Mashhur rassom Anzelm Foyerbah bashang kiyinib olgan o‘sha kishi kelganda, Tivoli bog‘larida rasm chizish bilan mashg‘ul edi. Haligi kishi boshidagi shlyapasini silkitib salomlashdi va juda ajablanganligini bildirib, baland ovozda dedi:
– Qanday yoqimli tasodif, janob professor! Meni taniyapsizmi?
Rassom unga bir qarab qo‘ydi-yu, «yo‘q» degandek bosh chayqab qo‘ya qoldi. Uning jahli chiqqandi, chunki ishlayotganida xalal berishlarini yoqtirmasdi.
– Mutlaqo-ya? – begona kishi ajablandi. – Siz meni tanimayapsizmi? Ruxsatingiz bilan aytmoqchimanki, siz Vena Akademiyasi professori Foyerbahsiz, shunday emasmi?
– Ha.
– Yana meni tanimayapman, deysiz-a? Ruxsatingiz bilan shuni aytmoqchimanki, biz Venada o‘n martalab, ha, ha, eng kamida o‘n martalab, turli vaziyatlarda uchrashganmiz – ko‘rgazmalar, uyushmalar va hokazolarda. – Shularni aytarkan u sigareta qutisini uzatib, rassomga sigareta taklif qildi. – Biz tez-tez birgalikda sigareta chekib turardik!
– Men umuman chekmayman, – e’tiroz bildirdi qisqa qilib rassom, begona odamning borgan sari joniga tegayotganidan jahli chiqib.
– Qiziq, siz meni tanimadingiz, sigareta ham chekmaysiz. Men qasam ichishga ham tayyorman… – begona kishi ajablanib boshini sarak-sarak qildi. Keyin ming‘irlab, uzr so‘radi-da, ketdi.
Ammo taxminan besh daqiqalardan keyin u yana qaytib keldi.
– Ruxsatingiz bilan, janob professor, men haliyam ishonolmayapman, siz eslagan bo‘lishingiz kerak, – u savollarini yana takrorlay boshladi va Foyerbah bilan Venada yo‘q deganda o‘n martalab uchrashganini qat’iy turib ta’kidladi.
– Siz chindan ham chekmaysizmi? – so‘radi u hayratini yashirolmay.
– Yo‘q, men umuman chekmayman! – javob berdi rassom undan qanday qutulishni bilmay.
Begona kishi yanada ajablanib bosh chay¬qadi. Ming‘irlab yana uzr so‘radi va ketdi. Bu safar qaytib kelmadi. Bir qancha vaqtdan keyin Anzelm Foyerbah segareta chekmoqchi bo‘ldi, ammo cho‘ntagidan unga Bavariya qiroli sovg‘a qilgan oltin sigareta qutisini topolmadi. Uning o‘rniga, cho‘ntagida bir parcha qog‘oz turardi:
«Chekmaydigan kishiga sigareta qutisining keragi yo‘q!».
Nemis tilidan Homidbek Rahmonov tarjimasi