(Bir rejissyorning xasratlari)
O‘tgan ikki oy mobaynidagi asabbuzarliklardan kallam g‘uvillab qoldi. Bu qadar ko‘ngilsizliklarni ta’riflashga vaqtim ham yetmasa kerak. Nima qilsam bo‘ladi? Yakshanba kuni roppa-rosa yigirma yillik tanaffusdan so‘ng cherkovga bordim. Roxib menga jiddiy nigoh tashlab:
– Boshingizga qanday tashvish tushdi, bo‘talog‘im?-dedi.
– Men…Xaligi… Nima deyishga ham hayronman,-dedim kalovlanib.
– Tortinmasdan so‘ylayvering.Nimadan bezovtasiz?
– Men… men futbolni yomon ko‘raman.
– Nima??? Demak, yurtimizda bo‘layotgan Jahon chempionatini ko‘rmayotgan ekansiz-da,-dedi roxib hayratlanib.
– Rostini aytsam, futbolni bir sekund ham ko‘rishga toqatim yo‘q,-dedim men ochiqchasiga tan olib.
– Yo tavba, bu nimasi,-dedi roxib, xuddi men yeb, u quruq qolgandek.
Shunaqa. Hozir aytayotgan bo‘lsam ham, yo‘g‘e, hozir noo‘rin bo‘lsa ham aytaman: men futbol va Jahon chempionatini yoqtirmayman.Faqat nega deb so‘ramang. Bunga oddiy bir sabab shuki, men suratga olgan so‘nggi filmlarimga odamlar befarq bo‘lib qolishdi. Odamlar koptokni tepib, to‘rga tushiradigan bu o‘yinni tomosha qilib qanday zavq olarkin-a? O‘yin tugashi bilan hammasi tinchisa mayli-ya, odamlar hatto oilaviy masalalar bir chetda qolib nuqul futbol mavzusida gapirishadi. Jahon chempionati yurtingda bo‘layotgandan keyin har qadamda futbolga aloqador kishilar… Oxiri toqatim toq bo‘lib, chet elga unchalik muhim bo‘lmagan kino festivaliga ketib yubordim. Lekin… Yo Xudo, hamma joyning odamlari Jahon chempionati desa o‘zini Seuldagi 63 qavatli binodan ham otishga tayyorligini bilmagan ekanman. Voy-dod!!! Koreyaga qaytib kelgach, aeroport yo‘lovchilar zalidagi katta ekranda ham futbol namoyish etilayotganligini ko‘rdim. Uyga taksida ketarkanman, yo‘llar mamlakatimiz terma jamoasi kabi qip-qizil rangli kiyimlardagi futbol ishqibozlari bilan to‘lgan. Uyda har doim meni yengil tabassum bilan qarshi oladigan xotinimning qovog‘idan qor yog‘adi.
– Dadasi, nega shunchalik tepsa tebranmassiz?
Tushunarli. Uyda nimadir bo‘lgan.Ma’lum bo‘lishicha, to‘qqiz yashar qizimni qo‘shnilarimiz ko‘rsatkich barmoqlari bilan ishora qilib, “Ana Jahon chempionatini yoqtirmaydigan odamning bolasi”, deb mazax qilishayotgan ekan. Jahlim chiqib, tepa sochim tikka bo‘lib ketdi. Lekin nima ham qila olaman? Kelishib yashashdan boshqa yo‘l yo‘q. Ular ko‘pchilik-da. “Hurmatli” qo‘shnim bilan suhbatim shunday yakun topdi:
– Hmm… Ukam, bu bir og‘iz gap bilan bitadigan ishmas!
– Xo‘p, men nima qilishim kerak?-dedim ovozimni pasaytirib.
– Evaziga Jahon chempionatining televizordagi takroriy o‘yinlarini kuniga uch martadan tomosha qilasiz. Kelishdikmi?
Koreys tilidan Otabek Yo‘ldoshev tarjimasi