan o‘n ikki yil burun shu fabrikaning tikuv tsexida birdan qiy-chuv ko‘tarildi. Jonnining onasi hushidan ketib yiqildi. Onani guvillab turgan mashinalar orasida yerga yotqizib qo‘ydilar. Darhol ikkita to‘quvchi xotinni chaqirib oldilar. Usta ham yordam berdi. Bir necha daqiqadan keyin to‘quvchilik tsexida bitta jon ortdi. Bu mashinalar g‘uvvosi, shovqin-suroni ichida tug‘ilgan bola Jonni edi. U birinchi bor nafas olganda uchib yurgan chang aralash quyuq, issiq havo bolaning o‘pkasiga kirdi. Birinchi kundayoq o‘pkasini changdan qutqazish uchun Jonni yo‘tala boshladi. Shu-shu bo‘ldi-yu, hali-hozirgacha yo‘talishini qo‘ymaydi.
Jonnining oldida ishlayotgan bola biqnab yig‘lar va shilq-shilq burnini tortardi. U hali ham uzoqdan olayib-olayib qarab qo‘yayotgan ustaga nafrat bilan xo‘mrayib qarardi; ammo endi mashinasida bo‘shab qolgan g‘altaklari yo‘q edi. Bola oldida aylanayotgan g‘altaklarni ovozini baralla qo‘yib so‘kadi, lekin uning alam bilan yog‘dirgan so‘kishlari uzoqda eshitilmas, xuddi devorga urilgandek, mashinalar g‘uvvosi orasida yo‘qolib ketardi. Jonni hech napcaga e’tibor bermay qo‘ygandi. Sodir bo‘layotgan hodisalarga u beparvo qarashga o‘rgangan. Shu bilan birga hamma narsa hadeb takrorlanaversa, jonga tegib qoladi. Bunday hodisalarni u ko‘p martalab ko‘rgan. Ustaga qarshi biror narsa deyish — mashinaga qapshilik ko‘rsatishdek foydasiz ish deb o‘ylardi u. Mashinalar ma’lum qolipda harakat qiladi va ma’lum bir vazifani ado etadi. Usta ham xuddi shunday.
Soat o‘n birga borib tsexda allaqanday hayajon boshlandi. Qandaydir sirli yo‘l bilan bu hayajon bir zumda hammayoqqa tarqaldi. Jonnining boshqa yonida ishlayotgan bir oyoqli bola qo‘ltiq tayog‘i bilan bir zumda bo‘sh vagonetka ichiga yashirinib oldi. Shu vaqt eshikdan fabrika ish boshqaruvchisi kirib keldi. Uning orqasidan yaxshi kiyingan bir yigit kelmoqda edi. Yigitning egnida kraxmallangan ko‘ylak. O‘zi yaxshi kiyingan bo‘lib, Jonni bundaylarni jentlmen deb hisoblardi, buning ustiga u yana nazoratchi ham edi.
Nazoratchi bolalar yonidan o‘tib borarkan, har birini diqqat bilan ko‘zdan kechirdi, ba’zan to‘xtab bir-ikki savol ham berardi. Shunday paytlarda u ovozi boricha baqirardi, shunda uning yuzlari kulgili bir tusda burishib-tirishib ketardi.
U Jonni yonidagi mashinaning bo‘sh turganligi-ni ko‘rib qoldi, lekin hech narsa demadi.
Nazoratchi Jonnining oldiga kelib to‘xtadi, uning tirsagidan ushlab mashinadan bir qadam chetga tortdi-da, taajjub bilan yana qo‘yib yubordi.
– Bir oz oriqroq, – deb tashvish aralash iljaydi ish boshqaruvchi.
– Qoq suyak-ku! – dedi unga nazoratchi. – Oyoqlariga qarang. Raxit bo‘lsa kerak, to‘g‘ri, hozir kasalning boshlang‘ich davri, lekin kasal ekanligi shubhasiz. Agar uni tutqanoq tamom qilmasa, demak sil oldinroq tamom qiladi degan gap.
Jonni aytilgan gaplarning hammasini eshitdi, lekin hech narsa tushunmadi. Bundan tashqari, qachonlardir bo‘ladigan, kelajakdagi kasallar uni qo‘rqitmadi. U nazoratchining o‘zidan ko‘proq qo‘rqib turardi.
– Qani, bola, to‘g‘risini ayt, – deb qichqirdi nazoratchi Jonnining qulog‘iga egilib… – Yoshing nechada?
– O‘n to‘rtda! – dedi Jonni yolg‘ondan kuchi boricha baqirib.
Qattiq baqirganidan o‘tkir, quruq yo‘tali qo‘zg‘aldi. Ertalabdan beri uning o‘pkasiga o‘tirib qolgan chang yo‘talni yana ham ko‘chaytirdi.
– Aftu basharasiga qarab, o‘n oltida desa ham bo‘ladi, – dedi ish boshqaruvchi.
– Oltmishda desa ham bo‘ladigan ko‘rinadi, – deb jahl bilan gapni shart kesdi nazoratchi.
– U doim shunaqa.
– Ko‘pdan berimi? – deb tez so‘radi inspektor.
– Bir necha yildan beri. O‘zi hech ulg‘aymaydi.
– Yasharmaydi deng. Shu yillar ichida u hamma vaqt sizda ishladimi?
– Hamma vaqt emas. Lekin bu bola yangi qonun chiqarilmasdan ancha ilgari ishlar edi, – deb shoshib tushuntirdi ish boshqaruvchi.
– Bu yerda hech kim ishlamaydimi? – deb qiziqib so‘radi nazoratchi Jonnining yonidagi mashinani ko‘rsatib. Mashinada yarmigacha ip o‘ralgan duglar juda tez aylanmoqda edi.
– Shunaqaga o‘xshaydi, – deb ish boshqaruvchi imlab ustani chaqirdi-da, mashinani ko‘rsatib nimanidir qichqirib so‘radi.
– Mashina bo‘sh ekan, – dedi u nazoratchiga qarab.
Ular nari o‘tib ketdilar. Jonni xavf o‘tib ketganligiga suyunib, mashinasi oldiga qaytdi. Lekin bir oyog‘i yo‘q bola baxtsizlikka uchradi. Hammayoqqa diqqat bilan ko‘z tashlab borayotgan nazoratchi uni ko‘rib qoldi-da, vagonetka ichidan tortib tushirdi. Bolaning lablari titrar, boshiga og‘ir kulfat tushgandek ko‘zlarini g‘amgin mo‘ltiratib turardi. Usta cho‘loq bolani xuddi umrida birinchi marta ko‘rayotgandek taajjub bilan baqrayib qoldi. Ish boshqaruvchining yuzida o‘ng‘aysizlanish va norozilik alomatlari paydo bo‘ldi.
– Men uni bilaman, – dedi nazoratchi. – U endi o‘n ikkiga kirgan. Shu yilning o‘zida mening ko‘rsatmam bilan uchta fabrikadan bo‘shatdilar, bu to‘rtinchisi.
– Maktabga boraman, deb va’da berib eding-ku? – deb so‘radi u boladan. Bola yig‘lab yubordi.
– Kechiring meni, nazoratchi janoblari, biz juda kambag‘al odamlarmiz. Uyimizda ikkita kichkinamiz o‘lib qoldi, yemoqqa hech narsa yo‘q.
– Nega yo‘talyapsan? – deb so‘radi nazoratchi, yo‘talgani uchun uni go‘yo jinoyatkor qilayotganday.
– E-e, hechqisi yo‘q, – dedi bola, o‘zini oqlayotganday bo‘lib. – Men o‘tgan hafta shamollab qolgan edim, bo‘lgani shu, nazoratchi janoblari.
Ish nazoratchi bolani olib chiqib ketishi bilan tugadi. Tashvishlangan ish boshqaruvchi ham uning orqasidan g‘oyib bo‘ldi. Shundan keyin tsexda hamma narsa eski iziga tushib ketdi.
Nihoyat, uzundan-uzoq ertalab, undan ham uzoq kun o‘tdi-da, ish tugaganidan darak berib bong chalindi. Jonni fabrika darvozasidan chiqqanda qosh qorayib qolgan edi. Bu vaqt ichida quyosh o‘zining oltin yo‘lidan osmonga ko‘tarilgan, yorqin nurlari bilan dunyoni isitgan, undan keyin shahardagi binolarning past-baland tomlari orqasiga o‘tib, botib ham ketgan edi.
Kechki ovqat oilaning barcha a’zolarini jam qiladigan birdan-bir vosita ediki, shunda Jonni o‘z ukalari bilan to‘qnash kelardi. Bu uchrashuv chinakam edi, chunki Jonni juda qari, ular esa kishiga alam qilarli darajada yosh edilar. Bu ajoyib va erishib bo‘lmas yoshlik uning asabiga tegib, jahlini chiqarardi. U yoshlik nima ekanligini tushunmasdi, uning yoshligi endi juda uzoq o‘tmish bo‘lib qolgan edi. Bolalarning o‘yin-sho‘xliklariga sovuqqonlik bilan qarab turolmaydigan asabiy va jahli tez cholga o‘xshardi. Jonnining nazarida, bu o‘ta ketgan ahmoqlik edi. U qovog‘ini solib o‘tirib ovqat yer ekan, ular ham tez orada ishga boradilar-ku, deb o‘ziga tasalli berardi. Ish ularni ipakdek qilib qo‘yadi, ular ham Jonniga o‘xshab vazmin va jiddiy bo‘lib qolarlar. Barcha mo‘min bandalar singari Jonni ham hamma narsani o‘z arshini bilan o‘lchardi.
Ovqat ustida onasi bolalarini boqish uchun qo‘lidan kelganicha tirishayotganini har xil shaklga solib qayta-qayta pesh qilardi. Shuning uchun ham u qashshoqona dasturxon yig‘ishtirilishi bilan yengil tortib, o‘rnidan tupdi. Yotib uxlasammikan yo birpas ko‘chaga chiqsammikan deb bir zum ikkilandi, so‘ng ko‘chaga chiqishga ahd qilib, tashqariga yurdi. Lekin uzoqqa ketmadi, yelkalarini bukchaytirib, tirsaklarini tizzalariga tirab, ikki kafti bilan iyagini tirab, eshik oldidagi zinapoyaga o‘tirib oldi.
U hech narsani o‘ylamas, faqat orom olardi. Uning ongi mudrardi. Shu vaqt ukalari ham tashqari chiqib, boshqa bolalar bilan shovqin-suron ko‘tarib o‘yin boshlab yubordilar. Elektr fonaridan tushayotgan shu’la o‘ynayotgan bolalarga yorug‘ tushirib turardi. Ular Jonnining asabiy va serjahl ekanini biladilar, lekin shunday bo‘lsa ham bolalarga xos sho‘xlik bilan uning jig‘iga tega boshladilar. Ular qo‘llarini tutishib, bir maromda chayqalib, Jonnining sha’niga tegizib bemaza ashula ayta boshladilar. Boshda u g‘ijinib, bolalarni ustalardan o‘rganib olgan yomon so‘zlar bilan so‘kdi. Lekin buning befoyda ekanligini ko‘rib va yoshi kattaligi esiga tushib qolib, obro‘sini saqlash uchun yana jim bo‘lib qoldi.
Bu sho‘xlikni boshlab bergan o‘zining ukasi o‘n yashar Villi edi. Jonni uni yaxshi ko‘rmasdi ham. Bolalikdanoq Villini deb doim ko‘p narsalardan voz kechishga, o‘z hissasini unga berishga to‘g‘ri kelardi. Shuning uchun ham Jonni Villi mendan ko‘p qarzdor, yaxshilikni bilmaydigan bola deb o‘ylar edi. Bundan ko‘p zamonlar ilgari, Jonni ayni o‘ynab yuradigan vaqtlarda Villiga qarab umri o‘tgan edi. Villi u vaqtlarda chaqaloq edi. Onasi hozirgidek kun bo‘yi fabrikada ishlardi. Jonni ham otalik, ham onalik vazifasini ado etardi.
Jonni ukasini deb o‘zini siqqani va nafsini tiygani, aftidan Villiga juda foydali bo‘lib chiqqandi. Yuzlari qip-qizil, baquvvat Villi endi o‘nga kirgan bo‘lishiga qaramay, bo‘yi o‘n ikki yashar Jonnining bo‘yi bilan baravar, hatto undan baquvvatroq edi. Go‘yo akasining ham hissasi ukasidan chiqqandek edi. O‘shanda ham faqat jismoniy xislatdan emas. Jonni holdan toygan, ruhan ezilgan, jonsiz, ukasi esa sog‘lom, o‘zini qaepga qo‘yishini bilmaydi.
Bema’ni qo‘shiq borgan sari avj oldi; Villi sakrab-o‘ynoqlab unga yaqinlashdi-da, tilini chiqarib Jonnini macxapa qildi. Shunda Jonni chap qo‘li bilan ukasining bo‘ynidan ushlab oldi va tumshug‘iga bir musht tushirdi. Uning mushti kichkina, quruq suyak edi, ammo shunda ham og‘ritgan bo‘lsa kerakki, bola chinqirib yig‘lab yubordi. Bolalar qo‘rqib ketib faryod ko‘tardilar. Jonni bilan Villining singlisi Jenni uyga yugurdi.
Jonni Villini itarib yubordi-da, jahl bilan bir tepdi, keyin yiqitib burnini yerga ishqaladi. Shu vaqt yugurgancha onasi kelib qoldi-yu, ojizlik bilan Jonnidan ginaxonlik qildi va butun onalik g‘azabini sochdi.
– Nega o‘zi tegajog‘lik qiladi! – deb javob berdi Jonni. – Charchaganimni ko‘rmayaptimi?
– Men ham sendek katta bo‘lib qoldim! – deb qichqirardi Villi onasi quchog‘ida tipirchilab. Uning loy va qonga belangan yuzlaridan ko‘z yoshlari oqib turardi.
– Men ham sen bilan teng bo‘lib qoldim, – dedi yig‘lab Villi. – Sendan ham katta bo‘lib ketaman hali, o‘shanda ko‘rasan, adabingni berib qo‘yaman!
– Shunday katta bo‘lib qolgan bo‘lsang, ishga bor, – dedi Jonni ijirg‘anib. – Ishla endi — ishga kiradigan vaqting keldi. Oyim ishga kirgizib qo‘ysin.
– Hali u yosh bola, axir, – dedi norozilik bilan ona. – U hali juda kichkina-ku, qanday ishlaydi?
– Men ishga kirganimda undan ham yosh edim.
Jonni yana xo‘p gapirib, alamidan chiqmoqchi edi-yu, lekin shashtidan qaytdi. Keyin u qovog‘ini solib o‘rnidan turdi-da, uyga kirib ketdi. Oshxonadan issiq kirsin uchun xonaning eshigi ochib qo‘yilgan edi. U qorong‘uda yechinarkan, onasining qo‘shni xotinga arz qilayotganini eshitdi. Onasi yig‘lar va yig‘i orasida gapini ham qo‘ymasdi.
– Jonniga nima bo‘lganini hech tushuna olmay qoldim, – derdi u, – bola hech bunday emasdi. U doim farishta singari yuvosh va muloyim edi. To‘g‘risi, u hozir ham yaxshi bola, – deb shoshilib qo‘shib qo‘ydi onasi Jonnini oqlashga tirishib. – U ishdan qochmaydi, faqat juda yoshlikdan fabrikada ishlay boshladi, bunisi to‘g‘ri. Nahotki men aybdor bo‘lsam? Har nima bo‘lganda ham durust bo‘lsin deb o‘ylaysan-da kishi!
Yana onasining hiqillab yig‘lagani eshitildi. Jonni ko‘zini yumarkan:
– Ha, barakalla, ishdan hech qochgan emasman, – deb ming‘illab qo‘ydi.
Ertasi kuni saharda onasi uni yana shirin uyqusidan qo‘yarda-qo‘ymay uyg‘otdi. Ketidan qorni to‘yar-to‘ymas nonushta qildi-da, tun qorong‘usida uydan chiqib, ishga jo‘nadi. Jonni fabrika hovlisiga kirganda, g‘ira-shira tong otib kelardi, u o‘sha yorug‘likka opqa o‘girib, tsexga kirib ketdi. Bir-biriga o‘xshagan son-sanoqsiz kunlardan yana biri keldi.
Lekin Jonnining hayotida yangiliklar ham bo‘lib turardi: bu boshqa ishga o‘tganida yoki kasal bo‘lganida yuz berar edi. Olti yoshida u Villi va boshqa ukalarini boqardi. Yetti yoshida fabrikaga ishga kirib, g‘altaklarga ip o‘ray boshladi. Sakkiz yoshida boshqa fabrikadan ish berishdi. Uning yangi ishi juda yengil edi. Jonni qo‘lida tayoq bilan bir joyda o‘tirar va oldidan uzluksiz o‘tib turgan gazlamaning taxi buzilgan yerini tayog‘i bilan to‘g‘rilardi. Bu gazlama oqimi mashinalar ichidan chiqib, issiq barabanlar ustidan qayoqqadir nariga o‘tib ketardi. Jonni doim kunduzgi yorug‘dan mahrum yarim qorong‘u bir joyda, kichkina gaz rojak ostida o‘tirardi, shu tarzda u asta-sekin mexanizmning bir qismiga aylanib bordi.
Jonni o‘tirgan yerning havosi rutubatli va issiq bo‘lishiga qaramay, o‘z ishidan juda xursand edi, chunki u hali yosh bo‘lib, ajoyib umid va xayollar dengizida suzib yurardi. U to‘xtovsiz o‘tib turgan gazlama oqimini kuzatarkan, shirin-shirin xayolga botardi. Ish hech qanday harakat qilishni, aqlni ishlatishni talab qilmasdi; shu tufayli u borgan sari kamroq xayol suradigan bo‘ldi, ongi borgan sari o‘tmaslanib, to‘poslashib bordi. Har holda, u haftasiga ikki dollar ishlar, bu pul esa ochdan o‘lmaslik uchun bir amallab yetib turardi.
U to‘qqiz yoshga kirganda bu ishdan mahrum bo‘ldi, bunga sabab qizamiq bilan og‘rib qolgani edi. Sog‘aygandan keyin shisha zavodiga ishga kirdi. Bu yerda ko‘proq pul to‘lar edilar, lekin bu ishda uquv talab qilinardi. Bu yerda haqni ishlagan ishiga qarab to‘lar edilar. U qanchalik tez ishlasa, shuncha ko‘p pul olardi. Bu ish uni juda rag‘batlantirdi. Mana shuning ta’siri ostida u tez fursatda eng yaxshi ishchilar qatoriga o‘tib oldi.
Bu ish ham uncha qiyin emasdi: shishadan yasalgan tiqinlarni kichik shisha idishlarga bog‘lash kerak edi. Jonni beliga bir tutam ip bog‘lab olib, ikki qo‘li bilan ishlash uchun shishalarni tizzasi orasiga qisib olardi. Muk tushib o‘tirib ishlash natijasida yelkalari turtib chiqib bukchayib qoldi. Ko‘krak qafasi esa bir kunda o‘n soatlab siqilib turardi. Bu uning o‘pkasiga ta’sir qildi. Bir kunda u uch yuz dyujina shishaga tiqin bog‘lardi.
Zavod ishlab chiqaruvchisi u bilan juda g‘ururlanib yurar va zavodga kelgan odamlarni boshlab kelib, uning ishlashini ko‘rsatardi. O‘n soat ichida uning qo‘lidan uch yuz dyujina shisha o‘tardi. Bu esa u mashinadek takomilga yetishdi degan so‘z edi. U birorta ham ortiqcha harakat qilmasdi. Oriq qo‘llarining har bir harakati, qoq suyak barmoqlarining har bir qimirlashi tez va aniq edi. Bunday ish zo‘r diqqatni talab qilardi, shuning uchun uning asablari sekin-asta buzila bordi. Kechalari uxlab yotganda irg‘ib-irg‘ib tushar, kunduzlari esa na ko‘ngil ochar, na dam olardi. U doim asabiy bo‘lar, qo‘llari tomir tortishardi. Rangi kasallarniki singari zahil bo‘lib ketdi, yo‘tali kundan-kunga kuchaya bordi. Oxiri u o‘pkasini shamollatib qo‘yib shisha zavodidagi ishdan ajrab qoldi.
Undan keyin Jonni yana qaytib jut fabrika-siga ishga kirdi. Bu yerda Jonni tuzukroq ishga o‘tkazishlariga umid qilsa bo‘lardi. U yaxshi ishchi edi. Uni avval kraxmal tsexiga, keyin to‘quvchilik tsexiga o‘tkazishlari mumkin. Keyin gap ish mahsulotini orttirishda bo‘lib qoladi.
Shu yillar ichida mashinalar tezroq, Jonnining miyasi esa sekinroq ishlay bordi. U endi bir vaqtlardagi singari shirin xayollarga cho‘mmas edi. Bir marta u oshiq ham bo‘lgan edi. Bu voqea gazlama oqimini tayoqcha bilan to‘g‘rilab yurgan paytlarida sodir bo‘lgandi. U oshiq bo‘lgan qiz ish boshqaruvchining kattagina bo‘lib qolgan qizi edi. Jonni qizni uzoqdan besh-olti marta ko‘rdi, xolos. Ammo buning ahamiyati yo‘q edi. O‘z oldidan o‘tib ketayotgan mato ustida kelajakning porloq manzarasini tasavvur qilardi — u ishda ajoyib hunar ko‘rsatar, g‘alati mashinalar ixtiro qilardi. U fabrikaning direktori bo‘ladi, oxiri o‘z ma’shuqasini quchoqlab, asta peshonasidan o‘padi…
Bularning hammasi bir vaqtlar, Jonni hali uncha qarib qolmagan bir zamonlarda, unda sevish qobiliyati o‘lmagan zamonlarda bo‘lib o‘tgan edi. G‘iz erga tegib, qayoqqadir ketib qoldi, uning sezgilari esa o‘tmaslashdi.
Ha, u vaqtlar ajoyib zamonlar edi. Odamlar o‘zlarining hurlarga ishongan yoshlik chog‘larini eslaganlaridek, Jonni ham u vaqtlarni tez-tez eslab turardi. Jonni esa hurlarga ham, Santa Klausga ham ishonmasdi; u soddalik bilan o‘z oldidan o‘tayotgan mato ustida ko‘ziga ko‘rinayotgan o‘sha xayoliy kelajakning go‘zal manzaralariga ishonardi.
Jonni juda erta ulg‘aydi. Yetti yoshida, birinchi marta oylik olib kelganda, uning o‘spirinlik davri boshlangandi. Unda ma’lum mustaqillik tuyg‘usi uyg‘ondi va ona bilan o‘g‘ilning munosabati o‘zgardi. U o‘z nonini o‘zi topadigan, o‘z mehnati bilan kun ko‘radigan va demak, onasi bilan tengdek bo‘lib qoldi. O‘n bir yoshida u yarim yilgacha tungi smenada ishlab, chinakam yigitlar qatoriga o‘tdi. Kechalari qolib ishlovchi bolaning bolaligi qoladimi.
Uning hayotida bir necha muhim hodisa ro‘y bergan edi: bir marta onasi Kaliforniya olxo‘risi olib keldi. Ikki marta qaynatma krem qilib berdi. Bular uning hayotidagi chinakam ajoyib hodisalar edi. Bularni u juda mamnuniyat bilan eslardi. O‘sha vaqtlarda onasi unga tansiq bir ovqat tayyorlab berishni va’da qilgandi. Onasi bu ovqatni «suzuvchi orol» deb atardi. Bu ovqat qaynatma kremdan ham shirinroq narsa, degan edi onasi. O‘sha kunni Jonni ko‘p yillar kutdi. Bu umidi ham ko‘p boshqa shirin xayollari singari puchga chiqquncha, Jonni «suzuvchi orol» qo‘yilgan dasturxonga o‘tirishni uzoq yillar kutib yurdi.
Bir kun u ko‘chadan yigirma besh sentli tanga topib oldi. Bu ham uning hayotidagi yirik, hatto fojiali bir hodisa edi. Tanga uning ko‘zlariga yarqirab ko‘ringan zamonoq, u bu pulni nima qilishini o‘ylab qo‘ygan edi. Odatda uyda yeydigan hech narsa bo‘lmaydi. Bu pulni o‘z oyligi kabi onasiga berishi kerak. Nima qilishi aniq, lekin Jonni hech qachon cho‘ntagida pul olib yurmagan, u shirinlikni juda sog‘inib qolgan edi. Yuragi ezilib konfet yegisi kelar, konfet yeyishga esa faqat biror tantanali kunlarda muyassar bo‘lardi.
Jonni o‘zini aldamoqchi emasdi, gunoh ish qilayotganini bilardi, shunday bo‘lsa ham o‘n besh sentni yallo qilib sarfladi. O‘n sentini boshqa bir kunga saqlab qo‘ydi. Lekin pul saqlashga odatlanmaganidan pulini yo‘qotib qo‘ydi. Bu baxtsizlik Jonni vijdon azobiga tushib yurgan paytlarda sodir bo‘ldi. U buni tasodifiy bir narsa emas, Xudoning qahriga uchradim deb o‘yladi. Qahri kelgan ilohiy kuchning g‘azabiga uchrashi yaqinlashib kelayotganini sezdi. Gunohini Xudo ko‘rib turgan edi, gunoh qilishga sabab bo‘lgan pulidan ham mahrum qilib, Xudoning o‘zi unga jazo berdi.
Jonni bu hodisaga o‘zining birdan-bir qilgan jinoyati deb qarardi. O‘sha gunohi har esiga tushganda vijdon azobi yangidan qiynardi. Bu uning jinoiy siri bo‘lib qoldi. Shu bilan birga Jonnidek odam bunday sharoitda afsuslanmay iloji yo‘q edi. Topib olgan pulni yaxshilab sarf qilolmaganidan norozi edi. O‘sha pulga ko‘proq narsa olsa bo‘larkan; Xudoning bunday tez qahri kelishini bilganida yigirma besh sentning hammasini sarf qilib, Xudoni aldab qo‘ya qolgan bo‘lardi. O‘sha yigirma besh sentni u xayolida ming martalab qayta-qayta sarf qilardi, har gal qilingan sarf bir-biridan o‘rinli bo‘lib chiqardi.
Otasining rahmsiz oyoqlari bolaning qalbida manguga qoldirgan, uzoq va tumanli o‘tmishdan qolgan yana bir esdalik bor edi. Bu voqeiy esdalikdan ham ko‘ra ko‘proq dahshatli bir bosinqirashga, odamzodning tushiga kirib, boboi bobokalonlari daraxtlarda yashagan zamonlarga olib ketadigan allaqanday qo‘rqinchli atavistik xotiralarga o‘xshagan bir narsa edi. Bu esdalik kunduzlari, Jonni uyg‘oq paytlarda sira xayoliga kelmasdi. Bu xotiralar uni kechasi, uyquga ketar paytlarda kelib bosardi. U qo‘rqib uyqusidan uyg‘onar, shunda dastlab karavotning oyoq tarafida ko‘ndalang yotganday tuyulardi. Karavotda otasi bilan onasining ko‘z ilg‘ar-ilg‘amas qorasi ko‘ziga ko‘ringandek bo‘lardi. Otasining qanday odamligi esida yo‘q edi. Otasining bir narsasi esida qolgan: uning oyoqlari o‘lgidek qattiq, turtgani-turtgan edi.
Uning yodida yosh bolalik vaqtlaridan ba’zi narsalar saqlanib qolgan, keyingi yillardan esa hech narsa esida qolmagan. Hamma kunlar bir xil edi. Xoh kechagi kuni, xoh o‘tgan yilni ming yil desa ham, bir daqiqa desa ham bo‘ladi. Hech qachon hech qanday hodisa ro‘y bermasdi. Zamon yurishini belgilovchi biror hodisa ro‘y bermasdi. Baqt yurishini to‘xtatgan, bir joyda turardi. Faqat tinib-tinchimagan mashinalar harakat qilar, lekin tobora tezroq aylansalar-da, baribir hech qayerga jilmasdilar.
Jonnining yoshi o‘n to‘rtga kirganda kraxmal tsexiga ishga o‘tdi. Bu juda katta hodisa edi. Bu shunday katta hodisa ediki, uni bir kechada, hatto bir haftada ham unutib bo‘lmasdi. Uning hayotida yangi davr boshlandi. Bu davr Jonni uchun bir olimpiadadek gap edi, yangi eraning boshlanishi edi. Endi Jonnining og‘zidan: «Kraxmal tsexiga o‘tganimda» yoki «Kraxmal tsexida ishlay boshlaganimdan keyin» yo «oldin» degan so‘zlar tushmay qoldi.
Jonni o‘zining o‘n oltiga to‘lgan kunini, to‘quv tsexiga, to‘quvchilik dastgohiga o‘tish bilan nishonladi. Bu ishda ham manfaatdorlik bor edi, chunki ishlaganiga qarab haq to‘lanardi. Jonni bu yerda ham o‘zini ko‘rsatdi, chunki fabrika sharoiti uni allaqachon takomillashgan mashinaga aylantirgan edi. Oradan uch oy o‘tgach, u ikki dastgohda, so‘ng uch, hatto to‘rt dastgohda ishlaydigan bo‘ldi.
Shu tsexda ikki yil ishlagandan keyin u boshqa barcha ishchilarning har biridan ancha ko‘proq mato to‘qiydigan, o‘ziga nisbatan kamroq epchil o‘rtoqlariga qaraganda ikki baravar ortiqroq mahsulot beradigan bo‘lib qoldi. Mana endi, butun kuchini sarf qilib ishlay boshlagach, uyda ham tirikchilik yaxshilana bordi. Lekin shunday bo‘lsa ham uning ish haqi oila ehtiyojini to‘la qoplay olmas edi. Ukalari ulg‘aydi, endi ko‘proq ovqat yeyishardi, maktabga qatnashardi, darsliklar esa pulga keladi. U qanchalik g‘ayrat bilan ishlagan sari narx-navo, tirikchilik ham nima uchundir tobora qimmatlasha borardi. Yiqilib ketay-yiqilib ketay deb turganiga qaramay ijaraga olib turishgan uy haqi ham oshib ketdi.
Jonni katta bo‘lib qoldi, shu sababdan u yana ham oriqroq ko‘rinardi. Uning asablari juda buzilgan, o‘zi sirkasi suv ko‘tarmaydigan va serjahl bo‘lib qolgan edi. Bolalar achchiq tajribada ko‘rib, undan hayiqadigan va undan nariroq yuradigan bo‘lib qoldilar. Onasi oilaning boquvchisi deb uni hurmat qilar, shu bilan birga undan bir oz qo‘rqar ham edi.
Uning hayotida sevinch degan narsa bo‘lmasdi. U kunduz yorug‘ini ko‘rmas, kechalari esa behalovat uxlardi. Qolgan vaqtini u ish bilan o‘tkazardi, uning ongi ham mashinaga o‘xshab qolgandi. Bundan tashqari u hech narsani ko‘rmas, hech narsani bilmas edi. U hech narsaga qiziqmas, hech narsaga intilmasdi, faqat bitta shirin xayolga — har kuni ajoyib kofe ichaman degan xom xayolga qattiq ishonardi. U ruhiy hayotdan mahrum bir ish hayvoni bo‘lib qolgandi. Qayerdadir, ongining bir burchida, uning o‘zi ham sezmagan holda, qilgan ishlarining har bir soatidan, har bir harakatidan allaqanday bir asar yig‘ilib qola boshladiki, bularning hammasi yig‘ilib, uning o‘zini ham, kichkina dunyosini ham hayron qoldirgan oqibatga olib keldi.
Bir kuni, kech ko‘klam chog‘ida, Jonni ishdan odatdagidan ham ko‘ra charchagan holda qaytdi. Dasturxon yonida o‘tirganlarning juda vaqti chog‘ edi. Lekin u hech narsa sezmadi. U jim va qovog‘i soliq holda o‘tirib, apil-tapil ovqat yedi. Bolalar esa hayhaylashib, tomoqlarini taqillatib maza qilganlarini bildirishar edi. Lekin Jonni hech narsa sezmadi.
– Nima yeyayotganingni bilasanmi? – deb so‘radi nihoyat sabri chidamagan onasi. U tovoqqa parishonlik bilan ko‘z tashladi, keyin onasiga qaradi.
– «Suzuvchi orol», – dedi onasi g‘urur bilan.
– Ha-a, – dedi Jonni beparvogina.
– «Suzuvchi orol!» – deb baravar qichqirishdi bolalar.
– Ha-a, – deb takrorladi u va yana bir-ikki qoshiq ovqat ichgandan keyin: – Nima uchundir bugun ovqat yegim kelmayapti, – deb qo‘shib qo‘ydi.
U qoshig‘ini qo‘yib, stulni nari surdi-da, bazo‘r o‘rnidan turdi.
– Men bir oz yotay.
Oshxonadan chiqarkan, Jonni oyog‘ini odatdagi-dan ham madorsizlik bilan zo‘rg‘a sudrab bosardi. Yechinish undan ham qiyin bo‘lib ketdi. Holsizlik-dan yig‘lab yubordi va bir oyog‘idagi boshmog‘ini yechmay, o‘rniga yotdi. Uning boshida allaqanday shish paydo bo‘lgandek, u tobora o‘sib ketayotgandek tuyular, bundan esa fikrlari sochilib borardi. Uning ingichka barmoqlari xuddi bilagiday yo‘g‘on tortib ketgandek, barmoqlarining uchi esa paxtadek yumshoq tuyular, fikrlari singari barmoqlari ham itoat qilmasdi. Beli zirqirab og‘rirdi, hamma suyaklari sirqirardi, a’zoyi badani qaqshab og‘rirdi. Miyasida millionlab mashinalar chiyillashar, guvillashar va g‘ijirlashardi. Butun borliqni to‘xtovsiz yugurib turgan mokilar bosib ketganday. Uylar yarqirab turgan yulduzlar orasida u yoqdan-bu yoqqa gir aylanishadi. Uning yakka o‘zi minglab dastgohni boshqaradi, dastgohlar esa borgan sari tezroq ishlar, mokilar tobora tezroq aylanardi, uning miyasi esa tobora tezroq cho‘zilib, ingichka ipga aylanib borar, bu ipni esa minglab dastgohlar duglarga o‘rab, tortib ketmoqda edi.
Ertasi kuni Jonni ishga bormadi. U boshqa ish bilan, uning miyasida guvillayotgan minglab dastgohlar bilan band bo‘lib qoldi. Onasi fabrikaga ketdi, ammo oldin doktorga odam yubordi. Doktor Jonni qattiq tumov bo‘libdi, dedi. Akasiga Jenni qarab turdi, doktor aytganlarining hammasini qildi.
Kasali og‘ir ko‘chdi, faqat bir haftadan keyingina Jonni kiyinib, uy ichida gandiraklab zo‘rg‘a yura boshladi. Yana bir haftadan keyin ishga chiqsa bo‘ladi, dedi vrach. Yakshanba kuni to‘quvchilik tsexining ustasi uni ko‘rgani keldi. O‘sha kuni Jonni ancha yengillashgan edi.
– Sexdagi eng yaxshi to‘quvchimiz u, – dedi usta Jonnining onasiga. – O‘rniga hech kimni olmay turamiz. Yana bir haftadan keyin, yanagi dushanbaga ishga chiqsa ham bo‘ladi.
– Hech bo‘lmasa rahmat ham demaysan, Jonni, – dedi tashvishlanib ona. – Ahvoli shu qadar og‘ir ko‘chdiki, haligacha o‘ziga kelgani yo‘q, – deb tushuntirdi u ustaga.
Jonni bukchayganicha yerga tikilib o‘tirar edi. Usta ketganidan keyin ham u ancha vaqtgacha shu vaziyatda o‘tirdi. Tashqarida qorong‘u tushdi, ovqatdan keyin Jonni bir oz o‘tirish uchun eshik oldiga chiqdi. Ba’zan uning lablari qimirlar edi. Uning miyasi son-sanoqsiz hisob bilan banddek tuyulardi.
Ertasiga havo isigan edi, u yana eshik oldiga chiqib o‘tirdi. Uning qo‘lida qalam bilan qog‘oz bor edi. U anchagacha zo‘r berib nimalarnidir hisoblab o‘tirdi.
– Milliondan keyin nima keladi? – deb so‘radi u choshgohda Villi maktabdan qaytib kelgandan keyin. – Uni qanday sanashadi?
Kechga borib hisob-kitobni tamom qildi. U endi har kuni qog‘oz-qalamsiz, eshik oldiga chiqib o‘tirardi. U ko‘chaning narigi tomonida o‘sgan yakka-yolg‘iz daraxtga uzoq tikilib o‘tirardi. U bu daraxtni soatlab kuzatar va ayniqsa shamoldan shoxlari qimirlaganda, barglari shitirlaganda chuqur qiziqish bilan kuzatar edi. Bu haftani u xuddi o‘z o‘zi bilan suhbat qilayotganday bir tarzda o‘tkazdi. Yakshanba kuni u eshik oldida o‘tirarkan ko‘p yillardan beri katta o‘g‘lining kulganini eshitmagan onasini zo‘r tashvishga solib, bir necha marta xaxolab kulib ham yubordi.
Ertasiga dushanba kuni onasi Jonnini uyg‘otish uchun karavoti oldiga keldi. Kasal bo‘lgandan beri Jonni yaxshilab uyquga to‘yib olgandi, shuning uchun u qistatib o‘tirmadi, darrov uyg‘ondi. U onasini qiynamadi, ilgarigidek ko‘rpaga yopishmadi, u tinch yotar edi.
– Ovora bo‘lma, oyijon, – dedi u xotirjamlik
bilan.
– Voy, kechga qolasan, axir, – dedi onasi, uni hali uyqudan turmagan gumon qilib.
– Uxlayotganim yo‘q, oyi, bekorga ovora bo‘lyapsan. Yaxshisi meni o‘z holimga qo‘y. Baribir, turmayman.
– Ishdan ajrab qolasan axir! – dedi onasi.
– Turmayman, dedim-ku, – deb takrorladi Jonni, ovozi ham allaqanday yot va sovuq edi.
O‘sha kuni onasining o‘zi ham ishga bormadi. Bolaning kasali ma’lum bo‘lgan kasallarning hammasidan ham battaroq edi. Ona bezgakni, bosinqirash kasallarini ko‘rgan, lekin bu jinnilik-ku. Ona o‘g‘lining ustini o‘rab qo‘ydi-da, qizini doktorga yubordi.
Doktor kelganda, Jonni tinchgina uxlab yotar edi. U o‘shanday tinchgina uyg‘ondi, doktor uning tomirlarini ushlab ko‘rdi.
– Hechqisi yo‘q, – dedi doktor. – Bolangiz juda zaiflashib qolgan, albatta. Qoq suyagu terisi qolibdi.
– U hamma vaqt ham shunday edi, – dedi onasi.
– Bor endi, oyijon, men bir uxlab olay.
Jonni buni juda beozor va muloyimlik bilan aytdi. Xuddi shu tarzda beparvo bola yonboshiga ag‘darildi-da, yana uyquga ketdi.
Soat unda uyqusidan uyg‘ondi va o‘rnidan turib, oshxonaga chiqdi. Onasi unga cho‘chib qaradi.
– Men ketyapman, oyi, – dedi u, – kel, xayrlashaylik.
Ona peshbandi bilan yuzini bekitdi, stulga o‘tirdi-da, yig‘lab yubordi.
Jonni sabr bilan kutib turdi.
– Qanday kunlarga qoldim! – dedi nihoyat ko‘z yoshini oqizib turib ona. Keyin peshbandini tushirib, qo‘rquv aralash Jonniga qaradi. Uning qarashida hatto qiziqish ham yo‘q edi. – Axir qayoqqa borasan?
– Bilmayman… biror joyga ketarman.
Ko‘chaning narigi tomonida o‘sgan yolg‘iz daraxt Jonnining ko‘z oldiga keldi. Bu daraxt uning miyasiga shunday qattiq o‘rnashib qolgan ediki, u istagan vaqtda daraxtni tasavvur qila olardi.
– Ishing nima bo‘ladi? – deb titroq tovush bilan so‘radi ona.
– Endi ishlamayman.
– Nimalar deyapsan, Jonni! – dedi onasi. – Senga nima bo‘ldi o‘zi?
Ona o‘g‘lining gapini kufrga yo‘ydi. O‘g‘lining Xudoga qarshi aytgan so‘zi dindor onani qanday dahshatga solsa, Jonnining gaplari ham onaning kayfini xuddi o‘shanday uchirib yubordi.
– Axir senga nima bo‘ldi, – dedi u o‘z hukmini o‘tkazishga sal bo‘lsa ham tirishib ko‘rib.
– Raqamlar, raqamlar… – deb javob berdi u. – Raqamlar, xolos. Men keyingi hafta ichida rosa hisoblab ko‘rdim, o‘zim ham hayron qoldim.
– Tushunmayapman, raqamlaring nimasi? – dedi yig‘lamsirab ona.
Jonni toqat bilan iljaydi. Onasi undagi asabiylik mutlaqo yo‘q bo‘lib ketganidan hayron qoldi.
– Hozir tushuntirib beraman, – dedi u. – Men tinkam qurib, ishdan chiqib qoldim, nima sababdan? Harakatdan. Tug‘ilgan kunimdan beri harakat qilaman. Juda charchadim, ortiq qimirlashga toqatim yo‘q. Shisha zavodida qanday ishlaganim esingdami? Har kuni uch yuz dyujina shishani qo‘ldan o‘tkazardim. Hisobimga ko‘ra har bir shisha o‘n marta harakat qilishni talab etadi. Bu har kun o‘ttiz olti ming harakat degan so‘z. O‘n kunda uch yuz oltmish ming, bir oyda bir million sakson ming harakat bo‘ladi. Sakson mingni hatto olib tashlay qoling, – dedi u saxiylik bilan. – O‘shanda ham oyiga bir million yoki yiliga o‘n ikki million harakat bo‘ladi. To‘qimachilik dastgohi yonida men ikki martaba ko‘p harakat qildim, bu bir yiliga yigirma besh million harakat bo‘ladi. Nazarimda, men million yildan beri to‘xtovsiz harakat qilayotgandekman.
Mana shu hafta ichida men hech qanday harakat qilmadim, ba’zan bir necha soatlab mutlaqo harakatsiz o‘tirdim. Ishlamasdan, bekor o‘tirish, shunday jim o‘tirish qanday yaxshi! Men shu choqqacha baxt nima ekanligini bilmadim. Hech qachon bo‘sh qolmaganman. Butun umrim harakatda bo‘ldi. Bunda qanday shodlik bo‘lsin? Endi ishlamayman. Hamma vaqt mana shunday o‘tiraman, doim dam olaman… keyin yana dam olaman.
– Villi, boshqa ukalaring nima bo‘ladi? – deb ojizlik bilan so‘radi ona.
– Ha-ya, Villi, ukalarim… – deb takrorladi u.
Uning ovozida o‘kinch yo‘q edi. Onasining kichik ukasidan umidi zo‘r ekanini Jonni ko‘pdan beri bilardi, lekin hozir unga bu ham alam qilmadi, endi unga baribir edi.
– Oyi, Villini nima qilmoqchi bo‘lib yurga-ningni bilaman. U maktabni bitirib, hisobchi bo‘lishini istaysan. E-e, bas endi. Boshqa ishlamayman. Endi u ishlasin.
– Men esa seni parvarish qilib, voyaga yetkazdim, oqibat shu bo‘ldimi? – dedi-da, onasi yana yig‘lab yuborib, peshbandini ko‘tardi-yu, ammo yuzini bekitmadi.
– Meni sen o‘stirgan emassan, – dedi Jonni yuvoshgina va g‘amginlik bilan. – Men o‘zimni o‘zim o‘stirdim. Villini ham men o‘stirdim. U mendan baquvvatroq, sog‘lomroq va balandroq. Men yoshligimdan boshlab to‘yib ovqat yemadim. Undan keyin Villi och qolmasin deb ham ishladim. Endi bas. Endi menga o‘xshab Villi ishlasin, ishlamasa — ochdan o‘lsin, menga baribir. Bo‘ladiganim bo‘ldi. Men endi ketaman…
Ona javob bermadi. U yuzini peshbandi bilan bekitib, yana yig‘ladi. Jonni eshik oldida bir oz to‘xtadi.
– Axir men qo‘limdan kelganini qildim-ku, – dedi ona ko‘z yoshlarini oqizib.
Jonni uydan chiqdi-da, ko‘chadan yurib ketdi. Yolg‘iz turgan daraxtga qarab, sekin iljayib qo‘ydi.
– Endi hech ishlamayman, – dedi u o‘z-o‘ziga asta va qiroat bilan. Keyin o‘ychan holda osmonga qaradi-yu, ko‘zini yumdi: quyosh shu’lasi ko‘zlarini qamashtirdi.
Uning bosadigan yo‘li uzoq, lekin u shoshilmasdi. Mana jut fabrikasi. Qulog‘iga to‘quvchilik tsexidan guvillagan shovqin eshitildi. U iljayib qo‘ydi. Bu yuvoshgina va muloyim tabassum edi. U hech narsadan gina qilmas, hech narsadan keki yo‘q edi, hatto taqirlayotgan va g‘ijirlayotgan mashinalarga qarshi ham unda nafrat hissi yo‘q edi. Ko‘nglida alam, armon yo‘q, uning birdan-bir orzusi, cheksiz istagi orom olish edi.
Shahardan tashqari chiqqan sari keng dalalar yoyilib borardi. Fabrikalar, uylar siyraklashib borib, oxiri shahar orqada qoldi. U temir yo‘l yoqalab salqin xiyobondan borardi. Uning qadam tashlashi odamning qadam tashlashiga o‘xshamas, umuman o‘zi ham odamga o‘xshamasdi, u odamning kulgili bir tasviri, holdan toygan, abjaq bo‘lgan bir maxluqqa o‘xshardi. Xuddi kasal maymundek qo‘llari ikki yoniga osilgan, bukchaygan, ko‘krak qafasi tor, dahshatli bir vujud gandiraklab borardi.
Kichik bir temir yo‘l bekati oldidan o‘tib, daraxt ostidagi maysaga cho‘zildi. U kun bo‘yi o‘sha yerda yotdi. Vaqti-vaqti bilan u uyquga ketar va uyqusida muskullari irg‘ib-irg‘ib ketardi. Uyqudan ko‘zini ochib, yana qimir etmay yotar, qushlarni kuzatar yoki boshi ustidagi shoxlar orasidan osmonga qarardi. Bir-ikki marta u hech qanday sababsiz xaxolab kuldi ham.
G‘ira-shira quyuqlashib, hammayoqni qorong‘ulik bosganda, shovqin-suron solib bekatga yuk poyezdi kelib qoldi. Parovoz vagonlarning bir qismini zaxira yo‘lga o‘tkazib bo‘lguncha, Jonni sekingina poyezdga yaqinlashdi. U bo‘sh vagonlardan birining eshigini ochdi-da, bir amallab vagon ichiga kirib oldi. Keyin vagonning eshigini yopdi. Parovoz hushtak berdi. Jonni qorong‘uda qimirlamay yotar va iljayar edi.

Rus tilidan F. Abdullayev tarjimasi