Jan-Pol Sartr. Devor (hikoya)

Bizni devorlari oppoq chorsi xonaga itarib-turtib kiritishdi. O‘tkir yorug‘lik ko‘zni qamashtirdi. Zum o‘tmay stol ortida qandaydir qog‘ozlarni titib o‘tirgan kishilik kiyimidagi to‘rt nusxani ko‘rdim. Boshqa qamoqqa olinganlar bir oz nariroqda tiqilishib turishardi. Biz xonani kesib o‘tib, ularga qo‘shildik. Bu odamlarning ko‘pini bilardim, qolganlari, chamasi, muhojirlar edi. Mening oldimda ikkita bir-biriga o‘xshagan oq-sariqdan kelgan kishi turardi, bular frantsuzlar bo‘lsa kerak, deb o‘yladim. Bo‘yi pastrog‘i dam-badam shimini ko‘tarib qo‘yar – tizzalari qaltirayotgani ko‘rinib turardi.
Bu dahmaza uch soatchadan buyon davom etar, boshim qotgan, quloqlarim shang‘illar edi. Ammo xona issiqqina, tanaga yoqar, biz uzzukun sovuqda qolib izillagan edik. Soqchilar qamoqqa olinganlarni birma-bir stol yoniga olib borishardi. Kishilik kiyimidagi to‘rt nusxa har bir odamdan ismi bilan kasb-korini so‘rardi. Ular shu savollardan nariga o‘tishmas, lekin gohida “O‘q-dorilar o‘g‘irlashda qatnashganmisan?” yoxud “O‘ninchida ertalab qayerda, nima ish bilan mashg‘ul eding?” deb so‘rab qo‘yishardi. Javoblarni esa hatto eshitishmas yoki eshitmaganga olishar, bo‘shliqqa tikilib, jim qolishar, keyin yozishga tushishardi. Tomdan “Haqiqatan baynalmilal brigadada xizmat qilganmisiz?” deb so‘rashdi. Bo‘yin tovlashning ma’nisi qolmagan – ular kurtkasidagi hujjatlarini topib o‘qishgan edi. Xuandan esa hech narsani so‘rashmadi, faqat u otini aytishi bilanoq tez-tez allanimalarni yozishga tushishdi.
– O‘zingiz bilasiz-ku, – men emas, akam anarxist. Ammo u bu yerda emas. Mening siyosat bilan ishim yo‘q, hech qanday partiyaga a’zo emasman. – Ular indamay o‘tirib yozishardi. Xuanning jag‘i tinmasdi. – Mening hech bir aybim yo‘q. Boshqalarning jatiga qolishni istamayman. – Uning lablari titrardi. Soqchi og‘zingni yum deb, uni bir chekkaga itarib olib bordi.
Navbat menga keldi.
– Siz Pablo Ibbiyetamisiz?
Men “Ha”, dedim. Nusxa qog‘ozlarga qaradi-da, so‘radi:
– Ramon Gris qayerga yashiringan?
– Bilmayman.
– Siz uni oltinchidan o‘n to‘qqizinchigacha yashirgansiz.
– Undaymas.
Ular nimalarnidir yozishdi, keyin soqchilar meni xonadan olib chiqishdi.
Yo‘lakda ikkita qorovul o‘rtasida Tom bilan Xuan turardi. Bizni olib ketishdi. Tom soqchilarning birovidan so‘radi:
– Bu yog‘iga nima bo‘ladi?
– Qaysi ma’noda? – dedi soqchi.
– Bizni so‘roq qilishdimi yoki sud?
– Sud.
– Xo‘p. Endi nima qilishadi bizni?
Soqchi quruqqina javob berdi:
– Hukm kamerada e’lon qilinadi.
Ular kamera deb atagan joy ilgarigi kasalxonaning yerto‘lasi edi. Bu yerdagi sovuqqa chidab bo‘lmas, har tomondan ayoz shamol g‘o‘rillardi. Tun bo‘yi azbaroyi sovuqdan tishlar takillab chiqar, kunduzlari ham bundan tuzuk emasdi. Bundan avval men besh kun arxiyepiskoplikning yolg‘izxonasida o‘tirgan edim, uni o‘rta asrlardan qolgan tosh o‘ra desa ham bo‘lardi. Qamoqqa olinganlar shunchalik ko‘p ediki, ularni duch kelgan yerga tiqib tashlashardi. Men-ku o‘sha o‘rasidan xafa emasman, jillaqursa, u yerda sovqotganim yo‘q, faqat yolg‘iz edim, yolg‘izlik esa odamni holdan toydiradi. Manavi yerto‘lada harqalay yon-verimda odamlar bor. Rost, Xuan og‘zini ochmas, qattiq qo‘rqar, har na qilsa-da, juda murg‘ak, gapiradigan gapi ham yo‘q hisobi edi. Tomning esa, aksincha, jag‘i tinmas, buning ustiga ispanchani suvday ichardi.
Erto‘lada bitta uzun o‘rindiq va to‘rtta bo‘yra bor edi. Eshik orqamizdan yopilgach, biz o‘tirib, bir muddat jim qoldik. Avval Tom tilga kirdi:
– Tamom. Kunimiz bitdi.
– Balki, – dedim men. – Lekin yigitchaga tegishmas deyman.
– Akasi jangari bo‘lsayam, ukasining bunga aloqasi yo‘q.
Men Xuanga qaradim: u, chamasi, eshitmasdi. Tom gapini davom ettirdi:
– Saragosada ularning nimalar qilayotganini bilasanmi? Odamlarni yo‘lga yotqizib, ustidan yuk mashina yurgizishyapti. Marokashlik bir qochoq bor edi, bizga o‘sha gapirib berdi. Aytishlaricha, shunaqa qilib o‘q-dorini tejasharmish.
– Benzinni tejashmas ekanmi?
Tom jig‘imga tegdi. Nima qiladi bularni gapirib?
– Zobitlar bo‘lsa yo‘l chekkasida qo‘llarini cho‘ntakka tiqib, sigaret tutatib aylanib yurisharmish. O‘sha sho‘rliklarni darrov asfalasofilinga jo‘natishadi deb o‘ylaysanmi? Hech-da! Abgorlar soatlab baqirib yotisharmish. Marokashlik og‘riqning zo‘ridan men avvaliga og‘zimni ham ocholmadim, deydi.
– Ishonchim komilki, ular bu yerda unday qilishmaydi, – dedim men. – Boshqasini bilmayman-u, lekin ularning o‘q-dorilari yetarli.
Erto‘laga to‘rtta teshik va chap tomondagi shiftdan ochilgan tuynukdan yorug‘lik tushib turar, undan naq osmon ko‘rinardi. Bu tuynukdan ilgari yerto‘laga ko‘mir tushirilgan chog‘i, shundoq tagida ko‘mir xokasi to‘dalanib yotardi. Chamasi, u bilan harbiy kasalxonani isitish mo‘ljallangan. Keyin urush boshlanib, kasallar boshqa joyga ko‘chirilgan-u, ko‘mir shundoq qolib ketgan. Aftidan, tuynukni berkitish yodlaridan ko‘tarilgan, vaqti-vaqti bilan tepadan yomg‘ir tomchilari tomardi. Kutilmaganda Tom yomon qaqshab g‘o‘ldiradi:
– Qurib ketsin! Hammayog‘im titrab ketyapti. Shu yetmay turuvdi!
U o‘rnidan turib mashq qilishga tushdi. Ko‘ylagi har ko‘tarilganda jun bosgan oppoq ko‘kragi ko‘rinib ketardi. Keyin u chalqancha yotib, oyoqlarini ko‘tarib qaychidak aylantira boshladi – uning semiz dumbasi dirillardi. Umuman, Tom – zuvalasi pishiq yigit, lekin baribir semizroq. Men beixtiyor o‘q va miltiq nayzasi bu laqqa yumshoq go‘shtga yog‘ni kesganday oson va yengil kirib borishini tasavvur qildim. U qotma yigit bo‘lganida, ehtimol, bunday o‘ylamagan bo‘lardim. Men sovqotmagan bo‘lsam-da, qo‘l-oyog‘imni sezmasdim. Ba’zida birnimamni yo‘qotganday bo‘lar, kurtkamni qidirib, alang-jalang qilar va shu zahoti uni menga qaytarib berishmaganini eslar edim. Bundan g‘ashligim ortardi. Ular bizning kiyim-kechaklarimizni olib qo‘yishib, bo‘z ishtonlar berishdi – bu yerda kasallar ayni yoz chog‘lari shunday ishtonlarda yurishgan. Tom o‘rnidan turib, ro‘paramga o‘tirdi.
– Qalay, isidingmi?
– Qayda deysan, qurib ketsin. Nafasim tiqilgani qoldi.
Soat sakkizlarda kameraga komendant bilan ikkita falangachi askar kirdi. Komendantning qo‘lida ro‘yxat bor edi. U soqchidan so‘radi:
– Bu uchovining familiyasi nima?
Soqchi aytdi:
– Steynbok, Ibbiyeta, Mirbal.
Komendant oynagini taqib, ro‘yxatga boqdi.
– Steynbok… Steynbok… A-ha, mana bor. U otishga hukm qilingan. Hukm ertaga ertaminan ijro etiladi.
U ro‘yxatga yana bir qur ko‘z tashladi:
– Qolgan ikkovi ham.
– Bo‘lishi mumkinmas, – deya hiqilladi Xuan. – Xatolik bu.
Komendant unga hayron bo‘lib qaradi:
– Ismi sharifing?
– Xuan Mirbal.
– Hammasi to‘g‘ri. Otuv!
– Lekin men hech narsa qilganim yo‘q, – deya gapidan qolmadi Xuan.
Komendant yelkasini qisdi-da, bizga o‘girildi:
– Sizlar baskmisizlar?
– Yo‘q.
Komendantning avzoyi buzuq edi.
– Lekin menga bu yerda uchta bask bor deyishuvdi. Ularni qidirib yurishdan boshqa ishim yo‘qmi? Sizlarga ruhoniy kerakmi?
Biz indamadik. Komendant:
– Hozir oldingizga belgiyalik vrach kiradi, – dedi. – U siz bilan ertalabgacha birga bo‘ladi.
U qo‘lini chakkasiga qo‘yib, so‘ng chiqib ketdi.
– Aytmovdimmi senga? – dedi Tom. – Xasislik qilishmapti.
– Rost, – dedim men. – Ammo bolapaqirga jabr-da. Ablahlar!
Garchi yigitchani jinim suymay turgan bo‘lsa-da, bu gapni adolat yuzasidan aytdim. Bolakayning yuzi g‘oyatda ingichka, o‘lim qo‘rqinchi basharasini yomon o‘zgartirib yuborgandi. Uch kun burun u xipchagina o‘smir edi, uni yoqtirmaslikning iloji yo‘q edi, lekin hozir u juda qarimsiq bo‘lib qolgan, mabodo endi uni shu holda qo‘yib yuborsalar ham, u umr bo‘yi shunday qarimsiq va pajmurdaligicha qolardi, deb xayolimdan o‘tkazdim. Umuman, bolakayga odamning rahmi keladi, ammo achinish nafratimni qo‘zg‘ar, u yog‘ini aytsam, bolaning o‘zi ham ko‘zimga balodek ko‘rinardi.
Xuan boshqa miq etmadi, uning rang-ro‘yi qumday oqardi, qo‘llari, basharasining ham tusi o‘chdi. U ko‘zlari soqqaday bo‘lib yana yerga cho‘kdi. Bir joyga tikildi-qoldi. Tom mehribon odam edi, u bolakayning qo‘lini tutmoqchi bo‘ldi, ammo u jahl bilan qo‘lini tortib oldi, yuzi alamdan burishib ketdi.
– Unga tegma, – dedim Tomga. – Ko‘rmayapsanmi, xo‘rligi kelib turibdi.
Tom istar-istamay rozi bo‘ldi, u negadir bolakayni yupatgisi kelgan, shunday qilganda, o‘z ahvolini ham bir oz bo‘lsa-da yengillatgan bo‘larmidi balki. Har ikkovi ham juda g‘ashimga tegishayotgan edi. Ilgari men hech o‘lim to‘g‘risida o‘ylamagandim, fursatim bo‘lmagandi, lekin hozir meni nima kutayotganini o‘ylamay ilojim yo‘q edi.
– Menga qara, – dedi Tom, – sen ulardan birontasini narigi dunyoga jo‘natdingmi?
Men javob bermadim. Tom avgustdan beri oltitasini otib tashlaganini o‘rab chirmay boshladi. Aniq, u hozir yuzaga kelgan vaziyat haqida o‘ziga hisob bermasdi, u buni istamayotganini ravshan ko‘rib turardim. O‘zim ham ro‘y bergan holni tuzuk-quruq anglay olmas, biroq men o‘lim og‘ir bo‘larmikin-a, deb o‘ylagan va qaynoq o‘qlar badanimni do‘lday teshib o‘tayotganini his qilgandim. Shunga qaramasdan bu sezgilarning uncha ahamiyati yo‘q edi. Hali buning tashvishini chekmasa ham bo‘lar, ahvolni aniqlashtirib olishim uchun oldinda bir kecha bor edi. To‘satdan Tom jim bo‘lib qoldi. Unga ko‘z qirimni tashladim, rangida rang qolmabdi. Ahvoli g‘oyatda nochor edi, shunda men “Ana boshlandi!” deb o‘yladim. Qorong‘i tushib kelardi, tuynukdan xira yorug‘ oqib kirar, ko‘mir uyumini yoritar, xona sahniga dog‘-dug‘ bo‘lib yaslanardi. Tuynuk uzra ko‘zimga yulduz tashlandi, kecha sovuq, osmon tiniq edi.
Eshik ochilib, yerto‘laga ikki soqchi kirdi. Ularning ortidan Belgiya harbiy kiyimidagi oq-sariqdan kelgan kimsa ko‘rindi. Biz bilan salomlashgach:
– Men vrachman. Manavi noxush ahvollarda sizlar bilan birga bo‘laman, – dedi.
Uning tovushi ziyolilarniki singari yoqimli edi. Undan so‘radim:
– Buning nima foydasi bor?
– Kamina xizmatingizda bo‘laman. Oxirgi daqiqalarni osonlashtirishga harakat qilaman.
– Lekin nega bu yerga keldingiz? Gospitalda yarador to‘lib yotibdi-ku.
– Meni aynan shu yerga jo‘natishdi, – deb javob berdi u noaniqroq qilib. Keyin shosha-pisha qo‘shimcha qildi: – Chekasizmi? Sigaretim, hatto sigaram ham bor. – U bizga ingliz sigareti va Gavana sigarasini uzatdi, biz rad etdik. Men unga tikilib qaradim, u o‘zini noqulay sezdi. Unga shunday dedim:
– Siz bu yerga rahm-shafqat ko‘rsatish uchun kelmagansiz. Men sizni tanidim. Meni qo‘lga olishgan kuni sizni kazarma hovlisida ko‘rganman. Siz falangachi askarlar bilan birga turardingiz.
Unga bor gapni to‘kib solmoqchi edim, lekin o‘zimga hayron qoldim, bunday qilib o‘tirmadim: birdan belgiyalikka umuman qiziqmay qo‘ydim. Ilgarilari men birovga tirg‘ilsam, uni osonlikcha qo‘ldan chiqarmasdim. Hozir esa butunlay gapirgim kelmay qoldi. Yelkamni qisdim-da, yuzimni boshqa yoqqa o‘girdim. Bir necha daqiqadan so‘ng munday boshimni ko‘tarib qarasam, belgiyalik meni qiziqsinib kuzatyapti. Qo‘riqchilar bo‘yralarga o‘tirishdi. Naynov Pedro zerikib o‘zini qayerga qo‘yishni bilmas, narigisi esa uxlab qolmaslik uchun dam-badam boshini u yoqdan bu yoqqa burar edi.
– Chiroq olib kelaymi? – kutilmaganda so‘radi Pedro.
Belgiyalik boshini silkitdi, men shunda uning ziyoliligi aldamchi, to‘nkadan farqi yo‘q ekan, deb o‘yladim. Lekin har holda shafqatsiz dajjol ham emasdi. Uning sovuq ko‘k ko‘zlariga qarab, havoyiroq odam, har qanday pastkashlikka boradi, deb o‘yladim. Pedro tezda kerosin chiroq ko‘targancha qaytib keldi va uzun o‘rindiqning chetiga o‘rnatdi. Chiroq xira yoritar, lekin, har qalay, hechdan ko‘ra yaxshiroq edi. Kechagina biz zimiston qorong‘ida o‘tirgan edik. Men shipga tushib turgan chiroq shu’lasi gardishiga uzoq termulib qoldim. Xuddi sehrlanganday undan ko‘zimni uzolmasdim. To‘satdan bari g‘oyib bo‘ldi, shu’la doirasi so‘ndi. Ko‘tarib bo‘lmas og‘ir yuk ostida qolganday men qattiq qaltirab ko‘zimni ochdim. Yo‘q, bu qo‘rquv, o‘lim sharpasi emas edi. Buning nimaligini anglab bo‘lmasdi. Ikki yuzim o‘t bo‘lib yonar, boshim og‘riqdan yorilay der edi.
Junjikib o‘rtoqlarimga boqdim. Tom kaftlariga yuzini yashirgancha o‘tirar, ko‘zim uning jingala paxmoq sochinigina ilg‘ardi. Bolakay Xuan tobora nochorlashib borardi: og‘zi yarim ochiq, burun kataklari pir-pir uchardi. Belgiyalik yaqin kelib, uning yelkasiga qo‘lini qo‘ydi: chamasi, u bolaga dalda berishni istardi, lekin ko‘z qorachiqlari muz parchalaridek yiltirardi. Uning qo‘li asta pastga sirg‘aldi va bolaning bilagida to‘xtadi. Xuan qimirlamadi. Belgiyalik uning bilagini uch barmog‘i bilan qisdi, uning nigohi qotib qolganga o‘xshardi, shunda u meni ko‘rmaslik uchun orqasini o‘girdi. Men bir oz oldinga enkaydim, shunda u soatini chiqarib, qo‘lini qo‘yib yubormasdan bir necha soniya unga qarab qolganini ko‘rdim. Keyin u o‘zini chetga oldi, shunda Xuanning qo‘li holsiz pastga osilib qoldi. Belgiyalik devorga suyandi, keyin xuddi muhim bir narsani eslaganday yondaftarini chiqarib, unga nimanidir yozdi. “Ablah! – qahrim keldi mening. – Qani mening tomirimni ko‘rsin-chi, basharasiga aylantirib solaman”. U, har qalay, mening oldimga kelmadi, ammo boshimni ko‘targanimda, menga qarab turganini ko‘rdim. Men ko‘zimni olib qochmadim. U qandaydir hissiz bir ovoz bilan menga so‘z qotdi:
– Sovqotmayapsizmi bu yerda?
Uning o‘zi juda sovqotgan, basharasi ko‘karib ketgan edi.
– Yo‘q, sovqotmadim, – deb javob berdim.
Biroq hamon u menga qattiq tikilib turardi. Birdan gap nimadaligini tushunib qoldim. Qo‘lim bilan yuzimni sidirdim: uni shilimshiq ter bosgan edi. Zax sovuq yerto‘lada qishning qoq o‘rtasi har yoqdan g‘o‘rillab turgan yelvizakda mendan tinmay ter quyilib kelayotganini qarang. Sochlarimni ushlab ko‘rdim: jiqqa ho‘l. Ko‘ylagimni ham tamomila ter bosib, badanimga yopishib qolgan edi. Bir soatdan beri ter a’zoyi badanimdan quyilib kelar, men esa uni sezmasdim. Belgiyalik mahluq bo‘lsa, buni ko‘rib-bilib turgan ekan. Yuzimdan oqib tushayotgan terni ko‘rib, mana, qo‘rquv odamni qanday ahvolga soladi, jon shirin, deb o‘ylayotgandir, xoynahoy. U o‘zini shu tobda risoladagi odamday sezayotgan va risoladagi odamlar kabi sovqotayotganidan mamnun ham bo‘lsa kerak. Men uning oldiga borib, basharasiga tushirgim keldi. Lekin u tomonga hali bir qadam ham qo‘ymay turib, yuragimdagi alam va uyat yo‘qoldi-da tamomila farqsiz bir holda uzun o‘rindiqqa o‘tirib qoldim. Men yana ro‘molchamni chiqarib, u bilan bo‘yinlarimni artishga tushdim. Endi men sochlarimdan oqib tushayotgan terni aniq sezdim va bundan ko‘nglim nihoyatda xira bo‘ldi. Keyin oqib tushayotgan terni artmay qo‘ya qoldim, ro‘molcha siqsa bo‘ladigan darajada ho‘l edi. Ammo ter sira to‘xtamasdi. Bo‘ksalarim ham terga botdi, ishtonim o‘rindiqqa yopishib qoldi. Kutilmaganda bolakay Xuan tilga kirdi:
– Siz vrachmisiz?
– Vrach, – deb javob berdi belgiyalik.
– Ayting-chi… og‘riydimi… uzoq cho‘ziladimi?
– Oh, bu… anov… Yo‘q, tez o‘tib ketadi, – deb javob qildi belgiyalik otalarcha ohangda. Shu tobda u go‘yo haq to‘lab davolanishga kelgan kasalni yupatardi.
– Men eshitgandimki… menga aytishuvdi… ba’zan… birinchi o‘q yog‘dirilganda hech narsa bo‘lmaydi deb.
Belgiyalik boshini chayqadi.
– Dastlab otilgan o‘qlar odamning jon joyiga tegmasa, shunday bo‘ladi.
– Unda miltiqlarni yana o‘qlab, yana boshqatdan mo‘ljalga olishadimi?
Xuan bir oz jim qolib, keyin ovozi xirillab so‘radi:
– Bunga vaqt kerakdir?
Jismoniy azob uni qiynar va qo‘rqitardi: uning yoshida shunday bo‘lishi tabiiy. Men bo‘lsam, bunday narsalarni o‘ylamasdim, og‘riq oldida qo‘rqqanimdan terga botayotganim yo‘q edi. O‘rnimdan turib, ko‘mir uyumi oldiga bordim. Tom seskanib, menga norozi boqdi: oyoq kiyimim yurganda g‘ijirlar, bu uning g‘ashiga tegardi. Nahotki mening ham basharam shunday oqarib-ko‘karib ketgan bo‘lsa, deb o‘yladim.
Osmon ajoyib edi, men o‘tirgan burchakka yorug‘lik tushmasdi, shundoq tepaga qarashim bilan Katta Ayiq yulduz turkumini ko‘rdim. Ammo endi bari boshqacha edi: ilgari arxiyepiskoplikning yolg‘izxonasida o‘tirganimda istagan paytda osmon parchasini ko‘ra olar va bu har safar menda turli xotiralarni uyg‘otar edi. Ertalab havo yengil, osmon lojuvard bo‘lganda men Atlantika okeani qumloq sohillarini xayolimdan o‘tkazardim. Tush mahali quyosh tikkaga kelganda Seviliyadagi qovoqxona esimga tushardi – u yerda mansanilo ichkiligini ichib, xamsa va zaytun mevalaridan yerdim. Tushdan so‘ng kun ufqqa og‘ganda, soyada o‘tirar va shunda maydonning qoq yarmini qoplagan quyuq soyani eslardim, xuddi shu paytning o‘zida maydonning qolgan qoq yarmi quyosh nurlarida yaraqlardi, shu tariqa tirnoqcha osmon parchasida aks etgan yerni tomosha qilib, juda ma’yus tortardim. Biroq endi osmonga qanday xohlasam, shunday qarardim: u mutlaqo hech narsani esimga solmasdi. Menga shu ko‘proq yoqardi. O‘z joyimga qaytib, Tom bilan yonma-yon o‘tirdim. Hech kim so‘z qotmadi.
Andak fursatdan so‘ng u shivirlab so‘zlashga tushdi. U jim o‘tirishga sira o‘rganmagandi: tovush chiqarib so‘ylabgina o‘zining kimligini anglardi. Garchi u boshqa tomonga boqib turgan esa-da, aftidan menga so‘ylardi. Hech shak-shubha yo‘qki, u meni shu alfozda terga botgan va rangi qum oqargan holda ko‘rishdan, chamasi, yuragi bezillardi. Endi biz bir-birimizga juda o‘xshardik va har birovimiz boshqa birovimiz uchun bamisoli oyna edik. U tirik belgiyalikka qaradi.
– Sen bu narsalarni tushunasanmi? – deb so‘radi u. – Men tushunmayman.
Men ham sekin shipshib so‘yladim. Men ham belgiyalikka qaradim.
– Nima deyapsan?
– Halizamon boshimizga qattol bir savdo tushadi.
Tomdan g‘alati bir nimaning hidi anqiyotganini sezdim. Hidlarni odatdagiga qaraganda nozikroq sezadigan bo‘lib qolibman. Men kinoya qildim:
– Mayli. Tezda tushunib qolasan.
Lekin u hamon o‘zining aytganidan qolmasdi.
– Yo‘q, bunga odamning aqli bovar qilmaydi. Men oxirigacha matonatli bo‘lishim kerak, lekin nima bo‘lganda ham, bilishim kerakki… Demak, shunday, ko‘p o‘tmay bizni tashqariga olib chiqishadi. Bu gazandalar ro‘paramizda saf tortishadi. Nima deysan, ular necha kishi bo‘larkin?
– Bilmadim, balki beshta, balki sakkizta. Undan ko‘p bo‘lmas.
– Mayli. Sakkizta bo‘laqolsin. Ularga “Mo‘ljal!” deb qichqirishadi, o‘zimga qaratilgan sakkizta miltiq og‘zini ko‘raman. Men devor tomonga surilmoqchi bo‘laman, yelkam bilan unga suyanaman, jon-jahdim bilan yopishaman, u esa tungi bosinqirash chog‘ida bo‘lgani kabi meni itarib tashlaydi. Bularning barini men ko‘z o‘ngimga keltira olaman. Bilsayding, qanchalar aniq bu suvrat!
– Bilaman, – dedim. – Men buni sendan kam tasavvur qilmayman.
– Buning og‘rig‘iga chidash qiyin. Axir, ular basharangning abjag‘ini chiqarish uchun ko‘zing va og‘zingni poylab otishadi. – Uning ovozi qahrli eshitildi. – Men jarohatlarimni his qilib turibman, mana bir soatki, boshim og‘riyapti, bo‘ynim azob beryapti. Bu haqiqiy og‘riq emas, ammo undan battarroq, bu men ertaga ertalab his qiladigan og‘riq. Xo‘sh, undan keyin nima bo‘ladi?
Uning nima demoqchi bo‘layotganini juda yaxshi tushunib turardim, lekin buni payqab qolishini sira istamas edim. Men ham butun a’zoyi badanimda shunday og‘riqni sezardim, men uni xuddi chandiq va tirtiqlar kabi o‘z jismimda olib yurardim. Hech ularga o‘rganolmasdim, lekin o‘rtog‘imdan farqli o‘laroq, ularga ortiqcha ahamiyat bermasdim.
– Keyinmi? – dedim men baralla ovozda. – Keyin seni qurt-qumursqalar talaydi.
So‘ngra u xuddi o‘zi bilan o‘zi gaplashganday so‘yladi, lekin belgiyalikdan ko‘zini sira uzmasdi. Belgiyalik esa hech nimani eshitmayotganday edi. U nega bu yerda o‘tirganini men tushunardim: fikrlarimiz uni qiziqtirmasdi, hali hayotni tark etmagan bo‘lsa-da, ammo talvasa ichida to‘lg‘anayotgan jismimizni kuzatgani kelgandi.
– Bu xuddi tungi qo‘rqinchli tushga o‘xshaydi, – deb davom etardi Tom. – Bir narsani o‘ylashga urinasan, nazaringda, bu qo‘lingdan keladiganday, bir daqiqadan so‘ng nimanidir tushunganday bo‘lasan, undan so‘ng hammasi tarqalib, yo‘qolib ketadi. Men o‘zimga o‘zim “Keyinmi? Keyin hech nima bo‘lmaydi”, deyman. Lekin buning ma’nisini tushunmayman. Goh munday tushunganday bo‘laman… lekin shunda yana hammasi qochib ketadi-da, keyin men og‘riqmi, o‘qlar, miltiqlarning birvarakay otilishimi shularni o‘ylashga tushaman. Senga qasam ichib aytishim mumkin, men moddiy dunyoga ishonaman, amin bo‘l, mening aqli-hushim joyida, lekin shunga qaramay, buning uchini uchiga to‘g‘ri keltirolmayman. Men o‘z loshimni ko‘raman: buning qiyin joyi yo‘q, lekin uni, har qalay, men o‘zim ko‘ryapman: o‘lik tanaga qaragan ham o‘zimning ko‘zlarim. Men o‘zimdan boshqa hech narsani ko‘rmayman va hech narsani eshitmayman, hayot esa boshqalar uchun davom etaveradi, deb ishontirmoqchi bo‘laman. Lekin biz bunday fikrlar uchun yaratilmaganmiz. Bilasanmi, allanimanidir kutib tun bo‘yi mijja qoqmay chiqqan paytlarim bo‘lgan. Ammo bizni butunlay boshqa bir narsa kutyapti, Pablo. U ustimizga orqadan bostirib kelmoqda, shuning uchun unga shay turishning hech iloji yo‘q.
– Jim bo‘l, – dedim unga. – Balki ruhoniyni chaqirsak, izhori dil qilarsan?
U indamadi. U bashorat qilishni, otimni aytib chaqirishni va bosiq g‘o‘ng‘irlab gapirishni yaxshi ko‘rishini allaqachon payqagandim. Bularning hech birini men ko‘tarolmasdim, ammo nima ham qilish mumkin – irlandlarning bari shunaqa. Undan peshob isi anqiyotganday tuyuldi. Gapning ochig‘ini aytsam, Tomni unchalik ham yoqtiravermasdim va endi ham birga o‘lamiz-ku deb, unga munosabatimni o‘zgartirmoqchi emasdim. Birga o‘lishning o‘zi men uchun yetarli emasdi. Men hammasi boshqacha kechishi mumkin bo‘lgan odamlarni bilardim. Misol uchun Ramon Gris. Ammo Xuan bilan Tomning yonida o‘zimni yolg‘iz sezmoqdaydim. Darvoqe, shu tobdagi ahvoldan ham norozi emasdim: agar Ramon bu yerda bo‘lganda, cho‘kib qolgan bo‘larmidim. Vaholanki, hozir men o‘zimni dadil tutayotgan va oxirigacha shunday qolmoqni niyat qilgandim. Tom parishon holda so‘zlarni chaynardi. Bir narsa kundek ayon edi: u, qanday bo‘lmasin, o‘ylamaslik uchungina nuqul gapirardi. Endi undan peshobi chatoq qariyaday shiptir hidi taralardi. Lekin, umuman olganda, uning gaplariga qo‘shilardim, u nima degan bo‘lsa, aftidan, bularni men ham aytishim mumkin edi: zo‘rlik oqibatida o‘lish – g‘ayritabiiy narsa. Ertaga o‘lishimni bilgan daqiqadan boshlab atrofdagi barcha narsalar menga g‘ayritabiiy bo‘lib tuyula boshladi: ko‘mir uyumi deysizmi, uzun o‘rindiq va yo Pedroning nahs basharasi deysizmi – hammasi. Garchi endi tun bo‘yi faqatgina bir narsa haqida o‘ylashimiz, birga dir-dir titrashib, birga qora terga botishimizni obdon tushunsam-da, bularni o‘ylagim kelmasdi. Unga ko‘z qirimni tashladim va ilk daf’a u menga g‘alati ko‘rindi: yuziga o‘lim sharpasi o‘tirgandi. Shunda g‘ururim darz ketdi: yigirma to‘rt soat-dan beri men Tom bilan birga uning yonida turibman, gap-so‘zini tinglab, o‘zim ham bir nimalar deb… va shuncha vaqt orasida ishonchim komil ediki, biz u bilan butunlay boshqa-boshqa odamlarmiz. Mana endi ma’lum bo‘ldiki, biz bir-birimizga baayni egizaklarday o‘xshab qolibmiz. Buning sababi esa ertaga birga o‘lishimiz. Tom mening qo‘limdan ushlab, ko‘zlari qaylargadir boshqa yoqlarga qaragancha, dedi:
– Men o‘zimdan o‘zim so‘rayman, Pablo… men o‘z-o‘zimdan dam sayin so‘rayman: nahotki biz izsiz yo‘qolib ketsak?
Qo‘limni bo‘shatdim-da, achchiq bilan dedim:
– Oyog‘ing tagiga bir qara, cho‘chqa.
Uning oyog‘i tagida ko‘lmak hosil bo‘lgan, ishtonidan tomchilar shirillardi.
– Nima bu? – g‘o‘ldiradi u o‘zini yo‘qotib.
– Ishtoningga bajarib qo‘yibsan, – dedim men.
– Yolg‘on! – deya qichqirdi u quturib. – Yolg‘on! Men sezayotganim yo‘q!
Belgiyalik munofiqlarga achingandek bo‘lib, yonimizga keldi.
– Mazangiz qochyaptimi?
Tom javob bermadi. Belgiyalik indamay ko‘lmakka qarab turardi.
– Bilmayman, nega bunday bo‘ldi… – Tomning ovozi qahrli yangradi. – Lekin men qo‘rqmayman. Qasam ichamanki, qo‘rqmayman!
Belgiyalik miq etmasdi. Tom o‘rnidan turib bo‘shangani burchak tomonga ketdi. Keyin ishtonini to‘g‘rilagancha qaytib keldi, o‘rindiqqa o‘tirdi-da, boshqa lom-mim deb og‘iz ochmadi. Belgiyalik yozuv-chizuvi bilan mashg‘ul bo‘ldi.
Biz unga qarab o‘tirardik. Uchovimiz. Axir, u tirik edi-da!
Uning harakatlari tirik odamning harakatlari, tirik odamning tashvishlari edi: bu yerto‘lada u xuddi tiriklarga o‘xshab, sovuqdan qalt-qalt titrar, sog‘lom dirkillab turgan jismi tirikligi bois unga so‘zsiz bo‘ysunardi. Biz esa o‘z jismimizni u qadar his qilmay qo‘ygandik, his qilganda ham, u kabi emasdik. Men ishtonimning past qismini paypaslab ko‘rishni istardim, lekin bunga jur’at etolmasdim. Men belgiyalikka tikilib qarayman: u o‘z mushak¬larining egasi, kuchli oyoqlari yerda uni mahkam tutib turadi, unga ertangi kun haqida o‘ylashiga hech narsa halaqit bermaydi. Biz uch qoni so‘rib olingan sharpa – butunlay boshqa bir tomonda joylashganmiz, biz unga qattiq termulib o‘tirib, bamisoli uning qonini ichamiz – qonxo‘rlar kabi. Ana u bolapaqir Xuanning oldiga bordi. Bolakayning boshini nega silamoqchi bo‘ldi – aytish qiyin; balki buni kasb-kori talabiga ko‘ra qilgandir, balki ko‘nglida rahm-shafqat uyg‘ongandir. Agar shunday bo‘lsa, bu tun bo‘yi faqat bir martagina ro‘y berdi, xolos. U Xuanning boshini silab, yelkasiga qoqib qo‘ydi, bolakay undan ko‘zini uzmas va bunga qarshilik ko‘rsatmasdi, ammo u kutilmaganda belgiyalikning qo‘lidan mahkam tutib, vahshiyona alfozda tikilib qoldi. Bolakay uning qo‘lini o‘z kaftlari orasiga olib siqdi, buning ajablanarli joyi yo‘q edi: tussiz otashkurak orasidagi oppoq, yumshoq qo‘l. Men nima ro‘y berishini darrov tushundim. Chamasi, Tom ham fahmladi, ammo belgiyalik buni minnatdorlik izhorigina deb anglab, hamon otalarcha tabassum qilib turardi. Kutilmaganda bolakay bu yumshoq do‘mboqqina qo‘lni og‘ziga olib bordi-da, uni tishlamoqchi bo‘ldi. Belgiyalik qo‘lini keskin tortib oldi va qoqinib ketib, devorga urildi. Bir zum u bizga dahshat to‘la ko‘zlari bilan boqib turdi: mana, nihoyat u biz o‘ziga o‘xshamagan, tamomila boshqacha odamlar ekanimizni angladi. Men xaxolab kulib yubordim, soqchilardan biri dahvatan sakrab o‘rnidan turib ketdi. Ikkinchi soqchi esa hamon uxlab yotar, yarim yumuq qovoqlari orasidan ko‘zining oqi ko‘zga chalinardi. Men o‘zimni horg‘in va o‘ta og‘ir hayajonga botgan holda sezardim. Hali tong qorong‘isida nima ro‘y berishini, o‘limni o‘ylagim kelmasdi. Baribir o‘limni hech narsa bilan qiyoslab bo‘lmaydi, so‘zlar quruq va hech narsani anglatmasdi. Lekin butunlay boshqa bir narsa haqida o‘ylayman deganimda, shu zahoti menga qarab o‘qtalgan miltiqlarning og‘zini ko‘rdim. Yigirma martacha o‘zimning otilayotganimni tasavvur qildim, bir gal hatto bu rostdan ham ro‘y berayotganday tuyuldi: aftidan, ko‘zim ilinib qolgan bo‘lsa kerak. Devor tomonga sudrashar, men esa qarshilik ko‘rsatar va rahm qilinglar, deb baqirardim. Shunda shoshib ko‘zimni ochdim va belgiyalikka qaradim: tag‘in uyqimda baqirib yuborgan bo‘lsam-a, deb qo‘rqardim. Ammo belgiyalik mo‘ylovchalarini xotirjam silar, hech narsani sezmaganga o‘xshardi. Agar istasam, andak mizg‘ib olishim mumkin edi: ikki kundan buyon ko‘z yummaganman, asablarim tarang tortilgan edi. Ammo qolgan ikki soat umrimni zoye ketkazgim kelmasdi: ular meni tong saharda turtib-surtib uyg‘otishadi, uyqusi chala karaxt odamni tashqariga olib chiqishadi, ko‘z ochib yumguncha asfalasofilinga jo‘natishadi, men esa hatto og‘zimni ochishga ham ulgurolmayman. Buni xohlamasdim, xuddi hayvonday jonimni olishlarini istamasdim – men avval gap nimadaligini bilishim kerak. Undan tashqari, men bosinqirashni yomon ko‘rardim. O‘rnimdan turdim, orqa-oldimga yurdim, fikrlarimni chalg‘itishga urindim, o‘tgan voqealarni xotirlashga urindim. Shunda miyamda parishon xotiralar g‘uvillab aylandi. Ularning yaxshilari ham, yomonlari ham bor edi. Harqalay hozirgi ahvolimga dovur menga shundoq tuyulardi. Har turli hodisalar yodimga tushdi, tanish basharalar ko‘z o‘ngimdan lipillab o‘tdi. Valensiyadagi yakshanba bozorida buqa shoxiga ilib itqitib yuborgan yoshgina novileroning chehrasi ko‘z o‘ngimda gavdalandi, amakilarimdan birining yuzini ko‘rdim, Ramon Grisning qiyofasi nigohimdan o‘tdi. Yigirma oltinchi yilda uch oy ish topolmay sarson yurganimni, ochlikdan o‘lar holga kelganimni esladim.
Bir kecha Granadadagi ko‘cha o‘rindig‘ida yotib uxlaganim yodimga tushdi: uch kundan buyon tuz totmagan edim, alam ichida o‘rtanar, sira o‘lgim kelmasdi. Shularni eslab, jilmayib qo‘ydim. Men yuho sulloh kabi omad, xotinlar, erk ortidan yugurgandim qanchalar. Nima bo‘ldi? Ispaniyaning xaloskori bo‘lishni istardim, Pi-i-Margal qoshida sajda qilardim, anarxistlarga borib qo‘shildim, odamlar orasida nutqlar aytdim; men bularni xuddi o‘lim yo‘qday o‘ta jiddiy ado etdim. Shu daqiqalarda esa butun hayotim ikki kaftimda yaqqol turganday edi, shunda men, “Bular hammasi qanchalar razil yolg‘on!” deb o‘yladim. Mening hayotim sariq chaqalik ham emas ekan, zero, u oldindan qurbonlikka keltirilgan edi. O‘zimdan tinmay so‘raganim so‘ragan edi: mana shunday o‘lib ketishimni bilsaydim, ko‘chalarda daydib yurarmidim, xotinlar orqasidan sang‘irmidim, yo‘q, unda men hatto jimjilog‘imni ham qimirlatib qo‘ymasdim. Endi hayot tugadi, qopday og‘zi bog‘landi, lekin hali hammasi tugamagan, poyoniga yetib ulgurmagandi. Baribir, bu hayot asli go‘zal, deb aytgim kelardi. Lekin mashqni, ishning qoralamasini hali qanday baholab bo‘ladi, axir, men hech narsani tushunganim yo‘q, vaholanki, kelajagimga garov bo‘loladigan ishlarni bajaryapman, deb xomxayol qilibman. Juda ko‘p narsalar bois afsus, nadomat, armon qilishim mumkin edi, misol uchun mansaniloni aytay yoki Kadisdan uncha uzoq bo‘lmagan kichkina ko‘rfazchadagi cho‘milishlarim qanday soz edi, lekin o‘lim bularning maftunkorligiga barham berdi, shuning uchun hech narsaga afsus-nadomat qilmasdim.
Kutilmaganda belgiyalikning kallasiga o‘tkir bir fikr kelib qoldi.
– Birodarlarim, – dedi u, – men o‘zimga bir majburiyat olmoqchiman, rost, agar ma’muriyat qarshi bo‘lmasa, – sizlarning aziz kishingizga aytadigan biron gapingiz bo‘lsa, ularga yetkazib qo‘yishim mumkin…
Tom to‘ng‘illadi:
– Mening hech kimim yo‘q.
Men indamasdim. Tom bir zum jim turdi-da, so‘ng qiziqsinib so‘radi:
– Nima, sening Konchega aytadigan gaping yo‘qmi?
– Yo‘q.
Bunday gap-so‘zlarga sira toqatim yo‘q edi. Biroq ayb o‘zimda: yaqinda unga Konche haqida gapirib bergandim, afsus, tilimni tiysam bo‘larkan. Men bir yilni Konche bilan birga o‘tkazdim. Hali kuni kecha u bilan besh daqiqa ko‘rishish uchun qo‘llarimni bolta tagiga qo‘yishga ham tayyor edim. Shuning uchun ham uni Tomga gapirib bergandim, hech yuragimga sig‘dirolmagandim. Lekin endi uni ko‘rishni istamasdim, unga nima ham derdim. Hatto uni quchoqlagim ham kelmasdi: hozir jismimdan o‘zim ijirg‘anardim, chunki u bo‘zday oqargan va shilimshiq edi, uning badanidan ham ijirg‘anmasdim, deb ishonch-la aytolmayman. Mening o‘limimni eshitib Konche ko‘zyoshi qiladi, bir necha oylab hayotdan ozurda bo‘lib yuradi. Lekin har ne demang, o‘ladigan odam – Men. Uning muloyim boqadigan chiroyli ko‘zlarini esladim: termilib boqqanda xuddi nigohidan menga bir narsalar sizib o‘tayotganday bo‘lardi. Lekin endi bari tugadi: agar hozir meni ko‘rgandami, uning nigohi o‘zida qolgan, bu nigoh sira menga yetib kelmagan bo‘lardi. Men yolg‘iz edim.
Tom ham yolg‘iz edi-yu, lekin uning yolg‘izligi boshqacharoq edi. Tom cho‘k tushib o‘tirdi-da, ajabsingan iljayish bilan tikilib, o‘rindiqni tomosha qila boshladi. U xuddi bir nimani buzib yuborishdan qo‘rqqanday qo‘lini ohista unga qo‘ydi, keyin qo‘lini tortib olib, qaltirab ketdi. Tomning o‘rnida bo‘lganimda men o‘rindiqni ermak qilib o‘tirmasdim, buning bari yana o‘sha irlandcha komediyaning naq o‘zi. Biroq men ham narsalar allaqanday g‘alati bo‘lib ko‘rinayotganiga e’tibor berdim: ular odatdagidan boshqacha jimirlab pirpirab ko‘rinardi. O‘rindiqqami, chiroqqami, ko‘mir uyumigami qaragan zahotim bir narsa aniq tuyulardi: men endi bu olamda bo‘lmayman. Rost, o‘limimni aniq tasavvur qilolmasdim, lekin u hammayoqda va, ayniqsa, narsalarda ko‘zimga tashlanardi, narsalar mendan uzoqlashib borayotganday, mendan olisroqda turishni istaganday edi – lekin ular buni xuddi odamlar kabi o‘lim to‘shagida yotgan kishi huzurida shivirlashib so‘ylaganday jimgina ado etar edi. Tom o‘rindiq uzra hozirgina o‘z o‘limini siypab ko‘rganini men tushunardim. Agar mana shu daqiqalarda menga, endi seni o‘ldirmaymiz, bemalol xohlagan jo¬yingga ketaver, deb e’lon qilganlarida ham, bu meni hozirgi loqaydligimdan chiqarolmasdi: sen mangulikka qolish umidini yo‘qotding, bu yog‘iga bir necha yil kutasanmi yo bir necha soatmi – buning nima farqi bor?! Endi hech narsa e’tiborimni tortmas, hech narsa mening xotirjamligimga putur yetkazolmasdi. Ammo bu juda qaltis xotirjamlik edi, buning aybdori esa jismim: ko‘zlarim ko‘rar, quloqlarim eshitar, lekin bu men emasdim – jismim bir zaylda qaltirar va ter bosardi, endi uni taniy olmasdim. U endi menga emas, kimgadir tegishli edi va uning nimaga aylanganini bilish uchun dam sayin paypaslardim. Hali ham vaqti-vaqti bilan har qalay uni his etardim: men qaygadir sirg‘anib ketayotganday, xuddi sho‘ng‘igan tayyora kabi zuvillab uchayotgan bo‘lardim, yuragim qinidan chiqib ketguday tasirlab urayotganini sezib qolardim. Bundan ko‘nglim joyiga tushmasdi: jismim bilan bog‘liq hamma narsa menga allaqanday yopishqoq, shilimshiq, betayin bo‘lib tuyulardi. Ammo, umuman olganda, jismim o‘zini tek, osoyishta tutardi, faqat meni g‘alati bir og‘irlik bosgan edi, ko‘ksimga g‘alati bir ilon yomon chirmashib olganday, nazarimda, butun a’zoyi badanimni ulkan bir qurt o‘rab olayotganday edi. Men ishtonimni paypaslab ko‘rib, uning ho‘lligini payqadim, lekin bu terdanmi, peshobdanmi, bilolmadim, har ehtimolga qarshi, ko‘mir uyumi ustiga bo‘shanib oldim.
Belgiyalik cho‘ntagidan soatini chiqarib qaradi va “Uch yarim”, dedi xotirjam ovozda.
Ablah! U atay shunday qildi! Tom ilkis sakrab turdi – biz xayollar bilan chalg‘ib, vaqt o‘tayotganini unutibmiz, tun qalqib turgan qorong‘iligi bilan bizni chirmab olgan va tun qachon boshlanganini sira eslolmasdim.
Bolapaqir Xuan hiqillay boshladi. U qo‘llarini qisirlatar va qichqirardi:
– O‘lishni istamayman, o‘lishni istamayman!
U qo‘llarini oldinga cho‘zgancha yerto‘la ichini kesib o‘tdi-da, bo‘yra ustiga quladi va uvvos solib yig‘lab yubordi. Tom ko‘z oldi xiralashgan ko‘yi unga qaradi: bolakayni sira yupatgisi kelmayotgani sezilib turardi. Buning hojati ham yo‘q edi: bolakay bizdan qattiqroq shovqin-suron ko‘tarayotgan bo‘lsa-da, lekin uning azobi yengilroq edi. U og‘ir kasaldan isitma tutib qutulayotgan bemorga o‘xshardi. Bizning ahvolimiz ancha og‘irroq edi.
U yig‘lar, o‘ziga achinib ketayotgani ko‘rinib turar, lekin o‘limning o‘zi nimaligi haqida o‘ylamasdi. Bir soniya ichi, bir oniy soniya ichi men ham hozir yig‘lab yuboradiganday, o‘z-o‘zimga juda achinib ketganday tuyuldim. Lekin aksincha bo‘ldi: bolakayga qarab, uning titragan oriq yelkalarini ko‘rdim-da, o‘zimni shafqatsiz bo‘lib ketganday sezdim – men endi na o‘zim va na boshqaga rahm qilishga qodir edim. O‘zimga o‘zim “Sen tik turib o‘lishing kerak!” dedim.
Tom o‘rnidan turib ochiq tuynuk oldiga bordi-da, oqarib kelayotgan osmonga qaray boshladi. Men esa o‘zimga o‘zim takrorladim: tik turib o‘lish, tik turib o‘lish – boshqa hech narsa xayolimga kelmasdi. Ammo belgiyalik bizga vaqtni eslatib qo‘ygandan beri men uning oqib o‘tayotganini his qilar, haqiqatan u tomchi edi va tomchiga aylanib oqib borardi. Hali kun yorishmagan edi. Tom so‘z qotdi:
– Eshityapsanmi?
– Ha.
Tashqaridan qadam tovushi kelardi.
– Tong qorong‘isida nima qilib sang‘ib yurishibdi! Bizni, axir, qorong‘ida olib chiqib otishmas.
Bir damdan so‘ng jimlik cho‘kdi. Men Tomga shivirladim:
– Kun yorishyapti.
Pedro og‘zini katta ochib, homuza tortgancha o‘rnidan turdi, chiroqni o‘chirib sherigiga o‘girildi:
– Itday sovqotdim.
Erto‘laga nimtatir yorug‘lik tushdi. Biz uzoqda miltiq ovozlarini eshitdik.
– Boshlandi, – dedim Tomga. – Menimcha, orqa tomonda otishyapti.
Tom belgiyalikdan sigaret so‘radi. Mening na ichkim va na chekkim kelardi. Shu damdan e’tiboran ular beto‘xtov otishga tushdi.
– Tushundingmi? – dedi Tom.
U yana nimadir demoqchi bo‘ldi-yu, lekin jimib qoldi va eshik tomonga qaradi. Eshik ochilib, to‘rtta askar bilan leytenant kirdi.
Tom og‘zidan sigaretini tushirib yubordi.
– Steynbok?
Tom besas qotib turardi. Pedro u tomonga ishora qildi.
– Xuan Mirbal?
– Bo‘yrada yotgan o‘sha.
– Tur o‘rningdan! – qichqirdi leytenant.
Xuan qimir etmadi. Ikkita askar uning qo‘ltig‘idan tutib oyoqqa qo‘ydi. Askarlar qo‘yib yuborgan edi, Xuan yana yiqildi. Askarlar talmovsirab turishardi.
– Bunaqasi bo‘lib turadi, – dedi leytenant. – Ko‘tarib olib borishga to‘g‘ri keladi, mayli, hammasi joyida.
U Tomga o‘girilib qaradi:
– Chiq.
Tom chiqdi, ikki askar ikki yoniga turdi. Boshqa ikkitasi Xuanni qo‘ltiq va bilaklaridan tutgancha olib chiqishdi. Xuanning hushi o‘zida edi, ko‘zlari katta-katta ochilgan, yuzidan ko‘zyoshlari oqib tushardi. Men ham eshik tomon yurganimda leytenant to‘xtatdi:
– Ibbiyeta sizmisiz?
– Ha.
– Kutib turing. Sizga kelishadi.
U chiqib ketdi. Belgiyalik va ikki soqchi unga ergashdi. Yolg‘iz o‘zim qoldim. Nima bo‘layotgani menga qorong‘i edi, o‘zimga qolsa, barini birvarakay tugatib qo‘ya qolishlarini istardim. O‘q ovozi aniq eshitilardi, miltiqlar ma’lum vaqt oralab otilardi. Har safar miltiq ovozidan titrab ketardim. Uvillagim, sochlarimni yulgim kelardi. Lekin tishlarimni mahkam bosdim, qo‘llarimni cho‘ntagimga tiqdim: dadil bo‘lish kerak! Bir soatdan so‘ng meni olib ketishga kelishdi va birinchi qavatdagi kichkina xonaga olib kirishdi, bu yer sigara tutuniga to‘lgan, shunday dim ediki, bo‘g‘ilib nafasim tiqildi. Ikkita zobit yumshoq o‘rindiqlarga cho‘kib, sigara burqisitishar, tizzalari ustida qog‘ozlar yoyilgan edi.
– Ismi sharifing Ibbiyetami?
– Ha.
– Ramon Gris qayerga yashiringan?
– Bilmayman.
Meni so‘roq qilayotgani semiz pakana kishi edi. Uning ko‘zlari oynak ostidan menga o‘qday qadalardi.
– Yaqinroq kel, – dedi u menga.
Yaqin bordim. U o‘rnidan turib, xuddi jahannamga qulatib yuboradiganday menga o‘qrayib qaradi, qo‘limni qayira boshladi. Meni qiynash uchungina shunday qilmadi, unga shunchaki ermak kerak edi: o‘zining hukmdorligini ko‘rsatib qo‘ymoqchiydi. U basharasini menga taqadi, dimog‘imga balchiq hidi urildi. Bu bir daqiqacha davom etdi, men kulgidan o‘zimni bazo‘r tiyardim. Halizamon o‘ladigan odamni qo‘rqitish uchun boshqa kuchliroq bir narsa kerak, shuning uchun uning do‘q-po‘pisasi zoye ketdi. Keyin u meni qattiq itarib yubordi-da, yana joyiga o‘tirdi.
– Yo sen, yo u, – dedi u. – Agar uning qayerdaligini aytsang, hayotingni saqlab qolamiz.
Baland qo‘njli etik kiygan va bo‘yinbog‘ taqqan manavi nusxalar ham ertadir, kechdir, baribir o‘ladi. Rost, balki mendan picha keyinroqdir, lekin uncha ko‘p emas. Ular oldidagi qog‘ozlardan qandaydir ismlarni tortib chiqarishar, qamoqqa tiqish yoki otib tashlash uchun odamlarni quv-quvga olardi, Ispaniya¬ning kelajagi va boshqa ko‘p narsalar xususida ularning o‘z qarashlari bor edi. Ularning g‘ayrati jig‘imga tegar, kulgili ko‘rinardi, ular vosvos bo‘lib qolganga o‘xshar, men ularning o‘rnida bo‘lishni sira istamasdim.
Odamning kulgisini qistatadigan semiz pakana nusxa tayoqchasi bilan qo‘njiga ura-ura ko‘zini mendan uzmay qarardi. Uning barcha xatti-harakatlari aniq hisobga olingan, o‘zini juda qahrli maxluq qilib ko‘rsatmoqchi bo‘lardi.
– Xo‘p, nima, tushundingmi?
– Gris hozir qayerdaligini bilmayman, – deya javob berdim men. – Ehtimol Madriddadir.
Ikkinchi zobit erinibgina qo‘lini ko‘tardi. Bu erinchoqlik ham avvaldan hisobga olingan edi. Men ularning oldindan pishitib qo‘yilgan barcha usullarini aniq ko‘rib turar va shunday ahmoqona narsalardan ham rohat qiladigan odamlar borligidan ajablanardim.
– Biz sizga o‘ylab ko‘rish uchun chorak soat vaqt beramiz, – dedi u. – Buni kirxonaga olib boringlar, chorak soatdan so‘ng olib kelinglar. Agar bosh tortsa, darhol otib tashlanglar.
Ablahlar, nima qilishni bilishadi: men bir kecha kutdim, keyin yerto‘lada yana bir soat o‘tirdim, Xuan bilan Tomni bu payt ichida otishdi, endi esa meni kirxonaga qamab qo‘yishmoqchi – shak-shubha yo‘qki, buni ular kecha maslahatlashib qo‘yishgan. Buning asablari bu qisti-bastilarga dosh bermaydi, taslim bo‘ladi, deb o‘ylashgan. Lekin chakki o‘ylashibdi. Men, albatta, Gris qayerga yashiringanini bilardim. U shahardan to‘rt chaqirim naridagi amakilarinikida berkingan edi. Agar meni qiynoqqa solishmasa (aftidan, ular bunday qilishmoqchi emasdi), hech qachon uning qayerga yashiringanini aytmayman, buni juda yaxshi bilardim. Bularning bari menga kunday ravshan edi, bunga hech qanday shubha bo‘lishi mumkin emas, umuman, bu meni zarracha ham qiziqtirmasdi. Shunday bo‘lsa ham, baribir nega o‘zimni bunday tutyapman, nega boshqacha emas, deb tushunib olishni xohlardim. Nega men Ramon Grisni chaqib berish o‘rniga o‘lib ketishni afzal bil¬yapman? Nega? Axir, endi Ramonni yaxshi ko‘rmasdim. Unga bo‘lgan do‘stligim kecha tong qorong‘isida tugadi, Konchega muhabbatim ham, yashash istagim ham tamom bo‘ldi. Rost, men uni doim hurmat qilib kelganman. U mard, matonatli odam. Lekin faqat shuning o‘zi deb uning o‘rniga o‘lishga rozi bo‘lganim yo‘q: men uchun uning hayoti o‘z hayotimdan qimmatliroq edi – har qanday hayot sariq chaqaga arzimaydi. Odamni devorga taqab qo‘yishib, to joni chiqquncha tarillatib otishsa: bu kim bo‘lmasin, menmi, Ramonmi, yoki boshqa bir kishimi – bir qarashda hammasi barobar. Men yaxshi bilardim: u Ispaniyaga ko‘proq kerak edi, lekin endi men Ispaniyaga ham, anarxizmga ham tupurardim: endi hech narsaning ma’nosi qolmagan edi. Biroq shu yerda ekanman, Ramon Grisni ushlab berib, o‘z jonimni qutqarishim mumkin, ammo men bunday qilmayman. Eshakday qaysarligim o‘zimga g‘alati bo‘lib ko‘rinardi. “E, odam degan shunchalik ahmoq bo‘ladimi!” – derdim o‘zimga o‘zim. Hatto ko‘nglim ozgina yorishganday bo‘ldi. Yana kelishib meni o‘sha xonaga olib ketishdi. Oyog‘im ostidan kalamush lipillab o‘tdi. Bundan ajablandim. Men falanga askarlaridan biriga shipshidim:
– Qara, kalamush.
Soqchi indamadi. Uning qovog‘i solingan, hamma narsani jiddiy qabul qilardi. Mening xaxolab kulgim qistadi, ammo o‘zimni tutdim, agar bir kulishni boshlasam, keyin o‘zimni to‘xtatolmayman, deb cho‘chidim. Falanga askari mo‘ylov qo‘ygan edi.
– Mo‘ylovingni qirib tashla, betamiz, – dedim unga.
Odam hali hayotligi chog‘ida basharasining jun bosishiga yo‘l qo‘yishi juda kulgili tuyulardi. U beozorgina qilib orqamga tepdi, men jim bo‘ldim.
– Xo‘sh, – dedi semiz pakana, – o‘ylab ko‘rdingmi?
Men xuddi noyob hasharotga qaraganday unga qiziqsinib ko‘z soldim-da, javob berdim:
– Ha, bilaman uning qayerdaligini. U qabristonga yashiringan, maqbara yoki qorovulxonada bo‘lishi kerak.
Men ularni bir boplagim keldi. Sakrab turib, apil-tapil qurol-yarog‘larini olishi, chaqqon-chaqqon buyruqlar berishini bir tomosha qilay dedim. Ular haqiqatan ham joylaridan sakrab turib ketishdi.
– Ketdik. Moles, leytenant Lopesdan o‘n beshta odam oling.
– Agar to‘g‘ri aytgan bo‘lsang, – dedi pakana, – so‘zimning ustidan chiqaman. Agar bizni laqillatayotgan bo‘lsang, joningdan umidingni uzaver.
Ular tasir-tusir qilib xonadan chiqib ketishdi, men esa soqchilar nazoratida xotirjamgina o‘tirardim. Vaqt-bevaqt irshayib qo‘yardim: ularning qabriston tomonga lo‘killab borayotganini ko‘z o‘ngimga keltirar va bundan kulgim qistardi. Bu ishni juda qoyil qilganday edim. Ularning maqbaralar eshigini ochayotgani, mozor toshlarini ko‘tarayotgani shundoqqina ko‘z o‘ngimda jonlanardi. Bularning barini begona ko‘z bilan ko‘rayotganday edim: qaysar mahbus, o‘zini qahramon qilib ko‘rsatmoqchi bo‘lgan qaysar mahbus, basavlat mo‘ylovdor falanga harbiylari, go‘ristonda qabrlar oralab izg‘ib yurgan askar kiyimidagi kishilar, – haqiqatan ham, bundan qiziqroq manzarani o‘ylab topish mumkinmi?! Yarim soatdan so‘ng semiz zobit qaytib keldi. Hozir meni otib tashlashga buyuradi, deb o‘yladim. Boshqalari, chamasi, go‘ristonda qolishgan, shekilli. Ammo zobit menga diqqat bilan razm soldi. U sira laqillatilgan zotga o‘xshamasdi.
– Uni katta hovliga, boshqalarning oldiga olib boringlar, – dedi u. – Ishini jang tugagandan so‘ng tribunal hal qiladi.
Uni yaxshi tushunmadimmi, degan xayolda so‘radim:
– Nima, axir meni otishmaydimi?
– Har holda hozir emas. Undan keyin buning menga aloqasi yo‘q.
Men hamon hech narsani tushunmasdim.
– Lekin nimaga?
U indamay yelkasini qisdi, askarlar meni olib ketishdi. Katta hovlida yuzlarcha qamoqqa olinganlar, chollar, bolalar to‘dalashib turardi. Hech narsaga aqlim yetmay o‘rtadagi ko‘katzor atrofida kezinib yurdim. Tushda bizni oshxonaga olib borishdi. Ikki-uch odam men bilan tillashishga urindi. Aftidan, tanish-bilishlar bo‘lsa kerak, lekin ularga javob bermadim: men endi qayerdaligimiz, o‘zim kimligimni anglamasdim. Kechga yaqin hovliga o‘ndan ortiq yangi qamoqqa olinganlarni kiritishdi. Ular orasida nonvoy Garsiyani tanidim. U menga qarab qichqirdi:
– Omading bor ekan! Seni tirik ko‘raman deb o‘ylamovdim.
– Ular meni otishga hukm qilishdi, – deb javob berdim unga, – keyin qaytarishdi. Negaligini tushunmayman.
– Meni soat ikkida qo‘lga olishdi, – dedi Garsiya.
– Nimaga?
Garsiya siyosat bilan shug‘ullanmasdi.
– Hech aqlim yetmaydi, – javob berdi Garsiya, – ularga o‘xshab o‘ylamaydiganlarning hammasini tutishyapti.
U ovozini pasaytirdi:
– Gris qo‘lga tushdi.
Men seskanib ketdim:
– Qachon?
– Bugun ertalab. Tentaklik qilib qo‘ydi. Chorshanba kuni ukasi bilan urishib, unikidan ketib qoldi. Uni yashiraman deganlar ko‘pchilik edi, biroq u hech kimni zarba ostiga qo‘ygisi kelmadi. U menga “Ibbiyetanikida berkinsam bo‘lardi, lekin uni qamashgan bo‘lishsa, unda qabristonda yashirina qolaman”, dedi.
– Qabristonda deysanmi?
– Ha. Bema’ni bir ish. Bugun ertalab anavilar qabristonga bostirib borishdi. Uni qorovulning kulbasida bosishdi. Gris o‘q otib qarshilik ko‘rsatdi, uni otib tashlashdi.
– Qabristonda-ya!
Ko‘z o‘ngim xiralashib boshim chayqalib ketdi, yerga quladim. Men o‘zimni to‘xtatolmay xaxolab kular, ko‘zlarimdan yosh daryo bo‘lib oqardi.

1939 yil

Ruschadan Ibrohim G‘afurov tarjimasi

Ibrohim G‘afurov:
Tarjimon duch kelgan, ya’ni bir gal falonchi, yana bir gal boshqa adibning asarlarini ona tiliga o‘giravermasligi lozim. Siz o‘zingiz sevgan adibning asarlarini tarjima qiling. O‘Genrini sevdingizmi, uni tarjima qilish qo‘lingizdan keladimi, holbuki, u juda ulkan yozuvchi, shunday nozik yumori borki, uni tarjima jarayonida ilg‘ash shunchalar qiyin bo‘lishi mumkin — uning hamma asarlarini tarjima qiling. Ikkinchidan, siz faqat tarjimon bo‘lib qolmang, tadqiqotchi ham bo‘ling. Umuman, tarjimon ham adabiyotshunos, ham adib, ham publitsist bo‘lmog‘i kerak. Bunda sizga ustoz tarjimonlarning ijod yo‘llari katta maktab bo‘lsin.

«Tafakkur» jurnalidan olindi.