Zu Vinter. Birinchi muhabbat (hikoya)

Bu voqea sodir bo‘lgan paytda, qizcha endigina o‘n yoshga to‘lgan edi. O‘sha kezlarda u maktab hovlisida va yo‘laklarda bolalar orasida shodumon yugurib yurardi. Yosh bolalarning sho‘xliklarini biroz tartibga solish uchun o‘qituvchilar yuqori sinf o‘quv-chilaridan navbatchilar tayinlaydigan bo‘lishdi. Yuqori sinf o‘quvchilari esa bu ishga chinakamiga kirishib, qattiq nazorat o‘rnatishdi. Kichiklar nazarida navbatchilar qandaydir samoviy qudratga ega edilar. Bolalar ikki qator bo‘lib sinflarga ko‘tarilayotganlarida, ular zinaning ikki tomonida turib kuzatishar, tanaffus paytlarida esa yo‘lka bo‘ylab yurishar va sinflarni tekshirishardi. Kimdir yugurishdan o‘zini to‘xtata olmasa yoki biror nojo‘ya ish qilayotganda qo‘lga tushib qolsa bormi, uning holiga voy – tanaffusning qolgan qismini eshik yonida tik turib o‘tkazishga majbur bo‘lardi. Bola bola-da, shumtakalar aksiga olib, yangidan-yangi beboshliklar bilan nazoratdagilarni aldab, begunohlarni jazoga giriftor qilishardi. Qizcha shunaqa shumlikka duchor bo‘ldi. U eshik yonida turganida o‘g‘il bolalardan biri kelib orqasidan shasht bilan itarib yubordi. Qizcha eshikdan otilib chiqib, tartibni nazorat qilib yurgan yuqori sinf o‘quvchilaridan biriga borib urildi. Yigit uning qo‘lidan mahkam ushlab, eshik yoniga olib keldi:
– Sho‘xlik qilganing uchun mana shu yerda turasan!
Qiz boshini ko‘tarib yigitga qaradi. Bu ishni uning o‘zi ataylab qilmaganligini, o‘g‘il bolalar itarib yuborishganini aytmoqchi bo‘ldi-yu aytolmadi. Tomog‘iga bir narsa tiqilib, ko‘zlaridan marjon-marjon yosh yumalab tusha boshladi. Yig‘isini tiyolmayotgan bo‘lsa-da, jazolayotgan yigit ahyon-ahyonda unga qarab qo‘yayotganini payqadi.
Qizcha eshik yonida qotib turar, ko‘zlaridan hamon yosh oqardi. Nihoyat, yigit uning yoniga kelib, cho‘ntagidan dastro‘mol olgancha, qizning ko‘zlarini artib qo‘ydi. Nega bunaqa qilganini ehtimol o‘zi ham bilmasdi, balki shu tariqa qizga ozgina yordam bermoqchi, ko‘nglini ko‘tarmoqchi bo‘lgandir.
Qiz yigitga minnatdorchilik bilan qarab qo‘ydi, bir necha daqiqa ularning nigohlari to‘qnashdi. Yigit qiz o‘ylaganchalik yengiltak va toshbag‘ir emas, uning ko‘zlarida chuqur ma’no, olijanoblik va mehr bor edi. Keyingi darslarning qanday o‘tganini qiz payqamadi. Yigitning nigohi qizning ko‘z o‘ngidan ketmas, murg‘ak qalbida allaqanday mavhum, tumanli, ammo shirin tuyg‘ular uyg‘ongan edi…
Daryo tugab, uyga qaytayotganda qiz: «Balki u orqamdan qarab turgandir», degan o‘yda boshini mag‘rur ko‘tarib ketdi. Biroq bu paytda orqada yigitning qorasi ham ko‘rinmasdi. Kechqurun uyquga yotayotganda yana o‘zining eshik yonida turgani, yigit kelib cho‘ntagidan dastro‘mol chiqargancha ko‘zlarini artib qo‘ygani qizning xayolidan ketmadi.
Ertasiga u maktabga o‘qdek uchib bordi. Ehtimol bugun ham ular uchrashib qolishar. Qizcha bu uchrashuvdan quvonar, birozgina qo‘rqardi ham. Katta tanaffus paytida u bir necha bolalar bilan quvlashib, ataylab yigitning atrofidan aylanib chopdi, ammo yigit unga e’tibor bermadi. U to‘polonchi o‘g‘il bolani ogohlantirib turgan edi. Sinfda o‘tirganida, qiz: «Keyingi tanaffus paytida o‘g‘il bolalar bilan janjallashaman, keyin u kelib meni eshik yoniga turg‘izib qo‘yadi, shunda yaxshilab ko‘rib olaman», deb ko‘ngliga tugib qo‘ydi. Qizning bu rejasi ham amalga oshmadi, chunki keyingi tanaffusda yigit yo‘lakda ko‘rinmadi.
Ertasiga qiz zinadan ko‘tarilayotganda ular tasodifan yuzma-yuz kelib qolishdi. Yigit qizning ko‘zlariga termulib qaradi, qizcha ham unga tikildiyu, uyalib ketdimi, darrov ko‘zlarini olib qochdi. Nigohlarning shu bir lahzalik uchrashuvi qizning bir necha haftalar davomida shirin-shirin tushlar ko‘rishi uchun yetarli edi. U yigitga ro‘baro‘ kelgan kezlari zavq-shavqqa to‘lib ketar, ko‘rishmagan paytlari esa rutubatli kuz kunlaridek, zerikarli va g‘amgin o‘tardi. Yigitni deb u bir marta tushlik ovqatga kechikdi, onasini ancha kuttirib, xavotirga solib qo‘ydi. O‘shanda yuqori sinf bolalari maktab hovlisida qo‘l to‘pi o‘ynayotgan edilar. Qiz jildini devorga suyab qo‘yganicha, yigitning qanday o‘ynayotganini kuzatish uchun tomoshabinlar orasidan joy oldi. Hovli burchagida jimgina o‘tirib, uning har bir harakatini zimdan kuzata boshladi. Qizning shu yerdaligini payqagan yigit esa bolalarning barchasidan yaxshiroq o‘ynardi. Ba’zan u raqib darvozasi yonida to‘pni qo‘liga olib balandga sakrar va bir lahza havoda go‘yoki muallaq turib qolardi. Darvozabon uning harakatlaridan aldanib o‘zini bir tarafga olar, yigit esa to‘pni ikkinchi tarafga sekingina tashlab qo‘yar va tomoshabinlarning qiyqiriqlariga sazovor bo‘lardi. Qizcha o‘zining shu yerdaligi yigitga qanot bag‘ishlayotganini g‘ira-shira his etsa-da, bunga o‘zini ishontirolmasdi. Yigit uning nazarida baland bir cho‘qqida, o‘zi esa… Odatda, o‘ninchi sinf bolalari yosh qizchalarni unchalik pisand qilishmaydi-da…
O‘quv yili tugadi. Yigit maktabni bitirib ketdi. Qiz g‘amgin bir holga tushib qolgan, shu bilan hammasi tamom bo‘ldi, deb o‘ylar edi.
Ta’til kunlari tugab, yangi o‘quv yili boshlandi. Yigitning o‘rnida endi kichkintoylarni boshqa bir bola nazorat qilar, bu esa qizchaning murg‘ak qalbiga bitmas-tuganmas jarohatlar solardi. Biroq yillarning o‘tishi, har kuni yangi-yangi voqealar yuz berib turishi natijasida qizning ko‘z o‘ngida yigitning surati avvaliga xiralashib, so‘ngra o‘chib ketdi. Vaqt har qanday dardni davolaydi, deganlari rost ekan. Qizning g‘amlari biroz bosilganday bo‘ldi. Surati ko‘z o‘ngidan ketgan bo‘lsa-da, u yigitni butunlay unutolmadi. Yillar o‘tib, boshqa bir yigit undan ilk bor bo‘sa olganda ham, qiz buni birinchi muhabbatim, deb atay olmadi. Izhor etilmagan birinchi muhabbatini u yuragining eng to‘rida, eng maxfiy joyida, bolalik damlarining sehrli va ohanrabo ertagi sifatida avaylab-asrab kelardi…
Qiz turmushga chiqdi. Farzand ko‘rdi. Qizchasi ikki yoshga to‘ldi. Sentyabr oyining o‘rtalari edi. Kasbdoshlari uni ziyofatga taklif etishdi. Kimdir institutni sirtdan tamomlagan ekan. Barcha bir restoranga yig‘ilishdi. Ayol quvnoqlar davrasida gul-gul ochilib o‘tirar, qozonilgan muvaffaqiyat sharafiga atrofdagilar bilan qadah urishtirar edi. Bir vaqt qo‘shni stol atrofida o‘tirgan yigitlardan biri o‘rnidan turib, uning yoniga keldi va raqsga taklif etdi. Qiz yalt etib qaradi-yu, qalbining to‘rida yashirinib yotgan tuyg‘ular yuzaga chiqib, butun vujudini yondirib yuborganday bo‘ldi. Qaltirab ketdi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, bu o‘sha – murg‘ak qalbning shaffof ehtiroslari ila sevib qolgan, ko‘z o‘ngidan surati hech qachon ketmagan yigit edi!
Ular raqsga tusha boshladilar. Bir-birini qo‘llaridan tutib aylanisharkan, ayolning o‘ziga ham hozir kulgili bo‘lib tuyulayotgan o‘tmish bolaligi to‘g‘risida so‘zlab berish istagi tug‘ildi. Ammo u yigitning ko‘zlariga tikilib qaray olmadi. Yigit esa uni ohista o‘ziga tortib, yuzini uning jingala, qo‘ng‘ir sochlariga qo‘ygancha, qulog‘iga shivirladi:
– Bilasizmi, ehtimol siz meni masxaralab kularsiz, ammo bir vaqtlar, maktabda o‘qib yurganimizda men sizni juda qattiq sevib qolgan edim.

Nemis tilidan Yo‘ldosh Pardayev tarjimasi

«Yoshlik» jurnalining 2012 yil 11-12-sonidan olindi.