Yosiko Sibaki. Van Gogning qabri (hikoya)

Masako hayotida ilk bor samolyotdan chet el aerodromiga kelib tushishi edi. U o‘zining yoshgina hamrohi bilan bojxonadan bir amallab qutuldi-da, avtobusga yetib oldi. Hamrohining yoshi yigirma sakkizda, o‘g‘li Nabuodan sal kattaroq bo‘lib, allaqanday savdo uyining xodimi edi. Avtobus shiddat bilan shaharga tezroq yetib olish uchun eski ko‘chalar oralab, aylanib uchib borardi. Nihoyat uzoqdan Eyfel minorasi, Sena ham ko‘zga tashlandi. Masako tinchib qolgan shaharga, uning ko‘cha va xiyobonlariga ko‘z yugurtirdi. Manzilga yetib ham keldim, deya xayolidan o‘tkazdi u. Nimalardir ko‘ziga issiq ko‘rinardi. Qiziq, o‘zining to‘zib ketgan binolariga olib chiquvchi o‘sha torgina Boju maydoni qayerda qoldiykin? Qachonlardir Masakoning eri Yabuki xuddi shu manzarani o‘z rasmlarida aks ettirgandi. Erining yiroqlashib ketgan ruhi ayolni musofir yurtlariga yetaklab kelgandi. Masako bu yerlarga oyoq bosishni yetti uxlab tushida ham ko‘rmagandi.
Sayyohlik agentligi tomonidan ajratilgan mehmonxona ixcham va shinamgina bo‘lib, Monso xiyoboni yonidagi Zafar arkidan uncha uzoq bo‘lmagan yerda joylashgandi. Safar ishtirokchilaridan yigirma kishi shu mehmonxonaga joylashtirildi. Sayyohatchilarga shaharni o‘zlari mustaqil aylanishlari uchun ruxsat berildi.
– Vaqtni ko‘ngilxushlik bilan o‘tkazishingizni istayman.
– Tashakkur. Hali yana shaharda ko‘rishib qolarmiz.
Masako shunday deya hamrohi bilan xayrlashdi. Uning xonasi uyning to‘rtinchi qavatida bo‘lib, quyosh nuridan bahramand gullab-yashnab yotgan xiyobondagi daraxtlar u yerdan kaftdagiday ko‘rinib turardi.. Metr* Kureda bilan qo‘ng‘iroqlashishni keyinroqqa qoldirgan Masako bu darajada tinka-madori qurishini xayoliga ham keltirmaygina, karavotga cho‘kdi. Yigirma soatlik parvoz hazilmi sizga. Metr Kuredani yo‘qlashni ertaga qoldirib, o‘g‘li Nabuoning maslahatiga ko‘ra shaharni yayov aylanib chiqqisi keldi. Yetti yillik umrini oilasidan uzoqda, musofir yurtlarida o‘tkazgan, hayotni besh yil avval tark etib ketgan eri Yabukining ruhi balki Parij ko‘chalarida u bilan birga sayr qilar.
Masako eri Yabuki Dzyokitining kasali haqida o‘tgan yilning qishida xabar topgandi. Metr Kureda unga uzundan-uzun maktub yo‘llab, Yabukining betobligi, ayni paytda kasalxonada yotgani, yaqinda operatsiya bo‘lishi va yana yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan allaqancha muammolar to‘g‘risida kuyib-pishib yozgandi.
“Ishonasizmi-yo‘qmi, bilmadim, lekin Sizga bu haqda xabar berish qay darajada o‘rinsiz ekaninini yaxshi tushunaman. Janob Yabuki: “Men xotinimni, farzandimni – oilamni tashlab, bu yerlarga keldim. Endi peshonamga qanday ko‘rguliklar yozilgan bo‘lsa, bariga balogardon o‘zimman”, deya bir necha bor takrorlagandi. Yabuki g‘aribligini bilardi. Gap shundaki, uning moddiy ahvoli yaxshi emasdi, birin-sirin chiqib kelayotgan keti ko‘rinmas muammolar, kasalxona va jarrohlik xarajatlari do‘stlari zimmasida edi. Agar jarrohlikdan so‘ng uning sog‘ayib ketishiga ko‘zim yetganida, sizni bezovta qilib o‘tirmasdim. Afsuski, unga o‘pka saratoni tashxisi berilgandi. U kasalxonadan chiqqanidan keyin yotib davolanishi, zarur tibbiy yordamni olishi uchun uni joy bilan ta’minlashga qurbimiz yetmaydi… Albatta, biz unga bor gapni aytolmadik, u hozir tezroq kasalxonadan chiqib, ijodini davom ettirishni sabrsizlik bilan kutib yashayapti. Hozir Yevropaga qishning qattiq yopirilib kelishi kutilmoqda. Biz, uning do‘stlari, ahvolni o‘rganib chiqib, balki u davolanishni Yaponiyada davom ettirgani durust bo‘larmidi degan xulosaga keldik. Bu haqda hozircha unga aytmadik. Meni to‘g‘ri tushunasiz deya umid qilaman va Sizning, hurmatli oilangizning bu to‘g‘ridagi fikrini bilmoqchi edim…”
Masako xatni o‘qib chiqqach, bunga Nabuo nima derkin, deya o‘ylanib qoldi. Bundan yetti yil burun Yabuki to‘satdan San’at Universitetidagi ishini tashlab, zudlik bilan Frantsiyaga jo‘nab ketishini ma’lum qilganida, o‘n besh yoshli Nabuo endigina o‘rta maktabning ikkinchi bosqichiga imtihonlarni topshirish arafasida edi. Yabukining o‘zi yoshlik paytlarida ikki yil Parijdagi rangtasvir maktabida tahsil olgandi. O‘shandan beri martaba borasida ham, taqdir borasida ham hech bir muammoga duch kelmagandi: universitet aspiranti ana-mana professor unvonini olaman deb turgandi. Endi esa xuddi savdoyi odamdek oqibatini o‘ylab-netib o‘tirmay, ishni tashlab, boshi oqqan tomonga ketmoqchi bo‘lib turibdi. Masako bu telbalikning sababini tushunolmay garang edi, bu orada Nabuoning ham imtihonlari boshlanay deb qolgandi. Masako eridan ikki yilgina, hech bo‘lmaganda yana bir yilgina sabr qilishni so‘raganida, Yabuki uni eshitish u yoqda tursin, allaqachonoq oilani tashlab ketish taraddudini boshlab yuborgandi.
– Mening kim ekanim o‘zimga ayon. Endi rassomlikka yaramayman. Agar shu zaylda ketaversa, tamom, qo‘lim butunlay chiqib qoladi. Men, ish boshlaganim avvalgi yerimga qaytib borsamgina, bir amallab ishlab ketishim mumkin. Menga erkinlik kerak. Sen ham mendan xoli, o‘zingni ozod his etib yashashingni istayman. Umid qilamanki, o‘g‘limiz qachonlardir buni tushunib yetadi. – Yabuki shu gapni takrorlagani-takrorlagan edi.
U ishxonasi bilan hisob-kitob qilib bo‘lgach, pulini oldi-da, Parijga jo‘nab ketdi. Masako o‘ziga kelganida, butun alg‘ov-dal-g‘ovlar tugab, o‘g‘li bilan yolg‘iz qolganini bildi. Nabuoning esa otasini ko‘rgani ko‘zi yo‘q edi. Birovlarni ta’na-dashnomlarga ko‘mib tashlash, o‘z yaqinlari oldidagi burchni pisand qilmaslik, hattoki rassomlarga xos bo‘lgan xudbinlikdan ham Yabuki benasib emasdi. “San’at” degan so‘zning o‘zi ham unda nafrat uyg‘otardi. Bu san’at degani har safar boshidan boshlanaversa, uning qadr-qimmati qayerda qoladi?
Ona-bolaning shu taxlit sarson-sargardonlikdagi kunlari boshlandi. Masako uyida yevropacha usulda kiyim bichish bilan shug‘ullanib, ro‘zg‘orini arang tebratardi; oradan uch yil o‘tdi, endi u ko‘ylaklarga o‘ziga xos bezaklar o‘ylab topa boshladi. Keyinchalik ayollar korsajining ko‘krak qismiga yasama gul, kelinlar uchun guldastalar tayyorlash bilan shug‘ullandi. Mana, endi o‘sha mash’um yetti yilni ortda qoldirib, gullar san’ati maktabida o‘qituvchilik qila boshladi.
Agar Yabukining kasali to‘g‘risidagi xabar bir yil avval kelganida bormi, Nabuo hech ikkilanmay xatni yirtib tashlagan bo‘lardi. Nabuo kishiga ruhan azob beruvchi hissiyotlarni jilovlashga qodir, jasur inson bo‘lib voyaga yetgandi. Masako o‘g‘lining xizmatga kirishida muammo tug‘ilmasin deya har ehtimolga qarshi Yabukini oilaviy ro‘yxatdan o‘chirmay turgandi, o‘zi ham erining oilaga qaytishidan umidvor edi. Nabuo universitetni tugatiboq xizmatni boshlab yubordi. Masako o‘g‘lining talabalik paytlaridayoq qizlar bilan inoq ekanini bilardi. Ayni paytda Nabuo universitet kutubxonasida ishlaydigan o‘sha qizlardan biri bilan har haftada uchrashib turardi. U hafta oxirini intiqib kutar, bir qarasang o‘zini erkaklarga xos bosiq tutar, bir qarasang muloyim bo‘lib qolardi. Bular barini ko‘zdan qochirmay kuzatib turgan Masako o‘g‘lining endi ko‘p narsalarga aqli yetadigan bo‘lib qolganini bildi. Vaqt-soati kelib, hatto o‘g‘il ham o‘z onasidan uzoqlashishiga to‘g‘ri kelarkan, o‘z oilasini tashlab ketgan otasidan begona bo‘lish to‘g‘risida gapirmasa ham bo‘ladi. Xatni o‘qib chiqqach, Nabuoning boshi gangib qoldi.
– Xo‘sh, onajonim nima qilmoqchilar ekan?
– Bilasanmi, o‘g‘lim, otang atrofidagi do‘stu yorlarini o‘z tashvishlari bilan bezorijon qila-qila, oxiri itdek o‘lib ketmasaydi deyman. Bundan keyin otangning do‘stlariga og‘irligi tushmasligi uchun nimadir qilishimiz kerak.
– Men otamning g‘amini yeyayotganim yo‘q. U bilan hatto oldi-berdi qilgim ham yo‘q, lekin u, baribir oilamiz a’zosi, otam hozir shunday ahvolga tushib qolganki… Uni bu ahvolda e’tiborsiz tashlab qo‘yolmaymiz.
Masako o‘g‘lining bunday jo‘yali fikr yuritishidan xursand bo‘ldi.
Ona-bola Yabuki bilan bog‘liq ishlarning bariga qo‘l siltab ketishlari mumkin edi, lekin qondoshlik rishtalari bunday bepisandlikka izn bermaydi, ular Yabukini Yaponiyaga olib kelib davolatishga qaror qilishdi. Yabuki Dzyokiti oilasidan, erishganlarining baridan voz kechib, chet elga jo‘navorgandi; mana, hash-pash deguncha yetti yil ham o‘tib ketibdi, xo‘sh, u shu paytgacha nimaga erishdi? Nabuo metr Kureda bilan xat yozishib turardi, u navbatdagi mehnat ta’tilini oldi-yu, Parijga jo‘nab ketdi.
Bir kuni Masako o‘g‘li yo‘qligidan foydalanib, suratlar saroyining xo‘jayini Kosega qo‘ng‘iroq qildi. Kose ushbu oilaning ko‘p yillik qadrdoni bo‘lib, u ham Yabukining betobligi haqida oilasiga xabar bergandi. Masako hech ikkilanmay:
– Yabukidan hech darak bormi, u sizlarni ortiqcha tashvishga qo‘ymayaptimi? – deb so‘radi.
– Yo‘g‘-ey, aksincha, Yabuki-san bir yil deganda bitta yo ikkita surat jo‘natdi, xolos. Ba’zan musofir yurtlarida tirikchiligi qanday o‘tayotgan ekan deya tashvishlanib qolaman. Men uni bir-ikki yil ichida o‘z shaxsiy ko‘rgazmasi bilan namoyishda qatnashar deb umid qilgandim…
Masako xayr-ma’zur qilib, go‘shakni ildi. U bu yaqin orada erining biron-bir ishga qo‘l urganini eslolmasdi, endi bo‘lsa ko‘rgazma emish – bari bekorchi gap. U, arzimas, befoyda ishlar uchun o‘z oilasidan kechib ketgan Yabukini o‘ylab, ich-ichidan ezilardi. Masako eri jo‘nab ketgandan so‘ng qanchadan-qancha tunlarni bedor, g‘am-hasratda, uni qo‘msab o‘tkazdi, endi esa xuddi oralarida hech nima bo‘lmagandek, uning hali erishishi dargumon yutuqlariga ilhaq, oilaga qaytishini kutib, undan umid uzmay yashashi kerak ekan… Yabukisiz o‘tgan yetti yillik umri uning inja orzusini chilparchin qilganda ham umid uzmay, o‘sha orzuni yangitdan tiklamoqchi bo‘lib turganida, qarabsizki, o‘sha omadsiz rassomning kuni bitib turibdi, axir, bunga qanday qilib ko‘z yosh to‘kmay bo‘ladi? Bularning bari nima bilan tugashidan qat’i nazar, Yabuki Nabuoning otasi bo‘lib qolaveradi.
Nabuo bu paytda muzlab yotgan qishki Parijning yangi yil bayrami shovqin-suronlari endigina bosilgan dahasida sayr qilib yurardi. Masako Parijga qisqa kuz faslida kelgandi, u Monso xiyobonining barglari sarg‘ayib ketgan daraxtlariga tikilarkan, o‘zini allaqanday noma’lum qirg‘oq tomon suzib ketayotgandek his etardi. Mehmonxona oldidagi katta ko‘cha yo‘lovchilardan deyarli xoli bo‘lib, hammayoq suv quygandek jim-jit, xuddi xizmatini o‘tagan daha shu bugun dam olishga chiqqandek edi. Asta, shoshmay o‘tib borsang, Zafar arkining xuddi o‘zidan chiqasan-qolasan. Daha muyulishidan burilsang – qarshingda gavjum Yelisey maydoni. Masako betartib olomonga qo‘shilib ketarkan, Zafar arkining ko‘rkam old tomonini ko‘rishga shoshilib, bir necha bor o‘girilib qaradi. Bunday serhasham Parij ramzi yana qayerda bor? Qiziq, bu go‘zal manzaraga Yabukining ko‘zi tushganida nima derdi?.. Balki u, siyqasi chiqqan fikr deya ustimdan kulgan bo‘larmidi… Zafar arkiga Nabuoning ko‘zi tushmagan ham bo‘lsa kerak.
Nabuo otasini ko‘rgani kelganida o‘zini shunday tutdiki, uning kasalidan xuddi Parijga kelib xabar topgandek. Metr Kureda bemordan o‘z mehribonchiligini ayamadi. O‘g‘li kelganini ko‘rgan Yabuki o‘ziga kelolmay, unga tikilgancha qotib qolgandi. Nabuo otasidan yotsirardi, Yabuki esa vaqtning shiddatidan lolu hayron, o‘g‘lining aslzoda bo‘lib voyaga yetganini ko‘rib, unga qarab to‘ymasdi. Ota-bola uzoq o‘tirib dardlashishdi. Yabuki jarrohlikdan yaxshi chiqqanini, hozir ahvoli durustligini va xavotirga o‘rin yo‘qligini aytib, uni xotirjam qildi. Yabukiga tinchlik bermay, uni birin-ketin tug‘ilayotgan g‘oyalar kelgusidagi ishlarni davom ettirishga undardi. U tezroq tuzalib, kasalxonadan chiqish payiga tushib qolgandi. Yana u, jarrohlikdan so‘ng xotirjam tortganini, oyoqqa turishi bilanoq Nabuoga o‘sha Parij atrofidagi o‘zi bir vaqtlar asliyatga qarab rasm ishlagan yerlarini unga jon-jon deb ko‘rsatishini aytdi. U joylarga ketaverishda, yo‘lda ajoyib o‘rmon, hozirda sotishga mo‘ljallab qo‘yilgan qadimgi qasr bor. Rosa arzon, bordi-yu, yashash niyating bo‘lsa, ta’mirtalab, agar barcha qulayliklarni ko‘ngling tusasa, unda chuv tushishing aniq, shu boisdan ham yurak yutib, u yerlarga hech kim borishga botinolmaydi. Ba’zan shunday oyog‘ingiz tagidan bug‘u chiqib qolishi ham mumkin, lekin u sizga ziyon yetkazmaydi. O‘rmon qalin, agar quyosh botishiga to‘g‘ri kelib qolsangiz bormi, u yerdan chiqib bo‘psiz, xullas, ijod uchun rosa bop joy-da. U kulib qo‘ydi. Nabuo gapirmay, otasini eshitdi. Uazi vodiysini aytmaysanmi, xuddi jannatning o‘zi. To‘g‘ri, bunday yerlarda ijodkor yuzakilikka berilib ketishi hech gap emas. Sisley manzarasi esingdadir. Uazidan uncha uzoq bo‘lmagan yerda Dyupr yodgorligi, qishloqdan sal narida esa bir uycha bor, — uni senga albatta ko‘rsataman, — unda Dome yashagan. Bu uyni unga Koro topib bergan va shu yerda vaqtincha yashashni taklif etganida, u uzoq o‘ylab o‘tirmay ko‘chib o‘tgandan so‘ng shu yerlarda yashab, yana shu yerlarda vafot etgandi. Bir kuni seni u yerga ham olib boraman. Yana har yili o‘zim bilan molbertni olvolib, tabiat qo‘yniga chiqqanimda, qo‘shni qishloqqa ham o‘taman, keyin o‘z peyzajlarimni o‘sha joyda yarataman. Bu Van Gogning qabridan uncha uzoq bo‘lmagan yer. U yerlarning manzarasi juda go‘zal. Qani endi, o‘lganimda meni ham o‘sha yerlarga dafn etishsa. U yerda mozor bor. Aytgancha, Nabuo bu yerlarda yana qancha qolmoqchi?
Otasi bilan bo‘lgan bu suhbat Nabuoni hang-mang qilib qo‘ygandi. Uning bu holati, xuddi ota-bola o‘rtasida hech bir gap o‘tmagandek, otasining unga bo‘lgan samimiy munosabatidan hayratlanishmi yoki Yabukining o‘z ijodiga bo‘lgan ehtiromi hali so‘nmaganini ko‘rib lolu hayron qolganidanmikan? Balki bu uning so‘nggi urinishidir? Unga odamning rahmi keladi – bechora, sog‘ayishini qanchalik sabrsizlik bilan kutib yashayapti. Bularning barini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan Nabuo butunlay o‘zini yo‘qotib qo‘ygandi.
Nabuo Parijda juda oz fursat bo‘lgan bo‘lsa-da, deyarli butun vaqtini otasi bilan kasalxonada o‘tkazdi. Yabuki o‘g‘li bilan ko‘rishganidan so‘ng o‘zini ancha yengil his eta boshladi. “Ota, balki Yaponiyaga qaytarsiz?”— deb so‘ramoqchi bo‘ldi-yu, lekin Nabuo tilini tishlab qoldi. Qanday yo‘l tutishni uning o‘zi ham bilmasdi, otasini o‘zi bilan olib ketsamikan? Otasi Frantsiya tabiatiga shunchalik shaydo ekan, balki, umrbod shu yerlarda qolgani ma’quldir. Biroq, uning bu qaroridan yana atrofidagi do‘stlari aziyat chekishi mumkin. Nabuo o‘z burchini bajarib bo‘lgandi. Otasi bilan xayr-xo‘sh qildi-da, Yaponiyaga jo‘nab ketdi. Nima bo‘lganda ham ona yurti Yaponiyaning shabadasi Yabuki qalbini bir siypalab o‘tgan, o‘g‘li Nabuoning tashrifi esa unga o‘z ta’sirini o‘tkazgan bo‘lsa, ne ajab. Nabuo kelib-ketganidan so‘ng Yabuki do‘stlarining Yaponiyaga jo‘nab ketish haqida qilgan taklifga indamay rozi bo‘ldi. Yaponiyada sog‘ayib, o‘ziga kelganidan so‘ng yana qaytib kelishi mumkinligini aytib, do‘stlari uni ishontirishgandi. Yabukining o‘zi ham kasalni yolg‘izlikda yengib o‘tish mushkulligini boshidan o‘tkazgani uchun ham buni yaxshi tushunardi.
Yabukini kasalxonadan samolyotgacha “tez yordam” mashinasida olib borishdi va yuqorigi o‘rindiqqa olib chiqib qo‘yishdi. Narsalari ham unchalik ko‘p emasdi. O‘zi bilan olib kelgani bir dona surat va palatasida osig‘liq turgan bo‘zga chizilgan manzara bor edi, xolos. Yana qolgan mayda-chuydalarni alohida jo‘natishlarini so‘ragandi.
Parijga yetib kelgan Masako eriga qaytib kelish nasib etmagan shahar ko‘chalarida bemaqsad, shunchaki sayr qilib yurardi. Yelisey maydonidagi yo‘lkalar, ayvon va qahvaxonalar kayfi chog‘ olomon bilan gavjum edi. Masako Parij ko‘chalarida adashib qolmaslik uchun o‘g‘li Nabuo chizib bergan xaritaga qarab aylanardi, lekin yuragida oddiy qiziqishdan bo‘lak hech vaqo yo‘q edi. Yelisey maydoni taxminan Gindzaga o‘xshab, 9-dahagacha cho‘zilgan bo‘lib, bu yo‘lni Masako ko‘z ochib-yumguncha bosib o‘tdi. Favvoralar bilan bezatilgan Ron-Puen maydonidan u yog‘iga chinorli xiyobon davom etardi. Masako o‘tkinchilar onda-sonda sayr qiladigan bu xiyobonni chizgan yapon rassomini esladi. U “Totuvlik” maydoniga yaqinlashganda, holdan toyib, yuqoriroqdagi tosh zinalardan biriga o‘tirib dam olishga qaror qildi. Manzara, hoynahoy, bu yerdan ham go‘zal ko‘rinsa kerak. Zinadan unga peshvoz chiqqan yosh yapon qiz va yigitlar tushib kelishardi.
– Bu yerda nima bor?
– Bu yer impressionistlar** muzeyi.
Ular tezda ko‘zdan g‘oyib bo‘lishdi. Masako nafasini rostlash uchun yuqoriroqdagi zina maydonchasiga ko‘tarildi-da, o‘sib ketgan maysalar yonida to‘xtab, yoshligini, eri unga ko‘rsatgan rasmlarni esga oldi. Bu qanday bedodlikki, qayoqqa qarama – rasm. U yana qayerga ham borsin. Zina tepasida turib endi yotoqqa qanday qaytishni o‘yladi. Zafar arki ko‘chaning oxiridan qo‘qqayib ko‘rinib turardi. Mehmonxona unga olisdek tuyuldi. Bir o‘zi taksiga o‘tirgisi kelmadi. Musofir yurtining hatto ko‘chalari ham senga begona, u birdan bemaqsad, shunchaki sayr qilib yurganini anglab qoldi.
Metr Kuredaning ustaxonasi Parijning 14-dahasida joylashgandi.
Masako mehmonxona darbonidan taksi topib berishini so‘radi, haydovchiga manzilni aytgandi, u ham paysalga solmay, to‘ppa-to‘g‘ri Kuredaning uyiga eltib qo‘ya qoldi. Temir eshik, uning ortidagi hovlida esa ikki qavatli uy qad ko‘targandi, uyning old tomoni o‘yilib, ichkariga rasmxona qurilgandi. Metrning xotini unga peshvoz chiqib kutib oldi, so‘ng xonadan Kuredaning o‘zi boshini chiqarib qaradi. Masako Yabukidan besh-olti yosh katta bo‘lgan Kuredani ko‘rib, vaqt oqar suvdek qanchalar tez o‘tib ketganini xayolidan o‘tkazdi. Kuredaning sochlariga oq oralagan, lekin yuzi, bo‘y-basti o‘sha-o‘sha edi.
– Ustoz, siz o‘zgarmabsiz.
– Ha, endi yosh emasmiz-u, lekin hali kuchdan qolganimizcha ham yo‘q. Qisqasi, mo‘ysafid bo‘lib qoldik. Endi qadam qo‘yadigan o‘n yilligimdan xavotirdaman…
U xushmuomala, to‘g‘ri so‘z, irodali, ayni zamonda olijanob inson ham edi. Bundaylar yolg‘on gapirishni bilmaydi. Uning ijodi iqtidor mahsuli deya tan olingandi. Bunday odamning oldida Yabuki o‘zini bexavotir sezgani aniq, deya xayolidan o‘tkazdi Masako. Kuredaning xotini yaponcha choy damladi. Er-xotin Kuredalar shuncha uzoq yo‘l bosib kelgan Masakodan minnatdor bo‘lishdi va Yabukining vafoti munosabati bilan unga bildirishgan ta’ziyalari boshqalarnikidan ko‘ra qattiqroq botdi.
– Uni De Goll aeroportidan samolyotga o‘tqazib kuzatayotganimda, rostini aytsam, mening bunga hech yuragim chopmadi. Sal avvalroq buning aksi bo‘lgandi, ya’ni uni tezroq jo‘natib yuborishga oshiqib, eson-omon samolyotga yetkazib borishni o‘ylab, rosa tashvishlangandim, odamning fe’l-atvoriga ham ishonib bo‘lmas ekan. Bedavo dardga chalingan odam ko‘zlaringga mo‘ltillab sendan najot kutib tursa, bunga qanday chiday olasan. Shularning barini bafurja o‘ylab ko‘rdik-da, uni uyiga, o‘z yaqinlari yoniga jo‘natib yuborishga qaror qildik. Jarrohlik amaliyotidan so‘ng u asta-sekin tuzala boshladi, o‘z-o‘zidan umid ham uyg‘ondi, bunday paytlarda qanday qilib jo‘nash haqida og‘iz ochish mumkin? Xullas, bir amallab uni jo‘nab ketishga ko‘ndirdik. Ketish oldidan esa xuddi burchimizni qoyilmaqom qilib bajargandek o‘zimizni yengil his etdik, lekin yurakdagi xijillik bizga tinchlik bermasdi. Ba’zan, Yabukini Parijda olib qololmay, uning so‘nggi tilagini ado etolmaganimiz biz uchun bir umrlik armonga aylanib qolmasaydi, deb o‘ylayman, — dedi samimiy ohangda Kureda.
– Nahotki Yabuki Yaponiyaga qaytishni sira istamagan bo‘lsa?
– Yo‘q, unday emas, menimcha, u o‘g‘lini ko‘rganidan keyin o‘zini qo‘yarga joy topolmay qolgandi, tag‘in o‘zi biladi.
– U Yaponiyada davolanib, oyoqqa turganidan so‘ng Parijga qaytmoqchi edi. Yonimda o‘zini yaxshi his etayotgandek tuyulardi. Nima qilsam churq etmasdi, menga o‘zining navbatdagi hamshirasidek qarardi. Ba’zan menga o‘z ishi. Parijdagi tavakkalchilikda o‘tgan hayoti haqida gapirib berardi, vaqt o‘tishi bilan hatto o‘sha ko‘ngilga urgan xotiralar unga ardoqli bo‘lib qolgandi. Vaqt o‘tgan sayin ahvoli og‘irlashdi, xayoli parishon bo‘la boshladi, Yaponiyani Parijdan ajratolmay, o‘zicha frantsuzchalab nimalarnidir g‘o‘ldirab qo‘yardi. Gohida o‘zini palata devoriga osig‘liq manzara-rasm ichiga kirib ketgudek bo‘lib tikilardi. Umrining so‘nggi damigacha uning yonida bo‘lganimiz yaxshi bo‘ldi deb o‘ylayman. Agar g‘arib va musofirlikda o‘lib ketganida, unda o‘zini butunlay bizdan ajralib qolgandek his etgan bo‘lardi.
Metr Kuredaning hayajoni yuzidan bilinib turardi. Bir kuni Yabukining ko‘ngli yapon milliy taomlaridan suyuqqina guruch bo‘tqasini tusab qolganida, Kuredaning xotini unga o‘sha bo‘tqani tayyorlab berganini miriqib so‘zlab berdi. Yetti yil Frantsiyada yashab qo‘ygan bo‘lsa ham baribir ko‘ngli o‘z yurtining taomlarini qo‘msab qolardi. Tobim qochsa men ham, sho‘rva emas, aynan o‘zimizning yapon bo‘tqasini xohlab qolaman..
Janob Yabukining o‘shanda mendan birinchi marotaba nimanidir iltimos qilishi edi. Menimcha, u peshonasiga bitilgan qismatni o‘z xohishi bilan o‘zgartirganidan pushaymonligi haqida o‘ylagan.
Kuredaning xotini Masakoning ko‘nglidagini gapirgandi. Bir kuni kechki payt Yabukining birdan nafasi bo‘g‘ilib, bir ozdan so‘ng yana o‘ziga keldi, lekin bu voqeadan ikki-uch kun avval u Nabuoni zoriqib kutgandi va sabri chidamay Masakodan o‘g‘liga telefon qilishni so‘ragandi. Nabuo kelganida o‘z rasmlari haqida to‘lib-toshib gapirib bergandi.
– Qay tomondan qaramang, o‘z umrini yashab bo‘lgan, odob-axloq doirasidan chiqmay ishlangan rasmlardan men voz kechdim. Endi erkin ijod qilmoqchiman. Qanday istasam, shunday ishlayman. Qurbim yetgancha xo‘b ishladim. Endi o‘z uslubimni topgandekman. Nima bo‘lganda ham men tezda jo‘nab ketishim zarur. Bo‘lmasa, rasmlarim meni unutib yuborishi mumkin. Tezroq jo‘nasak bo‘lmaydimi? Men qachon uchib keta olaman?
– Shu yerda ham ishlasa bo‘ladi-ku. Balki o‘sha rasmlarni shu yerga olib kelarmiz?
– Unda asliyatni nima qilamiz? Uazini bu yerga olib kelib bo‘lmaydi-ku… U o‘zini o‘ldirmoqchi bo‘lgan o‘sha dalani ko‘rolmaymiz. – Otash bo‘lib yonayotgan Yabuki ko‘zlarini zo‘rg‘a ochdi. Nabuo undan:
– U deganingiz kim? – deb so‘radi.
– Kelasi safar seni u yerga olib boraman.—Yoshligimda Vlaminkdan*** tahsil olgan Noai menga rasmdan ustozlik qilgan. Noai Van Gogga topinardi, uni o‘z otasidan ham ko‘proq yaxshi ko‘rishini aytardi. Bu so‘zlar keyinchalik tarix zarvaraqlariga muhrlanib qoldi. Xullas, u Frantsiyada o‘z otasidan ko‘ra ko‘proq yaxshi ko‘radigan rassom vafot etgan qishloq bor. U yerlarning tabiati oddiy, dabdabasiz, tinch va osoyishta. O‘sha yerlarga sen bilan birga boraylik-a, o‘g‘lim. Qani endi hokimlik tomonidan o‘sha tomonlarda bironta tadbir uyushtirilsa, unda borishimiz osonroq bo‘lardi. U yerda o‘rta asr oxirlariga oid ajoyib cherkov bor. Bu cherkov ne-ne taloto‘plarga guvoh bo‘lmadi, deysan. Ustoz dafn marosimini o‘tkazib, cherkov eshigidan chiqib kelayotgan odamlarga duch kelib qolgan va mening ham kun-soatim bitibdi, deb xayolidan o‘tkazgan-da, cherkov tashqarisidagi dalaga chiqib o‘zini otib qo‘ygan.
Yabuki xuddi o‘tgan hayotidan bir parchani hikoya qilib berayotgandek to‘xtovsiz gapirardi. Uning eti suyagiga yopishgan yuzi bujmayib, qip-qizil bo‘lib ketsa ham gapdan o‘zini hech to‘xtatolmayotgandi.
– Otam uchun shunchalik qadrli bo‘lgan o‘sha joylarni biz ham ko‘rsak bo‘larmidi…– dedi Nabuo.
Nabuo otasiga ancha o‘rganib qolgandi. Ota-bola boshqa-boshqa dunyoda yashasalar-da, Nabuo uning ahmoqona ishlariga bosh qo‘shishni istamasdi, lekin borgan sari yaqinlashib kelayotgan ajal soyasi bunday loqayd qarab turishga izn bermasdi. Nabuo onasi bilan yolg‘iz qolgan kezlarida:
– Qani endi, yana biror o‘n kun yashasa…– derdi.
Masako titrab ketdi. Bemor o‘n kunga ham yetib bormadi, uning ruhi allaqachonoq u tirikligida qo‘msagan yerlarda kezib yurardi, ko‘p o‘tmay uning ko‘zlari abadiy yumildi. Kasalxona bog‘chasidagi olcha kurtaklari nish urib qolgandi.
– Vafotidan so‘ng o‘tkaziladigan ko‘rgazma nima bo‘lyapti? – so‘radi metr Kureda.
Er-xotin Kuredalarning jonbozliklari bilan Parijdan yig‘ib olib, jo‘natilgan Yabukining barcha ishlari Yaponiyaga kelib tushgandan so‘ng to‘g‘ri Masakoning torgina uyini butunlay egalladi-qo‘ydi. Uning o‘zi bu rasmlarga hali tuzukroq nazar solgani ham yo‘q. Masako rasmni ochdi-da, uni ko‘rish uchun bir oz orqaga tisarilgan edi, javonga borib urildi.. Yabukidan o‘nlab ishlari meros qoldi, lekin uning o‘zi bu merosni kimga ishongan bo‘lardi? Ko‘rgazma to‘g‘risida Kose rasmlar saroyi bilan kelishib, ko‘rgazmani shu yilning kuzida o‘tkazadigan bo‘ldi. Yabukining e’zozli ustozi bo‘lgan metr Odzakini ko‘rgazmaga taklif etib, o‘z fikr-mulohazalarini yozib berishini iltimos qilishmoqchi. Yabukining ishlariga Masakoning aqli yetmasdi. U avval-boshda ustozlariga havas qilib ularga ergashdi va o‘z yo‘lini topolmay, qotib qolgan uslubda, ishladi, oxirgi manzaralarida mayinlik, nafislik, tavakkalchilik, o‘ziga xos o‘jarlik bilan qorishib, uyg‘unlashib ketgandi; umumiy jilvadorlikning ko‘pi to‘q rangda edi. Masako nazariy qarashlari tarafdorlaridan bo‘lgan metr Odzakining bunga qanday munosabat bildirishidan xavotirlanardi. Har holda Odzaki Yabukining rasmlarini ko‘rib, o‘zini tushunganday qilib ko‘rsatganida edi, uning ijodiga birmuncha qiziqish uyg‘otish mumkin bo‘lardi. Balki bo‘lib o‘tayotgan bu voqealar marhumning istak-xohishiga ziddir.
Metr Kureda:
– Shaxsiy ko‘rgazma, albatta, o‘ziga xos uslubni talab qiladi…– dedi xayolga cho‘mib.
Masako metr Kuredani ko‘rgazma manfaati uchun so‘zga chiqishini xohlardi. Qani endi metr Kureda o‘z rolini qoyilmaqom qilib bajarganda edi, unda Masako jon-jon deb ishga kirishgan bo‘larmidi.
Hovlida archa guliga o‘xshash binafsharang gullar ochilib yotardi. Kuredaning xotini birpasga chiqib ketganidan foydalangan Masako gullarga suqlanib tikildi.
– Ustoz, iltimos, ayting-chi… Yabukining rasmlariga nima deysiz? Hali rasmlarni ochib, uni bafurja ko‘rishga ulgurolganim yo‘q… Agar ko‘rgazmada uning ishlarini tan olishmasa, unda nima bo‘ladi? Rassomning bu taxlit yashab, ijodi ayni qizigan pallada dunyoni tark etishiga achinmay bo‘ladimi? Men uni hatto o‘z kasbidan qizg‘andim, bularning bari unga nisbatan adolatsizlik emasmi. Yabuki sevgan ishini deb oilasidan voz kechdi. Shu qurbonliklar evaziga uning ijodida bironta ilohiy uchqun ko‘rinadimi?
Masako metr Kuredaning til uchida qilgan tasallisiga zor emasdi. Kureda esa buni sezgandi.
– U faqat birgina ishida gullarni, ya’ni oq gladioluslarni tasvirlagandi. Men, ba’zan mana shu rasmdan olgan ilk taassurotimni eslayman. Ixchamgina guldonga bir talay gullar pala-partish solib tashlangan, gullar esa idishga sig‘may, biri egilgan, biri singan, ba’zilari yer bilan bitta bo‘lib yotardi, bu rasmga o‘xshamasdi, unda jonli nimadir bordek, manzaradan ko‘z uzolmasdingiz. Orqadagi qora rang och havo rang bilan qorishib ketgandi. Sap-sariq guldondan nur taralib turibdi. “Van Gogda ham xuddi shunday “Gullar” degan surat bor”, — dedim unga bir kuni.
– Buni qarang-a, demak, Van Gogdek rassom ham menga taqlid qilgan ekan-da,—deya Yabuki beg‘amgina javob qaytargandi.— Yana bitta manzara bor. Unda daryo va ko‘prik tasvirlangandi. Rassom ko‘prikka chiqiladigan tomondan qarab turardi, unga ulkan va beso‘naqay to‘sinlar qalab tashlangan, kishida xuddi bu yerni quturgan buqa ostin-ustin qilib tashlagandek taassurot uyg‘otardi. Chapda va o‘ngda esa sokingina oqib turgan soy tasvirlangandi. Xuddi mutanosiblikdan bexabar bolalar rasmidek. Buni ko‘rdim-u, nafasim bo‘g‘zimga tiqilayozdi. Menga, bu ishni u qo‘li bilan emas, yuragi bilan bunyod etgandek tuyuldi. Daryoni tinch va sokin ko‘rish mumkin bo‘lganda, nega endi ko‘prik ustabuzarmonlik mahsuli bo‘lishi kerak ekan. Basharti men undan bu haqda so‘raganimda edi, bilaman, u hech ikkilanmay: “Ko‘prik – bu men”, deb javob bergan bo‘lardi. Daryo o‘z izni bilan yashagandek, ko‘prik ham xuddi shunday, daryo osha o‘z hayotini yashayveradi. Hech razm solganmisiz? – uning ishlarida o‘ziga xos joziba bor edi. Masalan, keng ko‘prikka ingichka, deyarli ko‘zga chalinmas qizil chiziq tortilgan. Bu yorug‘ olamni rassom Yabuki shunday tasavvur etardi. Menimcha, u shunday yashaganki, tabiatni o‘zi istagancha chizib, yana uni asl qiyofasini buzmagan holda ko‘ra olgan va shu orqali tabiatga mos manzara yarata olgan.
Metr Kureda bu gaplarni chin yurakdan gapirgani shundoq bilinib turardi, shu bois shubhalardan xoli bu samimiy suhbat oxirigacha shunday davom etdi.
Masako o‘zini yengil his etdi.
– Meni ham bitta rasm qiziqtirib qolgan. Eng dag‘al bo‘zga ishlangan bu rasmda cherkov tasvirlangandi; diqqat bilan razm solinsa, cherkov ajal minorasidek viqor bilan qad ko‘tarib turibdi go‘yo. Rassomning o‘zi esa xuddi marhumlar yoki avliyolar bilan suhbat qurayotgandek. Men o‘zimni san’at borasida hech vaqoga aqlim yetmasa kerak deb o‘ylagandim, lekin endi tushunishimcha, rasm seni o‘z go‘zalligi bilan sehrlay olmas ekan, unda uni rasm demasa ham bo‘larkan. Odam ko‘rganida hayratdan yoqa ushlaydigan yoki bo‘lmasa ko‘nglingni cho‘ktirib yuboradigan asarlarni men tushunmayman. Nabuo menga o‘girildi-da: “Buncha qayg‘uli rasm bo‘lmasa,” dedi. Bu so‘zlarni eshitdim-u, ichimda g‘alayon ko‘tarilgandek bo‘ldi. Nima bo‘lganda ham jigarimdan bunday gapni kutmagandim. “Ko‘zingni kattaroq och-da, diqqat bilan yaxshilab qara, ana o‘shanda, undagi go‘zallik seni maftun etganiga o‘zing ham amin bo‘lasan!” – dedim men va xuddi kutganimday bo‘lib chiqdi. Unga ertasi kuni quyosh yorug‘ida qaragandim, qora va kulrang tuslar jilva qilmoqda edi. O‘shandan beri har kuni qaraganim sari u menga yaqinroq bo‘lib boraverdi, go‘yoki men bilan gaplashish uchun tilga kirgandek. Rasm bilan bo‘lgan bu suhbat menga Xudoning inoyati edi. Yabuki bunchalik ibratomuz darajada o‘zgarar deb hech o‘ylamovdim.
– Agar Yabuki-kunning**** xotini uni tushunolgan bo‘lsa, bu nur ustiga a’lo nur. Uni tomoshabin qabul qiladimi, yo‘qmi, bu endi boshqa masala.
– Suratda yovuzlik yoki biron-bir aql bovar qilmaydigan nimadir bo‘lsa, unda tushunmasliklari turgan gap. Balki bu nodir asarmasdir, lekin shunday bo‘lgan taqdirda ham baribir, men uni tushunolaman. O‘g‘lim menga: “Sen uchun aziz bo‘lgan kishi qayerlarni qo‘msaganini, qayerlarga borib ijod gashtini surishni xohlaganini bilmoqchi bo‘lsang, yaxshisi, bor-da, u yerlarni o‘z ko‘zing bilan ko‘rib kel,” dedi va kelish-ketish muammolarini o‘z zimmasiga oldi.
– Ertaga men Yabuki uchun qadrli bo‘lgan Uazining tevarak-atrofini sizga ko‘rsataman. Rafiqam ikkimiz u yerlarga qadam ranjida qilmaganimizga ham ancha bo‘lgan. Sizga jon-jon deb hamrohlik qilamiz. Sayyohatchilarning ko‘pchiligi Parij deganda Yelisey maydoniniyu, Sent-Onoreni tushunishadi, yo‘q, aslida unday emas, shahar tashqarisiga bir qadam bosib bo‘lsa ham chiqib ko‘ring-a, o‘zingizni xuddi mo‘jizalar ichiga tushib qolgandek his etasiz.
Mehmon sharafiga dasturxon yozildi, uchalovlari yerga solingan dasturxon atrofida tushlik qilishdi, bu yerdan ichkari hovli kaftdagiday ko‘rinib turardi. Masako qo‘liga bir burda nonni ushlagancha, Frantsiyada yashashga shunchalik ko‘nikib ketgan er-xotin Kuredalarning ustritsani qiynalmay, bemalol yeyayotganlarini kuzatarkan, bu mehmondo‘st oilada Yabuki o‘zini qanday his etgani haqida o‘ylay ketdi. Agar o‘g‘li ham oila qurib, alohida yashasa, uyidan fayz ketadi.
– Parijga birinchi kelishingizmi deyman? Unda, albatta, sizga hamrohlik qilaman.
– Ha, albatta, hamrohlik qilamiz, – deya bosh silkidi metr Kureda. – Yabuki shahar atrofini xush ko‘rardi. Men ishlagan anhorni ko‘rganida: “Otni mendan oldin qamchilab qolibsan-da,” deb o‘pkalagandi. U daryoni juda sevardi.
– Uning azbaroyi suvga mehri tushganidan yozning issiq kunlari anhor yoqalab qanday sayr qilganini, suvga yaqinlashib borgani sa-yin sabri chidamay, paypoqni uloqtirib, yalangoyoq suvni shaloplatib kechganini gapirib bergandi.
– Bu voqea o‘n to‘rtinchi iyul bayram tantanasi kuni sodir bo‘lgandi. Kun issiq, bu yoz avvalgilaridan boshqacha kelgandi.
Bir kuni Yabuki-san dabdurustdan uyimga kirib keldi-da: “Bekajon, jele***** tayyorlashni bilasizmi?” – deb so‘rab qoldi. So‘ngra jeleni qanday tayyorlashni menga o‘rgatdi. Men u istaganday chiqara olmay, oxiri o‘rniga sirkalangan lo‘viya ugra pishirib berdim. U halimdek yumshoq odam bo‘lib, chivinga ham ozor bermasdi.
U yodiga tushib qolgan voqealarni sizga jon-jon deb gapirib berardi. Masako beixtiyor Yabukining bu xonadonda o‘tgan hayoti, ya’ni ahyon-ahyonda bo‘lsa-da, unga yapon milliy taomlaridan tatib ko‘rish nasib etgani haqida o‘yladi.
Ertasi kuni Masako er-xotin Kuredalarning taklifiga ko‘ra, tushdan keyin ularga qo‘щilib bilan avtomobil sayohatiga jo‘nadi. Havo ochiq, erta boshlangan kuzning yoqimli shabadasi esib turardi. Rulda metr Kuredaning o‘zi o‘tirardi. Mashina shahardan Parij tashqarisiga yo‘l oldi. Yo‘l bo‘yidagi eski ko‘chalar muyulishida kichik-kichik qahvaxonalar ko‘zga tashlanardi. Masako kecha unga ko‘rsatishgan qator uylarni esladi. Monmartrning shu qismidagi mavzening muyulishida ham qahvaxona bo‘lib, yo‘lkaning qoq o‘rtasiga stol qo‘yib o‘tirib olib, o‘tgan-ketganni beparvolik bilan kuzatayotgan cholni xayolidan o‘tkazdi.
Ularning mashinasi dala bo‘ylab uchib borardi. Atrofda ko‘zni toliqtiradigan na bir fabrika, na bir korxona ko‘rinadi: shahar tashqarisida birdan dala va bog‘lar ko‘zga tashlandi. Masako o‘tgan kunlari mobaynida unga tinchlik bermay kelayotgan o‘ziga noma’lum bir tuyg‘u bilan hozirgi sayohatini orziqib kutgandi. Yolg‘izlikda yashab, ko‘ngli yarimta bo‘lib qolgan va ayollik qismatiga bitilgan kunlarini o‘tkazayotgan Masako yetti yillik o‘tgan umri mobaynida erining gunohlaridan o‘tishga bir necha bor rozi bo‘lgandi. Ba’zan ohista, ich-ichida uni chaqirar, endi esa Yabuki yashagan hayotning bir bo‘lagini bo‘lsa-da, ko‘rish unga ham qarz, ham farz edi. Balki Masako o‘z iqtidori mezonini bilish ko‘yida musofirchilik alamini totgan rassom izidan borsagina uni tushunolgan bo‘larmidi?
Shimolgacha cho‘zilgan haqiqiy o‘rmon Parijdan boshlanib, qirq-ellik daqiqalik yo‘l edi. O‘rmon ichiga kirib borganlarida, uni o‘rab turgan g‘uj-g‘uj daraxtlarni ko‘rib, Masako dovdirab qoldi. Atrofda zog‘ ham ko‘rinmasdi.
– Xuddi oyog‘ing ostidan tulkimi, bug‘umi chiqib kelayotgandek tuyulaverardi…
– Bug‘ularga ko‘zim tushmadi, lekin, quyonlar, sonyalar****** u tomonda yashashadi, — deb qo‘li bilan ishora qildi metr Kureda.
– Yabuki yana bir ishida qor bosgan daraxtzorni tasvirlagandi.
– Menimcha, bu xuddi o‘sha. U yerning qishida qor yog‘ishi bilan sovuqdan shamdek qotib qolish hech gap emas, Yabuki bu asar ustida chamasi besh soatlar ishlagandir-ov. Menga hammadan ham qorga taslim bo‘lmay turgan jur’atli daraxtlar qiyofasi yoqadi.
Hozir o‘rmon tinch, lekin bir oz vahimali, xolos, bu yerda tabiatga urush ochgan inson zotining arvohini ham ko‘rmaysiz. Ularning ko‘z o‘ngida o‘rmon yo‘lidagi daraxtlar orasidan tushgan yorug‘likda qasrga o‘xshash imorat paydo bo‘ldi; xuddi yapon qasri devorlaridek yassi tepaliklar cho‘zilib ketgan – turgan-bitgani tarix deyavering. Shahar va qishloqlarni bosib o‘tgan mashina nihoyat orziqib kutilgan Uazi vohasiga yetib keldi. Uzoqdan Masakoga tanish soy, o‘sha anhor, o‘sha ko‘prik ko‘zga tashlandi. Ko‘prik quturgan buqadek be-so‘naqay bo‘lsa ham vohaning manzarasini odatdagidek to‘ldirib turardi. Soy tip-tiniq, suvida o‘rdaklar suzib yurardi. Yaqin atrofda restoran bo‘lib, er-xotin Kuredalar uyga biron nima olib ketish maqsadida taomnoma ko‘rgani ketishdi.
Ko‘prikdan o‘tishgach, Yabuki sevgan va har yili chamasi uch oy vaqtini o‘tkazadigan Ovyor qishlog‘iga kirib kelishdi.
– Keyin Yabuki kelib tushgan mehmonxonaga ham kirib o‘tamizmi?
– Bu yerda hali mehmonxona ham bormi?
– Bo‘lmasam-chi! To‘g‘rirog‘i, mehmonxona emas, pansion. U yerda Van Gog yashagan xona ham saqlanib qolgan.
Ko‘zlangan manzilga yetib kelishgach, Masako bezovtalana boshladi. Mashina qator uylar tushgan ko‘chadan o‘tib bordi-da, qishloq idorasi joylashgan ixchamgina maydondan chiqdi. Masako mayxona oldida mashinadan tushdi. Mayxona tepasidagi “Van Gog” restorani degan yozuv yarq etib ko‘zga tashlanib turardi. Bu ikki qavatli eski bino bo‘lib, xira yoritilgan zal bo‘m-bo‘sh edi.
Metr Kureda Masakoning ko‘zlaridagi savolni darrov uqib oldi.
– Aytishlaricha, burun bu yerlarda tomiga tuynuk o‘rnatilgan arzon qahvaxona bo‘lganmish. Van Gog shu yerda, orqadagi xonaning chordog‘ida o‘lgan.
Masako hayot quyoshi botay-botay deb turgan bir pallada rassomning yuqoridagi kichkinagina tuynukdan tushib turgan xira nurga ma’yus tikilib turganini ko‘z oldiga keltirib, yuragi orziqib ketdi. Rassomga nisbatan bunday qo‘pollik – restoranning Van Gogning nomiga qo‘yilgani nafsoniyatiga tegdi. Idora yonidan turib qarasangiz, cho‘qqisiga o‘tkir nayza qadalgan eski cherkov shundoq ko‘rinib turardi, agar nishablikdan tepalikka ko‘tarilsangiz, u yana ham yaqqolroq ko‘rinardi.. Ana shu Yabuki chizgan cherkov edi. Bir necha asr avval chekkaroqda bunyod etilgan bu cherkov qandaydir bir xislati bilan odamlar tomonidan asrab-avaylab kelinayotir. O‘zi ham yo‘llar ayrilgan yerda joylashgandi. Cherkovdan ibodat marosimi ovozi eshitilib turardi.
– Menimcha, Van Gog aynan mana shu cherkovni chizgan bo‘lsa kerak. Men uni Parijdagi impressionistlar muzeyida ko‘rgandim.
– Ha, u shu yaqin-atrofga qo‘yib chizgan. U buni o‘zi vafot etgan 1890 yili ishlagandi. Manzara – balki haliyam o‘sha-o‘sha. Yabuki esa aynan shu cherkovni yon tomonidan tasvirlagandi.
– Van Gogning cherkovi haqiqatan butunlay boshqacha edi. Ko‘kka parvoz qilsin deya ataylab moviy rangda chizilgandi. Yabukiniki – muloyim-ma’yus, Van Gognikidan butunlay farq qilardi.
Masako cherkovning tosh devoridan yuqoriga boqdi, balki qachonlardir rassom ham xuddi shu yerda turgan bo‘lsa, ajabmas. Yabuki bunga boshqa tomondan qaragandir, ranglar ham unga boshqacha tovlanib ko‘ringandir.
Cherkov atrofini aylana turib, yonginasida Yabukining og‘ir xo‘rsinishini sezgandek bo‘ldi va birdan bug‘doyzorga ko‘z yugurtirdi. Pishib yetilgan tillarang boshoqlar vazmin chayqalardi.
– Bu haligi gala-gala qarg‘alari bor Van Gogning dalasimi?
– Ha, xuddi o‘zi. Yigirma yettinchi iyul kuni shu yerda u o‘zini otib qo‘ygan. Lekin tirik qolgan. Uyiga qaytib kelib, uch kundan keyin vafot etgan.
– Yolg‘izlikda o‘lganmi?
– Menimcha, Teo degan ukasi yonida bo‘lgan.
Masako tillarang bug‘doyzorga tikilib qararkan, endi bu yog‘iga bardoshi yetmasligini tushundi. U yana Yabukining og‘ir xo‘rsinishini his etdi.
– Ustoz, ayting-chi, Yabuki ham o‘z joniga qasd qilgani rostmi?
Metr Kureda hayratdan ko‘zlarini chaqchaytirdi, sarosimadan tipirchilab qoldi. Sal narida dala xrizantemalarini uzayotgan xotini qaddini rostladi.
– O‘takamni yoray dedingiz-ku! Butun hayoti afsonalar qurshovida qolgan rassomning o‘tmishini Yabuki-kunning hayoti bilan taqqoslab bo‘larkanmi? Bu gapni qayerdan oldingiz? – dedi Kuredaning xotini va boshdan-oyoq unga razm solib chiqdi.
Yabuki ham o‘sha o‘zini o‘ldirmoqchi bo‘lgan rassomning izidan qolmay, uch oylab shu yerlarda yashab yurgan-ku, axir. Kim biladi, balki o‘limida ham unga o‘xshagisi kelgandir. Shunaqasi ham bo‘ladi-ku. Balki, o‘sha tubsizlik uni ohanrabodek o‘ziga tortgandir.
Er-xotin Kuredalar bir-birlariga zimdan qarab qo‘ydilar-da, so‘ng nigohlarini oltin boshoqlarga qaratdilar.
– Yabuki-kun shu yerda betob bo‘lib qolib, bizga telegramma yuborgandi. Biz og‘aynim ikkimiz yetib kelganimizda, bizga peshvoz chiqib kutib oldi va uchalamiz yo‘l bo‘yidagi restoranlardan birida tamaddi qildik. U silla qurish kasaliga mubtalo bo‘lgandi. Qorin to‘q bo‘lsa, kalla ham yaxshi ishlamaydi derdi-da, hech nima yemasdi va bu ahvolida duch kelgan yerda hushidan ketib yiqilib qolishi hech gap emasdi. Qulog‘imizga, harholda, mana shunday gaplar ham chalingandi. Eshitganimiz shu, balki chini bilan ham shunday bo‘lgandir.
Masako hatto ajal ham undan yuz o‘girib ketgan Yabukini o‘ylaganida, ich-ichiga sig‘may ketayotgan kinoya, jirkanish uni adoyi tamom qilib borardi. Ehtimol, bu cherkov ana o‘sha paytlarda ishlangandir. Rasmda ham cherkov o‘z tanholigini ko‘z-ko‘z qilib, ko‘kka bo‘y cho‘zgancha, hayot oqimini kuzatib turardi.
O‘sha vaqtdagi haqiqiy cherkovdan esa xoral******* ovozlarigina arang eshitilib turardi.
– Dafn marosimi bo‘lsa kerak. Bu yerning kunlari uzun…
Qosh qorayib, oqshom tushgani bilinib tursa-da, bug‘doyzorlar kunduzgidek yop-yorug‘, mavj urib turgan boshoqlar to‘lqini ular uzra to‘shalgan ulkan gilamga o‘xshab ko‘rinardi. Dalaning shunday yonginasida tosh devor bilan o‘ralgan katta yer maydoni bor edi. Boshida u bu joyning nimaligiga aqli yetmadi, lekin darvozadan gul ushlab biri kirib, biri chiqib turgan bir to‘p qariyalaru bolalarni ko‘rib, gap nimadaligini angladi.
Bu yerda mozor bor edi. Kuredaning rafiqasi qishloq yo‘lidan xrizantemalarni nima sababdan uzgani endi ma’lum bo‘lgandi. Bironta daraxt ko‘rinmasdi, faqat qabr toshlari qator tizilib ketgandi, xolos. U yer-bu yerda odamlar ko‘rinardi. Masakoga bejirim tosh devor tagidagi oddiygina qabrni ko‘rsatishdi. Unga qabr toshi o‘rnatilgan bo‘lib, atrofiga gullar ekilgandi. Toshlardan biriga: Vinsent Van Gog, boshqasiga – Teodor Van Gog deb yozib qo‘yilgandi. Ikki aka-uka qabrini ko‘rgan Masakoni titroq bosdi, oxiratning qanchalik ma’nosiz va sukunatga cho‘mganini u ilk bor his etishi edi. Bu yerga ularning xokigina dafn etilgandi. O‘zi chizgan avtoportretdagiday ozg‘in yuzli, suyaklari chiqib yotgan Van Gog shu qabrga qo‘yilgandi. Dunyoga kelib o‘z qadrini topolmagan rassomning hayoti shu qabr toshining tagida bosilib yotardi. Kuredaning rafiqasi ehtirom bilan unga xrizantema guldastasini qo‘ydi. Masako qabr yonida turgan yog‘och paqirni olib, gullarga suv quygisi keldi. Qabrda yotgan odam Masakoning yaqin kishisi bo‘lmasa-da, baribir, uni begona deb bo‘lmasdi. Vafotiga 80 yildan ko‘p bo‘lgan rassom yotgan yerga o‘zingni tashlasang, bu yil dunyodan o‘tgan yapon rassomi ham uning yonida yotibdi-ku, deya ko‘ngling taskin topadi. Oddiygina bu qishloqda o‘z rasmlari bilan dong taratgan mashhur musavvir dafn etilgan. Hayotda qaysi yo‘ldan borishni bilmay, uzlatda yashagan bu odam o‘z rasmlarida bizlarga nimalarni so‘zlab bermoqchi bo‘lganiykin? Yabuki ham o‘zidan keyin tushunib bo‘lmaydigan, hali o‘z bahosini topmagan noma’lum cherkov tasvirlangan rasmni qoldirgandi.
Osmonda qarg‘alar galasi bir ko‘rindi-da, yana ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Masakoni bu yerlarga er-xotin Kuredalarning oqko‘ngilliklari va Yabukining ruhi yetaklab kelgandi. Masako orqa tomonida qabr bo‘lgan tosh devor yoniga keldi-da, uni asta siladi va u yerda o‘sgan giyohdan bir tutam yulib oldi. So‘ng asta yurib, qolgan qabrlarni ziyorat qildi.
Endigi keladiganlarga bu yerlardan joy topilmasligi aniq. Yer tagida yonma-yon turgan tobutlar ham siqilib qolgandir.
Masakodan sal narida er-xotin Kuredalar turishardi.
– Ko‘ryapsanmi, sen ham rassomsan, lekin cherkovni, dalani chizganlar Over-Uazidagi mozorda ular bilan birga yotishibdi… – pichirlab dedi metr Kuredaning xotini.
– Ha, to‘g‘ri. Ular doktor Gashening qo‘lida tarbiya topishgan-da.
– Siz rasmini chizgan o‘sha Gashe deganlari ajoyib odam bo‘lgan ekan-da. U bir vaqtning o‘zida ham tirsagiga, ham yelkasiga suyangan holda o‘tiribdi…
– U senga yoqarmidi? Portretiga boqsang, tashla barini, bu yerdan boshni olib ketaylik, deyayotgandek.
Metrning tovushi Masakogo erining ovozini eslatib yubordi. Hushyor tortgan Masako bildiki, er-xotin Kuredalar uni yolg‘iz mozor aylanib yurganini kuzatib turgandilar. Ular darvozadan chiqiboq tepalikdan qiyalab, yurib ketdilar va ikki yuz-uch yuz yil burungi rangini yo‘qotmagan qator uylar yonidan chiqishdi. Masako o‘z xayollariga band ketayotgandi, birdan metr Kuredaning ovozi uning diqqatini bo‘ldi.
– Mana o‘sha joy. Yabuki Overga kelganida, albatta, shu yerda to‘xtardi.
Mehmonxona Xongoning boshlanish joyida, qizil darvoza yonidagi Tokio talabalar pansionini eslatuvchi “Van Gog” restoranining xuddi o‘zi edi. Masako nima qilishini bilmay ikkilanib qoldi, lekin ancha ichkariga kirib borishgani bois orqaga qaytish imkoni qolmagandi. Metr eshikni bir itargandi, ixchamgina mehmonxonaning ikkinchi qavatga olib chiquvchi zinasi ko‘rindi. Zina yonida baland yozuv stoli turardi, ularning chaqiriqlariga hech kim javob bermagach, metr stoldagi qo‘ng‘iroqchani olib jiringlatdi. Bir ozdan so‘ng ichkaridan uy bekasi chiqib keldi. Qaddi-qomati kelishgan baland bo‘yli bu ayol avvaldan tanish er-xotin Kuredalar bilan salomlashdi va Kureda bekaga Masakoni tanishtirgan edi, uning yuzida hamdardlik ifodasi zohir bo‘ldi.
– Demak, mse Yabukini xudo dargohiga olgan ekan-da…Uning oilasi borligini bilmabman. Yabuki hamisha yolg‘iz edi, avval ham shunday bo‘lganiga amin bo‘ldim, endi esa – abadga tanho…
– Bu yer unga yoqardi…
– U rasm chizishdangina zavq olardi, xolos.
– U yashagan xonani ko‘rsak bo‘ladimi?
– Yo‘q, hozir u yerda bir hindistonlik talaba yashayapti, noqulay.
Qanchalik g‘alati bo‘lmasin, bu so‘zlar Masakoga taskin berdi. Kichkinagina tuynukdan yorug‘ tushib turadigan chordoqning to‘ridagi mansardani******** ko‘z oldiga keltirgani zamon, uni qo‘rquv hissi qamrab olardi. Kureda majburlamadi. Bekaga minnatdorchilik bildirib, choychaqa berishdi-da, chiqib ketishdi.
— Yabuki yashagan xonani ko‘rish sizlarga nasib etmaganidan juda afsusdaman. U doim o‘sha yerda ishlardi. Muhimi – chizish, derdi u. Haqiqiysidan farqli o‘laroq, g‘amgin ranglar, mana, yanayam og‘irlashdi, chunki u ranglarni shunday qabul qilardi.
Masako haqiqatan ham o‘sha faqirona xonani ko‘rgandek ruhi tushib ketdi. U Yabukining qadami yetgan yerlarning hammasida bo‘lganini ko‘z oldiga keltirdi. Bu sayohat eri bilan yetti yil ayriliqda yashagan Masakoning Yabukini yaxshiroq bilib olishiga yordam bergandi. Masako mehmonxona bekasining so‘zlarini esladi: “U doim yolg‘iz edi, shuning uchun men uni hech kimi bo‘lmasa kerak deb o‘ylagandim, endi bo‘lsa, to abad shundayligicha qoladi…” Balki Yabuki uni umrining so‘nggi kunlarigacha yolg‘iz qoldirishlarini istagandir…

Ruschadan Dildora Aliyeva tarjimasi
_____________
* M e t r – mehmonxona sohibi.
** I m p r ye s s i o n i s t – tasviriy san’atda o‘ziga xos bir oqim tarafdori.
*** Moris de Vlamink (1876-1958) – frantsuz manzarachi rassomi.
**** K u n – ustoz.
***** J ye l ye – yelimshak (meva sharbatiga jelatin va shiravor qo‘shib, quyultirib tayyorlangan shirin yegulik, dirildoq).
****** S o n ya – olmaxonga o‘xshash kemiruvchi hayvon.
******* X o r a l – xoral (katolik, protestant dinidagilarning diniy ashulalari va shu shakldagi musiqali pesa).
******** M a n s a r d a – shipi qiya boloxona.