Yoz paytlari bu kichik mahalla qahvaxonasining bog‘iga tez-tez qatnab turardim. Shu sababli bir kuni kechqurun, qora bo‘ron avji quturgan payt ichkari kirganimda yotsirab o‘tirmadim. Qahvaxona ovloq joyga joylashgan edi. Yaproqlari to‘qilib bitgan ikki tol bilan, tepasida uch-to‘rtta qovjiragan barg osilib turgan ishkomni qor shunday bejagan ediki, bahor oqshomlari, yoz kechalari nihoyatda so‘lim bo‘ladigan bog‘ning qishda ham oppoqligidan binafsharangga o‘xshab tovlangan, nurga g‘arq bo‘lib turgan jamoli kirishim bilan fikri xayolimni o‘ziga jalb qildi, derazaning bir chekkasiga joylashdim va oynaning terini artdim-da, hovli manzarasining go‘zalligiga mahliyo bo‘lib uzoq vaqt xayol surib qoldim.
Binafsharang nur shunday tezlik bilan quyuqlashdiki, qahvaxona chiroqlarini yoqib ulgurmay ham qoldi. Beli ingichka stakanlarning eng chiroyligini oldimga qo‘yarkan qahvachi:
— Bog‘imiz qishda ham juda go‘zal bo‘lar ekan-a? — dedi bog‘dagi havorang xrizantemalarning uchlariga qo‘ngan qorlarga ishora qilib — Chollar indashmasa chiroqni hali-beri yoqmas edim, — dedi qahvachi yana, — lekin ular hademay ming‘irlab qolishadi.
Qahvaxonadagi chiroqlar yonishi bilan, tashqaridagi qor nuri yaratgan fusunkor manzara qaygadir g‘oyib bo‘ldi. Qo‘zimni derazadan olib, ichkariga nazar tashladim. Xonada sakkiz-o‘n nafar odam bor edi, xolos. Olovi gurillab yonayotgan kichkina qopqoqli cho‘yan pechkaning o‘ng tomoni hademay qip-qizil cho‘g‘ga aylanishinn kutib o‘tirardim. Yonimda tavla[1] o‘ynayotganlar ham bor edi. Birmuncha vaqt ularni kuzatib o‘tirdim. Ora-chora deraza oynasini artib, unga peshonamni tirab tashqarini tomosha qilardim.
Uydan chiqqanimda chor-atrof sukunat og‘ushida bo‘lib, pag‘a-pag‘a qor yog‘ayotgandi, shu vaqt ko‘nglimda sayr qilish istagi uyg‘onganini sezdim. Qadrdon yo‘llardan, hamisha yo‘ldoshim bo‘ladigan tasodiflardan, gavjum ko‘chalardan voz kechib, beg‘ubor qori toptalmagan, inson oyog‘i kamroq tegadigan biron joy topish maqsadida tanho o‘zim tramvayga o‘tirib, bu yerga kelgan edim. Biroq kelayotganimda qandaydir yarim soat ichida havo aynib, qattiq shamol ko‘tarildi, pag‘a-pag‘a yog‘ayotgan beozor qor mayda-mayda tariq donalariga aylanib deraza oynalariga tarsillab urila boshladi. Qahvachidan:
— Bugungi gazeta bormi? — deb so‘radim.
Qahvachi qo‘limga bitta gazeta tutqazdi. Bir yoqdan miyamdagi yangi fikrlarni tahlil qilsam, ikkinchi yoqdan qahvaxonadagi gap-so‘zlarga quloq solardim. Odamlar faqat tirikchilik tashvishlari haqida gaplashardilar, xolos. Oradan ko‘p-vaqt o‘tmay qahvaxona eshigini shamol bilai birgalikda bir odam ochdi va ichkari kirdi. Kelgan odam hovuchlariga puflay-puflay pechkaga yaqinlashdi, olovning taftida ko‘kragini, qornini, tizzasini obdan isitgandan keyin jon kirib, goho atrofdagilarning suhbatiga luqma tashlar, goho o‘zidan-o‘zi allanimalar deb vaysar, yoki bo‘lmasa tavla o‘ynayotgan ikki kishining oldiga borib, o‘yinchilarning e’tiroziga nazar-pisand qilmay uchinchi bo‘lib o‘yinga aralashmoqchi bo‘lardi.
Taxta karavotda o‘tirgan keksalarning oldiga o‘rtayoshdagi jiddiy ko‘rinishli odamlar kelib o‘tirishdi. Ular mendan ancha narida o‘tirganlari uchun nima haqida gaplashayotganlarini anglay olmadim, lekin yuzlarida tashvish belgilari borligini sezdim. Har kim o‘zicha xayol surib, uzoq vaqt sukut saqlab o‘tirdi. Shundan keyin qahvaxonaga ancha vaqtgacha odam kelmadi. Qichkina yumaloq soat qahvachi tomonga o‘girib qo‘yilganligi uchun soat necha ekanligini bilolmay o‘tirardim. Oradan ancha vaqt o‘tdi. Qahvaxonada o‘tirganlarning ko‘pi ketib qoldi. Nihoyat, qahvachi soatini men tomonga o‘girdi. Soat o‘n yarim ekan. Shunday bo‘shashgan, loqayd holda edimki, hatto o‘rnimdan turish ham menga malollik qilayotgandi. Qetish taraddudiga tushganimni ko‘rgan qahvachi:
— Agar uyingiz yaqin orada bo‘lsa shoshilmang, — dedi. — Qahvaxonani soat birgacha berkitmaymiz. Bu yerdan yaxshiroq joy topa olasizmi?
— A-a-a, rostdan-a? — dedim. — Bo‘lmasa menga yana bir stakan choy olib keling… Bir parrak limon bilan.
Xuddi shu payt ichkariga bir odam kirib keldi. Qirgan odamning qosh-kipriklarini qor bosgan, egniga jaketga o‘xshagan oq narsa kiyib olgan edi… Qelgan odam pechkaga yakinlashdi. Egnidagi qorlarni sidirib tashladi-da, kursilardan biriga o‘tirdi. U yoshgina yigitcha ekan. Qorlari erib tushgandan keyin, ko‘z oldimda oppoq yum-yumaloq yuz paydo bo‘ldi.
Bu yigitcha kelguniga qadar g‘ala-g‘ovur bo‘lgan qahvaxona u ichkari kirishi bilan suv quygandek jimjit bo‘ldi-qo‘ydi. Bir chekkada tavla o‘ynab o‘tirganlar ham o‘yinni yig‘ishtirib tavla qutisini sharaqlatib yopdilar-da, chiqib ketdilar. Shundan keyin xonada uzoq davom etgan, pashsha uchsa eshitiladigan sukunat hukm surdi.
Yigitchaga qaradim. U to‘g‘riga tikilgancha stulda o‘tirardi. Qeksalar ham odatlariga qarshi sukut saqlab, qovoq solib o‘tirardilar. Qahvachi qahva pishiriladigan o‘choq oldida boshini ikki qo‘li orasiga olib o‘tirar edi. Qahvaxona kabi doimo g‘ala-g‘ovur bo‘ladigan joyda o‘n daqiqa davomida «tiq» etgan ovoz eshitilmasa vahimali bo‘lar ekan. Dahshatli sukunat cho‘zilgandan cho‘zilaverdi.
Yigitcha goho oyog‘ini chalishtirib, goho yerga tirab o‘tirar, lekin o‘tirgan o‘rniga hech bir o‘rnasha olmay qiynalardi. Imtihon topshirayotgan o‘quvchiga o‘xshab, atrofga qo‘rqa-pisa nazar tashlar, imtihon qabul qilayotgan komissiya a’zolari oyoq chalishtirib o‘tirganini ko‘rib qolishidan qo‘rqqandek goho turib ketar, goho o‘tirib olar edi. Yigitcha bir oyog‘iga qizil astari yerda sudralib turgan yirtiq kalish kiyib, ustidan ip bilan bog‘lab olgan edi. Ikkinchi oyog‘iga bo‘lsa laqqabaliqqa o‘xshab og‘zi ochilib qolgan eski futbol botinkasini ilib olgan, botinkaning yirtig‘idan yigitchaning barmoqlari shundoqqina ko‘rinib turardi.
Qahvaxonada hamon sukunat hukm surardi. Men juda hayron buldim. Nazarimda o‘tirganlardan kimdir dabdurustdan:
— Ajina keldi!
Yoki bo‘lmasa:
— Qiz tug‘di! deb aytishi va bu gapga hammamiz kulib yuborishimiz kerakdek tuyulardi.
Biroq hanuzgacha hech kim lom-mim demasdi. Yana boya kelgan yigitchaga qaradim. Ko‘zimga uning yuzi emas, keng peshonasi yaqqol ko‘rindi. Peshonasida ajin ham, ma’no ham yo‘q edi. Egnida jaketi ham yo‘q, faqat tagi oq, ustida qora chizig‘i bulgan ustki ko‘ylagi bor edi, xolos. Qo‘ylagi ustidan yag‘iri chiqib ketgan ro‘dapo oq kazagin[2] yopinib olgan edi. Kazaginning oldini to‘g‘nag‘ich bilan mahkamlab qo‘ygan edi.
Unga tikilganimcha hayratlanib o‘tirardim. Qimirlashga holim yo‘q edi.
Shu paytda qahvaxona eshigi ochilib ichkariga bir odam kirdi. Kirgan odam to‘g‘ri keksalar oldiga borib:
— Sizlarni yo‘qlayapti, — dedi: — Es-hushi joyida. Lekin tong otguncha bormi-yo‘qmi, bunga aqlim yetmaydi. Tez-tez hushidan ketib qolyapti. Ali og‘a, seni yo‘qlayapti, Mahmud chovush, seni ham. Hasan, istasang, sen ham bora qol. Sho‘rlik seni juda ham yaxshi ko‘rardi.
O‘tirganlardan uch kishi oyoqqa turdi. Turganlar pechka oldida o‘tirgan yigitchaga qiyo boqmay o‘tib ketdilar. Lekin butun ko‘rinishlari bilan bola-faqirga igna sanchgandan battar qilishdi. Ataylab yuz o‘girib ketgandek qilishdi. Yigitcha ko‘zlarini katta-katta ochib oldidan o‘tib ketayotganlarga yalingandek mo‘ltirab turardi.
Qahvachi bo‘lsa yigitcha oldiga shu mahalgacha bir stakan choy qo‘yay demasdi. Ko‘p o‘tmay qahvachi ham o‘rnidan turdi. Oldimdagi finjonlarni[3] yig‘ishtirib olayotganida:
— Mening hisobimdan shu bola bechoraga ham bir stakan choy bering, — dedim.
Qahvachi boshini ko‘tardi-da, menga g‘alati qilib qarab qo‘ydi. Men uni yigitchaga choy olib kelgani ketdi, deb o‘yladim.
Qahvachi oldiga yetib kelishi bilan yigitcha sakrab o‘rnidan turdi. U qotib qolgandek qahvachnning oldida tik turib qoldi. Qahvachining itmisan-eshakmisan demay, yonidan o‘tib ketganini ko‘rgan yigitcha:
— Dadam to‘g‘risida gapirdinglarmi? O‘lim to‘shagida yotgan emishmi? — dedi.
Qahvachi sukut saqlab turardi. Bu ta’na toshi kabi botayotgan achchiq sukunat edi. Keyin xuddi muz erigandek bo‘ldi-yu, qahvachi javob qaytardi. Lekin uning javobi men uchun ma’nosiz, yigitcha uchun achchiq bo‘ldi:
— U, sening dadang emas! — Qahvachining javobi shunday qisqa bo‘ldi.
Yigitcha lom-mim demadi. Qat’iy qaror qabul qilgan odamdek shaxdam qadam tashladi. Lekin ostonaga yetganda eshik ochishga jur’at etolmay turib qoldi.
Shunda qahvachi:
— Uyga borishni xayolingga ham keltirma. Xolangning o‘g‘li eshik tagida poylab turibdi, seni birato‘la saranjomlab qo‘ya qoladi-ya! — dedi.
Yigitcha o‘ylanib qoldi. Uning qarori qaygadir uchib ketgan edi. Har xayolga borgani yuzidan sezilib turardi. O‘zini ichkariga uloqtirgan kuchli shamolni kesib ketgandek eshikni ochdi-yu, tun qo‘yniga sho‘ng‘ib ketdi.
Ancha vaqtgacha savol berishdan o‘zimni tiyib o‘tirdim… Qahvachi menga orqasini o‘girib turardi. U taqir-tuqur qilib allanimalarni ag‘dar-to‘ntar qilardi. Yuzini menga o‘girishini kutib o‘tirdim. Lekin u hali-beri ishini bitiradiganga o‘xshamasdi. Nihoyat, men tomonga o‘girildi.
— Nima gap bo‘lgan edi, baraka topgur? — so‘radim shunda.
Belidagi fartuknn yechish harakatida bo‘lgan qahvachi savolimga qanday javob qilishni o‘ylayotgandek xayolga toldi.
Shu payt eshik yana ochildi. Boyagi, bemorning oldiga uch kishini boshlab ketgan kishi, bir mo‘ysafid bilan boshlashib ichkari kirdi. Eshikdan kirishi bilan:
— Olamdan o‘tdi, — dedi u. kishi, — Anovi daf bo‘ldimi?
Qahvachining qo‘llari orqasiga, fartugining bog‘ichiga yopishib qolgandek edi. Fartugi bog‘ichini yechgan joyida boshqatdan bog‘lab qo‘ydi. So‘ngra men o‘tirgan stolga yaqinlashdi. Xuddi bor alamini mendan olishi kerakdek:
— Aravakash Komil og‘a o‘libdi… Boyagi it uning o‘g‘li bo‘ladi. Singlisini yomon yo‘lga boshlagani uchun otasi uni uyidan haydab yuborgan edi, — dedi so‘zlarini chertib. Qeyin boshqalar tomonga o‘girilib: — Bu nomussiz pushaymon bo‘lganidan emas, meros ilinjida kelgan, — dedi.
Qeksalardan biri uning fikriga qo‘shilmaganini bildiradigan ohangda:
— Pushaymon bo‘lib kelgan taqdirda ham uni hech kim kechirmaydi! — dedi.
Men tilimning uchiga kelib qolgan bir savolni qanday qilib berganimni ham, nnma sababdan berganimni ham bilolmay qoldim. Bu savol atrofdagilarga qanday ta’sir qilishini o‘ylab o‘tirmay, dabdurustdan:
— Qiz nima bo‘ldi? — deb so‘radim.
Juda noqulay vaziyat vujudga keldi. O‘tirganlar bir-birlariga qaramay, yer chizgandek bo‘lib qolishdi. Hech kimdan sas-sado chiqmadi. Xonada boyagidan ham vahimali sukunat hukm surar edi. Qo‘zlargina emas, hatto sukunatning o‘zi ham, sukunatdagi harakatsizlik ham:
— Nega shuni so‘rading?
— Nima keragi bor edi?
— Shundan boshqa gaping yo‘qmidi?
— Juda ham bachkana ekansan!.. — deyayotgandek tuyulardi menga.
Hech kim javob bermadi, pulni stol ustiga tashlab qahvachiga qaradim. U boshini xam qilib, chuqur xayolga tolgan edi. Rangi sarg‘ayib ketgan, qo‘llari esa hamon fartugi bog‘ichini yechish bilan ovora edi. Eshikni ochib tashqari chiqdim. Qizning nima bo‘lganini bilolmadim. Lekin qahvachi uni yomon yo‘ldan qaytarib olganini tushunib olganmikinman-a?
Turkchadan Mirvali A’zam tarjimasi
[1] Tavla — nardga o‘xshash o‘yinlarning bir turi.
[2] Kazagin — ust kiyimning bir turi.
[3] Finjon — dastagi bor piyola.