Jek London. Hayotga muhabbat (hikoya)

Ular oqsoqlanib, soyga tomon tushib borishardi. Hamrohlardan biri, oldinda ketayotgani, toshloq yerda qoqilib, gandiraklab ketdi. Ikkalasi ham charchab holdan toygan, yuzlaridan chidam va itoatkorlik ifodalari ko‘rinib turadi — bu uzoq vaqt qiyinchilik chekish natijasi. Orqalaridagi qayish bilan tortib bog‘langan og‘ir yuklari yelkalarini ezadi. Ikkalasida ham bittadan mil-tiq. Ikkalasi ham bukchayib, engashib, ko‘zlarini yerdan uzmay boradilar.
– Qani endi yashirib qo‘ygan joyimizdagi o‘qlardan hozir ikkitaginasi bo‘lsa, – deb qo‘ydi ulardan biri.
Azbaroyi madorsizligidan ovozi zaif chiqdi. O‘zi behafsala gapirar edi; toshlarga urilib, ko‘piklanib oqayotgan sutdek oppoq suvga endi oyoq bosgan sherigi esa, unga hech narsa deb javob bermadi.
Ikkinchisi ham sherigi orqasidan suvga tushdi. Suv muzdek sovuq bo‘lishiga qaramay, ular oyoq kiyimlarini yechmadilar, suv shu qadar sovuq ediki, ularning oyoqlari, hatto oyoq barmoqlari ham sovuqdan uvishib qoldi.
Ba’zi joylarda suv tizzadan kelar, shitob bilan urilganda o‘zlarini tutolmay gandiraklab ketardilar.
Orqada kelayotgan yo‘lovchi silliq toshga tiyg‘anib ketib yiqilishiga oz qoldi, og‘riqdan qattiq ixrab yubordi-yu, ammo yiqilmadi. Boshi aylandi shekilli, munkib ketib, xuddi havodan tayanch topishga intilgandek bo‘sh qo‘lini oldinga cho‘zdi. O‘zini o‘nglab oldi-da, oldinga qadam bosdi, lekin yana toyib ketib, sal bo‘lmasa yiqilayozdi. Shundan keyin to‘xtab, o‘z sherigiga qarab qo‘ydi: sherigi esa orqasiga ham qaramay, hamon oldinga ketmoqda edi.
Bir narsani o‘ylayotgandek, birpas qimirlamay turdi, keyin:
– Menga qapa, Bill, oyoHimni chiqarib oldim! – deb qichqirdi.
Bill oyoqlarini sudrab sutdek oppoq suvdan kechib borardi. U orqasiga biror marta ham qayrilib qapamadi. Sherigi uning orqasidan qarab turardi, yuzi hali ham avvalgidek hech narsani ifoda qilmasa-da, ko‘zlarida yaralangan bug‘u singari chuqur qayg‘u belgilari paydo bo‘ldi.
Mana Bill qarshi qirg‘oqqa o‘tib oldi-da, kalovlanib yurib ketdi. Suvning o‘rtasida turgan hamrohi undan ko‘zini olmay qarab turdi. Uning lablari shu qadar titrar ediki, o‘siq sariq mo‘ylovining tuklari uchib-uchib ketardi. U tilining uchi bilan qoq qurigan lablarini bir yalab oldi-da:
– Bill! – deb qichqirdi.
Bu falokatga yo‘liqqan odamning jon achchig‘idagi hayqirig‘i edi, ammo Bill qayrilib qaramadi. Orqada qolib ketgani sherigining orqasidan uzoq vaqt qarab turdi: sherigi lapanglab, oqsoqlanib, qoqilib-suqilib, tepalikda ko‘ringan egri-bugri ufq chiziqlari tomon asta-sekin ko‘tarilib borardi, Bill to tepalikni oshib, ko‘zdan g‘oyib bo‘lib ketguncha, sherigi uning orqasidan qarab turdi. Shundan keyin u tarafdan ko‘zini uzdi va Bill ketgandan keyin o‘zi yolg‘iz qolgan yerni bir-bir ko‘zdan kechirib chiqdi.
Xuddi ufq tepasida g‘ira-shira va cheksiz-chegarasiz quyuq tuman pardasi ortidan zo‘rg‘a ko‘rinayotgan quyosh xira nur sochib turadi. U butun og‘irligini bir oyog‘iga solib turib, soatini oldi, soat to‘rt edi. So‘nggi ikki hafta ichida u hisobni yo‘qotib qo‘ydi: iyulning oxiri yoki avgustning boshlari bo‘lganidan quyosh shimol-g‘arbda bo‘lishi kerak edi. U janub tomonga qaradi, mana shy yoqim-siz tepaliklar orqasida allaqayerda Katta Ayiq ko‘li bor, xuddi o‘sha tomonda Kanada sahrosidan mudhish shimoliy Qutb doirasi o‘tadi deb o‘ylab qo‘ydi, u turgan soy Koppermayn daryosining irmog‘i, Koppermayn esa shimol tomonga oqib, Koronatsiya ko‘rfaziga, Shimoliy Muz dengiziga quyiladi. Uning o‘zi u yerlarga hech qachon bormagan, lekin buning hammasini bir kun Gudzon ko‘rfazi kompaniyasining xaritasida ko‘rgan.
U o‘zi yolg‘iz qolgan joyini yana bir marta ko‘zdan kechirdi. Tevarak-atrof sovuqdan-sovuq bir manzarani tashkil etardi. Pastakkina tepachalar bir xildagi egri-bugri chiziq hosil qilib, to ufqqa tutashguncha cho‘zilib ketgan. Na biron daraxt, na buta, na o‘t-o‘lan ko‘rinadi — poyonsiz va dahshatli sahrodan boshqa hech narsa yo‘q. Uning ko‘zlarida qo‘rquv ifodalari ko‘rindi.
– Bill! – deb pichirladi u, ketidan yana: – Bill! – deb takrorladi.
Poyonsiz cahro go‘yo qudratli kuchi bilan bosayotganday, mudhish sokinligi bilan ezayotganday, u loyqalanib oqayotgan soy o‘rtasida cho‘qqayib o‘tirib qoldi. U xuddi bezgak tutayotgandek qaltirab ketdi, shu payt miltig‘i shalp etib suvga tushdi. Bu uni o‘ziga keltirdi. U qo‘rquvni yengib, es-hushini yig‘di, keyin qo‘lini suvga tiqib paypaslandi-da, miltig‘ini topdi. So‘ng mayib oyog‘iga og‘irlik kamroq tushsin uchun yukni chap yelkasiga surib oldi va har oyoq bosganda og‘riqdan basharasini burishtirib, zo‘r ehtiyot bilan sekin-asta qirg‘oqqa yura boshladi.
U to‘xtamay yuraverdi. Og‘riqqa sira e’tibor bermay, o‘lgudek tirishqoqlik bilan shoshib Bill oshib o‘tib ketgan tepalik ustiga chiqaverdi, shunda o‘zi kalovlanib zo‘rg‘a oyoq sudrab borayotgan Billdan ham kulgilipoq va qo‘polroq bo‘lib ketdi. Tepalikka chiqib qapaca, vodiyda hech kim yo‘q ekan! Uni yana qo‘rquv bosdi, keyin qo‘rquvni yana yengib, qopini chap yelkasiga yana ham surib oldi-da, oqsoqlanib-oqsoqlanib pastga tusha boshladi.
Vodiyning pastligi chalchiqzor bo‘lib, chimlik jiqqa suv edi. Har qadam bosganda suv sachrar, oyog‘ini nam chimlikdan har ko‘tarib bosganda shalop-shulup etgan tovush chiqardi. U Billning izidan yurishga intilib, ko‘loblarni aylanib o‘tar yoki chimliklar ustida xuddi orol singari qaqqayib turgan toshlar ustidan borardi.
U yolg‘iz qolgan bo‘lsa ham yo‘ldan adashmadi. Yana bir oz yurgandan keyin atrofini pastakkina nimjon quruq pixta va archalar o‘rab yotgan kichkina Titchinnichili ko‘liga yetib borishini bilardi, bu ko‘lning ismi mahalliy tilda «Kichik Og‘ochlar O‘lkasi» degan ma’noni anglatardi. Shu ko‘lga bir ariq kelib quyiladi, suvi ham loyqa emas. Ariq bo‘ylarida qamish o‘sadi. Bu uning yaxshi esida, lekin u yerda daraxt yo‘q. U ariq bo‘ylab yuqoriga, soygacha boradi. Shu yerdan g‘arbga oqayotgan boshqa bir ariq yoqalab Diz daryosiga qadar boradi. Xuddi o‘sha yerda ustiga tosh bostirilgan to‘nkarib qo‘yilgan qayiq ostiga yashirib qo‘yilgan narsalarni topadi. U yerda miltiq o‘qi, baliq tutadigan qarmoq va qapmoq iplari, kichik bir to‘r, umuman ovqat topish uchun zarur narsalarning hammasi yashirib qo‘yilgan. Bundan tashqari o‘sha yerda oz bo‘lsa ham un, bir parcha go‘sht, loviya ham bor.
Bill uni o‘sha yerda kutib turadi, keyin ikkisi Diz daryosi bilan Katta Ayiq ko‘liga boradilar, undan keyin ko‘ldan o‘tib janubga, to Makkenzi daryosiga yetib olguncha doim janubga qarab boraveradilar. Janubga, hamma vaqt janubga qarab boraveradilar — qish esa ularni quvib boradi. Tez oqar soy va jilg‘alar muz bilan qoplanadi, sovuq tushadi, ular esa janubga Gudzon ko‘rfazidagi faktoriyalardan biriga yetib oladilar, u tomonlarda baland-baland, azamat daraxtlar o‘sadi va oziq-ovqat ham istagancha topiladi.
Zo‘rg‘a sudralib borayotgan yo‘lovchi mana shular haqida o‘ylar edi. Lekin yurish qanchalik og‘ir bo‘lmasin, Bill uni yolg‘iz tashlab ketmaydi degan fikrga ishonish undan ham qiyin edi. Bill hech shubhasiz uni narsalar yashiringan joyda kutib o‘tiradi. U shunday deb o‘ylashi kerak, aks holda bundan keyin kurashni davom ettirishning hech qanday ma’nisi yo‘q, unda oyoqni cho‘zish-u, o‘lib qo‘ya qolishdan boshqa iloj yo‘q. Quyoshning xira gardi-shi shimol-g‘arb tomonga sekin-asta yashirina borar ekan, u Bill bilan birga yaqinlashib kelayotgan qishdan qochib, janub tomonga qo‘yiladigan har qadamini hisoblab chiqdi. U narsalar yashirilgan joydagi va Gudzon ko‘rfazi kompaniyasining omboridagi oziq-ovqat zaxirasini qayta-qayta o‘z xayolidan kechirdi. Ikki kundan beri u hech narsa yegani yo‘q, lekin undan ilgari ham to‘yib ovqat yemagan edi. U tez-tez egilib, rangsiz botqoq mevalarini uzib og‘ziga solar va chaynab yutib yuborardi. Mevalar juda sersuv, suvi ichiga ketib, og‘zida faqat taxir va qattiq urug‘larigina qolardi. Bu mevalar qorin to‘yg‘azmasligini bilardi, shunday bo‘lsa ham ularni sabr bilan chaynar, chunki umid achchiq haqiqat bilan hisoblashmoqni istamas edi.
Soat to‘qqizlarda u oyog‘ining katta barmog‘ini o‘tkir tosh qirrasiga urib oldi. Charchoq va darmonsizlikdan gandiraklab yiqilib tushdi. Bir yonboshiga ag‘anab, anchagacha qimirlamay yotdi. Undan keyin orqasidagi qop qayishini yelkasidan chiqarib, ixrab-ixrab o‘tirib oldi. Hali uncha qorong‘u tushganicha yo‘q edi, shu g‘ira-shirada toshlar orasini paypaslab, qypyq xas-cho‘p yig‘a boshladi. Bir tutam xas-cho‘p yig‘ib o‘t yoqdi, keyin kotelokka suv solib, tutab-burqsib yonayotgan o‘tga qo‘ydi.
U qopni ochib, hammadan burun gugurtlarni sanab ko‘rdi. Hammasi bo‘lib oltmish yetti dona gugurt cho‘pi bor edi. U yanglishgan bo‘lmay deb, gugurtni uch marta sanab chiqdi. Gugurtni uch bo‘lakka ajratib, har bir bo‘lagini qog‘ozga o‘radi. Bir bo‘lagini bo‘sh hamyoniga solib qo‘ydi, ikkinchisini eskirib ketgan shapkasining astariga tiqdi, uchinchisini esa ko‘kragiga yashirib qo‘ydi. Bu ishni tamom qilgandan keyin uni birdan qo‘rquv bosdi: uch bo‘lak gugurtni yana ochib, qaytadan sanab ko‘rdi. Gugurt avvalgidek oltmish yetti dona edi.
Oyoq kiyimini o‘tga tutib quritdi, mokasini yirtilgan, odeyaldan tikilgan paypoqlari chilteshik, oyoqlari bo‘lsa qontalash bo‘lib ketgandi. To‘pig‘i qattiq og‘rirdi, u to‘pig‘ini ko‘zdan kechirdi. To‘pig‘i xuddi tizzasidek yo‘g‘on tortib, shishib ketgandi. U odeyallaridan bittasining chetidan uzun qilib yirtib oldi, to‘pig‘ini mahkam siqib bog‘ladi. Keyin yana bir necha parcha yirtib olib, mokasin va paypoq vazifasini o‘tasin deb, oyog‘ini aylantirib o‘radi-da, qaynagan suvdan ichib oldi, soatini buradi, so‘ng odeyalga o‘ranib yotdi.
U dong qotib uxladi. Yarim tunga borib qorong‘u tushdi, lekin bu uzoqqa cho‘zilmadi. Sharq-shimol-dan quyosh ko‘tarildi, to‘g‘rirog‘i o‘sha tomondan tong yorisha boshladi, chunki quyosh yuzini quyuq tuman qoplagan edi.
Soat oltida u chalqancha yotgani holda uyqusidan uyg‘ondi, kul rang osmonga qaradi va och qolganini sezdi. Tirsagiga suyanib qaddini ko‘tardi va qayrilib qaragan edi, qulog‘iga qattiq pishqirgan tovush eshitildi. Qarasa, sezgirlik va qiziqish bilan bir byg‘y unga qarab turgan ekan. Bug‘u undan ellik qadamcha joyda turardi. Shu ondayoq tovada jizillab qovurilayotgan bug‘u go‘shtining hidi dimog‘iga urilgandek, o‘zi go‘sht mazasini totgandek bo‘ldi. Beixtiyor o‘qi yo‘q miltig‘ini olib o‘qtaldi, tepkini bosib yubordi. Bug‘u cho‘chib bir chekkaga tashlandi va tuyoqlarini tapillatib qochib ketdi.
Odam so‘kinib, miltig‘ini uloqtirib tashladi, ixrab-ixrab o‘rnidan turishga urinib ko‘rdi. Ancha uringandan keyin zo‘rg‘a turib oldi. Bo‘g‘inlari xuddi zanglab qolgandek edi, ularni to‘g‘rilash yoki egish juda mashaqqat edi. Nihoyat u oqqa bosgandan keyin ham odamga o‘xshab tik turib olish uchun rosa bir daqiqacha o‘rindi.
U chog‘roq bir tepalik ustiga chiqib, atrofga nazar tashladi. Bo‘z rang chimlik dengizidan boshqa hech narsa — na biron daraxt, na biron buta — hech narsa ko‘rinmasdi. Onda-sonda bo‘z rang xarsang toshlar, bo‘z rang ko‘lchalar, bo‘z rang ariqlargina ko‘zga tashlanadi. Osmon ham bo‘z rang edi. Quyosh na nur sochadi, na uning yilt etgan shu’lasi ko‘rinib qoladi. U shimol qayoqda ekanini, kecha kechqurun bu yerga qaysi tomondan kelganini eslay olmadi. Lekin u yo‘ldan adashmagan edi. Buni yaxshi biladi. U tezda Kichik Og‘ochlar O‘lkasiga yetib oladi. U o‘lka shu yaqin orada, chap tomonda bo‘lishi kerak, ehtimol, xuddi mana shu ko‘rinib turgan tepalikning narigi tomonidadir.
U qaytib tushib, yo‘lga otlandi; tugunini tugdi, uch bo‘lak qilib qo‘ygan gugurtlarim turibdimi-yo‘qmi deb paypaslab ko‘rdi, lekin sanab o‘tirmadi. U bug‘uning terisidan tikilgan xaltachaga qarab turib, xayol surib qoldi. Xalta uncha katta emas, ichidagi narsalari bilan bir hovuch kelardi. Lekin og‘irligi o‘n besh qadoq bo‘lib, qolgan yukning og‘irligi bilan teng edi — uni mana shu tashvishga solardi. U xaltani bir tomonga surib qo‘yib, boshqa narsalarni o‘ray boshladi. Keyin xaltachaga qaradi-da, apil-tapil qo‘liga oldi, xuddi sahro uning qo‘lidan oltinni tortib olayotgandek, xo‘mrayib atrofga qaradi. Yangidan o‘rnidan turib, yo‘lga tushganda boshqa narsalar qatori xaltacha ham uning orqasida edi.
U chapga tomon burildi. Ahyon-ahyonda to‘xtar va botqoq mevalaridan terib yer edi. Uning oyog‘i butun lay qotib qoldi, o‘zi borgan sari kuchliroq oqsar, lekin oyoq og‘rig‘i qornidagi og‘riq azobiga qaraganda hech gap emasdi. Ochlik azobi uni hammadan ko‘proq qiynar, qornidagi og‘riq esa ich-ichdan azob berardi. Endi u Kichkina Og‘ochlar O‘lkasiga yetib olish uchun qaysi tomonga yurishni ham bilmasdi. Mevalar uni ochlik azobidan qutqarolmas, til va tanglaylarini lovillatib achitardi. Kichikroq bir soylikka yetib borganda, toshlar orasidan qanotlarini qoqib va qir-qirlashib bir to‘p oq kaklik ko‘tarildi. U kakliklarga tosh otdi, lekin tekkizolmadi. Keyin u yukini yerga qo‘yib, xuddi chumchuq poylagan mushukdek, kakliklarning orqasidan pusib o‘rmalab bora boshladi. O‘tkir tosh qirralari uning shimlarini parchalab tashladi, tizzalaridan oqqan qon qonli iz qoldirib bordi. Lekin ochlik azobi shunchalik kuchli ediki, u boshqa hech qanday og‘riqni sezmasdi. U chalchiqzor chimliklar ustidan o‘rmalab, kiyimlari ho‘l-shalobbo bo‘lib ketgan, badani sovuqdan qotgan edi-yu, lekin faqat ovqat haqida o‘ylar, boshqa hech narsani sezmasdi. Atrofidan hadeganda par etib uchib ketayotgan kakliklarning qir-qiri uni masxara qilayotgandek tuyuldi. U kakliklarni so‘kib qo‘ydi-da, ularga taqlid qilib qichqira boshladi.
Bir marta u bir kaklikka juda yaqin kelib qoldi, qush chamasi uxlab yotardi. U qush toshlar orasidagi o‘z uyasidan yuziga tegib ketay deb parillab uchib chiqmaguncha, kaklikni ko‘rmadi. Kaklik bexosdan parillab chiqib qolganiga qaramay, u changal soldi. Qo‘lida qushning uchta pati qoldi. U uchib ketayotgan qushning orqasidan qarab turdi, kaklik go‘yo uning boshiga katta falokat keltirgandek, odam ko‘nglida unga nisbatan cheksiz nafrat uyg‘ondi. Keyin orqasiga qaytib, yukini ko‘tarib oldi.
Choshgoh paytida u bir botqoqqa yetib keldi, bu yerda ov ko‘proq edi. Xuddi unga o‘chakishganday oldidan yigirmatacha bug‘u o‘tib ketdi, ular shunday yaqindan o‘tdiki, miltiq o‘qi bahuzur yetardi. U jonivorlarni quvlagisi kelib ketdi, quvlasa, ushlab olishiga juda ishonardi. Uning oldidan og‘ziga kaklik tishlagan bir qora tulki o‘tib ketdi. U qichqirib yubordi. Shunday qattiq qichqirdiki, cho‘chib ketgan tulki o‘zini bir chetga urdi, ammo kaklikni og‘zidan tushirib yubormadi.
Kechqurun u qamishlar orasidan ohakdan oppoq loyqalanib oqayotgan ariqcha yoqalab borardi. Bir qamishning ostidan mahkam ushlab, xuddi piyozga o‘xshagan bir narsani suHurib oldi. G‘amishning tomiri yumshoq bo‘lib, chaynaganda ishtahani ochib, qars-qars qilardi. Lekin o‘zi mazasi taxir, xuddi mevaga o‘xshagan sersuv bo‘lib, och qorinni to‘yg‘azmasdi. U yukni yerga tashladi-da, xuddi kavsh qaytarayotgan molga o‘xshab kavshana-kavshana qamishlar orasidan o‘rmalab ketdi.
U juda charchagan, bir oz orom olgisi, yotib uxlagisi kelardi; lekin Kichik Og‘ochlar O‘lkasiga yetib olish orzusi, undan ham zo‘rroq bo‘lgan ochlik azobi unga tinchlik bermasdi. U bunday uzoq Shimolda qurt va qurbaqalar bo‘lmasligini bilsa ham, chuqurchalardan qurbaqa axtarar va oyoqlari bilan yerni titkilab, qurt qidirar edi.
U har bir ko‘lmakni sinchiklab qarardi. Pirovardida, qosh qoraygan paytda, bir chuqurda bittagina baliqcha suzib yurganini ko‘rib qoldi. U yelkasigacha qo‘lini suvga tiqdi. Lekin baliqcha uning qo‘lidan sirg‘alib chiqib ketdi. Shunda u qo‘lini suvga tiqib, butun chuqurchani ostin-ustun qilib loyqalatib yubordi. Butun fikru yodi baliq bilan bo‘lib, hayajondan suvga tushib ketdi, beligacha suvga botdi. Suvni shunday loyqalatib yubordiki, baliqni ko‘rib bo‘lmay qoldi, shundan keyin loyqa suvning ostiga cho‘kkuncha kutib turishga to‘g‘ri keldi.
U yana baliqni ov qila boshladi-da, suvni yana loyqalatib yubordi. Ortiq kutishga toqat qolmadi. Yukka qo‘shib bog‘langan paqirchani oldi-da, chuqurdagi suvni bu yoqqa olib to‘ka boshladi. Suvni quritish uchun zo‘r berib ishladi, ust-boshi shalabbo ho‘l bo‘lib ketdi, shoshilganidan suvni chuqurga shunday yaqin to‘kardiki, suv yana qaytib chuqurga oqib tushardi. So‘ngra u qo‘lining titrashi va yuragining qattiq urishiga qaramay, xotirjam bo‘lib ishlashga harakat qildi. Yarim soatdan keyin chuqurchada hatto bir hovuch ham suv qolmadi. Biroq baliq yo‘q bo‘lib qolgandi. Uning ko‘zi toshlar orasidagi bir teshikchaga tushdi. Baliq o‘sha yerdan katta bir chuqurga o‘tib ketibdi, u chuqurda suv shu qadar ko‘p ediki, uning suvini bir kechayu bir kunduzda ham tamom qilib bo‘lmasdi. Teshik borligini ilgari bilganda, hammadan burun uni tosh bilan berkitib qo‘ygan bo‘lardi, shunda baliq uning qo‘lidan qochib qutulolmasdi.
Odam holdan toyib chalchiq yerga o‘tirib oldi-da, yig‘lab yubordi. Oldin sekin-sekin yig‘ladi. Keyin atrofni o‘rab yotgan shafqatsiz biyobonni uyg‘otmoqchi bo‘lgandek borgan sari qattiqroq, ho‘ng-ho‘ng yig‘layverdi; ho‘ngrab-ho‘ngrab, a’zoyi badani titrab yana uzoq yig‘ladi.
U o‘t yoqdi, ancha qaynagan suv ichib, bir oz isidi va kechagidek yotish uchun tosh ustiga joy soldi. Yotishdan avval u gugurtning ho‘l-quruqligini tekshirib ko‘rdi va soatini burab qo‘ydi. Odeyal ho‘l va muzdek edi. Og‘riqdan oyoqlari o‘tday yonar, lekin u faqat ochlik azobini sezardi. Kechasi har xil ziyofatlar, mehmondorchiliklar va dasturxonga tortilgan turli noz-ne’matlarni tush ko‘rib chiqdi.
U sovuq qotib, kasal bo‘lib uyg‘ondi. Quyosh ko‘rinmasdi. Yeru osmonning bo‘z rang tusi yana ham quyuqlashgan; qattiq shamol urib turar, birinchi yoqqan qor tepaliklarni oppoq tusga kiritgan. U o‘t yoqib, suv qaynatguncha, havo yana ham quyuqlashgandek, yana ham oqargandek tuyuldi. Bu yog‘ayotgan qorning ho‘l laylak qorga aylanganidan edi. Qor boshida yerga tushgan zamon erib turdi, lekin bora-bora ko‘payib, yerning usti qop bilan qoplana boshladi-da, qop quruq xas-cho‘plarni ho‘l qilib, o‘tni o‘chirdi.
Bu unga yukini orqasiga ko‘tarib, boshi oqqan tomonga yo‘lga chiqish uchun belgi bo‘ldi. U endi Kichik Og‘ochlar O‘lkasi haqida ham, Bill haqida ham, Diz daryosi sohilidagi qayiq ostiga yashiringan narsalar haqida ham o‘ylamasdi. Uning fikru xayoli ovqat bo‘lib qolgan edi. Ochlik uni aqldan ozdirdi. U qayoqqa ketayotganini ham o‘ylolmay qoldi. Ishqilib, to‘g‘ri va tekis vodiydan borsa bo‘lgani edi. U ho‘l qop ostidan sersuv mevalarni paypaslab qidirar, qamishlarni tomiri bilan sug‘urib olardi. Lekin bu bemaza yemish uning qorniga orom bermasdi. Yo‘lda u mazasi achchiq bir o‘simlik topdi, bu o‘tdan qancha topsa, hammasini yedi, ammo o‘simlik juda oz ekan, bu o‘rmalovchi bir o‘simlik bo‘lib, qor tagida qolgandi.
Shu kecha u o‘t yoqmadi, suv ham qaynatmadi, odeyal ichiga kirib oldi-da, och holda yotib qoldi. Qor asta-sekin sovuq yomg‘irga aylandi. Yuziga yomg‘ir tomchilari tushayotganini sezib, tez-tez uyqusidan uyg‘onib ketardi. Tong otib, yana quyoshsiz bo‘z rang kun boshlandi. Yomg‘ir to‘xtagan. Endi undagi ochlik tuyg‘usi o‘tmaslashdi. Qornida allaqanday bezillab turgan bir og‘riq qoldi, xolos, ammo bu unga uncha azob bermasdi. Uning fikri bir oz ravshanlashdi, endi y yana Kichik Og‘ochlar O‘lkasi haqida, Diz daryosi bo‘yiga yashirib qo‘ygan narsalar haqida o‘ylay boshladi.
U yirtiq odeyaldan qolgan qismini yana uzuna-siga yirtib, qoni chiqar darajada shilinib ketgan oyog‘ini bog‘ladi, chiqqan to‘pig‘ining lattasini yangiladi-da, yana yo‘lga tushishga hozirlandi. Yukni ko‘tarib olishdan oldin bug‘u terisidan tikilgan xaltaga uzoq tikilib turdi-yu, yana xaltani ham olib ketdi.
Yomg‘ir qorni eritib ketgandi, faqat tepachalarning uchi oqarib turardi. Quyosh ko‘rinib qoldi, bundan foydalanib, yo‘lovchi dunyoning to‘rt tomonini belgilab oldi, yo‘ldan adashganligi aniq bo‘ldi. So‘nggi kunlarda chap tomonga ko‘proq ketib qolgan bo‘lsa kerak, endi u to‘g‘ri yo‘lga tushib olish uchun o‘ng tomonga qarab yura boshladi.
Ochlik azobi o‘tmaslashgan edi-yu, lekin o‘zining holdan ketganini sezdi. Dam olish uchun tez-tez to‘xtar, yerdan meva terar va qamishlarni tomiri bilan sug‘urib olardi. Uning tili qaqrab, shishib ketdi, og‘zi achchiq va bemaza. Hammadan ko‘proq yuragi bezovta qildi. U bir necha qadam bosmasdan yuragi duk-duk urib ketar, keyin qinidan chiqib ketar darajada dukillab ura boshlardi-da, yo‘lovchi bo‘g‘ilar, o‘zidan ketar darajada boshi aylanardi.
Tush paytida u katta bir chuqurda ikkita tanga baliq suzib yurganini ko‘rib qoldi. Chuqurning suvini quritib bo‘lmasdi, lekin endi u ancha o‘zini bosib olgandi, paqirchasi bilan baliqlarni tutib oldi. Baliqlap jimjiloqdek-jimjiloqdek kichkina edi, lekin u ovqat yeyishni uncha istamasdi. Qorin og‘rig‘i xuddi mudrayotgandek, borgan sari bosib borardi. U baliqlarni xomligicha og‘ziga solib, g‘ayrat bilan chaynay boshladi. Ishtahasi bo‘lmasa ham, ovqat yeyishga o‘zini majbur qildi, chunki yashamoq uchun ovqat yeyish zarurligini yaxshi bilardi. Kechqurun u yana uchta tanga baliq tutdi, ikkitasini yeb, uchinchisini ertalabga olib qo‘ydi. Quyosh onda-sonda uchrab turgan yo‘sinlarni quritganda, u suv qaynatib ichib, bir oz isidi. O‘sha kuni u o‘n mildan ortiq yo‘l bosolmadi, ertasiga yuragi gupillab urib ketaverib, besh milga yaqin yo‘lni zo‘rg‘a bosib o‘tdi. Qorni uxlab ketgandek ortiq og‘rimay qo‘ydi. Endi u notanish yerlardan borardi, bug‘ular tez-tez uchrar, hatto bo‘rilar ham ko‘rinib qolardi. Ularning uvillagan tovushi uzoqdan qulog‘iga chalinardi. Bir marta u pusib yo‘lini kesib o‘tayotgan uchta bo‘rini ko‘rib qoldi.
Yana tun kirdi, tongda u bir oz o‘ziga kelib, xaltaning qayishini yechdi-da, ichidagi oltinni yerga to‘kdi. Oltinni bab-baravar qilib, ikki qismga bo‘ldi. Bir bo‘lagini lattaga o‘rab, uzoqdan yaxshi ko‘rinib turadigan bir tepalikka, toshlar orasiga yashirib qo‘ydi. Ikkinchi qismini yana xaltaga solib, og‘zini bog‘ladi. Keyin u bitta-yu bitta odeyalini yirtib, oyoqlarini o‘radi. Lekin u hali ham miltig‘ini tashlamadi, chunki Diz daryosi bo‘yida yashirib qo‘yilgan narsalar orasida patronlar bor edi.
Bugun hammayoqqa tuman tushdi. Shu kun ochlik yana o‘zini bildirdi. Yo‘lovchi juda zaiflashib qolgan, tez-tez boshi aylanar, vaqti-vaqti bilan hech narsani ko‘rmay qolardi. U endi tez-tez qoqilib ketar, yiqilar edi, bir marta to‘ppa-to‘g‘ri kaklik uyasiga yiqilib tushdi. Uyada endigina tuxumni yorib chiqqan kaklik bolalari bor ekan. U shoshib-pishib ularni tiriklayin og‘ziga sola boshladi. Kaklik bolalari uning tishlari orasida xuddi tuxum po‘stlog‘i singari qisirlar edi. Ona kaklik uning tepasida charx aylanib uchib yurar va achchiq-achchiq yig‘lardi. Yo‘lovchi miltiq qo‘ndog‘i bilan kaklikni urib tushirmoqchi bo‘ldi, lekin qush chap berib qochdi. Keyin u kaklikka tosh ota boshladi-da, qanotini sindirdi. Kaklik yaralangan qanotini sudrab, bir tomonga qarab uchib ketdi, odam uning orqasidan quvlashga tushdi.
Kaklik bolalari uning ishtahasini yana ham ochib yubordi. U kalovlanib, oqsoqlanib goh kaklikka tosh otar va bo‘g‘iq qichqirar, goh har yiqilganida chidam bilan o‘rnidan turib, qovog‘ini solib indamay qadam bosardi, boshi aylanganda hushdan ketmaslik uchun ko‘zlarini ishqalar edi.
Kaklik orqasidan quvib, pastlikdagi bir chalchiqzorga borib qoldi. Ko‘zi ho‘l chimlikda odam iziga tushdi Bu izlar uniki emasligi ravshan edi. Billning izlari bo‘lsa kerak. Lekin u to‘xtab turolmasdi, chunki kaklik borgan sari undan uzoqlashib qochib ketmoqda edi.
U quvlay berib qushni charchatdi, lekin o‘zining ham tinkasi quridi. Kaklik yonboshiga ag‘darilib, og‘ir-og‘ir nafas olib yotardi, lekin u ham o‘n qadamcha berida entikib yotar, qushga yetib olishga sira madori qolmagan edi. Odam bir oz dam oldi, lekin qush ham nafasini rostlab olgandi. U qo‘l uzatgan zamon qush tipirlab qochdi. Quvish yangidan boshlandi. Qopong‘y tusha boshlagach, qush ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Juda charchaganidan qoqilib, orqasidagi yuki bilan yiqildi-da, yuzlari shilinib ketdi. U uzoq vaqtgacha qimirlamay yotdi, keyin yonboshiga ag‘darilib, soatini burab qo‘ydi-da, tong otguncha shu holatda yotib qoldi.
Yana tuman. Odeyalning yarmisi oyog‘ini o‘rashga ketdi. Billning izini u qaytib topolmadi, lekin unga baribir edi. Ochlik uni hamon olg‘a haydardi. Bordi-yu… Bordi-yu, Bill ham adashib qolgan bo‘lsa-chi? Tushga borib, u juda ham holdan toydi. U yana oltinni ikkiga bo‘ldi. Bu gal o‘lchab o‘tirmay, yarmini yerga to‘kib qo‘ya qoldi. Kechga borib, odeyalning yarmini, paqircha va miltiqni olib qolib, oltinning hammasini yerga to‘kib tashladi.
Unga bir xomxayol yopishib oldi. Tasavvurida miltiqda xuddi bir o‘q qolgandek, buni ko‘rmay qolgandek edi. Shu bilan bir vaqtda miltiqda o‘q yo‘qligini yaxshi bilardi. Lekin xomxayol uni sira tinch qo‘ymadi. Bir necha soatgacha mana shu xomxayolga qarshi kurashdi. Pirovardida, miltig‘ini qarab, o‘qning yo‘qligiga ishonch hosil qildi. Hafsalasi shunday pir bo‘ldiki, go‘yo u haqiqatan ham o‘q borligini kutgan edi.
Yarim soat o‘tdi, keyin boyagi xomxayol yana paydo bo‘ldi. U xomxayolga qarshi kurashib yengolmadi-da, o‘zini bir oz ovutish uchun yana miltig‘ini tekshirib chiqdi. Ahyon-ahyonda miyasi ishlamay qolar, o‘zi esa jonsiz bir narsadek beixtiyor kalovlanib borardi; g‘alati xayollar va bema’ni tasavvurlar uning miyasini aynitar edi. Lekin u tez o‘ziga kelardi, chunki ochlik azobi uni hamma vaqt haqiqatga qaytishga majbur qilardi. Bir marta ko‘z o‘ngida shunday g‘alati bir manzara paydo bo‘ldiki, hushidan ketib qolishiga sal qoldi. U o‘zini tutolmay qoldi va yiqilib ketmaslik uchun mast kishidek gandiraklab ketdi. Uning oldida ot turardi. Ot! U ko‘zlariga ishonmasdi. Ko‘z oldi jimirlashib, atrofni tuman bosgandek bo‘ldi. U zo‘r berib ko‘zini ishqaladi, ko‘z oldi ravshanlashganda qapaca, qarshisida ot emas, kattakon bir targ‘il ayiq turgan ekan. Ayiq unga yov qarash qilib turar edi.
U miltig‘ini yelkasidan oldi-yu, shu ondayoq esini yig‘di. Miltiqni qo‘yib, munchoq qadalib tikilgan qindan pichog‘ini sug‘urdi. Uning oldida go‘sht va hayot typap edi. U bosh barmog‘i bilan pichoqning tig‘ini paypaslab ko‘rdi. Pichoqning tig‘i ham, uchi ham o‘tkir edi. U hozir ayiqqa tashlanib, uni o‘ldiradi. Lekin uning yuragi xuddi xavfdan ogohlantirayotgandek duk-duk-duk ura bashladi. Keyin birdan yuragi qinidan chiqib ketar darajada sakrab ketdi; miyasi xuddi iskanjaga olgandek qattiq og‘ridi, ko‘z oldi qorong‘ulashdi.
Hozirgina jo‘sh urib turgan botirligi o‘rnini qo‘rquv egalladi. U shunday zaif ediki, ayiq hujum qilsa, unda nima bo‘ladi? Mumkin qadar haybatliroq bo‘lib ko‘rinish uchun qaddini rostladi, pichoqni qo‘liga olib, to‘g‘ri ayiqning ko‘zlariga tikildi. Yirtqich lapanglab oldinga bir qadam bosdi, ikki oyog‘ini ko‘tarib, o‘kirib yubordi. Odam qochib berganda, ayiq uning orqasidan quvgan bo‘lardi. Lekin odam qo‘rquvning kuchliligidan botirlanib, o‘rnidan qimirlamadi; u ham yirtqich hayvon singari vahshiyona ovoz bilan o‘kirib yubordi, bu o‘kirik qo‘rquv ifodasi edi, chunki qo‘rquv yashash uchun kurash bilan chambarchas bog‘liq edi.
Ayiq undan qo‘rqmay tik turgan mana shu sirli maxluqdan hayiqib o‘kirib-o‘kirib bir tomonga chekindi. Lekin odam o‘rnidan qimirlamadi. U xavf o‘tib ketguncha qaqqayib tek turdi, keyin xuddi bezgak tutgandek qaltirab, ho‘l chimlikka yiqildi.
U bir oz o‘ziga kelib, qo‘rquv azobidan qiynalgan holda yana yo‘lga tushdi. U endi ochdan o‘lishdan emas, balki hayot uchun kurashning so‘nggi intilishlari so‘nguncha yirtqich hayvonlar qo‘lida o‘lishdan qo‘rqardi. Atrofda bo‘rilar izg‘ib yurardi. Sahroda hammayoqdan ularning uvillagan tovushlari eshitilardi, atrof-tevarakda xavf shu qadar ko‘p ediki, y o‘sha xavfni bartaraf qilmoqchi bo‘lgandek beixtiyor ikki qo‘lini yuqori ko‘tardi.
Bo‘rilar ikkita-ikkitadan, uchta-uchtadan bo‘lib tez-tez uning yo‘lini kesib o‘tardilar. Lekin ular odamga yaqinlashmadilar. Ular juda ham ko‘p emasdi. Bundan tashqari ular qarshilik ko‘rsatmaydigan bug‘ularni ovlashga o‘pgangan edilar, ikki oyoqli bu g‘alati maxluq esa chang solib qolsa ham, tishlab olsa ham ajab emasdi.
Kechga borib, u yerda sochilib yotgan suyaklarni ko‘rib qoldi. Bo‘rilar xuddi mana shu yerda ovni qo‘lga tushirgan edilar. Bundan bir soat ilgari tirik bo‘lgan bug‘ucha hansirab, yugurib, ma’rab yurgandi. Odam top-toza qilib qo‘yilgan yarqiroq qizg‘ish suyaklarga qarab turdi. Suyaklarning rangi qizg‘ish edi, chunki undagi hayot hali so‘nmagandi. Kechqurunga borib, ehtimol uning taqdiri ham shunday bo‘lar. Hayot shunaqa, hayot bevafo va bebaqo. Lekin hayot alam chektiradi. O‘limda qiynalish yo‘q. O‘lim uxlamoqdir. O‘lim orom olmoqdir. Bo‘lmasa, nima uchun u o‘lishni istamaydi?
Lekin u uzoq o‘ylab o‘tirmadi. Ko‘p o‘tmay u cho‘kka tushib olib suyaklarni og‘ziga soldi, suyaklarga qizg‘ish tus berib turgan hayotning oxirgi nishonalarini co‘papdi. Go‘shtning o‘tmishdan qolgan xotira singari tuyulgan sezilar-sezilmas mazasi uni o‘zini yo‘qotar darajada hayajonga soldi. Suyakni tishlari orasiga olib g‘ajiy boshladi. Goh suyak sinar, goh uning tishi sinardi. Keyin y suyakni tosh bilan yanchib, ochko‘zlik bilan yuta boshladi. Shoshilganidan toshni barmoqlariga urar, ammo qancha hovliqmasin nima uchun og‘riqni sezmayotirman, deb ajablanib qo‘yardi.
Qop va yomg‘irli eng og‘ir kunlar yetib keldi. U endi qachon yotib, qachon yo‘lga tushganini eslay olmasdi. Vaqtni surishtirmay, kechayu kunduz yo‘l bosa bordi, yiqilgan yerida dam oldi, undagi so‘nayotgan hayot sal jonlandi deguncha yana oldinga qarab o‘rmaladi. Hayot uchun endi odam kurashmay qo‘ydi. Undagi hayotning o‘zi o‘lishni istamas va uni ilgari haydardi. U ortiq azob chekmasdi. Uning asablari uvishib qolgan, o‘tmaslashgan, miyasi esa g‘alati xayollar, shirin tushlar bilan to‘la edi.
U bitta qo‘ymay yig‘ib, o‘zi bilan olib ketgan suyaklarni tinmay so‘rar va chaynar edi. U ortiq tepaliklarga ko‘tarilmas, ariqlarni kechib o‘tmasdi, u endi keng vodiydan oqib o‘tayotgan anhor yoqalab borardi. Uning ko‘ziga xayoliy manzaralar ko‘rinardi. Uning tani bilan joni birga borardi-yu, shunday bo‘lsa ham bir-birlaridan ajralgandek edi: ularni bir-birlariga bog‘lab turgan hayot rishtasi shu qadar ingichka edi.
Bir kuni ertalab yassi bir tosh ustida yotganida hushi o‘ziga keldi. Quyosh nur sochib, isitib turardi. Uzoqdan uning qulog‘iga bug‘ularning ma’ragan ovozlari eshitildi. Yomg‘ir, shamol, qor yog‘ib turgani g‘ira-shira esida, lekin yog‘ingarchilik necha kun bo‘lganini, ikki kun bo‘ldimi, yo ikki hafta davom etdimi — buni bilmasdi.
U uzoq vaqtgacha qimirlamay yotdi, quyosh mo‘l-ko‘l nur sochib, uning ayanchli badaniga issiqlik bag‘ishlar edi. «Yaxshi kun», deb o‘yladi u. Ehtimol quyoshga qarab, qayerda ekanini aniqlab olar. U ming azob-uqubat bilan bir yonboshiga ag‘darildi. Pastda katta sokin bir daryo oqib yotardi. Bu daryo yo‘lovchiga notanish edi, bu uni ajablantirdi, shoshilmay suvning oqishini ko‘zdan kechira boshladi. Daryo shu vaqtgacha u ko‘rib kelgan tepalardan ham yalang‘ochroq va yoqimsiz tepaliklar orasidan buralib-buralib oqayotganiga qarab yotdi. U shoshmasdan, beparvo va sira qiziqmay notanish daryoning oqimini to ufqqa qadar kuzatdi-da, daryo o‘z suvini uzoqda yarqirab turgan dengizga quyayotganini ko‘rdi. Shunday bo‘lsa ham bunga hayajonlanmadi. «Qiziq, – deb o‘yladi u. – Bu yo sarob yoki o‘tmaslashgan tasavvurning mevasi». Yarqiroq dengizda turgan kemani ko‘rganda, bu fikrning to‘g‘ri ekanligiga yana bir marta ishondi. U bir zum ko‘zlarini yumib, yana ochdi. Ajab, xayoliy manzara yo‘qolmaydi. Hayron qoladigan hech gap yo‘q edi ham. Uning miltig‘ida patron bo‘lmaganidek, mana shu sahroning qoq o‘rtasida dengizning ham, kemaning ham bo‘lishi mumkin emasligini bilardi.
Orqadan xirillagan bir tovush eshitildi, bu xo‘rsinishmi, yo‘talmi — bilib bo‘lmasdi. G‘oyat zaiflik va karaxtlikni juda sekinlik bilan yengib, u ikkinchi yonboshiga ag‘darildi. Yaqinida hech narsa ko‘rinmadi, u sabr bilan kuta boshladi. Yana xirillagan va yo‘tal tovushi eshitildi. Yigirma qadamcha narida o‘tkir qirrali ikki toshning orasidan bir bo‘rining kul rang boshi ko‘rindi. Uning quloqlari boshqa bo‘rilarniki singari tik emas, ko‘zlari xira va qon quyilgan, boshi zaif ravishda solingan. Bo‘ri kasal bo‘lsa kerak: u hamma vaqt aksa urar va yo‘talar edi.
«Hech bo‘lmaganda bunisi haqiqatdir», – o‘yladi u va tasavvur olamidagi dunyoni emas, haqiqiy dunyoni ko‘rish uchun boshqa yonboshiga ag‘darildi. Lekin dengiz hali ham ilgarigidek uzoqda yaltirab turar, o‘rtasidagi kema ham aniq ko‘zga chalinardi. Ehtimol, bu rostdan ham haqiqatdir? U ko‘zlarini yumib o‘ylay boshladi — pirovardida, hamma narsa ayon bo‘ldi. U sharq-shimolga qarab yurgan va Diz daryosidan uzoqlashib Koppermayn daryosi vodiysiga kelib qolgan. Sokin oqayotgan mana shu keng daryo Koppermayn daryosining xuddi o‘zginasi. Yaltirab turgan dengiz — Shimoliy muz dengizi. Bu kema kit ovchilari kemasi bo‘lib, Makkenzi daryosi dengizga quyiladigan joydan sharq tomonga ancha ketib qolgan. Bu kema Koronatsiya ko‘rfazida turibdi. U bir vaqtlar ko‘rgani Gudzon ko‘rfazi kompaniyasining xaritasini esladi-yu, bor gap ravshan, tushunarli bo‘lib qoldi.
U yerga o‘tirib oldi-da, eng zarur ishlar haqida o‘ylab ketdi. Oyoqlarini o‘rab bog‘lagan odeyal parchalari titilib ketgandi, bu sababdan oyoqlari shilinib qip-qizil go‘sht bo‘lib qolgandi. Eng so‘nggi odeyalni ham ishlatib bo‘lgan. Miltiq bilan pichog‘i yo‘qolgan. Qalpog‘i ham tushib qolibdi, u bilan birga astariga yashirilgan gugurt ham yo‘qolgandi, lekin qog‘ozga o‘rab, hamyoniga solib qo‘ygan gugurt hali ham quruq turibdi. U soatiga qaradi. Soati yurib turar va o‘n birni ko‘rsatardi. Hamma vaqt u soatini burab turgan bo‘lsa kerak.
O‘zi tinch, aqli joyida edi. Juda holdan toyganiga qaramay, og‘riqni sezmas, ovqat yegisi ham kelmasdi. Ovqat haqidagi fikr uni qiziqtirmasdi ham. Har bir harakatni idrok hukmi bilan qilardi. U shimining pochasidan to tizzasigacha yirtib oldi-da, to‘pig‘ini o‘rab bog‘ladi. Chelakchasini nima uchundir tashlamadi: kemaga qarab yo‘l olishdan avval suv qaynatib ichishi kerak, bu safarning juda og‘ir bo‘lishini u oldindan bilardi.
U juda sekin harakat qilar, shol odamdek qaltirar edi. Quruq yo‘sin yig‘moqchi bo‘ldi, lekin o‘rnidan turolmadi. Bir necha marta o‘rnidan turishga intilib ko‘rdi, bo‘lmagach, emaklab ketdi. Bir marta hatto kasal bo‘rining oldiga juda yaqin borib qoldi. Bo‘ri istar-istamas o‘zini chetga oldi va zo‘rg‘a tilini qimirlatib tumshug‘ini yaladi. Uning tili sog‘lom bo‘rinikidek qizil emas, kulrang-sarg‘ish bo‘lib, yelim singari quyuq shilliq bilan qoplangan. Odam bir oz qaynagan suv ichib oldi-da, deyarli kuch-quvvatdan qolgan bo‘lsa ham, o‘rnidan turishga, hatto yurishga o‘zida yetarli kuch borligini his qildi. Daqiqa sayin to‘xtab dam olardi. Zaiflik bilan yakkam-dukkam qadam tashlar, bo‘ri ham uning orqasidan xuddi shu xilda sudralib borardi.
Qorong‘u tushib, yarqirab turgan dengiz zulmat ichiga g‘arq bo‘lganda, u oraliqdagi masofa ko‘p emas, to‘rt milga qisqarganini angladi.
Tun bo‘yi kasal bo‘rining yo‘talishi va ba’zan bug‘u bolalarining ma’rashi eshitilib turdi. Atrofda hayot qaynamoqda, ammo u hayot kuch-quvvatga to‘la, sog‘lom hayot. U esa orqasidan kasal bo‘ri ergashib kelayotganini, kasal odam avval o‘ladi degan umidda ekanligini tushunar edi. Ertalab turib qapaca, bo‘ri unga g‘amgin va ochko‘zlik bilan ko‘z tikib turibdi. Bo‘ri dumini qisib, xuddi tinkasi qurigan g‘arib it kabi, boshini quyi solib turardi. Bo‘ri sovuq shamolda qaltirar, odam unga xirillagan tovush bilan so‘z qotganda, tishini tirjaytirib irillar edi.
Ufqdan yorqin quyosh ko‘tarildi. Odam choshgohga qadar qoqilib-suqilib yaltiroq dengizda turgan kemaga qarab yurdi. Havo juda yaxshi, shu shtatlarga xos bo‘lgan erta kuz kunlari edi. Bunday kunlar ko‘pi bilan bir hafta davom qilar, erta, yo indin tamom bo‘lishi ham mumkin edi.
Tushdan keyin u bir izga duch keldi, bu boshqa bir odamning izi bo‘lib, u odam yurib emas, emaklab yurgani bilinib turardi. Ehtimol, bu Billning izidir deb o‘yladi u hech qanday hayajonsiz. Unga baribir edi. To‘g‘risi, u biror narsani sezish va hayajonlanish tuyg‘usini yo‘qotib qo‘ygan edi. U hatto og‘riqni ham sezmasdi. Qorni bilan asablari go‘yo mudrab ketgandek. Lekin hali so‘nmagan hayot uchquni uni olg‘a haydardi. U juda charchagan, lekin undagi hayot o‘lishni istamasdi. Undagi hayot o‘lishni istamaganligi uchun ham u chalchiqzordan meva terib yer, tanga baliq ovlar, suv qaynatib ichar va olazarak bo‘lib kasal bo‘rini kuzatar edi.
U o‘rmalab o‘tgan boshqa odamning izidan borardi.
Ko‘p o‘tmay u o‘zidan oldingi odamning manziliga yetib keldi. Ho‘l chimlik ustida kemirib tashlangan suyaklar va bo‘rilarning iziga ko‘zi tushdi. Yerda xuddi o‘zinikiga o‘xshash, o‘tkir tishlar tortqilab yirtgan bug‘u terisidan tikilgan xalta yotardi. Bunday og‘ir yukni ko‘tarishga madori kelmasa ham kuchsiz barmoqlari bilan qopni yerdan ko‘tarib oldi. Bill oltinlarini so‘nggi daqiqalarga qadar tashlamagan ekan. Ha-ha-ha! U hali Billning ustidan masxara qilib kuladi. Tirik qoladi va xaltani yarqirab turgan dengizdagi kemaga olib ketadi. U xuddi qarg‘aning qag‘illashiga o‘xshagan bo‘g‘iq va beo‘xshov ovoz bilan kulardi. Kasal bo‘ri ham unga taqlid qilib xirillagan tovush bilan uvilladi. Odam darhol jim bo‘ldi. Agar mana shu suyaklar Billniki bo‘lsa, shu toza kemirilgan, qizg‘ish suyaklar Billniki bo‘lsa, qanday qilib uning ustidan kulyapti-ya!
U yuzini o‘girib oldi. Nima qilsin, Bill uni tashlab ketdi, lekin u Billning oltinlarini ochmaydi, uning suyaklarini kemirmaydi. Agar mening o‘rnimda Bill bo‘lganda shunday qilgan bo‘lardi deb o‘ylab qo‘ydi va kalovlanib yo‘lga tushdi.
U kichkina bir ko‘lga duch keldi. Baliq yo‘qmikan deb chuqurchaga engashib qaradi-yu, xuddi ilon chaqqandek seskanib o‘zini opqaga tashladi. Suvda u o‘z aksini ko‘rib qoldi. Uning basharasi shu qadar qo‘rqinchli ediki, hatto to‘poslashib qolgan ongini ham uyg‘otib yubordi. Ko‘lchada uchta baliq suzib yurardi, lekin ko‘lcha kattagina bo‘lib, suvini quritishga uning qurbi yetmasdi. U baliqlarni chelakcha bilan tutishga urinib ko‘rdi, keyin bu fikrdan qaytdi. O‘lgudek charchaganidan suvga yiqilib, cho‘kib ketaman deb qo‘rqdi. Xuddi shu sababga ko‘ra u qumloq sohilda yog‘och xodalar ko‘p bo‘lsa ham, sol yasab, daryodan suzib ketishga jur’at qilolmadi.
O‘sha kuni u kemagacha bo‘lgan masofani uch milga qisqartirdi, ertasiga esa ikki mil yo‘l bosdi. Endi u xuddi Billga o‘xshab o‘rmalab borardi. Beshinchi kuni kechqurun kemaga yetish uchun yana yetti mil yo‘l qolgan edi; endi bir kunda bir mil yo‘l bosishga ham madori qolmadi. Erta kuzning iliq kunlari hali tugamagandi, u esa goh o‘rmalar, goh hushidan ketib yiqilardi, kasal bo‘ri esa yo‘talib, aksa urib, uning orqasidan qolmay sudralib borardi. Odamning tizzalari qip-qizil go‘sht bo‘lib ketgan, tovonlari bundan ham battar edi. Ko‘ylagidan yirtib olib, tizza va tovonlarini o‘rab bog‘lagan bo‘lsa ham orqasidan chimlik va toshlar ustiga qonli iz qoldirib borardi. U bir marta orqasiga qayrilib qarab, bo‘ri ochko‘zlik bilan qonli izlarni yalayotganini ko‘rib qoldi. Agar bo‘rini bir yoqlig‘ qilmasa, o‘zining umri nima bilan tugashini yaxshi tasavvur etdi. Shundan keyin hayotda uchrashi mumkin bo‘lgan kurashlarning eng shiddatlisi boshlandi: emaklab borayotgan kasal odam, uning orqasidan sudralayotgan kasal bo‘ri; ikkisi ham chala o‘lik holda, bir-birini poylashib, sahrodan sudralib bordilar.
Bo‘ri sog‘ bo‘lganda, odam bunchalik qarshilik ko‘rsatib o‘tirmagan bo‘lardi, lekin mana shu eng badburush, deyarli o‘laksa bo‘lib qolgan razil maxluqning qorniga tushishini o‘ylasa, ko‘ngli aynir edi. U yana alahlay boshladi, yana ko‘ziga xomxayollar ko‘rina boshladi, ongi ravshanlashgan vaqtlar borgan sari qisqarib va tobora siyraklashib borardi.
Bir marta xuddi qulog‘i ostida kimdir tez-tez nafas olayotganini eshitib hushiga keldi. Tepasida turgan bo‘ri o‘zini orqaga tashladi va qoqilib ketdi-da, zaiflikdan yiqilib tushdi. Bu kulgili bir manzara edi, lekin odam kulmadi. U hatto qo‘rqmadi ham. U endi qo‘rqish nimaligini ham sezmay qolgandi. Uning ongi bir daqiqaga ravshanlashdi, u o‘ylab ketdi. Kemaga qadar endi ko‘pi bilan to‘rt mil yo‘l qolgandi. U tuman bosgan ko‘zlarini ishqalab, kemani juda ravshan ko‘rdi. Yarqirab turgan dengizni kesib o‘tayotgan oq yelkanli qayiqchani ham ko‘rdi. Lekin bu to‘rt millik masofani bosishga asti madori qolmagandi. Odam buni bilardi, shuning uchun ham bezovtalanmadi. Yarim millik yo‘lni ham bosa olmasligiga aqli yetardi. Shunday bo‘lsa ham yashashni istardi. Shuncha azob-uqubatlar chekkandan keyin o‘lib ketish be’manilik bo‘lardi. Taqdir undan juda ko‘p narsa talab qilardi. O‘layotib ham u o‘limga buysunishni istamas edi. Ehtimol, bu aqlsizlik edi, lekin o‘limning changaliga tushib qolgan bo‘lsa ham uning changalidan qutulib ketish uchun kurashni davom ettirdi.
U ko‘zlarini yumib, ming ehtiyot bilan kuchlarini to‘pladi. Xuddi to‘lqin singari uning butun vujudini qoplab olayotgan hushidan ketish xavfini yengish tilagida u o‘ziga dalda berardi. Bu to‘lqin o‘qtin-o‘qtin ko‘tarilib, uning ongini xiralashtirardi. Ba’zan u chorasiz tipirchilab, hushsizlik dengiziga botib ketar, ongning qandaydir noma’lum kuchi ta’sirida yana qaytadan irodasini zo‘rg‘a to‘plab, hushsizlik dengizidan suzib chiqdi.
U qimirlamasdan chalqancha yotgan holda kasal bo‘rining xirillagan tovushi tobora yaqinroq eshitilayotganiga quloq soldi. Onlar juda sekin o‘tar, lekin odam biror marta ham qimirlamasdi. Bo‘rining nafasi juda yaqindan eshitila boshladi-yu, qurib qolgan til xuddi shildiroq qog‘oz singari uning yuzini timdaladi. Uning qo‘llari yuqoriga cho‘zildi, barmoqlari xuddi changak singari bukildi, lekin mehnati zoye ketdi. Tez va ishonch bilan harakat qilish uchun kuch kerak, unda esa kuch yo‘q.
Bo‘ri sabrli edi, lekin odam undan ham sabrli edi. U hushdan ketib qolmaslik uchun urinib va bo‘rini poylab, yarim kun qimirlamasdan yotdi. Bo‘ri uni yemoqchi edi, qo‘lidan kelsa, odam ham bo‘rini yemoqchi edi. Vaqti-vaqti bilan u hushdan ketib qolar, shunda u uzoq-uzoq tushlar ko‘rar edi; lekin hamma vaqt: tushida ham, o‘ngida ham, mana hozir bo‘rining xirillagan tovushi eshitiladi, g‘adir-budur tili bilan meni yalaydi deb kutib yotardi.
Nafas tovushini eshitmadi, lekin bo‘ri uning qo‘lini yalayotganligini sezib o‘ziga keldi. Odam kutib yotdi. Bo‘ri uning qo‘lini tishlari orasiga olib so‘nggi kuchlarini sarf qilib qisdi, keyin tishlarini borgan sari qattiqroq botira berdi, u shuncha vaqtdan beri kutgan ovqatiga erishgan edi. Lekin odam ham shu paytni ko‘pdan beri kutardi, uning tishlangan qo‘llari bo‘rining jag‘ini qisdi. Bo‘ri zaiflik bilan o‘zini himoya qilarkan, odam bir qo‘li bilan uning jag‘ini qisardi, ikkinchi qo‘lini ham uzatib bo‘rining tomog‘idan bo‘g‘a boshladi. Besh daqiqadan keyin odam o‘zining butun og‘irligi bilan bo‘rini bosib tushdi. Bo‘rini bo‘g‘ib o‘ldirish uchun uning kuchi yetmasdi, shunda odam tishi bilan bo‘rining tomog‘iga yopishdi, uning og‘zi yungga to‘ldi. Yarim soat o‘tdi, odam o‘z tomog‘iga issiq qon quyilayotganini sezdi. Xuddi uning og‘ziga eritilgan qo‘rg‘oshin quyilayotgandek uni yutish qiyin edi. Lekin faqat iroda kuchi bilan o‘zini chidashga majbur qildi. Keyin odam chalqanchasiga ag‘darildi-da, uyquga ketdi.
Kit ovlovchi «Bedford» kemasida ilmiy ekspeditsiya a’zolari bor edi. Ular kema palubasida turib, qirg‘oqda g‘alati bir maxluqni ko‘rib qolishdi. Bu maxluq qum ustida zo‘rg‘a o‘rmalab, dengiz tomonga kelardi. Olimlar buning nima ekanini bilolmadilar, tabiatshunos bo‘lganlik-lari uchun qayiqchaga o‘tirib qirqoqqa suzib ketdilar. Ular tirik bir maxluqni ko‘rdilar, lekin uni odam deb atash mumkinmidi? U hech narsani eshitmas, hech narsani tushunmas, qum ustida ulkan qurt singari buralar edi. U oldinga deyarli siljimas, lekin orqaga ham chekinmasdi va buralib-buralib oldinga qarab harakat qilar va soatiga yigirma qadamdan yo‘l bosardi.
Uch hafta o‘tgandan keyin u «Bedford» kemasida karavotda yotgan holda ko‘z yoshlarini oqizib, o‘zining kimligi va qanday mashaqqatlarni boshidan kechirgani haqida hikoya qilib berdi. U bir-biriga qovushmagan hikoyasida o‘zining onasi, serquyosh janubiy Kaliforniya, apelsin daraxtlari va gullar orasiga ko‘milgan uyi haqida gapirib berdi.
Bir necha kun o‘tgandan keyin u olimlar va kapitan bilan birga kayut-kompaniyada o‘tirardi. U ovqatning serobligidan quvonar, boshqalarning og‘ziga tushib yo‘q bo‘lib ketayotgan har bir luqma uni zo‘r tashvishga solardi. Uning aqli joyida, lekin stol atrofida o‘tirgan odamlarga nafrat bilan qarardi. Ovqatning tamom bo‘lib qolishidan qo‘rqib bezovta bo‘lardi. U hadeb oshpazdan, xizmatchi boladan, kapitandan ovqat zaxirasini surishtirardi. Ular yuz martalab tasalli bersalar ham ishonmas, o‘z ko‘zi bilan ko‘rib ishonish uchun ovqat omboriga tez-tez tushib turardi.
Kemadagilar uning semirayotganligini sezib qoldilar. Kun sayin uning etiga et qo‘shilardi. Olimlar bosh chayqab turli taxminlar qilishardi. Unga ovqatni kamroq bera boshladilar. Lekin shunda ham borgan sari semirib ketaverdi, qorin sola boshladi.
Matroslar bunga kulishardi, ular gapning nimada ekanini bilishardi. Olimlar uning orqasidan poylab, sirni bilib oldilar. Ertalab nonushtadan keyin u bakka chiqar va xuddi tilanchi singari matroslarga qo‘l cho‘zardi. Matros kulib, unga suxari berardi. U ochko‘zlik bilan suxarini olar va xuddi oltinga ko‘zi tushgan xasisdek, nonni qo‘ltig‘iga urardi. Boshqa matroslardan ham xuddi shunday yo‘l bilan sadaqa olardi.
Olimlar indamadilar va uni o‘z holiga qo‘yib qo‘ydilar. Ular o‘ziga bildirmay uning karavotini tekshirdilar. Karavotning osti suxari bilan to‘la edi. To‘shakning ichiga ham suxari to‘ldirilgan ekan. Har bir burchakka suxari yashirilgan. Lekin uning miyasi joyida edi. U faqat ikkinchi marta och qolmaslik chorasini ko‘rardi, xolos. Olimlar bu kasallik tez o‘tib ketadi degan fikrda edilar. Haqiqatan ham «Bedford» kemasi San-Frantsisko limoniga langar tashlamasdanoq bu kasallik o‘tib ketdi.

Rus tilidan F. Abdullayev tarjimasi

* * * * * * * *

 HAYoTGA MUHABBAT

Taqdir seni otsa ham har yon,
Shu narsani unutma, inson:
Mol-dunyo deb qayg‘urma aslo,
U topilar, omon bo‘lsa jon!

Ular oqsoqlanib mashaqqat bilan sohildan pastga tushib borishardi, oldindagisi uyum-uyum yotgan chaqir toshlar orasidan gandiraklab ketdi. Ikkala yo‘lovchi holdan toygan, tinkalari qurigan, uzoq vaqtdan beri muhtojlikka bardosh berib kelayotganlari burishib ketgan yuzlaridan sezilib turardi. Orqalariga bog‘lab olgan yuklari juda ezib qo‘ygan edi. Yelkadan oshirib bog‘langan qayishlar og‘ir yukni yengillashtirardi. Ikkalasida ham bittadan miltiq. Ular bukchaygan holda boshlarini quyi solib qadam tashlashardi.
— Qani endi, yashirib qo‘ygan o‘qlardan ikkitaginasi bo‘lsa, — deb qo‘ydi orqada kelayotgani. Uning ovozi zaif, g‘amgin va ifodasiz, so‘zlarida zavq-shavqdan asar yo‘q edi. Toshlar ustidan ko‘pirib oqayotgan sutdek oppoq suvga endigina oyoq qo‘yayotgan oldindagi hamrohidan sado ham chiqmadi.
Ikkinchisi esa, sherigi orqasidan izma-iz suvga tushdi. Ular oyoq kiyimlarini yechib o‘tirishmadi. Suv shunday sovuq ediki, to‘piqlarini qaqshatib, oyoqlarini uvushtirib qo‘ygandi. Suv ba’zi joylarda tizzaga urar, hamrohlar gandiraklagancha zo‘rg‘a oyoq qo‘yishardi.
Orqadagisi silliq yassi tosh ustidan sirpanib ketdi, yiqilib tushardi-yu, o‘zini arang tutib qoldi, lekin og‘riqdan baqirib yubordi. Munkigan vaqtida boshi aylanib, ko‘zi tindi shekilli, bo‘sh qo‘lini baland ko‘tarib havoga tayanmoqchi bo‘ldi.
O‘zini o‘nglab olib, oldinga qadam bosdi, ammo yana munkidi, yiqilishiga sal qoldi. Shundan keyin taqqa to‘xtab, unga nazar-pisand qilmay ketayotgan hamrohiga qaradi.
U o‘zicha nimanidir mulohaza qilayotgandek, rosa bir daqiqa xayol surib turdi-da, keyin hamrohini chaqirdi:
— Menga qarang, Bill, to‘pig‘imdan lat yedim, — dedi.
Bill gandiraklaganicha sutdek oppoq suvni kechib borardi. U orqasiga qayrilib ham qo‘ymadi. Hamrohi Billga termilganicha qoldi, uning qiyofasi o‘sha-o‘sha ma’nosiz bo‘lsa ham, ko‘zlari yaralangan ohunikiday mo‘ltirardi.
Oldindagi yo‘lovchi narigi qirg‘oqqa arang ko‘tarilib, orqasiga qaramay yo‘lida davom etardi. Suv o‘rtasida qolgani esa, hamon unga termilganicha turardi. Uning lablari qaltirab, hatto hurpayib ketgan malla rang soqol-mo‘ylovi ham selkillardi. Yo‘lovchi qovjiragan lablarini yalab oldi.
— Bill! — qichqirdi u.
Bu qichqiriq boshiga kulfat tushgan azamat bir kimsaning shiddatli nolasi edi, Bill esa orqasiga qayrilib ham qo‘ymadi. Oldinga bukchayganicha kulgili bir tarzda qoqilib-suqilib ufqqa tutashgan pastakkina tepalik yon bag‘ridan yuqoriga arang ko‘tarilarkan, hamrohi undan ko‘z uzmasdi. U dovon oshib, ko‘zdan g‘oyib bo‘lguncha ham termilib turdi. Shundan keyin Billdan umidini uzib, atrof-tevarakka ma’yus nazar tashlab, tanho o‘zi qolgan xilqatni ko‘zdan o‘tkazdi.
Quyuq tuman va shaklu shamoyilsiz, rutubatli havo pardasiga burkangan quyosh ufq yaqinida g‘ira-shira miltillab turardi. Yo‘lovchi butun og‘irligini bir oyog‘iga tashlab, cho‘ntagidan soatini oldi. Soat strelkalari to‘rtni ko‘rsatardi, u iyulning oxiri yoki avgustning boshlari, deb taxmin qilganidan aniq kun hisobini bir-ikki haftaga chalkashtirgan edi, quyosh taxminan shimoli-g‘arb tomonda edi. Janub tomonga qaradi, ana o‘sha giyohsiz qir-adirlar ortida, qayerdadir Katga ayiq ko‘li bor, buni bilardi; o‘sha tomonda Shimoliy Qutb doirasining mudhish yo‘li Kanada dashtlarini kesib o‘tishi ham unga ma’lum edi. U turgan oqim Kompermayn daryosining irmog‘i bo‘lib, Kompermayn daryosi esa shimolga oqib, Koronatsiya qo‘ltig‘i orqali Shimoliy muz okeaniga quyilardi. Yo‘lovchi u yerlarda hech qachon bo‘lmagan, lekin
ularni bir vaqtlar, Gudzon qo‘ltig‘i kompaniyasi chiqargan kartada ko‘rgandi.
Yo‘lovchi yakka o‘zi qolgan xilqatni yana bir marta ko‘zdan kechirdi. Ko‘ngil ochadigan joylardan emas edi. Bugun atrof nozik ufq tasmasi bilan o‘ralgan. Uncha baland bo‘lmagan qir-adirlar ko‘zga yaqqol tashlanib turardi. Na daraxt, na buta va na o‘t-o‘lan bor; kimsasiz, bepoyon dasht uning yuragiga g‘ulg‘ula solardi.
— Bill! — deb pichirladi u bir-ikki marta. — Bill!
U sutdek oppoq suv o‘rtasida cho‘nqayib o‘tirib qoldi, go‘yo cheksiz biyobon o‘zining butun kuch-qudrati bilan uni ayovsiz ezar, huvillagan dasht uni tahlikaga solar edi. Vujudini bezgak xurujidek qaltiroq bosdi, qo‘lidagi miltig‘i shalop etib suvga tushib ketdi-yu, o‘ziga keldi. Paypaslab miltig‘ini toparkan, o‘ziga-o‘zi ancha dalda berib, es-hushini yig‘di. Lat yegan to‘pig‘ini yengillatish uchun orqasidagi yukni chap yelkasi tomon yuqoriroq surib oldi. Keyin og‘riq azobidan to‘lg‘anib, shoshilmay, ehtiyotlik bilan narigi qirg‘oqqa tomon yura boshladi.
U to‘xtamay yo‘l bosardi. Oyoqlarining og‘riganiga ham qaramay, tavakkal qilib, hamrohi oshib o‘tib, ko‘zdan g‘oyib bo‘lgan qir yon-bag‘ridan zudlik bilan tepalikka ko‘tarila boshladi. Uning qiyofasi undan sal burunroq oqsoqlanib, arang sudralib tepaga ko‘tarilgan Bill qiyofasidan ham kulgiliroq va g‘aroyibroq ko‘rinardi. Tepalik orti hayot asari bo‘lmagan yuzagina voha edi. Uni yana g‘ulg‘ula bosdi, o‘ziga-o‘zi dalda berdi, orqadagi yukini chap yelkasiga tomon yuqoriroq surdi-da, so‘ngra gandiraklaganicha pastga tusha boshladi.
Vodiy tubini suv bosgan bo‘lib, uning yuzi qalin yo‘sin bilan qoplangan edi. Yo‘lovchi qadam tashlaganida oyog‘i botib suv otilib chiqar, har gal oyog‘ini ko‘targanida esa ezilgan yo‘sin suvni yana qayta o‘ziga tortib vijillardi. Yo‘lovchi hamrohining iziga tushib olgach, yo‘sin dengizida mayda orolchalardek turtib chiqqan harsang toshlar ustidan ketdi.
U yolg‘iz qolgan bo‘lsa ham, yo‘ldan adashmadi. Oldinga yursa, bunga shak-shubha qilmasdi, niholligidayoq qovjirab qup-quruq novda bo‘lib qolgan qarag‘ay va archalar bilan o‘ralgan Titchinnichili ko‘liga, mahalliy til bilan aytganda, «Tayoqchalar o‘lkasiga» yetishini bilardi. Ko‘lga suvi loyqaroq bir daryo quyilardi. Qirg‘oqlarini qamish bosib ketgan o‘sha daryo bo‘ylab borib, o‘simlik asari bo‘lmagan bosh o‘zan ayirmaning bu irmog‘idan o‘tib, uning g‘arbga qarab oqadigan narigi irmog‘i bo‘ylab yurib, Diz daryosiga quyiladigai mansabigacha boradi, ana o‘sha yerda — ustiga anchagina mayda qoya toshlar o‘yib qo‘yilg‘an to‘nkarig‘lik moki — qayiq ostiga yashirib qo‘yilgan narsalarni topadi. O‘sha yerdan miltig‘iga o‘q-dori, qarmoqlar, qarmoq ipi, mo‘jazgina to‘r, xullas, ov bilan tamaddi qilishga yaroqli hamma narsalarni topa olishi mumkin. Bulardan tashqari, ko‘p bo‘lmasa ham, ozroq un, bir parcha go‘sht va bir oz loviya ham bor.
Bill uni o‘sha yerda kutib turadi, so‘ngra ikkalasi Diz mansabi bo‘ylab janubga — Katta Ayiq ko‘liga suzib ketadilar. Ko‘ldan o‘tishgach, janubga, to Makkenzi daryosiga yetib olishmaguncha janub tomonga qarab keta beradilar, qish ularga yetolmaydi, daryodagi girdoblar muzlab, ayozli kunlar boshlanguncha janubga — Gudzon qo‘ltig‘i kompaniyasiga qarashli birorta iliqroq bekatga yetib olishadi, u yerlarda salobatli va azim daraxtlar o‘sadi, oziq-ovqat omborlari ham behisob.
Ne-ne mashaqqatlar bilan oldinga ketayotgan yo‘lovchining fikru xayoli mana shular bilan band edi. Gavdasini ko‘tarib yurish qancha og‘ir bo‘lsa, «Bill uni yolg‘iz tashlab ketmagan, narsalar yashirilgan joyda, albatta, kutadi» degan fikrga ishonishga urinishi ham shuncha og‘ir va mashaqqatli edi. U shunday fikr yuritishga majbur edi, aks holda shuncha azob chekishga hojat qolmagan, binobarin, yerga uzala tushib yotganicha o‘lib qo‘ya qolgan bo‘lardi.
Xiragina ko‘rinib turgan quyosh gardishi shimoli-g‘arb tomonga asta-sekin botarkan, u qish tushguncha Bill bilan janub tomonga qiladigan safarining har bir inchini qayta-qayta hisoblab chiqdi. Narsalari yashirilgan joydagi oziq-ovqat va Gudzon qo‘ltig‘i komnaniyasiga qarashli ta’minot omborini eslayverib, u yerdagi narsalar unga yod bo‘lib ketdi. Ikki kundan buyon tuz tatimagandi. Chala qorin bo‘lib yurganiga
allaqancha bo‘lib qolgandi; endi bo‘lsa tez-tez egilib, pishmagan muskeg mevalarini terib og‘ziga tiqar va chala-chulpa chaynab yutib yuborardi. Muskeg mevasi danakcha bilan suvdan iborat bo‘lib, og‘ziga tushsa suvi chiqib, qattiq va achchiq danagigina qolardi. Yo‘lovchi bu nav mevalarning qoringa oziq bo‘lmasligini bilar, shunday bo‘lsa ham, uni sabr-toqat bilan chaynar, chunki bilim va tajribadan ko‘ra, shunga ko‘proq umid bog‘lar edi.
Soat to‘qqizda oyog‘ining katta barmog‘ini chaqir toshga urib oldi, madori ketgani va toliqqanidan gandiraklab, yiqilib tushdi. Bir tomoniga yonboshlaganicha ancha vaqt qimirlamay yotdi. Keyin orqasidagi yuk qayishlarini bo‘shatib, noqulay bo‘lsa ham, arang o‘tirib oldi. Hali qorong‘i tushganicha yo‘q edi, shom g‘ira-shirasida paypaslab xarsanglar orasidan xas-cho‘p izlay boshladi. Bir quchoq xas-cho‘p yig‘ib, uni yoqdi va tutab yonayotgan olov ustiga bir qozoncha suv qo‘ydi.
U yukini ochib, eng avval gugurt cho‘pi donalarini sanab ko‘rdi. Hammasi oltmish yettita ekan. Aniq ishonch hosil qilish uchun gugurt donalarini uch marta sanab chiqdi. Keyin ularni bir necha bo‘lakka ajratib, suv o‘tmaydigan qog‘ozga o‘radi. Bir qismini bo‘shab qolgan tamakidoniga, ikkinchi qismini yag‘iri chiqib ketgan shlyapasining astari ichiga, uchinchi qismini esa qo‘yniga joyladi. Bu ishni tamomladi-yu, lekin to‘satdan yuragiga g‘ulg‘ula tusha boshladi. Gugurtlarni ochib, yana qayta sanab chiqdi. Hisobda yanglishmagan ekan.
Nam tortib ketgan oyoq kiyimini olovga tugib quritdi. Mokasinning abjag‘i chiqib ketgan edi. Odeyaldan tikib olgan paypoqlari ham titilib, oyoqlari qavarib, qontalash bo‘lib ketgandi. To‘pig‘i zirqirab og‘rirdi, og‘riyotgan yerini yaxshilab ko‘zdan kechirdi. Tizzasidek yo‘g‘on bo‘lib shishib ketibdi. Ikkita odeyalining bittasidan uzunasiga yirtib, to‘pig‘ini siqib bog‘ladi. Yana bir necha parcha yirtib, mokasin va paypoq o‘rniga oyoqlariga o‘rab oldi. Keyin qozonchadagi qaynoq suvdan ichdi; soatini burab odeyallari orasiga kirib yotdi.
U o‘likdek qotib uxladi. Yarim tunga yaqin atrofni zulmat bosdi-yu, ammo tezda tarqalib ketdi. Shimoli sharqdan quyosh chiqdi — to‘g‘rirog‘i, o‘sha tomondan kun yorisha boshladi, quyosh kul rang bulutlar ortiga yashiringandi.
Soat oltida uyg‘ondi, chalqancha tushganicha qimirlamay yotaverdi. Kul rang osmonga tikildi va qorni ochligi yodiga tushdi. Tirsagiga suyanib endi o‘girilayotgan edi, qattiq pishqiriqdan cho‘chib ketdi, qarshisida bitta nor bug‘u quloqlarini chimirganicha unga tikilib turganini ko‘rdi. Jonivor ellik futlarcha narida edi, shu lahzadayoq yo‘lovchining xayolida olov ustida jizillab pishayotgan bug‘u go‘shtining rohatijon hidi dimog‘iga urgandek bo‘ldi. O‘qsiz miltig‘ini g‘ayritabiiy ravishda qo‘liga oldi, mo‘ljallab tepkini bosdi. Bug‘u bir pishqirdi-yu, dikillaganicha o‘zini chetga oldi, toshdan-toshga sakrab, tuyoqlarini taqillatib qochib ketdi.
Yo‘lovchi so‘kina-so‘kina o‘qsiz miltig‘ini uloqtirib yubordi. O‘rnidan turishga urinarkan qattiq ingray boshladi. O‘rnidan turishi nihoyatda og‘ir va mashaqqatli bo‘ldi. Bo‘g‘in-bo‘g‘inlari qotib qolgan, go‘yo zanglab, ravon ochilib yopilmaydigan oshiq-moshiqqa o‘xshardi, bo‘g‘in-bo‘g‘inlarini bukish va yozish nihoyatda mashaqqatli bo‘lib, zo‘r iroda talab qilardi. Nihoyat, u oyoqqa ham turdi, lekin qaddini rostlab, odamdek tik turib olishi uchun yana biror daqiqa vaqt kerak bo‘ldi.
U kichkinagina bir tepalikka emaklab chiqib, atrofni ko‘zdan kechirdi. Na biror daraxt va na buta ko‘rinardi, butun atrofni kul rang yo‘sin dengizi o‘rab olgan, u yer-bu yerda qaqqaygan kul rang toshlar, kul rang irmoqchalar ko‘zga chalinardi. Osmon ham kul rang. Quyosh ko‘rinmas, shu’lasi ham yo‘q edi. Havoning bunday ahvolida shimol qaysi tomondaligini tasavvur ham qilolmas, hatto kecha kechqurun bu yerga qaysi tomondan kirib kelganini ham unutgandi. Shunday bo‘lsa ham, yo‘ldan adashmaganman, degan xayolda edi. Bunga shak-shubha qilmasdi. Tezda «Tayoqchalar o‘lkasi»ga yetib boradi. Bu o‘lka qayerdadir shu chap tomonda, yaqin orada, hatto pastakkina tepalikning narigi tomonidayoq bo‘lishi kerak, deb o‘ylardi
U yukini yo‘lga hozirlash uchun orqaga qaytdi. Avvalo uch bo‘lak qilib o‘rab qo‘ygan gugurt cho‘plari joyidami-yo‘qmi deb tekshirib ko‘rdi, ularni sanamasa ham ko‘nglini to‘q qilib oldi. Lekin tarang charm xalta uni xayol surdirib, kalovlatib qo‘ydi. Xalta katta ham emas — ikki kafti orasiga joy bo‘lgudek. Og‘irligi esa o‘n besh funt — boshqa hamma yuklarining og‘irligi bilan barobar bo‘lib, mana shu narsagina uni bezovta qilardi. Nihoyat, xaltani bir chekkaga qo‘yib, yukini yig‘ishtira boshladi. Lekin xayoli hamon o‘shanda, nazarida, bu kimsasiz xilvatgoh uni tortib olib qo‘yayotgandek bo‘lardi, shuning uchun ham, atrofiga alanglab shosha-pisha uni qo‘liga oldi. U o‘rnidan turib, gandiraklab yo‘lga tushganida xalta ham orqasidagi yuk ichida edi.
U chaproqqa qiyalab yo‘lga tushdi, yo‘l-yo‘lakay muskeg mevasidan yeyish uchun to‘xtardi. To‘pig‘i qotib qolgan, endi burungidan ko‘ra ko‘proq oqsardi. Lekin to‘pig‘ining og‘rig‘i och qorinning og‘rig‘i oldida hech gap emasdi. Ochlik og‘rig‘iga chidab bo‘lmasdi. Bu ochlik azobi uni haddan tashqari qiynar, hatto u es-hushini ham yig‘ib ololmay «Tayoqchalar o‘lkasi»ga yetib olish uchun mo‘ljallangan to‘g‘ri yo‘lidan ham adashgan edi. Muskeg mevalari ochlik azobiga malham bo‘lmas, o‘ta taxirligi bilan til va tanglayini kakradek achitardi.
Bir jilg‘aga yetganida to‘satdan tosh va butalar orasidan kakr-kukrlashganlaricha «gur» etib kakliklar ko‘tarildi. Yo‘lovchi ularga tosh otib tegiza olmadi.
Yukini yerga qo‘yib, chumchuq poylagan mushukdek, ularning orqasidan pisib bora boshladi. Shimi qirrali toshlarga tegib, yirtilib ketdi, tizzalari qonab, orqada qizil iz qola boshladi, ammo bu azob ham ochlik azobi oldida hech gap emas edi. Nam yo‘sinlarni bosib borarkan, kiyimlari shalabbo bo‘lar, badani uvushar, bularni ham sezmas, butun xayoli yemishda edi. Kakliklarga yetay-etay deganda ular pirillab uchib ketardi, nihoyat, ularning kakr-kukrlari go‘yo uni kalaka qilayotgandek tuyula boshladi, jig‘ibiyroni chiqib so‘kindi-da, ularning sayrashlariga taqlid qilib qichqira boshladi.
Bir marta bitta kaklikni bosib olishiga sal qoldi, uni ko‘rmay qolgan ekan, kaklik uxlab yotgan bo‘lsa kerak, toshlar orasidagi inidan potirlab chiqib, uning yuziga urilib ketdi. Shunda u kaklikka apil-tapil chang soldi-yu, ushlay olmadi, qo‘lida uchtagina uzun pat yulinib qolgandi, xolos. Uchib ketayotgan kaklikka baqrayganicha turarkan, go‘yo bu qush unga o‘ta yovuzlik qilib qo‘ygandek xunob bo‘lardi. Keyin orqasiga qaytib, yukini orqalab oldi.
Choshgoh paytida yo‘lovchi o‘tloq bir jilg‘aga kirib keldi, bu yerda ov mo‘l edi. Miltiq o‘qi yetadigan yerdan bir to‘p bug‘u, chamasi yigirmatacha bor edi, uning ko‘zini o‘ynatib o‘tib ketdi. Ularni quvlagisi kelib ketdi, quvlab borsa, ushlab oladigandek edi. Lekin shu payt, kutilmaganda, qarshisidan kaklik tishlagan bir qora tulki chiqib qoldi. Yo‘lovchi hayqirib yubordi. Bu dahshatli hayqiriq edi, tulkining o‘takasi yorilib, bir tomonga urib qochdi, lekin kaklikni og‘zidan tushirib yubormadi.
Yo‘lovchi kechga yaqin siyrakkina qamishzor oralab oqayotgan oppoq ohak suv oqimi bo‘ylab ketdi. Bitta qamishni tagidan ushlab tortgan edi, qalpoqli mixdek keladigak ildizi bilan yulinib chikdi. Ildizi yumshoq ekan, qars-qurs chaynaganida unga mazali taomdek tuyuldi. Aslida esa tolalari qattiq, muskeg mevasidek sersuv bo‘lib, qorin to‘ydirmasdi. Shunday bo‘lsa ham, yo‘lovchi yukini yerga tashladi, kavsh qaytarayotgan moldek kavshanib, lablarini chapillatib, emaklaganicha qamishlar orasiga kirib ketdi.
U nihoyatda holdan toygan, tez-tez dam olgisi — yerga cho‘zilib orom olgisi, uxlagisi kelardi, ammo «Tayoqchalar o‘lkasi»ga yetib olish niyati, balki undan kuchliroq ochlik tuyg‘usi uni turtkilab oldinga haydardi. Bunday uzoq Shimolda na qurbaqa va na qurt-qumursqa bo‘lmasligini bila turib, ko‘lmak suvlardan qurbaqa qidirar, tirnoqlari bilan yerni titib qurt-qumursqa axtarardi.
Har bir ko‘lmak suvni sinchiklab qarar edi. Nihoyat, qosh qorayib, g‘ira-shira tun boshlangan mahalda, shunday bir ko‘lmakdagi sinchaloqdekkina baliqchaga ko‘zi tushib qoldi. Qo‘lini yelkasigacha suvga botirib yubordi, ammo baliq unga chap berdi. Uni tutib olish ishtiyoqida ikkinchi qo‘lini ham suvga tiqib, ko‘lmak tagidagi oq loyqani ostin-ustin qilib yubordi. Hovliqib qolganidan o‘zi ham suvga tushib ketib, beligacha suvga botdi. Endi suv butunlay loyqalanib ketganidan baliq ko‘rinmasdi. Suv tinguncha sabr-toqat qilishga majbur edi.
Yana baliq ovi boshlanib, suv yana loyqalanib ketguncha davom etdi. Uning sabr-toqati qolmadi. Qozonchani yechib, ko‘lmaqdagi suvni olib chetga to‘ka boshladi. Avvaliga, suvni shunday shiddat bilan olib to‘ka boshladiki, hammayog‘i shalabbo bo‘lib ketdi, chiqarib tashlagan suvini yaqin joyga to‘kkanidan u yana qaytib o‘z o‘rniga oqib tushardi. Keyin, yuragi gupillab urib, qo‘llari qaltirashiga qaramay, o‘zini bosib, ancha xotirjamlik bilan harakat qildi. Pirovardida, yarim soat ichida ko‘lcha suvini butunlay quritdi. Unda bir hovuch ham suv qolmadi. Lekin u yerda baliqcha ham yo‘q edi.
Toshlar orasidagi pana bir teshikchaga ko‘zi tushib qodtsi, baliqcha o‘sha teshikcha orqali boshqa bir kattaroq ko‘lchaga o‘tib ketgandi. Uning suvini bir kechayu bir kunduzda ham qurita olmasdi. Teshik borligini ilgariroq bilganida edi, uni tosh bilan bekitib qo‘ygan bo‘lardi, baliqcha ham uning qo‘liga tushgan bo‘lardi.
Xayoliga shu fikr keldi-yu, behol bo‘lib zax yerga o‘tirib qoldi. Avvaliga o‘zicha piqillab yig‘ladi, keyin esa atrofini o‘rab olgan bu ayovsiz biyobonga jar solib ho‘ngradi va, nihoyat, ancha vaqtgacha ko‘z yoshi to‘kmay piq-piq yig‘ladi.
O‘t yoqdi, bir necha kvarta (1,14 litr) qaynoq suv ichib bir oz o‘zini isitdi, so‘ng xarsang tosh ustiga xuddi o‘tgan kechagidek qilib yotish uchun joy soldi. Yotishdan oldin gugurt cho‘plarining quruqligini tekshirib chiqdi-da, soatini burab qo‘ydi. Odeyallar nam va zax tortib ketgandi. To‘pig‘i lo‘qillab og‘rirdi. Lekin u ochlikdan boshqa narsani sezmas, alahsirab uxlaganida ziyofatlar, banketlar, turli-tuman qilib yasatilgan dasturxondagi noz-ne’matlarni tush ko‘rib chiqardi.
Titrab-qaqshab, tobi qochib uyg‘ondi. Quyosh ko‘rinmasdi. Yeru ko‘kning kul rang qiyofasi quyuqtortib yana ham og‘irlashdi. Achchiq shamol esar, dastlabki qor momiqlari qir cho‘qqilarini oqartirib yuborgan edi. O‘t yoqib, suv qaynatguncha ancha sovuq tushib, laylakqorlar girdikapalak bo‘la boshladi. Yomg‘ir aralash yog‘ayotgan ho‘l laylakqor avvaliga yerga tushishi bilan erib turdi, keyin esa, ko‘proq yoqqan sayin yer sathini qoplay boshladi-da, olovni o‘chirib, uni xas-cho‘pdan iborat yoqilg‘i manbaidan mahrum qildi.
Bu esa, yukini orqalab yo‘lga tushishiga ishora edi, qaysi tomonga yurishni ham bilmasdi. Na «Tayoqchalar o‘lkasi», na Billi va na Diz daryosi bo‘yidagi to‘ntarilgan moki-qayiq ostiga yashirib qo‘yilgan narsalar xayoliga kelardi. «Ovqat» so‘zi og‘zidan tushmas, ochlikdan es-hushidan ajrab qolgan edi. Ko‘zlagan manzilini ham bilmay, boshi oqqan tomonga yurardi. Yopishqoq laylakqor ostidan sersuv muskeg mevalarini qidirar, qamishlarni ildizi bilan sug‘urib olardi. Ammo bularniig hammasi bemaza bo‘lib, nafsiga orom bermasdi! Keyinroq u yana bir xil o‘t topib oldi, o‘zi nordongina bo‘lib, undan qancha topsa, shuncha yedi. Lekin bu xil o‘t kamdan-kam topilar, chirmovuq o‘simligi bo‘lganidan, bir nechagina dyuym qalindikdagi qor ostida ko‘rinmay ketardi.
O‘sha kecha olov ham, qaynoq suv ham bo‘lmadi, odeyalga burkanib och-nahor uyquga ketdi. Qor sovuq yomg‘irga aylandi. Yomg‘ir yuziga urib, uni bir necha bor bedor qildi. Tong ham otdi, quyoshsiz bo‘z rang kun boshlandi. Yomg‘ir ham tindi. Ochlik azobi susayib ovqat yeyishga bo‘lgan hissi so‘ngandi. Faqat oshqozoni bir oz og‘rib turar, lekin ortiqcha azob bermasdi. O‘zi ham ancha hushyor tortib qolgan, endi yana «Tayoqchalar o‘lkasi» bilan Diz daryosi bo‘yidagi yashirib qo‘yilgan narsalar uning xayolini chulg‘ab olgandi.
Ikki odeyalning biridan qolgan qismini uzun-uzun qilib yirtib, qonab turgan oyoqlarini bog‘ladi. Shikastlangan to‘pig‘ining lattasini ham yangilab, bir kunlik safarga hozirlandi. Navbat yukka kelganda tarang charm xalta uzoq vaqtgacha o‘ylantirib qo‘ydi, pirovardida uni ham olib yo‘lga tushdi.
Qor yomg‘irda erib ketgan, faqat qir cho‘qqilarigina oqarib ko‘rinardi. Quyosh ham mo‘ralab chiqdi, yo‘lovchi endi yo‘ldan adashganligini anglagan bo‘lsa ham, har holda, qit’alar yo‘nalishini aniqlashga muvaffaq bo‘ldi. So‘nggi sarsonlik kunlari, ehtimol, chap tomonga ko‘proq burilib ketgan bo‘lsa kerak. To‘g‘ri yo‘lga tushib olish uchun va ayni vaqtda iloji boricha oradagi tafovutni qisqartirish uchun o‘ng tomonga burildi.
Endi ochlik azobi uncha qiynamayotgan bo‘lsa ham, ancha darmonsizlanib qolgani sezilib turardi. Muskeg mevalarini terib, qamishlarni ildiz-pildizi bilan sug‘urib olgan paytlarida nafasini bir oz rostlab olishi uchun bir oz to‘xtab, dam olishga to‘g‘ri kelardi. Tomog‘i qaqrab, tili qurib ketgan, go‘yo tilining ustini mayda tukchalar qoplab olgan edi, og‘zi esa achchiq edi. Hammasidan ham ko‘ra yuragi ko‘proq bezovta qilardi. Besh-olti minut yurib qolsa bormi, bas, duk-duk urib, qinidan chiqib ketayotgandek bo‘lar, og‘riq bosib, nafasi qisilar, boshi aylanib, ko‘zi tinib ketardi.
Choshgoh paytida kattagina ko‘lmak suvda ikkita tanga baliqni ko‘rib qoldi. Ko‘lmak suvni olib tashlashning iloji yo‘q, lekin endi o‘zini ancha bosib olgan, shuning uchun ham baliqchalarni qozonchasi bilan tutishga jazm qildi. Ular sinchaloqdan uzun emas, o‘zi ham aytarlik darajada och emas edi. Sezilar-sezilmas darajadagi qorin og‘rig‘i ham bosilayotgandek tuyulardi, uning oshqozoni qariyb mudrardi. Shunday bo‘lsa ham, baliqlardan birini xomligicha rosa chaylab yedi, bu xatti-harakati bejiz emas edi. Ishtahasi bo‘lmasa ham yashash uchun oziqlanishi kerakligini bilardi.
Kechqurun yana uchta tanga baliq tutib oldi, ikkitasini yeb, bitgasini nonushtaga olib qo‘ydi. Quyosh onda-sonda uchrab turgan yo‘sinlarni quritgan, qaynoq suv ichib isib olish imkoniyati tug‘ilib qoldi. O‘sha kuni u o‘n milyadan ortiq yo‘l bosmadi; ertasiga yuragining ko‘tarishiga qarab, besh milyacha yo‘l bosdi. Qorni endi mutlaqo bezovta qilmas — karaxt bo‘lib qolgandi. Faqat bu yerlar unga butunlay notanish, bug‘ular borgan sari ko‘proq uchrar, bo‘rilar ham yo‘liqib turardi. Bo‘rilarning uvillashlari bu kimsasiz xilvat yerlarga dahshat solardi, hatto bir marta uchta bo‘ri uning ro‘parasidan iz quvib o‘tib ham ketdi.
Yana tun. Ertalab, aql-hushini ancha yig‘ib olganidan, bug‘u terisidan tikilgan tarang xaltachani bo‘g‘ib turgan charm bog‘ichni yechdi. Xaltacha og‘zidan sap-sariq oltin kukun bilan yombilar to‘kildi. Ularni ikki qismga ajratdi, bir qismini odeyal parchasiga o‘rab, uni yerdan turtib chiqqan xarsang tosh orasiga ko‘mib qo‘ydi, ikkinchi qismini qaytadan xaltachaga soldi. Ikkinchi odeyalini ham uzun-uzun qilib yirtib
oyoqlarini o‘ray boshladi. U hamon miltig‘ini ehtiyot qilardi. Diz daryosi bo‘yidagi yashirib qo‘yilgan narsalar ichida o‘q-dori bor edi-da.
Bu kun tumanli bo‘ldi, shu kun uning qornidagi ochlik ham qayta uyg‘ondi. U nihoyat holdan toygandi, boshi aylanib, ko‘zi ba’zan hech narsani ko‘rmay qolib, ahvoli mushkullashardi. Har qadamda qoqilib, yiqilishi oddiy bir holga aylanib qolgandi. Bir marta oyog‘i chalishib ketib, kaklik uyasiga yiqilib tushdi. Uyada tuxumdan yangi chiqqan to‘rtta bir kunlik kaklik bolalari bor edi. Bu jonivorlarning har biri bir luqma bo‘lib, ularni ochko‘zlik bilan tiriklayin og‘ziga tiqib, tuxum po‘chog‘ini chaynagandek qisirlatib yeb qo‘ydi. Ona kaklik uning atrofida parvona bo‘lib, faryod chekardi. Yo‘lovchi bo‘lsa miltig‘ini to‘qmoqdek ko‘tarib, kaklikni urib tushirishga urinar, lekin u chap berardi. Keyin ona kaklikka tosh ota boshladi va tasodifan mo‘ljalga urib, qanotini sindirdi. Kaklik singan qanotini yoyib potirlaganicha nari qochdi, yo‘lovchi uning iziga tushdi.
Kaklik bolalari ishtahasini ochib yuborgandi. Shikastlangan to‘pig‘ini avaylab, dikanglaganicha ona kaklikka tosh otar, ba’zan qattiq ingrab yuborardi; yiqilib tushgan vaqtlarida esa, qovoq-tumshug‘ini osiltirib ohista o‘rnidan turar va yana oldinga qarab dikanglab ketardi; boshi aylanib yiqilish xavfi tug‘ilsa, qo‘llari bilan ko‘zlarini ishqalardi.
Kaklik orqasidan quvlayverib vodiyning etakrog‘idagi zax yerga borib qoldi, suv bosgan yo‘sin ustida oyoq izlari ko‘rinardi. Bular o‘zining izlari emas, bunga shak-shubha qilmasdi. Billning izlari bo‘lsa kerak. Lekin to‘xtash uchun fursat yo‘q, ona kaklik uzoqlashib ketayotgan edi. Avval uni tutib olishi, keyin qaytib kelib, bu izlarni sinchiklab tekshirishi kerak.
Yo‘lovchi kaklikni holdan toydirdi, o‘zining ham sillasi quridi. Kaklik qanotini yozganicha bir tomonga ag‘darilib yotar, yo‘lovchi ham kaklik oldiga emaklab borishga holi kelmay undan bir necha qadam narida yonboshlab yotardi. Yo‘lovchi nafasini rostlab olguncha kaklik ham ancha tin olar, yo‘lovchi ochko‘zlik bilan qo‘l cho‘zganida u potirlab nariroqqa ketar va ta’qib qaytadan boshlanardi. Nihoyat qorong‘i tushgach, kaklik ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Yo‘lovchi bo‘lsa holsizlikdan qoqilib, orqasidagi yuki bilan mukkasiga yiqildi-yu, yonoqlari shilinib ketdi. U anchagacha qimirlamadi, keyin yonboshlab oldi, soatini buradi va tonggacha shu holda yotdi.
Yana tumanli kun. So‘nggi odeyalining yarmini ham paytavaga ishlatib yuborgandi. Billning izlarini qidirib topa olmadi. Endi uning hojati ham yo‘q edi. Ochlik zo‘r berib uni olg‘a haydardi. Xayolidan bir narsa nari ketmas — Bill ham adashib qolmaganmikan? Arang ko‘tarib kelayotgan yuki choshgohlarga borganda uni juda ezib yubordi. Oltinni yana ikkiga bo‘ldi, bu gal bir bo‘lagini yerga to‘kib qo‘ya qoldi. Tush paytlarida qolganini ham xalta-paltasi bilan uloqtirdi, yarimta odeyal, tunuka qozoncha va miltig‘i qoldi, xolos.
Kutilmaganda uni xom xayol bezovta qila boshladi: miltig‘ida bitga o‘q bordek tuyulaverdi. Go‘yo u miltiq o‘qdonida bo‘lib, uni ko‘rmay qolganmish. Shunisi borki, o‘qdonning bo‘m-bo‘shligini ham o‘zi yaxshi bilardi. Ammo xom xayol uni jon-holiga qo‘ymasdi. Mana shu xayol bilan to‘rt soat olishdi va, nihoyat, o‘qdonni ochdi, uning bo‘m-bo‘shligini ko‘rib, haqiqatan ham o‘q topilishini kutgandek, hafsalasi pir bo‘ldi.
Yarim soat ichida oldinga zo‘rg‘a sudralganidan keyin uni yana o‘sha xom xayol qurshab oldi. Yana unga qarshi kurasha boshladi — xom xayol tazyiq qilaverganidan oxiri ko‘nglini sovitish uchun o‘qdonni shunchaki ochib, qarab qo‘ydi. Goh-goh xayoli sochilib g‘ayritabiiy bir holda kalovlanib bosib borarkan bema’ni xayollar va betayin fikrlar miyasini qumursqadek talardi. Lekin haqiqatdan uzoq bo‘lgan bunday xom xayollar uzoq davom etmas, ichini tirnab turgan ochlik azobi uni qayta o‘ziga keltirib turardi. Bir marta ko‘z o‘ngida namoyon bo‘lgan manzara uni daf’atan xayol changalidan yulib olganida qariyb hushidan ketib qolayozdi. Shunda u mast-alast kishidek kalovlanib, gandiraklaganicha o‘zini zo‘rg‘a tutib qoldi. Qarshisida ot turardi. Ot! U ko‘zlariga ishonmasdi! Ko‘z o‘ngi jimirlashib, atrofni tuman bosgandek bo‘ldi. Nima balo ekan, deb apil-tapil ko‘zlarini ishqalab, diqqat bilan qaradi: oldidagi ot emas, kattakon targ‘il ayiq ekan. Yirtqich unga yov qarash qilib, serrayib turardi.
Yo‘lovchi es-hushini yig‘ib olgunicha miltig‘ini ham qariyb yelkasidan chiqarib olgandi. Miltiqni yerga quyib belidagi sadafdor qindan ov pichog‘ini sug‘urdi. Qarshisida go‘sht va hayot turardi. Boshmaldog‘ini pichoq damiga tekkizib ko‘rdi. Tig‘i ham, uchi ham o‘tkir edi. «Hozir ayiqqa tashlanadi-yu, saranjomlaydi». Lekin yuragi dov bermay duk-duk ura boshladi. Keyin esa yuragi qinidan chiqqudek taka-puka bo‘lib o‘ynab ketdi. Peshonasi temir iskanja orasida qolgandek zirqiradi, boshi aylanib, ko‘z o‘ngi qorong‘ilashdi.
Hozirgina dovyuraklik qilayoggan odam endi qo‘rquvdan dag‘-dag‘ titrardi. Shunday bir zaif kishiga ayiq hamla qilib qolgudek bo‘lsa, nima bo‘ladi? Pichoqni mahkam ushlab, salobatliroq bo‘lib ko‘rinish uchun, qaddini rostlab, ayiqqa o‘qrayib qoldi. Ayiq lapanglab bir-ikki qadam oldinga surildi, old oyoqlarini ko‘tarib dahshat bilan o‘kirdi. Yo‘lovchi qochganda edi, ayiq uning orqasidan quvgan bo‘lardi, lekin yo‘lovchi qochmadi. U qo‘rquv talvasasida dovyuraklashib qolgandi. Yo‘lovchi ham yovvoyi va vahshiyona ovoz bilan dahshat solib o‘kirdi, buning zamirida hayot-mamot uchun kurash ifodasi hamda u bilan chambarchas bog‘langan tub omillari yotardi.
Ayiq bo‘lsa undan qo‘rqmay tik turgan bu sirli maxluqdan hayiqib, bo‘kirganicha chetga burilib ketdi. Yo‘lovchi ham joyidan qimirlamadi. Xavf-xatar o‘tib ketguncha u haykaldek qotib turdi, keyin xuddi bezgak tutgandek dag‘-dag‘ qaltirab nam yo‘singa o‘tirib qoldi.
U es-hushini yig‘ib olgach, boshqa bir tahlika azobida yo‘lga tushdi. Bu ovqat yo‘qligidan sillasi qurib, o‘lish tahlikasi emas, balki hayot-mamot uchun kurashda uni olg‘a undayotgan so‘nggi umid uchqunlarini to ochlik so‘ndirib qo‘yguncha vahshiy hayvonlar changalida tilka pora bo‘lib ketish tahlikasi edi. Bo‘rilar izg‘ib yurardi. Ularning uvillashlari tevarak-atrofdan eshitilib, hammayoqqa vahima solib, shunday xavf tug‘dirardiki, bunday joyda tanho qolgan yo‘lovchining hayoti qil ustida turar, hayot uchun kurashish go‘yo shamol chirpirak qilay deb turgan chodirga yo osilib, yo qo‘l ochib duo o‘qish bilan bu xatarni daf qilishdek bir gap edi.
Ikkitadan-uchtadan bo‘lib kelayotgan bo‘rilar yo‘lni tez-tez kesib o‘tib qolardi. Ularning soni kam bo‘lganidanmi yoki qarshilik ko‘rsatmaydigan bug‘ularni ovlashga o‘rganib qolganidanmi, yo‘lovchiga yaqin kelishmasdi, chunki oqsoqlanib kelayotgan bu g‘alati maxluq chang solishi yoki tishlashi mumkin edi-da.
Kechga yaqin u sochilib yotgan suyaklarga duch kelib qoldi, xuddi shu yerda bo‘rilar o‘z o‘ljasini xomtalash qilishibdi. Bu suyaklar bir soatgina ilgari ma’rab, chopqillab yurgan bug‘ucha qoldiqlari edi. Yo‘lovchi qirtishlab tozalangan, hujayralaridagi hayot hali so‘nmagan va qizg‘ish rangda tovlanib turgan bu suyaklarga termilib turdi. Kunning oxirigacha, ehtimol o‘zining ham faqat suyaklari qolar! Afsus, hayot shumi? Hayot shunaqa bevafo va bebaqo. Lekin azob chektiradigan ham mana shu hayot. O‘limda qiynalish yo‘q. O‘lmoq — uxlamoq. O‘lmoq — abadiylik va orom olishdan iborat. Shunday ekan nima uchun o‘limga rozi bo‘lavermaydi?
Uzoq mulohaza qilib o‘tirmadi. Yo‘sin ustiga cho‘nqaydi-da, suyaklardan birini og‘ziga solib, och pushti rangda tovlanib turgan so‘nggi hayot zarralarini so‘ra boshladi. Yodida qariyb xotiradek qolgan bilinar-bilinmas lazzatli go‘sht mazasi aqlu hushini olib qo‘ygandi. Suyaklarni jag‘ tishlari orasiga olib qars-qars chaynay boshladi. Ba’zan suyak, ba’zan tishi sinardi. Ularni tosh bilan maydalab, yanchib yutib yuborardi. Shoshganidan barmoqlarini ham chaqib olar, mana shunday paytlarda, nega barmoqlari unchalik qattiq og‘rimasligini xayolidan o‘tkazib, ajablanib ham qo‘yardi.
Qor va yomg‘irli og‘ir kunlar boshlandi. U endi qayerda tunab, qachon yo‘lga tushganini ham unutgan, kechayu kunduz birdek tinmay yo‘l bosardi. Yiqilib qolgan yerida dam olar, so‘nayotgan hayotiga sal jon kirishi bilan oldinga qarab emaklardi. Endi u er kishilardek hayot uchun ortiqcha kurashmasdi, vujudidagi zavol topishni istamayotgan hayotning o‘zi uni olg‘a sudrardi. U azob ham chekmasdi. Asablari zaiflashib bo‘shashib qolgan, xayoli esa boshiga tushgan ko‘rgiliklar, ezgu orzu-umidlar bilan band edi.
Yo‘lovchi bitta ham qo‘ymay terib olgan suyaklarni betinim chaynab shimardi. Endi u qir-adirlar oshmas, daryo bo‘linadigan joydan o‘tmas; keng va yuzagina vodiy bo‘ylab oqayotgan katga suv yoqalab g‘ayriixtiyoriy ravishda borardi. Oqimni ham, vodiyni ham ko‘rmasdi, Ko‘z o‘ngida xayoliy tasavvurlardan boshqa narsa namoyon bo‘lmasdi. Tan boshqa, jon boshqa bo‘lsa ham, ular yonma-yon borar, to‘g‘rirog‘i, sudralar edi, ularni bog‘lab turgan hayot rishtasi juda ham nozik edi.
Yassi tosh ustida chalqancha yotgan bir holda hushiga kelib, ko‘zini ochdi. Quyosh ancha ko‘tarilib qolgan, havo iliq edi. Olis-olislardan bug‘uchalarning ma’rashi qulog‘iga chalinardi. Yomg‘ir, shamol va qor to‘zonlari g‘ira-shira esida qolgan, lekin o‘sha dovullar ostida ikki kun yoki ikki hafta qolib ketdimi, buni bilmasdi.
Ancha vaqtgacha qimirlamay yotdi, saxiy quyosh nur sochib o‘z harorati bilan uning zaif jussasiga orom baxsh etardi. «Ajoyib kun» deb xayolidan o‘tkazdi. Ehtimol, o‘zi turgan joyni ham aniqlab olar. U ming azob bilan bir yonboshiga ag‘darilib oldi. Pastda kenggina, sokin bir daryo oqib turardi. Bu notanish daryo bo‘lib, yo‘lovchini ancha sarosimaga soldi. Shoshilmay uning quyi oqimi tomon ko‘z yugurtirib chiqdi: bu daryo shu vaqtgacha ko‘rish nasib bo‘lgan qir-adirlardan ham yaydoqroq, qaqragan va vahimaliroq adirlar orasidan keng quloch yozib oqib turardi. Oqimni shoshilmay, bamaylixotir, his-hayajonga berilmay, nihoyatda sovuqqonlik bilan ufqqacha kuzatib, uning yarqirab turgan musaffo dengizga quyilayotganini ko‘rdi. Shunda ham taajjublanmadi. «Juda ajoyib», deb xayolidan o‘tkazdi. — «Bu xayol yoki sarob, to‘g‘rirog‘i, xayolga — chalkash aql-idrokining nayrangiga o‘xshaydi». Yarqirab turgan musaffo dengizning qoq o‘rtasida langar tashlab turgan kema qorasiga ko‘zi tushgach, xayolidan o‘tgan fikrga yana ham iqror bo‘ldi. Bir zumgina ko‘zini yumib, keyin yana qayta ochdi. Qiziq, qanday qilib xayoliy tasavvur hanuz ko‘z o‘ngidan ketmasa? Buning ajablanarli yeri yo‘q. Miltig‘ida o‘q yo‘qligini aniq bilganidek, bu bo‘z yerlarning qoq o‘rtasida na dengiz va na kema bo‘lishiga ham shubha qilmasdi.
Shu payt orqadan xirillagan ovoz eshitilib qoldi. Bu big‘illashmi yoki irillashmi bilib bo‘lmasdi. Haddan tashqari darmonsizligi va karaxtligidan zo‘rg‘a ikkinchi yonboshiga ag‘darildi. Yaqinida hech narsa ko‘rinmasdi, ammo u sabr bilan atrofga ko‘z-quloq bo‘lib turdi. Qulog‘iga yana o‘sha ovoz chalindi, yigirma fut chamasi nariroqdagi ikki qoya tosh orasidan bir kul rang bo‘rining boshi ko‘rindi. Uning quloqlari boshqa bo‘rilarniki kabi dikkaygan emasdi; ko‘zlari xira tortib, qon quyilgan, zaif va nimjonligidan boshini quyi solgan. Bo‘ri quyosh nurida junjikib turardi. Kasal bo‘lsa kerak. Yo‘lovchi unga qarashi bilan u yana bir marta big‘illab o‘xchidi.
«Mana bu, aftidan, haqiqat bo‘lsa kerak», deb o‘yladi yo‘lovchi va hozirgina ko‘z o‘ngida hayoliy tasavvur bo‘lib tuyulgan sarob o‘rnida haqiqiy manzarani ko‘rish uchun boshqa yonboshiga ag‘darildi. Dengiz hamon ilgarigidek uzoqda yaltirar, kema ham ko‘zga yaqqol tashlanib turardi. Bu rostdan ham haqiqatmi? Ancha vaqtgacha ko‘zlarini yumib o‘yladi, nihoyat, unga hamma narsa ravshan bo‘ldi. Shimol tomonga yurayotgan ekan — Diz daryosidan uzoqlashib, «Koppermayn daryosi vodiysiga kirib qolibdi. Mana shu sokin oqayotgan keng daryo Koppermaynning o‘zginasi. Uzoqda yaltirab ko‘ringan dengiz — Shimoliy muz okeani. Kema bo‘lsa, kit ovlovchilar kemasi bo‘lib Makkenzi mansabidan chiqib, sharqda, uzoq sharqda adashib yurib, hozir esa Koronadiya ko‘rfazida langar tashlagan. Gudzon qo‘ltig‘i kompaniyasi ishlagan xaritaga qachonlardir ko‘zi tushganini esladi-yu, unga hamma narsa aniq va ravshan bo‘ldi.
O‘rnidan turib o‘tirdi va zudlik bilan qilinadigan ishlar haqida o‘ylay boshladi. Oyog‘iga o‘rab olgan odeyal paytavasi dabdala bo‘lib ketgan, oyoqlari ham shilinib yotardi. Ikkinchi odeyalini ham ishlatib bo‘lgan edi. Miltig‘i bilan pichog‘i yo‘qolgan. Shlyapasini ham astari ichiga yashirib qo‘ygan gugurt-pugurti bilan qayerdadir tushirib qo‘yibdi, suv o‘tmaydigan qog‘ozg‘a o‘ralib qo‘ynidagi tamaki xaltasiga solingan gugurtigina omon qolibdi, ho‘l ham bo‘lmabdi. U soatiga qaradi. Strelkalari o‘n birni ko‘rsatar va hamon yurayotgan edi. Aftidan, uni burab turgan bo‘lsa kerak.
U xotirjam, es-hushi ham joyida edi. Tinkasi qurib, toliqqaniga qaramay, hech yerida og‘riq sezmasdi. Qorni ovqat ham talab qilmasdi. Ovqat haqida o‘ylash unga yoqmasa ham hamma harakatlarini faqat aql bilan bajarardi. Shimining tizzasidai pochasigacha yirtib olib, oyog‘ini o‘rab bog‘ladi. Baxtiga tunuka qozoncha tushib qolmagan ekan, oldindan o‘zi payqaganidek, kemagacha bo‘lgan mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tish oldidan bir oz qaynoq suv ichib oldi.
Uning harakatlari nihoyatda sust bo‘lib, shol bo‘lib qolgandek edi. Bir oz quruq yo‘sin terib kelmoqchi bo‘ldi, o‘rnidan tura olmadi, qayta va qayta urinib ko‘rdi, iloji bo‘lmagach, emaklab ketganiga ham shukur qildi. Bir mahal kasal bo‘rining oldiga yaqin borib qolibdi. Yirtqich chor-nochor o‘zini bir chekkaga tortib, tumshug‘ini yalarkan, madorsizligidan tili ham qotib qolgandek tuyulardi. Yo‘lovchi uning tili odatdagidek sog‘lom, baquvvat bo‘rinikidek emasligini angladi. Bu bo‘rining tili sarg‘ish jigar rang tusda bo‘lib, ustini g‘adir-budur shilliq parda qoplagandi.
Bir kvarta qaynoq suv ichgach, andak kuch kirgandek bo‘ldi — o‘rnidan turgudek, hatto agar hayoti so‘nayotgan kishi qadam bosa oladi, deb faraz qilingudek bo‘lsa, xuddi o‘shanday qadam bosishga darmoni bordek tuyuldi. Qariyb har bir daqiqada dam olishga majbur bo‘lardi. U zaif va chalkash qadam tashlar, uni ta’qib qilib kelayotgan bo‘rining zaif va chalkash qadam tashlashining o‘zginasi edi. O‘sha kuni kechqurun yarqirab turgan dengiz ustini zulmat qoplaganda, chamasi, bor-yo‘g‘i dengiz tomon to‘rt milya yaqinlashgan edi.
Tun bo‘yi kasal bo‘rining o‘xchishini va ahyon-ahyonda bug‘u bolalarining ma’rashini eshitib chiqdi. Uning atrofida hayot jo‘sh urar, yashashga qodir, sog‘lom, baquvvat hayot mavjud, uni esa kasal bo‘ri ta’qib qilib kelar, o‘z o‘ljasining o‘limini kutayotganini yo‘lovchi sezardi. U ertalab ko‘zini ochganida bo‘ri unga ma’yus va ochko‘zlik bilan tikilib turardi. Dumini qisib, xuddi och qolib, tinkasi qurigan itdek boshini osiltirib olgan. U tong izg‘irinida qaltirardi; yo‘lovchi xirillagan tovush bilan majolsiz to‘ng‘illaganida tishlarini tirjaytirib irilladi.
Quyosh barq urib chiqdi, yo‘lovchi ertalabdan choshgohgacha qoqilib-suqilib yaltirab turgan dengiz o‘rtasidagi kema tomon yurdi. Havo ayni muddaodek. Kuzning qutb kengligiga xos iliq kunlari edi. Bunday ob-havo bir haftagina bo‘lardi. Erta yo indindan iliq kunlar o‘tib, havoning avzoi buzilishi mumkin edi.
Peshinga yaqin yo‘lovchi qandaydir bir izga duch kelib qoldi. Qadam tashlab emas, emaklab yurgan kishining izi edi. Bu iz Billniki bo‘lishi mumkin, deb xayolidan o‘tkazdi u loqaydlik va sovuqqonlik bilan. Bunga u hech parvo qilmas edi. Aniqrog‘i, undagi his-tuyg‘ular butunlay so‘ngandi. Endi og‘riqni ham sezmasdi. Qorin va asablari uyquga ketgandi. Shunday bo‘lsa ham, vujudidagi hayot-mamot kurashi uni olg‘a sudrardi. Nihoyatda tinkasi qurigan bo‘lsa ham, hayot uni tark qilmasdi, chunki u hali muskeg mevalarini terib yeb turar, tanga baliq ovlar, qaynoq suv ichar, kasal bo‘ri ilinjida borardi.
U emaklab ketgan boshqa odam izidan keta berdi va ko‘p o‘tmay izning oxiriga — yaqindagina g‘ajilgan suyaklar sochilib yotgan, payxoni chiqqan nam yo‘sinlar ustida bir necha bo‘ri izlari qolgan yerga yetdi. Xuddi o‘zinikiga o‘xshash bug‘u terisidan tikilgan xaltachaga ko‘zi tushdi, uni o‘tkir tishlar tilka-pora qilib tashlagan edi. Xaltacha nimjon panjalari uchun ancha og‘ir bo‘lsa ham, uni yerdan oldi. Bill uni so‘nggi nafasigacha qo‘lidan tushirmagan ekan. Hah-hah-hah! Endi Bill ustidan mazax qilib kuladi. O‘zi omon qoladi, xaltachani esa yaltirab turgan dengizdagi kemaga olib chiqadi. Uning quvonch kulgisi xuddi qarg‘a qag‘illashidek beo‘xshov va bo‘g‘iq ovoz bilan chiqdi, kasal bo‘ri ham unga qo‘shilib g‘amgin uvilladi. Yo‘lovchi birdan jim bo‘lib qoldi. Ko‘z oldida sochilib yotgan suyaklar Billniki bo‘ladigan bo‘lsa, Billdan qanday mazax qilib kulsin! Nim pushti rangda tovlanayotgan mana shu oppoq suyaklar nahotki Billniki bo‘lsa!
Yo‘lovchi o‘girilib nari ketdi. Bill uni tashlab ketgan edi, oqibat mana nima bo‘pti, lekin u oltinni olmaydi, uning suyaklarini kemirmaydi. Endi kalovlanib olg‘a yurarkan, agar buning aksi ro‘y berganda, Bill shunday qilgan bo‘lardi, deb xayolidan o‘tkazdi.
Yo‘lda bir ko‘lchaga duch kelib qoldi. Baliq izlab unga engashdi-yu, bir narsa chaqib olgandek, boshini shartta ko‘tarib oldi. Yo‘lovchi suvdagi o‘z aksini ko‘rib qolgandi. Shunaqa ham badbashara bo‘lib ketibdiki, mudrab yotgan his-tuyg‘usini ham uyg‘otib, o‘zini hang-mang qilib qo‘ydi. Suvda uchta tanga baliq suzib yurardi, lekin ko‘lcha kattagina bo‘lib, suvini quritishning iloji yo‘q edi. Baliqchalarni qozonchasi bilan
tutishga behuda urinib ko‘rdi-da, keyin ularning bahridan o‘tdi. Juda tinkasi qurib ketganidan, suvga tushib cho‘kib ketaman deb qo‘rqdi. Qumloq sohilga chiqib qolgan xodalardan biriga o‘tirib, daryo oqimi tomon suzishga jur’at qilolmaganining sababi ham mana shunda edi.
O‘sha kuni u kemagacha bo‘lgan masofani uch milya, ertasiga esa ikki milya qisqartdi. Endi u ham Billga o‘xshab emaklab borardi; beshinchi kun kechqurun kemagacha yana yetti milya qolgan, o‘zi esa holdan toyib, kuniga bir milya bosishga ham madori kelmasdi. Kuzning iliq nafasi hali ketmagan, u ham emaklashda davom etar, hushidan ketar, yumalanib-surilib bo‘lsa ham olg‘a siljirdi; kasal bo‘ri ham o‘xchib, aksa urib qorama-qora kelardi. Yo‘lovchining tizzalari endi oyoqlaridek qip-qizil go‘sht bo‘lib ketgan, ko‘ylagining orqa tomonidan yirtib, bog‘lab olgan bo‘lsa ham, yo‘sin va toshlar ustida qizil iz qoldirardi. Nogahon orqasiga qarab, bo‘ri uning qonli izlarini ochko‘zlik bilan yalayotganini ko‘rib qoldi, agar bo‘rini saranjomlamasa, o‘zining holi nima kechishini yaqqol tasavvur qildi. O‘shandan keyin hayot fojiasini shafqatsiz onlari boshlandi: emaklayotgan kasal yo‘lovchi bilan kasal bo‘ri — ikkala maxluq kimsasiz biyobon bo‘ylab hayot tark etayotgan murdalarini sudrashganlaricha bir-birining joniga qasd qilib qolishdi.
Agar bo‘ri sog‘lom bo‘lganda edi, yo‘lovchi ham unchalik tarxashlik qilmagan bo‘lur edi; lekin o‘sha jirkanch o‘laksa maxluqqa yem bo‘lib, uning jig‘ildoniga tushish fikri jirkanch tuyulardi. U injiqlanib qolgan edi. Xayoli yana sochila boshladi; aql-idroki oydinlashgan paytlari tobora qisqarib va kamayib borgan sari xayoliy tasavvurlar uni ko‘proq esankiratib qo‘yardi.
Yo‘lovchi bir marta qulog‘i yonida xirillagan tovushdan uyg‘onib ketdi. Bo‘ri o‘zini orqaga tashladi-da, zaifligidan oyoqlari chalishib yiqilib tushdi. Bu kulgili bir hol edi, lekin yo‘lovchi kulmadi. Hatto qo‘rqib ham ketmadi. U qo‘rqish nimaligini allaqachon unugib yuborgandi. O‘sha daqiqada es-hushi oydinlashgan bo‘lsa ham, yotgan yerida o‘ylar edi. Kemagacha to‘rt milyadan ortiq qolgan emas. U jimirlashayotgan ko‘zlarini ishqalab, kemani aniq ko‘ra oldi, yaltirab turgan dengiz suvini
kesib o‘tayotgan qandaydir qayiqchaning oq yelkani ham bemalol ko‘rinib turardi. Lekin bu to‘rt milya masofani emaklab o‘tishning hech iloji yo‘qligini yo‘lovchi bilardi, shunday bo‘lsa ham, bunga parvo qilmasdi. Hatto yarim milya emaklashga majoli yetmasligini bilardi. Baribir u yashashni istardi. Shuncha jabru jafo tortsa-yu, o‘lib ketsa, noma’qul ish bo‘ladi. Taqdir unga zo‘rlik qilar, u jon berayotgan bo‘lsa ham o‘lim oldida bo‘yin egishni xohlamasdi. Ehtimol, bu telbalikdir, ammo xuddi mana shu o‘lim changalida turib unga ochiqdan-ochiq qarshi chiqar, u bilan kurashar edi.
Yo‘lovchi ko‘zlarini yumdi va nihoyatda ehtiyotlik bilan bor kuchini yig‘di. Mavj urib kelayotgan to‘lqindek butun vujudini qamrab olayotgan behushlik xurujida entikib qolmaslik uchun o‘zini bardam tutishga harakat qildi. O‘lim talvasasi dengizning o‘zginasi edi — u tobora qattiqroq mavj urib, asta-sekin es-hushini olardi. Karaxtlik kemasida goh u yoqqa, goh bu yoqqa chayqalib suzarkan, ba’zan butunlay sho‘ng‘ib ketar, yangi bir iroda uchquni yuragiga dalda berganida jon talvasasida yana yuzaga qalqib chiqib qolardi.
Mana endi u qimir etmay chalqancha yotarkan, tobora yaqinlashib kelayotgan kasal bo‘rining xirillagan nafasi aniq eshitilib turardi. Vaqt sustlik bilan o‘tar, bo‘ri yana ham yaqinlashar, u esa qimir etmasdan yotardi. Mana, bo‘ri nafasi qulog‘iga ham urildi. Uning quruqshab qotib qolgan tili yuzini xuddi jilvirdek qirib o‘tdi. Yo‘lovchi qo‘llarini ko‘tarib yubordi, to‘g‘rirog‘i, u o‘z nazarida shunday qildi. Panjalari changakdek bukildi, lekin qo‘liga quruq havodan boshqa narsa ilinmadi. Chaqqon va aniq harakat qilish kuch talab qiladi, shu kuchdan mahrum edi.
Bo‘ri nihoyatda sabr-toqatli edi. Inson undan ham sabrliroq edi. U o‘zini yem qiladigan yoki o‘ziga yem bo‘ladigan maxluqni poylaganicha, hushidan ketmaslik uchun kurashib, yarim kun davomida qimirlamay yotdi. Ba’zan hushsizlik dengiziga g‘arq bo‘lar, uzoq tushlar ko‘rardi, lekin o‘ngida ham, tushida ham — hamma vaqt bo‘rining xirillagan nafasi tegib, quruqshagan dag‘al tili bilan yalaydi, deb kutib yotardi.
Nafas tovushini eshitmadi, lekin bo‘ri dag‘al tili bilan uning qo‘lini yalayotganini tush aralash sezib, uyqudan ohista uyg‘ondi. Sabr qildi. Endi bo‘ri uning qo‘lini tishlari orasiga olib zaifgina ezardi; keyin tobora qatgiqroq eza boshladi: shunchalar sabr qilib, endigina yetishgan o‘ljasiga tishlarini botirishi uchun bor kuchini ishga solardi. Lekin odam ham juda uzoq kutgandi, tishlangan qo‘li bilan bo‘rining tumshug‘idan ushlab oldi. Bo‘ri qutulishga urinib arang harakat qilarkan, tumshug‘idan tutib turgan qo‘l ham uni zo‘rg‘a ushlab turardi, mana shu vaqtda ikkinchi qo‘li bilan bo‘rini qisib oldi. Besh minut o‘tar-o‘tmas yo‘lovchi butun og‘irligi bilan bo‘rini bosib yotardi. Bo‘rini bo‘g‘ish uchun qo‘llari madorsiz bo‘lganidan tishi bilan uning bo‘g‘ziga yopishdi, og‘zi yungga to‘ldi. Yarim soatdan so‘ng tomog‘idan iliq suyuqlik o‘tayotganini sezdi. Bu laziz narsa emasdi, qorniga eritilgan qo‘rg‘oshin quyilayotgandek bo‘lar, uni faqat o‘z iroda kuchi quyardi. Bir ozdan keyin bir yonboshiga ag‘darildi-da, uyquga ketdi.

* * *

Kit ovlovchi «Bedford» kemasida ilmiy ekspeditsiya a’zolari ham bor edi. Palubada yurishgan vaqtda sohildagi g‘alati bir maxluqqa ko‘zlari tushib qoldi. U po‘rtana mavjidan hosil bo‘lgan qumloq sohildan suv tomon emaklab kelardi. Olimlar uning nimaligini bilisha olmay boshlari qotgan, o‘zlari tabiatshunos bo‘lganlari uchun ham darhol qayiqqa tushib, uning nimaligini bilish uchun sohilga suzishib ketishgandi. O‘sha tirik maxluqni ko‘rdilar, ammo uni inson deb atash juda qiyin edi. Aql-hushini yo‘qotgan, karaxt. Turgan yerida ulkan qurt singari oldinga qarab buralayotgan ekan. Harakatlari deyarli behuda bo‘lishiga qaramay, buralib-buralib bo‘lsa ham qat’iyat bilan olg‘a harakat qilar va soatiga qariyb yigirma fut surilar edi.
Uch hafta keyinroq yo‘lovchi nahang ovlovchi «Bedford»ning karavotlaridan birida yotgan holida yum-yum yosh to‘kib o‘zining kimligi va boshdan kechirgan mashaqqatlarini aytib berdi.
Onasi, serquyosh janubiy Kaliforniya, apelsin butazorlari va gullarga burkangan uyi haqida ham poyma-poy gapirib berdi.
Ko‘p o‘tmay yo‘lovchi olimlar bilan kema zobitlari davrasiga qo‘shildi. U stol ustidagi mo‘l-ko‘l ovqatlarni ko‘rib quvonar, ularning boshqalar og‘ziga tushib ketayotganiga mahliyo bo‘lib qolardi. Og‘izlarda yo‘q bo‘lib ketayotgan har bir luqma uni zo‘r tashvishga solardi. Fahm-farosati joyida bo‘lsa ham, hamtovoq hamrohlariga nafrat ko‘zi bilan qarardi. Ovqat tamom bo‘lib qoladi, degan tashvish unga tinchlik bermasdi. Oshpaz yunga va kapitandan ombordagi oziq-ovqatlar haqida surishtirib turardi. Ular qayta-qayta uning ko‘nglini to‘qlashardi, lekin ularga ishonmay, o‘z ko‘zi bilan ko‘rish uchun hech kimga bildirmay omborga ham tushib turardi.
Uning semirayotganini sezib qolishdi. Kun sayin etiga et qo‘shilardi. Olimlar bosh chayqashib, turli-tuman nazariy xulosalar chiqarishardi. Uni ovqatdan tortib ham qo‘yishdi, shunda ham baq-baqaloq semirib, ko‘ylagiga sig‘may ketdi.
Matroslar kinoya bilan kulishardi. Bu sir ularga ma’lum edi. Olimlar uning ketidan odam qo‘yib, baqaloqlik «sir»idan ogoh bo‘lib oldilar. Nonushtadan keyin u kemaning oldingi sahniga chiqib olarkan-da, oldidan o‘tgan matrosga faqirona qo‘l cho‘zib tilanchilik qilarkan. Matroslar esa kinoya bilan miyig‘ida kulishib suxari burdalaridan sadaqa berisharkan. U bo‘lsa suxari burdasiga ochko‘zlik bilan chang solib, unga xuddi oltinga suqlangan xasisdek termilarkan-da, qo‘yniga urarkan.
Olimlar sabr qildilar. Uni o‘z holiga qo‘yib qo‘ydilar. Shunday bo‘lsa ham, o‘ziga bildirmay uning karavotini ko‘zdan kechirdilar. Suxari tizilib ketibdi. To‘shakning ichi ham suxariga to‘la ekan. Har bir teshik va burchakda suxari. Lekin uning aql-hushi joyida edi. Faqat, ehtimoldan xoli bo‘lmagan ochlik g‘amini yerdi.
Olimlar undagi bu vasvasani o‘tkinchi narsa, deb hisobladilar. Shunday bo‘ldi ham: «Bedford» o‘z langarini San-Frantsisko qo‘ltig‘iga tashlamasdanoq u ochlik vasvasasidan qutulib ketdi.

Ingliz tilidan Abduqahhor Iminov tarjimasi